Jonim Vatan, tanim Vatan, ko‘zim Vatan,
Esdan chiqar oni ko‘rg‘och qo‘rg‘on yerim!
Siddiqiy Xondayliqiy

Vatan! Qadim-qadimlardan otash olovi so‘nmay kelayotgan muqaddas o‘choq! Vatan — chirog‘i mangu yoniq muborak xonadon! Vatan — suyganlarni er qilgan, nonko‘rlarni ko‘r qilgan ilohiy tuproq. Vatan — goh kuldirib, begoh yig‘latgan mo‘’jiza qo‘shiq, afsungar navo! Vatan — ona til, ota tarix!

Vatan!… Guldek go‘dak isi kelayotgan beshikni eslatmayaptimi, bu So‘z?! Uzoq qish kechalari sandal atrofida jamuljam, ertangi kunlar haqida gurunglashayotgan tugal oilani ko‘z oldingizga keltirmayaptimi, bu So‘z?! Sarin nasimlarda yengilgina to‘lqinlanib, kumush yulduzlardek tovlanayotgan bug‘doyzorlarni yodingizga keltirmayaptimi? Tandirdan hozirgina uzilgan, taftiyu hidi ufurib turgan bo‘rsildoq nonni xotirangizga solmayaptimi, bu So‘z? Otlar dupurini, qilich-qalqonlar sadosini quloqlaringizga olib kelmayaptimi, bu So‘z? G‘animning tanidan judo qilgan, boshini qon to‘ldirilgan meshga solib, mag‘rur so‘zlayotgan To‘maris ona ko‘z oldingizga kelmayaptimi: «Senga men emas, mening husni jamolim emas, ota makonim kerak edi!..»

Bu Vatan azal-azaldan Turon, Movarounnahr, Turkiston deb atalib kelguchi buyuk makon kimlarga kerak bo‘lmadi? Lekin har safar har qanday yovga: «Biz Vatan uchun, shu Vatanda yashash uchun qon to‘kayapmiz, siz dushmanlar esa qon to‘kish uchun yashayapsizlar. Bu Vatan shunday daxlsizki, unda asl egalari, uni ardoqlagan, sevganlargina yashay oladilar. Qon to‘kkanlar yashay olmaydi. Har bir toshi o‘qqa aylanadi, giyohi zaharga, suvi zaqqumga, o‘rasi chohga aylandi!» dedi yovqur bobolar.

O‘ylab qolaman, nega o‘zbekning kuyi bunchalar g‘amgin, bunchalar mahzun, bunchalar dil o‘rtaguvchi? Nechun o‘zbekning qo‘shig‘i bunchalar nolakor, bunchalar anduhli, bunchalar sitamli? Buning boisi bor, albatta. Bino bo‘libdiki, jabru jafolar chekkan, bosh o‘chog‘i deb, bir parcha non deb, aziz el-yurti deb — vatani deb olam- olam azob-uqubatlar chekkan kelimli-ketimli xalqninggina kuy-qo‘shiqlari ana shunday fig‘onli, armonli, alamli bo‘ladi! «Munojot»ni, «Cho‘li iroq»ni, «Ushshoq»ni, «Shashmaqom»ni… istaganingizni tinglang, fikr qiling. Vatan tarixini bilishda kuy- qo‘shiqlar tarixini o‘rganish nechog‘lik ulug‘!

Har bir xalqning o‘z vatani o‘ziga aziz. Insoniyat tarixini ko‘zdan kechirganda, biron-bir xalq tuyg‘ularini kamsitmagan holda aytishimiz mumkinki, hech bir xalq bizdek o‘z kindik qoni tomgan tuproqqa el- yurti — Vataniga mehr-muhabbat, ixlos, e’timod, sadoqat rishtalari bilan bog‘lanmagan… Azal-umrbod arpa-bug‘doy, jo‘xori, tariq sepib, ariq qazib, bog‘-rog‘ yaratib, birini kessa o‘nini ekib, qo‘y-qo‘zi orqasidan yurib — birini so‘ysa o‘nini ko‘paytirib, topsa imorat qurib, qora qozonini halol qaynatib kelgan xalq sel keladigan soyga ko‘prik qurib, yo‘l o‘rtasidagi toshni chetga surib savobga, yaxshilikka Tangrisiga sig‘ingandek sig‘inib kelgan xalq — yov oyoqlaganda jangdan qaytmagan, alpga aylangan. Zero, Vatan bo‘yi — botirlari va shoirlari bilan o‘lchanadi. Zero, Vatan umri — xalq umriga teng!

Yurtimiz tarixidagi katta istilolar davri: Spitamen Iskandar boshlab kelgan yunonlarga qarshi so‘nggi tomchi qoni qolguncha kurashdi. Qutayba boshliq arab lashkarlarini hayratga solib, qullikdan fano erkin afzal ko‘rgan Muqanna olovda yondi, dushmani Chingizxonni ham yoqavayron qilib, o‘z onasi, xotini, bola- chaqasi, kanizaklarini daryoga cho‘ktirib — Vatanni — Ozodlikni arshi-a’loga chiqarib (qaysi xalq tarixida bunday voqea bor?) Jaloliddin yurti erki uchun jonini fido qildi. Mo‘g‘ullar bilan bo‘lgan jangda yana bir ulug‘ zot — Najmiddin Kubro Vatan tug‘ini quchib sohibi jannat bo‘ldi. Temur Malik bevaqt hayotdan ko‘z yummasligi mumkin edi, yo‘q, uni Vatan tuprog‘i chorladi: dushman to‘la yurtga qaytdi — oxirgi nafasini Vatan havosidan oldi! Yo rabbiy! Buyuk Temur Vatanga ko‘z olaytirgan g‘animlarga qasos uchun yaratilgandek…

Vatan — yurak qoni!

Ulug‘ muhaddis — Imom Ismoil Buxoriy umri poyonini sezdimi, Makkayu Madinadan Vatanga qaytdi. Vatanda ilm qadriga yetmovchilar — johillar ko‘p, biroq u yagona! Ha, u yagona! Ertaklarda devlar joni o‘zida emas, allaqayerlarda: g‘orlardami, qoyalar ichidami, sandiqlardami… saqlanar eqan, chin inson joni esa hamisha Vatanda saqlanadi! O‘zbeklar tarix taqozosi bilan qayerda yashamasinlar, lekin hamisha ota makonlariga intilganlar.

Olmoniyada yashagan, sobiq Buxoro jumhuriyati raisi Usmonxo‘janing o‘g‘li doktor Temirxo‘janing so‘zlari beixtiyor yodimga tushadi: «Shuni aytmoqchimanki, Vatandan chekkada ham vatanparvarlar yashaydi, ular ham Vatanni xuddi sizlar kabi sevadi, ular shu xalq yig‘lasa yig‘laydi, kulsa kuladi… Vatan — bu ildizdir. Bu yurtda ildiz otmagan, uning tuprog‘ini hurmat qilmaganlar bu yerni Vatan qilolmaydi. Ildiz — ro‘parangda bobolar arvohi chirqillab turishidir. Ildiz — shu yerning tilini, urfini, faqat tiliga emas, qalbiga singdirishdir. Bizning bobolar ham Turkistonni vatan deydi, chunki ildizimiz bizni ko‘kartiruvchi, yashnatuvchi tuproq shu yerda. Biz bu tuproqni hech qayerdan topa olmaymiz. Tunrog‘ini unutgan odam — o‘zligini unutgan odamdir.

Men Vatanda emasman, Vatan mening ichimda!..»

Xalqim vatanparvarligiga, vatan tuyg‘usining betimsolligiga misol tariqasida ulug‘ turk ma’rifatparvari Ziyo Ko‘kalp (1876—1924)ning «Vataniy axloq» asaridagi quyidagi voqeani keltirish mumkin: «Tatar hukmdori Xun davlatining asoschisi Metega hujum qilish uchun bahona izlab, uning sevikli otini berishini talab qildi. Bu ot ming farsah chopa olardi. Mete vatandoshlarini yana urush musibatiga solmaslik uchun otini tatar xoqoniga berdi. Lekin tatar xoqoni tinchimadi. Bu safar u Metening eng suyukli xotinini so‘radi. Beklar qurultoyda urush e’lon qilinishini talab qilsalar-da, Mete ularga «Men Vatanimni o‘z muhabbatim o‘g‘risiga alishtirmayman», dedi va sevgilisini dushmanga jo‘natdi. Bundan keyin tatar xoqoni Xun o‘lkasining hosilsiz, ziroatsiz, o‘rmonsiz, ma’dansiz, aholisiz bir narchasini talab qildi. Qurultoy bu foydasiz yerni berish mumkinligini aytdi, ammo Mete Vatan bizning molimiz emasdir, mozorda yotgan otalarimizning, qiyomatga qadar tug‘iladigan avlodlarimizning bu yerda haqqi bordir. Vatandan bir qarich bo‘lsin yer bermakka hech kimda huquq yo‘qdir. Demak, urush etajakmiz!..» deydi va jangga kirdilar.

Otning okligi oy o‘rnini bosmas, deydilar. Vatan o‘rnini hech narsa bosolmaydi! Bobur vatan tuprog‘ida o‘sib-ungan qovunning bir tilimi ustida ko‘z yoshi to‘kkanligiga ishonmasdan iloj yo‘q.

O‘zbekman. Vatanim — O‘zbekiston! Turkiyman. Vatanim — Turkiston. Vatanim kelajagi — Turon!

VATANimning buguniga qarayman. U ulkan mamlakatning, parcha-parcha bo‘lib yotgan mamlakatning bir bo‘lagi. Vatanim — Uyg‘onish azoblarini tortayotgan Vatan! U yaqin-yaqindagina nimalarni boshidan kechirmadi?! Farg‘ona, Bo‘ka, O‘sh, O‘zgan, Namangan fojialari shunday yodimizda. Begunoh to‘qilgan qonlarni Vatan unutmaydi!..

Termiz, buyuk muhaddis Termiziy ziyoratgohi yonida bugungi Afg‘oniston yerlariga tikilaman. Uning qayeridadir, ya’ni Hirotda jannatmakon bobom Alisher Navoiy xoki-turobi bor. Men uni o‘z inon-ixtiyorim bilan tavof etib kelolmayman. Evoh, Bobur bobom xonaqosini bir ko‘rishga zorman. Qirq ikki yil ilm- fanni, adabiyot, san’at me’morchilik sohalarini gullatib yashnatgan Husayn Boyqaro bobom qabri haqida hech narsa bilmayman.

Va yoki shaytoni la’in — chor amaldorlari tarafidan quvg‘in qilingan Zokirjon Furqatning Yorkentdagi so‘nggi makonini ziyorat qilolmayman. Bir umr Turkistonning bir butunligi, mustaqilligi uchun jon fido etgan Mustafo Cho‘qayning qabri qayerda ekan?

Evoh, ulardagi Vatan tuyg‘usini, vatanparvarligini, millatparvarligini hech qanday tarozida o‘lchab bo‘lmaydi! Vatan! Vatan — tuproq! Bugun bu tuproq zahar-zaqqumlarga qorishiq, majruh, yarador. Ammo tuproq qancha toptalmasin, u baribir chechak undiradi, u bog‘lar o‘stiradi!

«Mendan so‘ranglar, men quloq solguvchi va ato etguvchiman», — deyiladi Qur’oni karimda. Biz Tangri taolodan Vatanimiz tuprog‘i daxlsizligini, ozodligi, erki, baxti, hamisha yor bo‘lishini so‘raymiz. Uning munosib egalari — qalbida Vatan tuyg‘ulari ustuvor botirlari, shoirlari, dehqonlari, hunarmandlari, olimlari, san’atkorlari bo‘lishini iltijo qilamiz. Zero, «Zamon o‘tar, kishi to‘ymas, inson bolasi mangu qolmas» (Mahmud Qoshg‘ariy). Ammo xalq omon bo‘lsa — vatan qolur!