Eh, tushga nimalar kirmaydi-ya. Kutgan va kutmagan narsalarimizdan tortib tegramizni nozik oʻrgimchak toʻridek oʻrab olgan borliqdagi har balo bir marta boʻlsin tushimizga kirib chiqadi. Oʻzimiz guvohi boʻlgan hodisalar, tafakkurimiz qiziqish-u mayl bildirgan moddiy va nomoddiy narsalar, yuragimizni entiktirgan va hayajonlantirgan manzaralar, oʻzimiz mansub boʻlgan jamiyat yoki muhit bilan bogʻliq jarayonlar, shuningdek qalbimizga yaqin odamlarning goʻzal yoki razil koʻrinishlari…

Uyqu davomida shu tushning taʼsiridan tafakkurimiz chiqib keta olmaydi. Uning ichida-unga koʻchgan borliqni reallik sanab, unga topinib, undan ajray olmay yashaymiz. Hatto, tong otgach yoki qoʻqqis uygʻongach ham baʼzi tushlar sabab oʻzimizda yengil noqulaylik sezamiz, gohida ularning taʼsiridan chiqib ketolmay kunlab oʻzimizga kelolmay kun kechiramiz yoki oʻzimizni oʻzimiz xilvatlarda — koʻpincha oqayotgan suv qarshisida soʻroqlab oʻtiramiz. “Nima, qachon, qayerda?” qabilida. Gohida esa taʼbirga murojaat qilib kitoblar titkilaymiz yoki zarur kishilarga maslahat ilinjida sim qoqamiz.

Kecha umrimning navbatdagi bahori davom etar chogʻida men tushning eng gʻaroyibini koʻrdim. Kim nima desa desin-u, lekin tushimda Londondagi auksionda qatnashibman (Bu rosti kutilmagan tush boʻldi). Auksion dunyoga dongʻi ketgan London birjasiga yaqin boʻlgan hashamatli binoda boʻlib oʻtibdi. Bu asosan mashhur rassomlarning ijodiy ishlari sotiladigan auksion ekan. Binoga zinapoyalardan koʻtarilib, uning zalvorli eshigini ochib ichkarilashim bilan zabardast eshik ogʻasi ingliz tilida taklifnomamni koʻrsatishimni soʻradi. Egnimdagi jigarrang pidjagimning yon choʻntagini kavlasam qoʻlim qattiq qogʻozga tegdi. Olsam — oʻrtacha hajmdagi taklifnoma.

— Oʻtavering, janob, — dedi eshik ogʻasi uni hali koʻrsatib ulgurmasimdan.

Men boshimni irgʻab foyega oʻtdim. Foye katta va uzun edi. Uning oxirida oynali eshiklari ortidan moʻjazgina zal koʻzga tashlanardi. Ohista qadam tashlab oʻsha yerga bordim. Ikkilanishlar bilan zalga kirdim. Zal kichkina boʻlsa-da, lekin u yerdagi odamlarning koʻpligidan ostona hatlagan odamga kattadek taassurot uygʻotar, shuning uchun boʻlsa kerak boʻsagʻadan oʻtgach, bir necha soniya nima qilishimni bilmay kalovlanib joyimda turib qoldim.
— Marhamat, joyingizni egallang, -dedi yuzi oʻliklarniki kabi sovuq, sochlari esa oppoq boʻlgan, qoʻllariga oq qoʻlqop taqib, egniga keng frak kiyib olgan albinos yigit qarshimga kelib. — Hozir auksion boshlanadi!

Zaldagi odamlarning koʻpchiligi allaqachon oʻz oʻrniga oʻtirgan, tik turganlari ham oʻtirish uchun taraddudga tushishgandi. Men boʻsh turgan stullardan biriga choʻkdim. Oʻng tomonimda moshguruch soqolli, Chexovniki kabi pensne taqqan, qora rangga boʻyalgan sochlaridan kimyoviy boʻyoqning hidi anqiyotgan moʻysafid, chap tomonimda koʻkraklari sal ochiq sargʻish koʻylak kiygan, koʻzlari ostini bearmon qora rangga boʻyagan, tirnoqlari uzun, shaddodgina ayol — ikkisi ham nigohini roʻparadagi teatr sahnasiga oʻxshatib bezatilgan, bir chetida baland minbar turgan tomondan uzmay oʻtirishar, moʻysafid orada dastroʻmolini ogʻziga tutib yoʻtalib qoʻysa, ayol sharqona yelpigʻichi bilan oʻzini onda-sonda yelpib qoʻyardi. Nazarimda ular meni kelib oʻtirganimni sezishmadi.

— Xonimlar va janoblar!- oʻng tomondagi parda ortidan xuddi koʻzboylogʻichlardek imi-jimida chiqib, minbar oldida paydo boʻlgan oʻrta yashar, moʻylabi qalin bir erkak soʻz boshladi. — Besh daqiqadan soʻng Van Gog kartinalarini auksion orqali sotish boshlanadi. Auksion qoidalarini yana bir marta eslatib oʻtaman: auksionda bugun rassomning uchta mashhur kartinasi — “Arledagi qizil uzumzor”, “Oq kiyingan qiz”, “Kungaboqarlar” navbat bilan sotuvga qoʻyiladi. Qoida oʻsha-oʻsha. Kim koʻp taklif qilsa, kartina oʻshaniki boʻladi. Kartinani sotib olgan xaridor auksion tugagach, xarid qiymatining oʻn foizi miqdoriga oldindan chek yozib beradi.

Uning gapini yigʻilganlar diqqat bilan tinglashdi. Shundan soʻng, ikkita barzangi yigit boyagi parda ortidan Van Gogning birinchi kartinasini olib chiqib, minbar yonida turgan — devorga yopishtirib joylashtirilgan, chetlari burama qirrali stol ustiga qoʻydi. Kartinani yopib turgan qizil baxmal mato olingach, yigʻilganlar joʻrlikda bir ovozdan “oh” deb yuborishdi. Qarshimizda chetlari zarhal romda Van Gogning “Arledagi qizil uzumzor” kartinasi turar, u impressionizmning har bir ashaddiy muxlisini esidan ogʻdirishi kundek ravshan edi.

— Kartinaning boshlangʻich narxi ikki million funt,- dedi auksion shartlarini yangitda tushuntirib oʻtgan moʻylabli erkak minbarga chiqib, atrofdagi turli kayfiyatda oʻtirgan odamlarni birma-bir koʻzdan kechirarkan, qoʻliga gurzining bolachasini yodga soladigan tayoqni olib, puflab uning changini ketkiza boshladi.

Men hech narsaga tushunmay turganimda, birdan oʻng tomonimdagi moʻysafid qoʻlini baland koʻtardi va xirillab tovush chiqardi.

— Ikki million ikki yuz ming funt!

— Ikki million ikki yuz ming funt!- dedi auksion boshlovchisi qoʻlidagi tayoqchani minbarga bir urib qoʻyib.

— Yaxshi. Qani kim koʻproq beradi?

Chap tomonimda oʻtirgan ayol payt poylab qoʻlini koʻtardi-da:

— Ikki million toʻrt yuz ming funt,- dedi uzun tirnoqli barmoqlarini soxta mulozamat qiladigan tantiq ayollardek qimirlatib.

Shu payt men toʻsatdan kulib yubordim. Qah-qah urib, xaxolab, zalni boshimga koʻtarib kuldim. Kulishimga sabab boʻlgan narsa shu ediki, negadir roʻparamdagi moyboʻyoqda chizilgan rasmga bunchalik katta pulni taklif qilishayotganini hecham aqlimga sigʻdira olmasdim. Shuning uchun kulardim. Buncha katta pulga men tugʻilgan shaharda pudratchi tashkilotlar toʻrt qavatli kasalxona yoki maktab qurishlari mumkin edi. -Kechirasiz, xalaqit bermang,- dedi kulaverib koʻzlarim yoshlanib ketganini va bukchayib qolganimni koʻrib tashkilotchilardan biri oldimga kelarkan. Unga qoʻlim bilan hammasi tushunarli degandek ishora berdim. U ketdi. Van Gog kartinasining narxi esa fursat oʻtgani sayin oshgandan oshib boraverardi. Uning bahosi arifmetik emas, geometrik progressiyada oʻsib borar, odamlar bildirgan taklifdagi raqamlarning miqdori sogʻ odamni aqldan ozdirish xususiyatiga ega edi. Mendan nariroqda oʻtirganlar qoʻshnilarimga nisbatan goh baland narx taklif qilishar, goh narx borasida qoʻshnilarim ulardan oʻzib ketishardi. Bu ot poygasi yoki yugurish musoqabasiga oʻxshardi. Qani kim oʻzadi? Qani kim birinchi? Oxiri kartina sotildi. Mendan sal nariroqda oʻtirgan jiddiy, boʻyinbogʻli janob unga barchadan koʻproq pul taklif qildi.

— Iltimos, kartinani avaylab ichkariga olib kiringlar, -dedi u chek yozib berarkan tashkilotchilarga qarata xavotir bilan.

Boshlovchi tayoqchasini minbarga urib qoʻyib, kartina qanchaga sotilganini yana bir marta qaytargandi men bu gal ham kulib yubordim. Boyagidek qah-qah urib, xaxolab va baland ovozda.

— Siz halitdan beri nega kulyapsiz oʻzi?- soʻradi oʻng tomonimdagi moʻysafid tutoqib. — Sirkda oʻtirganingiz yoʻq-ku! Auksionda oʻtiribsiz, auksionda!

— Tarbiyali kishilar jamoat joylarida oʻzlarini tutishni bilishlari kerak, — dedi chap tomonimdagi ayol mendan irganib. — Aks holda, bizni varvarlardan farqimiz qolmaydi.

E, oʻlsin vandalizm! Ularning nozik tanbehlaridan keyin boshqalar men tomonga gʻijinib qaray boshlashdi. Gʻalamislik qilayotganimni yuzimga aytishmasa-da, nigohlarida menga nisbatan noxush oʻy paydo boʻlganini angladim. Tashkilotchilar ham oʻzimni nazorat qilishimni yana bir bor iltimos qilib ketishdi. Van Gogning qolgan ikki kartinasi birinchisiga qaraganda ancha balandroq narxlarda sotildi. Rosa tortishuvlar evaziga eng baland narxda “Kungaboqarlar” sotilib, ishtirokchilarda uning yangi egasiga nisbatan havas uygʻondi.

Uni chap tomonimdagi ayol xarid qildi.

— Oʻzi shu kartina uchun bu yerga kelgandim, — dedi u qoʻl telefonidan kimgadir qoʻngʻiroq qilishdan avval rohat bilan kerisharkan.

Dam oʻtmay telefonini qulogʻiga tutdi.

— Azizim, meni yaxshilab eshit. Anavi kartina bizniki boʻldi. “Kungaboqarlar” bor-ku, oʻsha. Van Gog uni men uchun chizib ketgan demaganmidim senga. Endi u mehmonxonamizni bezaydi, xonadonimizning tarovatini ochadi. Yuvosh singlimni mehmonga kelganda uni koʻrib ogʻzi pashsha kirgudek lang ochilib qolishini hozirdan tasavvur qilyapman.

Auksion oʻz yakuniga yetganida men negadir yana kuldim. Bu safar qarsak chalib kuldim. Kulayotganimda hech kimga qaramadim, boshimni osmonga koʻtarib boʻri kabi uvilladim, xolos. Qarsak chalayotganimda koʻzlarimni katta-katta ochib, har yonimga tikilib, kaftlarimni bir-biriga ogʻrib ketgudek darajada urib qarsak chaldim. Lablarim esa faqat bitta soʻzni pichirlardi.

— Van Gog! Van Gog! Van Gog!

Terga pishib nogahon uygʻonib ketganimda allaqachon gʻira-shira tong ota boshlagan, olis boʻlmagan yerdagi masjiddan muazzinning shirali azon tovushi eshitilardi. Bahorning yana bir musaffo tongi zamin uzra otayotgandi. Deraza oldidagi gullagan oʻrik kayfiyatga ijobiy taʼsir qilar, unga tikilgancha bir finjon sutli qahva bilan soatlab u yerdan ketmay turish mumkin edi. Shunda ham zerikmasdi kishi, aksincha shirin orzularga berilib, mana bu shiddat bilan oʻtayotgan bevafo vaqtni va borgan sari sariq chaqalik qizigʻi qolmayotgan boʻm-boʻsh, shovqin-surondan iborat boʻlib borayotgan zamon nafasini his qilishni unutar hamda loydan qorilgan yuragida azaldan muvaqqat boʻlgan tuygʻu-tabiatga nisbatan begʻaraz oshnolikka butun vujudini safarbar qilardi.

Bu tong yakshanba tongi boʻlgani uchun ham qaysidir maʼnoda men uchun aziz va mukarram edi. Chunki, har gal zerikarli ish joyimda kelishini qon-qaqshab bir hafta kutadigan kun hayotimda oʻzgacha oʻrin tutar, men shu kuni yigirma toʻrt soat mobaynida oʻzim istagancha umrimni tasarruf qilardim. Baʼzan sevimli kitobimni oʻqisam, baʼzan itim bilan yolgʻiz sayr qilgani chiqar, baʼzan esa Shopengauer va Gegelning falsafasini tahlil qilar yoki televizor pulti yordamida bir boshdan koʻnglimga mos telekanallarning dasturlarini tekshirib chiqardim.

Bu safar Brodskiyning sheʼrlarini oʻqib, kunni yarim qilgach, doimgidek televizorni yoqdim. Televizorda mana bir yildirki, yolchitib faqat ikkita kanalni koʻraman: bular “Madaniyat va maʼrifat” va Katta Ogʻaning “Kultura” kanallari. “Madaniyat va maʼrifat” kanalida bitta boʻyinbogʻlik amaki telemutolaa dasturida “Oʻtkan kunlar”ni tomoshabinga ishtiyoq bilan oʻqib berayotgan ekan. Qodiriyning mazkur romanini unga qoʻshilib bir yuz ellik birinchi marta oʻqigim kelmadi va pult yordamida “Kultura”ga oʻtdim. U yerda kinofilm namoyishi boʻlayotgandi. Bu kanalda mashhur yozuvchi, shoir, rassom yoki davlat arboblari haqida muntazam biografik kinofilmlar efirga uzatilar va men ularni intiqlik bilan kutib yashardim. Bugun ham shunday boʻlayotgandi.

— Vinsent, siz uchun goʻzallik nima?

— Men uchun goʻzallik tabiat, tabiat esa xudodir.

— Vinsent, aytishlaricha siz rassom ekansiz?

— Ha, men rassomman.

— Isteʼdodingiz bormi, u qayerdan olinadi? Bu yaratganning tuhfasimi?

— Uning menga bergan birgina tuhfasi!

Kanalga oʻtganimda unda taxminan shu mazmundagi dialog ketayotgandi. Tabiiyki, kinofilm Van Gog haqida edi. Men uni shu yerdagi — tarjimai holida keltirilgan jinnixonadagi epizodidan boshlab koʻrishda davom etdim. Ekranning chetida rus tilidan tarjima qilinganda “Van Gog mangulik boʻsagʻasida” deb nomlangan yozuv turar, men daqiqa sayin ekrandagi voqealar ichiga shoʻngʻib kirib borar, Van Gogning ketidan xayolan ergashib yurardim.

Kinofilmda rassomning tarjimai holidan koʻchgan koʻp narsa bor edi. Uning ogʻir tabiati va odamlar bilan murosa qila olmasligidan tortib kartinalarining yaratilish tarixigacha, jamiyatdagi yolgʻizligidan tortib yirtiq poyabzalda, yelkasiga molbertini tashlab qishin-yozin tabiat manzaralarini yayov kezishigacha…

Kinofilm soʻnggida uning oʻlim manzarasi koʻrsatila boshlandi. Van Gog qandaydir oynavand dahlizli xonaning oʻrtasida tobutda yotar, uning atrofiga oʻntadan koʻproq miqdorda oʻzi bir paytlar chizgan kartinalari terib qoʻyilgan, ukasi Teo taʼziyaga kelgandan koʻra shu kartinalarni tomosha qilgani — koʻrgazmaga kelgan odamlarni bir chetdan gʻamgin kuzatib turar, odamlar esa kartinalarni ketma-ket koʻzdan kechirib, qoʻllariga olib koʻrishar, manzur boʻlgan birortasini qoʻltiqlariga qistirishgach unga choʻntaklarini kavlab mayda chaqa uzatishar va tobutda jonsiz yotgan rassomga eʼtibor ham bermay tashqarilashardi. Aftidan, Van Gogning ukasida uni koʻmgani va tobutsozga tobut uchun toʻlagani pul yoʻq edi va u janoza kuni shu yoʻsinda dafn marosimi uchun pul yigʻardi.

Ekranga eʼtibor bilan razm solib, tushimdagi auksionda koʻrgan odamlarga oʻxshash odamlarni koʻrdim. Ular tushimda koʻrganlarimga nihoyatda oʻxshash, chamasi ularning yo ajdodlari, yo oʻxshash chehralari edi. Mana, tushimda oʻng tomonimda oʻtirgan moʻysafidga oʻxshash qariya. Faqat u boshiga uzun silindr kiyib olgandi. Odamlar orasida chap tomonimda oʻtirgan ayol ham koʻzga tashlandi. U sharqona yelpigʻich va qoʻl telefoni oʻrniga qoʻliga qora soyabon ushlab olib, egniga uzun qora rangdagi yopiq koʻylak kiygandi.

Hatto, tushimda koʻrgan Van Gogning uchta kartinasini ham ekranda koʻrdim. Toʻgʻri, qisman. Ular taxminimcha boshqa kartinalardan farqli ravishda tobutning narigi — ekranga koʻrinmaydigan tomoniga taqab qoʻyilgan, odamlar ularni bir-biriga jilmayib koʻrsatib tomosha qilishardi. Nihoyat, oʻsha kartinalarni ham ular birin-ketin olishdi. Van Gogning ukasiga choʻntaklarini kavlab mayda chaqa uzatishdi. Ukasi ularga tavozeʼ bilan minnatdorchilik bildirdi. Ularning chaqa uzatgan qoʻllariga qararkanman, ushbu dam ham negadir kulgim qistadi va beixtiyor kulib yubordim. Vaqt oʻtgan sayin xuddi tushimdagi auksionda boʻlgani kabi qah-qah urib, xaxolab va baland ovozda kuldim.

— Van Gog! Van Gog! Van Gog!- dedim auksionda boʻlgani kabi boʻridek osmonga uvillab va qattiq-qattiq qarsak chalib pichirlarkanman.

— Buncha baland kulmasang… Sirkda oʻtirganing yoʻq!

Xonaga shoshib kirgan onamning birinchi aytgan gapi shu boʻldi. U choʻchib uygʻonib ketib qoʻshni xonadan chiqqandi. Men televizordan nigohimni olib unga qaradim.

— Qanchalik zoʻr sirkda oʻtirganimni tasavvur ham qila olmaysiz, — dedim keyin birdan jiddiylashib. — Ishoning, tasavvur ham qila olmaysiz!


2020 yil, mart. Margʻilon