Yazdır
Üst Kategori: Özbek Edebiyatı
Kategori: Günümüz Özbek Nesri
Gösterim: 396

Yakshanbaning odatiy oqshomlaridan biri. Tanam charchoq bilmaydigan, boshim gʻuvillab ogʻrimaydigan haftaning tanish va yagona kuni. Bu kun men zerikarli ishim haqida oʻylamayman, telefon qoʻngʻiroqlariga javob bermayman. Ertalabdan oʻzim istagan kitobni oʻqiyman yoki koʻnglim tusagan mashgʻulotni qilaman.

Qoʻlimda oʻzbek tiliga oʻgirilib, nashr qilingan Furugʻ Farruxzodning “Qaygʻu guli” nomli kitobi. Uni onam damlab bergan achchiq qahvadan loqayd xoʻplab, xira chiroq yorugʻida, qish boshlangandan beri meni sira tark etmagan teran mahzunlik bilan asta varaqlayman. Asablarim boʻshashgani uchun qoʻllarim ilk marta ularning taranglashishidan qaltiramaydi. Barmoqlarim kitob sahifalarini varaqlashdan koʻra silab siypalagandek tuyuladi.

Bu safargi mutolaa hafta davomida xorigan ruhimga quvvat bagʻishlayotgandek, soʻnggi paytlarda kitob mutolaasida menga odat boʻlib qolgan befarqlik alomatlari ham sahifalarga qadalgan nigohimda sezilmaydi. Qanchadan qancha ulugʻ va xassos shoirlarni dunyoga keltirgan qadimgi Fors oʻlkasining yana bir oʻziga xos va otashqalb shoirining sheʼrlarini shu oqshom tabiatimga singib, tobora kuchayib borayotgan qiziqish quchogʻida, tashqarida ertalabdan astoydil yogʻishda davom etayotgan qorning derazaga urilayotgan mayda uchqunlari tasviriga qarab-qarab birma-bir koʻzdan kechiraman, mutolaa jarayonida kamdan kam hollarda ruhimda roʻy beradigan entikish yuzaga keladi, koʻnglimga oʻtirgan misralarni keyinchalik yod etib turish uchun ildamlik bilan xotiramga muhrlayman.

Goʻyo koʻzgularning nigohlarida

Harakatlar, ranglar, tasvirlar bari

Teskari koʻrinar edi

Va haqir

Masxarabozlarning boshi ustida

Va fohishalarning beor yuzida

Yonardi oʻt ketgan soyabon yangligʻ

Muqaddas, nuroniy oyning qoʻrgʻoni

Orada kitobning silliq muqovasidagi Furugʻning abadiy yoshlik va nozik hissiyot ufurib turgan, sokinlik va orzumandlikka yoʻgʻrilgan, ruhiyatidagi sitamgar bezovtalik xususida soʻzlaydigan suratiga ham qiziqish, ham achinish bilan qarayman. Qiziqishimni  har qanday zamon ayollarida ayrim hollardagina uchraydigan uning favqulodda hadsiz latofatiga maftun boʻlganim bilan izohlash toʻgʻri deb hisoblansa, achinishimni uni bor yoʻgʻi oʻttiz ikki yil umr koʻrgani bilan ifodalash mumkindek tuyuladi.

Gohida shu oʻy-xayollarim orasida yuragimni zirqiratgan uning mazkur surati ham xuddi sheʼr oʻqishga chogʻlangandek boʻladi. Shoshilib, hayajonlanib yoki jilmayib emas, sokinlikda va bir nuqtaga tikilgan hurkish-u hayiqishdan yiroq boʻlgan, picha maʼyus koʻzlaridagi yashashga boʻlgan mayl-u ishtiyoqni koʻz-koʻz qilgandek…

Deraza ortida qor yogʻadi jim,

Deraza ortida qor yogʻadi jim.

Qalbim jimligiga kimningdir qoʻli

Gʻussa urugʻini ekar betinim…

Turib-turib negadir bu ayolni oʻttiz ikki yil umr koʻrganiga ishongim kelmaydi, aniqrogʻi sheʼrlarini oʻqigach ishonolmayman. Oʻylashimcha, sheʼrlarini oʻqigan har qanday odam bunga ilk dafʼa ishonmaydi. Chunki, uning sheʼrlarida falsafa kuchli, mushohada kuchli… Hissiyot va badiiyatni aytmasa ham boʻladi. Bunday sheʼrlarni shoir zoti xuddi qirqdan keyin- kamolotga toʻlgach yozishi mumkindek…Ular juda goʻzal va mukammal.

Uni bir marta oʻqib chiqqan odam shunday oʻylashi aniq: “Ey rabbim, u yana ozgina yashasaydi,  yana ozgina sheʼr yozsaydi… yana ozginaaa… Laʼnati qismat, laʼnati qismat!” Bu soʻzlarni u aniq takrorlaydi, bunga ishonchim komil. Men takrorladim-ku! Boshqalar ham mendan ortib qayerga borishardi…

Men ayni paytda oʻttiz besh yoshdaman. Oʻylab koʻrsam hayotda hali hech nima qilganim yoʻq. Ijodda ham. Adashmasam, Laroshfuko oʻz iqtiboslarida- ijodkor yaratgan tomonidan oʻlchab berilgan asarlarini yozib boʻlgachgina olamdan oʻtadi, degandi. Demak, Furugʻ oʻttiz ikki yoshida xamma asarlarini, oʻzini foniy dunyo va uning ajralmas qismi boʻlgan odam bolalariga aytadigan soʻzlarining barchasini aytib boʻlgan. Nahot, rostdan shunday boʻlgan boʻlsa? Namuncha tez, Yaratgan egam!

Pushaymon emasman,

Ey mahbubim, men

Va yana boshqa bir mendanki, har gal

Sen uni sovuq tun koʻchalaridan

Oshiq nigohlaring bilan toparsan,

U bilan soʻylashgin

Va meni yod et,

Uning oʻshal gʻamgin boʻsasi aro

Koʻz ostingning mushfiq chiziqlarida…

Furugʻni koʻz oldimga keltirib, u haqda mana shu mislsiz osoyishta oqshomda tinimsiz oʻy surarkanman, uning latofatli tashqi koʻrinishiga qancha maftun boʻlmay yoki shirali va falsafaga moʻl poeziyasidan qanchalik hayratlanmay, kitobning xotima qismidagi uning otasiga yozgan maktubi bir payt diqqat-eʼtiborimni koʻproq tortadi.

Bunga sabab: bu mavzu oʻsmirligimdan beri ongu-shuurimni ruhiy qiynoqlarga solib, keti uzilmaydigan savollarni uning qarshisiga koʻndalang qoʻyib, meni ancha andarmon qilgani boʻlsa kerak. Turgenevning mashhur “Otalar va bolalar” romanini oʻqiganimni bunga daxli yoʻq, uni  sabab qilib koʻrsatishga shay turganlar-hecham shoshilmang. Aslo, bu sabab emas. Bu mavzuga oʻsha asarni  oʻqishimdan koʻp yillar oldin  duch kelganman.

Oʻsha paytlari nima uchun ota va bola oʻrtasida koʻpincha dunyoqarashda ham, fikrlash tarzida ham katta tafovut boʻlishini gohida tushunmas, gohida buning tagiga  yetish uchun soatlab oxiri yoʻq mulohazalarga berilardim.

Menda oʻz paytida otam bilan munosabatlarimda muammolar boʻlgan, amakimning oʻgʻlida ham, koʻchamizdagi Furugʻga oʻxshab sheʼr yozadigan Gulnoza ismli qizda ham, sinfdoshlarimning aksariyatida ham…Umuman olganda men bilgan va taniganlarning hammasida bu borada kichkina va arzimas boʻlsa-da, muammolar boʻlgan: kimningdir otasi u oʻzi istagan insonlar bilan doʻstlashishini istamagan, kimnikidir oʻzi sevgan kasbni tanlashida  unga qarshilik qilgan, yana kimdir koʻnglidagi tuygʻulariga peshvoz chiqishda va oʻzi istagan inson bilan hayotini bogʻlashida otasidan pand yegan.

Kitobni oʻqish jarayonida Furugʻni qanday tasavvur qildim, aytaymi? Uni ayni paytdagi koʻzlaridan boshqa yeri koʻrinmaydigan, boshdan oyoq ommaviy yopingan Fors ayollariga xos boʻlmagan — egniga yopishib turgan, anorrang yoki binafsharang koʻylakda, sochlarini chiroyli turmaklagan holatda, yozuv stoli qarshisida sheʼr yozgandan koʻra ham koʻproq otasiga maktub bitayotgan tarzda tasavvur qildim. Bu tasavvurim zoʻrma zoʻraki emas, uni roʻparamda gavdalantirishni istagan chogʻim ixtiyorimga ters ravishda xayolotimda shunday tasavvur yaraldi.

Shu yoʻsinda uni ayollarning koʻp vaqt oʻtkazadigan joyi boʻlmish oshxonadami, poʻrim kiyingan holda mehmonxonadami, dam olib hordiq chiqarish uchun moʻljallangan yotoqhonadami, zaruriy yumush bilan koʻchada taksining orqa oʻrindigʻida ketayotganidami — qay holatda tasavvur qilmay, uni faqat otasiga maktub bitayotgani koʻz oldimda gavdalanaverdi.

“Maktub yozib siz bilan dardlashishni istayman, biroq niyat qilganim zahoti oʻz-oʻzimdan, nimani yozay, oramizda paydo boʻlgan boʻshliqni nima bilan yopa olaman, deb soʻray boshlayman… Sizga butun hayotim haqda, tuygʻularim, iztirob-u baxtsizligim haqda yozgim keladi, biroq yoza olmas edim, hozir ham shunday kayfiyatdaman. Biz turli davr va jamiyat odamlarimiz. Oʻy-xayollarimiz turfa. Shunday ekan oramizda qanday uygʻunlik yarata olamiz?”

U maktub yozayotganida koʻz oldimda namoyon boʻlgan cheksiz va fantaziyaga boy xayolotim yordamida sahnalashtirilgan manzara jarayon davomida oʻzgaradi. Idish-tovoqlar, qoshiq va sanchqilar, muzlatgich va gaz plitalaridan iborat boʻlgan oshxonani bildiruvchi sahnaning oʻrnini goʻyoki endi toʻq qizil pianino, yongʻoq daraxtidan tayyorlangan jigarrang stol va qirralari burama shaklda oʻyilib ishlangan stullar, derazalariga gulli harir pardalar tutilgan, oyoq ostiga yaralish tarixi minglab yillar va soʻnmas anʼanalarga borib taqaladigan Xurosonning afsonaviy gilamlari toʻshalgan, devorlariga sharq anʼanalarini oʻzida ravon aks ettiruvchi miniatyuralar osilgan mehmonxona egallaydi.

Furugʻ qaddini tik tutib stulda oʻtirgancha, nozik oyoqlarini gilam ustida chalishtirgancha, yoshiga nomunosib boʻlgan haddan tashqari oʻychan va jiddiy qiyofasini devordagi oynali romlarga solingan miniatyuralardan goh uzib, goh uzmay maktub yozishda — peroli ruchkada oq qogʻozni toʻldirishda davom etadi.

“Mening eng katta dardim-sizning meni tanimasligingizdir. Siz… hech qachon meni bilishni istamasdingiz.Ehtimol hozir ham meni ishqiy romanlar mutolaasiga mukkasidan ketgan, Tehron Musavvir jurnalida chop etiladigan hikoyalar taʼsirida miyasi aynigan ayol deb oʻylaysiz. Koshki shunday boʻlsa… baxtli boʻlolsam.”

Maktub uchun tanlangan qogʻoz asta toʻla boshlaydi. U yarmiga yetganida Furugʻni endi yotoqxonada — chiroyli, lekin qoqsuyak yelkalarini ochib turgan yalt etib tovlanib koʻzni qamashtiradigan tungi koʻylakda, xipcha belini divandagi qizil baxmal yostiqqa salgina tirab yonboshlagancha, koʻzini orada oʻzi yozayotgan maktubdan uzgancha goh devordagi bong uradigan soatga tikib, goh deraza oynasidan tun choʻkishga ulgurgan koʻchaga nazar solib eri Parviz Shopurdan  darak kutgan holatda koʻraman. U otasiga yozishda davom etadi.

“Men uyda falsafaga oid kitoblar oʻqiganimda, adabiyot fakultetining falsafa oʻqituvchisi bilan Sharq falsafasi haqida gaplashganimda siz meni aqlini yoʻqotgan qiz deb oʻylagansiz, safsata toʻla jurnallar meni yoʻldan ozdirishidan choʻchigansiz. Oʻsha paytlar juda ezilardim, oʻz uyimda bu qadar begona ekanligimdan koʻzlarim yoshga toʻlar, hech kim bilan muomala qilmaslikka harakat qilardim”.

U hatto koʻchaga biror yumush bilan chiqib, taksining orqa oʻrindigʻida ketayotganida ham boshini  otasiga yozayotgan maktubidan koʻtarmayotgandek tuyulaveradi. Qoʻlida bu safar peroli ruchka va oq qogʻoz koʻrinmasa-da, nazarimda maktub uning xayolida yozilayotandek, u boshini egganicha yoʻl boʻyi Tehronni his qilmay ketadi.

“Oʻz mehri bilan bizga yoʻl koʻrsatuvchi Siz edingiz. Biroq, siz qattiqqoʻlingiz bilan bizni qoʻrqitardingiz, xolos. Bu esa nozik yelkalarimiz bilan hayotning katta muammolarini yechishimizga, koʻp adashishimizga, sabab boʻlar, xatarga yoʻl ochardi. Ora-orada bizga maslahatlar berardingiz, faqat bu paytda biz boshqa ish bilan band paytlarga toʻgʻri kelardi. Biz hozir shuni qabul qila olamizmi, qiziqishlarimizga mosmi yoki yoʻq-bu siz uchun ahamiyatli emasdi.

Jahon adabiyotida oʻz otasi bilan munosabatlari haqida koʻpchilik yozgan. Lermontov, Dostoyevskiy, Kafka, Tomas Mann… har birining yozganlari yurakni batamom ezadi. Ularning taʼsirida ezilgan yuragimga adabiyot Furugʻning ham iztiroblarini qadahda mayni tutgandek toʻldirib tutarkan, oʻzimni “boʻldi, yetar” deb dod solishga ogʻiz juftlaydigandek sezaman…

Ayol iztiroblariga sira bardosh berolmayman. Azaldan shunday boʻlgan.  Bugun ham aynan shunday boʻlayotgandek. Furugʻning iztiroblariga oʻzimda bardosh topishning ilojisi yoʻqdek… Sal oʻtib  Gerbert Uellsning Vaqt mashinasi boʻlsa-yu, unda oʻtgan asrning oltmishinchi yillariga qaytsam, deb xayol qilaman. Tentaklik bu, shundaymi? Vaqt mashinasi – absurd narsa, Uells shunchaki bir xayolparast boʻlgan.

Lekin, shu tobda uning asaridagi oʻsha mashina qarshimda gavdalangandek boʻladi. Koʻrinishi ajabtovur: toʻrt tomoni  qalin oyna bilan oʻralgan, atrofi turli tuman elektr simlari bilan chirmab tashlangan,  ichki qismiga son-sanoqsiz tugmalar oʻrnatilgan, oʻrtasida elektr stulni eslatuvchi kursi…

Hech kancha oʻtmay u orqali oʻtgan asrning elliginchi yillari oxiri va oltmishinchi yillari boshlaridagi Tehronga sayohat qilaman. Oʻzimni shaharning pastak uylardan iborat, oyoq ostiga tosh yotqizilgan, chetlariga novcha simyogʻochlar oʻrnatilgan jin koʻchalaridan birida koʻraman. Soʻrab-surishtirib Parviz Shopurning xonadonini topaman. Uyga yaqin kelib, derazadan qaraganimda Furugʻ stolda boshini egganicha oʻtiradi. Meni payqab, u deraza oldiga keladi.

-Kimsiz?- deydi derazani lang ochib.

-Meni tanimaysiz,- deyman unga boshimni chayqab (qizigʻi, unga oʻxshab forscha gapira boshlayman oʻzimdan oʻzim).

-Hozir erim kelib qoladi. Sizni bu yerda koʻrsa u notoʻgʻri tushunadi.

-Yana otangga maktub yozyapsanmi?- davom etaman  deraza oldidan uzoqlashishni xayolimga ham keltirmay va bu gal uni sensirab.

-Siz buni qayerdan bilasiz?- deydi u hayron boʻlib.

Shunda koʻzimni oldida boshqa manzara paydo boʻladi. Oʻzimni koʻhna Rimga kelib qolgandek sezaman. Mikelanjeloning vataniga… Gladiatorlar yurtiga… Afsonaviy gʻozlarning qoni toʻkilgan makonga… Karshimdagi ulkan, xarobalardan iborat tarixiy obida Kolizey boʻlsa kerak. Aynan uning oʻzi (suratini koʻrganman). Uning atrofida odamlar bisyor, hamma uni koʻrishga va ichini bir bor tomosha qilishga urinadi, shovqin -suron avjiga chiqqan, hayrat toʻla nigohlar unga qadalgan, turli tillardagi — italyancha, inglizcha, fransuzcha, ispancha soʻzlar tinmay uning nurashni boshlagan devorlarida aks sado beradi…

-Yana sizmi?- deydi u yerdagi tosh ustiga oʻtirib maktub yozayotgan Furugʻ roʻparasida meni koʻrgach.

Men uning sutrang kostyumiga, tizzasini ochib turgan qora yubkasiga suqlanib qarayman. Sochlarining noodatiy turmagidan va bugʻdoyrang, istarali yuzidan koʻzlarimni uzolmayman.

-Nega otangga maktub yozaverasan?- soʻrayman undan.

Furugʻ oʻrnidan turadi. Oldimga yaqinlashadi.

-Buncha surbetsiz,- deydi keyin jilmayib.

-Otangga yozgan maktubingni oʻqiganman,- deyman unga javoban koʻzimni devor tirqishidan koʻrinib turgan Kolizey ichkarisiga tikib. — Sheʼrlaringni ham. Menga sheʼr oʻqib bergin. Masalan, “Uni maʼzur tuting” deb boshlanadigan sheʼring bor-ku, oʻshani.

U bu safar yosh boladek qiqir-qiqir kuladi.

-Boshqa safar.

U bilan Kolizeyni aylanaman. Unga mazkur obidaning tarixini soʻzlab beraman. U jim eshitadi. Orada koʻzlari yoshlanib, negadir yigʻlaydi. Tinchlangach undan yana sheʼr oʻqib berishini soʻraganimda boshini chayqab,  doimgidek shirali ovozda  “boshqa safar” deydi. Otasi haqida eslatganimda esa maʼyulashib qoladi va kostyumining choʻntagidagi maktubni toʻxtovsiz ezgʻilay boshlaydi.

Bu manzaraga endi koʻnikkanimda oʻzimni Myunxenda koʻraman. Janub kishisi chidashi mushkul boʻlgan Germaniyaning izgʻirinli qishi etimni savalaydi, yuzimni lavlagidek qizartiradi, dimogʻimga shimol taftining muzdek nafasini olib keladi. Maydalab yogʻayotgan qor ostida shaharning baland binolardan iborat keng koʻchalarini, boʻyogʻi koʻchib ketgan tramvaylarini va turqi sovuq odamlarini yoqalab ketaman. Shahar chetidagi arzon kvartallaridan biriga bosh suqib, u yerdagi devorlariga koʻmir va boʻr yordamida nemischa jargon soʻzlar bitilgan hovliga kiraman. Hovlining kiraverishiga “xonalar ijaraga beriladi” deb yozib qoʻyilgan boʻladi. Ichkarilashim bilan hovlining oʻrtasida — atrofida tovuqlar toʻdalashib yurgan irkit quduqdan suv olayotgan Furugʻga koʻzim tushadi.

-Meni shu yerdan ham topdingizmi?- deydi u qoʻlidagi chelakni yerga qoʻyib, menga qiziqsinib qararkan.

-Sheʼr oʻqib ber,- deyman unga yaqin kelib.

-Boshqa safar,- deydi u yana.

U chelakni koʻtarib xonasiga kirib ketadi. Ortidan kiraman.

-Otamga maktub yozayotgandim,- deydi u ortidan kirganimni koʻrgach stol ustidagi maktubga ishora qilib.- Undan kechirim soʻrab, uni nima boʻlgan taqdirdayam yaxshi koʻrishimni aytib va nihoyat ozgina pul yuborishini iltimos qilib… yozayotgandim.

Hali siyohi qurimagan maktubni qoʻlimga olaman va uni quritish uchun qattiq  puflayman. Bir marta, ikki marta, uch marta. Orada unga koʻz tashlayman.

“Bugun nima uchun bu yerdaman? Ochlik, sargardonlik, ming bir iztirobga yuzma-yuz yashayapman. Aslida men uyni yaxshi koʻrardim . Ertadan kechgacha koʻchama koʻcha daydish, yoʻlimdan chiqqan turli mish-mishlarga bosh egishni istamasdim. Uyda begonaligimni sezganim uchun, oʻzimni ocha olmaganim uchun, xotirjamlik topa olmaganim uchun bu yerga keldim. Ozodman, menga berishga qoʻrqqaningiz mana shu ozodlik edi… Endi  hech kimning nafrat va tahqir toʻla nigohlari menga qadalmaydi. Endi hech kim uni qilma, buni qilma demaydi. Endi hech kim menga yosh bolaga qaraganday qaramaydi.”

-Hozir ukam Kamron keladi,- deydi u  koʻp oʻtmay qoʻlimdan maktubni olib, ikki buklab kamzulining choʻntagiga solarkan.- Iltimos, keting. Sizni bu yerda koʻrsa  u achchiq qiladi. Erim bilan ajrashganimdan soʻng oʻzi shundoq ham koʻp gap-soʻzga qolyapman.

Quduqni ortda qoldirib, hovlidan tashqariga chiqqanimda, Myunxenning odamni bezitadigan sovuq manzarasi oʻrnini bir mahal Tehrondagi markaziy qabristonlardan biri egallaydi. Uning ingichka yoʻlagi boʻylab, qabrlarni oralatib yelkasiga tobut koʻtargancha ketayotgan odamlarning xomush koʻrinishi, shashqator koʻz yoshlari va hasratlari zarbi yuragimni ezadi.

-Bu kimning mayiti,- deyman ulardan yoʻl-yoʻlakay.

-Furugʻ Farruhzodniki,- deyishadi ular va tobutni bir onga yerga qoʻyishadi.

Men unga yaqinlashaman. Bizdagi dagʻal matodan farqli ravishda silliq va yupqaroq mato bilan  oʻralgan kafan ortidan Furugʻning manguga yumilgan  chiroyli koʻzlarini koʻraman. Qimtinib turgan lablari esa goʻyo vaʼdasining ustidan chiqmoq uchun pichirlagandek boʻladi.

Va bu menman-

Yolgʻiz turgan bir ayol

Bir sovuq faslning ostonasida

Bulgʻoq yer mazmunin anglash boshida

Va joʻn, qaygʻuli koʻk tushkunligin

Va tosh qotgan qoʻllar notavonligin.

Odamlar qaytadan tobutni yelkalariga olishadi. Uning boshida mulzam ketayotgan kishini tanigandek boʻlaman. Bu oʻsha- Furugʻning davomiy iztiroblari sababchisi, uni chegarasiz qaygʻu girdobida qoldirgan,  hech bir jabxada tushunmagan, oʻz mehrini qizgʻongan otasi…

…Yakshanba oqshomi yakun tomon odimlayapti. Hademay gʻira-shira tong otadi, qishda ham tinim bilmaydigan qoʻshnining ahmoq xoʻrozi baland paxsa devor ustida qichqiradi, muazzin masjid ravoniga chiqib bomdodga azon chaqiradi.

Kreslodan qoʻzgʻalib Furugʻning kitobini javonga — boshqa kitoblar orasiga  qoʻyaman. Javonda kitoblar koʻp. Furugʻning kitobi ham ularning orasidan joy oladi. Undan uzoqlashishga urinarkanman, oyoqlarim oʻziga boʻysunmay turaveradi. Muqovadagi uning surati meni oʻziga chorlayveradi.

-Senga sheʼr oʻqib bermaganim uchun kechir,- deydi u menga maʼyus boqib va ilk marta meni sensirab. — Men aybdorman… chunki bir umr otamga maktub yozishdan boʻshamadim.

2020 yil, fevral.  Toshkent-Boʻstonliq

*Esseda Odil Ikrom tarjimasidagi sheʼrlardan va Bashorat Yunusovaning tarjimasidagi maktublardan foydalanildi.   

  Sherzod ORTIQOV