Doim shahar markazidagi istirohat bogʻi yonida qad rostlagan, yaqinda taʼmirdan chiqarilgan drama teatriga borganimda chipta olishdan avval  uning afishasiga bir qur koʻz yugurtiraman (eski odatlarimdan biri bu). Unda bir oy mobaynida teatrning kundalik repertuariga qoʻyilgan dramatik asarlarning uzun roʻyxati koʻrsatilgan boʻladi. Qaysi kuni, qay vaqtda, qanday drama sahnaga qoʻyilishini unga qarab bilib olsa boʻladi. Shuningdek, premyeralarni ham.

Afisha qarshisida tik oyoqda turarkanman, birinchi navbatda repertuardagi dramalar bilan emas, yakshanba kuni uchun moʻljallangan premyeraga qiziqaman, chunki bir tomondan faqat shu kuni oʻzim yo oilam bilan teatrga tushishim mumkin boʻlib, qolgan vaqtlari kun davomida ishim sababli bunga vaqt ham, imkon ham topa olmasam, boshqa tomondan undagi dramalarni bir marta koʻrganim va boshqa tomosha qilishga sira tobim yoʻqligi  eʼtiborimni faqat premyeraga qaratishga majbur qiladi.

Dam olish kuniga moʻljallangan premyeraga uzoq tikilib turaman. Afisha yonida uni bir necha haftadan beri targʻib qilib, quyosh va yomgʻirda qolgan bechora posterga koʻzim tushadi. Vaqt oʻtib shu narsa maʼlum boʻladiki, ikkisiyam negadir qiziqishimni oʻziga jalb qilmaydi. Premyera ham, uning targʻibotchi posteri ham. Ayniqsa, drama… Afishaga yaqinlashgan chogʻimda yuragimda gupirgan, biroq yaqinlashgach  bir zumda dafn etilgan qiziqish va soʻniq ishtiyoq bilan unga boqaman. Birinchidan uning hech nimani anglatmaydigan,  milliy dramalarning doimiy tanish shablonidagi nomi, ikkinchidan uning drama yozishdan koʻra saviya borasida hali oʻqib-oʻrganishga muhtoj boʻlgan taniqli muallifi va eng muhimi oʻlgudek maishiy mavzusi bir pasda ensamni qotiradi.

Shunga qaramay, bir oz oʻtib chiptaxona sari dadil qadam tashlayman. Uning oynavand darchasi haliyam oʻshandek kichkina. Hech bir yeri oʻzgarmagan. Chipta sotadigan tanish oʻris kampir haliyam tirik, joyida sigaret chekib oʻtiradi.  Borgach choʻntagimni uzoq kavlab, sal ikkilanib, hech boʻlmaganda bu gal spektakl davomida asabiylashmaslikka umid qilib chipta xarid qilaman. Kampir bir oʻzimgagina chipta olayotganimni koʻrib, premyera zoʻr oʻtadi, biror sherigingiz uchun ham oling, degan mazmunda gapiradi.

 Chiptani qoʻlimga ushlaganimda  unga nisbatan kaftimda qandaydir befarqlikni sezaman. Unga shunchaki maʼnisiz, xuddi boʻshliqqa qaragandek tikilaman. Tikilganimda koʻzlarim yonmaydi, oldingi milliy spektakl premyeralarining ahvoli koʻz oldimdan lip-lip oʻtib gʻijinaman, estetik zavqni shuurimda entikib pishitolmayman, yoʻl davomida uni choʻntagimga solib ketayotganimda hayajonlanmayman. Uyga borganimdan soʻng  peshonamni tirishtirib uni yozuv stoli ustiga qoʻygach, yakshanbani kutib, kun sanab aslo betoqat boʻlmayman. Chipta shu boʻyi oʻsha yerda to dam olish kunigacha qoʻl tekkizilmay yotadi. Goh kitoblarga teginib, goh ruchkaning ostida nafas olib.

Negadir shunday boʻladi. Nima uchunligini yo bilaman, yo bilmayman. Oldin bunday boʻlmasdi. Ilk marta ishlab topgan pulimga premyera uchun chipta sotib olganimda boshim osmonga yetgudek oʻzimda koʻtarinki kayfiyatni tuygandim. Ammo premyeralardagi spektallardan koʻnglim toʻlmasligi natijasida bu zavqning oʻrnini bora-bora boshqa hislar egalladi. Dastlab qoniqmaslik, keyin befarqlik, endilikda mana oʻlgisi kelmay, chalajon yashayotgan majhul umid hissi…

Nihoyat, premyera kuni ham yetib keladi. Yakshanbada bir amallab kunni kech qilgach, taksiga oʻtirib teatrga boraman va uning ogʻir eshigidan chiptamni koʻrsatib, sekin ichkarilayman. Oldingidek shoshib kirish, yurakning orziqishi yoʻq. Teatrda odam koʻp boʻlmaydi (oldin ham shunday edi). Tashrif buyurganlarning koʻpchiligi yozgan asari premyerasi boʻlib oʻtayotgan dramaturgning tanish-bilishi va oshna-ogʻaynisi, qolgan kam sonlilar menga oʻxshagan teatrning sodiq shinavandalari boʻlishadi. Shuningdek, atrofda boʻzrayib turgan boʻyinbogʻli yoshlar — majburan olib kelingan dorilfunun talabalari ham uchraydi.

Spektakl boshlanishidan oldin joyimda uzoq vaqt sahnaga qarab oʻtiraman. Oʻrindiqqa oʻtirganimda ilk qiladigan ishim shu. Sahna lop etib eʼtiborimni tortadi. Uning jimjimador, koʻrsa koʻrgilik va mehr bilan yondoshilgan dekoratsiyasi aqlimni shoshiradi, uni hayratlanishga undaydi, har bir burchagida rassomning ancha ter toʻkkani yaqqol seziladi. Unga qarab oʻtirib bir mahal drama ham shunga mos boʻlsa-yu, deyman. U meni lol qoldirishini, aqldan ozdirishini, sarhadsiz mushohadaga giriftor qilishini,  kerak boʻlsa yigʻlatib koʻzlarimni qizartirib, shishirib yuborishini orzu qilaman.

Spektakl boshlangach, aktyorlar oʻzlariga biriktirilgan katta-kichik rollarni ijro etishga berilib ketishadi. Ularning barchasi ajoyib va mahoratli aktyorlar, ijrolarini koʻrib ularni xayolan olqishlayman, qarsak chalgani iymanaman. Rejissyorning ham koʻp va xoʻp uringani, mashaqqatli mehnati spektaklni kuzatishim asnosida yuzaga chiqadi. Faqat… Faqat dramadan koʻnglim toʻlmaydi. Bu safar ham uning mavzusi, badiiy strukturasi va “otasi”ning saviyasi xoʻrsinishimga asos boʻladi. Oʻrindiqda oʻtirgancha xoʻrsinaman, xoʻrsinaman va yana xoʻrsinaman.

Dramada ruhni ilgʻamayman (men buni shartli ravishda ruh deb atayman). Sahnaga kirtaygan koʻzlarim bilan termulib, oʻz ishini sidqidildan bajargan rejissyor sahnalashtirgan, beayb aktyorlarning zabonida aylanayotgan bachkana dialoglarni, uzuq-yuluq voqealarni va quruq jarayonni botinimda tahlil qilarkanman, drama butun boricha ruhsizga oʻxshaydi. Tanlangan mavzuning didsizlikka qorishgan badiiy strukturasi uning shundoq ham nochor saviyasini oyogʻidan ushlab yanayam pastga tortayotganga va undagi dramaturg bermoqchi boʻlgan gʻoya esa shularning natijasida gʻoyadan koʻra qoʻl uchida yozilgan maishiy bir choʻpchakni sahnada gavdalantirgandek tuyuladi.

Spektakl tugaganida men yengil nafas olaman. Yelkamdan togʻ agʻdarilgandek boʻladi. Necha yillardan beri buning tamomila  aksi boʻlishini, yaʼni uning yakuniga yetganidan dildan afsuslanishni, mana shu sahna qarshisida yana bir marta uni tomosha qilishni va uning diydorini qoʻmsab dam olish kunlari xonadonimdan qaytib-qaytib teatrga chopishni qanchalik istamay, baxtga qarshi  uning pirovardida yakuniga yetganiga xursand boʻlib, teatr binosini hammadan oldin tark etaman.

Uyga kelganimda oʻzimni boʻshashgandek his qilaman. Yillar davomida premyeralardan soʻng yuz beradigan noxush kayfiyat yana moʻrt vujudimda tiniqib koʻrinish beradi, uni lahza sayin qattiqroq iskanjaga oladi. Horgʻin koʻzlarim va muntazam asabiylashishdan titray boshlagan lablarim bilan charm kresloda qimtinib oʻtirarkanman, koʻmak ilinjida chora izlab,  kitob javoni tomon javdiragancha nazar tashlayman.

-Hammasiga Bernard Shou aybdor!- deyman nogahon u yerda “Irlandiyalik chol”ning olti jildlik asarlari toʻplamini payqab.

Uning birinchi jildini qoʻlimga olib ilk sahifasini ochganimda,  dramaturgning oppoq soqoli iyagini siypalab turgan, oq-qora rangdagi surati diqqatimni oʻziga tortadi. Kitobni charchoqdan koʻra erinish bilan varaqlayman. Sahifadan sahifaga oʻtarkanman, birin-ketin uning dramalari koʻrinish beradi: “Bevaning xonadonlari”, “Missis Uorrenning kasbi”, “Kandida”, “Taqdir tanlovi” va boshqalar.

Bu dramalarni hozir oʻqimay qoʻygan boʻlsam-da, bir paytlar ancha mushohada va qunt bilan oʻqiganim, ularning taʼsirida idrokimda dramaturgiya va teatr borasida Molyer bilan Gogol tamal toshi qoʻyib shakllantirgan, keyinchalik Chexovning bir oʻzi taraqqiy ettirgan mulohaza-yu qarashlarim yanayam teranlashib, oʻzim uchun ularni mukammal koʻrinishga keltirganim kechagidek yodimda.

Bernard Shouni jonu dilimdan yaxshi koʻrganman, deya olmayman. Hech qachon bunday boʻlmagan. Misol uchun, talabaligimda  Molyer, Goldoni, Gogol va Chexov dramalarini uning dramalaridan koʻra koʻproq sevib oʻqirdim. Lekin oʻshandayam Bernard Shouda men yuqoridagi dramaturglarda duch kelmagan nimadir bor edi. Oʻsha narsaning nimaligini oʻsha kezlari men aniq-tiniq bilmasdim. Bu hol koʻp yillar davomida muttasil meni oʻylantirib tashvishga solar, oxiri yoʻq izlanishlar sari chorlar, oqibatda boshimni teatr nazariyasiga oid kitoblar va eski-yangi dramalardan koʻtarmas, aynan “Irlandiyalik chol” koʻpincha dramaturgiyani tushunishdagi  qaygʻularimning sababchisiga aylanardi.

Uning asarlari toʻplamini shu oqshom nogahon qoʻlimga ushlagach va dramalarini xafsala qilib qayta oʻqigach nihoyat oʻsha narsani topganimni tushundim, tilim koʻp aylanmadi-da, unga — qaygʻularim sababchisiga nom bera oldim. Oradan qancha yillar oʻtib, sochimga oq oralab, belimdan quvvat ketib, yoshligimning soʻnggi yillari yakuniga yetayotgan bir payt endi buni nimaligini anglagandek idrokim tipirchilar, yuragim qattiq-qattiq tepardi.

Bernard Shouda men koʻp yillar shartli ravishda ruh deb oʻylab yashagan va drama uchun eng muhim boʻlgan unsur — balans bor edi, boʻlganidayam qisman emas, balki bir tizginga solingan va mutloq holda. Balansning mazkur koʻrinishdagi qiyofasi boshqa birorta men oʻqigan dramaturgda uchramasdi. Gogolni men qanchalik sevib-ardoqlamay, u dramalarida satirik yondoshuvga haddan tashqari berilib ketib tizginni unutar, Chexov dramalarining dialoglaridagi intelektuallik baʼzida ortiqchalashib, kichik nuqsonga aylanardi. Molyerning qahramonlariga xarakter yetishmas, Goldoni gʻoyaga koʻproq urgʻu berib, bu yoʻlda dramadagi jarayon tempining kulminatsiya sari bir maromda ketishini qurbon qilar, Shekspir bilan Shillerda syujet yaxlitligidan koʻra ham qahramonlarning hatti-harakatlari va ruhiyatlariga birlamchi unsur sifatida eʼtibor qaratilardi.

Albatta, ularda ham balans sezilar, ammo birgina Bernard Shouda u mutloq holda koʻzga tashlanardi. Xira chiroq yorugʻida uning dramalarini yarim kechgacha tahlil qilarkanman, yuqoridagi dramaturglarga xos boʻlgan kamchilik unda iloji boricha koʻzga tashlanmas, shu balans orqali barchasi silliqlanib ketar, uning dramalari oddiy dramalar bosqichini hatlab oʻtib, xulosamda etalonlik roliga daʼvogarlik qilardi.

Fursat oʻtib, tong yaqin qolganda ahvolimni yanayam atroflicha anglay boshladim. Necha yillardan beri men premyeralarni tomosha qilish uchun teatrga borib, mahalliy dramaturglar tomonidan milliy ruhda yozilgan dramalarni kuzatarkanman, ularni kuzatishdan koʻra ham, aynan shu balans orqali ularga baho berardim va yondoshardim, biroq yuqorida taʼkidlaganimdek buning nimaligini oʻzim aniq bilmasdim. Bernard Shouning darajasi va dramaturglik salohiyati ortidan oʻzim bilmagan tarzda oʻshanda ularni tahlil qilarkanman, bu tahlilim nimaning natijasi yoki inʼikosi ekanligini toʻliq tushunmasdim, bu borada idrokim nuqul oʻtmaslashib hadeganda konkret javob topilmasdi.

 Premyeralar mobaynida nega asabiylashishimni, pichirlab soʻkinishimni, oʻrindiq chetini ushlagan qoʻllarim titrashini va maishiy mavzudagi, bachkanalik ufurib turgan saviyasiz dramalarning sahnadagi yuzidan nafratlanib, oʻzimni qoʻyarga joy topolmay ignaning ustida oʻtirgandek oʻtirishimni va nihoyat oʻsha dramalarni qaytib koʻrish uchun teatrga nega qaytib qadam ranjida qilmasligimni, faqat premyeralarni kutib yashashimning sababini bilmasdim.

“Hammasiga Bernard Shou aybdor!”

Chindan bunga Shou aybdor edi. Shubhasiz, yaxshi maʼnoda. Bu soʻzlarni ikkinchi marta takrorlaganimda uning kitobi qoʻlimdan yerga tushib ketdi. Uni qaytadan oldim. Shundan soʻng, uning asarlar toʻplamiga kiritilgan boshqa jildlarni ham yozuv stoliga qoʻydim. Hatto, “Missis Uorrenning kasbi” dramasini qisqa vaqt ichida ikkinchi marta oʻqib chiqdim. Judayam taʼsirlandim. Besh-olti yil narida oʻqigan paytimdan koʻra koʻproq yoqdi bu drama. Yana mutloq balansni sezdim. Satirik yondoshuvda ham, dialoglardagi intelektuallikda ham, kechinmalar va ruhiyatning ifodasida ham…

Kitobdan boshimni koʻtarganimda milliy dramaturgiyamizning ayanchli holati xayolimdan oʻtdi. Ochiq aytaman: mustaqillik davridan keyingi milliy dramaturgiyamizdan hecham koʻnglim toʻlmagan. Hozir ham toʻlmaydi. Shu davr oraligʻidan to bugunchaga sahnalashtirilgan son-sanoqsiz milliy premyeralardan qolgan dardu-alamni uzoq yillar xorijiy dramalarning qayta sahnalashtirilgan variantlaridan olib yashadim. Yuqoridagi sanab oʻtgan sevimli dramaturglarimga ayrim jihatlardagina balans yetishmagan boʻlsa, bizning dramaturglarga barcha jabhada balans yetishmaydigandek tuyulaveradi. Holbuki, ular ham menga oʻxshab Bernard Shouni oʻqishgan.  Teatr tarixi va drama nazariyasidan xabardor. Nemirovich- Danchenko, Shalyapin va Stanislavskiylarning ilmiy asarlarini hatm qilishgan. Oʻqishmagan boʻlsa, hech boʻlmaganda yuqoridagilarni — bizning auditoriya uchun ommaboproq boʻlgan Shekspir, Gogol va Chexovni oʻqishgan. Unda nega yaxlit olinganda ularning dramalari biror bir unsuri boʻyicha qisman boʻlsa-da balans bermaydi. Yaratgan egam, nega shunday? Balki, bu yerda turgʻun va bir yerda qotib qolgan milliy dramaturgiya aybdormikin? Yo shoirlikdan dramaga sakrab oʻtgan dramaturglarmi? Yo  ulugʻ rejissyor Stanislavskiy xavfsiragan narsa — Gogolni allaqachon teatr (tomoshabin) darajasiga tushirib, uning didiga moslashib boʻlinganimi?

“Barchasiga Bernard Shou aybdor!”

Yana shu oʻyning girdobida sarson boʻlaman. Shouni oʻqish natijasida tafakkurimga singigan va shakllangan, balanslashtirilgan dramaturgiya darajasi yangitda oʻzim tomosha qilgan spektakl premyerasidan qolgan eng kichik, mayda atom zarrasidek keladigan zavqni ham tutundek tarqatib yuboradi. Koʻz oldimga oʻsha premyerasi boʻlgan spektaklni va uning muallifini bir tomonga, ikkinchi tomonga cholning dramalarini qoʻyaman. Xuddi tarozu pallasida turgandek ular silkinib-silkinib turishadi va bir pasda uning dramalari turgan taraf koʻproq tosh bosadi.

Menimcha, aslida bir necha yildan beri ham shunday boʻlgan. Shunchaki oʻsha kezlari tarozuning ikkinchisi pallasiga — oʻzim premyerasi guvohi boʻlgan va qaytib koʻrishni istamagan dramaga qarama-qarshi qoʻyish uchun lozim boʻlgan darajadagi muallifni topa olmagandim. Goh Gogolni qoʻyardim, goh Chexovni. Biroq, shunda ham tarozu pallasi ayni paytdagidek  sezilarli ogʻirlik bilan ular tomonga ogʻishmasdi, chunki bunga ulardagi mutloq boʻlmagan balans toʻsqinlik qilardi. Men esa uni nima deb atashni bilmay yuraverardim.

2020 yil, mart. Margʻilon