Badiiy kitoblar boʻlimi institut kutubxonasining yertoʻlasida joylashgandi. Talabalar uchun  u yerga kirishga faqat tushlikdan soʻng ruxsat etilar, boʻlimni keksa rus ayoli Lida xola yurgizar, u kirgan talabaga koʻpincha bosh ogʻrigʻidan shikoyat qilardi. Men u yerga koʻp kirardim, boʻlimning doimiy aʼzosi edim desam ham mubolagʻa boʻlmaydi.

 Bir kuni rus adabiyotining “kumush” davrida ( yigirmanchi asr boshlarida) ijod qilgan shoirlardan Vladislav Xodasevich va Konstantin Balmontning kitoblarini olganimni koʻrib, Lida xola nega Marina Svetayevaning kitoblarini oʻqish uchun olmasligim bilan qiziqdi. Unga sababini aytgandim:

-Ijodkorning shaxsini emas, ijodini birinchi oʻringa qoʻyish kerak,- dedi eʼtiroz bildirib.

-Men buning aksini tarafdoriman,-dedim unga sirayam boʻsh kelmay.

-Bolam, sen nohaqsan,-dedi u ogʻriqdan peshonasini tirishtirib va ikkala qoʻli bilan boshini mahkam changallab oldi.

Oʻshanda katta yoshli inson bilan bahslashishni oʻzimga ep koʻrmay, unga tushunarli deb boshimni irgʻab qoʻygan boʻlsam-da, oʻz fikrimda qolgan, institutni tamomlagunimgacha — matbuotda oʻzbekchada koʻrinish bergan baʼzi sheʼrlarini hisobga olmasa — Marina Svetayevani aslo oʻqimagandim.

Keyinchalik Lida xola olamdan oʻtdi. Men institutni tamomlab, qalbim va qiziqishlarimga yot boʻlgan dargohda, zerikarli va fikrlash nima bilmaydigan odamlar orasida oʻz mehnat faoliyatimni boshladim. Bu yillar davomida koʻp narsa, koʻp odamlar, eng asosiysi zamon oʻzgardi. Ammo, oʻsha fikrim oʻzgarmadi. Buning natijasi oʻlaroq,  oʻttizga kirgunimgacha nafaqat Svetayevani, balki Britaniya armiyasi safida xizmat qilib Hindistondagi mustamlakachilik va xunrezlik ishlarida qatnashgan Kiplingni, bir-biri bilan er-xotin boʻlib yashagan xotinchalish shoirlar Artyur Rembo va Pol Verlenni, erkaklarni paypoqdek almashtirgan ishratparast  Jorj Sandni umuman oʻqimadim. Chor Rossiyasini Turkistonni bosib olishga chorlagan Dostoyevskiy va Gitler boshchiligidagi fashistlar salafi boʻlgan Knut Hamsunni oʻqiganim uchun ming marta afsuslandim. Tabiatida pedofillik xislati ustun boʻlgan Marsel Prustning kitobini asabim buzilib yarmida tashlab qoʻydim…

Vaqt oʻtib menda ancha gʻalati, aniqrogʻi birov ishonishi qiyin boʻlgan shunday odat paydo boʻldiki, biror bir ijodkorni oʻqimoqchi boʻlsam, birinchi navbatda uning tarjimai holi bilan tanishib chiqar, kechirgan hayotidan qoniqish hosil qilsamgina ijodiga bosh suqib eʼtibor qaratar, yozgan narsalarini fursat ajratib va xafsala qilib oʻqib chiqardim. Buning aksi boʻlsa, uning ijodi eʼtiborimdan mutlaqo chetda qolib, uni yuzaki bilganimcha qolaverardim.

Shu-shu bu odatim natijasida, jahon adabiyotida yuqori oʻrin tutgan oʻnlab daho, taniqli yoki mumtoz adib maqomiga erishgan ijodkorlarning ijod namunalari bilan boshqalardek chuqur tanishib chiqmadim. Qoʻshimchasiga qaysar tafakkurimda oʻz-oʻzidan qandaydir gʻayritabiiy qoida joriy etildi. Unga koʻra ijodkorlardagi qusurlarni oʻziga xos ahloq meʼyorlariga ajratib chiqdim. Turli-tuman qusurlarga toʻla hayot kechirgan ijodkorlarni xuddi tarozidek shu meʼyorlarga solib koʻrar, soʻng ulardan faqat tafakkurim oʻylab topgan shu ahloq meʼyorlariga javob beradiganlarini oʻqirdim. Masalan, ijodkor hayotda piyonista boʻlgan boʻlsa, uning asarlarini jahl bilan boʻlsa-da, oʻqirdim. Bu tafakkurimda unchalik ahloqsizlik boʻlib tuyulmasdi. U salgina yengiltak va havoyi boʻlgan boʻlsa ham bu borada meʼyoridan oshmagan boʻlsa, uni  shu ruhda oʻqiyverardim. Ota-onasini tashlab ketgan, sudxoʻrlik qilgan, dahriy boʻlganlarni ham oʻqirdim. Bular garchi dunyoqarashimga zid xislatlar boʻlsa-da, tafakkurimdagi yoʻl qoʻyilgan ahloq meʼyorlariga toʻla-toʻkis boʻlmasa-da, javob berardi.

 Lekin, shunday qusurlar boʻlardiki, ularni ijodkorning tarjimai holida uchratsam undan irganishni boshlardim va kitobini qaytib qoʻlimga ushlamasdim. Yuqorida men sanab oʻtgan ijodkorlar va Marina Svetayevaning kechirgan hayotidagi ayrim qusurli vaziyatlar tafakkurimdagi ahloq meʼyorlarining hech bir darajasiga mos tushmasdi. 

Talabalik yillarim Svetayevani oʻqimaganman deya olmayman. Tepada aytganimdek, matbuot orqali uning ramzlarga asoslangan poeziyasi bilan qisman tanishganman, shunchaki tarjimai holini oʻqigach undan koʻnglim sovugandi. Shaxsdan koʻnglim sovusa, yoshligimga borib avtomatik ravishda uning ijodidan ham koʻnglim sovur, buning sababini oʻsha kezlari birorta odamga hozirgidek anik-tiniq qilib tushuntirib berolmasdim. Kutubxonachi ayol bilan esse boshida tilga olingan suhbatimiz aynan shu koʻnglim sovugan kezlarda boʻlib oʻtgan va ijodkorning shaxsi bilan ijodi shu tarzda men uchun oddiy mavzudan dolzarb mavzuga aylangandi.

Kechagidek esimda. Men oʻqigan Svetayevaning tarjimai holi kichkinagina kitobcha edi. U hatto Marinaning singlisi boʻlgan Anastasiya Svetayevaning “Xotiralar” nomli kitobidan ham hajman kichik edi. Kitobni oʻqiganimda hammasi yaxshi boshlangandi: Svetayevaning bolaligi, ilk sheʼriy mashqlari, matbuotda chiqa boshlagani, Efronga turmushga chiqishi, rus adabiy muhitida koʻrinish berishi va… Sofya Parnok ismli ayol bilan tanishishi. Kitob shu yerga yetganida oʻsha ayolning suratiga koʻzim tushgandi. U koʻrinishidan shaxdi baland, erkak sifat, maʼsuliyatsiz va betgachopar bir ayol edi. Bunday toifadagi ayollar oʻzlari haqida yuksak fikrda boʻlib, rosa oʻzlariga bino qoʻygan va kulguli tarzda magʻrur boʻlishadi. Ichki sezgimga koʻra Parnokning feʼl-atvorida aynan shu xislatlar mujassam boʻlib, u koʻngilchan boʻlgan Svetayevaning butunlay teskarisi edi.

 Satrlarga koʻz yugurtirarkanman, bir lahzada koʻnglim aynib behuzur boʻla boshlagani ham esimda. Ikkita ayolning bir-biriga sevgisi, bir-birini ardoqlashi, bitta yotoqxonada birgalikda, er-xotindek yotib-turishi… Ommaviy madaniyat sabab buni nimaligini hozir koʻpchilik tushunadi va ortiqcha hayron boʻlmaydi. Biroq, oʻshanda meni ogʻzim lang ochilib qolgan, shu holatda taxminan oʻn daqiqa kitobni ushlaganimcha qotib turgandim. 

Svetayeva oʻz kundaliklarida Parnok haqida yozarkan, ayol kishi uchun faqat erkak kishini sevish judayam zerikarli, deydi. Fursat oʻtib, eridan ketadi-da, u bilan bitta uyda yashay boshlaydi, adabiy kechalarda odamlarning gap-soʻzlariga parvo qilmay, u bilan jazmanlardek quchoqlashib oʻtiradi, bitta sigarani u bilan boʻlishib chekadi, unga bagʻishlangan sheʼrlar yozadi. Shu sheʼrlarni u “Dugona” nomli toʻplamga birlashtiradi. Oʻn yettita sheʼrdan tarkib topgan bu toʻplam bilan tanishib chiqqan istalgan odam Sofya Parnok Svetayevaning dugonasidan koʻra yaqinroq kishisi boʻlganini bir lahzada tushunadi.

Ochigʻi, oʻshanda ham, keyin ham biror bir ijodkorning shaxsiyatidan Svetayevaning tarjimai holini oʻqiganimda boʻlganchalik hech qachon kuchli hazar qilmaganman. Uning hayotidagi mazkur qusuri nazarimda mening (balki bir tiyinga qimmat) ahloq meʼyorlarimdan ortib ketgan va shu boʻyi oʻzimni qanchalik uning ijodiga eʼtibor qaratishga chaqirmay, baribir shaxsiyati birinchi oʻringa koʻtarilib chiqavergandi. Nazarimda, aynan Svetayevadan boshlab boshqa ijodkorlarning ham shaxsiyatiga qatʼiy tarzda birlamchi unsur sifatida qarashni yoʻlga qoʻyganman.

Oʻtgan yillar davomida meni qiynagan bu mavzu haqida yaqinda tagʻin xayol surib qoldim. Zerikarli ishimdan charchab kelib oʻz xonamda oʻtirarkanman, bu fikrim tajribasizlik natijasida yuzaga kelmaganmikin, deb oʻyga toldim. Talabalik payti insonda shijoat tajribadan ustun boʻladi — buni koʻpchilik biladi. Men ham shuni nazarda tutgan holda ijodkor shaxsiyati va ijodidan qay birini birinchi oʻringa qoʻyish borasidagi shaxsiy munosabatimni qayta koʻrib chiqishga tayyor edim. Har holda endi oʻspirin talaba yoki endigina jamiyatda mehnat faoliyatini boshlagan xizmatchi emas, ozmi koʻpmi hayotiy tajriba toʻplagan inson edim. Qolaversa, oʻzim bilgan, lekin shuncha paytdan beri ahloq meʼyorlarim sabab qaysarlik qilib oʻqimagan, koʻzga koʻringan ijodkorlarning qusurlarga toʻla shaxsiyatiga ruhiyatimda kuchli immunitet hosil qilishni, shu baquvvat immun tizimi orqali ulardan jirkanmay, ijodlari bilan tanishib chiqishni niyat qildim. Bu yoʻlda birinchi navbatda eʼtiborimni yana Marina Svetayeva tortdi.

Bu safar oʻz uslubimni oʻzgartirdim. Svetayevaning tarjimai holini qaytadan oʻqib chiqmay, aksincha uning poeziyasini dastlab toʻliq oʻqib chiqishni maqsad qildim. Borib shahar kutubxonasidan uning ikki jildlik asarlari toʻplamini oldim. Uni asliyatda oʻqigim keldi, tarjimalardan koʻnglim toʻlmadi. Chunki, tarjimalar toʻliq emas, bizning adabiyotda uni uch-toʻrtta havaskor tarjimon yengil-yelpi va sifatsiz tarjima qilgandi, xolos.

Svetayevani oʻqirkanman, uning ramzlar orqali oʻz kechinmalari va his-tuygʻularini ifodalashi menga manzur boʻldi, deya olmayman. Bunday poeziya toʻlaligicha taʼbimga zid edi. Lekin, gap bunda emas. Uning poeziyasi bilan tanishishda davom etarkanman, kulminatsiya yana uning “Dugona” toʻplamidagi oʻn yettita sheʼri boʻldi. Shu joyga kelganimda yillar charxlab, silliqlagan asabim yana dosh bermadi, bosh chayqagancha kitobni shartta yopib qoʻydim-da,  oʻrnimdan turib deraza oldiga keldim. Deraza oynalari maydalab yogʻayotgan qor uchqunlaridan xira koʻrinishga kelgan, tashqarida momiq qor gilam kabi yerga toʻshalayotgandi. Tabiatning bu manzarasiga qarab bir oz chalgʻish mumkin edi. Baxtga qarshi men chalgʻiy olmadim. Yozuv stolimga qaytib bordim-da, jin ursin shu Svetayevani deb uning tarjimai holini varaqlashga tushdim. Talabalik paytimdagi kabi bittagina muallifning kitobini emas, bu gal Svetayevaning koʻzga koʻringan biograflari boʻlgan Lidiya Anuskovich, Mariya Razumovskaya, Veronika Losskaya, Anri Truayyalarning unga bagʻishlangan  kitoblarining elektron variantlarini topib, koʻz nurimni ketkazib ularning bu mavzuga daxldor sahifalarini koʻzdan kechirib chiqdim. Bu mualliflarning barchasida Svetayeva va Parnok munosabatlari batafsil yoritilgan, ularning taʼkidlashicha ham bu bemaʼni munosabat ikkita ayolning odatiy doʻstligidan ancha yiroq, gʻaritabiiy ishqqa asoslangan edi. 

-Nima uchun men qandaydir jinsiy oriyentatsiyasi nomaʼlum ayolning ijodini oʻrganishim kerak?- dedim shunda battar asabiylashib.

Yoshim oʻtgach, oʻtgan yillar taʼsirida men ogʻir va vazmin insonga aylangandim, shunga qisqa vaqt ichida ikki marta asabiylashishim boshida oʻzimga gʻalati tuyuldi. Ammo, lahza oʻtmay uchinchi marta asabiylashdim. Deraza tomonga yana bir qur koʻz yugurtirgandim, koʻz oldimda yigirmanchi asr boshlaridagi Peterburg savlat toʻkib gavdalandi. Uning qorga burkangan tosh yotqizilgan koʻchalari va Ovroʻpo meʼmorchiligining gultoji boʻlgan barokko uslubidagi binolari birma-bir qad rostlab, atrofda karetalarda va piyoda ketayotgan odamlar koʻrindi. Toʻsatdan egniga poʻstin, boshiga qunduz terisidan tikilgan ayollar telpagi kiygan ikkita ayol koʻchaning oʻrtasida paydo boʻldi. Ular bir-birini quchoqlab olgan, ikkisi bitta sigarani sheʼr oʻqigancha navbat bilan chekishar, biri ikkinchisidan qolishmaydigan tarzda shirakayf edi. Ular shaharning koʻzga koʻringan mehmonxonalaridan biriga ustilaridagi qor uchqunlarini qoqib-qoqib kirib ketishdi.

Shunda koʻz oldimda shahar oʻrniga ular kirib ketgan mehmonxonaning  shinamgina yotoqxonasi gavdalandi. Uning derazalariga toʻq qizil rangdagi parda osilgan, oʻrtasidagi naqshinkor divan ustiga suv parilari rasmi tushirilgan sutrang choyshab toʻshalgan, uning bir burchidagi jigarrang javon bilan yotoqxona eshigi rang borasida oʻziga xos mutanosiblik hosil qilgandi.

Bir payt xonaga boyagi ayollar kirib kelishdi: ikkisi koʻchada boʻlgani kabi yonma-yon, bir birining pinjiga kirgancha, lablarida sigaret, shirakayf, sheʼr oʻqigan koʻyi… Xonaga kirgach, ular ustilaridagi poʻstinni, boshlaridagi ayollar telpagini xonaning duch kelgan tarafiga irgʻitishdi va biri ikkinchisining lablaridagi sigaretni polga uloqtirib, ehtiroslarini jilovlay olmay undan boʻsa ola boshladi. Ikkinchisi ham jim turmadi-da, uni turtib divanga yiqitdi va koʻzlari mastona suzilib hamda hiringlab kulgancha uning oyoq kiyimini, paypoqlarini yecha boshladi…

Koʻz oldimda gavdalangan bu manzara menda kuchli ijirgʻanishni yuzaga keltirdi. Koʻnglim aynishni boshlagan boʻlsa-da, oʻzimni nazorat qilish xususiyatini bir amallab saqlab, nigohimni bazoʻr deraza tomondan oldim. Svetayevaning tarjimai holi yoritilgan elektron kitoblarni ham, uning ikki jidlik sheʼrlari toʻplamini ham bir pasda unutdim. Xonamdagi basavlat kresloga behol choʻqdim. Nigohimni roʻparamdagi televizorga qadagandim, uning oʻrnida oʻsha kutubxonachi ayol xuddi talabalik paytimda boʻlganidek qarshimda menga savolomuz qarab turgandek boʻldi.

-Svetayevani oʻqiymayman baribir, Lida xola,- dedim u tomonga qaramaslikka tirishib.

Uning qiyofasi lahza oʻtib roʻparamdan yoʻqoldi. Ikkinchi marta qaraganimda, qarshimda u yoʻq, endi televizor oʻz joyida edi. Yozuv stoli ustida esa Svetayevaning ikki jildlik sheʼrlari toʻplami — biri yarmigacha ochilgan, ikkinchisi qoʻl tekkizilmagan holatda turardi. Men ularga befarq qaradim. Shu befarqlik tegrasida bir tomondan oʻzim shakllantirishga uringan ruhiyatimdagi immun tizimi mayda-mayda boʻlib sochilib ketganini his qilgan boʻlsam, boshqa tomondan negadir endi bir umr Svetayevani koʻz oldimga keltirsam, men uchun ramzlarga asoslangan poeziyasi emas, balki aynan hayotidagi oʻsha jirkanch epizod  uning tashrif qogʻoziga aylanishini tushundim. Eng qizigʻi, bu bir paytlar boʻlganidek yigirma yashar talabaning xulosasi emasdi.