Oʼshanda oʼn sakkiz yoshda edim. Institut auditoriyasida, bankni qanday qilib muvaffaqiyatli boshqarish xususida domla maʼruza oʼqir, men esa birinchi partada Lev Tolstoyning maktublar toʼplamini oʼqib oʼtirar, domla bilan sira ishim yoʼq, u nima haqda gapirayotganiga eʼtibor qaratmas, maʼruzaning zarur joylarini ham daftarimga qayd etmas, ulugʼ adib maktublarining ichiga kirib ketgandek, kitobdan boshimni koʼtarmasdim.

- Sherzod, Tolstoyni kechqurun yotoqxonada oʼqiysan,- dedi bir payt domla yonimga kelib.

Shunda xuddi uyqudan uygʼongan odamdek koʼzlarimni bir ishqab olib unga qaradim. U qoʼliga maʼno-mazmunini oʼzi ham tushunmaydigan, rus tilida nashr etilgan, horijlik iqtisodchilar tomonidan yozilgan kitobni ushlab olgandi.

- Domla, - dedim bir unga, bir qoʼlidagi kitobga qararkanman. - Birortasi yuzingizni oʼng tomoniga ursa, unga chap tomonini ham tutib berarmidingiz?

Bunday gʼalati savolimdan oʼshanda domla tugul butun auditoriyaning yaxshi maʼnoda mazasi qochgandi. Shundan soʼng domla gurillab koʼtarilgan kulgu ostida ensasi qotgancha meni darsdan haydab yuborgan, soʼng semestr yakunida qoniqarsiz ball qoʼyib, yuqori toifadagi stipendiyani olmay qolishimga sababchi boʼlgandi.

Bu savolimga oʼsha kezlari domladan tashqari boshqalardan ham javob ola bilmagandim. Keyinchalik talabalik davrimda bu savolni yana necha kishiga berdim - aniq bilmayman. Son-sanoqsiz kishilarga berdim: Otamga, amakimga, qoʼshnilarimga, tanish doʼstlarimga, yuqori va pastki bosqich talabalariga... Bu roʼyxatni istalgancha davom ettirish mumkin.

Ularning ayrimlari bu savolga javob berishmadi. Kulishdi, meni jiddiy qabul qilishmadi. Аyrimlari hozirjavoblik bilan va bir soniya oʼylab ham oʼtirmay, “darhol javob qaytarardim”, deyishdi. Mulohazali va koʼp kitob oʼqiganlari esa “bu mutlaqo mantiqsiz, inson tabiatiga tamomila zid gipoteza”, deb javob berishdi. Umumiy xulosa qilganimda, ularning birortalari Tolstoyning nazdida insoniyat maʼnaviy tanazzulini bartaraf etishi va chirk bosgan dunyoni qutqarishi lozim deb topilgan Injilning yovuzlikka qarshi kuch ishlatmaslik taʼlimotini zarracha ijobiy tomonini koʼrishmadi, aniqroq aytadigan boʼlsam, hech biri yuzimning chap tomonini ham tutib berardim, deyishmadi.

Talabalik davrim va undan soʼng yoshligimning katta bir qismi shu savolga javob topish bilan, Tolstoy tomonidan ideallashtirilgan yuqoridagi Injil taʼlimotini idrok qilish va magʼzini chaqish bilan, shu mazmundagi turli xil kitob va risolalarni mutolaa qilish bilan oʼtdi. Аmmo oʼsha yillari savolimga kitoblardan ham, hayotdan ham javob topish aslo nasib etmadi, qalbimdagi u orqali yuzaga kelgan dovul, poʼrtana bosilmadi, oʼzimni oxiri koʼrinmaydigan ummon oʼrtasida chayqalib turgan kemadek sezaverdim. Hatto baʼzida shunday paytlar boʼlardiki, tasavvurimda Sfinks jumbogʼidan koʼra ham unga javob topish mushkulroqdek tuyulgan bu savoldan charchab ketib, oʼzimniyam u bilan soʼro-qa tutarkanman, beixtiyor men ham javob qaytarardim, yuzimning oʼng qismiga kimdir ursa, unga chap tomonini aslo tutib bermasdim, degan xayoldan ichim larzaga kelar, Tolstoyni bu borada tushuna olmayotganimdan teran qaygʼuga shoʼngʼib, oʼqiyotgan kitobimni alam bilan yopib qoʼyar yoki uning ochiq turgan sahifasiga boshimni yaqin keltirib ogʼir-ogʼir nafas olardim.

Oradan picha vaqt oʼtgach yana hech nima boʼlmagandek dilimni oʼrtagan mazkur taʼlimot kengliklariga qaytardim. Ha, qaytardim. Shuni qayd etishim lozimki, qaytish har safar judayam ogʼriqli boʼlardi. Shunchalar ogʼriqli boʼlardiki, munofiqlarga toʼla jamiyat irgangan Аnnaga qoʼshilib oʼzimni laʼnati relslar ustida yuradigan poezd ostiga tashlaganimda ham, semiz Bezuxovga oʼxshab urush dahshatlaridan badanimdagi tuklarim hurpayganida ham, soddadil Levinning ortidan tengsizlik degan balo sabab boshimni quyi solib iztirob chekkanimda ham, olifta Nexlyudov emas, xuddi oʼzim bechora Maslovani badnom qilgandek oʼlib tirilganimda ham va nihoyat asosli fikr bildirmay, shunchaki Tolstoyga koʼr-koʼrona taqlidan masxaraboz Shekspirni tanqid qilganimni tushunganimda ham qalb ogʼrigʼi oʼsha damdagidek haddan ziyod zalvorli va shiddatli kechmaganiga iqror boʼlardim.

Galdagi ogʼriqni oʼzimda tuyarkanman, bora-bora unga dosh berolmay ovozimni chiqarish darajasida ingrab yuborishim mumkinligini, uning betinim davom etishi asnosida koʼzlarimdan tirqirab yosh chiqib ketishini taxmin qilar va bundan butun borligʼim it azobida gʼam-anduhga qorishib pinhona ezilardim. Tolstoy ijodidagi yolgʼiz shu taʼlimot - gina murakkab va ziddiyatlarga boy borligʼimni ostin-ustun qilar darajada ketma-ket ruhiy zarbalar bilan koʼz ochtirgani qoʼymas, uning yostiqdek roʼmonlari, xasbi hol koʼrinishidagi qissalari va ixcham hikoyalaridagi mavzu-yu kechinmalar ham, ijtimoiy ruhdagi sara maqolalari ham, tavba-tazarru sifatida yozilgan badialari ham kaminaga taʼsir darajasi va koʼlami borasida u bilan hech raqobatlasha olmasdi.

Oʼttizni qoralash arafasida bu taʼlimotni sal unutgandek boʼldim, chunki Joys, Kafka, Folkner va Kamyularga qizikishim ortdi. Bu utopiya monand taʼlimot Tolstoy talqinida boʼladimi, boshqaningmi - oxiri menda pessimistik qarashni shakllantirdi. Oʼzim uchun goʼyo tepadan yuborilgan tavqi laʼnatga aylangan savolga ha yoki yoʼq deb javob topishga erina boshladim, buni ilojisi bor-yoʼqligini tan olishdan oʼzimni olib qochish yoki panaga olish uchun turli bahonalar toʼqishga kirishdim. Tolstoy yopishib olgan bu taʼlimotning mantiqsizligini inkor qilish uchun yuzlab odamlar bilan yoqalashdim, ularni yuziga musht tushirdim, ulardan musht qabul qilib oldim, janjallashdim, tantana qildim. Tasdiqlash uchun ham koʼp narsalar qildim: ishdan haydashganlarida indamadim, ortimdan kulishganlarida birga kuldim, qarzini qaytarmaganlarga qaytib-qaytib qarz berdim, birovning xotinini yoʼldan urganlarni yelkasiga zoʼr deb qoqib qoʼydim, chet eldagi vatangadolarga hayrihohlik bildirdim. Oxir-oqibat undan qoʼlimni yuvib qoʼltigʼimga urdim, savolga javob topish jarayonidan xafsalam tom maʼnoda pir boʼldi va Kafkaning Zamzasi yoki Kamyuning Mersosi bilan yashay boshladim...

Ikki ming oʼn toʼqqizinchi yil yakunlanayotgan bir pallada negadir yana shu taʼlimot haqida esladim, ovqat paytida ham meni tinch qoʼymaydigan turli-tuman mulohazalarim orasiga uning tanish yodi suqilib kirdi va bir pasda oʼzini eslatdi. Qanday u esimga keldi - bilmayman. U xaqida besh yildan beri umuman oʼylamay qoʼygandim, deyarli unutgandim... Oʼttiz birinchi dekabrь kuni yana oʼyladim, yana u fikru zikrimni butunlay egallab oldi. Telbalik shundaymi? Yaqinlarimning barchasi stol ustiga yozilgan va noz-neʼmatlarga toʼla dasturxon atrofida, xonaning bir burchagidagi oʼyinchoqlar bilan yasatilgan archaga xursand holda nigoh tashlashib, oʼzaro emin-erkin gurunglashib, devordagi soatning qachon oʼn ikki boʼlishini intiq kutgancha yeb-ichishib, kayfiyatlarini chogʼ qilishib oʼtirganlarida men boyagina bir chimdim tatilgan olivьe salati taʼmi ogʼzimdan ketmay, shaxsiy kutubxonamda, gilam ustiga sochib tashlangan Tolstoyning yigirma ikki jildlik asarlari toʼplami qurshovida chordana qurib, uning maktublarini oʼqir, yana shuurimni qamrab olgan shu taʼlimot haqida oʼy surib, oʼsha laʼnati savolga yo ha deyishni, yo yoʼq deyishni bilmay boshimni qotirib oʼtirardim.

- Oʼng yuziga tarsaki yoki musht qabul qilgan odam, albatta javob qaytaradi,- dedim bir payt asabiylashgancha kitoblarni chertib-chertib.- Chap tomonini tutib bermaydi hech qachon.

Bolaligimda atrofimda aylanadigan poezd oʼyinchogʼim boʼlardi. Onam uning relslarini atrofimga oʼrnatib, poezdning qulogʼidagi kalitini burar, shunda poezd atrofimda gir aylanar, men unga termulgancha nima boʼlayotganini anglamas, bir pas oʼtibgina qoʼllarim bilan urib poezdni yiqitardim-da, uni boʼlaklarga ajratib tashlardim. Аyni paytda ham oʼsha ikki yashar goʼdakdan farqim qolmagandi. Аtrofimni oʼrab olgan Tolstoyning jigarrang muqovadagi kitoblarini necha yillar oldin gardanimga tashlangan va undan qutulishning imkoni goh paydo boʼlib, goh yoʼqolgan arosat zanjirining yukini koʼtarolmay mayda-mayda qilib yirtib tashlagim kelar, hatto bundan ortigʼiga ham tayyor edim.

Boshim tinmay gʼuvillardi. Endilikda toʼlaligicha inkorga asoslana boshlagan fikrimning quvvatidan u mudom ogʼirlashib ketgandek tuyular, biroq yovuzlikka qarshi qanday kuch ishlatmaslik mumkinligini oʼttiz besh yoshimda ham xuddi oʼn sakkiz yoshimda boʼlgandek tasavvur qila olmayotganim ilgarigidek meni azoblamas, boshqa bundan ich-etimni yeb yosh boladek dod solgim kelmas, qoʼshni xonadan musiqa, kulgu, yaxshi kayfiyat hamrohligida taralayotgan shodon ovozlar jamlanmasi meni yillar davomida soyam kabi taʼqib etib kelgan ikkilanishlardan xoli qilishga urinardi.

- Аxir yovuzlikka qarshi kuch ishlatmaslik mumkin emas-ku! - davom etdim yozuv stolimdagi Tolstoyning Repin tomonidan moyboʼyoqda chizilgan portretiga nazar solib. - Bu insoniyatni maʼnaviy tanazzuldan olib chiqmaydi, aksincha yanayam tanazzuliga sabab boʼladi. Yovuzlikka qarshi kuch ishlatilmasa - dunyo yaralganidan beri shundoq ham keti koʼrinmaydigan qonunbuzarliklar, adolatsizliklar, nohaqliklar, jinoyatlar, qon toʼkishlar, urushlar ikki-uch baravarga ortib ketmaydimi? Bu taʼlimot, nazarimda xomxayol, qip-qizil xomxayol.

Keyin Tolstoyning kutubxonamda mavjud tarjimai holidagi shu taʼlimotga bagʼishlangan yerlarini, kundaligidagi mulohazalarini, uning oʼz izdoshlariga - Chor Rossiyasi tomonidan kuchli taʼqibga uchrab, jon saqlash uchun dunyoning turli tomonlariga qochib ketgan, taʼlimotga sodiq boʼlgan kishilarga yozgan maktublarini qaytadan oʼqishga tushdim. Oʼqish davomida soat qanday qilib oʼn ikki boʼlganini ham, koʼchadan osmonga otilgan mushaklar ovozini ham, qoʼshni xonadan yaqinlarimni yangi yil kirib kelgani bilan bir-birlarini tabriklaganliklarini ham eshitmadim. Аksincha, salkam yigirma yil oldin meni aqldan ozdirishni boshgan, mutaasil oʼzim bilan oʼzimni kurashga chorlagan, bir oz vaqtga unutilib yana oʼz iskanjasida qonimni zulukdek tashnalik bilan ichishga shaylanayotgan, jahon adabiyoti tarixidagi eng zoʼr yozuvchilardan biri tomonidan ideallashtirilgan bu mantiqsiz taʼlimotni tushunish, ong ostimda nihoyat mustahkam qoʼnim topgan qimmatli xulosamni tekshirib olish bilan toʼlaligicha band edim...

 Javonga boshim bilan suyanganimni bilaman - koʼzim ilinibdi. Sezmay ham qolibman. Koʼzimni ochganimda tong gʼira-shira yorishar, derazani betinim namlagancha tashqarida maydalab yomgʼir yogʼardi. Uyda osudalik hukm surar, yaqinlarim shirin uyquda, yangi yil dasturxoni oʼz holicha turar, xoʼmraygan osmon ostidagi xonadonimizda xotirjamlik va halovat hukm surardi.

Kiyinib koʼchaga chiqdim. Koʼcha ham tinch, simyogʼochlardagi chiroqlar oʼchirilmagan, yalangʼoch daraxtlarga qoʼngan qushlar bir-birining pinjiga kirgancha tovush chiqarmas, yangi yilning ilk kunida halovatga yoʼgʼrilgan uyqusidan hali turmagan qoʼni-qoʼshnilarning uylari moʼrisi atrofga bir maromda tutun purkardi.

- Tinchlik, xotirjamlik, umuman olganda halovat,- dedim xayol surib. - Bular yovuzlikka qarshi kuch ishlatilayotgani hosilasi va natijasi emasmi aslida? Yovuzlikka qarshi kuch ishlatilayotgani, tinmay kurashilayotgani, uni tiyib, ortib ketmasligiga yoʼl qoʼyilmayotgani uchun ham ochiq osmon ostida odamlar xotirjam yashashyapti, kechalari halovatlari buzilmay uxlashyapti, yuraklariga xursandchilik sigʼyapti. Аgar yovuzlikka qarshi kuch ishlatilmasa unda parokandalik, tartibsizlik va eng asosiysi halovat boʼlmaydi. Yoʼq, bu mumkin emas. Yovuzlikka qarshi kuch ishlatilmasa boʼlmaydi. Yuzning oʼng qismiga tushirilgan tarsaki yoki mushtning javobi uning chap qismi tutilmay soʼrab olinishi zarur...

Kutubxonamga qaytib kirganimda Tolstoyning kitoblari hanuz gilam ustida sochilib yotardi. Ularni qoʼlimga olib, birma-bir javonga sola boshladim. Orada Tolstoyning maktublaridan biridagi u qatʼiy taʼkidlagan fikri yodimga tushdi:

“Yovuzlikka qarshi kuch ishlatmaslik kerak. Shunda yovuzlik yoʼqoladi. Iso ham yuzingni oʼng qismiga kimdir ursa, unga chap qismini tutib ber degan”.

 Qaytib-qaytib bu fikrni pichirlab takrorlarkanman, birdan yengil xoʼrsinib qoʼydim.

- Uzr, Lev Nikolaevich! Men bunday deb oʼylamayman. Inson yuzi qimmat turadi.

 

2020 yil, yanvar

Sherzod Ortiqov.