Oktyabrni yaxshi ko‘raman. Unda ko‘proq shamol esadi, ko‘proq yomg‘ir yog‘adi. Xavo xam ko‘pincha bulutli bo‘ladi. Oyoq osti sarg‘imtir barglarga to‘lib, atrofdagi xazonrezgi ko‘ngilga qandaydir sokinlik baxsh etib, tasalli beradi.
Kecha shamol esgandi, bugun yomg‘ir yog‘di. Kechga borib u tingan bo‘lsa-da, yerdan atrof bo‘y-lab tarqagan achqimtir va nam xid xaliyam dimoqqa uriladi. Xarorat kechga borib ancha tushib ketdi, shunga bo‘lsa kerak balkonda turaverib sovqotib ketdim va ichkariga kirdim.
U yerda birinchi bo‘lib ko‘zim tushgan narsa uzun va katta kitob javoni bo‘ldi. Uni oldiga kelib bir lahza nima qilishimni bilmay turdim. Shu tobda kitob o‘qishga maylim yo‘q edi. Boshim imillab og‘rir, yuragim siqilardi. Bunday vaziyatda kitob o‘qigandek xam bo‘lmaysan kishi.
Xonadagi bitta-yu bitta kresloga cho‘karkanman, oxirgi kunlarda bo‘lgani kabi Nafisani kitob so‘rab chiqmayotgani tag‘in esimga tushdi. U so‘nggi bor o‘n kuncha oldin Markesning “Yolg‘izlikning yuz yili” asarini o‘qish uchun olgandi. Shundan beri uning daragi yo‘q. 
Vaqt o‘tishi bilan boshimdagi og‘riq kuchaydi. Dori ichmasam bo‘lmasdi. Shunga o‘rnimdan turib bosh og‘rig‘iga qarshi dori ichdim. Ketidan yangitda o‘zim damlagan achchiq qaxvadan xo‘pladim. Shundan so‘ng, xonada bo‘zchining mokisidek u yoqdan bu yoqqa borib kela boshladim… 
Ikki oy burun ro‘paramdagi kvartirada yashagan o‘ris kampir vafot etgach, oilasi bilan unikiga ko‘chib kelishgandan beri Nafisa mendan kitob olib o‘qirdi. Bu yerda kampirning xorijdagi o‘g‘li zudlik bilan ularga kvartirani sotibdi degan gap yurardi. Nafisaning otasi harbiy bo‘lib, shaxardagi harbiy qismda ishlar, o‘zi adashmasam qaysidir maktabda ingliz tilidan dars berardi. 
U shaxsiy kutubxonam borligini qo‘shnilardan eshitgan shekilli, mendan bu xaqida o‘zi hech so‘ramagandi. Chunki, ko‘cha-ko‘yda menga duch kelganida biror narsa so‘rash tugul lom-mim demas, iymanib salomlashishdan nariga o‘tmasdi. Men xam istixola qilib uni ortiqcha gapga tutmasdim. 
-Kitoblaringizdan o‘qigani olsam bo‘ladimi?- dedi u bir kuni nogaxon kvartiramning oldida paydo bo‘lib.
Boshida rosti hayron bo‘ldim. Bu yerda xech kim mendan kitob so‘ramasdi-da. Shunga qaramay uni ichkariga taklif qildim. 
-Buncha kitoblaringiz ko‘p.
Nafisa kutubxonamni tomosha qilarkan, xuddi yosh boladek quvonib ketdi. Men indamas-dan deraza oldida labimga sigaretimni qistirgancha turaverdim. Unga javob qaytarishni istamadim. Javob qaytarsam u yana savollar beradi, deb o‘yladim. Sigaret chekayotganimda birovga javob berishga odatlanmagandim. 
-Jek Londonning “Martin Iden”asarini olsam bo‘ladimi?- dedi u ko‘p o‘tmay.
Unga orqa o‘girgancha sigaret tutunini ichimga tortarkanman, boshimni qimirlatib rozi- ligimni bildirdim. Nafisa kitobni olgach, menga minnatdorchilik izhor qildi.
-Katta raxmat sizga! Uni tezda o‘qib chiqaman.
Uning birinchi olgan kitobi “Martin Iden” bo‘lgandi. Keyin, xar uch yo to‘rt kunda u ol-dimga chiqishni odat qildi. Biz aytarli ko‘p suxbatlashmasdik, u bir oz tortinchoq edi yoki kamgapligimni ko‘rib og‘iz ochgani uyalardi. Meni deraza oldida ko‘pincha indamay sigaret chekib turganimni ko‘rgach, o‘qib bo‘lgan kitobini u avaylab joyiga qo‘yar va javondan o‘ziga keraklisini olib tezda xonadan chiqib ketardi. 
Bu xolat bir necha marta shunday davom etdi. Lekin, so‘nggi marta u oldimga chiqqanida ba-ri boshqacha bo‘ldi. Negaligini o‘zim xam bilmayman. Bu gal deraza oldida unga orqa o‘gir-gancha sigaret chekib turmadim. Aksincha, kresloga joylashib undan ko‘zimni uzmadim. U xam xonaga kirganiyam bilinmay, bir kitobni qo‘yib, ikkinchisini olgancha darrov chiqib ketmadi. Go‘yo kitob tanlashga qiynalgandek, javonni odatdagidan uzoqroq titkiladi. Cho‘zilib ketgan titkilashlardan so‘ng, Markesning “Yolg‘izlikning yuz yili” kitobini qo‘liga oldi va tik turganicha, xonaning o‘rtasida ancha vaqt uni varaqlab turdi.
-Siz ko‘proq jaxon adabiyotini o‘qirkansiz-a?- dedim ilk marta unga sinchkovlik bilan tikilarkanman.
Nafisa unga tikilib o‘tirganimni payqagach, avvaliga lavlagidek qizarib ketdi. 
-Shunday, ko‘pincha jaxon adabiyotini o‘qiyman, -dedi biroq o‘zini qo‘lga olib kitobni varaqlashda davom etarkan.
Zimdan razm solinsa, uni jozibali deyishga odam ikkilanardi, boisi u sirayam o‘ziga e’tibor bermasdi. Ustiga judayam nozik ko‘rinardi. Shunday bo‘lsa-da, uni o‘zini tarbi-yali tutishi, xarakatlari va fe’l-atvoridagi bosiqlik, ko‘zlarida porlab turgan xayotga chanqoqlik xissi odamni o‘ziga jalb etmay qolmasdi. 
-Bu yerdagi kitoblarning xammasini o‘qib chiqqanmisiz?- dedi u bir maxal kitobdan boshini ko‘tarib, men tomonga qararkan.
- Deyarli xammasini,- dedim javon tomonga bir zum nazar solib.
-Sizga xavasim kelyapti,- davom etdi u kitobni yopib, qo‘ltig‘iga qistirgancha ketishga taraddud ko‘rarkan.
-Qaxva ichishga nima deysiz?- dedim u bo‘sag‘aga yetgach, nogox o‘rnimdan turib .-Ayni qaxva ichadigan xavo bo‘lyapti-da.
Nafisa qiya ochiq turgan deraza tomonga boqdi.
-Mayli, agar sizga malol kelmasa,- dedi so‘ng xijolat bo‘lib. 
-Sizga shakarli bo‘lsinmi yo shakarsiz?
-Shakarsiz bo‘la qolsin.
Qaxva ichish davomida men kamgapligimni unutdim, u tortinchoqligini. Men asosan, o‘qigan kitoblarim xamda o‘zim qadrlagan adiblar xususida uzoq gapirdim. U meni diqqati-ni bir yerga jamlab, qiziqish bilan eshitdi. O‘zining navbati kelgach, o‘qigan kitoblari xususida mendan sira qolishmagan tarzda zavq bilan gapirdi. Uni tinglarkanman, dunyo-qarashi o‘zimniki bilan ikki tomchi suvdek o‘xshash inson bilan suxbatlashish injiq ko‘nglimga yoqayotganini, unga yillar bo‘yi yetishmagan shirin xalovatni yo‘q joydan topganimni tushundim. 
U chiqib ketgach, kitoblar qarshisida yana o‘zim qoldim. Doimgidek yolg‘iz. Yolg‘izlikka ko‘nikkan yuragim bu safar xam o‘zining xilvat go‘shalarida sayru sayyoxat qilishni boshlay-di, deb qattiq yanglishdim. Birinchi marta bunday bo‘lmadi. Ilk daf’a judayam yolg‘izli-gimni, to‘rt devor ichidagi bu yolg‘izlikning butun pastu-balandini ko‘nglimdan chuqur o‘tkazdim. 
Ertasiga uydan chiqarkanman, ko‘chada Nafisaga ro‘para bo‘ldim. Uning yonida maktabga boradigan singlisi bor edi. Xar doimgidek, u bilan qisqa salomlashdim, avtobus beka-tigacha churq etmay, orqama-orqa ketdim. Gapirgim keldi, lekin jur’atim yetmadi. Balki, atrofdagi odamlardan uyalgandirman.
Bekatda men taksiga, u avtobusga chiqib ketdi. Taksida ketayotganimda uni o‘qigani olgan kitobi yodimga tushdi. Shunda xayolimning sarxadlarini bu safar xam kitobni u tezda o‘qib chiqarmikin, degan o‘y bearmon kezib chiqdi. Oxiri, o‘qib chiqadi degan qarorga keldim. 
Shu tariqa oradan to‘rt kun o‘tdi. Oldiniga xech narsa bilinmadi. Beshinchi kunga borib, Nafisani kitobni almashtirgani chiqmayotgani kutilmaganda ruximdagi osoyishtalikni siqib chiqarib, unda tiyiqsiz bezovtalikni yuzaga keltirdi. Oltinchi kuni tabiatimga zid ravishda yuragim siqilib, rostakamiga asabiylashishni boshladim. Yettinchi kuni odadatimga ko‘ra deraza oldida sigaret chekib turarkanman, Markesning o‘sha kitobini bir xaftada o‘qib tugatmaslik mumkin emas, degan xulosaga keldim va shu xulosa tutoqib ke-tishimga sabab bo‘ldi. 
Kecha ruxiyatimdagi xolat yanayam yomonlashdi. Sug‘urta tashkilotidagi ish joyimda shu tufayli risoladagidek ishlay olmadim. Uch yuz sakson olti betdan iborat bo‘lgan kitobni bunchalik uzoq o‘qilishi sira tasavvurimga sig‘may, nuqul shu xaqida o‘yladim. Turli xil savollar xam miyamda g‘ujg‘on o‘ynadi. Balki, Nafisaning vaqti bo‘lmagandir kitob o‘qishga, dedim qo‘lim ishga bormay. Hech qancha vaqt o‘tmay shunchaki kitob unga yoqmagan, shunga tokchasida chang bosib yotibdi, menga qaytarish esidan chiqqan, degan o‘y shuurimni qamrab oldi. 
Ish joyimdagilarning ko‘pi kitob o‘qishga qiziqmas, faqat “Risklar va xatarlar” bo‘limidagi Feruza opa onda-sonda kitob o‘qib turardi. U o‘ttiz besh yoshlar atrofidagi, sami-miy va judayam ziyoli ayol edi. Tanaffus paytida undan butun o‘y-fikrimni egallab olgan Markesning mazkur kitobi xususida so‘rab-surishtirmoqchi bo‘ldim.
-Feruza opa,- dedim oldiga kirib.- Sizdan bitta narsa so‘rasam bo‘ladimi?
Feruza opa stoli ustidagi bir uyum qog‘ozlarni tartibga keltirayotgandi.
-Mayli, Xumoyun.- dedi u ishidan boshini ko‘tarib.
-Hajmi uch yuz sakson olti bet bo‘lgan kitobni siz necha kunda o‘qib chiqqan bo‘lardingiz?
Feruza opa bir oz o‘ylanib turdi-da:
-Bu qanday kitobligiga bog‘liq. Agar u meni qiziqtirsa, yetti kunda uni o‘qib tugataman. Agar qiziqtirmasa, bir oyda xam o‘qib tugata olmayman,- dedi.
Ish davomida xuddi shu savol bilan o‘zimga yaqin bo‘lib qolgan mijozlardan biriga xam murojaat qildim.
-Xafsala qilsam ikki haftada o‘qib chiqsam kerak,- dedi u ozgina o‘ylanib turib.
Ish vaqti tugab, uyga qaytayotganimda bu savolni taksi xaydovchisiga berganim barchasidan o‘tib tushdi.
-Ochig‘i, kitob o‘qishga qiziqmayman,- dedi u orqa o‘rindiqni ko‘rsatib turuvchi oynadan menga qarab.
Uyga kelgach, ichkariga kirmay devorga suyangancha yo‘lakda turdim. Bu turishimdan Nafisa kelganimni derazadan ko‘rgan bo‘lsa, extimol kitobni almashtirgani chiqar, degan maqsad bor edi. Yigirma daqiqagacha cho‘zildi bunday turishim. Ammo, eshik taqillamadi. Bundan kayfiyatim tushib, shimimning cho‘ntagini kavladim. U yerdan sigaret qutisini oldim. Quti deyarli bo‘m-bo‘sh edi. Ichida baxtimga bir dona sigaret qolgan ekan. Uni labimga qistirib, burnimning tagida gugurt chaqdim. Sigaretni tutatganimcha, kitob javonining ol-diga keldim. U yerdan bir nechta kitoblarni qo‘limga oldim. Ularning biri ikki yuz ellik to‘rt , ikkinchisi bir yuz sakson uch , uchinchisi bir yuz yigirma to‘rt betdan iborat edi. Shu uchinchisini qoldirib, qolganlarini qaytarib javonga solib qo‘ydim. Kitobni picha qo‘limda ushlab, erinmay boshidan oxirigacha varaqlab chiqdim. Nafisa chiqqudek bo‘lsa, o‘qigani endi shuni tavsiya qilsammikin, degan fikrga xam bordim. 
... Xonada u yoqdan bu yoqqa yuraverish ko‘p o‘tmay oyog‘imni charchatdi. Yana kresloga cho‘kdim. Dori ichganimga boshimdagi og‘riq qolishni boshladi. Lekin, yuragim xamon siqilardi. Kresloning chetiga boshimni qo‘yib, bir zumga ko‘zlarimni yumdim. Ko‘z oldimdan Nafisa, uning tashqi ko‘rinishi va fe’l-atvori birma-bir o‘tdi. Shunda o‘n kun ichidagi bezovtalik, asabiylashish, ruxiyatimning yomonlashishi- barchasi uni kutayotganimning xosilasi ekanligini his qildim. Hech kimdan hech narsa kutmaslikka o‘rgangan kamina mana necha kunki uni kutib yashayotgandim. Uni yana oldimga chiqishini, bu yerda menga bir og‘iz gapirishini, yoqimli ovozi shu xona bo‘ylab qisqa vaqtga bo‘lsin taralishini intiqlik bilan kutayotgandim. Darxaqiqat, shunday. Yolg‘on gapirib nima qildim: Markesning kitobini qancha vaqtda o‘qilishini aslida men uchun ahamiyati yo‘q edi.
Bu xaqiqatni tan olgach, birdan qax-qax urib kulib yubordim. Kulgumda alam, sog‘inch, xijron o‘z ifodasini topgandi. Tinmay kulardim. Borgan sari balandroq va betizgin. Shu payt eshik taqillagandek bo‘ldi. Avvaliga e’tibor bermadim. Tag‘in taqilladi. Uni borib ochishdan oldin xaligacha almashtirilmagan ustimdagi ish kiyimimni tartibga keltirdim: bo‘ynimda qiyshayib turgan bo‘yinbog‘imni to‘g‘riladim, ko‘ylagimning osilib yot-gan tugmalarini qadadim. Keyin, eshikni ochdim. Ostonada qo‘liga kitob ushlagancha Nafisa turardi. 
-Qiyinchilik bilan o‘qib tugatdim,- dedi u qo‘lidagi kitobni menga ko‘rsatarkan jilmayishga xarakat qilib.- Markes meni rosa ter to‘kishga majbur qildi.