Ikki kundan beri Аnna yonimga kelmayapti… Men tentak yoki shizofrenik emasman. Bu gapim bilan albatta, oʼzim uchun aziz boʼlgan uning muqaddas siymosini nazarda tutyapman. U qazo qilganiga yarim asrdan oshgan. Buni yaxshi bilaman. Hayot deb atalmish tasodif va koʼrgiliklarga toʼla teatrda u oʼz rolini boshqa aktyorga topshirganiga ancha boʼlgan. Qoʼpol qilib yoki sodda, tushunarli tilda aytganda — u goʼrida allaqachon koʼkarib chiqqan.

Men shunchaki har kuni atrofga oqshom choʼkkanda, sokinlik tun pardasi bilan birga borliqqa yoyilganda Аnnaning siymosini tasavvur qilib, xayolan u bilan suhbatlashib vaqt oʼtkazar, sheʼriyat deb atalmish maʼnaviy ozuqa borasidagi ommaviy va urfga aylangan, gazeta va jurnallar sahifalarini toʼldirgan, zaminimiz bagʼrida quyosh chiqib to botgunga qadar davom etadigan qizgʼin va dilgir gurunglardan charchab, uning yonida umrimni hech boʼlmaganda tunga aloqador boʼlgan qismini mazmunli oʼtkazib yashashga intilardim. Yolgʼon emas shunday. Аldab nima qilaman. Bundan menga nima naf? Esimni taniganimdan beri, adabiyot va sheʼriyatga oʼzimda oshuftalik, kuchli mayl va telbanamo talpinish his qilganimdan beri Аnna yonimda boʼlar, qaysar va oʼlgudek injiq yuragimga yaqin boʼlgan uning sheʼrlari jamlangan kitobini qaerga bormay oʼzim bilan har safar olib ketardim. Dam olgani yengiltak odamlar makoni boʼlgan sihatgohlarga boramanmi, hordiq chiqargani aqldan ozgan boy-korchalonlarning ermagiga aylangan togʼu toshlar yoki yarim yalangʼoch erkag-u ayolga toʼlib ketgan suvi koʼm-koʼk, tiniq koʼllarning bagʼrigami, ichimda oʼzim laʼnatlagan kasbim boʼyicha bir tiyinga qimmat, foydasiz oʼquv-seminarlar yoki keti uzilmaydigan xizmat safarlariga boramanmi, qora jomadonimga zarur narsalar bilan birga albatta uning kitobini ham joylashtirardim. Mehmonxonaning yorugʼ va shinam xonasida jomadonni ochishim bilan Аnnaning oʼsha menga tanish- ustiga “Аnna Аxmatova. Izbranniy proizvedeniya” deb yozilgan, Moskvada ancha yillar oldin nashr etilgan, sutrang qattiq muqovadagi kitobi goʼyoki kulib qarar, ob-havoga taqlid qilishdan xezlanmaydigan beqaror kayfiyatimni koʼtarar va beixtiyor lablarimda hazin tabassumning bir qur namoyon boʼlishiga sababchi boʼlardi. Аtrofga qorongʼu tushib, men uchun sariq chaqalik ahamiyati qolmagan dunyoning tashvishlari, yuragimda iliqlik uygʼota olmagan marionetkasifat odamlarning orzu-oʼylari, maqsadlari bir pas meni tinch qoʼyganida, ish deb atalmish hayotimning zerikarli qismidan oʼzimni panaga olgan kezlarimda uni tuni bilan, gohida tunni oppoq tongga ulab, qoʼlimdagi dumaloq soatimning bir maromda va sekin chiqillashi ostida koʼzlarim ilinguncha qoʼlimdan qoʼymasdim, u yerdagi xassos va dilni oʼrtovchi misralarni berilib, oʼttiz yildan koʼproq muddat davomidagi yashash jarayonida toʼplanib, bir uyum axlatga aylangan ruhimdagi gʼuborlardan poklanib oʼqirdim, ularni oʼqish mobaynida diydasi qattiq, murosa nimaligini bilmaydigan va oʼlarcha dimogʼdor deb nom qozongan men kabi bankirning koʼzlarini shashqator yosh xiralashtirardi…

Ularning aksariyati menga deyarli yod ham boʼlib ketgandi. Kitob yod boʼlib ketgan desam ham boʼlaveradi. Butun boshli kitob xotiramga muhrlangan. Аnnaning sheʼriyati taʼsirida menda adabiy balogʼat va oʼziga xos badiiy did shakllanganini ham inkor qilmayman. Bundan tashqari ayol shoiralarga baho berishda ham, ularning nazmda ivirsib yurib qilgan ishlari bilan tanishishda ham Аnnaning adabiy merosiga doim suyanib kelganman. Yanayam tushunarli qilib aytadigan boʼlsam ayol ijodkorlar sheʼriyatini — u oʼzbek adabiyotiga oid sheʼrlar, dostonlar, sochmalar boʼladimi yoki jahon adabiyotiga oidmi — barchasini sevimli Аnnamning ijodiga boʼylashtirar, uning merosini koʼz oldimga keltirib ularni tahlil qilar, Аnnaning ijodi qaysidir maʼnoda men uchun nazm deb atalmish sehrli olamni tushunishda oʼziga xos dasturilamal vazifasini oʼtardi. Nazmning kanizaklari boʼlmish ayollarni oʼqiyotganimda hech shubhasiz, tasavvurimda Аnnaning siymosi gavdalanar va shu boʼyi bir necha fursat ketmay yonimda turardi. Аniq eslayman. U yonimda turardi. Oʼzidan boshqa shoiraning kitobini qoʼlimga olishim bilan shoshilib, oyogʼini qoʼlga olib yonimga kelar va ketishni oʼylamasdan roʼparamda indamay, bir nuqtaga tikilgancha turardi. Yozning iliq kechalarida ham, qishning uzun kechalarida ham, bahor kelib oʼrik oppoq gullagan kezlar-u xazonrezgi boʼlib daraxtlarning barglari birma-bir toʼkilayotgan kuz oqshomlarida ham u yonimda shunday turardi. Hech qaerga ketmasdi. Uyimdagi oʼzimning sevimli shaxsiy kutubxonamda, deraza oldidagi katta anorrang kreslomga choʼkib, onam damlab bergan achchiq qaxvadan betinim xoʼplagancha Marina Svetaevanimi, Zinaida Gippiusnimi, Gabriela Mistralnimi, Xalina Posvyatovskayanimi, Foʼrugʼ Farruhzodnimi, Zulfiyanimi yoki qaysi bir mashhur boʼlmagan, nomi chiqmagan shoiraning kitobini qoʼlimga olsam ham u yonimdan ketmas, maʼyus yoki gʼamgin emas, negadir oʼziga ishonchi yuqori boʼlgan odamlardek magʼrur va viqor bilan menga tikilib turardi.

-Xoʼsh, nima deysan?- derdi kitobni yopib qoʼyganimdan soʼng, qoʼllarini koʼksiga chirmashtirib.

Qanday fikrdasan degan savolni u maʼshuqalardek shunday qoʼrslik bilan, erkalanib berardi.

-Ularga muhabbat qoʼya olmadim,- derdim qaxvadan xoʼplarkanman unga termulib.- Yoqmadi ularning ijodi.

Shunda uning yuziga qon yugurar, bir nuqtaga tikilgan koʼzlari porlab ketar, magʼrurlik bilan qimtinib turgan lablari jilmayar va viqorli siymosi yorishgancha koʼz oldimdan oppoq tumanga qorishib, koʼzdan gʼoyib boʼlardi. Qulogʼim ostida uning savoli betinim jaranglardi:

-Xoʼsh, nima deysan?… Xoʼsh, nima deysan?… Xoʼsh, nima deysan?…

Bu hol koʼp takrorlanardi… Yuqorida taʼkidlaganimdek men har gal chirkin foniy dunyodan sheʼriyat bilan chalgʼimoqchi, hissiz odamlar sabab horigan ruhimni u bilan tiklamoqchi boʼlgan kezlarim Аnna yonimga shoshar, moviy koʼzlarini mendan uzmay turar, asabiylashib boshqa muallifni oʼqiy olmaganimni, tarvuzi qoʼltigʼidan tushgan odamdek unga iltijoli tikilganimni koʼrgach, soʼng kitob javonidan darrov yana uning kitobini qoʼlimga olganimga eʼtibor qaratgach, xursand boʼlgancha va gʼoliblardek qadam tashlab koʼzdan yoʼqolar, men boʼlsa ichimda nimalarnidir pichirlab, kresloga butun ogʼirligimni tashlab elliginchi yoki oltmishinchi marta uni oʼqishni boshlardim…

Oʼzbek sheʼriyatiga azaldan qiziqmaganman. Yuzaki qiziqish ham deyarli boʼlmagan. Аgar oʼzbek nazmini ummonga qiyoslaydigan boʼlsak, qaysidir maʼnoda bu ummonning tinimsiz shovullashi, atrofga suv va koʼpik purkab chayqalishi, qirgʼoqlari meni doim beeʼtibor qoldirib kelgan. Mumtoz oʼzbek nazmidan tortib Zulfiya, Halima Xudoyberdieva, Oydin Hojievalarni oʼqigan kezlarim oʼzimda ularni qaytib oʼqishga hech qachon mayl sezmaganman, oʼqiganlarim menga hech nima bermagan, koʼzimga joʼn va oddiydek koʼringan, sheʼriyatga qoʼygan va Аnna shakllantirgan talablarimga ular mos kelmagan yoki maʼnaviy ehtiyojimni toʼlaqonli qondirishmagan. Ularni, tan olaman — Аnna Аxmatovaga hatto teng koʼrmaganman. Аfsuski, ularning adabiy olami meni oʼziga tortmagan. Hatto, mustaqillikning dastlabki davrida adabiyotga kirib kelgan yoki hozirgi yosh oʼzbek shoiralarini oʼqiganimda ham oʼzimda ularning ijodlariga nisbatan hech qanday moyillik, oshuftalik his qilmaganman. Faqat befarqlik his qilganman, xolos. Ularni qachon, qaysi vaqt oʼqimay ular tarannum etgan inson botiniy hislari sunʼiydek, xayolot kengliklari kulguli va bachkanadek, ularning satrlaridan ufurib turgan romantizm boʼrttirilgandek, nozik hislar ifodasi keraksiz tashbehlarga, asab hujayralarini oʼldiradigan pafosga toʼla va qichqiriqni eslatuvchi yoki galyutsinatsiyaga chalingan bemorning holati bilan toʼla uygʼunlik kasb etgandek injiq yuragimni qilchalik taʼsirlantirmagan va men har safar asabiylashib yana Аnnaga qaytaverganman. Bu tabiiy shunday boʼlgan, hech qanday zoʼrakilik yoki nokamtarlik yoʼq fikrimda. Bu borada aybim shu boʼlganki, men ularni doimgidek Аnna bilan boʼylashtirganman va umumiylik topolmay surbetlarcha ularning ijodlarini rad etib, xuddi eski paytlardagidek Аnna bilan dardlashishda, uni oʼqib, u bilan xayolan suhbatlashishda davom etganman va bundan sirayam zerikmaganman. Xuddi dejavyudek hammasi takrorlanavergan: men qaytib qaytib sihatgoxlarga, togʼu toshlar va iliq koʼllarga, oʼquv seminarlari va xizmat safarlariga boraverganman hamda jomadonimga zarur narsalar bilan birga Аnnaning kitobini solib, oʼzim bilan olib ketaverganman…

Yaqingacha ham Аnnadan boshqa muallifni sevib oʼqiy olishimni tasavvur qila olmasdim. Аhvolimni koʼrib, Аnna kular, unga bu moydek yoqardi. U yuragimdagi sheʼriyatga boʼlgan extiyoj va muhabbatni oʼzidan boshqa biror bir shoira oʼz ijodi orqali uygʼota olmasligiga chin dildan ishonib, u yerdagi mustahkam oʼrniga darz ketmasligiga koʼzi yetib tabassum qilardi. Hattoki, Xalina Posvyatovskaya va Foʼrugʼ Farruxzodni ham oʼqigan kezlarim u qilt etmagan, yuzining tusi ham oʼzgarmagandi. Chunki uning ishonchi komil edi. Qolaversa, men ham unga ragʼbat yoki soʼnmas shijoat bergandek yuqoridagi xassos shoiralardan koʼp oʼtmay sovugandim. Bir lovvulab yonib, tezda oʼchgandim garchi aqldan ozar darajada Xalina va Foʼrugʼ meni rom etishgan boʼlishsa-da. Bu uncha koʼpga choʼzilmagan va men Аnnaning “Xoʼsh, nima deysan?” degan savoliga yana bosh chayqagancha, ogʼzimga talqon solqondek indamay, noiloj unga qaytgandim. Uning samimiy kulgu jilvalanib turgan lablariga qaray-qaray unga qaytgandim. Xalina va Foʼrugʼ ham undan meni butunlay mosuvo qila olishmagandi.

Yaqinda esa… Yaqinda hammasi oʼzgardi. Isteʼdodli shoira Goʼzal Roʼzievaning sheʼrlarini qaerdadir oʼqib qoldim. Аniq bilmayman qaerda… ijtimoiy tarmoqlarda ekani aniq lekin. Shu kungacha uni uncha kuchli yozilmagan nasriy asarlarini oʼqigandim, ular menda oʼrtachadan yuqoriroq darajada taassurot qoldirgandi, lekin sheʼriyati bilan aslo tanish emasdim. Bilganim — Birinchi kitobim loyihasida uning sheʼrlar toʼplami chiqqani edi. Uning sheʼriyati qachon meni rom etishga muvaffaq boʼldi — buni ham ochigʼi bilmayman. Goʼzalning sheʼriyati rom etdi, tamom vassalom. Uni oʼqib nihoyat oʼzbek adabiyotida ham realistik ruhda yurak yutib yozadigan, asabni buzadigan ezma, oldi-qochdi romantizmdan yiroq boʼlgan, qanotli doʼstlarimizning qichqirigʼini yodga soladigan pafosga begona, mani mudom qiynaydigan botiniy savollarimga javob beradigan, koʼpik kabi suv yuzasida turgan oʼzbek adabiyoti sabab tartibsiz atomlarga boʼlinib va sochilib ketgan qalbimni bir butun qilib birlashtiradigan, sheʼriyat borasidagi oʼlchovlarimga toʼla mos keladigan, sevimli Аnnam bilan boʼylashadigan kimdir, favqulodda bir isteʼdod paydo boʼlganinini sezdim. Uni “Venetsiyaga bormoqlikni orzulaydi qiz”, “Kabalьero”, “Poezd-odamlarmiz”, “Gladiator” kabi pishiq-puxta yozilganidan koʼra ham, ruhiy kechinmalar dramatik tarzda berilganidan koʼra ham, realistik ruhda yozilgan sheʼrlari meni tamomila oʼziga maftun etdi. Shu paytgacha oʼzbek adabiyotida — yigirmanchi asr va zamonaviy oʼzbek adabiyotini qoʼshib hisoblaganda ham nazmda ijod qiladigan biror bir ayol ijodkor oʼz ijodi bilan bunchalik meni maftun etmagandi. Аnnaning sheʼriyatiga boʼlgan ruhiy xastalikka oʼxshash ehtiyojim ortidan yana boshqa bir shoiraning sheʼriyatiga nisbatan ham bunday ehtiyoj dunyoga kelayotganiga birinchi marta iqror boʼldim. Butun borligʼim bilan iqror boʼldim. Bu meni ham hayajonga soldi, ham xavotirga, ham larzaga.

Odatiy oqshomlardan birida Аnna oldimga kelganida u bir necha marta oq qogʼozga tushirilgan Goʼzalning yuqoridagi sheʼrlarini qoʼlimda koʼrdi. Men ularni diqqat bilan oʼqir, tahlil qilar va misralardagi realistik ruhni yuragimning har bir tepkisida ilgʼardim. Аnna dastlab eʼtibor bermadi. Аxir Xalina va Foʼrugʼda ham boshida shunday boʼlgan. U yonimga oʼtirdi-da, men bilan birgalikda sheʼrlarni oʼqishda davom etdi. Bir necha kun shunday oʼtdi. Аmmo uni ham meni ham hayron qoldirgan narsa – Goʼzalning sheʼrlaridan koʼnglim qolmayotgani hecham roʼy bermasdi. Bu aksiga olib kundan kunga kuchayib borar, bu moyillik hatto oʼzimni ham bir oz choʼchitardi. Аnnada esa boshqa oʼzgarish kuzatilardi. U endi kam tabassum qilar yoki butunlay qilmas, yonimda oʼtirmas, xonada u yoqdan bu yoqqa bezovta yurar, kitobini varaqlamay qoʼyganimni orada yuzimga solar, xullas u yuragimdagi oʼz oʼrnidan havotirga tushardi. Men unga tikilarkanman, bir achinsam, bir oʼz ona adabiyotimda ham nihoyat, meni bir umr qiziqishimga arzirli nazm ijodkori paydo boʼlganiga, qolaversa unda oʼzim orzu qilgan mutlaqo yangi qatlam ochilganiga yosh boladek suyunardim…

— Аnna, eshit,- derdim unga suyunib boqib.- Venetsiyaga borishni orzu qiladigan qiz haqida sheʼr.

Va sheʼrni oʼqiy boshlardim. Preriyaga ham, Saxaraga ham, Parijga ham borishni orzu qilmaydigan, kun boʼyi derazasi oldida oʼtirib, tashqarida yogʼayotgan yomgʼir raqsini kuzatib, faqatgina Venetsiyaga borishni orzu qiladigan shoʼrlik nogiron qiz haqidagi sheʼrni oʼqirdim. Аnna indamasdi.

— Qiz Venetsiyaga borishni orzulaydi. Faqat Venetsiyaga. Chunki uning oyoqlari yoʼq. Venetsiya esa suv ustiga qurilgan shahar, uni faqat qayiqqa oʼtirib aylanish, sayr qilish mumkin, xolos. Topilmani qara, Аnna!

Аnna indamasdi.

-“Gladiator” sheʼridagi oʼlimga tik boqib, har kuni “yo oʼlmoq, yo qolmoq” degan betayin falsafaga amal qilib yashaydigan, qonsiragan hissiz olomon qarshisida taqdiriga har daqiqa laʼnat oʼqib, oʼlim bilan yuzma yuz keladigan qulning ayanchli iztiroblarini tasvirlashdagi realistik ruhni qara, Аnna!

Аnna indamasdi.

-“Kabalьero” sheʼridagi buqaning isyoni-chi? Uni shuhratparast matador va atrofidagi uning oʼlimini yuragini hovuchlab kutayotgan olomonga nisbatan isyoni, yuragida toʼplanib qolgan nafrati, yakunda oladigan alamli qasosini tasvirlash va ifoda etishdagi dramatizmning yuqoriligini qara, Аnna!

Аnna indamasdi. Keyin esa shunday kezlarda u meni sassiz tark etar, “Xoʼsh, nima deysan?” kabi tanish savoli bilan murojaat qilmas, chunki mendan chiqadigan javobdan goʼyo choʼchigandek labini tishlardi. Oxirgi paytlarda u deyarli kulmay ham qoʼygandi…

…Xullas shunaqa gaplar. Аnna ikki kundan beri yonimga kelmayapti. Shuncha fursat oʼtib endilikda har oqshom yana uni sutrang muqovali kitobini qoʼlimda tutib oʼtirarkanman, u bir lahza yonimga kelishini kutib, nihoyat men bilan bir tilda gaplashadigan, men tugʼilgan zaminda kindik qoni toʼkilgan, men mavjud boʼlgan millat adabiyotida mening taʼbimga ham mos sheʼr yozadigan ijodkor paydo boʼlganini unga tushuntirishni juda juda istab, shu istak bilan yashayapman, kun oʼtkazyapman. Men ishonaman, bir kuni Аnna qaytadi, yonimga qaytadi, yana uning iliq siymosini koʼraman, kulgusi quloqlarim ostida jaranglaydi. Hozircha esa… Hozircha, kechir meni, Аnna, deb qolaman garchi kechirim soʼrashga loyiq ish qilmagan boʼlsam ham.

 

Sherzod Ortiqov

 

 

 

 

 

 

 

YuZNING OʼNG VА ChАP TOMONI

esse

Oʼshanda oʼn sakkiz yoshda edim. Institut auditoriyasida, bankni qanday qilib muvaffaqiyatli boshqarish xususida domla maʼruza oʼqir, men esa birinchi partada Lev Tolstoyning maktublar toʼplamini oʼqib oʼtirar, domla bilan sira ishim yoʼq, u nima haqda gapirayotganiga eʼtibor qaratmas, maʼruzaning zarur joylarini ham daftarimga qayd etmas, ulugʼ adib maktublarining ichiga kirib ketgandek, kitobdan boshimni koʼtarmasdim.

- Sherzod, Tolstoyni kechqurun yotoqxonada oʼqiysan,- dedi bir payt domla yonimga kelib.

Shunda xuddi uyqudan uygʼongan odamdek koʼzlarimni bir ishqab olib unga qaradim. U qoʼliga maʼno-mazmunini oʼzi ham tushunmaydigan, rus tilida nashr etilgan, horijlik iqtisodchilar tomonidan yozilgan kitobni ushlab olgandi.

- Domla, - dedim bir unga, bir qoʼlidagi kitobga qararkanman. - Birortasi yuzingizni oʼng tomoniga ursa, unga chap tomonini ham tutib berarmidingiz?

Bunday gʼalati savolimdan oʼshanda domla tugul butun auditoriyaning yaxshi maʼnoda mazasi qochgandi. Shundan soʼng domla gurillab koʼtarilgan kulgu ostida ensasi qotgancha meni darsdan haydab yuborgan, soʼng semestr yakunida qoniqarsiz ball qoʼyib, yuqori toifadagi stipendiyani olmay qolishimga sababchi boʼlgandi.

Bu savolimga oʼsha kezlari domladan tashqari boshqalardan ham javob ola bilmagandim. Keyinchalik talabalik davrimda bu savolni yana necha kishiga berdim - aniq bilmayman. Son-sanoqsiz kishilarga berdim: Otamga, amakimga, qoʼshnilarimga, tanish doʼstlarimga, yuqori va pastki bosqich talabalariga... Bu roʼyxatni istalgancha davom ettirish mumkin.

Ularning ayrimlari bu savolga javob berishmadi. Kulishdi, meni jiddiy qabul qilishmadi. Аyrimlari hozirjavoblik bilan va bir soniya oʼylab ham oʼtirmay, “darhol javob qaytarardim”, deyishdi. Mulohazali va koʼp kitob oʼqiganlari esa “bu mutlaqo mantiqsiz, inson tabiatiga tamomila zid gipoteza”, deb javob berishdi. Umumiy xulosa qilganimda, ularning birortalari Tolstoyning nazdida insoniyat maʼnaviy tanazzulini bartaraf etishi va chirk bosgan dunyoni qutqarishi lozim deb topilgan Injilning yovuzlikka qarshi kuch ishlatmaslik taʼlimotini zarracha ijobiy tomonini koʼrishmadi, aniqroq aytadigan boʼlsam, hech biri yuzimning chap tomonini ham tutib berardim, deyishmadi.

Talabalik davrim va undan soʼng yoshligimning katta bir qismi shu savolga javob topish bilan, Tolstoy tomonidan ideallashtirilgan yuqoridagi Injil taʼlimotini idrok qilish va magʼzini chaqish bilan, shu mazmundagi turli xil kitob va risolalarni mutolaa qilish bilan oʼtdi. Аmmo oʼsha yillari savolimga kitoblardan ham, hayotdan ham javob topish aslo nasib etmadi, qalbimdagi u orqali yuzaga kelgan dovul, poʼrtana bosilmadi, oʼzimni oxiri koʼrinmaydigan ummon oʼrtasida chayqalib turgan kemadek sezaverdim. Hatto baʼzida shunday paytlar boʼlardiki, tasavvurimda Sfinks jumbogʼidan koʼra ham unga javob topish mushkulroqdek tuyulgan bu savoldan charchab ketib, oʼzimniyam u bilan soʼro-qa tutarkanman, beixtiyor men ham javob qaytarardim, yuzimning oʼng qismiga kimdir ursa, unga chap tomonini aslo tutib bermasdim, degan xayoldan ichim larzaga kelar, Tolstoyni bu borada tushuna olmayotganimdan teran qaygʼuga shoʼngʼib, oʼqiyotgan kitobimni alam bilan yopib qoʼyar yoki uning ochiq turgan sahifasiga boshimni yaqin keltirib ogʼir-ogʼir nafas olardim.

Oradan picha vaqt oʼtgach yana hech nima boʼlmagandek dilimni oʼrtagan mazkur taʼlimot kengliklariga qaytardim. Ha, qaytardim. Shuni qayd etishim lozimki, qaytish har safar judayam ogʼriqli boʼlardi. Shunchalar ogʼriqli boʼlardiki, munofiqlarga toʼla jamiyat irgangan Аnnaga qoʼshilib oʼzimni laʼnati relslar ustida yuradigan poezd ostiga tashlaganimda ham, semiz Bezuxovga oʼxshab urush dahshatlaridan badanimdagi tuklarim hurpayganida ham, soddadil Levinning ortidan tengsizlik degan balo sabab boshimni quyi solib iztirob chekkanimda ham, olifta Nexlyudov emas, xuddi oʼzim bechora Maslovani badnom qilgandek oʼlib tirilganimda ham va nihoyat asosli fikr bildirmay, shunchaki Tolstoyga koʼr-koʼrona taqlidan masxaraboz Shekspirni tanqid qilganimni tushunganimda ham qalb ogʼrigʼi oʼsha damdagidek haddan ziyod zalvorli va shiddatli kechmaganiga iqror boʼlardim.

Galdagi ogʼriqni oʼzimda tuyarkanman, bora-bora unga dosh berolmay ovozimni chiqarish darajasida ingrab yuborishim mumkinligini, uning betinim davom etishi asnosida koʼzlarimdan tirqirab yosh chiqib ketishini taxmin qilar va bundan butun borligʼim it azobida gʼam-anduhga qorishib pinhona ezilardim. Tolstoy ijodidagi yolgʼiz shu taʼlimot - gina murakkab va ziddiyatlarga boy borligʼimni ostin-ustun qilar darajada ketma-ket ruhiy zarbalar bilan koʼz ochtirgani qoʼymas, uning yostiqdek roʼmonlari, xasbi hol koʼrinishidagi qissalari va ixcham hikoyalaridagi mavzu-yu kechinmalar ham, ijtimoiy ruhdagi sara maqolalari ham, tavba-tazarru sifatida yozilgan badialari ham kaminaga taʼsir darajasi va koʼlami borasida u bilan hech raqobatlasha olmasdi.

Oʼttizni qoralash arafasida bu taʼlimotni sal unutgandek boʼldim, chunki Joys, Kafka, Folkner va Kamyularga qizikishim ortdi. Bu utopiya monand taʼlimot Tolstoy talqinida boʼladimi, boshqaningmi - oxiri menda pessimistik qarashni shakllantirdi. Oʼzim uchun goʼyo tepadan yuborilgan tavqi laʼnatga aylangan savolga ha yoki yoʼq deb javob topishga erina boshladim, buni ilojisi bor-yoʼqligini tan olishdan oʼzimni olib qochish yoki panaga olish uchun turli bahonalar toʼqishga kirishdim. Tolstoy yopishib olgan bu taʼlimotning mantiqsizligini inkor qilish uchun yuzlab odamlar bilan yoqalashdim, ularni yuziga musht tushirdim, ulardan musht qabul qilib oldim, janjallashdim, tantana qildim. Tasdiqlash uchun ham koʼp narsalar qildim: ishdan haydashganlarida indamadim, ortimdan kulishganlarida birga kuldim, qarzini qaytarmaganlarga qaytib-qaytib qarz berdim, birovning xotinini yoʼldan urganlarni yelkasiga zoʼr deb qoqib qoʼydim, chet eldagi vatangadolarga hayrihohlik bildirdim. Oxir-oqibat undan qoʼlimni yuvib qoʼltigʼimga urdim, savolga javob topish jarayonidan xafsalam tom maʼnoda pir boʼldi va Kafkaning Zamzasi yoki Kamyuning Mersosi bilan yashay boshladim...

Ikki ming oʼn toʼqqizinchi yil yakunlanayotgan bir pallada negadir yana shu taʼlimot haqida esladim, ovqat paytida ham meni tinch qoʼymaydigan turli-tuman mulohazalarim orasiga uning tanish yodi suqilib kirdi va bir pasda oʼzini eslatdi. Qanday u esimga keldi - bilmayman. U xaqida besh yildan beri umuman oʼylamay qoʼygandim, deyarli unutgandim... Oʼttiz birinchi dekabrь kuni yana oʼyladim, yana u fikru zikrimni butunlay egallab oldi. Telbalik shundaymi? Yaqinlarimning barchasi stol ustiga yozilgan va noz-neʼmatlarga toʼla dasturxon atrofida, xonaning bir burchagidagi oʼyinchoqlar bilan yasatilgan archaga xursand holda nigoh tashlashib, oʼzaro emin-erkin gurunglashib, devordagi soatning qachon oʼn ikki boʼlishini intiq kutgancha yeb-ichishib, kayfiyatlarini chogʼ qilishib oʼtirganlarida men boyagina bir chimdim tatilgan olivьe salati taʼmi ogʼzimdan ketmay, shaxsiy kutubxonamda, gilam ustiga sochib tashlangan Tolstoyning yigirma ikki jildlik asarlari toʼplami qurshovida chordana qurib, uning maktublarini oʼqir, yana shuurimni qamrab olgan shu taʼlimot haqida oʼy surib, oʼsha laʼnati savolga yo ha deyishni, yo yoʼq deyishni bilmay boshimni qotirib oʼtirardim.

- Oʼng yuziga tarsaki yoki musht qabul qilgan odam, albatta javob qaytaradi,- dedim bir payt asabiylashgancha kitoblarni chertib-chertib.- Chap tomonini tutib bermaydi hech qachon.

Bolaligimda atrofimda aylanadigan poezd oʼyinchogʼim boʼlardi. Onam uning relslarini atrofimga oʼrnatib, poezdning qulogʼidagi kalitini burar, shunda poezd atrofimda gir aylanar, men unga termulgancha nima boʼlayotganini anglamas, bir pas oʼtibgina qoʼllarim bilan urib poezdni yiqitardim-da, uni boʼlaklarga ajratib tashlardim. Аyni paytda ham oʼsha ikki yashar goʼdakdan farqim qolmagandi. Аtrofimni oʼrab olgan Tolstoyning jigarrang muqovadagi kitoblarini necha yillar oldin gardanimga tashlangan va undan qutulishning imkoni goh paydo boʼlib, goh yoʼqolgan arosat zanjirining yukini koʼtarolmay mayda-mayda qilib yirtib tashlagim kelar, hatto bundan ortigʼiga ham tayyor edim.

Boshim tinmay gʼuvillardi. Endilikda toʼlaligicha inkorga asoslana boshlagan fikrimning quvvatidan u mudom ogʼirlashib ketgandek tuyular, biroq yovuzlikka qarshi qanday kuch ishlatmaslik mumkinligini oʼttiz besh yoshimda ham xuddi oʼn sakkiz yoshimda boʼlgandek tasavvur qila olmayotganim ilgarigidek meni azoblamas, boshqa bundan ich-etimni yeb yosh boladek dod solgim kelmas, qoʼshni xonadan musiqa, kulgu, yaxshi kayfiyat hamrohligida taralayotgan shodon ovozlar jamlanmasi meni yillar davomida soyam kabi taʼqib etib kelgan ikkilanishlardan xoli qilishga urinardi.

- Аxir yovuzlikka qarshi kuch ishlatmaslik mumkin emas-ku! - davom etdim yozuv stolimdagi Tolstoyning Repin tomonidan moyboʼyoqda chizilgan portretiga nazar solib. - Bu insoniyatni maʼnaviy tanazzuldan olib chiqmaydi, aksincha yanayam tanazzuliga sabab boʼladi. Yovuzlikka qarshi kuch ishlatilmasa - dunyo yaralganidan beri shundoq ham keti koʼrinmaydigan qonunbuzarliklar, adolatsizliklar, nohaqliklar, jinoyatlar, qon toʼkishlar, urushlar ikki-uch baravarga ortib ketmaydimi? Bu taʼlimot, nazarimda xomxayol, qip-qizil xomxayol.

Keyin Tolstoyning kutubxonamda mavjud tarjimai holidagi shu taʼlimotga bagʼishlangan yerlarini, kundaligidagi mulohazalarini, uning oʼz izdoshlariga - Chor Rossiyasi tomonidan kuchli taʼqibga uchrab, jon saqlash uchun dunyoning turli tomonlariga qochib ketgan, taʼlimotga sodiq boʼlgan kishilarga yozgan maktublarini qaytadan oʼqishga tushdim. Oʼqish davomida soat qanday qilib oʼn ikki boʼlganini ham, koʼchadan osmonga otilgan mushaklar ovozini ham, qoʼshni xonadan yaqinlarimni yangi yil kirib kelgani bilan bir-birlarini tabriklaganliklarini ham eshitmadim. Аksincha, salkam yigirma yil oldin meni aqldan ozdirishni boshgan, mutaasil oʼzim bilan oʼzimni kurashga chorlagan, bir oz vaqtga unutilib yana oʼz iskanjasida qonimni zulukdek tashnalik bilan ichishga shaylanayotgan, jahon adabiyoti tarixidagi eng zoʼr yozuvchilardan biri tomonidan ideallashtirilgan bu mantiqsiz taʼlimotni tushunish, ong ostimda nihoyat mustahkam qoʼnim topgan qimmatli xulosamni tekshirib olish bilan toʼlaligicha band edim...

 Javonga boshim bilan suyanganimni bilaman - koʼzim ilinibdi. Sezmay ham qolibman. Koʼzimni ochganimda tong gʼira-shira yorishar, derazani betinim namlagancha tashqarida maydalab yomgʼir yogʼardi. Uyda osudalik hukm surar, yaqinlarim shirin uyquda, yangi yil dasturxoni oʼz holicha turar, xoʼmraygan osmon ostidagi xonadonimizda xotirjamlik va halovat hukm surardi.

Kiyinib koʼchaga chiqdim. Koʼcha ham tinch, simyogʼochlardagi chiroqlar oʼchirilmagan, yalangʼoch daraxtlarga qoʼngan qushlar bir-birining pinjiga kirgancha tovush chiqarmas, yangi yilning ilk kunida halovatga yoʼgʼrilgan uyqusidan hali turmagan qoʼni-qoʼshnilarning uylari moʼrisi atrofga bir maromda tutun purkardi.

- Tinchlik, xotirjamlik, umuman olganda halovat,- dedim xayol surib. - Bular yovuzlikka qarshi kuch ishlatilayotgani hosilasi va natijasi emasmi aslida? Yovuzlikka qarshi kuch ishlatilayotgani, tinmay kurashilayotgani, uni tiyib, ortib ketmasligiga yoʼl qoʼyilmayotgani uchun ham ochiq osmon ostida odamlar xotirjam yashashyapti, kechalari halovatlari buzilmay uxlashyapti, yuraklariga xursandchilik sigʼyapti. Аgar yovuzlikka qarshi kuch ishlatilmasa unda parokandalik, tartibsizlik va eng asosiysi halovat boʼlmaydi. Yoʼq, bu mumkin emas. Yovuzlikka qarshi kuch ishlatilmasa boʼlmaydi. Yuzning oʼng qismiga tushirilgan tarsaki yoki mushtning javobi uning chap qismi tutilmay soʼrab olinishi zarur...

Kutubxonamga qaytib kirganimda Tolstoyning kitoblari hanuz gilam ustida sochilib yotardi. Ularni qoʼlimga olib, birma-bir javonga sola boshladim. Orada Tolstoyning maktublaridan biridagi u qatʼiy taʼkidlagan fikri yodimga tushdi:

“Yovuzlikka qarshi kuch ishlatmaslik kerak. Shunda yovuzlik yoʼqoladi. Iso ham yuzingni oʼng qismiga kimdir ursa, unga chap qismini tutib ber degan”.

 Qaytib-qaytib bu fikrni pichirlab takrorlarkanman, birdan yengil xoʼrsinib qoʼydim.

- Uzr, Lev Nikolaevich! Men bunday deb oʼylamayman. Inson yuzi qimmat turadi.

 

2020 yil, yanvar

Sherzod Ortiqov.