Ertalab Kotbusser Tordagi metro stansiyasiga bordim. Tashqarida tinim bilmay yomg‘ir yog‘ardi. Maydalab, yurakni ezib-ezib. Stansiyaga borgach, u yerdagi kichkinagina yemakxonaga kirdim. Yemakxona eshigi oldida yo‘qsil bolakay skripkasida allaqanday kuyni ijro etardi. O‘tgan-ketganlar uning oldidagi mis idishga choy-chaqa tashlab o‘tishar, bir chekka-da o‘tirgan daydi it atrofiga norozi qiyofada qarab, bo‘riga o‘xshab uvillardi. 

Yemakxonada sendvich yeb, sutli qaxva ichdim. U yerdagi stolda kimdir “Bild” gazetasining eski sonini qoldirib ketgan ekan. Shunga ko‘z yugurtirayotgandim, stansiyaga bir payt met-ro kelib to‘xtadi. Gazeta tomon yo‘nalgan e’tiborimni unga qaratdim. U xar doimgidek belgilangan vaqtda joyidan qo‘zg‘alib ketdi. 
Germaniyada aniqlik xuddi kasallikka o‘xshaydi. Metro, misol uchun, tonggi soat sakkiz-dan o‘n besh daqiqa o‘tganida joyidan qo‘zg‘alishi kerakmi, doim shunday bo‘ladi. Mushta-riyni ushbu stansiyada ilk uchratgan kunim xam shunday bo‘lgandi. O‘shanda xam tashqarida yomg‘ir sharros quyardi. Men metroning ichida edim. Metro yura boshlagach, Mushtariyni u tomonga yugurgani esimda. Uni metro tomon xalloslab yugurib kelayotganini ko‘rib, o‘r-nimdan sakrab turgandim xamda metroning yopilishni boshlagan eshiklarini gavdam bi-lan to‘sib olgandim. Shunday qilinsa metro yurmaydi, aniqrog‘i, eshiklari yopilmasa yur-maydi. Mushtariy unga chiqib olgach, nafasini rostlab-rostlamay menga minnatdorchilik bildirgandi.
-Sizga achinganimdan shunday qildim,- degandim unga javoban. 
U esa minnatdorchilik bildirishda davom etgandi.
-Baribir tashakkur! Manzilimga yarim soat kechikib borishdan xalos qildingiz.
Tashqarida yomg‘ir yog‘ayotgani bois uning usti ivib ketgan, turmaklanmagan uzun sochlari xo‘l edi va bug‘doyrang yuzidan tinmay yomg‘ir tomchilari oqib tushardi.
-Soyabon olish esingizdan chiqibdi-da.
-Xotiram sal chatoqroq. Ko‘pincha zarur narsalar shunaqa esimdan chiqadi. 
O‘shanda uning egnida odmigina pushti rang ayollar kostyumi bo‘lib, shu va qora rangdagi klassik uslubda bichilgan, poychasi keng shimi bilan qo‘lidagi ko‘rimsiz sumkasi uni kam-tarona ko‘rsatar, ko‘zlari tubidagi sokinlik va xarakatlaridagi bosiqlik esa odamda u bilan gaplashishga mayl xamda ishtiyoq uyg‘otardi... 
Stansiyadan chiqib, Xeyershtrassedagi kitob do‘koniga kirdim. Mushtariy ketgach, bu yerda uning o‘rniga boshqa qizni ishga olishibdi. U Lotin Amerikalikka o‘xshadi. Istarali, qoramag‘izgina. Ichkariga kirganimni ko‘rib, darrov yonimga oshiqdi va mendan yordam kerak-kerakmasligini so‘radi. Men qo‘lim bilan bunga xojat yo‘q degandek ishora qildim. Kitob do‘konida aytarli xech nima o‘zgarmagandi. Bu yerda ko‘p qolmadim. Quruq chiqib ketishni o‘zimga ep ko‘rmay, Kafkaning uncha qimmat bo‘lmagan kitoblaridan birini qo‘ltiqlab tashqariga chiqdim. 
Bu yerga birinchi kirishimda sal boshqacharoq bo‘lgandi. Menga Mushtariy peshvoz chiq-qandi. Uni ko‘rib bir zumda tanigandim. U xam metro voqeasini eslab, meni darxol ta-nigan va qirmizi lablarini sal qimtib, sezdirmay jilmayib qo‘ygandi. Keyin yonimda yurib ancha-muncha kitoblarni tavsiya qilgan.
-Universitetdagi o‘qishimdan bo‘sh paytimda bu yerda ishlayman.- degandi Rayner Mariya Rilkening she’riy kitobini menga tavsiya qilarkan.
Uning bu gaplariga o‘shanda uncha e’tibor bermagandim, chunki bu tabiiy xol edi. Germa-niyada maxalliy talabalar xam, xorijdan kelgan talabalar xam bo‘sh paytlarida turli xil do‘kon, restoran va tashkilotlarda soatbay ishlashardi. Diqqatimni o‘ziga jalb etgan nar-sa boshqa edi. Mushtariy o‘zini O‘zbekistondan ekanligini aytganda, unga qattiq tikilib qolgandim.
-Namuncha tikilib qoldingiz?- degandi u shunda qizarib-bo‘zarib.
-Bobomning yurtidan ekansiz.
U gapimni eshitib xayron qolgandi. Meni nemis deb o‘ylagani aniq. Tashqi tomondan al-batta nemisga o‘xshardim, onam nemis ayoli edi , o‘zim oq-sariqdan kelgandim, sof nemis tilida gapirardim. Qolaversa, qalban xam nemis edim. Lekin, bobom o‘zbek edi. Garchi u bu xaqida otam va menga churq etib gapirmagan, kindik qoni to‘kilgan yurt xaqida lom-mim demagan bo‘lsa-da, (otamni bilmadim-u) men bu xaqida bilardim. To‘g‘rirog‘i, tasodifan bilgandim. O‘limi yaqin qolgan paytda yozgan, bolaligidan tortib urush payti va undan keyingi xayotini qamrab olgan uning kundaligi ancha yillar burun qo‘limga tushib qol-gan edi. O‘shanda maktab o‘quvchisi edim. Bobom kundaligida ko‘p narsalar xaqida yozgandi. Kundalikda yozilishicha, u yurti bo‘ylab xunrezliklarni yo‘lga qo‘ygan, otasini qatag‘on qilgan, onasini Sibir degan sovuq yerga surgun qilgan, sun’iy ocharchilikni yuzaga kel-tirgan Stalin va bolsheviklardan jirkanardi, extimol shuning uchun bo‘lsa kerak urush yillari Buxenvald konslageridagi asirlikning ayanchli oqibati va o‘ziga o‘xshagan asir-larning kundan kunga bekorga o‘lib ketishayotganini ko‘rib, ana o‘sha bir to‘da bolshevik-lar uchun umrini xazon qilishni istamay Turkiston legioniga o‘tgan va xamyurti, legion faoli Ro‘zi Nazar qo‘lida urush tugagunicha xizmat qilgandi.
Kundaligida u o‘zini allaqanday Marg‘ilon degan shaxardan ekanligini yozgandi. Bu sha- xar atrofi baland tog‘lar bilan o‘ralgan vodiy yon bag‘rida joylashgan ekan. Men o‘shanda bobom dunyoga kelgan bu shaxar xaqida birinchi marta o‘qigandim va u xaqida to‘liqroq bi-lishni juda-juda xoxlagandim. Xatto, kundalikda bu xaqida yuzaki ma’lumot berilgani uchun ilojini topib bobomdan batafsilroq so‘ramoqchi bo‘lganman. Ammo, xonadonimiz-dagi g‘alati muxit bunga xecham imkon bermasdi. 
Yemakxonamizda bobomning Ro‘zi Nazar bilan natsistlar xarbiy kiyimida tushgan surati xar doim devorda osilgancha turar, ovqat paytida xam, bayramlarda xam, qachon va qaysi payt bo‘lmasin bobom nuqul og‘ziga tolqon solgandek jim o‘tirar, yuzi tund ko‘rinar, uning bu xolati va jiddiy qiyofasi undan tayinli gap chiqmasligiga meni ishontirardi. Ayniqsa, u o‘z yurti xaqida umuman gapirmas va bunaqa savollarga nazarimda toqat qilol-masdi. U ovqatdan oldin menga noma’lum tilda qandaydir duoni pichirlab, so‘ng ovqat-lanardi, sharqqa yuzlanib chetlari popukli uzunchoq gilamcha ustida kuniga besh maxal ibodat qilardi, biroq ona yurti va u bilan bog‘liq xotiralardan o‘zini olib qochardi. Shu xotiralardan qutulish uchun xam, menimcha, nemis ayoli bo‘lgan buvimga uylangandi, otamga xam nemischa tarbiya bergan, unga nemis qalliq topgan, xatto meni xam bolaligimdan ne-mis tili, madaniyati va udumlari asosida tarbiyalagandi. Uyimizda nemis tilidan boshqa tilda gapirish ta’qiqlanardi, vaxolanki bunga bizda zarurat xam yo‘q edi, chunki xamma-miz bobomning sa’y-xarakatlari natijasida qon-qonimizgacha nemisga aylanib ulgur-gandik. 
Bobomning bunday yo‘l tutganini goxida o‘zimcha tushungandek bo‘lardim. U ona yurtidagi o‘sha paytdagi siyosiy muxit va vaziyatdan o‘lgudek norozi , alamzada edi va o‘zining nazdi-da tutgan yo‘li uchun o‘zini ayblamas, o‘zini bunga to‘la xaqli deb bilardi. Biroq, shuncha norozi va alamzadaligiga qaramay, nima uchun u otam va menga o‘z ismiga o‘xshash, o‘zi tu-g‘ilgan yurtni va mansub bo‘lgan elni yodga solib turuvchi ismlar qo‘yganini tushunmasdim. Otamga Baxtiyor, menga esa Isfandiyor deb ism qo‘ygandi. Bu sirtdan qaraganda xuddi taq-dir xaziliga o‘xshardi. Aynan shu ismlarimiz tufayli bu yerda ayrimlar bizni nemis deb xisoblamas va Germaniyaga Turkiyaning gadoy topmas chekka qishloqlaridan kelib qolgan deb o‘ylardi. 
Mushtariyga bu gaplarni aytib berayotganimda uning ko‘zlaridan yosh chiqib ketgandi. Ma’lum bo‘lishicha, uning bobosi urushdan qaytmagan ekan. Demak, u bobom va uning xiz-matdoshlari bo‘lgan legionchilar yoki natsistlar otgan o‘qlarning birortasidan xalok bo‘l-gan. 
-Bobongiz tilga olgan shaxar bilan mening ona shaxrimni sakson chaqirimlik masofa aj-ratib turadi,- degandi keyin Mushtariy o‘zini qo‘lga olib.
U bilan gaplasharkanman, bobomning kundaligi orqali menga ma’lum bo‘lgan yurtga nis-batan tafakkurimda yaralgan qiziqish tobora ortib borardi. Marg‘ilon, Andijon, Farg‘o-na... Mushtariy bu atrofi osmono‘par tog‘lar bilan o‘ralgan, so‘lim vodiy bag‘rida joylash-gan shaxarlarning xar biri xaqida, u yerdagi urf-odatlar va an’analar, odamlarning tur-mush tarzi xaqida menga xar gal erinmay gapirib berardi. 
Men doim bankdagi ishim tugagach, vaqt topib mana shu kitob do‘koniga shoshardim. Tabi-iyki, Mushtariy shu yerda bo‘lardi. Mazkur kitob do‘koni tomon meni qandaydir ko‘zga ko‘-rinmas qo‘l yetaklar, o‘zimga oldin noma’lum bo‘lgan shirin tuyg‘u jalb qilardi. Bu yerga uzoq payt kelmay qo‘ysam xar sarfar menga kislorod yetishmayotgandek bo‘lar va kelib Mushtariy bilan ozgina suxbatlashganimdan so‘nggina ko‘nglim joyiga tushib, bir tekis-da va ravon nafas olishni boshlardim.
Goxida unga gul sovg‘a qilish yoki uni birorta restoranga tushlikka taklif qilishni xayol qilardim, ammo fe’l-atvor jixatidan jiddiy inson bo‘lganim xamda ayollarga e’tibor qaratishga uncha odatlanmaganim uchun bunga farosatim to‘lig‘icha yetmas, ayrim xollarda esa jur’atim zaiflik qilardi. Xali bunga erta deb xam xisoblardim, chunki Mushtariy-dan ko‘pincha bobomning yurti xaqida so‘rardim, boshqa mavzuda deyarli kam suxbatlashar-dim, iymanardim. U xam faqat olisdagi o‘zi va bobom tug‘ilgan yurt xaqida gapirib ta-savvurimni kundan kunga boyitar va u xaqidagi bilimimni ortib borishiga sababchi bo‘lar, buning natijasida, o‘sha yurtni o‘z ko‘zim bilan ko‘rish orzusi beixtiyer yuragimda alanga olib gurillab yonar va boshqa mavzu xaqida og‘iz ochish xayolimgayam kelmasdi. 
Nixoyat, bir kuni jur’atim yetib Mushtariyni tushlikka taklif qildim. U avvaliga ishonqirmadi , keyin bu taklifimni o‘ylab ko‘rishini aytdi. Yevropa madaniyati bilan yaqin tanish bo‘lgan mendek insonga, tan olaman, bu g‘alati tuyuldi, chunki bu yerda turmush-ga chiqmagan qizni tushlikka kimdir taklif qilsa, u sirayam buni o‘ylab ko‘raman qabilida gapirmasdi. 
Birga tushlik qilgan kunimiz xam esimda. Yakshanba bo‘lgani uchun men xam, Mushtariy xam yengil tin olib, restoranda xotirjam o‘tirgandik. 
-Xoxlaysizmi, sizga o‘zbek tilini o‘rgataman?- degandi bir maxal Mushtariy sardiniya balig‘ini tanovul qilayotib.
Bu paytda men sodali suv ichayotgandim va uning savoli men uchun kutilmagan yangilik bo‘l-gandi.
-Qanday bo‘larkin?
Shu kuni ilk mashg‘ulotimiz bo‘lib o‘tgandi. Torshtrassedagi uncha katta bo‘lmagan resto-ranning o‘zida, Mushtariyning ko‘magi bilan men “salom”, “xayrli kun”, “axvolingiz yax-shimi” va shunga o‘xshash o‘nlab so‘z va iboralarning o‘zbekcha varianti bilan tanishgandim. Ularni tilimda talaffuz qilarkanman, ko‘nglimda o‘zgacha xissiyotlarni tuygandim. Boi-si, birinchi marta bobomning ona tilida gapirgandim.
Boshqa tomondan, aynan o‘sha kuni Mushtariyga birinchi marta ayol sifatida qaragandim. U bexad chiroyli edi. Buning ustiga ko‘ngilchan va samimiyligi chegara bilmasdi. Quruq va tabiatan jiddiy yuradigan nemis qizlariga o‘xshamasdi. Uning ustidagi tushlik uchun kiyib chiqqan binafsharang ko‘ylagi uni yanayam chiroyli qilib ko‘rsatar va yuragimda nish urishni boshlagan shirin tuyg‘u bilan to‘lib-toshib borayotgan mexr aralash unga bot-bot suqlanib tikilarkanman, ko‘zimiz to‘qnash kelib qolsa men bu ishimdan xijolat bo‘lar, u esa ikki yanog‘i qizarib noqulay axvolga tushardi. 
-Ismingiz ma’nosini bilasizmi?- degandi Mushtariy o‘shanda o‘rtaga tushgan shunaqa no-qulaylikka barxam berish uchun.
Men masalan Sebastyan, Peter, Paul kabi nemischa ismlar ma’nosini, ularning ayrim-lari avliyolarning ismlari ekanini bilardim. Ammo, o‘z ismim qanday ma’no bildirishi xususida biror marta o‘ylab ko‘rmagandim. 
-Yaratganning tuxfasi... Ismingiz shunday ma’noni anglatadi.
U xaq edi. Ismimni bobom bejiz bunday qo‘ymagan. Aytishlaricha, onam meni dunyoga kel-tirish jarayonida juda qattiq qiynalgan, azob tortgan. Bobom o‘sha kezlari otamdan xam chuqur iztirobga tushgan va yotoqxonasidagi javonda turadigan o‘sha gilamchaga cho‘k tushib, yordam so‘rab tinmay xudoga iltijo qilgan ekan.
Shundan so‘ng, Mushtariy restoran derazasi uzra ko‘chaga o‘ychan tikilib qolgandi va pi-chirlab o‘z ismining ma’nosini aytgandi.
-Sizga qiziq emasdir bu, shunday bo‘lsa-da aytdim.
U bilan olti oyga yaqin muddat ichida muloqot qilish va kunda bo‘lmasa-da, diydor ko‘ri-shish natijasida unga xaddan ziyod bog‘lanib qolgandim. Buni butun vujudim bilan xis qilib yashardim. Shungadir balki, bir kuni u o‘qishini tamomlaganini aytganida ichimda g‘ashlik yuzaga keldi. U o‘qishini tamomlagan edi va bu yerda qolish uchun ortiq unda sabab yo‘q edi. Men o‘zimga o‘zim shunday derdim. Shunga qaramay bundan ich-etimni yerdim, be-zovtaligim sarxad bilmasdi. Eng qizig‘i, u xam yurtiga qaytib ketayotgani uchun xursand ko‘rinmas, men kabi bezovtalanar va nigoxidagi ma’yuslik menga tikilganida yanayam aniq-roq qalqib yuzaga chiqardi. Xuddi kechagidek esimda: 
-O‘zim o‘qigan maktabda nemis tilidan dars beraman,- degandi u yo‘l-yo‘lakay undan kel-gusida nima qilmoqchiligini so‘raganimda menga uzoq va ma’yus tikilib.
Aeroportda u bilan xayrlashayotganimda esa:
-Germaniyani bir umr sog‘inib yashayman,- degandi mendan ko‘zlarini olib qochib.
Uning ketganiga xam mana uch oydan oshdi. Uch oy o‘tdi oradan. Uch oydan beri mana bu xo‘m-raygan osmon ostidagi, birov bilan ishi yo‘q robotsimon, xuddi soat mexanizmidek aniq-lik ichida kun ko‘rib zerikmaydigan odamlarga to‘la ulkan Berlinda endi u yo‘q. 
Vaqtim bo‘ldi deguncha, uch oydan buyon mana shunday tentirab o‘sha metro stansiyasiga, ki-tob do‘koniga yoki Torshtrassedagi restoranga boraman. Xis-tuyg‘ularim va Mushtariy bi-lan bog‘liq xotiralarim meni o‘sha yerlarga yetaklaydi. Soatlab o‘sha yerlarda o‘tiraman. Mushtariyni eslab, u o‘rgatgan o‘zbekcha so‘z- iboralarni birin-ketin talaffuz qilarkan-man, turib-turib bobomning yurti xaqida endi xech kim bilan gaplasha olmasligim alam qilib ketadi. 
...Kechga yaqin xech tinishni bilmagan yomg‘ir ostida Xeyershtrassedan Fridrixshtrasse to-mon yurdim. Uyimiz o‘sha yerda edi. Ota-onam uyda bo‘lib, otam gazeta o‘qish bilan band, onam odatiga ko‘ra qish yaqin qolgani uchun issiq paypoq to‘qish bilan ovora edi. Yo‘lakdan o‘tib, yemakxonaning o‘rtasidagi stolga yaqinlashganimda devordagi bobomning Ro‘zi Nazar bilan birga tushgan suratiga yana ko‘zim tushdi. U xarbiy kiyimda, viqordan ko‘ra dard bilan atrofga tikilib turardi. U yerdagi stullardan biriga o‘tirdim. Onam oshxonadan kosada tovuq sho‘rva olib chiqib oldimga qo‘ydi. Qoshiq bilan kosaning ichini kavlarkan-man, ichimda Mushtariy ketganidan beri menga tinchlik bermay kelayotgan xis yana menga azob bera boshlagandek bo‘ldi. Balki, sog‘inchdir yoki xijrondir bu xis. Balki, ayriliq xissidir. Biroq, meni juda yomon azoblashni boshladi. Oxiri, ortiq bardoshim yetmadi, chidolmadim va qanday qilib bu gap og‘zimdan chiqib ketganini bilmay xam qoldim.
-Dada, men bobomning yurtiga borib kelmoqchiman,- dedim bir maxal ovqatdan boshimni ko‘tarib, otamga yuzlanarkanman.
Otam gazetadan boshini ko‘tarib, uni ikki bukladi-da, ko‘zoynagi ostidan menga picha xay- ron bo‘lib tikildi. Keyin xech nima bo‘lmagandek yana gazeta o‘qishga tushdi. Oraga bir ne-cha daqiqalik jimjitlik oraladi.
-Bankdagi ishing qolib ketadi,- dedi otam ancha o‘tib.
-Ta’til olaman,- dedim men xech bo‘sh kelgim kelmay.
-O‘sha yerga borish sen uchun shunchalik muximmi?- dedi u bo‘sh kelmayotganimni ko‘rib pesho-nasini tirishtirarkan.
-Qo‘ying, borib kelaversin,- dedi bir payt burchakdagi divanda ishini qilib jim o‘tirgan onam uning oldiga kelib suxbatimizga qo‘shilarkan.
Otam bir laxza o‘ylanib qoldi, so‘ng boshini qimirlatib rozilik bergandek bo‘ldi. Onam esa bobomning xonasiga kirib, u yerdan nimadir ko‘tarib chiqdi. Bu rang-barang iplar yord-mida atrofiga tuyalar, o‘rtasiga gumbazsimon masjid tasviri tushirilgan eskirib ketgan dastro‘mol edi.
-Ol buni, –dedi onam uni qo‘limga tutqazib.- Bu dastro‘mol bobongni bir umr yonida yur-gan.
Bobomning yurtiga ketadigan kunim erta turdim. O‘zimda kuchli xayajonni sezdim. Bobom-ning yurtidan sekin-astalik bilan Mushtariyning yurtiga xam aylanib borayotgan serqu-yosh zamin xaqidagi bilgan va eshitganlarimni endi o‘z ko‘zim bilan ko‘rish imkoni paydo bo‘lgani meni g‘oyat ta’sirlantirib yubordi. Bundan tashqari, Mushtariy xam ko‘z oldim-dan ketmay qoldi.
Otam vaqtli ishga ketgandi. Shuning uchun uyimiz oldiga taksi kelib to‘xtaganida faqat onam bilan xayrlashdim. Onam ozgina ko‘z yoshi to‘kib oldi, meni qattiq bag‘riga bosdi, taksiga o‘tirganimda yig‘i aralash qo‘llarini silkitdi.
-Xeyershtrassedagi qabristonga kirib o‘tamiz, –dedim xaydovchiga mashina katta yo‘lga chiqqach.
U tushundim degandek bosh irg‘ab, yo‘lida davom etdi. Qabristonga yetib kelganimizda, qu-yosh allaqachon tevarak-atrofga nur sochishni boshlagandi. U yerdagi uzun yo‘lak orqali yurib borib, bobomning qabrini topdim. Ko‘zim tushgan birinchi narsa- qabr ustidagi marmartoshga o‘yib chizilgan bobomning surati bo‘ldi. U go‘yo menga Isfandiyor qayerga ot-landing deyatgandek bo‘lar va uning oldiga tiz cho‘kkanimda bu surat yanada kattalashib menga shu savolni takrorlardi...
-Yana biror joyga kirib o‘tamizmi?- dedi xaydovchi qabristondan chiqqanimda.
Shunda men qo‘l soatimga qaradim. Shoshilmasam, aeroportga kech qolardim.
-Yo‘q, to‘g‘ri aeroportga xaydang. 

2019 yil, avgust.