Bekatga uchinchi marta avtobus kelib to‘xtadi. Unga chiqmadim. Joyimdan jilmay o‘tiraverdim. U yo‘lovchilarni bag‘riga oldi-da, bekatni shipshiydam qilib, eshiklarini taraq-turuq etib yopgancha jo‘nab ketdi. Yana bir o‘zim, yolg‘iz qoldim. Atrofga dekabrning etni savalaydigan, izg‘irinli oqshomi cho‘kishga chog‘lanar, kulrang tusgan kirgan osmon borgan sari qorayib borayotgandek tasavvur uyg‘onardi.
Tusini o‘zgartirayotgan osmon bilan o‘zimni chalg‘itolmay, qo‘limdagi ikki cheti bog‘langan qalin papkaga qaradim. Yo‘q, qaramadim. Uni qo‘limda turgani esimga tushib ketib, toliqqan ko‘zlarim bilan unga termuldim. Uni avaylab ocharkanman, ozg‘in qo‘llarim titrar, parokanda bo‘lgan dilimda uni ochma degan dilgir o‘y charxpalakdek aylanar, shundanmi ochaymi-ochmaymi deb avvaliga rosa ikkilandim. Oxiri, baribir ochdim. Uning ichiga tartib bilan joylashtirilgan, oq qog‘ozga tushirilgan, sanalari birma-bir qo‘yilgan she’rlarim u yerdan yana menga o‘zlarini namoyon qilishdi.
Afsuski, ularga besh daqiqa ham tikilib turolmadim. Asabiylashib ketdim, boshim qaqshab og‘riy boshladi va shartta papkani yopib qo‘ydim. Bu bir lahzalik hatti-harakatimda inson temperamentining barcha salbiy unsurlari - alam ham, nafrat ham, qayg‘u ham o‘z ifodasini topgandi. Papkani yopgach, uni ortiq qo‘limda ushlab tura olmadim. Og‘irlik qildi. Aftimni burishtirgancha uni yonimga qo‘ydim-da, sovuqdan tarasha qotgan qo‘llarimni xuddi tok urgandek undan tortib, eskirib ketgan paltomning ichiga tiqib oldim. Bir muddat shunday, hech nimani o‘ylamay, garangsib o‘tirdim. 
Toliqish natijasida qizarib ketgan ko‘zlarim vaqt o‘tib, bekat ro‘parasidagi yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarga qadaldi, aniqrog‘i beshinchi qavatning o‘rtasidagi chiroyli ravoni ko‘zga tashlanib turgan xonadondan ularni uzib hech qayerga qaramadim. Ko‘zimni uzmay o‘sha yerga dadil tikilar ekanman, hozirgina o‘sha chiroyli ravonli xonadondan kayfiyatim buzilib, odamlarga bo‘lgan nafratim yanayam kuchayib, dunyoga o‘t qo‘yar darajada o‘zimni abgor his qilib chiqqanimga sira ishongim kelmasdi...
...Ertalab universitet auditoriyasida navbatdagi ma’ruza o‘z yakuniga yetgach, dugonam Mohiraga suyunib, “ustoz Malik Samad she’rlarimni tahrir qilib, so‘z boshi yozib nashriyotga berarkan”, deganimda:
−Xonadoniga taklif qildimi?- dedi u negadir.
−Ha, shunday- dedim javoban. - Birga tahrir qilamiz she’rlaringni, ma’qul kelsa nashriyotga so‘z boshi yozib topshiraman, dedi.
U boshqa gapirmadi. Nimadir deyishga og‘iz juftladiyu, ammo qo‘l telefoni jiringlab mendan nari ketdi. Auditoriyani tark etish maqsadida daftar va kitoblarimni charm sumkamga solarkanman, ko‘tarinki kayfiyatimga hech nima soya sololmasligini his qildim. Men xursand edim. Nihoyat, mening ham kitobim chiqadi degan o‘y go‘yo menga bir juft qanot bergandek osmonlarda tentirab uchardim. Ozg‘im qulog‘imda edi, qo‘shiq xirgoyi qilardim. 
Ustoz tushdan so‘ng xonadoniga kelishimni aytgandi. Arzon oshxonada tushlik qilib olgach, u yerga borish uchun avtobusga chiqdim. Ustozning xonadoni Yunusobodda joylashgan ekan. She’rlarim jamlangan papkani qo‘ltiqlab, yo‘l bo‘yi avtobus ichida xursandchiligim yanada ortib ketdim. Ko‘z oldimdan tez orada nashrdan chiqish ehtimoli ortgan kitobim, uning jimjimador va go‘zal muqovasi, katta taqdimot marosimi, kitobim haqida fikr bildirayotgan kitobxon va adabiyotshunoslar, o‘quvchilarga dastxat ulashayotganim birma bir o‘tdi. Qiziq, kitobim necha sahifali bo‘larkin, deb o‘yladim orqada qolayotgan teleminorani kuzatib qolarkanman. Menimcha, bir yuz yigirma yoki bir yuz o‘ttiz sahifali bo‘ladi, har holda shundan o‘tmasa kerak, dedim hech qancha o‘tmay she’rlarimning taxminiy hajmini o‘zimcha chamalab. Muqovasining dizaynini tanlashni o‘zimga qo‘yib berishsa zo‘r bo‘lardi, o‘zim tanlardim, she’rlarimning ruhiga mos suratlarni axtarib eng munosib keladiganini, she’riyat olamimni ochib beradigan tasvirdagisini topardim, dedim avtobus navbatdagi bekatda to‘xtagach. Orada kitobim qattiq muqovali bo‘larmikin yoki yumshoqmi, deb boshim qotdi. Ko‘p o‘tmay, taqdimot marosimiga kimlarni taklif qilsam ekan, degan boshqa bir o‘y ong ostimdan mo‘raladi. Keyin Mohirani, o‘zimdan katta shoirlarni, universitetdagi do‘stlarimni va ustozlardan bir-ikkitasini taklif qilaman, taqdimot marosimi Milliy kutubxonada tashkil qilinsa ajoyib ish bo‘lardi, bu mening azaliy orzum, deb birin-ketin shirin xayollarga berildim. Xayolimda shu kitobim bilan bog‘liq epizodlardan iborat bo‘lgan mitti spektaklni sahnalashtirdim. Bu xayolimdagi spektaklda xuddi teatrda qo‘yiladigan spektaklga o‘xshab, tomoshabin qarshisida turgandek qarshimda turgancha Mohira, kursdoshlarim, adabiyotshunoslar va eng asosiysi qalbi daryo, beminnat ustoz Malik Samad badiiy asarning monologini o‘qiyotgan aktyorlardek dona-dona qilib kitobim haqida iliq fikr bildirishar, men tomonga tabriklar yo‘llashar, ularning fikrini men go‘yo aniq-tiniq eshitayotgandek lablarimda tabassum jilvalanib ketardi. Qo‘llarim esa tez-tez qimirlar, ularda o‘zimni o‘quvchilarga dastxat ulashayotgandek sezardim. Hatto, kitobimning hidini tuygandek, undan mast bo‘lgandek ham bo‘lardim va nogahon bir-ikki chuqur-chuqur nafas olib, entikib qo‘yardim. 
Yo‘lning yarmida navbatdagi bekatdan chiqqan qari kampirga joy bo‘shatgach, qolgan masofagacha tik oyoqda ketdim. Ortda qolayotgan osmono‘par binolarni, befarq odamlarni, aqldan ozgan mashinalarni kuzatib qolarkanman, ularga yuzaki e’tibor berardim, xolos. Men o‘zimda emasdim. Ko‘nglim tog‘day ko‘tarilganidan undagi yillar davomida to‘planib, po‘panak bosib ketgan g‘uborlar tarqab ketgandek tuyular, o‘zimni bundan ming chandon yengil va poklangandek his qilardim. Hatto, yuragimning qay bir burchida qolib, tog‘dek uyumga aylangan alamlarni ham unutgandek o‘zimdan ajablanar, shuningdek qarshimda ochilishga shay turgan ijodiy iqbolga to‘la yo‘lakka bor kuchim bilan talpinar, nihoyat porlashning uddasidan chiqadigan yulduzimni kunduzi bo‘lsa-da osmondan qidirib charchamasdim. Bundan tashqari meni yillar davomida haddan tashqari chuqur qayg‘uga solgan ko‘p ko‘ngilsiz xotiralarni, voqea-hodisalarni, cheklangan va tor tasavvurlari, sub’ektiv xulosalari va qalblaridagi befarqlikning ayanchli ko‘rinishi bilan yuragimga cheksiz og‘riqlar solib, uni chandiqlarga to‘ldirib tashlagan odamlarni yo‘l bo‘yi birin-ketin kechirib borardim. Hammani kechirib borardim –allaqachon shaffoflikdan chetga chiqib ulgurgan va ona suti ozg‘idan ketmagan, galyutsinatsiya kasalligiga chalingan qizaloqlarning mukofotiga aylangan, menga har gal loaqal qancha ball to‘plaganimni aytishni ham ravo ko‘rmaydigan o‘sha adabiy mukofot xay’atidan qolgan dilimdagi chuqur jarohatni ham, she’rlarimda zamonaning ruhiga aylangan maddohlik va ko‘tarinkilik sindromini, she’riyat deganda ayni kunlarda urfga aylangan tashbehlar-u pafosni topolmay “Birinchi kitobim” loyihasiga meni kiritmagan uyushmaning ulug‘vor a’zolarini ham, she’rlarim nega rad etilganining sababini bir og‘izgina so‘z bilan aytishni-da o‘ziga or deb bilgan nufuzli jurnallar tahririyatlarini ham, tokchasida chang bosib yotgan qo‘lyozmalarimni uch-to‘rt yil ichida bir marta bo‘lsin varaqlab ko‘rmagan, mashhur va nomi chiqqan ijodkorlarni asarlarini qaytib-qaytib nashr qilishdan hecham zerikmaydigan nashriyotlarni ham, she’rlarimni chet elda chiqartirish evaziga menga o‘zi bilan nikohsiz yashashni taklif qilish darajasigacha borgan xususiy adabiy agentlik muassislarini ham – hamma hammani ich-ichimdan kechirib borardim. O‘zimga o‘zim bo‘ldi, ularni unut, qarshingda turgan saodatli kelajakka nazar sol va olg‘a qadam tashla, degancha avtobus ichida tik oyoqda, chayqalib borardim. Qo‘ltig‘imda esa yetti yillik mashaqqatli mehnatimni o‘z ichiga olgan she’rlarimga to‘la papka qistirilgan holda ketar, u esimga tushsa xiyol shodlanib jilmayib qo‘yar va u xuddi yerga tushib ketadigandek uni mahkam tutib olardim. 
Ustozning xonadoniga yetib kelganimda ham, eshik ko‘ng‘irog‘ini chalayotganimda ham, ustozning o‘zi eshikni ochganida ham shu ajib hissiyot meni tark etmadi.
−Assalomu alaykum, ustoz!- dedim uni ko‘rishim bilan shosha-pisha.
Ustoz Malik Samad egniga erkaklar xalati kiyib olgandi. Soqolini yangitda olgan shekilli, undan astoydil surtilgan odekolon hidi anqir, lablaridagi sigaret burqsib atrofga tutun purkardi. U bo‘sag‘ada meni ko‘rib, qo‘llari bilan ichkariga taklif qildi. Sekin kirdim. Papkadagi she’rlarimni go‘yo yo‘qotib qo‘yadigandek hanuz qo‘ltig‘imga qistirib olgandim. 
−Umida,- dedi ustoz ichkariga kirganimdan so‘ng yonimga kelib.- Xona issiq, paltongni yechib qo‘y. Kel, men yordamlashaman.
U paltomni yechishga yordamlashdi. Keyin uni yo‘lak devoriga o‘rnatilgan ilgichga joylashtirdi. Bu orada men yo‘lakda turgancha eshigi lang ochiq xonani ko‘zdan kechirdim. Aftidan, bu xona ustozning ish kabineti edi. Uning devorlariga taniqli yozuvchi va shoirlarning portretlari ilingan, burchakdagi katta javonda turli xil muqovadagi kitoblar tartib bilan joylashtirilgan, deraza oldidagi emandan tayyorlangan naqshinkor stol ustida qo‘lyozma va daftarlar uyulib yotar, uning chetida qaysidir yozuvchining gipsdan tayyorlangan byusti turardi. Deraza tokchalariga bir-biriga yaqin masofada joylashtirilgan tuvakdagi gullar uning pushti rang va harir pardasi ortidan kirgan odamga mo‘ralar, shiftdagi sariq rangli qandil chiroq yorug‘ida tilladek tovlanar, dengiz manzarasi tushirilgan kattakon kartina og‘irligi sabab nafis gulqog‘oz yopishtirilgan devordan ipi uzilib yerga tushib ketadigandek, ostona hatlagan odamni bir zum xavo-tirga solardi. 
−Qani, o‘tir-chi,- dedi ustoz ortimdan xonaga kirgach.- Papkangni stol ustiga qo‘y!
Men xonadagi stullardan biriga omonatgina cho‘kdim. Ustoz stoliga joylashgach, ko‘zoynagini taqib, papkamni qo‘liga oldi va uni ochib varaqlab chiqdi.
−She’rlaring buncha ko‘p,- dedi qog‘ozlarga bitilgan she’rlarimni birma-bir qo‘liga olib, burni ostiga yaqinlashtirib ularni ko‘zdan kechirarkan. – Ko‘pi tushkunlik ruhida yozilgan ekan. Ha, shunday. Hatto, mana bu bahor haqidagisi ham. Bahorda tushkunlikka nima bor? Bahor yasharish fasli-ku! Boychechak, gullagan o‘rik, navro‘z, sumalak odamning kayfiyatini ko‘tarmaydimi?
Uning gaplari ko‘tarinki kayfiyatimga bir oz soya solgandek bo‘ldi. Chunki u ham uyushma, jurnal va nashriyotlar tomonidan bildirilgan xulosa va munosabatni ko‘rsatishga taraddud ko‘rayotgandi nazarimda. Shunga qaramay umidimni uzmay va ruhan cho‘kmay o‘tirishga intilardim. 
−Juda tushkun yozarkansan,- dedi Malik Samad davom etib.- Seni yoshingda inson o‘ynab-kulib yashashi, hayotning yorqin tomonidan bahramand bo‘lishi, rohatlanib yashashi kerak. Endigina yigirma to‘rtga kirding, adashmasam... Qolaversa, tushkun ruhdagi she’rlarga hozir bizda zarurat yo‘q. Adabiyotimiz yangi qon bilan sug‘orilyapti. Kundan kunga. 
−Bayron, Axmatova, Posvyatovskayalar ham tushkun ruhda yozishgan,- dedim haddim sig‘ib unga e’tiroz bildirarkanman.- Ularni hozir tinmay tarjima qilib, jurnal va gazetalar sahifalarini to‘ldirib yotishibdi-ku, ustoz! Qolaversa, jahon adabiyotida dekadentlik degan adabiy oqim bor... Bu oqim tushkun tasavvurga asoslanadi. Siz ham yaxshi bilasiz bu haqida. 
−Hech qisi yo‘q,- dedi u qo‘llari bilan tinchlan degandek ishora qilib.- Seni she’rlaringni ham nashr qilishning ilojini topamiz. Bir yo‘li bordir, axir!
U shunday deb erinibgina o‘rnidan qo‘zg‘aldi. 
−Asabiylashib o‘zingni urintirma! Aslo, bunday qilma! Undan ko‘ra oynaga bir qara. Bay-bay-bay... Sen juda chiroylisan, ustiga ustak yoshsan. Xuddi shunday. Jilla qursa, o‘zingni meni nigohim bilan ko‘rgin. Bir marta... Ko‘zlaring ohuniki kabi boqadi-ya sokin va dilni nozik qitiqlab. Uzun va timqora sochlaringga qarab turib shamolning rasmini qanday chizardim agar bo‘lmaganda seni sochlaring degim keladi, mashhur shoirga o‘xshab. Hatto, egningdagi to‘q qizil ko‘ylaging ham qomatingga xo‘b yarashgan. Qomating haqida esa gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Juda xipchabel va ko‘rkamsan. 
U qo‘lidagi papkani stol ustiga qo‘yib, asta yonimga yaqinlashdi. 
−Bilaman, yosh qizlarda tushkunlik ko‘proq baxtsiz yoki javobsiz muhabbat bois yuzaga keladi. Erkaklar hozir hissiz-da, bilib-bilmay shunaqa ta’sirchan qizlarning ko‘nglini yaralab qo‘yishadi. Bu albatta ularga yomon ta’sir qiladi, ular tushkunlikka tushib, so‘ng undan chiqishga qiynalib yashay boshlashadi. Agar tushkunlik ta’siriga tushgan qiz shoir bo‘lsa, urdi xudo deyaver. Sho‘rlik darrov shunaqa tushkun she’rlar yozishga tushadi xuddi sen kabi. 
U yelkamga qo‘lini qo‘yib, menga diqqat bilan tikildi. 
−Vaholanki, tushkunlikdan chiqishning yo‘li oson. Bu vaziyatda har qanday insonning yonida uni bu balodan olib chiqadigan kishisi bo‘lishi kerak, bo‘lganda ham ishonchli, sadoqatli va g‘amxo‘r do‘sti bo‘lishi kerak. 
Men vaqt o‘tib o‘zimni g‘alati seza boshladim. Uni nima deyayotganini hech tushunmasdim. Gaplarini o‘zimcha tahlil qilishga urinsam-da, tezda bosh-uchini yo‘qotib qo‘yardim, chunki u menga mutlaqo tushunarsiz so‘zlarni marjon kabi ipga tizish bilan ovora edi. Uning hamon yelkamda turgan qo‘li og‘irlik qilsa, undan anqiyatgan odekolon aralash tamaki hidi ko‘nglimni ozdirardi. 
U orada bir-ikki xo‘rsinib qo‘ydi-da, qo‘llarini bir-biriga ishqalaganicha qo‘shni xonaga kirib ketdi. U yerdan bir shisha sharob va ikkita piyola olib chiqdi. Shishani ochib piyolalarga sharobdan quydi.
−Ol buni,- dedi ulardan birini menga uzatib.
Men boshimga xuddi kimdir gurzi bilan urgandek chayqalib ketdim, lekin o‘zimni qo‘lga oldim.
−Men ichmayman, ustoz,- dedim boshimni quyi solgancha arang pichirlab.
−Unda men ham ichmayman, -dedi u qo‘lidagi sharob to‘la piyolani yozuv stoli chetiga namoyishkorona qo‘yib, tantanali ohangda. 
Keyin u sharob shishasini chertib-chertib gapira boshladi.
−Sen o‘z ruhiy holatingni tubdan o‘zgartirishing kerak. Senga hayotning go‘zalligini, uning rang-barang manzaralarini ko‘rsatadigan, tajribali inson kerak. U yoningda bo‘lsa ishonamanki, ajoyib va ko‘tarinki ruhdagi she’rlar ham yoza boshlaysan. Qarabsanki, keyin jurnallar ham, nashriyotlar ham senga e’tibor qaratishadi. Uyushma ham. Hatto, vaqti kelib katta shoir bo‘lganingda uyushma senga ham xuddi menga bergandek imtiyozlar beradi. Ijod qilishing uchun qo‘shimcha mana shunaqa alohida uy beradi, Do‘rmondan ijod xonasi ajratadi, har yili respublikadagi nufuzli sihatgohlarga sog‘lig‘ingni tiklashing uchun yo‘llanmalar beradi... Muhimi, shunaqa insonni, to‘g‘rirog‘i do‘stni o‘z vaqtida uchratish. Uni taqdir senga ro‘para qilishida gap ko‘p. Yana... yana uni o‘zingga qay darajada yaqin tutishingda ham.
Hamon boshimni quyi solib, og‘zimga tolqon solgandek indamay o‘tirganimni ko‘rib u kelib yonimga o‘tirdi. 
−Shunday chiroyli qizga yarashadimi tushkunlik? – dedi yana yelkamga qo‘lini qo‘yib.- Xo‘sh, do‘stlashamizmi? 
Bir oz o‘tib u endi bir qo‘li bilan yelkamni uqalab, ikkinchi qo‘li bilan bilagimni silay boshladi. Avvaliga mayinlik bilan, keyin qabariq qo‘llari tanam uzra qattiq-qattiq botgancha. 
−Chegara butunmi?- so‘radi u bir mahal pishillab nafas olarkan.
Men boshimni quyi solgancha o‘yladim: Qanaqa chegara? U nimani nazarda tutyapti o‘zi? Dastlab go‘l, qishloqi, sodda qizligimga borib u nimani nazarda tutganini tushunmabman. Tushungach, ro‘paramdagi sharob to‘la shishani olib uni boshiga tushirib yuborishdan o‘zimni arang tutib qoldim. 
−Ustoz,- dedim taranglashgan asabimni bazo‘r jilovlab, uning qo‘llarini yelkam va bilagimdan shoshilib olarkanman.- Men sizni nabirangiz qatoridaman, to‘g‘rimi?
U o‘ziga qaratilgan darg‘azab nigohimni ko‘rib va tomdan tarasha tushgandek bergan savolimni eshitib, to‘satdan jiddiy tortdi-da, ichida bir nimalar deb g‘o‘ldiradi. Ko‘pincha noqulay ahvolda qolganda u shunaqa o‘zi unutgan Xorazmcha shevasida gapirib yuborardi. Ko‘proq ma’ruza payti talabalarga biror bir narsani tushuntirolmasa yoki talabalarning mujmal savollariga javob topolmasa shu ko‘yga tushardi. 
U shu holatda yonimda ancha o‘tirdi. Men ko‘p o‘tmay o‘rnimdan turdim-da, stol ustidagi papkamni qo‘ltig‘imga qistirib xonadan chiqib ketdim. 
−Aytgancha,- dedim yo‘lakda paltomni kiygach, xonaga qaytib kirib.- Menda chegara butun. Bu chegara men uchun she’riyat ortidan keladigan imtiyoz va shon-shuhratdan ustun turadi. Tushkun she’rlarimga kelsak, meni birortasi tashlab ketmagan. Shunchaki, men hayotni shunday dunyoqarash bilan tasavvur qilaman. 
U qovog‘ini solgancha, o‘tirgan joyida qaddini g‘oz tutdi va ortimdan otdan tushsa ham egardan tushmaydigan katta shoirlarga xos bo‘lgan yasama viqor bilan qarab qoldi. 
Zinalardan asabiy holda tushayotganimda boshim aylanim ketib, joyimda bir lahza to‘xtab qoldim. Devorga suyangancha o‘zimni tutib turdim. Aks holda, chayqalib zinalar uzra dumalab ketardim. Xo‘rligim kelib yig‘lagim keldi, biroq bo‘g‘zimda shay turgan yig‘ini irodam yordamida bo‘g‘dim. Papkani yana tushib ketmasligi uchun qo‘ltig‘imga mahkam qistirib pastlashda davom etdim. Toza havoga chiqqachgina qishning sovuq nafasi dimog‘imga urilib bir oz yengil tortdim...
...Yettinchi bo‘lib kelgan avtobus eshiklarini yopib jo‘nab ketdi. Unga ham chiqmadim. O‘rindiqda sassiz o‘tirarkanman, tanam butkul sovuq qotganini sezmasdim. Aniqrog‘i, uni sezmaydigan darajada tarqoq xayollarim bilan band edim. Atrofimda esa namozshomga burkangan Toshkentning - shu azim shaharning ruhi kezardi. Bu ruhni tutib so‘roqqa tutish uchun men nuqul atrofimga alanglardim, uni har bir burchakdan izlardim, axtarardim, topa olmagach esa zada bo‘lib, baqirib dod solgim kelardi. Vaqt o‘tib, uni topa olmasam-da, u atrofimda kezib yuribdi, degan xulosaga keldim va ichimdan alamli nido otilib chiqdi:
“Toshkent – azim shahar, bu yerga seni deb kelgandim. Olis vodiydan, tug‘ilib o‘sgan qishlog‘imdan, mehribon onamning issiq bag‘ridan o‘zimni yulib, huzuringga bosh urib kelgandim. Seni onam deb, volidam deb kelgandim. Meni bag‘riga oladi, o‘gay sanamaydi, o‘ksitmaydi, boshimni o‘z onamdek mehr bilan silaydi, qo‘limdan tutadi deb kelgandim... Endi bo‘lsa charchadim, judayam charchadim. Sendan mehr kutishdan charchadim, Toshkent. Se-ni bag‘ringda o‘zimni o‘gay va begona sanashdan charchadim. Sen tarbiyalab voyaga yetkazgan, men bilan bir havoda nafas olayotgan farzandlaringni bir parcha yuragimni va pokiza hislarimni tinimsiz chavaqlab nimtalashlaridan charchadim. “Toshkentim –onam!”... Yo‘q , bunday emas. O‘sha qo‘shiq - yolg‘on qo‘shiq. Meni kechir! Sen meni onam emassan. Ona o‘z farzandini himoya qiladi. To‘g‘rimi? Himoya qiladi... Kerak bo‘lsa tish tirnog‘i bilan... Bag‘rini tutib... Jonini tikib... Nabirasi teng qizning badaniga hirs bilan tikilib, uni yelkalarini uqalab, bilagini silab, unga bo‘lmag‘ur gaplarni gapirib, uni iffati joyida-joyidamasligi bilan qiziqib, u bilan aysh-ishrat qilishni mo‘ljallayotgan, ustozlik maqomiga allaqachon tupurgan, halq ardog‘idagi munkillab qolgan chollardan uni himoya qiladi. Sen bugun meni himoya qila olmading. 
Ona o‘z farzandlarini teng ko‘radi. Ha, ha teng ko‘radi. Barchasini. Zero, u ona. Eshityapsanmi, Toshkent? Bilmasang bilib qo‘y! Teng ko‘radi, tamom vassalom. Farzandlariga rizq ulashayotganida iste’dodsiz go‘dagini sun’iy ko‘tarib, iste’dodli farzandining ketiga tepmaydi. Ona hamma farzandiga bir xil munosabatda bo‘ladi. Nomi chiqqan, mashhur farzandlarini hadeb boshini silab, nomi chiqmaganlarini o‘zidan nariga itarmaydi. U hamma farzandiga o‘z so‘zini, fikrini erkin aytishga teng imkon beradi. Ularning maddohlariga bag‘rini ochib, yurak amri bilan yashab yurganlariga bag‘rini yopmaydi. Sen meni onam emassan, Toshkent! Meni onam olis vodiyda, qishlog‘imdagi pastak, tezak tepkisini yegan devorlari bukchaygan kulbamda qolgan”.
...Bekatga yana avtobus kelib to‘xtadi. Sanoqdan ham adashib ketdim. Boya sanab o‘tirgandim. Birinchi, ikkinchi, uchinchi deb... Nihoyat, shu avtobusga chiqdim. Bekatda ortiq qola olmasdim, chunki birinchidan dekabrning qahraton sovug‘i jon-jonimdan o‘tib ketgan bo‘lsa, ikkinchidan ertaga universitetda Chingiz Aytmatov ijodi va hayotiga oid bo‘lib o‘tadigan davra suhbatiga tayyorgarlik ko‘rishim kerak edi.
Avtobusda bo‘sh o‘rindiqlardan biriga cho‘kkach, qo‘ltig‘imdagi papkamni tizzamni ustiga qo‘ydim. Oyoqlarim sovuqdan titrar, papka tizzam ustida o‘z muvozanatini saqlay olmay sezilar-sezilmas qimirlardi. Unga qarab ketarkanman, ko‘p narsalarni o‘yladim: Mayli, adabiy mukofotlar otasining sotilgan mashinasi puli evaziga yuzaga kelgan she’riy kitobchani bag‘riga bosib, maddohlik bo‘yicha ma’ruza o‘qiydigan go‘daklarga nasib etaversin - qarsak chalib yo‘limda davom etaveraman. Mayli, uyushma she’rlarimni kitob qilib chiqarish uchun loyiq ko‘rmasin - u loyiq ko‘rganlarni tabriklab yashayveraman. Mayli, qo‘lyozmalarim jurnallar tomonidan ketma-ket rad etilaversin, nashriyotlarda yillab chang bosib yotaversin - ularning sahifalarini to‘ldirayotganlarni, ular e’tibor qaratayotganlarni o‘qiyman-da, zorim bor-u zo‘rim yo‘q deb ketaveraman.
Sal o‘tib she’rlarimni ovoz chiqarib o‘qiy boshladim. Atrofimdagi kam sonli odamlarga parvo ham qilmadim. Pichirlagan ko‘yi tushkun she’rlarimni - hech kim tushunmagan, hamma rad etgan, tanamga egalik qilishni istagan odamlarnigina o‘ziga jalb qilgan, ularga menga yetishish uchun ko‘prik vazifasini o‘tashga mahkum etilgan she’rlarimni o‘qiy boshla-dim. Birinchi varaq tugab, ikkinchisi boshlandi. Keyin uchinchisi, to‘rtinchisi... 
...Siz izlab kelmang hech,
Men ham bormasman.
Sog‘insangiz, ana
kitob javoningizda
Sarg‘ayib turibdi kitobim…
Shu misralarni pichirlarkanman, endi hech qachon hech kimning kitob javonida kitobim sarg‘ayib turmasligini teran his qildim.
Bilmayman qancha vaqt o‘qidim. Har holda uzoq o‘qidim. O‘qish jarayoni-da she’rlarim nechog‘liq menga qadrli ekanliklariga ishonch hosil qildim. Va yana bitta narsani: sira boshqacha yoza olmasligimni - kollejlar, dovon-lar, temir yo‘llar, bokschilar haqida hech qachon doston va she’rlar yoza olmas-ligimni, shuningdek pafos ustun bo‘lgan, tasvir jarayoni tashbehlarga to‘-lib-toshib ketgan she’riyatga ko‘ngil qo‘ya olmasligimni tushundim...
−Ahvolingiz yaxshimi?
Boshimni ko‘targanimda ro‘paramda konduktor ayol turardi. Unga cho‘ntagimni kavlab pul uzatdim.
−Sizdan pul so‘ramadim,- dedi u yerga tushib ketgan papkamni olib menga uzatarkan.- Ahvolingiz yaxshimi, deb so‘radim. 
Men ko‘zlarimda beixtiyor yosh mavjlanib, qo‘llarim qaltiragancha u qo‘limga tutqazgan papkamning changlarini qoqdim.
−Bu yerda ikki yuz yigirmata she’r bor, - dedim orada unga qararkanman. - Hammasi tushkun she’rlar.
2019 yil, dekabr.
Sherzod Ortiqov.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Tango raqqosasi

Hikoya 


“Neftchilar” madaniyat uyining asosiy eshigidan ichkariga kirganimni ko‘rib, yo‘lakda farroshlar bilan gaplashib turgan kutubxona mudirasi Ra’no opa yonimga yaqinlashdi.
-Rashod,- dedi men bilan salomlashgach.- Sizni uzoqdan ko‘rib, olgan kitoblarini bunchalik tez o‘qib bo‘ldimikin, deb o‘ylabman. 
-Ko‘rib turganingizdek qo‘llarim bo‘m-bo‘sh,- dedim unga jilmayib.- Kutubxonaga emas, ikkinchi qavatdagi tadbirlar zaliga kelgandim.
-Yodimdan ko‘tarilibdi,- dedi u ikkinchi qavatga eltuvchi zinalarga ko‘z tashlarkan.- Bugun “Kuz raqslari” tadbiri o‘tkaziladi, to‘g‘ri. 
U qo‘ltig‘imdan tutib, muammolarini gapira-gapira, hamrohligimda zinalar orqali ikkinchi qavatga ko‘tarildi. Madaniyat uyi shahardagi neftni qayta ishlaydigan zavod tasarrufida bo‘lib, bu yerda kutubxona, musiqali teatr va raqs ansambli faoliyat yuritardi. Bularning barchasi zavod ishchilari va ularning oilalarini madaniy hordiq chiqarishi uchun mo‘ljallangandi. Men bu yerga boy kitob fondiga ega bo‘lgan kutubxonadan foydalangani kelib turardim. Bundan tashqari onda-sonda bu yerda bo‘lib o‘tadigan teatr tomoshasi yoki raqs tadbirlariga tashrif buyurib, ulardan bahramand bo‘lishga harakat qilardim. 
Ra’no opa keksa ayol bo‘lgani uchun zinalardan ikkinchi qavatga chiqquncha charchab qoldi. U yerdagi yo‘lakda bir muddat nafasini rostlab olgach, men bilan tomosha va tadbirlar o‘tkaziladigan zalga kirdi. Zalda odam odatdagidan ko‘p, nazarimda, shanba kuni bo‘lgani uchun zavod ishchilarining ham aksariyat qismi kelgandi. Ular orqa qatorlarda guruhlarga bo‘linib joylashgancha o‘zaro qizg‘in gurungga berilib ketishgandi . Biz oldingi qatordagi bo‘sh turgan o‘rindiqlardan biriga borib o‘tirdik. 
Bir oz o‘tib tadbir boshlandi. Madaniyat uyi raqs ansamblida faoliyat yurituvchi raqqosa qizlar sahnada navbat bilan o‘z mahoratlarini ko‘rsatishga tushishdi. Birinchi bo‘lib qorachadan kelgan qiz atlas ko‘ylakda tanovar raqsini ijro etdi. Uning ortidan olqishlar tinib ulgurmay sochlari jingalak qiz dilhirojga qoyillatib o‘ynab berdi. Yana olqishlar zal bo‘ylab uning akustikasida jarangladi. Shundan so‘ng, ssenariy bo‘yicha shekilli milliy raqslardan jahon raqs maktabi namunalariga o‘tishdi. Lo‘licha kiyinib olgan novcha qiz fransuz bastakori Bizening “Karmen” operasidagi lo‘li qizning raqsini mukammal darajada ommaga namoyish qildi. Undan keyin sahnaga oq-sariqdan kelgan, ispan ayollariga monand bezanib pardoz qilgan, sochlarini favvorasimon turmaklagan, to‘q qizil rangdagi uzun va keng ko‘ylak kiygan qiz xuddi balerinalar kabi oyoqlarining uchida chiqib keldi. Unga ergashib ikkita yigit sahnaga yong‘oqdan tayyorlangan jigarrang stol ko‘tarib chiqishdi. Stol kattagina edi va u sahna o‘rtasiga salobat bilan joylashdi. Nima uchun sahnaga stol olib chiqilganini ko‘pchilik anglab ulgurmasidan sahna ortidan darrov ispancha musiqa yangrab ketdi va oq-sariqdan kelgan qiz jilmayganicha ana o‘sha stol atrofida aylanib tangoga raqs tusha boshladi.

Ertalabdan mazam yo‘q edi. Buyragim tinmay og‘rir, buning natijasida bukchayib qadam tashlashga majbur edim. Kechqurunga buyurtma qilingan raqslar uchun ozgina dam olmoqchi bo‘lib, ish joyimdagi kunduzgi raqs tadbiriga bormaslikka qaror qilgandim. Lekin, badiiy rahbarimiz Nigora Karimovna ahvolimni tushunishni istamadi va “Kuz raqslari” tadbirida ishtirok etishimni qat’iy talab qildi. Ish joyimga kelganimda hamma narsa-madaniyat uyi a’zolaridan tortib jihozlar-u lash-lushlargacha tadbirga tayyor edi. Qizlar zo‘r berib bezanishar, qo‘shiq xirgoyi qilib sochlarini turmaklashar, zarur kiyimlarni egnilariga ilishib talashib-tortishgancha o‘zlarini ko‘zguga solishardi. Men xonada ular tomonidan tartibsiz holga keltirilgan javon oldidan hech qayerga jilmay, xafsala bilan kiyimlarimni almashtirdim va u yerdagi ko‘zgu qarshisiga borib o‘tirmay turgan yerimda pardoz qilib yuz-ko‘zimni epaqaga keltirdim, sochimni turmakladim. Tadbirda tangoga raqs tushishimni uning dasturini tuzayotgan xoreografimiz Nigina Talgatovnaga avtobusda kelayotib telefon orqali aytgandim. Shu sababli pardoz yordamida xuddi ispan ayollariga o‘xshashga intildim. Garderobdan tangoga tushayotganda kiyiladigan uzun va keng ispancha ko‘ylakni olib kiydim. Uni kiyib, egnimda tartibga keltirayotganimda qo‘liga qandaydir she’riy kitob ushlab olgan Nigina Talgatovna xonaga kirdi-da, ming‘irlab she’r o‘qigancha Gulmiradan so‘ng sahnaga chiqishimni ma’lum qilib chiqib ketdi.
Mendan oldingi qizlarning chiqishlarini ochig‘i, sahnaning chetida befarqlik bilan kuzatdim. Ularda iste’dod zo‘r darajada emasdi, raqslarni shunchaki ishtiyoq va xarizma bilan ijro etishdi, xolos. Yig‘ilganlar esa raqs san’atida baloniyam tushunishmasa-da, bir zumda ularni olqishlarga ko‘mib tashlashdi. Ularning qarsaklari sadosini eshitib miyig‘imda kulib qo‘ydim. Shaxsan menga faqat shu Gulmira ijrosidagi lo‘li qizning raqsi yoqdi va xiyol qiziqishimga sababchi bo‘ldi. U sahna ortiga kirishi bilan, Nigora Karimovnaning “Diyora” degan baland ovozi qulog‘imga chalindi. Men otilib sahnaga chiqdim. Talabimga ko‘ra ortimdan yordamchi yigitlar jigarrang stol ko‘tarib chiqishib, uni sahnaning o‘rtasiga qo‘yishdi. Shu stol bilan musiqa jo‘rligida tangoga raqsga tushish uchun og‘riyotgan tanamni harakatga keltirdim va hech qancha o‘tmay og‘riqni ham unutib butun borlig‘im bilan qilayotgan ishimga sho‘ng‘ib ketdim.
Tangoni oddiy stol bilan birga ijro etish mumkinmi? Mumkin ekan. Buni ko‘rib raso aqlim bir lahza shoshib qoldi. Oldin bunaqasini sira ko‘rmagandim. Raqqosa o‘zining nozik va nafis tana harakatlari bilan stol atrofida, goh unga yopishib, goh undan uzoqlashib tangoga raqs tushardi. U stolga xuddi o‘zining suyukli mahbubiga qaragandek qarar, uning atrofida parvona bo‘lar, nigohida zohir bo‘lgan yoqimli ifodani ishga solib unga maftunligini ko‘rsatar, uni barmoqlari yordamida ohista siypalab erkalardi. Uning harakatlari shu jonsiz stol bilan jozibali mutanosiblik hosil qilgan, mazkur raqsda o‘zgacha ruhdagi novatorlik belgilari yaqqol ko‘zga tashlanardi. 
Zal raqsni tomosha qilarkan, birov biror og‘iz so‘z demas, barcha bir bo‘lib uning iste’dodiga va san’atiga mahliyo bo‘lgancha mum tishlab, ehtimolki hayajonini bosib, jilovlab o‘tirardi. Men ham rosti hayrat-u hayajondan hech o‘zimga kela olmasdim. U nihoyatda chiroyli va did bilan raqs tushardi. Uning bu latofatli raqsi fonida stolning joyidan jilmay turgani ham bilinmas, aksincha stol ham unga hamohang ravishda harakatlanayotgandek tasavvur uyg‘onardi.
Raqsning yarmiga borib charchab qoldim. Buyragim o‘qtin-o‘qtin sanchidi. Ammo og‘riqqa chidab, raqs tushishda davom etdim. Negadir oldingi qatorda o‘tirgan bir notanish yigit sirayam mendan ko‘zini uzmasdi. Unga bir-ikki ko‘zim tusharkan nima balo odam ko‘rmaganmi u, deb o‘yladim. U har bir harakatimni sinchkovlik bilan kuzatardi. Menimcha, u oddiy shinavanda yoki zavod ishchilaridan emasdi. Birorta raqs mutaxassisi yoki xoreograf bo‘lsa kerak. Kim bo‘lganidayam shu ko‘zini uzmay o‘tirishi menga yoqmadi. Ammo u juda kelishgan, xushsurat edi. Ko‘zlari odamga sokin va yosh bolalardek beg‘ubor boqishiniyam alohida ta’kidlab o‘tgan bo‘lardim. U mendan tashqari vaqti-vaqti bilan stol tomonga ham qarab qo‘yar, taxminimcha, stol bilan tangoga tushayotganimni yo tushunmas, yo buni tasavvur qilolmay qiynalardi. Stol bilan ham tangoga tushsa bo‘ladi, yaxshi yigit. 

U raqsni tugatgach, Ra’no opaga uzrimni aytib joyimdan qo‘zg‘aldim-da, shoshilmay sahna ortiga bordim. U yerda qo‘riqchilik qilib turgan boyagi stol ko‘tarib chiqqan yigitlar meni tanishib qo‘l berib so‘rashishdi-da, iltimosimni yerda qoldirmay sahna ortiga qo‘yib yuborishdi. Orqa tarafga o‘tdim. U yerda bir-biriga ro‘parama ro‘para joylashgan kiyinish xonalarining qiya ochiq eshiklaridan raqqosa qizlarning shodon ovozlari, qiqir-qiqir kulgulari, baqirib-chaqirganlari yo‘lakka eshitilib tinmasdi. Raqqosa qizlarning ham deyarli hammasi meni tanishardi. Yo‘lakda paydo bo‘lishim bilan lo‘licha kiyimdagi Gulmira (uni sahnada chuqur pardozda tanimabman) ana o‘sha ochiq eshiklarning biridan boshini chiqardi-da, yugurib yonimga kelib, darhol minnatdorchilik bildirdi.
-Onamning nafaqasini bankdan naqd pul tarzida beradigan bo‘lishdi. Seni tavsiyang bilan bo‘ldi bu. Tashakkur, do‘stim!
-Azizim,- dedi xoreograf Nigina Talgatovna meni tasodifan ko‘rib qolib esnagancha.- Tavsiya qilgan kitobing ajoyib ekan. Xalina Posvyatovskayaning she’rlarini mazza qilib o‘qiyapman. 
-Qachon tushlikka taklif qilasiz meni?- dedi dilxirojga raqs tushgan Farida yonimdan o‘tib ketayotib sirli jilmayarkan (uni ham pardozi sabab sahnada tanimabman).
Men ularga ortiqcha e’tibor bermas, ko‘zlarim bilan atrofdan tangoga raqs tushgan qizni axtarardim. 
-Meni izlayapsanmi?- dedi bir payt endi sochlari oqarib ketgan, oriqqina Nigora Karimovna yo‘lakda paydo bo‘lib xaxolab kularkan.
Ansambl rahbari bo‘lgan bu ko‘ngli ochiq ayol yonimga kelib meni mahkam quchib oldi.
-Ta’mirlash uchun menga kredit ajratganing yaxshi bo‘ldi. Qishga uyimni ta’mirlab oldim.

Bu deyman boya zalda oldingi qatorda, mendan ko‘zini uzmay o‘tirgan notanish yigit ansamblimiz a’zolari orasida juda mashhur shekilli, uni ko‘rishlari bilan hammaning yuzi yorishib, lablariga tabassum yugurdi. Yo‘lakda ovozini eshitib, Gulmira avvaliga xonadan shoshilib chiqib ketdi. Qiya ochiq eshikdan yo‘lakka ko‘z qirimni tashlaganimda Farida atayin uning yonidan “Meni qachon tushlikka taklif qilasiz?” deb o‘tib ketganini ko‘rdim. Boshqa qizlar ham og‘zilaridan bol tomib unga ajoyib-u g‘aroyib tavsiflar berishdi. Ulardan sekingina kim u deb so‘ragandim, uni bankir deyishdi. U bu yerdagi kutubxonadan foydalangani kelar, bundan tashqari madaniyat uyining hisob-raqami u ishlaydigan bankda bo‘lgani bois uni ansablimizdagi ko‘pchilikka har zamonda foydasi tegib turarkan.

Nigora Karimovnaning qarshisida turarkanman, ochig‘i nima deyishimni bilmay bir necha daqiqa kalovlanib qoldim. 
-Nigora Karimovna,- dedim oxiri gapning dangalini aytib.- Hozir sahnada bitta qiz tangoga raqs tushgandi. U yangi shekilli-a? Uni tanimadim. 
U meni diqqat bilan eshitgach, tushundim degandek boshini irg‘adi-da, yo‘lak oxiridagi xonaga kirib ketdi. Ko‘p o‘tmay, ichkaridan o‘zi bilan o‘sha qizni yetaklab chiqdi.

Yuzimdagi pardoz qoldiqlarini yuvib, yuvinish xonasida yuz-ko‘zimni tartibga keltirayotganimda xonada badiiy rahbarimizning ovozi eshitildi. Dastlab buni suvning shovullashida eshitmabman. U qizlardan meni so‘radi. Tinchlikmikin, deb yuvinish xonasidan xayolim bo‘linib chiqdim va Nigora Karimovnani xonaning o‘rtasida, qo‘lidagi gazetani ikki buklagancha betoqatligini ochiqdan ochiq namoyish qilib turganiga guvoh bo‘ldim.
-Sen bilan bir yigit tanishmoqchi,- dedi u qo‘limdan yetaklab meni tashqariga olib chiqarkan.
Qizlar shunda bir-birlariga ma’noli qarab qo‘yishdi. Unga ergashib yo‘lakka chiqdim. Yo‘lakda qo‘llarini orqasiga qilib, devorga suyangancha o‘sha yigit turardi.
-Assalomu alaykum,- dedim uning oldiga borgach.
-O‘zingni yaqindan tanishtir,- dedi Nigora Karimovna bizni yolg‘iz qoldirib ketayotib hazil qilgancha.
-Diyora,- dedim unga istab-istamay qo‘limni uzatib.
-Rashod,- dedi u o‘zini tanishtirib.
So‘ng bir-ikki yo‘talib oldi-da:
-Tangoga zo‘r raqsga tusharkansiz,- dedi dona-dona qilib. 
-Unchalikmas,- dedim uning maqtovidan qizarib.
-Bu yerda sizni oldin ko‘rmaganman.
- Ishga yangi keldim. 

U yonimda boshini egib turar, sahnadagi shashtidan asar ham qolmagandi. U yigirma-yigirma ikki yoshlardagi, tortinchoq qiz edi. Tangoga tushgan kiyimida emas, odatiy kundalik kiyimida turgani uchun hatto boshida tangoga tushgan shu qizmidi yoki boshqasimidi deb ikkilanib qoldim. Ammo ko‘zlariga boqqach, shubham tarqadi. Tangoga aynan shu qiz raqsga tushgandi. Uning ma’yus ko‘zlaridan bir necha daqiqa ilgari sahna bo‘ylab atrofga ufurgan samimiylik nafasi ayni paytda ham uning qarshisida turgan odamga sezilardi.
-Kechirasiz,- dedi u suhbatimiz davomida nogoh uni bo‘lib.- Tezroq uyga ketishim kerak. Chunki boshqa yerda ham ishlayman. Ozgina dam olvomasam bo‘lmaydi. Mazam bo‘lmay ketyapti. Aybga buyurmaysiz.
U bilan xayrlashgim kelib-kelmay xayrlashdim. Keyin haliyam raqs tadbiri davom etayotgan zaldan tarvuzim qo‘ltig‘imdan tushib ko‘chaga chiqdim. U yerda chetroqdagi kioska yonida turgan mashinamning ichida ancha o‘tirdim. O‘tirgancha bir pasda ketishni emas, nima bo‘lsayam Diyorani ko‘chaga chiqishini kutishni maqsad qildim. Bu kutish davomida qandaydir oddiy qiziqishdan tubdan farq qiladigan tuyg‘u ichimni qizdirdi. Fursat o‘tib Diyora kulrang paltosiga o‘ranib ko‘chaga chiqdi. Ortidan eshikni yopgach, mashinam tomonga bir qarab qo‘ydi. Mashinaning ichida o‘tirganimni aniq ko‘rdi. Ammo bunga go‘yo ahamiyat qaratmagandek piyoda yurib ketdi.
-Yaxshimas,- dedi shu payt kimdir mashinamning yon oynasini bir-ikki chertib kularkan.- Menga xiyonat qilyapsan.
Mashinamning oldida Eleonora turardi. Uni payqagach qo‘lim bilan mashinaga chiq, deb unga ishora qildim. U eshikni ochib, oldi o‘rindiqqa o‘tirdi.
-Quyosh bugun qaysi tarafdan chiqdi?- dedi so‘ng kinoya qilib.
-Kinoyani qo‘y,- dedim mashinani o‘t oldirib.- Seni uyingga tashlab qo‘ymoqchiman.
Yo‘lda undan Diyora haqida so‘radim.
-U haqda aytarli hech narsa bilmayman,- dedi Elenora yelkasini qisib. - Bizga kelganiga endi bir hafta bo‘ldi. Onasi nafaqaxo‘r, o‘zi san’at kollejini tamomlagan. Bilganim shu. Batafsil ma’lumotni Nigora Karimovna biladi.

Uni qora rangdagi qimmatbaho mashinasi bor ekan. Noyabrning yomg‘irli va rutubatli, nafasni qisayotgan xazonrezgining tevarak bo‘ylab avj olgan, chang-to‘zonga qorishib ketgan sharoitdagi manzarasida, atrofdagi kir-chir mashinalardan farqli ravishda uning tozaligi, yaltillab ko‘zni qamash-tirib turgani meni hayron qoldirdi ( u tabiatan tozalikni xush ko‘radigan inson bo‘lsa kerak). Ko‘chaga chiqqanimda u ana shu mashinasining ichida o‘tir-gan edi. O‘zimni unga ahamiyat qaratmagandek qilib ko‘rsatib sal nariroqdan o‘tib ketdim. Ancha masofaga borgachgina ortimga bir qur nazar soldim. Ko‘chaga mendan keyin chiqqan Eleonora ayni shu onda uning mashinasi oldi o‘rindig‘iga o‘tirdi. Bu menga g‘alati tuyuldi. Ikkovining o‘rtasida do‘stlikmi yo ishq-muhabbatga o‘xshash narsa bor, chog‘i. Unda boya nega u men bilan qiziqdi? Meni chaqirtirib gapga tutdi? Erkaklarni umuman tushunib bo‘lmaydi. Ular rostdan bir tiyinga qimmat.

Eleonora uyi oldida tushib qolgach, mashinamda bankka keldim. Bank tizimida shunaqa yaramas odat bor: Rasmiy tarzda bo‘lmasa-da, shanba kunlari ham xizmatchilar kelib ishlashadi (boshqarmaning talabi shunday). Xonamga kirganimda sigaretning xumori tutdi va cho‘ntagimni kavlab sigaret oldim. Uni chekib, xonada nari borib beri kelarkanman, madaniyat uyida bo‘lib voqealarni shuurimdan o‘tkazdim. Diyorani, uning ijrosidagi stol bilan tushilgan ajoyib tangoni, u bilan yo‘lakdagi qisqa suhbatimizni... Diyora benihoya meni ta’sirlantirib yuborgandi. Uni tangoga raqsga tushishi ko‘proq ta’sirlantirdi deb taxmin qilsam, yuragim zo‘r berib bunday emas, derdi. Nahot, o‘zi bo‘lsa? 

Uyda divanga yonboshlaganimda ko‘zim ilinibdi. Ko‘zimni ochishim bilan tezda devordagi soatga qaradim. Soat millari o‘n beshta kam beshni ko‘rsatardi. Shoshilmasam Farg‘onadagi obro‘li restoranlardan biriga kech qolardim. Kecha uning xo‘jayini o‘sha yerda raqs tushish uchun telefon orqali meni taklif qilgandi. Kelishuvga asosan restorandagi mijozlar uchun to‘rt xil kiyimda, to‘rt turdagi raqsga tushishim lozim. Raqs kechasini arabcha raqs bilan ochib beraman. Bu kelishuvning asosiy sharti. Restoran menga shu to‘rtta raqs uchun ikki yuz ming so‘m to‘laydi. Shular xayolimdan o‘tayotganda xasta buyragimda og‘riq kuchayib bunga ham to‘sqinlik qilmoqchi bo‘ldi. Ammo tokchada turgan buyrak og‘rig‘iga qarshi ichiladigan doridan bir yo‘la to‘rttasini tilim ostiga tashladim-da, o‘rnimdan turdim.

Univermagdagi xotinchalish sotuvchi yigitdan o‘tkir ifor taratib turgan erkaklar atiri xarid qilgach, shahardagi o‘zimga tanish bo‘lgan restoran sari borish uchun mashinamni o‘t oldirdim. Sinfdoshim Komron o‘sha yerga - tug‘ilgan kuniga meni taklif qilgandi. To‘g‘risini aytsam, o‘sha restoranga borgim yo‘q edi, adashmasam bir marta borganman va o‘shanda u yerdagi bema’ni muhit menga sirayam yoqmagandi. Lekin bu safar borishga majbur edim. Bormasam Komron ranjirdi. Hechqisi yo‘q, bir pas o‘tirib ketaman, dedim mashinamning rulini o‘sha tomonga burarkanman.

Restoran egasining xonasidan tegishli ko‘rsatmalarni olib chiqdim. U birorta mast mijoz mabodo tegajoqlik qilsayam o‘zimni tutishimni, unga nisbatan qo‘pollik qilmasligimni maslahat berdi, chunki bugun restoranga faqat nozik mijozlar tashrif buyurgan ekan. Arabcha raqs uchun zarur kiyimlarimni kiygach, ko‘zgu oldida bir muddat xomush, o‘zimdan uyalib turib qoldim. Uning qarshisida haqiqiy san’at kishisi bo‘lgan, tangoga raqs tushishni xush ko‘radigan raqqosadan bir zumda buyurtma asosida raqsga tushadigan ko‘cha raqqosasiga aylanib qolganim ta’bimni kir qildi.
Restoranning zaliga kirganimda u yerdagi havoning bo‘g‘iqligidan, eshik tomon taralayotgan yoqimsiz hiddan boshim aylanib, ko‘zim tinib ketdi. Bozorni eslatadigan shovqindan qulog‘imni berkitib olgim keldi. U yerdagi aylana shaklida joylashtirilgan stollarning barchasi band qilingan, ana o‘sha stolda o‘tirganlar vaqtichog‘lik bilan biri olib, biri qo‘yib qizg‘in suhbatlashishardi. Deyarli barcha stolda spirtli ichimliklar va bahaybat, sharqona usulda yasalgan chilim idishlari turar, ko‘p stollar atrofida erkaklar bilan ayollar aralash, buning ustiga tortinmay quchoqlashib o‘tirishardi. 
Zalga kirganimni ko‘rib, Komron ismimni aytib chaqirdi-da, imlab o‘zi o‘tirgan stol tomon chorladi. U yerga bordim. Stol olti kishiga mo‘ljallangan bo‘lib, Komron mendan tashqari yana to‘rt kishini taklif qilgandi. Ulardan uchtasi ayol kishi, bittasi esa shu ayollardan qolishmaydigan fe’l-atvordagi erkak edi. Do‘stim meni ular bilan erinmay, birma-bir tanishtirib chiqdi. Tanishtirish jarayonida ular Komronning hamkasblari ekanliklari bilib oldim. 

Ochiq kiyimim bilan zalga chiqqanimda musiqa deyarli yangrashni boshlagandi. Zal to‘la odamlar edi. Ularning ko‘pi mast, erkaklardan qolishmagan tarzda ayollar ham hech ikkilanmay stol ustida turgan spirtli ichimliklardan tortinmay ichishar, mis idishdagi chilimdan o‘pkalarini to‘ldirib tatib ko‘rishardi. Bunga ko‘zim tushganida ko‘nglim aynib, qayt qilib yuborishimga sal qoldi. Ayniqsa, ayollarni erkaklarning pinjiga kirib, odatiy holdek ularga suykalib o‘tirishlari kinoyamga sabab bo‘ldi, lablarim beixtiyor kinoya qilgancha ochilib yopildi. Zal ularning hiring-hiringiga, ularni bag‘riga olgan erkaklarning hayvoniy hirs va ehtiros qaynab turgan tanalarining haroratiga, spirtli ichimliklardan taralayotgan badbo‘y hidga va nihoyat, chilim idishlaridan xuddi ilondek sirg‘alib chiqib yon-atrofga taralayotgan tutunlarga to‘lib-toshib ketgandi. Shunday sharoitda meni yarim yalang‘och holda, yuzimga harir to‘r tortib chiqib kelishim bu yerdagi harorat darajasini yanayam ko‘tarib yubordi. Raqsga tusha boshlaganimda bu shirakayf odam bolalari ko‘zlari ehtirosdan ola-kula bo‘lib, meni yeb qo‘ygudek qiyofaga kirishib, bir-birlari bilan musobaqalashgandek o‘rnilaridan turgancha ayg‘irlar kabi hayqirishga, qashqirlar kabi uvillashga tushishdi.

Restorandagi muhit qilchalik o‘zgarmagandi. Oldin qanday bo‘lsa, ayni paytda ham shunday edi. Atrofga qarab shunga amin bo‘ldim. Yon-atrofimda tamomila tanish chehralar edi. O‘zlari ishlaydigan davlat va jamoat muassasalarida kunduz kunlari yoki majlislarda odob-ahloq, ko‘ngilning pokligi, odamiylik haqida lof urib ma’ruza o‘qiydigan, Tohir Malikning didaktik asarlaridan iqtiboslar keltirib yoshlardan qimmatli nasihatlarini, tanbehlarini va maslahatlarini ayamaydigan ulug‘vor hamda muhim figuralar atrofdagi stollarda g‘irt mast ahvolda, chilim chekib uning tutunini og‘zilari va burunlaridan pag‘a-pag‘a chiqarib, jazmanlari yoki bir kechalik hamrohlarining pinjiga behayolarcha suqilib kirib davra suhbati qurib o‘tirishardi. 

Qovog‘imni solib, olma sharbatidan ho‘playotganimda zal bo‘ylab arabcha raqs yangradi. Men avvaliga bunga e’tibor bermadim. Chunki atrofga qaraganim sari yuragim siqilib, borgan sari u zaharli zardobga to‘lib borar, shu tobda bitta ortiqcha gap uchun birovning dilini xufton qilib qo‘yishim hech gap emasdi.
-Raqqosa dahshat-ku!- dedi Komron bir payt meni turtib.
Men zalga orqa qilib o‘tirgandim. Shu bois raqqosani ko‘rmadim. Komronning gapidan keyin o‘girildim. Zalning o‘rtasida behayolarcha kiyinib olgan uchinchi sort raqqosa zo‘r berib arabcha musiqaga raqsga tushardi. Kiyimining rasvoligini-chi buni, dedim g‘o‘ldirab va yana olma sharbatidan ho‘pladim. Ichimdagi ovoz unga yana bir marta e’tibor qaratishimni so‘radi. Keyingi gal diqqatimni jamlab qaradim: u yuzini oppoq harir to‘r bilan berkitib olgan, yarim ochiq ko‘kragi va belini noz-karashma bilan qimirlatib raqs tushar, atrofdagi isqirt olomon esa uning har bitta shunday yuzsiz harakatini gulduros qarsaklar bilan qarshi olardi.

Bir oz o‘tib, ikkita mast erkak yonimda paydo bo‘ldi va ikkoviyam menga yaqin masofada qiyshayib raqs tushgandan ko‘ra xachirlardek yo‘rg‘alashni boshlashdi. Ular raqs tushish asnosida menga hirs bilan tikilishar, ko‘zlarida pinhon yashiringan hayvoniy hirs yuzaga chiqishga shay holda turardi. Bir mahal ulardan biri menga yaqinlashib, bilagimdan tutmoqchi bo‘ldi. Uni sal turtib uzoqlashdim. Ikkinchisi qo‘lidagi yarmigacha bo‘shatilgan aroq shishasini oyog‘im ostiga to‘kib hiringladi va lahza o‘tmay yuzimni yashirib turgan pardani shartta yulib oldi. 

Zalning o‘rtasida nima bo‘layotganini tushunmasdim. Ikkita cho‘chqa kabi semirgan va bo‘kib ichgan mast erkak raqqosaning atrofini o‘rab unga shilqimlik qilishar, qolgan o‘tirganlar qarsak chalib go‘yoki ularning bu qilmishlariga ilhom bag‘ishlab, ularni ruhlantirishardi. Tinmay qarsak chalayotgan bu jirkanch qo‘llar o‘sha raqqosaning o‘rnida opalari, singlilari, rafiqalari bo‘lganida nima qilishardi ekan? O‘shanda ham befarqlik va hissizlikning yuksak namunasi bo‘lgan basharalaridagi bitta tukni ham o‘zgartirmay shunday qarsak chalishda davom etisharmidikin? Rabbim, ne zillat bu. Men borgan sari bu yerda bo‘g‘ilib ketar, g‘azabimni bosolmay o‘zimni nazorat qilish xususiyatini yo‘qotib borardim. Suhbatdoshlarim bilan ham deyarli gaplashmas, ularning savollariga til uchida javob qaytarar, ko‘zimni o‘zini ikkita erkakdan zo‘r berib himoya qilishga urinayotgan raqqosadan uzmasdim.

Hammasi juda tez sodir bo‘ldi. Yuzimdagi pardani yulib olgan erkak menga suykalmoqchi bo‘lgandi, kimdir uni bo‘ynidan ushlab yaqin oradagi stolning ostiga tiqib yubordi. Ikkinchisini yuziga musht tushirgandi, u gandiraklab sozandalarning oldiga borib tushdi va qonashni boshlagan burnini ushlab faryod urgancha xirilladi. Ularning adabini bergan kishi madaniyat uyidagi sahna ortida men bilan tanishgan o‘sha yigit bo‘lib chiqdi. U qayerdan paydo bo‘ldi- bilmayman. Menimcha, shu yerdagilarning orasida o‘tirgandi. Uning avzoyi buzuqligini bir ko‘rishda sezdim. Rashod aka qarshimda menga nafrat bilan tikilib turar, qo‘yib bersa shu yerning o‘zida meni bo‘g‘ib yoki nimtalab tashlashga tayyor edi. Shu daqiqalarda uning nigohidan yog‘ilayotgan kuchli nafratdan a’zoyi badanimni olov qamrab, uning alangasi butun vujudimni kuydirib tashladi. 
-Yur, men bilan,- dedi u kutilmaganda kostyumini ustimga tashlab qo‘limdan tutarkan.

O‘sha raqqosa Diyora edi. Uning yuzini yashirib turgan parda ochilgach, buni ko‘rib dod deb yuborishimga sal qoldi. Yuragim qinidan chiqqudek urib ketdi nogahon. Keyin nima bo‘lganini eslay olmayman. Anavi ikkisini dabdalasini chiqardim. Ularning birini bo‘ynidan ushlab chilim chekib o‘tirgan ayollarning stoli ostiga tiqib yubordim. Ikkinchisini ayamay, bor kuchim bila yuziga musht tushirdim. Buni ko‘rib ularning stolida o‘tirgan daroz sheriklari menga tashlanmoqchi bo‘lishdi. Buni sezib, o‘zimga yaqin yerdagi stolda turgan, ochilmagan konyak shishasini stol chetiga urib sindirdim-da, shisha bo‘lagining o‘tkir qirrali tomonini harakatga kelgan o‘sha shunqorlarga ko‘rsatdim.
-Shuni bo‘g‘zingga tiqaman hammangni.
Ular avzoyimni ko‘rib ortga tisarilishdi. Men Diyoraning yelkasiga kostyumimni tashladim-da, uni yetaklagancha suv quygandek jim bo‘lib qolgan zalni yoqalab tashqariga yo‘l oldim. Nima bo‘lganini haligacha tushunolmay turgan Komronga qo‘lim bilan xayr ishorasini bildirdim. Eshik oldida sozandalar bilan birga turgan ish boshqaruvchiga tashrif qog‘ozimni tutqazdim.
-Xo‘jayiningga ayt,- dedim uni norozilik balqib turgan yuziga achchiq ustida qararkanman.- Ertalab shu yerdagi telefon raqamimga qo‘ng‘iroq qilsin. Yetkazilgan zararni to‘liq qoplayman.

U qo‘limni sindirib yuboradigan darajada qattiq siqib olgandi. Sezishimcha, uning ana shu qo‘li qaltirardi. Bu asabdanmi yo nafratdanmidi, farqlay olmadim. Men unga ko‘r-ko‘rona ergashgancha ketardim. Xayolimda ko‘p narsalar aylanardi. Oqshom cho‘kib ulgurgan ko‘chaga chiqqach, u mashinasi tomon yurdi va uning oldi o‘rindig‘ini ochib menga o‘tir deb baqirdi. Men bazo‘r o‘rindiqqa o‘tirdim. Uning o‘zi mashinaga chiqishga shoshilmadi. Shishani sindirganida qo‘llari va ustiga sachragan konyak suvini dastro‘moli bilan artib tozaladi. Bu ishni yakunlagach, ochiq havoda sigaret chekib, boshini anchagacha egib turdi. Mashinasining oldi balonini bir necha marta tepib, qo‘llari bilan kuzovini shapatilab, jamiyki haqoratomuz so‘zlar bilan baqirib so‘kindi. Rulga o‘tirgach, menga alam bilan yuzini burdi.
-Suyuqoyoq,- dedi pichirlab va bu so‘zni keyin jirkanib takrorladi.- Suyuqoyoq!!!
Shunda men uning yuziga tarsaki tushirdim. U tarsaki tushirgan qo‘limni ko‘zlarini chaq-chaytirib mahkam qisdi-da, qattiq siltab tashladi va mashinasini o‘t oldirdi. 
-Qayerga olib ketmoqchisiz meni?- so‘radim undan xavotirlanib.
-Uyingga,- dedi u asabiylashishda davom etib.
-Hozir uyimga borsak onam nima deydi aytaymi?- dedim shu payt alam bilan kulib.
U nega birdan bunday kula boshlaganimni tushunolmay menga xuddi karaxt ahvolga tushgandek qarab qoldi.
-U sizni ko‘rib taxminan shunday deydi: “Qizim kechqurunlari raqs tushadi. Ishlaydi. Uni ishidan mahrum qilgani uyalmadingizmi? “ Keyin esa qon bosimi oshib ketadi va “Tez yordam” chaqirishga majbur bo‘lamiz. 
Shunday deb endi birdaniga qax-qax urib kulib yubordim. U xamon menga o‘sha alfozda qarab turardi.

Uni uyiga tashlab qo‘ymoqchi edim. Azbaroyi xudo, shunday. Bu yerdagi hayvon zotidan farq qilmaydigan odam bolalari, ular mansub bo‘lgan isqirt muhitdan uzoqroqqa eltib qo‘ymoqchi edim. U rozi bo‘lmadi. Onasidan qo‘rqdi. Onasi nima deyishini aytgandi hayratdan yoqamni ushlab qoldim. U esa alam bilan boshini chayqab kuldi. Tinmay kuldi. Men haykaldek qotib xuddi kunduzi madaniyat uyida bo‘lganidek picha undan ko‘zimni uzmay o‘tirdim. Sal o‘tib u o‘zini qo‘lga oldi, ancha jiddiylashdi. O‘rtamizga sukunat cho‘kib, shu sukunat bir necha daqiqa davom etdi. Men ham, u ham o‘z xayollarimiz tubida yolg‘iz qoldik. Mashinaning ichida olayotgan nafasimiz va uning o‘t olgan motorining ovozi sezilardi, xolos.
-Menga birorta erkakning qo‘lini uchi ham tegmagan,- dedi to‘satdan Diyora og‘ir xo‘rsinib.- Lekin siz yuzimga aytgan gapingizda jon bor. O‘shanday ayollardan meni deyarli farqim yo‘q. Mana bugungi ahvolim, ustimdagi kiyimim shunga isbot. Siz haqsiz, men yengiltakman.

Uning yuzimga aytgan gaplaridan boshida xafa bo‘ldim. Biroq u qaysidir ma’noda haq edi. Uning haqligini tan olib, aytishim lozim bo‘lgan gaplarni aytarkanman ichim lovillab yonardi. Tilim tanglayiga yopishib qolay der, har bitta so‘zni ichimdan bir amallab sug‘urib olardim.
-Iltimos, mashinaning motorini o‘chiring,- dedim orada rulni ushlab.- Men baribir hozir uyga borolmayman.
U noiloj motorni o‘chirdi. Go‘dakdek g‘ingshiyotgan mashina tinchlandi.
-Ikki yildan beri kafe va restoranlarda raqqosalik qilaman,- davom etdim shundan so‘ng.- San’at kollejini tamomladim-u, shu muhitga tushib qoldim. Kollej... Kollejda o‘qiyatganimda hayotni boshqacha nigoh bilan ko‘rardim, orzular bilan yashardim. Darhaqiqat, shunday. Raqsga ham san’at sifatida qarardim. Unga sig‘inardim, topinardim. Raqs san’ati nazariyasidan tortib har bir raqs turining tarixigacha qunt bilan, puxta o‘qib-o‘rganardim. Katta sahnalarda raqs tushsam derdim. Ko‘proq ispancha raqs turi - tango meni o‘ziga tortar, unga o‘lgudek qiziqardim. Orzularim aynan shu tango bilan chambarchas bog‘liq edi. Boshqa raqs turlaridan ko‘ra uni mukammalroq o‘zlashtirishga tirishardim, mashg‘ulotlarda borimni berib qatnashardim. Shu raqs turidan o‘zligimni topgandim, uni ijro etsam o‘zimni mutlaqo baxtiyor insondek sezar va tevarak-atrofni, rangsiz hayotni, befarqlig-u hissizlik ichida umr kechirayotgan minglab odamlarni unutardim. U bilan bog‘liq yangiliklar o‘ylab topardim, ixtirolar qilardim. Stol bilan tangoga tushish - ana shunday ixtirolarimdan biri. Bundan tashqari oddiy yelpig‘ich va soyabon bilan tangoga raqs tushish kabi ixtirolarim bor. Siz ularni ko‘rmagansiz. Ko‘rsangiz bu ixtirolarim ham sizga yoqishi tayin.
Ammo hayot biz o‘ylagandan murakkab ekan. Onam haqida boya bo‘lmag‘ur gap aytdim. Aslida unda hech qanday ayb yo‘q. Otam bizni tashlab ketmaganida u bunchalik qiyinchilik girdobida qolmasdi. Ukam bilan meni zavodda ishlab, sho‘rlik bir o‘zi qiynalib boqdi. To‘kis bo‘lmasa-da yeb-ichirdi, kiyintirdi, o‘qitdi. Yaxshi kunlar kelishiga umid qilib, ushalmagan orzularini bizga tikib umrini o‘tkazdi. Bechoraning endi bor umidi poytaxtdagi Moliya institutida o‘qiyatgan ukamdan. Anchadan beri u bilan birgalikda ukamning o‘qishi uchun shartnoma pulini to‘laymiz. Uning nafaqasi bilan meni ansambllarda faoliyat yuritib oladigan arzimas maoshim o‘sha shartnoma puli tugul ro‘zg‘orimizga yetmaydi. Shunga onam gohida farroshlik qilib turadi, men kechqurunlari kafe va restoranlarda raqs tushaman. Shu yo‘l orqali otning kallasidek bo‘lgan shartnoma puliga mablag‘ to‘playmiz. 

Uni mashinamning ruliga yopishib olgancha tingladim. Orada biror gap qo‘shmadim. Hatto u tomonga o‘girilmadim. Ichimni tirnayotgan noma’lum dard meni tobora iztirob dengizining eng olis yeriga cho‘ktirar, buning natijasida xuddi havo yetmayotgandek og‘ir va pishillab nafas olardim... Aytganimdek, rulga yopishgancha uning gaplarini tingladim. Unga achindimmi yo‘qmi bilmayman. Ko‘proq o‘zimga achindim. O‘ttiz ikki yoshga kirguncha o‘z metinligini saqlagan, ayol zotiga befarqligi va nari borsa do‘stlikdan boshqa tuyg‘uni ravo ko‘rmasligi bilan shuhrat qozongan, aqlni o‘tmaslashtiradigan hislarga o‘ralashib yurishni o‘ziga ep ko‘rmagan yuragim qandaydir o‘n ikki soatning ichida ipidan uzilgan marjondek zamin uzra sochilib ketgani alam qildi. U bo‘shashib ketgandek bo‘ldi. Birinchi marta o‘zimni negadir hayot qarshisida qo‘lidan hech balo kelmaydigan ojiz, notavon va yosh boladek his qildim. 
-Endi restoranga qaytib kirmasam bo‘lmaydi,- dedi Diyora gapini tugatgach, restoran tomonga ishora qilib.- Buyurtma qilingan raqslarni davom etirishim kerak. Hozir qaytib kirsam restoran egasi ozgina haqorat qiladi, balki muammo keltirib chiqarganim uchun yuzimga tarsaki tushirar, lekin ishimni davom ettirishimga mone’lik qilmaydi, pullarimni ham beradi. 

Egnimga tashlangan kostyumini yechib, mashinasidan tushayotganimda Rashod aka hech qanday qarshilik ko‘rsatmadi. Tashqarida bir muddat turib qoldim. Bir necha daqiqa oldin restoranga qaytib kirish osondek tuyulgandi. Mashinadan tushgach, xuddi nimadir meni qo‘limdan ushlab turgandek hech harakatlana olmadim... U mashinadan tushmadi. Uni pastga tushishini, achchiq ustida yana meni so‘kishini, tergashini, jon holatda uyingga olib borib qo‘yaman deb baqirishini butun vujudim intiq bo‘lib kutdim. Lekin u tushmadi. U hanuz rulga yopishgancha qimir etmasdi. Oxiri, o‘zimni majburlab, sovuqdan etim jimirlab restoran sari yurdim. Restorangacha o‘ttiz qadamlik masofa bor edi. Dastlabki o‘n qadamda kunduzi madaniyat uyida bo‘lib o‘tgan voqealarni ko‘nglimdan o‘tkazdim. Uni raqsim mobaynida mendan ko‘z uzmay o‘tirgani, meni axtarib sahna orqasiga kirgani va qarshimda turib san’atim uchun oqko‘ngillik bilan minnatdorchilik bildirgani birma-bir ko‘nglim ko‘chalarini kezib chiqdi. Bu shirin xayol undagi men yillar bo‘yi ko‘z qorachig‘imdek asrab-avaylagan, biror bir erkakka ishonib ilinmagan, tanam bilan birgalikda pok tutgan qordek oppoq hislarimni to‘zitib yubordi. Natijada, oniy lahzada halovatimni yo‘qotdim, ruhiy muvozanatim izdan chiqdi, bo‘g‘zimga achchiq nimadir tiqildi, yuragim to‘lib-toshib ketgandek qiynalib, tez-tez urishga tushdi.

U restoran sari yurib ketdi. Ortidan uni asabim tarang holda kuzatib qoldim. Nigohimda hamdardlik ham, kuchli nafrat ham baravariga o‘z aksini topgandi. Ortidan uni kuzatib qolarkanman, hozir pastga tushib unga ketma deb baqirsam nima bo‘ladi, deb xayol qildim. Bu xayolim dam o‘tmay ko‘zimga shunchalik bachkana tuyuldiki, o‘z ustimdan kula boshladim. Keyin mashinani parishonxotirlik bilan o‘t oldirdim. Kalitni bittada buraganimda o‘t oladigan mashinam bu gal faqat uchinchi marta buraganimda o‘t oldi. Uning chiroqlarini yoqib, paysalga solmay rulni katta ko‘chaga burdim. Katta ko‘chaga chiqib olgach, mashinani uyimga- ota-onamning vafotidan keyin meni asrab olib tarbiyalagan amakim va uning xotini, shuningdek Sezar laqabli itimdan boshqa, necha yillardan buyon, meni hech kim kutmaydigan xonadon sari haydadim. 

Restorangacha o‘n qadam qolganida u mashinasini yurgizib ketdi. Katta ko‘chaga chiqib mashinalar oqimiga qo‘shildi-da, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Men buni xazm qila olmay beixtiyor yig‘lab yubordim. Yuzimdan duv-duv yosh to‘kilar, turgan yerimda bukchayganimcha uning ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan mashinasi ortidan yig‘lardim. Shu turishda hatto taksi to‘xtatib uning ortidan ketishgada tayyor edim. Hatto, shu mayl ila katta ko‘cha bo‘ylab tinimsiz tarzda bir-birini quvib, signal chalib, tezlikni oshirib yurgan mashinalar orasidan sariq rangli taksini axtardim. U ham shu mashinalarga qo‘shilib bir paydo bo‘lar, bir ularning orasida yo‘qolar, agar imkon qilsam uni yo‘l chetida turib tutishning ilojisi topilardi. Shu fikrga bir soniya quloq tutdim. Bir soniyagina. Biroq, ko‘p o‘tmay onam va Toshkentda o‘qiyotgan ukamning qiyofalari ko‘z oldimda xira ko‘rinish berdi. Ko‘proq ukam ko‘z oldimdan ketmadi. U Toshkentda o‘qiyapti, u onam ikkimizning umidimiz, uning o‘qishi uchun shartnoma pulini to‘lash kerak, degan bezovta o‘y yuragimni tilib o‘tdi va men o‘zimda kuch topib, irodamni yig‘ib oldinga yurishda davom etdim. Restoran eshigi oldiga yetganimda eshik og‘asi meni ko‘rib eshikni ochdi. Men yuzimni yengimga artdim-da, ostona hatladim. Ichkaridan deraza orqali ko‘chaga tarafga qaradim. Shunda negadir Xalina Posvyatovskaya degan shoiraning kunduzi Nigina Talgatovna o‘qigan she’ridagi yodimda qolgan satrlari deraza oynasiga chizilgandek bo‘ldi:
...U tezlatdi
Yuragim zarbin
Qattiq hazillashib vujudim bilan
Uyg‘otdi hislarim
Va ketdi...

2019 yil, noyabr 
Sherzod Ortiqov.