Yigirmanchi asrda insoniyat taraqqiyotida koʻp narsalar oʻzgardi. Shu jumladan, ijtimoiy hayotning muhim boʻlagi boʻlgan adabiyot va teatr sanʼatida ham. Adabiyot asr oʻrtalariga kelib koʻplab yoʻnalishlarni kashfiyot oʻchogʻiga aylandi. Avvaliga, modernizm va post modernizm maydonga keldi, shundan soʻng ekzistensializm va uning natijasi boʻlgan absurdizm yoʻnalishlari. Bu yoʻnalishlarda koʻplab zabardast adiblar oʻz dunyoqarashlari va ijodiy izlanishlari bilan omma eʼtiborini tortishdi. Joys, Prust, Kamyu, Sartr, Ionesku, Bekket…

Shu davrda bevosita adabiyot bilan bogʻliq boʻlgan teatr ham oʻzining rivojlanish dastaklariga ega boʻldi va anʼanaviy teatr hamda pyesalarning sahna koʻrinishlari  jadallik bilan rivojlandi. Ayniqsa, oʻtgan asrning oʻrtalariga kelib Absurd teatri degan ibora teatr olamida baralla jaranglay boshladi. Bu yoʻnalishning esa ikkita zabardast asoschilari bor edi: Ejen Ionesku va Semyuel Bekket.

Semyuel Bekket  1906 yilning 13 aprel kuni Irlandiyada dunyoga keldi. U bolaligidan protestanst cherkoviga xos boʻlgan qatʼiy tarbiya oladi. Toʻqqiz yoshida maktabga boradi. 1923 yilda oʻsha davrning obroʻli oʻquv dargohlaridan biri boʻlgan Triniti-Kollejida tahsil oladi. Oʻsha yerda zamonaviy yevropa adabiyotini, fransuz va italyan tillarini oʻrganadi. Shuningdek, unda oʻsha yillari mumtoz dramaturgiyaga qiziqish uygʻonadi. U qunt bilan Ronsar va Rasin kabi mumtoz dramaturglarning ijodini qalbiga singdiradi.

1925-1926 yillarda u koʻplab sayohatlar uyushtiradi. Fransiya va Italiyani kezib chiqadi. 1927 yilda esa bakalavrlik diplomini qoʻlga kiritadi.  Bungacha Irlandiyada shoir Yets va yozuvchi Jeyms Joys kabi yirik adiblar bilan tanishadi, doʻstlashadi, hamfikr boʻladi va ular ikkisi uning dunyoqarashi hamda badiiy-estetik didining shakllanishida muhim oʻrin tutishadi. 1930 yilda Bekket oʻzi tahsil olgan kollejga qaytib, u yerda pedagoglik faoliyati bilan shugʻullanadi. Shu yillar davomida u pedagoglik faoliyatidan tashqari fransuz realist-yozuvchilari Balzak, Stendal, Floberlarning ijodi haqida maʼruzalar oʻqiydi,  Marsel Prust haqidagi essesini eʼlon qiladi. 1932 yildan boshlab Parijda muqim istiqomat qila boshlaydi.

Uning ijodining dastlabki bosqichini Jeyms Joys taʼsiri ostida oʻtgan deyish mumkin. Shunday deyish adolatliroq boʻladi va bu oʻsha paytdagi Joysning adabiyot maydonidagi oʻrni va soʻzining salmoqliligi bilan xarakterlanadi. Joysga xos soʻz oʻyinlari, murakkab metaforalar, intelektual soʻzamollik Bekketning ilk asarlarida sezilib qoladi, Bekket uning ijodiy falsafasi nafasi bilan yashayotganga oʻxshaydi. Faqat asr oʻrtalariga kelibgina u oʻz yoʻnalishiga ega boʻlib, oʻziga xos boʻlgan uslubini shakllantirishning ilojini topadi. Buning natijasi oʻlaroq,  1948 yilda Bekket oʻziga olamshumul shon-shuhrat keltirgan va taʼbir joiz boʻlsa adabiyot olamida oʻzining “tashrif qogʻozi”ga aylangan asarini yozib tugatadi. Bu oʻsha millionlab odamlarni hayratlantirgan, kezi kelganda tushunmasligiga sabab boʻlgan, asabiga tekkan, tanqidlariga duchor boʻlgan “Godoni kutib” pyesasi edi.

Mazkur pyesaning premyerasi 1953 yilda Parijda boʻlib oʻtadi va shundan soʻng, uni Yevropadagi deyarli barcha koʻzga koʻringan teatrlar sahnalashtirishib, omma eʼtiboriga havola qilishadi. Uni butun Yevropa oʻqiydi, sahna orqali tomosha qiladi.  Buni adabiy tanqidchilar va sanʼatshunoslar teatr olamidagi haqiqiy yangilik, novatorlik ishi  sifatida baholashadi.

Shu yerda bir haqli savol tugʻiladi. Xoʻsh, “Godoni kutib” pyesasi va absurd teatri nima oʻzi? U biz uchun teatr sanʼatidagi inqilobmi yoki tushunarsiz oddiy pyesami? U bizning oʻquvchi va tomoshabinni ham xuddi yevropaliklar singari qalbini larzaga soladimi? Unda qarama -qarshi fikrlarni uygʻotib, qalbida tugʻyonlar urdira oladimi?

 “Absurd” soʻzining maʼnosi “sarob”, “maʼnosizlik” degan tushunchani beradi, yaʼni biror bir maʼno kasb etmaslik. Adabiyot lugʻatida shunday yozilgan va men bunga ortiqcha toʻxtalib oʻtmoqchimasman. 

Absurd falsafasi Yevropada yigirmanchi asrning oʻrtalarida urfga aylandi. Oʻsha paytlarda Yevropa ikkita jahon urushini boshidan kechirgan, shu sababli odamlarning kayfiyati, orzu-umidlari, hayotga qarashlari shu urushlar taʼsirida bir muncha oʻzining avvalgi qiymatini yoʻqotib, tanazzulga yuz tutgandi. Ayniqsa, oʻsha paytda birin-ketin dunyoga kela boshlagan adabiy asarlar shularni oʻzlarida aks ettirardi. Omma tafakkuridagi bu oʻzgarishlar uni tushkunlik sari yetaklar, yevropa jamiyati urushdan qaytib, oʻz oʻrnini topa olmagan, urushdan keyingi hayoti va kelajagini qura olmagan, ruhan mayib-majruh odamlarga toʻlib ketgandi. Bu “ommaviy tushkunlik” sindromi keyinchalik “zavol topgan avlod” nomi bilan adabiyotda mashhurlikka erishdi. “Zavol topgan avlod” oʻsha paytdagi butun yevropaning kayfiyatini, oynadagi aksini oʻzida namoyish etardi. Shundan soʻng, Kamyu va  Sartrlar orqali ekzistensial olam va undagi gʻarb kishisining ayanchli ahvoli boʻyicha fikr-mulohazalar jamlanmasi boʻlgan adabiyot yevropa osmonida yulduz kabi nur sochadi. Absurd falsafasiga ana shu ikki yoʻnalish tamal toshi qoʻyadi.

Bekketning ushbu pyesasi judayam gʻayrioddiy. Uni qoʻlga olarkansiz, birdan maʼyus tortasiz. “Kutib” soʻzining oʻziyoq odamda nekbin hissiyotlarni yuzaga keltiradi. Unda bor-yoʻgʻi beshta ishtirokchi qatnashadi: Vladimir, Estragon, Posso, Lakki va bola. Pyesa aynan shu beshovidan iborat. Ammo toʻrttasining atrofiga qurilgan (bola ayrim epizodlarda koʻrinish beradi, xolos). Kulguli , toʻgʻrimi? Butun boshli dramatik asarda faqat beshtagina ishtirokchi qatnashsa, albatta bu kulguli. Hatto, quruq va nochor sahna dekoratsiyasi ham tomoshabinni ajablantiradi. Boshqa dramaturglar va anaʼanaviy pyesalardan farqli ravishda, Bekket oʻz pyesasida sahna dekoratsiyasi haqida lom-mim demaydi, unga yuzaki toʻxtaladi xolos. Buni koʻrib, shunaqasiyam boʻlarkanmi, deb oʻylay boshlaydi tomoshabin. Eng qizigʻi — ishtirokchilarning besh nafari ham, sahna dekoratsiyasining yuqoridagi taʼkidlangandek ahvoli ham, bular tomoshabinda qanday fikr-mulohazalar tugʻdirishi ham Bekketni mutlaqo qiziqtirmaydi, havotirga solmaydi. Bu ham asarning oʻziga xosligini bildirib, absurd haqida ogʻiz ochadi, goʻyoki uning debochasiga aylanadi.

Lekin bundan ham gʻayrioddiy narsa bor. Uning oldida yuqoridagi novatorlik elementlari holva boʻlib qoladi. Asarning bosh qaxramonidek gavdalanadigan Godo asarning boshidan oxirigacha umuman koʻrinish bermaydi. Bu haqida Bekketning oʻzidan ham soʻrashgan. Godo kim? Qanday odam? Qayerlik? Qanday dunyoqarash egasi? Oʻshanda Bekket agarda Godoning kimligini bilganimda bu pyesani yozmagan boʻlardim, deb javob bergan ekan.

Darhaqiqat, sahna qarshisida oʻtirgan odam Godoni umuman koʻrmaydi. Uni sahnaning qay bir burchagidan (balki orqasidan ham) axtarsa-da, koʻrmaydi. Unga hecham koʻzi tushmaydi. Unda Godo mavjud emasdek taassurot uygʻonadi. Unda nega bunday nom? U koʻrinish bermasligi gʻalatimasmi? Axir, boshqa pyesalarda bosh qahramon butun pyesa davomida faol ishtirok etadi-ku! Molyer, Shekspir, Gogolda shunday-ku! Asabi boʻsh tomoshabin shunday deb baqirib yuborishi tayin.

Pyesaning oʻziga xosligi ham shunda. Godo ham bor, ham mavjud emas. Uni tomoshabin qahramonlar bilan birga kutadi. Asarning asosiy mohiyati shunda. Shu yerda u tomoshabin tafakkuriga yoʻl ochib, uning dunyoqarashini toʻzitib yuboradi.

 Vladimir va Estragon asarning ikki qahramoni. Ularning umri ana shu Godo ismli janobni kutish bilan oʻtadi. U bu ikki qariyaga uchrashuv vaqti va joyini belgilagan boʻladi. Biroq, har kuni bu ikki qariya uchrashuv belgilangan joyga, belgilangan vaqtda borsa-da, Godo kelmaydi,  qariyalar uni uchratishmaydi va tarqalishadi. Ertasiga ham shu hol takrorlanadi. Indiniga xam. Balki, bu bir umr takrorlanar, ular jonini parvardigorga topshirguncha bu hol davom etar. Kim biladi deysiz? Ishqilib, Godo kelmaydi. Ularni nazar-pisand qilmaydimi yo kelishni xoxlamaydimi, ustilaridan kulib mazax qiladimi bu bilan, ishqilib nima sabab boʻlsa-da, u aytilgan vaqtda oʻzi uchrashuv belgilagan joyga kelmaydi. Bu ikki qariya esa uni kutishda davom etishadi. Sabr bilan, bardosh bilan. Godo bilan uchrashib gaplashishlik, uning diydoriga bir qur nazar solishlik, ehtimol qoʻl berib koʻrishishlik — jonlaridan oʻtib ketgan faqirlikdagi, sarob va umidsizliklarga liq toʻla hayotlarini va shu orqali paydo boʻlgan nekbin kayfiyatlarini tamomila  oʻzgartirib yuborishiga umid qilib uni kutishadi. Biri ustidagi juldir va isqirt kiyimlarini, ikkinchisi oyogʻini qisayotgan yirtiq poyabzalini shu  janob Godo bilan uchrashuv goʻyoki yangisiga almashishiga, hech narsaga ishonch qolmagan bu olamdan chiqib oʻzlari ham yangi olam kishisi boʻlishlariga umid qilishadi. Balki, ularning shu kiyim va poyabzallari Godoni kutaverib shu holga kelgandir. Balki, oʻzlari aynan uni kutaverib yangi olamdan chetga chiqib qolishgandir. Ammo bu versiyalar ularning ikkisini xayollarining koʻchasigayam kelmaydi. Ular sabr bilan oʻzlari koʻrmagan odamni kutishni bilishadi, xolos. Godo qurgʻur esa kelmaydi. Ertalab ham, tushda ham, kechqurun ham. Belgilangan vaqt va joyda uning qorasi ham koʻrinmaydi. Shunga qaramay, ikkisi hecham umidsizlikka tushishmaydi, biror marta pyesada bu haqida ilmoqli soʻz ham keltirilmaydi. Ular shu tanazzulga yuz tutgan absurd dunyoning ichida oʻzlaricha umid bilan yashashadi, ertangi kunga umid bilan. Bu oʻsha paytdagi yevropa jamiyati va kishisining kayfiyagi toʻla mos tushardi.

Vladimir va Estragon ikkita oʻziga xos obraz. Bekketning absurd falsafasining asosiy murvatlari. Ularning hatti-harakatlari, dialoglari va replikalari baʼzida tomoshabinning asabiga tegadi, lekin tomoshabin asarning yarmiga borib ularga chin maʼnoda achina boshlaydi, ularning butun dard-alamlarini his qila boshlaydi, ularga qoʻshilib Godoni kutadi va chaqiradi, oʻzida ularga nisbatan hayrihohlik hislarini tuyadi, bu dunyoning absurdligini, lekin ana shu absurd dunyoda Bekket ularga umid berayotganini, yanayam aniqroq ifoda etadigan boʻlsak, ularni ertangi kunga umidlantirib, yashashlari uchun taskin-tasalli va turtki berayotganini tushuna boshlaydi. Chunki Vladimir ham, Estragon ham bir kun kelib belgilangan vaqtda belgilangan joyga Godoning kelishiga butun borliqlari bilan ishonishadi. Asarni boshidan oxirigacha sahna orqali kuzatgan tomoshabin ham qalbida Godoning kelishiga shubha qilmaydi. Faqat uning qachon kelishi aniqmas. Lekin absurd dunyoda, hech qanday odam orzusi va ideali qolmagan, ular oyoqosti va payhon boʻlgan, barcha narsa kunpayakun boʻlib sarobga aylangan, maʼnaviy tanazzul va yolgʻon tantana qilayotgan dunyoda Godo bir kuni keladi va oʻzini intizor kutayotganlarning hayotini tubdan oʻzgartiradi. Menimcha, Bekket ushbu asari orqali shuni maqsad qilgan boʻlsa ne ajab.  

Asarda yana bir eʼtiborga molik jihat bor. Bu qolgan ikkita obraz yaʼni Posso va Lakki. Ular orqali Bekket “Ezuvchi va eziluvchi”, “Xoʻjayin va qul” ijtimoiy kategoriyalarini qalamga olib, ularni oʻzining absurd falsafasi orqali tahlil qilishga urinadi. Posso va Lakki boshqa qirgʻoq. Ular Vladimir va Estragondan farq qilishadi. Ularni Godoning kimligi, qaysi tabaqaga mansubligi, qachon kelishi, kelish-kelmasligi umuman qiziqtirmaydi. Ular ayni paytdagi holatlaridan norozi emas. Tanazzulga uchragan, yolgʻon va maʼnosizlik ichidagi dunyo ularni toʻliq qanoatlantiradi. Bekket Posso orqali oʻsha davrdagi davlat arboblari, siyosat kishilari, jamiyatning turli qatlamidagi “xoʻjayin” maqomidagi odamlarni tavsirlaydi. Ularni tanazzulga yuz tutgan oʻz qalblari bilan ishi yoʻq, maʼnosizlik oʻrab olgan kundalik hayotlariga tanqidiy koʻz bilan nazar solishga ular erinishadi, oʻzlarining ayni paytdagi ijtimoiy mavqelaridan toʻlaqonli rozi va buni ular shunday davom etishini hohlashadi goʻyo. Lakki obrazi ham gʻayritabiiy emas, aynan hayotiy obraz. Bu oʻz xoʻjayini borligidan xursand, unga oʻz xizmatini tinmay taklif etib yuradigan, uning tepkilashlari va haqorat qilishlariga qaramay undan ajralishni istamaydigan “qul” obrazi.

Posso va Lakki obrazi mening nazdimda Bekket tomonidan oʻylab topilmagan. U ham inson sifatida sarobga yuz tutgan gʻarbning bir boʻlagi edi. Ikkita jahon urushi paytida millionlab odamlarning bir-birlarini tanimagan holda urushganliklari, qoʻllariga qurol olib odam oʻldirganlari, uylarini yoqqanlari, qon toʻkkanlari hali hech kimning yodidan koʻtarilmagandi. Oʻsha millionlab “Lakki”lar yuzlab  “Posso”larning talabini, buyrugʻini bajarganini kim ham inkor qila olardi?

Bekketning ushbu asari shu bilan ahamiyatliki, unda muallif dunyoning inqirozini ikkita pozitsiyadan turib koʻrsatib beradi. Birinchi, pozitsiyadagi toifadagilar yaʼni Vladimir va Estragon shu manʼosizlikdan charchashgan boʻlishsa-da, umid bilan yashashadi va Godoni kutib charchashmaydi. Oʻzlarining hayotlarini yangi maqomga olib chiqishni istab har kuni belgilangan vaqtda belgilangan joyga borishadi va Godo kelmagach, ertasiga yana kelish uchun tarqalishadi. Ikkinchi pozitsiyadagi toifalar, yaʼni Posso va Lakki oʻzlarining holatlaridan norozi emas, ularni Godoga ehtiyojlari yoʻq, Godo keladimi-yoʻqmi ularga baribir. Ularni hatto maʼnaviy tanazzul ham qiziqtirmaydi. Ular shu absurdlashib, oʻz ahamiyatini yoʻqotib borayotgan dunyoni boricha qabul qilib, undan ayro tushishni istamay,  rozi holda yashashadi.

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, Bekket ushbu asari orqali bizga sirli ikkita oyna tutadi. Ular bir-biridan farqli, garchi tashqi koʻrinishidan bir xilga oʻxshashsa-da. Ulardan qaysi birini tanlashni u tomoshabinning oʻziga qoldiradi. Hatto, shu yerda ham u boshqa dramaturglarga oʻxshamaydi.

Sherzod Ortiqov