— Oyog’ingizga nima qildi?
Eshik qiya ochiq turgandi. Shuning uchun Nazokatni xonaga kirganini payqamabman.
-Ba’zida shunday og’rib turadi — dedim chap tizzamni peshonamni tirishtirgancha uqalarkanman.
Nazokat bo’ynidagi qora sharfi va ustidagi to’q qizil kostьyumini yechib, shkafning ichiga ilib qo’ydi. Qo’lidagi sumkasi ham o’sha yerdan qo’nim topdi. U bugun kechagiga qaraganda ancha ishtiyoqli ko’rinar, kechagi horg’inligi qayergadir yo’qolgan va darrov pianino qarshisiga borib o’tirganidan tezroq mashg’ulotlarga kirishish istagida yonayotganini chamalash mumkin edi.
— Betxoven mendan xursand — dedi u partiturani qo’liga olib, unga ko’z yugurtirarkan.- Bu yerda ham, uyda ham tinmay uning sonatasini ijro etyapman.
Men tizzamni bir-ikki bukib ko’rib, o’rnimdan turdim.
-Tanlovga oz qoldi. Ulgurishimiz kerak.
Nazokat oq-qora klavishlar ustida xuddi yosh boladek barmoqlarini birma-bir yurgizib chiqdi.
-Partituraga qarab bexato ijro etyapman — dedi keyin partiturani joyiga qo’yib.- Yoddan bo’lsa ayrim joylarida xato qilyapman.
Bir ozdan so’ng, xonadagi “Belarusь” pianinosi xuddi kechagidek yana ovoz chiqarishni boshladi. Betxovenning Eliza ismli qizga bag’ishlab yozgan sonatasi Nazokatning ijrosida xona bo’ylab taraldi. Uni besas kuzatdim. Nazokat partituraga qaramaslikka intilardi. Barmoqlari klavishlar uzra ohista xarakatlanar ekan, hech narsaga chalg’imay o’y-fikrini ijro jarayonidan uzmasdi.
-Bu gal uchta joyda xato qilding — dedim uning ortidan turib.
Nazokat menga savolomuz qaradi. Oldiga kelib qayerda xato qilganini partituradan ko’r-satib berdim.
-Doktorga borib keling,- dedi Nazokat bir payt sal egilib turgan chap tizzamga qarab.- Men o’zim shug’ullanib turaman bu yerda.
-Hojati yo’q — dedim deraza oldiga borib, tashqarida esayotgan shamol yuzaga keltirgan manzarani kuzatarkanman.
Nazokat bilan tushlikkacha ancha shug’ullandim. Shaxar madaniyat markazida yosh pianinochi-lar o’rtasida har yili o’tkaziladigan an’anaviy tanlovga ikki kun qolgandi. Shunga vaqt tig’iz, ko’proq mehnat qilish talab qilinardi.
-Ba’zida partiturani yirtib tashlagim keladi — dedi Nazokat kollej yonidagi kafega kirganimizda stol atrofiga o’tirishdan oldin.-U meni chalg’itadi.
-Partiturasiz xato qilyapsan. Ko’rding-ku.
-Siz xato qilmaysiz,- davom etdi u.- Men ham bunga ko’nikaman.
Stol atrofiga joylashgach, ikkita qahvaga buyurtma berdik. Oktyabrь boshlangani uchun bo’lsa kerak uch-to’rt kundan beri tashqarida kuchli shamol esar, xavo harorati tushib ket-gandi. Bunday paytda issiq qahva jonga asqotadi.
-Nega tanlov uchun Betxovenni tanladingiz ? — dedi Nazokat qahvadan shoshilmay ho’plar-kan.- Menga qolsa boshqa bastakorning asarini ijro etardim.
— Betxoven mukammal yozgan,- dedim unga javoban.- Tanlaganim sabab shu.
-Tanlovda faqat Betxoven, Shopen, Shtrausslar ijro etiladi,- dedi u barmog’idagi uzuk-ni o’ynab. — Har yili shunday. Bu bir xillik jonga tegib ketadi ba’zan.
Tizzam og’rishni boshlagach, uni tag’in uqalay boshladim. Buni ko’rib, Nazokat menga uzoq tikilib qoldi.
-Chindanam doktorga borib uchrashing. Yo’q demang. Men o’zim mashq qilib turaman ungacha.
Men shunda kulib yubordim.
-Oxiri ko’ndirding.
Doktordan qaytganimda, Nazokat xonada tinim bilmay mashq qilardi. Hatto, bir oz ter-lab ketgandi.
-O’sha avtohalokatning oqibatimi bu og’rishlar?- dedi u deraza oldidagi kresloga o’tirib sigaret chekayotganimda, diqqatini menga qaratib.
-Shunday. O’shanda chap oyog’im qattiq lat yegan. Shundan beri har gal sovuq tushganida og’-riydi.
Nazokat kundan kunga sonatani yaxshi ijro etardi. Bugun uning ijrosi mukammalikka juda yaqin keldi. Bu meni xursand qildi. Ko’p o’tmay, u ketdi. Deraza oldida sigaretimni tutatib turarkanman, taksiga chiqishdan oldin negadir u men turgan tomonga qaradi. Ko’z-larimiz bir nafas to’qnashdi. Bundan xijolat bo’lib pardani yopib qo’ydim. So’ng, sigaret qoldig’ini tokchadagi kuldonga tashlab, u yerdan uzoqlashdim. Kechqurun Betxovenning rus tiliga o’girilgan maktublarini uyimda o’qib o’tirganimda Nazokat qo’ng’iroq qildi.
— Oyog’ingiz og’rimay qoldimi?- dedi go’shakni ko’targandim.
— Og’riq bor, darrov qolarmidi- dedim unga dangal gapirib.
— Sizga bir gap aytmoqchidim,- dedi u shundang so’ng.- Ertaga uyda mashq qilsam degandim. Oldingizga bormay. Maylimi?
-Ixtiyoring,- dedim bunga birorta uzrli sababi bo’lsa kerak deb o’ylab.
Tanlov bo’lib o’tadigan kuni Nazokatni madaniyat markazining oldida kutib oldim. U bu safar egniga xavorang kostьyum kiyib, doim yelkalari va belini siypab yuradigan uzun sochlarini zamonaviy uslubda turmaklab olgandi. Sirtdan qaraganda u tetik ko’rinar, jilmayishga intilar, ammo ichiga botib ketgan ko’zlari odamga toliqish aralash qarardi. Uning yonida ota-onasi, dugonasi va qallig’i bor edi.
-Sog’lig’ingiz yaxshimi?- dedi u menga yuzida xavotir bilan razm solib.
Kechasi bilan tizzam og’rib chiqqani uchun axvolim sal abgor ko’rindi shekilli, u shu rux-da so’zlashda davom etdi.
-Ko’rinishingiz yaxshi emas.
-Zalga kiraylik,- dedim unga axvolim yaxshiligini qo’llarim bilan tushuntirgach.
Nazokat menga ergashdi. Zalga kirdik. U yerda bizni tanlov tashkilotchilari kutib olish-di. Zal to’lmagan edi. Ichkarida yuzga yaqin odam bo’lib, ularning aksariyati tanlov ishti-rokchilarining yaqinlari va badiiy raxbarlari, qolganlar esa mumtoz musiqaning kam sonli shinavandalari edi.
Tanlovda yigirmaga yaqin ishtirokchi qatnashayotgandi. Tashkilotchilar ularni va ular-ning ishini baxolab boradigan xakamlarni atrofdagilarga birma-bir tanishtirib chi-qishdi. Keyin tanlov boshlandi. Men oldingi qatorga kelib joylashdim. Bu yerdan saxna o’rtasidagi jigarrang royalь aniq-tiniq ko’rinib turardi.
Dastlabki uch ishtirokchi Nazokatdan ko’ra yaxshiroq ko’rinmadi. Buni ich-ichimdan xis qil-dim. Ular Shopen, Raxmaninov va Shostakovichlarning asarlarini haddan tashqari ko’p joyda xato qilib ijro etishdi. Qolgan ishtirokchilar ham hech bo’lmaganda Nazokat dara-jasida edi. Faqat to’qqizinchi bo’lib sahnaga chiqqan novcha yigitgina Shumanning asari-ni ajoyib tarzda ijro etib berdi.
-Navbatdagi ishtirokchimiz — Nazokat Axmedova,- dedi boshlovchi ayol Nazokatni zalga ta-nishtirarkan.- Ijro etadigan asari “ Yomg’ir valьsi”, muallif Akmal Rustamov.
Nazokat saxnaga chiqib, royalь qarshisiga o’tirishdan oldin ko’zlari bilan zaldan meni axtardi. Menga ko’zi tushgach, royalь qarshisidagi stulga yaxshiroq o’rnashib oldi. Qo’lidagi partiturani royalь ustki qismidagi joyiga emas, uning yonida turgan stol ustiga qo’ydi. U musiqiy asarni partiturasiz ijro etmoqchi edi.
U valьsni ijro etishni boshlaganida ko’zlarimni undan uzmadim. Ko’zlarim unga “Bo’ldi, bas qil!” deyatgandek iltijoli boqardi. Yuragimda esa kuchli og’riq yuzaga kelib, u har ur-ganida ilkis seskanib, cho’chib tushardim. Valьs tinmasdi, hecham tinmasdi. Nazokat uni shunaqangi ijro etardiki, butun zal suv quygandek jimjit bo’lib uni tinglar, faqat men yuragimdagi og’riqdan, ko’z oldimdan bir-bir o’ta boshlagan o’tmish xotiralarining zalvo-ridan aftimni burishtirgancha noma’lum azob bilan olishardim. Nazokat royalь qarshisi-ga cho’kkanicha men bastalagan kuyni ijro etardi. Men bu kuyni ancha oldin bastalagandim, aniqrog’i, avtohalokat natijasida xotinim olamdan o’tishidan sal oldin. Bu kuy o’z pay-tida menga o’nglab bo’lmas musibat keltirgandi, shu sabab uni har safar ijro etsam ko’z oldim qorong’ulashib ketar, yuragim qinidan chiqib ketadigandek tuyular, shungadir uni bor yo’g’i uch marta boshidan oxirigacha ijro etgandim, xolos. Shu bo’yi uning borligi yodimdan xam chiqib ketgandi – xonamdagi ish stolimda turadigan yig’ma jildda mana necha yilki chang bosib yotardi.
Valьs o’z nixoyasiga yetgach, o’rnimdan turib sahna ortiga bordim. Nazokat o’zidan keyingi ishtirokchining chiqishini u yerda kuzatib turgandi.
— Mana omonatingiz,- dedi u meni ko’rib, partiturani qo’limga tutqazarkan.
— Nega bunday qilding?-dedim partiturani g’ijimlab.
Nazokat saxnada yangrashni boshlagan Listning tanish rapsodiyasiga bir oz qiziqish bilan quloq tutib turdi-da:
— Ajoyib yozilgan ekan. Shunga uni ijro etgim keldi — dedi menga o’girilib.
Partiturani qo’ltig’imga qistirgancha, joyimga qaytib keldim. Bu orada barcha ishtirok-chilar o’z chiqishlarini yakunlashdi va yakuniy qarorni e’lon qilish hakamlarning zimma-sida qoldi. Hakamlar uzoq muhokamaga kirishishib, oxir-oqibat Shumanning asarini mukammal ijro etib bergan o’sha novcha yigitni g’olib deb topishdi. Nazokatga ikkinchi o’rin nasib etdi. Sovrindor bo’lganini eshitib ota-onasi, dugonalari va qallig’i uni tabriklay ketishdi.
Tanlov yakunlangach, tashkilotchilar boshqalar qatori badiiy rahbar sifatida mening ham fikr va xulosalarim bilan qiziqishdi. Ular bilan bir necha daqiqa suhbatlashib fikr almashgach, ko’cha tomon yurdim. Ketayotganimni ko’rib, Nazokat yugurib yonimga keldi.
-Mendan xafamisiz, Akmal aka?- dedi u ro’paramdan chiqib.
-Xursand bo’lishim kerakmi?- dedim unga qaramaslikka tirishib.- Birinchidan, bitmagan yaramni yangilading. Ikkinchidan, Betxovenning sonatasini ijro etganingda g’olib bo’li-shing mumkin edi. Sen shunga tayyorlanganding.
-O’tgan safar ham aytgandim sizga,- dedi Nazokat chuqur xo’rsinib.- Bir xillik jonimga tekkan. Qachongacha tanlovlarda faqat Betxoven yoki Shopen kabilarning bastalagan kuyla-ri ijro etiladi? Axir, mana siz ham binoyidek kuy bastalagan ekansiz-ku.
Suhbatni davom ettirgim kelmay, qo’limni siltab ko’chaga chiqdim. Ko’chada yana shamol esishni boshlagandi. Oyoq osti tartibsiz ravishda to’shalgan sarg’imtir barglarga to’lib ketgandi. Ular mana necha kunki shashti sinmayotgan shamol esganda bir to’zir va osmonga chang aralash ko’tarilardi-da, dam o’tmay o’z joyini o’zgartirib yerga qaytadan to’shalardi.
-Avtohalokat baxtsiz hodisa bo’lgan — dedi Nazokat orqamdan qolmay ko’chaga ham chiqib.- Xotiningizni o’limida o’zingizni ayblab yashashni bas qiling. Hali o’ttizga xam kirmagansiz, lekin o’zingizni tiriklayin ko’mib yashayapsiz. Stolingiz ustidagi o’sha papkani ochib ko’rdim. U yerda bir-biridan ajoyib sonata va valьslar bor. Chin so’zim. Ular ajoyib bastalangan.
Uning gaplarini tinglarkanman, birdan joyimda to’xtab unga yuzlandim.
-O’shanda rulda men bo’lganman — dedim unga baqirib.- Tushunyapsanmi? Qo’lim mashinaning rulida bo’lgan, xayolim esa sen boya ijro qilgan o’sha la’nati” Yomg’ir valьsi”da bo’lgan. Uni yo’l bo’yi xayolimda ijro etib ketganim tufayli chalg’iganman.
Nazokat ko’zlarida yosh qalqib, yonimga kelmoqchi bo’ldi. Uni qo’lim bilan to’xtatdim.
— Sovuqda bunday turma. Shamolning esishini qara. Ko’z ochgani qo’ymayapti. Ana ota-onang ko’chaga chiqishibdi ortingdan. Qallig’ing ham hozir chiqadi. Ular bilan yutug’ingni nishonla, baham ko’r. Bora qol.
Nazokat joyidan jilmadi. Men tez-tez qadam tashlagancha undan uzoqlashdim. Avtobus bekati tomon ketdim. Bekatga yetib kelgach, avtobus kutishga toqatim yo’qdek sezdim o’zimni va taksi to’xtatdim. Taksi o’tmishim bilan yuzma-yuz kelgan bu joydan darrov meni olib ketdi.
Uyga shu tobda borgim yo’q edi. Extimol shungadir ijodkorlar xiyobonida tushib qoldim. U yerni picha yolg’iz aylandim. Uning bir chetida kabutarlar maydoni bor edi. O’sha yerga borib, yuzlab kabutarlar orasida vaqtimni o’tkazdim. Nixoyat, ish joyimga borishga qaror qildim. Shanba bo’lgani uchun darsim yo’q edi. Shunchaki xonamga qamalib olib pianino chalgim keldi. Zinalardan ko’tarilib yo’lakka chiqarkanman, xonamning oldida Nazokatni ko’rib hayron bo’ldim.
-Endi doim shunaqa ro’paramdan chiqaverasanmi?- dedim yo’lakdagi devorga suyanarkanman.
Nazokat eshikka behol suyandi.
-Ha.. bir umr…
Uning barmog’ida uzuk ko’rinmasdi…

2019 yil, sentyabr