Maktab davrimni oʻz ichiga olgan toʻqqiz yillik taʼlim jarayoni mobaynida orqamdan faqat bir marta otamni maktabga chaqirtirishgandi. Aniq esimda: oʻshanda oltinchi sinfda oʻqirdim, oʻqishim chakkimas, tarbiya va xulqimda ham tezoblikni hisobga olmasa birorta nojoʻya jihatlar koʻzga tashlanmasdi. Otamni chaqirtirishganiga sabab boshqa edi.

— Farzandingizni boshqa maktabga oʻtkazing, iltimos,- degandi oʻshanda direktor oʻz xonasida otamga yuzlanib dabdurustdan.- Unda radikallik kayfiyati bor.

Otam hech nimaga tushunmay, unga savolomuz qaraganida oʻsha yerda oʻtirgan tatar millatiga mansub rus tili va adabiyoti oʻqituvchimiz oraga qoʻshilgandi.

— U kitoblarda yozilgan koʻp narsalarni inkor qiladi. Masalan, kecha rus tili va adabiyoti darsida Yeseninni oʻz joniga qasd qilganini inkor qilib, uni qasddan oʻldirishganini taʼkidladi va sinf ichida darslik kitobini yozganlarni yolgʻonchiga chiqardi.

Bu gapdan keyin otam oʻzini izza boʻlgandek his qilib, achchiq ustida qulogʻim ostiga tarsaki tortib yuborgandi. Tarsaki kuchidan shangʻillay boshlagan qulogʻimni ushlab bir direktorga, bir oʻqituvchimizga qararkanman, ularning yuzlarida oʻz ifodasini topgan qoniqish hissidan hayratga tushgandim. Oʻshanda ilk marta oʻz shaxsiy fikrim uchun jazolangan, qoliplarga solingan va shablon ichidagi ommaviy fikrdan chetga chiqish naqadar azob berishini deyarli ona suti ogʻzidan ketmagan bola boʻlsam-da, chuqur anglagandim. Direktorning xonasidan chiqqach, avtobusdagi tiqilinchda tik turgan holda ketayotgan otamga pastdan qararkanman, qulogʻim hanuz shangʻillar, undagi ogʻriq qolgan boʻlsa-da, qoʻlim bilan uni mahkam ushlab olgan, taʼsirchan qalbim vayronaga aylangan kulbani eslatardi. Otam bilan orqama-orqa uyga kelgach, oʻsha kuni kechasi bilan uxlolmagandim va alam ustida tonggacha “Yeseninning oʻlimi” degan bolalarcha havaskorona sheʼr yozgandim…

Ammo, bu oʻzboshimchaligim uchun meni boshqa maktabga oʻtkazishmadi. Oʻz maktabimda qoldim. Bu voqea mendek norasidaga shunchalik katta saboq boʻldiki, keyinchalik yettinchi sinfda ham, sakkizinchi sinfda ham, maktabni bitirayotganimda ham boshqa hech qachon hech kimga ovozimni chiqarib Yesenin haqida gapirmadim. Juvonmarg boʻlgan shaxsiy fikrim ichimdagina sobit holda turar, biroq yurak yutib bu toʻgʻrida birovga gapirmas, ahyon-ahyondagina kechalari ochiq osmon ostida turib “Men Yeseninning oʻz joniga qasd qilganiga ishonmayman, bu yolgʻon, chunki u nazdimda hayotni sevardi” deb pichirlardim. Buni oʻn ikki yosh boʻlishimga qaramay men oʻz ichki sezgimga asoslangan sof idrok bilan anglar, shungadir shoir xususida shoʻro adabiyotshunoslarining maktabimiz kutubxonasini toʻldirib tashlagan kitoblarini oʻqishni boshlasam yuragim siqilishni boshlar va yillar davomida choʻchqadek semirgan maʼlum-u mashhur yolgʻonning badboʻy chirkidan nafasim boʻgʻilib sahifalarni varaqlarkanman, hech bir kitobni bardoshim yetib oxirigacha oʻqimasdim. 

Yesenin haqida har gal eslaganimda uni ajoyib shoir, inson sifatida esa piyonista va maʼsuliyatsiz inson boʻlganidan koʻra ham, birinchi navbatda uning sahnalashtirilgan oʻlimi borasida xayol surib yuqoridagi tarzda abgor ahvolga tushar va qattiq oʻyga tolib qolardim. Balogʻat yoshiga ham yetmagan bolakayning boshqalar uchun gʻayritabiiy tuyulgan xulosasi oʻsha tarsakidan keyin ham oʻz kuchini sira yoʻqotmadi va maktabni tamomlagach, talabalik davrimda ham, zerikarli ish faoliyatim davomida ham meni sira tark etmay bot-bot oʻzini yodga solib turdi.

Oʻttiz yoshdan oshgan bir paytimda u kutilmaganda mulohazalarim orasida jonlanib yanayam faollashdi. Buning natijasi oʻlaroq, oxirgi yillarda Yeseninni koʻp oʻqidim. Oʻzim yoqtirgan “Goʻdaklikdan maʼlum har odam” deb boshlanuvchi sheʼridan tortib allaqachon yod boʻlib ketgan, yakuni “Maskovning bir burchida essiz, zavol topmoq chogʻi nasibam” deb tugaydigan sheʼrigacha, Fors taronalari-yu dostonlaridan tortib uncha tanilmagan nasriy asarlarigacha — bari-barini qaytadan oʻqib chiqdim. Uni koʻpincha asliyatda oʻqirdim, bu safar qoʻshimchasiga Erkin Vohidov tarjimasida ayrim sheʼrlarini va Fors taronalarini oʻqidim. Shunda ham baribir diqqat markazimda uning ijodi emas, oʻlimi bilan bogʻliq tafsilotlar turaverdi va yuragimda haligacha adashib yurgan oltinchi sinfda oʻqiydigan bolakay uning tarjimai holini yozganlarni yana surbetlarcha yolgʻonchiga chiqardi. Oradan ancha yillar oʻtgan boʻlsa-da, men hanuz uning oʻz joniga qasd qilganini ongli qabul qila olmasdim va bunga endilikda oddiy ichki sezgi bilan emas, ancha boy hayotiy tajriba va bilim toʻplagan inson sifatida yondoshardim. 

Bir kuni shaxsiy kutubxonamda mavjud boʻlgan, Kunyayev degan muallif tomonidan yozilgan “Yesenining hayoti” deb nomlangan kitob bilan “Yesenin zamondoshlari xotirasida” deb nomlangan almanaxni qaytadan oʻqib chiqdim. Shu tobda kitobning mazmunini, shoirning asosan katta yoshdagi ixlosmandlariga yod boʻlib ketgan hayoti bilan bogʻliq tafsilotlarni qalamga olmoqchi emasman. Shunchaki oʻsha kitoblarda hammasi ajoyib yoritilganini taʼkidlamoqchiman. Hammasi ajoyib yoritilgandi: Yeseninning bolaligi, uning ilk sheʼrlari, Ryazandan Moskva kelishi, Moskvadagi ijodiy va qarama-qarshiliklarga toʻla hayoti, Mariyengof bilan doʻstlashishi, raqqosa Aysedora Dunkan bilan tanishishi, Toshkentda oʻtkazgan yillari, Yevropa va Amerikaga sayohatlari va hokazolar. Ikkala kitobni — ulardagi voqealar bayoni va shoir zamondoshlarining xotiralarini oʻqish kishiga maroq baxsh etardi. Buni inkor qilmayman. Bu zavqni men ham necha martalab oʻzimda yoqimli tarzda tuygandim. Biroq, yakun… Yakun yana meni oʻyga toldirdi. U har doimgidek bir xil va ishonarsiz edi: 

“Yesenin “Anlgleter”( hozirgi Internatsional) mehmonxonasida oʻz joniga qasd qildi”. 

Men ortiq bu xulosani qabul qila olmasdim. Shu tariqa fursat oʻtgan sari oʻsmirligimda tamal toshi qoʻyilgan Yeseninning oʻlimi bilan bogʻliq tafsilotlarga ishonchsizligim bir tomondan hayotiy tajribam koʻmagida kundan kunga mustahkamlanib borar, boshqa tomondan xulosamni pishitishda shoʻrolar tizimi tugatilgandan keyin shoirning vatanidan bizga mutassil uzatilib turiladigan telekanallarda tayyorlana boshlangan koʻrsatuv va kinofilmlar, ommabop davriy va elektron nashrlarda berila boshlangan materiallar, ketma-ket nashrdan chiqa boshlagan kitob va risolalar muhim rol oʻynashardi. Rossiyalik yangi adabiyot dargʻalari, kriminalistika metrlari, sud ekspertiza yetakchilari shoirning oʻlimi bilan bogʻliq oʻzlarining ilm-fan yutuqlari bilan teran sugʻorilgan, yangi dalillarga asoslangan versiya va qarashlarini omma eʼtiboriga taqdim etishar va buni men ham chetdan turib hayajon ila oʻqir, kuzatardim. Oʻqib va kuzatganim sari ularda men oʻsmirligimda ichki sezgimga tayangan holda bildirgan shaxsiy fikrim bilan uygʻun, tutashgan tanish manzaralarni uchratib, xoʻrsingancha oʻshanda sirayam radikal bolakay boʻlmaganimni tan olar, yillar davomida oʻsha tarsakidan toshdek qotgan qulogʻim qandaydir yengillashar, maktabdan haydalmaslik uchun yuragimning tubiga koʻmgan oʻsha xulosamni endi pichirlab gapirishning hojati qolmaganidan quvonardim…

 Shu tobda shoirning oʻlimi toʻgʻrisidagi yangi qarashlarni oʻz ichiga olgan fikrlarni ham yoritib oʻtmoqchi emasman. Yesenin tanasidagi unga jismoniy kuch ishlatilganligidan dalolat beruvchi belgilar, u oʻzini osgan deb qarorga kelingan xonadagi shiftning balandligini toʻrt metrdan yuqori boʻlganligi va unga oʻsha paytda xonada mavjud boʻlgan bir yarim metrli tumbani qoʻyib ustiga chiqqanida ham shoirning boʻyi yetmasligi (uni boʻyi bir yuz oltmish sakkiz santimetr edi) va hokazolar haqida endilikda nafaqat adabiyot ahli, balki koʻpchilik xabardor boʻlib ulgurgan. Shunchaki ularni oʻqib qanday ahvolga tushganimni, nimalarni his qilganimni aytyapman, xolos. 

…Bu maʼlumotlarni oqshom paytlari yozuv stolimdagi chiroq yorugʻida oʻqirkanman, shundoq yonimda goʻyo qizarib ketgan qulogʻini ushlab olgan oltinchi sinf oʻquvchisi paydo boʻlar va u ham menga qoʻshilib har bitta satrni hijjalab, maʼno-mazmunini uzoq tahlil qilib oʻqir yoki televizordagi koʻrsatuv va kinofilmlardan koʻzini bir lahzaga boʻlsin uzmay, diqqat qilib koʻrar, vaqt oʻtgan sari esa uni ham, meni ham beixtiyor kulgumiz kelardi. Ana shunday kezlarda Molyer yoki Gogolning birorta komediyasi roʻparamdagi devorda sahnalashtirilayotgandek boʻlar va men aktyorlarning har bitta dialogi yoki replikasiga ham kulaveradigan tentak tomoshabindan farq qilmagan tarzda oʻz holimcha tinmay kulardim. Yeseninning oʻlimi bilan bogʻliq yangi maʼlumotlar yonimdagi radikalga chiqarilgan bolakayning musaffo shuurida bir zamonlar zuvalasi pishgan, goʻdaknamo sezgisi bilan qorishgan, hozirga kunga kelib haqiqatga aylana boshlagan koʻngil iqrorini tasdiqlashga urinayotgani va shoʻrolar paytida odamlarning ongida yetmish yildan ortiq muddat yashab kelgan zoʻraki haqiqatni chilparchin qilib, oyoq ostiga uzala tashlayotgani orqali yuragimga allanechuk ajoyib tantana ruhini singdirar, oʻzimni qancha tutishga urinmay, bu ruh meni jiddiylikka safarbar qilish oʻrniga faqat kulishga majbur qilar, oqibatda oradan yigirma yil oʻtgach ehtimol hozirda nafaqaga chiqib ketgan maktabimiz direktori va Abdulla Oripovning “Zombi” deb nomlangan sheʼridagi qahramonni yodga soluvchi rus tili oʻqituvchimizni koʻz oldimga keltirib nuqul xoxolab kulardim. Qiziq, ular ham Yesenin oʻlimi haqidagi yuqoridagi yangi maʼlumotlarni oʻqishdimikin? Milliy telekanallarimizdan koʻra ham bizda koʻp koʻriladigan sobiq Katta ogʻaning telekanallari orqali bu suiqasd haqida tayyorlangan yangi mazmundagi va puxta dalillar bilan quvvatlantirilgan ahamiyatga molik koʻrsatuv va kinofilmlarni koʻrishdimikin? Kutubxonalarda shoʻrolar paytida chiqqan kitoblarning yoniga ustma-ust qoʻyilayotgan, erkin nashr qilingan, tegishli joylardan buyurtma qilinmagan kitoblarni qoʻllariga olib bir varaqlab koʻrishdimikin? Endi ularning mafkuradan bir qadam ham chetga chiqmagan holda shakllangan va oʻzgarishga chanqoq boʻlmagan tafakkurlarida oltinchi sinf oʻquvchisi emas, butun boshli jamiyat, balki butun dunyo radikalga, radikallardan iborat katta guruhga aylandimikin? Kulgu aralash shu oʻylar ham koʻnglimdan oʻtardi. 

Oʻsha kuni ertasiga oʻzim oʻqigan oʻrta maktabga bordim. Maktab sira oʻzgarmagan, faqat uning atrofini oʻrab turgan panjaralar yangitdan boʻyalgandi. Uning darvozasidan papkalarini yelkalari osha tashlab olgan oʻquvchilar ichkariga kirishar, ularning ayrimlari hovlida davra qurib oʻyin oʻynashga tushishar, ayrimlari maktab binosining eshigidan u yerdagi yonma-yon joylashgan xonalarga tarqalishardi. Maktab direktorining xonasi ikkinchi qavatda joylashgan boʻlib, uning derazasi maktab hovlisiga qaragan, deraza oynalariga hozir ham oʻsha paytdagidek sutrang parda tortilgandi. Mashinamning ichidan yogʻayotgan oppoq qor uchqunlari aro oʻsha yerga oʻychan nazar solib oʻtirarkanman, bizning paytimizda xuddi qatlgohni eslatgan oʻsha xonada maktab direktori ham, rus tili va adabiyoti oʻqituvchisi ham endi mabodo birorta oʻquvchi Yeseninni oʻz joniga qasd qilganini yolgʻon deb hisoblasa, uni hecham radikalga chiqarmasliklarini, zudlik bilan uning otasini maktabga chaqirtirmasliklarini va izza boʻlgan otasi tomonidan uning qulogʻi ostiga tarsaki tortilishini qoniqish bilan kuzatib oʻtirmasliklarini ich-ichimdan his qilardim…  

Sherzod Ortiqov