-Siz aytgan joy shu yer,- dedi haydovchi mashinani chetga olib to‘xtarkan.
Mashinaning ichidan atrofga tikildim. Ko‘z oldimda bir-biridan uncha uzoqlikda joylashmagan ikkita yashil gumbazli bino va uning atrofida uchib yurgan son-sanoqsiz kabutarlardan iborat manzara gavdalandi. Uzoqdan ko‘rinmagan ekan. Binolarga yaqinlashga-nimda, ularning o‘rtasidagi yalanglik xam kabutarlarga to‘la ekanini ko‘rdim. Kabutarlar atrofga to‘plangan odamlar sepayotgan donlarni terib yeyishardi. 
-Oldinlari “Kabutarli Mozor” deyishardi bu yerni,- dedi haydovchi ortimdan kelib.- Hozir ziyoratgoh bo‘lib qolgan. Shaxarda mashxur alloma yashab o‘tgan. Burchakdagi bino o‘rnida ancha zamonlar oldin uning chillaxonasi bo‘lgan ekan.
U ko‘rsatgan bino oldida odam ko‘p bo‘lib, ular navbat bilan ichkariga kirib chiqishardi.
-Xar kuni bu yerga yuzlab odamlar ziyoratga kelishadi,- davom etdi haydovchi.- Ularning ichida shifotalab bemorlar, uzoq yillab farzand ko‘rmaganlar, dunyodan o‘tgan yaqinlari-ning xaqiga duo istaganlar, xonadoniga qut-baraka so‘rab kelganlar uchraydi. Ular o‘sha chillaxonaga kirib, domlaga qur’on tilovat qildirishadi. Xovlida yurib, mana shu kabu-tarlarga don sepishadi. Orqa tomondagi mozorga kirib, avliyolarning qabrini ziyorat qilishadi.
Men uni diqqat bilan eshitsam-da, ochig‘i ikki ko‘zim va butun diqqat-e’tiborim oyoq ostida don terib, osmonda to‘da bo‘lib parvoz qilib yurgan kabutarlarda edi. Ular xuddi otamning albomida tasvirlangandek edi: oq-qora va kulrang, biri biridan nafis va beg‘ubor, odamga ma’noli boquvchi va bir oz xurkak.
-Mexmon, men mashinada bo‘laman,- dedi xaydovchi bir oz o‘tib, mashinasi tomon ketishga chog‘lanarkan.- Aylanib bo‘lgach, chiqarsiz. Kuzning xavosiga allergiyam bo‘lmaganida sizga xamroxlik qilgan bo‘lardim. Baxtga qarshi, kuzda tashqarida ko‘p tursam nuqul aksiraman. 
U aksirib-aksirib mashinasi tomon ketgach, yerdagi donlarni terib yeyish bilan band bo‘l-gan kabutarlarga yaqinlashdim. Yerda aytarli don qolmagan edi, shunga ularning ko‘piga don yetmay, bir-biri bilan ular don talashishardi. Bunday vaziyatda xuddi odamlarda bo‘lgani kabi ularning xam zaif guruxi chetga chiqib qolar, faqat chaqqonroqlarining oshig‘i olchi bo‘lardi. 
Ziyoratgohning bir chetida oriq kampir don sotardi. Boshida ko‘rmabman. Odamlar uning oldidan selofan xaltada don olib kelishardi. Ko‘zim tushgach, borib men xam undan ancha-gina don sotib oldim. Orqa-oldimga qaramay yerga don sepayotganimni ko‘rib, kabutarlar meni o‘rab olishdi. Osmonda uchib yurganlariyam pastga tushib,ularning safiga qo‘shilishdi. Bir zumda son-sanoqsiz kabutarlar orasida qoldim. Ularning ayrimlari xurkishni-yam unutib don aralash qo‘limni mayingina cho‘qishsa, ayrimlari safda qisilib ketgani uchun poyabzalimning ustigacha chiqib olishardi. 
Ko‘p o‘tmay, qo‘limdagi xalta bo‘shadi. Xorib chetda turgan o‘rindiqqa o‘tirdim. Ortimda mozor bor edi. Ziyoratgoh va mozor uzun devor bilan ajratilgan, pishiq g‘ishtli devorlar o‘rtasidan ochilgan panjarali tirqishlardan ko‘xna mozor yaqqol ko‘zga tashlanib turardi. Chamamda, uning yonida masjid xam bor edi, boisi ma’lum bir qismi chiqib turgan baland gumbaz ustida misdan yasalgan yarim oy tasviri kunchiqar tomonga moyil bo‘lib turardi. 
O‘rindiqqa o‘tirib kabutarlarni kuzatarkanman, fotoapparatimni olib ularni bir necha marta suratga tushirdim. Bu ishni yakunlagach, portfelimni ochib, ichidan otamning albo-mini oldim. Albomda chizilgan kabutarlar bilan atrofimdagi kabutarlarni solishtir-dim. U yerdagi rasmlar ostiga yozilgan qaydlar va sanalarni qaytadan ko‘zdan kechirdim. Xar bir rasm ostida qayd va sana ko‘rsatilgandi. Masalan, ostiga “04.06.1995” sana qo‘yilgan kulrang kabutarning rasmi yoniga “ qadrdonim, farzandim bugun birinchi sinfga bordi” degan yozuv qayd qilingandi. Ostiga “02.11.2001” sanasi qo‘yilgan oq kabutarning rasmi chetida “kecha derazadan osmonga qaragandim xuddi seni ko‘rgandek bo‘ldim, oppoqoy” degan ilovali yozuv bor edi. Ularning ichida bu safar e’tiborimni ko‘proq tortgani oq-qora, semiz kabutarning rasmi bo‘ldi. Otam uning ostiga “07.06.2006” sanasini qo‘yib, yoniga “bugun magazindan shokolad olgandim, qog‘oziga kabutar tasviri tushirilgan ekan, u xuddi senga o‘xsharkan, momiqvoy” degan yozuvni qayd etib o‘tgandi. 
Boya haydovchi aytgan allomaning chillaxonasi oldida odam qolmagach, o‘rnimdan turib o‘sha yerga bordim. Ichkarida xonaning to‘ridagi ko‘rpa ustida boshiga salla o‘ragan, soch-soqoliga oq tushgan domla o‘tirar, uning qarshisidagi ko‘m-ko‘k duxoba yopilgan xontaxta ustida qur’on va tasbex turardi.
-Keling, taqsir,- dedi domla meni iliq qarshi olib.
-Otamning ruxiga bag‘ishlab qur’on o‘qitmoqchi edim.- dedim uning savolomuz nigoxini ko‘rgach.
Domla qur’on o‘qishni boshladi. Uni tinglarkanman, dam o‘tmay otam ko‘z oldimga keldi. ” Nortvestrn Memorial” klinikasining onkologiya bo‘limidagi uning so‘nggi kunlarini xayolimdan o‘tkazdim. O‘shanda bosh miya saratoni sabab sanoqli kunlari qolib, boshidagi sochlari butunlay to‘kilib ketgan xolda, ozib-to‘zib, ko‘zlari kirtayib karavotda yotarkan, otamning yonida ko‘pincha men qolardim. U doim meni qo‘limni ushlab yotar, unga qoshiqda suv yoki suyuk ovqat bersam, lablari tamshanib va ko‘zlari pirpirab menga tikilardi. U doim menga nimadir demoqchi bo‘lar, lekin tildan qolgani uchun gapirishga qurbi yetmay, og‘ir nafas olgancha xirillardi xolos. 
Bir kuni uning axvoli yanayam yomonlashdi. Uning yonidan xech qayerga siljimas ekanman, devorga o‘rnatilgan televizor pultini olib, o‘zimni chalg‘itish uchun undagi kanallarni birma-bir titkiladim. Bir payt otam o‘ng qo‘lini ko‘tarib, televizor tomonga qaragancha faryod urgandek past ovozda xirilladi. Televizordagi kanalda kabutarlarni ko‘rsatishardi. Dastlab uning xirilashini boshqa kanalga ol, deb tushunibman. Boshqa kanalga olgan-dim, otam endi asabiylashib qo‘llarini xadeb qimirlata boshladi. 
-Kabutarlarni ko‘rsatayotgan kanalni qaytar,- dedi shunda u yerda o‘tirgan onam otamga yaqinlashib, uni tinchlantirarkan.
Pult yordamida o‘sha kanalni qaytardim. Otam kabutarlarni ko‘rgach, darrov tinchlandi. Lekin, qo‘llari xamon qaltirar, onam ushlab turgan jag‘i titrab, ushlab turilmasa osilib ketadigandek tuyulardi. 
-Ramazon, kabutarlaringizni sog‘indingizmi?- dedi onam uning jag‘ini qattiq ushlagancha, ko‘zlaridan biror narsani uqimoqchi bo‘lib.
Otamning ko‘zlaridan yosh chiqib ketdi, unga nimadir demoqchi bo‘ldi, bir-ikki shunga og‘iz juftladi, biroq yana xirillashdan nariga o‘tmadi.
-Menimcha, otang kabutarlarini sog‘inibdi,- dedi onam menga yuzlanib.- Biz tug‘ilgan Marg‘ilonda “Kabutarli mozor” degan joy bor edi. Otangning bolaligi o‘sha yerda o‘tgan. Yoshligi xam. U yerda son-sanoqsiz kabutarlar bo‘lardi. Otang ularni jonidan ortiq ko‘-rar, ko‘p vaqtini ular bilan o‘tkazardi. Meni xam u yerga ko‘p olib borgan. Borsak doim don sepib kabutarlarning qornini to‘ydirardik, ularga tikilib xayol surgancha soatlab o‘sha yerda o‘tirardik.
Otam jimgina onamni eshitib yotardi. Bir uning qimirlayotgan og‘ziga, bir televizordagi kabutarlarga qarardi. Eshitish jarayonida uning gaplarini ozmi-ko‘pmi anglar va extimol shuning uchun bo‘lsa kerak ko‘zlaridan shashqator yosh tinmay oqar, qo‘llari bilan nuqul karavot to‘shagining chetini g‘ijimlagancha o‘rnidan turishga urinardi.
Domla tilovatini yakunlagach, duo uchun qo‘l ochdi. Men xam unga ergashdim. Ikkimiz yuzimizga yengil fotiha tortdik.
-So‘raganda ayb yo‘q, -dedi domla shundan so‘ng menga ko‘z qirini tashlab.- O‘g‘lim, musofirga o‘xshaysiz.
-Amerikadanman,-dedim unga o‘zimni tanishtirib.- Ammo, o‘zbekman. Ota-onam shu yerda tu-g‘ilishgan. Marg‘ilonda bir muddat yashab, “qayta qurish” yillarida Amerikaga ko‘chib ketishgan. 
-Mustaqillikdan oldin ko‘chib ketishgan ekan-da, - dedi u o‘ylanib turib.
Uning oldidan chiqqanimda, osmonning qiyofasi tundlashib tusini o‘zgartirgandi. Uning duch kelgan yerida qora bulutlar suzib yurardi. Chillaxona oldidagi bir tup chinorning sa-riq barglari esayotgan shamol ta’sirida tinmay oyoq ostiga to‘kilardi.
Barglarni ezib o‘tayotganimda, Chikagoda o‘tgan bolaligimni xotirladim. Otamning ayti-shicha, ular Amerikaga ko‘chib kelishganida men onamning qornida bo‘lgan ekanman. Otam o‘zi bolalar uyida voyaga yetgani uchun menga mexri bo‘lakcha edi. Xar dam olish kuni meni yo “Chikago Bullz” basketbol jamoasining o‘yinlarini tomosha qilish uchun, yo tabiat muze-yiga olib borardi. Kinoteatrga xam ko‘p tushardik. Kechalari meni ertak va matallar ay-tib uxlatardi. Ishdan bo‘sh paytlarida, xonasiga chaqirib olib menga o‘zbek tilini va shaxmat o‘ynashni o‘rgatardi. O‘sha kezlari u menda judayam quvnoq va xayotidan mamnun in-sondek taasurot qoldirardi. Buning ustiga judayam xazilkash edi. 
Xatto, ulg‘ayganimdan so‘ng xam iztirob, sog‘inch yoki xijron kabi odam bolasida ko‘p uch-raydigan xislarning birortasini unda ko‘rmaganman. To‘g‘ri, ba’zida otam “Chikago Bullz”ning o‘yinini ko‘rib, piyoda uyga qaytayotganimizda yoki yoz kunlari peshayvonda choy ichib o‘tirganimizda osmonda qushlar galasi paydo bo‘lsa g‘alatilashib, ma’yus tortib qo-lardi. Bu shunaqangi tez sodir bo‘lardiki, u birorta latifa yoki qiziqarli vokeani ayta-yotgan joyida darxol tildan qolgan odamdek jim bo‘lib qolardi va uning ruxiyatida yuzaga kelgan nogaxoniy o‘zgarish shu bilan bir necha kungacha davom etardi. Ba’zida otamni tong paytida derazani lang ochib, uzoq-uzoqlarga tikilib turganini ko‘rardim. O‘shanda xam osmonda qushlar uchib yurgan bo‘lar, otam ularning qiy-chuvini eshitib, xarakatlarini berilib kuzatib turgan bo‘lardi. 
U olmos savdosi bilan shug‘ullanadigan firmada ishlardi. Ishi ko‘pligidan ko‘pincha uy-da xam ishlardi. Goxida kechalari xonasining eshigi tirqishidan poylab uni kuzatardim. Uni yuzidagi terlarini artib ishlayotganini ko‘rsam raxmim kelardi. U xaddan tashqari ko‘p ishlardi. Ammo, orada tanaffus qilar va tanaffus payti xozir meni qo‘limda bo‘lgan mazkur albomini qo‘lidan qo‘ymas, qo‘lini jag‘iga tiragancha qalam bilan unga yozuv-chizuvlar qilib o‘tirardi. O‘shanda albomga kabutarlarning rasmini chizganini keyin bil-gandim. 
Uning vafotidan so‘ng, xar kuni kechqurun mana shu albomni varaqlab chiqardim. Xonamdagi chiroqni allamaxalgacha o‘chmaganini ko‘rib, ko‘pincha onam xonamga kirar va menga qo‘-shilib ko‘zlarida yosh bilan albomni tomosha qilardi. U yerdagi kabutarlarning rasmidan xam ko‘ra xar bir rasm ostiga qayd etilgan yozuvlar va sanalar yuragimni ezardi. Ularni o‘qiganim sari xotiralarning yukidan o‘zimni bukchayib qolgandek sezar, natijada dardim ikki-uch baravarga ortardi.
-Menimcha, otang vataniga qaytib borishni xoxlagan,- derdi onam ana shunday qayg‘uli laxzalarda.- Kabutarlarini ko‘rgisi kelgan. 
Bir pasda yomg‘ir tomchilay boshladi. Bu yerning oktyabri xam xuddi Chikagoniki kabi ekan. Qandaydir bulutli va seryomg‘ir. Yomg‘ir yog‘a boshlagach, ziyoratgohga kelgan odamlar tarqala boshlashdi. Ularning ketayotganlarini ko‘rib, kabutarlar allanechuk g‘amgin bo‘lib qolishdi. Ular xuddi xech nimaga tushunmagandek bir-birlariga qarashar va don sepib ularni siylagan odamlarning ketidan o‘ychan qarab qolishardi. 
Yomg‘ir tezlashgach, shamollab qolmaslik uchun men xam ziyoratgoxning sharqiy tomonida turgan mashina tomon yurdim. Meni kutaverib xaydovchining ko‘zi ketib qolgan ekan. To‘satdan eshikni ochgandim, u cho‘chib qush uyqusidan uyg‘onib ketdi.
-Chiqdingizmi?- dedi u meni ko‘rib, ko‘zlarini ishqalarkan.
Yo‘lda yomg‘ir yanayam tezlashdi. Mashinaning oyna artuvchi moslamasi unga urilayotgan yom-g‘ir tomchilarini artib ulgurmasdi. Yomg‘irning shashtini ko‘rib, bir oz xavotir bilan kabutarlar xaqida o‘yladim. Ularni yomg‘ir ostida qolib ketishdi, degan xayolga bordim. Sal o‘tib, yomg‘irdan jon saqlagani ularga pana joy bordir, deb o‘zimni tinchlantirdim. Ammo, bu uzoqqa bormadi. Son-sanoqsiz shuncha kabutar yomg‘irda qayerda jon saqlaydi, pana joy ko‘rmadim u yerda, degan boshqa bir xayol bir zumda ong ostimda g‘imirlay boshladi. 
-Biror narsangizni unutib qoldiribsizmi u yerda?- dedi xaydovchi mashinani ortga qaytarishini iltimos qilgandim, menga o‘girilib.
Ziyoratgohga qaytib kelgach, mashinadan shoshib tushdim. Kabutarlar maskaniga aylangan yalanglikka qadamimni tezlatib bordim. Biroq, u yerda kabutarlar yo‘q edi. Na yerda, na osmonda. Ular xuddi qayergadir izsiz yo‘qolgandek edi. Nima qilishimni bilmay bir pas yomg‘ir ostida boshim qotib turdim. 
-Biror narsangizni unutib qoldiribsizmi?
Chillaxonaning eshigini berkitayotgan domla xam menga xaydovchi bergan savolni berdi. 
-Kabutarlar qayerga ketishdi?- dedim unga xayron bo‘lib.
Domla tushunmagandek menga qo‘shilib atrofga nazar tashladi.
-Xech qayerga ketishgani yo‘q.- dedi keyin xotirjam tarzda.- Chillaxonaning tomiga qarang. O‘sha yerda ularning ini bor. Ular o‘sha yerda.
Men chillaxonaning tomiga qaradim. Avvaliga, pana joyni ko‘zim ilg‘amadi. Ma’lum vaqt o‘tgachgina u yerdagi uzun ingichka yo‘lakni ko‘rdim. Yo‘lakning atrofi o‘ralib, ichkariga yorug‘lik kirib turishi uchun undan bir nechta darcha ochib qo‘yilgandi. Darchalardan kabutarlar bir-birining pinjiga kirgancha, boshlarini chiqarib tashqarida yog‘ayotgan yomg‘irni kuzatib turishardi. 
-Ularning xammasi o‘sha yerga sig‘adimi?- dedim xavotirim tarqab ko‘nglim joyiga tusharkan, baribir yanayam aniqlik kiritish uchun domlaga qarab.
-Albatta,- dedi u yomg‘ir xo‘l qilgan yuzini dastro‘moli bilan artarkan.- Uzoq yillardan beri ular o‘sha yerda bir oila bo‘lib yashashadi. 
Mexmonxonaga qaytganimda, usti-boshim ivib ketgandi. Suvga tushgan mushukdan farqim qolmay asosiy eshikdan kirib kelganimni ko‘rib, u yerdagi xizmatchilardan biri menga sochiq tutdi. Sochiqqa artinarkanman, Amerikaga qo‘ng‘iroq qilish uchun u yerdagi navbatchi menedjerga buyurtma berdim. U darrov men aytgan raqamlarni terib, onamni ulab berdi.
-Oyi,- dedim go‘shakdan onamning tanish ovozi kelgach.- Otamning kabutarlarini borib ko‘rdim. Ular xuddi albomda tasvirlangandek ekan.
Onam nimadir demoqchi bo‘ldi, lekin ovozi chiqmadi. Go‘shakdan uning yig‘layotgani eshitilardi xolos...