Motsartning isteʼdodini uch yoshida payqagan ona shahri- Zalsburgning muhabbati ham Venaning favqulodda telbalarcha, majnunsifat muhabbati oldida ip esholmasdi. Bu muhabbat shaharning har bir fuqarosi yuragida alanga misoli tinimsiz gurillab yonar, hech mubolagʻasiz  qishin-yozin oʻchmas, aksincha vaqt oʻtgan sari yanayam kuchayardi… Ziyoli, taʼbi nozik, didi oʻtkir Vena Motsartdan tom maʼnoda hayratlanardi.

-Motsart ajoyib,- derdi tepakal va xomsemiz notarius.

-Uning musiqasini tinglasam bulbulning ovozini eshitgandek boʻlaman,- derdi atir-upa sotuvchi xotinchalish baqqol undan gapni ilib olib.

-Motsartning musiqasi menga jannatdagi hurlarning ovozini yodga soladi,- gapni davom ettirardi bakenbardlari qalin va boshidagi parigi uzun bankir.

-U Venaning faxri,- deb qoʻyardi gohida siferblatining tilla tasmasi kamzuli choʻntagidan doim chiqib turadigan kamgap zargar.

Motsartning simfoniyalari va sonatalari vaqti kelib Venada shunchalik mashhurlikka erishadiki, koʻzga koʻringan musiqiy tadbirlar zallarida, oqsuyak-u aslzodalarning zeb-ziynat bilan hashamlangan qasrlarida, shon-shavkatga burkangan Avstriya imperatorining baobroʻ xonadonida, barokko uslubida bunyod etilgan va anchadan beri anshlag nimaligini unutgan salobatli imperiya teatrlarida beriladigan uning konsertlari har safar odam bolalariga liq toʻladi,  uning nomiga misli koʻrilmagan olqishlar va maqtovlar yogʻiladi, son-sanoqsiz shlyapalar qoyil qolish ramzi sifatida egalarining boshidan yulinib, koʻkka parvoz qilishadi, imperatordan tortib oddiy fuqarogacha- hamma u bilan suhbatdosh boʻlishga intiladi.

Kunlar kelib Venadan uning shon-shuhrati butun Ovroʻpo boʻylab taraladi. Vena goʻyo oʻz sarhadlari boʻylab ochilgan darchalardan dastavval uni qoʻhna qitʼaga koʻz-koʻz qiladi, tavsiya qiladi, uning eʼtiborini tortadi. Ovroʻpo ham unga qiziqish va eʼtibor qaratgach, xursand boʻlish oʻrniga tepa sochi tikka boʻladi, uni tish-tirnogʻi bilan qizgʻanadi, unga qattiq bogʻlanib qolganini his qiladi, uni tun-u kun qarshisida koʻrishni istab uyqusi va halovati yoʻqoladi, tunlarni bedor, kunlarni bezovta oʻtkazadi… Vena uni qattiq sevib qoladi, unga mehr qoʻyadi, uni teran ardoqlaydi, uni bir zumga boʻlsa-da, yeru-koʻkka ishonmaydi.

Koʻp oʻtmay Motsart ovroʻpo boʻylab gastrolga ketadi. Uning gastrol safari shunchalik choʻzilib ketadiki, Vena hech qancha oʻtmay oʻz yoqimtoyini qoʻmsay boshlaydi. Notarius Motsartning konsertlari yaqindagina anshlagga aylangan teatr yonidan xoʻrsinib oʻtadi, baqqol doʻkonining derazasidan Motsart oʻtarmikin deb koʻchani poylaydi, bankir uyining boloxonasidan qahva ichgancha olislarga koʻz tikadi, zargarning yuragiga ish sigʻmay qoladi…Motsart qayerda boʻlmasin uning nomiga birin-ketin sogʻinchli , oʻtli va gina aralash maktublar oqib keladi. 

-Azizim, Motsart!- deb boshlanadi uning nomiga kiborlar yuborgan maktub.- Venaga qachon qaytasiz? Sogʻinch yurak bagʻrimizni ezib yubordi, axir!

-Ovroʻponi zabt etdingiz,- deyishadi oʻz maktublarida imperiyaning qudratli ayonlari.- Endi Venaga qayta qoling. Shahar yoʻlingizga intizor.

Motsart haqida Imperatorning shahsan oʻzi ham gapirishni lozim topadi.

— Daydi oʻgʻil vataniga qaytsa yaxshi boʻlardi.

Vena bir hafta emas, oʻn kun emas, bir necha oy, yillab Motsartni kutadi. Bu oraliqda u kuni kelib hatto hastalikka chalinadi. Tashhis aniq: Kuchli sogʻinch natijasida asablarning taranglashishi… Bastakorni Italiya, Fransiya, Angliya boʻylab keti koʻrinmayotgan, adogʻi yoʻq gastrol safarlari oxiri Venaning toqatini toq qiladi. Sogʻinchdan oʻzini yoʻqotgan shahar endi asabiylashib, jazavaga tushib, jinnixonadagi tuzalmas telba kabi oʻzini gʻayriodatiy tuta boshlaydi. Oshiq oʻz sevgilisini mudom befarqlikda ayblagani kabi u ham bastakorni muhabbati va oʻziga xos hurmatiga munosib javob qaytarmayotganlikda ayblaydi, bisotidagi bor gap-soʻzlarni marjonga ipdek tizib soʻz boyligining yuqori notasida uni haddan tashqari nonkoʻrlikda qoralaydi, yakunda esa xudoning zorini qilib, oʻtinib uni ortga chorlaydi.

Notariusning boshidagi qolgan sochlari toʻkilib ketadi, baqqol doʻkonida oʻtira olmay qoladi, bankirning koʻziga uyqu kelmaydi, zargar ozib-toʻzib ketadi.

-Boʻldi, Motsart yetar!- deyishadi toshkoʻchalarda karetada ketayotgan kiborlar goʻyo xayolan bastakorga murojaat qilishib.- Vatanga qaytish fursati keldi! Musiqangni biz noshudlar qoʻmsadik.

-Haliyam qaytmadimi ?- deyishadi uning xonadoniga tashrif buyurgan  imperiya ayonlari oʻzlariga eshikni ochgan uning oqsochi ortidan xonadagi boʻsh turgan royalga xavotirli koʻz tashlab.

Bora-bora hatto, imperator ham asabiylashadi.

-Kecha Italiyada, bugun Angliyada. Ertaga uni Xitoydan daragi kelsa ajab emas.

Venaning rashkdan koʻzi koʻr boʻladi. Bu ona muhabbatiga ham, oshiq muhabbatiga ham oʻxshamaydigan mutaasib muhabbat oʻz ortidan tushunarsiz va azobli rashkni yetaklab keladi. U oʻz yoqimtoyi  Motsart haqidagi “Gazette de France”da berilgan, butun bir gazeta sahifasini toʻldirgan  ajoyib taqrizni xursand boʻlib oʻqisa-da, dam oʻtmay gazetani yirtib, mayda-mayda boʻlaklarga ajratib tashlaydi. “The London Cronicle” dagi uning ijodi haqidagi maqolani lablarida tabassum bilan koʻzlariga surtsa-da, hijron taʼsirida asabini tagʻin jilovlay olmay gazetani kaminda qarsillab yonayotgan oʻtin ustiga uloqtiradi. Yosh boʻlishiga qaramay Motsartni Italiyadagi nufuzli Bolonya musiqa akademiyasiga aʼzolikka qabul qilishgani haqidagi xabar uning koʻzlarini namlasa-da, bu xabarni u atayin eshitmaganga oladi va u qulogʻidan kirgazib, bu qulogʻidan chiqarib yuboradi. 

Nihoyat, uch yil deganda Motsart ortga qaytadi. Qaytganida ham ulkan muzaffariyat va dohiyona yozilgan opera bilan qaytadi. Uning ovroʻpodagi yutuqlari xususidagi hikoya Venani aqldan ozdiradi, karaxt qiladi. Vena oʻz koʻzlariga, oʻz quloqlariga ishonmaydi. Motsartni bagʻriga mahkam bosib, totli boʻsalarga koʻmarkan:

— Ovroʻponi butunlay zabt etibsan, tengsiz dahoyim!- deydi hayajonlanib va baqirib-chaqirib.

Shahar koʻchalarida, kafelarida, jamoat muassalarida, imperator xonadonida shu soʻzlar tinmay aks sado beradi. Bu toʻxtovsiz sadolar ostida uning nomi yaratganning nomidan ham koʻproq tilga olina boshlaydi, beshikdagi goʻdakdan tortib jon taslim qilayotgan moʻysafidning qulogʻigacha uning muqaddas ismi sharifi yetib boradi. Vena Motsartni turfa xil, ifori odamni mast qiladigan gullar bilan siylaydi, faranglar yurtining uzumzorlarida tayyorlangan oliynav shampan vinolarini uning ingichka oyogʻi ostiga namoyishkorona sochadi, ustiga eng olifta frak bilan boshiga imperatornikiga oʻxshash viqorli parik kiygazadi, qartazbozlik va oʻyin-kulgudan iborat boʻlgan –uning nomiga berilajak ziyofatlarni kun ora qalashtirib tashlaydi.

Shu kungacha Vena uni qoʻllarida koʻtarib yurgan boʻlsa, ovroʻpodagi zafarlari va birin-ketin yozilib, sahnaga qoʻyilgan “Figaroning toʻyi” va “Don Juan” kabi operalaridan keyin endi uni boshida koʻtarib yuradi. Operalar Venaning Motsartga boʻlgan  muhabbatini tamomila yangi bosqichga olib chiqadi. Bu muhabbat endi rosmana mutaasiblikka aylanadi. U oʻz kulminatsiyasiga chiqqach,  Vena yaratgan qolib, Motsartga sigʻinishni lozim topadi, unda ilohiy belgilar va ishoralarni  koʻradi, nomiga tahsinlarga qoʻshib salavotlar aytadi, u haqida diniy afsonalardan hech bir jabhada qolishmaydigan afsonalar toʻqiydi. Bir kuni esa kutilmagan va koʻngilsiz  xabar uning qulogʻi ostida jaranglaydi.

-Motsart oʻlibdi!- deydi tepakal va xomsemiz notarius oʻz shogirdiga idorasiga kira solib.

-Motsartimiz endi yoʻq!- deydi atir-upa sotuvchi baqqol oʻz mijoziga koʻzlarida yosh bilan hasrat qilib.

-Alvido, Volfi!- deydi bankir bir dasta veksel va obligatsiyalarni seyfga solayotib yuziga qaygʻuli tus berarkan.

Zargar bir hafta oʻrnidan turmaydi.

-Motsart!- deya oladi xolos u oʻz yotogʻiga kim hol-ahvol soʻrab kirsa boshini yostiqdan sal koʻtarib boshini changallagancha.

Kiborlar, imperiya ayonlari, imperator Venaga achinishib, shundoq ham uning ogʻir dardini zoʻraytirmaslik uchun pichirlab gaplashishga tushishadi. Vena esa Motsartning oʻlimidan chalajon ahvolga tushib qoladi. Qaygʻuli koʻz yosh toʻkadi, koʻz yoshlari daryo boʻlib oqadi, ustiga qora kiyib aza ochadi, oʻzini motamsaro qiyofada butun ovroʻpoga namoyon qiladi, oʻrtamiyona bastakor Salyerini bu oʻlimda aybdor deb topadi, koʻngli yarimta boʻlib bastakorni soʻnggi yoʻlga kuzatadi va nihoyat, uni dod solib tuproqqa qoʻyadi…

Oradan kunlar, oylar, yillar oʻtadi. Vena azador qiyofada Motsartning xotirasi bilan uygʻunlikda- shirin xotiralar ogʻushida yashashni odat tutadi. Goh uni hech qachon unutolmasligini his qilib qiynalsa, goh oʻtmishning ana oʻsha shirin xotiralarini koʻz oldida jonlantirib entikadi, yuragidagi muhabbat bilan sugʻorilgan oʻtmishdagi shukuhli kunlar nafasidan bahra olib yashashni yoʻlga qoʻyadi.

Bir kuni yillar taʼsirida yoshi oʻtib qarigan oʻsha xomsemiz va tepakal notarius oʻz idorasiga shoshilib kirib keladi.

-Yangi bastakor paydo boʻlibdi,- deydi u oʻz shogirdiga hayajonlanib.- Bonn shahridan kelibdi. Gʻirt qishloqi! Ismi sharifi Lyudvig Van Betxoven ekan.

-Vena Betxovendan hayratda,- deydi baqqol nozik va ofatijon xonim tanlagan atirni hiringlab qogʻozga oʻrab berayotib.- Kecha konsertida hamma shlyapasini osmonga otdi, uning nomiga qarsaklar tinmadi.

— Oxirgi kunlarda hamma Betxoven haqida gapiryapti,- deydi bankir ostonasiga qarz soʻrab kelgan shoʻrpeshona tijoratchini bir finjon qahva ichishga taklif qilarkan.- Uning isteʼdodi bizni maftun qilishni boshladi.

-Betxoven?- deydi zargar bilaguzukka buyurtma bergan kibor xonimga savolomuz oʻgirilib, peshonasini tirishtirarkan.- Sochlari doim toʻzib yuradigan, anavi asabiy yigitni aytyapsizmi?

Kiborlar, imperiya ayonlari, imperator ham Betxovenning nomini shu tarzda tez-tez tilga olishadi, ularni yosh bastakorning konsertlarida oldingi qatorlarda, tilla uzuklar taqqan jun bosgan qoʻllari qarsak chalaverib shishib ketgancha oʻtirishganini koʻrishadi.

Motsartning oʻlimidan soʻng, qisqa fursat beva qolgan Vena koʻpga bormay oʻz qaygʻusini unutadi hamda xushchaqchaq Motsartdan farqli ravishda tabiatan asabiy, jizzaki va murosasiz boʻlgan Betxovenni qiziqish aralash sirli taʼqib qilishga tushadi. Uning har bitta harakatini sinchkovlik bilan kuzatadi, isteʼdodini orqavarotdan tahlil qiladi, yutuqlarini mushohadaga tutashgan iliqlik bilan qarshi oladi. Bu vaqt oraligʻida uning qalbidagi Motsart oʻlimidan soʻng qolgan chuqur jarohat ham bitishga kirishadi, u avvaliga ikkilanishlar bilan ustidagi motam libosini yechishga taraddud koʻradi, ayriliq yetaklab kelgan oʻz iztiroblariga barham berish yoʻllarini javdirab izlaydi. Betxoven “Qahramonlik simfoniyasi”ni yaratgach uning jarohati butunlay bitadi, ustidagi hali biror yeri sirtilmagan motam libosini u butkul uloqtirib yuboradi va lablarida anchadan beri koʻrinmay qoʻygan shoʻx tabassum jilvalanadi.

-O, Betxoven, dahoyim mening, ofarin senga! Ofarin!!!

Bu simfoniya yaratilgach, Vena Motsartni endi batamom unutadi. U bir paytlar boʻlgani kabi bu safar Betxovenni koʻklarga koʻtarib, olqishlab, ardoqlab, sevib yashaydi. Betxovenning har bir yaratgan asari- u sonata boʻladimi, simfoniyami- uning tomonidan qizgʻin va quvonch bilan kutib olinadi. Yosh va isteʼdodli bastakorning Eliza ismli qizga bagʻishlangan sonatasini u shirali ovozda xirgoyi qiladi, “Fidelio” nomli operasidan koʻz koʻrmagan hayrat unsurlarini tuyadi, simfoniyalarini koʻzlarini yumib masrur va xushhol holatda tinglaydi.

Betxoven Ovroʻpo boʻylab gastrolga ketganida-chi , uni Motsartni kutgandan koʻra kuchliroq sogʻinch bilan kutadi, uni nima qilishini bilmay emaklab yurib, holdan toyib, tamshanib  va talpinib oʻziga chorlaydi , yanayam aqldan ozadi.

“Gazette De France” da uning konsertlariga yozilgan taqrizni yangi taasurotlar bilan oʻqiydi, “ The London Cronicle” da bosilgan uning ijodi xususidagi maqolani qirqib olib, oynali romga joylashtiradi va kamin ustiga qoʻyib, uning qarshisida olisdagi bastakorini erta-yu kech duo qilib oʻtiradi.

Betxoven oʻzining “Beshinchi simfoniyasi”ni yaratganida Vena Motsartning operalari yaratilgan paytida boʻlgani kabi uning qarshisiga bemajol yiqiladi, unga oʻzining erkini topshirgandek boshini xiyol egadi. Motsartga sigʻingandek unga sigʻinishni boshlarkan, bir mahal uni Motsartdan koʻra ham mukammal va benazir bastakor deb baralla ovoza qiladi va unga Motsartga bermagan maqomni beradi- uni Ulugʻ Maestro deb eʼlon qiladi va ortidan shunday chaqiradi. Kiborlar, saroy ayonlari va imperator uni bunday maqom bilan chaqirishni boshlab berishadi. Qolganlar davom ettirishadi.

-Maestro, bizni hayratga solishda davom etyapti,- deydi saksonni qoralab, bir oyogʻi goʻrda boʻlib qolgan notarius Betxovenning navbatdagi konsertidan shirakayf uyiga kelib eshikni ochgan xotiniga.

-Kecha Maestroga tinmay qarsak chaldim,- deydi baqqol doʻkonini oldidan oʻtib ketayotgan har bir yoʻlovchiga.- Qoʻllarim ogʻrib ketdi rosayam.

-Maestro qancha qarz soʻrasa beraver,- deydi bankir oʻz gʻaznachisiga.- U Motsartdan koʻra dilbar shaxs.

Zargar esa shaxsan Betxovenning qarshisiga borib, unga oʻz qoʻllari bilan yasagan, ichiga bastakorning bir tutam soch tolasi joylashtirilgan medalonni tuhfa sifatida topshirarkan, boshini egib oʻz minnatdorchiligini bildiradi.

-Azizim,- deydi unga iltifot koʻrsatib.- Vena hali sizdek bastakorni koʻrmagan!

2020 yil, mart.  Fargʻona-Margʻilon