“Le Procope” restoraniga kechikib bordim. Maftuna allaqachon u yerga kelib ulgurgandi va stolga joylashib olib, vaqt o’tkazish uchun to’q qizil muqovali moda jurnalini varaqlab o’tirardi. Yonida eri ko’rinmadi.
— Ancha kechikdingiz,-dedi u o’rnidan turib, meni ochiq chehra bilan qarshi olarkan.
Uning qarshisidagi stulga xorg’in cho’kdim.
-Elchixonada ishlarim ko’payib ketdi.
Maftuna ro’kach qilgan sababimga ishonib-ishonqiramay qo’lidagi jurnalni yopdi-da, zaldagi ofitsiantlardan birini imlab oldiga chaqirdi.
-O’zimga qovurilgan oq o’rdak go’shtidan buyuraman. Sousi bilan,- dedi menyuni qiziqish bilan u qo’lidan bu qo’liga olib titkilarkan va menga yuzlandi. — Siz nima buyurasiz?
-Menga piyozli sho’rva bilan omlet olib kela qoling, -dedim o’zim tomondagi menyuni ochib o’tirmay, ofitsiantga frantsuz tilida dona-dona qilib.
-Ichishgachi?- dedi ofitsiant.
— Apelsin sharbati,- dedi Maftuna birinchi bo’lib.
— Menga xam shundan,- dedim uning ortidan qisqagina qilib.
Ofitsiant ketgach, Maftuna bo’ynini cho’zgancha atrofni ko’zdan kechirib chiqdi.Uning kay-fiyati chog’ ko’rinar, ohuniki kabi chiroyli bo’lgan ko’zlari odamga tetiklik bilan boqar, kayfiyati yaxshiligidan bo’lsa kerak o’ziga ancha oro berib, did bilan kiyingandi. Ochiq yelkalari bo’ylab yozilgan timqora sochlari, ustidagi xuddi shu rangdagi ko’ylak va bo’yni-dagi tovlanib turgan tilla zanjiri uni bir qadar jozibali qilib ko’rsatardi.
-Ko’rinishingiz yomon,- dedi u endi meni diqqat bilan ko’zdan kechirib. — Har holda, erim birga kelmagani uchun ranjimayotgandirsiz?
— Aslo. Lekin, hayron bo’ldim. Adashmasam, meni birga taklif qilgandilaring.
-Uni zarur ishi chiqib qoldi.
Oradan xech qancha vaqt o’tmay, ofitsiant patnisda buyurtmalarimizni olib keldi.
Taomga qo’l urishdan oldin apelsin sharbatidan to’yib simirdim. Maftuna oldida turgan yaltiroq pichoq va sanchqi yordamida o’rdak go’shtini mayda bo’laklarga ajratib tanovul qila boshladi. Restoranda odam ko’p edi. Bu yerga yig’ilganlar stol atrofida kechki ovqat bahona bir-birlarining ko’nglini olishga urinishar, kundalik tashvishlari bilan o’rtoqlashishar va extimol shu orqali kun bo’yi to’planib qolgan charchoqlarini yozishardi. Quloqqa chalinayotgan, djazni yodga soluvchi allaqanday kuy bunga hamohang bo’lib tinim bilmas va oqibatda bunga ko’nikmagan yoki xilvatni xushlovchi odam o’zini restoranga emas, bozorga kirib qolgandek sezardi. Extimol, shungadir, boshimga og’riq kirib, xalovatim yo’qoldi.
-Menga Parij yoqib qoldi,-dedi Maftuna tanovul qilarkan, qo’lidagi sanchqini xavoda aylantirib. — Ayniqsa, xavosi. Bu yerda ko’proq qolmoqchiman. Erimga aytaman-vizamizni yana cho’zdiradi. Buni iloji bordir-a?
Sho’rvani ichishni boshlaganim uchun javob berish o’rniga iloji bor degandek boshimni qimirlatib qo’ya qoldim. Maftunaning ishtaha bilan ovqatlanayotgani dam o’tmay menga ham yuqdi va boshimdagi og’riqqa ortiqcha ahamiyat qaratmay, shu ruhda ovqatlanishda davom etdim. Taomlar borasida mutaxassis bo’lmasam-da, negadir piyozli sho’rvaning ta’mi nordonroq, omletni oshpazlar ortiqcha qizartirib yuborishgandek tuyuldi.
-Aybga buyurmasangiz sizga bitta savol beraman,- dedi Maftuna shuurimda taomlar borasida shunaqa xulosalarni pishitayotganimda.- Ammo, o’ta axmoqona savol. Luvrda uchrashgan kunimiz ham shu savolni berish xayolimdan o’tgandi. Istasangiz javob berasiz, istamasangiz shart emas.
— Qanaqa savol? — dedim ovqatlanishdan bir muddat to’xtab.
U bir oz ikkilanib turdi-da:
— Parijni muhabbat shahri, deyishadi.- dedi sadafdek oppoq tishlarini ko’rsatib, quvnoqlik bilan.- Shu rostmi?
— Shunaqa gap yuradi bu yerda — dedim siyqasi chiqqan gap yana qulog’imga chalingani uchun ensam qotgancha.
— Frantsuz ayollariniyam go’zal bo’ladi deyishadi.
— E’tibor bermagan ekanman.
— Ammo, hech e’tiborsiz insonga o’xshamaysiz.
— Bu shaharni men uchun qiziq joyi yo’q. Ishim shu yerda, shuning uchun bu yerdaman. Keyin meni shunaqa odatim bor: shahar menga qiziqmasmi, uning odamlari ham qiziqtirmaydi.
Aniq va lo’nda gapirganim unga boshqacha ta’sir qildi shekilli, birdan u qah-qah urib kulib yubordi.
— Bu yaxshi odat ekan,- dedi kulishdan to’xtamay va shundan so’ng boyagidan ham ishtaha bilan tanovul qila boshladi. — Oq o’rdak go’shti jon-u dilim. Bu yerda uni mazali tayyorlasharkan. Qoyil.
Uning ko’zlari bir zumda chaqnab ketdi va apelsin sharbatidan rohatlanib ho’plarkan, onda-sonda men tomonga zimdan qarab qo’yardi.
— Demak, dovrug’i dunyoga yoyilgan Parij hammagayam yoqavermas ekan-da.
— Xulosangiz ajoyib!
— O’ylashimcha, bu xulosa kashfiyotga teng.
— Shaharni o’zingizga xos tarzda qaytadan kashf qilyapsizmi deyman?- dedim unga miyig’imda kulib.
— Bo’lmasam-chi, — dedi Maftuna chehrasi yanayam yorishib.- Qaytadan kashf qilyapman va bundan judayam xursandman.
— Ko’rinib turibdi bu,- dedim sochiq bilan labimni artib, yana apelsin sharbatiga yopisharkanman.
Suxbatning bunday tarzda davom etishi ko’p o’tmay ishtahamga ta’sir qildi. Maftuna bugun o’zini g’alati tutayotgandi. Qandaydir erkin, oddiy qiziquvchanlik doirasidan chetga chiqqan xolda.
— Sizga bu taomlar yoqmagan bo’lsa, balki boshqalariga buyurtma berarmiz? — dedi u oldimdagi taomlarni ilkis bir chetga surib qo’yganimni ko’rib rosa ajablanarkan.
— Hojati yo’q. Ertalabdan o’zi ishtaham yo’qroq, — dedim ko’nglini og’ritib qo’ymaslik uchun unga yolg’on gapirib.
— Tushunarli.
U javobimdan o’zini sal o’ng’aysiz sezdi, tomog’ini qirib bir-ikki yo’taldi. Keyin qo’lidagi pichoq bilan sanchqini xoxlab-xoxlamay stol ustiga qo’ydi.
— Bu yerda darrov siqilib ketdim. Havo yetishmayapti. Parijni mashinada aylanishga nima deysiz? — dedi men tomonga boshini egarkan, asta pichirlab.
Uning taklifini eshitib, peshonamni tirishtirdim. Ko’z oldimdan kelasi hafta elchixonada bo’lib o’tadigan madaniy tadbir uchun hali stsenariy yozmaganim o’tdi. Boz ustiga, rosa charchaganim bois yostiqqa boshimni qo’yib mizg’ish fikri, ayni shu daqiqalarda o’ylarimga suqilib kirib, horigan vujudim uchun yagona chora bo’lib ko’rinayotgandi. Lekin, Maftunaga yo’q deyishga negadir jur’atim yetmadi. To’g’rirog’i, takallufsiz bo’lib ko’rinishni istamadim.
— Mayli…
— Kechki ovqat ham tugadi mana — dedi Maftuna ofitsiantni chaqirib, u bilan shosha-pisha hisob-kitob qilarkan. — Endi tezroq toza havoga chiqaylik, bu yerda ko’nglim behuzur bo’lyapti.
Kechki ovqatni birgalikda tanovul qilib, sarxush o’tirgan odamlarni oralab tashqariga chiqdik. Boyagi hatti-harakatim tufayli tusi o’zgarib, yaxshi kayfiyatiga birmuncha putur yetgan bo’lsa-da, ko’chada Maftuna hecham sir boy bermadi. U chiroyli qomatini tik tutib, poshnasi baland tuflisini taq-tuq etgancha qadam tashlab, viqor bilan to’g’ri yo’l chetida turgan qizil “Sitroyen” tomon yurdi.
— Erimning navbatdagi tuxfasi,- dedi uni menga ko’rsatib.- Ijaraga olib berdi shaharni aylanishim uchun. U biram mexribonki…
Uning so’z ohangidagi pardali kinoyani ilg’ash qiyin emasdi. Men bunga u qadar diqqatimni qaratmay, mashinaning oldi o’rindig’iga o’tirdim. Maftuna ochiq havoda bir qancha vaqt bemaqsad turdi-da, so’ng rulga o’tirib mashinani o’t oldirdi.
— “Zafar arkasi”ga borsak nima deysiz?- dedi u katta yo’lga chiqqanimizda.
Xayollarim bilan bo’lib unga o’z vaqtida javob qaytarolmadim.
— Shu arkaning nimasi qiziq? — dedim sal o’tibgina tobora tunning domiga kirib borayotgan Parijni kuzatib ketarkanman.
Mashinaning ichi diqqinafas bo’lib ketgandek edi. U ham, men ham baravariga “uh” tortib, yon oynalarini tushirib qo’ydik.
— Balki sizga qiziqmasdir. Chunki, siz bu yerda anchadan beri yashaysiz. Lekin, boshqalarga qiziq. Masalan, menga. Xudo biladi yana qachon bu yerga kelaman.
“Zafar arkasi”ga yetib borgach, Maftuna mashinaning motorini o’chirib, undan irg’ib tushdi. Arka oldida odam ko’p emas, barmoq bilan sanarli odamlargina qo’ltiqlashgancha ivirsib yurishardi.
— Shu arka xaqida Remark asar yozgan,- dedi Maftuna unga yaqinlashgach, men tomonga o’girilib.- Bilasizmi?
U javobimni kutib o’tirmay, ancha olislab ketdi. Unga yetib olish uchun qadamimni tezlatishga majbur bo’ldim.
— O’qiganman o’sha asarni,- dedim unga yetib olgach.- Yahudiy doktor va uning mahbubasi haqida edi, yanglishmasam.
Shunda Maftuna boshini bir tomonga egib, menga ko’zlarini xiyol qisib qaradi.
— Sizni o’qimagan narsangiz bormi o’zi?- dedi menga yaqin kelib, boshdan-oyoq razm solib chiqarkan. — Bilmagan narsangiz-chi? Balzakni, Gyugoni, Dikkensni, Markesni o’qigansiz. Mana Remarkni xam. Frantsuzchada va ingliz tilida binoyidek gaplashasiz. Yaxshi tarjimonsiz. Aqlli va chiroylisiz.
U kutilmaganda menga yanayam yaqin keldi. Undan taralayotgan ayollar atirining mast qiluvchi yoqimli isi dimog’imga urildi. Oramizdagi masofa ancha qisqargan va men uning hatto qanday nafas olishigacha eshitardim. U og’ir-og’ir nafas olar, ko’zlarini bo’lsa mendan uzmasdi. Bir mahal mendan yutoqib bo’sa oldi. Bu hol qo’qqisdan yuz bergani uchun dastlab o’zimni yo’qotib qo’ydim. O’zimga kelgach, uni siltab tashladim va ikki qadam ortga tisarildim. Bu hatti-harakatim uning nafsoniyatiga tegdi.
— Qo’rqoq! — dedi u zaxarxandalik bilan kularkan.
Qanchalik o’zimni bosishga urinmay, uning bu gapini eshitib rosa jahlim chiqdi.
— Eri bor ayol bilan ko’ngilxushlik qilsam qo’rqmas bo’lamanmi?- dedim ovozimni ko’tarib.
— Siz erkaklar hammalaring bir go’rsizlar,- davom etdi u mendan uzoqlasharkan, nogoh joyida qotib. — Meni o’n olti yoshimda o’sha nusxaga erga bergan otam ham, menga xiyonat qilmagan kunini eslay olmaydigan o’sha nusxa ham, o’z shaxsiga tinmay sig’inib yashaydigan siz ham.
Men unga qaramaslik uchun boshimni “Zafar arkasi” tomon burib oldim va bir necha daqiqa shu holatda turdim. Maftuna hamon zaharxandalik bilan kulardi.U shu turishida to’rt kun burun men bilan Luvrni aylangan, ikki kun burun esa eri bilan elchixonaga vizasini cho’zdirish uchun kelgan og’ir va bosiq ayolga sirayam o’xshamas edi.
Bir payt kutilmaganda u shartta mashinasi tomon yurib ketdi. Uning ketayotganini ko’rib, avvaliga ortidan borgim kelmadi. Biroq, noiloj bordim.
— Eshikni oching, Maftuna!- dedim u yerga borgach.
U gapimga parvo qilmay, ayamasdan mashinaning gazini bosdi. Bundan ko’nglim allaqanday g’ashlikni sezib, yo’l chetida bo’sh turgan taksilardan biri sari yugurdim.
— Iltimos, huv anavi qizil “Sitroyen”ning ortidan haydang — dedim eng yaqin turgan taksiga chiqib haydovchiga.
Haydovchi iltimosimni yerda qoldirmay, o’rtacha tezlikda uni quvishga tushdi. U quvib yetay deganida, o’zi shundoq ham sekin ketmayotgan Maftuna atayin qilgandek mashinasi tezligini oshirdi.
— Nima balo, u jonidan to’yganmi?- dedi haydovchi boshini bay-bay degandek chayqab qo’yib.- Shaharning ichida mashinani shunaqa tez haydab bo’larkanmi?
Sena daryosi bo’yidagi muyulishda, go’yo osmondan tushgandek qarama-qarshi tomonda yuk mashinasi paydo bo’ldi. Maftuna unga arang chap berishga ulgurdi. Natijada, uning mashinasi to’satdan ezilgan tormoz tufayli chiyillab ovoz chiqarib, yo’lning chetigacha surilib bordi. Qarshisidan chiqqan mashina ketma-ket signal chalib, uning yonidan o’tib ketdi. Taksidan tusharkanman, yuragimni hovuchlab u tomonga chopdim. Maftuna mashina ichida boshini rulga tiraganicha qimir etmay o’tirar, unga mo»jiza tufayligina biror bir shikast yetmagandi.
— Oching eshikni! — dedim oynaga bir-ikki qattiq urib.- Oching deyapman sizga!!!.
U eshikni ochdi. Uni dast ko’tarib pastga oldim. So’ng ko’targancha Sena bo’yidagi o’rindiqlardan biriga olib bordim.
— Hayotingizning sariq chaqalik ahamiyati yo’qmi sizga?! — dedim ovozimni boricha unga baqirarkanman.
Maftuna menga xuddi bo’shliqqa qaragandek ma’nosiz tikildi.
— Ha, shunday. Nima edi?
U o’rindiq ustida, boshini egganicha dag’-dag’ qaltirardi. Chamasi, uni chetlab o’tgan falokat ruhiyatiga salbiy ta’sir ko’rsatgan va u nihoyatda qo’rqib ketgandi. Hatto mendagi hayajon va qo’rquv ham bosilmagandi. O’rindiqqa o’tirmay uning qarshisida tik oyoqda turarkanman, yuragim tez-tez urardi.
— Hamma narsadan charchadim, — dedi Maftuna shovullab oqayotgan daryo tomonga tikilarkan.
Sentyabr yakunlanayotgani uchun atrofga salqin tushib, havo harorati bir muncha tushib ketgandi. Parijda uch-to’rt kundan beri yengil shabada esar, osmon kun ora turfa rang bulutlarning qamalidan bo’shamas, gohi-gohida esa maydalab yomg’ir tomchilardi. Bugun ham havo berk, osmonda tanish bulutlar hukmron, yoz ichi har oqshom shu’la sochib ko’zni quvnatgan oy ularning ortiga berkingan va bu manzara zamin uzra tong otib-otmasdan kuzgi yomg’ir yog’ishi mumkinligidan darak berardi.
— Mashinaning chirog’ini o’chirmabsiz,- dedim ortiq tik oyoqda turishni istamay, uning yoniga o’tirarkanman.
Maftuna mashina turgan yerga nafrat bilan qarab qo’ydi.
— Qizil “Sitroyen”, qip-qizil “Sitroyen”- dedi shu bitta so’zni bir necha marta takrorlab.
U hamon qaltirardi. Endi sovuqdan. Buni ko’rib kostyumimni yechdim-da, uning yelkasiga tashlab qo’ydim.U pichirlab minnatdorchilik bildirdi. Shu bo’yi anchagacha bir og’iz gapirmadi. Men ham boshqa og’iz ochmadim.
— Otam meni o’n olti yoshimda erga berdi,- dedi Maftuna anchadan keyin yana daryo tomonga tikilarkan, cho’zilib ketgan bu sukunatni birinchi bo’lib buzib.- Meni yosh demadi. Ko’z yoshlarimga ham qaramadi. O’sha paytlarni ko’p eslayman. O’n olti yoshga endi to’lgandim. Orzulari osmon qiz edim. O’zimcha huquqshunoslikni o’rganmoqchi bo’lardim. Ko’p kitob o’qirdim, til o’rganardim. Hamma qizlarga o’xshab shirin xayollarga berilardim. Bir kuni esa hammasi tugadi. Meni erga berishdi. Kun kelib turmushga chiqishimni bilardim-u, lekin o’sha damni bunchalik erta ro’y berishini o’ylamagandim. Katta hayotga qadam qo’yib-qo’ymay turmushga chiqdim. Qizligimda turmush o’rtog’imni o’zimcha “G’urur va Andisha” asaridagi Darsiga o’xshashini orzu qilib yashardim. U kabi oliyjanob, vafodor va mard bo’lsa derdim. Hayotda esa ko’pincha boshqacha bo’larkan. Qarshimda Darsining butunlay aksi bo’lgan insonni ko’rish o’shanda meni chuqur g’am-qayg’uga soldi. Shundayam bir so’z demadim, otamga qarshi chiqmadim. Axir, xamma shunday qilyapti, kam bo’lgani yo’q deb onam ham uning yonini oldi. Xullas, turmushga chiqdim. Erimni yoqtirmasdim, aldab nima qildim. Unda ko’nglim yo’q edi( hozir ham yo’q). Ko’nglim tortmasdi. U ham menga muhtoj emasdi, xiyonat qilishini bilardim. Kunlar, xaftalar, oylar o’tib ketdi keyin. Buni sezmay ham qoldim. Chunki, o’zimni xuddi boshqa muhitga tushib qolgandek sezardim. Buning natijasida hayotga qiziqishim kundan kunga kamayib, so’lib borardim. Sakkiz yil shu taxlitda yashadim. Orzularim tutundek tarqab ketdi, huquqshunos bo’lishdek maqsadim tagiga oldi, ko’p kitob o’qimay qo’ydim, til o’rganishga bo’lgan ishtiyoqim so’ndi.
Xuddi hayotimda mazmun yo’qdek edi. Turmushimning sakkizinchi yilida homiladorligimni bilib qoldim. Ishonasizmi, shunda qayerdandir hayotimga mazmun kirib kelgandek bo’ldi, yuqoridagi orzularim o’rniga yaratgan menga boshqa bir orzu — ona bo’lish orzusini bergandek xursand bo’lib ketdim. Endi meni farzandim bo’ladi, men ona bo’laman degan o’y butun vujudimni yayratib yubordi. Natijada, boshqacha kayfiyatda yashay boshladim. Bir kuni ko’rik uchun doktorning xuzuriga borganimda, farzandimni u yerdagi tekshiruv apparati ekranida ko’rdim. Doktor ayol kulib, u qo’llarini qimirlatib cho’milyapti, dedi. Ekranga termulib qoldim. Darhaqiqat, bolajonim qo’llarini qimirlatib, cho’milardi. Shundan so’ng, u bilan har kuni gaplashadigan bo’ldim. Unga kechalari ertaklar aytib berardim, do’kondan u tug’ilsa kiydiraman deb kiyim-kechaklar sotib olardim. Hayotimga mazmun kirgan, go’yo yashashga qiziqishim qaytgandek edi.
Homilam beshinchi oyligiga o’tganida, juma kuni edi shekilli, erim uyga kech qaytdi. Undan ayollar atirining hidi anqir, o’zi g’irt mast edi. Ko’ziga yomon ko’rindim shekilli, meni qattiq haqorat qildi. Shuning o’zi yetmagandek, qo’zlarini chaqchaytirib va hayvondek o’kirib meni urib-tepkiladi. Tanam bo’ylab uning zarbalaridan paydo bo’lgan chuqur og’riqni his qilarkanman, shu on ichimda nimadir uzilgandek bo’ldi va sezgir ko’nglim bundan bir yomon narsani sezib dod solib baqirib yubordim. Ertasiga kasalxonada xomilamni nobud bo’lganini bildim.
Maftuna shu payt to’satdan yig’lab yubordi. Ho’ngrab yig’ladi. Yig’lagani sari yelkalari kuchli silkinib qo’yar, ovozidan alamli faryod atrofga taralardi.
— Shu tariqa o’zimga kelolmay kasalxonada ancha yotdim. Ruhiy holatim buzilib, chuqur tushkunlikka tushib qoldim. Hech kimni ko’rgim kelmas, xonadan chiqmay kun bo’yi u yerda yotardim. Hatto, ota-onamni ko’rgim kelmasdi. Erimdan esa jirkanardim. Buyog’iga ko’nglim tortmagan va endilikda jirkana boshlagan odamim bilan bir uyda yashashni tasavvur qilolmasdim. Lekin, birga yashashda davom etdim. Otam “nasib qilsa xudo yana farzand beradi”, deb taskin bergancha unikiga tashlab keldi. Kulguli bu, to’g’rimi? Nimaga hayot va odamlar shunaqa? Shu savollarimga hech javob topolmayman. Erimning hatti-harakatlari bundan ham kulguli. Meni tepkilab, pushti kamaridan bo’lgan farzandini tug’ilmay turib nobud qilgan odam ko’ngli yozilar deb xotinini mana Parijga olib keldi.
U endi men tomonga qarab yig’lar, men yuragim qattiq siqilib unga qaramaslikka tirishardim.
— Bu yerga kelgan dastlabki kunimiz mehmonxonadan tashqariga chiqmadim. Ruhiyatimdagi jarohat hali bitmagani uchun hatto millionlab odamlarning orzusi bo’lgan shu shahar ham ko’nglimga sig’madi. Kun bo’yi derazaning oldida o’tirdim. Derazadan Eyfil minorasi shundoq ko’rinib turardi. Erim ertalab chiqib ketib, kechqurun keldi. Ertasiga ham, indiniga ham shunday o’tdi. Shaxarni kun bo’yi derazadan kuzatdim. Nihoyat, to’rtinchi kuni erimdan meni Gyugoning uy-muzeyiga olib borishini iltimos qildim. U yo’q demadi. Muzeyga olib bordi-da, bir soatdan keyin olib ketishini aytib, yolg’iz o’zimni o’sha yerga tashlab ketdi. Sevimli yozuvchimning uy-muzeyi oldida bir o’zim qoldim. Ichkariga kirganimda, u yerdagi asosiy zalda yig’ilish bo’layotgandi. Bu yig’ilishdan ko’ra ko’proq taqdimot marosimiga o’xshardi. Picha o’tib, muzey xodimasi bu taxminim to’g’riligini tasdiqladi.
Esingizdami, o’sha kun? U yerda Gyugoning siz o’zbek tiliga o’girgan asari taqdimoti bo’lib o’tar va siz Gyugo haqida, uning o’zbek o’quvchisi dunyoqarashida tutgan o’rni haqida atrofdagilarga gapirib berardingiz. Bir chekkada sizga qarab o’tirarkanman, negadir bir lahzaga ruhimni anchadan beri qiynab kelgan og’riqlarni, uning bitmagan jarohatini unutgandek bo’ldim va xuddi o’n olti yashar paytimga qaytgandek berilib, zavq bilan ma’ruzangizni tingladim. Keyin siz bilan shaxsan tanishdim. O’zingizni elchixonada ishlashingizni aytdingiz. Gyugo va frantsuz adabiyoti haqida suhbatlashdik. Gyugoni deyarli hamma asarlarini o’qib chiqqandim. Buni eshitib, sizni yuzingiz yorishib ketdi. Bu adib sizning ham sevimli yozuvchingiz edi.
Muzeydan qaytib kelganimda o’zimni ancha tetik his qildim. Ko’nglim sarxadlaridagi to’fonlar tingandek, undan g’am-anduh arigandek, anchadan buyon ilk marta ruhimda xalo-vat va osudalikning nafasi sezildi. Mexmonxona derazasini ochib atrofga qararkanman, kayfiyatim ko’tarildi. Hayot aslida chiroyli, u faqatgina oq-qora ranglardan iborat emas degan xayolga bordim. Eng qizig’i, o’sha kuni kechqurun ishtaha bilan ovqatlandim va kechasi bezovta bo’lib uyg’onmay, xotirjam va tiniqib uxladim.
Siz xar dam olish kuni Luvrga borishingizni aytgandingiz o’sha kuni. Dam olish kuniga ikki kun bor edi. Shu ikki kunni bir amallab o’tkazib, yakshanba kuni ertaroq turib Luvrga bordim. Sizni uchratish maqsadida. Bordim-u, hayratda qoldim. U yer judayam katta va buning ustiga odamlarga liq to’la edi. Yaxshiyam, Mona Liza kartinasi haqidagi gapingiz esimda qolgan ekan. So’rab-surishtirib shu kartina turgan xonani topdim. U yerga kirdim va kartina qarshisidagi odamlar orasida sizga ko’zim tushdi. O’zimning topilmamdan quvonib ketdim. Meni payqarmikin deb sizga yaqinlashdim. Siz kartinaning oldida turib, qo’lingizdagi yon daftarchaga nimalarnidir qayd qilish bilan ovora edingiz. U yerda jimgina sizni kuzatib turdim. Meni darrov bo’lmasa-da, payqadingiz. Ko’rib jilmaydingiz. Mona Liza haqida o’sha kuni rosa suxbatlashdik, muzeyni birga aylandik. Mexmonxonaga qaytganimda shampan vinosi ichib o’tirgan erim vizamiz tugashiga ikki kun qolganini aytdi. Shunda uni cho’zdiraylik deb unga yalindim. U hayron bo’lib qaradi. Bir amallab uni ko’ndirdim. Rosti, Parijda yana ozgina qolmoqchi edim. Nima uchunligini o’zim hali bilmasdim, qalbimda bexos uyg’ongan noma’lum tuyg’u meni bu yerga mixlab qo’ygandek, shunchaki qolgim kelar, hech qayerga ketgim kelmasdi.
Ikki kun o’tib, erim bilan elchixonaga bordik. U yerda yana sizni uchratdim. Siz vizamizni cho’zdirishga yordam berdingiz. Erim tashakkur aytib , sizni kechki ovqatga taklif qildi. Rozilik bildirganingizda undan ham ko’ra men ko’proq xursand bo’ldim.
Bugun ertalab shu kechki ovqat xayoli bilan uyg’ondim. Ko’zguga qaramay qo’yganimga ancha bo’lgandi. Uning oldida ilk marta uzoq o’tirdim. Oldin birorta marosimga borishim kerak bo’lsa duch kelgan ko’ylakni kiyib ketaverardim. Bu safar ko’ylak tanlashga qiynaldim. Jomadonimda yillar bo’yi qo’l tekkizilmay yotgan tilla zanjirimga ham ish topildi. Vaqt o’tib kech bo’lgani sari hayajonimni hech bosolmasdim. Kech tushgach, erim ishi bor-ligini pesh qilib, ko’chaga chiqib ketdi. Sizdan kelolmaganiga uzr so’rab qo’yishimni tayinladi. Shuning uchun, bu yerga yolg’iz, u ijaraga olib bergan anavi mashinada keldim. Restoranda ancha o’zimni erkin tutdim. Buni bilaman. Boisi, o’zim gaplashishni istagan inson bilan yana muloqot qilish sharafiga muyassar bo’lgandim. Shu meni bir oz chalg’itdi. Shuning ta’sirida kecha davomida sizga axmoqona savollar berdim, boya o’zimni judayam yomon tutdim, o’zimni nazorat qilishni unutdim. Meni yengiltak deb o’ylaganingiz aniq. O’zim ham o’zimdan nafratlanib ketdim. Bu his butun vujudimni egallab, sha’nimga tushgan isnod va yuzimdan sidirilgan hayo pardasini ko’zimning oldiga olib keldi. Shu tufayli ruhimga azob berishni boshlagan bu hisdan qutulish uchun o’zimni mashinaning ichiga urdim. Ammo, u yerda badtar azoblandim. Azob iskanjasida ko’zimni yumib mashinani tez xaydadim, sababi vaqt o’tgan sari kuchayib borayotgan bu his o’lsamgina meni tinch qo’yadi degan bema’ni xulosada edim. O’zidan nafratlanish hissi ko’pincha insonni shunday yo’l tutishiga turtki bo’ladi. Qarshimdan yuk mashinasi chiqqunicha, menda ham shunday holat kuzatildi. Biroq, mashina paydo bo’lganida qo’rqib ketdim. O’lishni eplay olmadim, kuchim yetmadi, ojizlik qildim.
Maftuna o’rnidan turib, daryo qirg’og’i tomon ketdi. Senaning shovullab oqishi va tun qo’ynida qoramtir rangda ko’rinayotgan qiyofasiga bir necha daqiqa nazar solib turdi. Keyin shoshilmay ortiga qaytdi. U ortiq yig’lamas, tinchlanib o’zini ancha o’nglab olgandi.
— Umrimizga kuz kelib bo’lganidan so’ng unga baxorning qaytishi qiyin ekan — dedi daryo uzra olislarga tikilib va xo’rsinib yoddan qandaydir she’rni o’qiy boshladi:

Kimnidir, nenidir kutdim ishonib,
Osmonga termulib o’tdim terakday.
Xazon bo’lib hamki ketolmayapman,
Go’yoki haliyam sizga kerakday…

Yaproqdek omonat tebranadi dil,
Tamaki tutatar yana g’olib kuz.
Dunyoni bir go’zal rangga bo’yardim,
Afsus, sizdan oldin kuz keldi, afsus…

She’rni o’qib bo’lgach, egnidagi kostyumimni qo’liga olib avaylab taxladi va uni sekin yonimga qo’ydi. Men buni jim kuzatib turdim.
— Ertagayoq bu yerdan jo’nab ketaman,- dedi atrofga alanglab qararkan, ko’zlarimiz to’qnashganida birdan ma’yuslashib.- Aslida xuddi siz kabi bu shaharni menga ham sira qizig’i yo’q. Uzoqroq qolishimga sabab bo’lgan narsa- uning tarovati emasdi.
O’rnimdan ko’zg’alib, unga nimadir deyishga taraddudlandim. Ko’nglini ko’tarishgami, tasalli berishgami, ochig’i, aniq bilmadim. U tomonga intilgandim, Maftuna o’zini mendan olib qochdi va qo’llari bilan kerak emas degandek ishora qildi. Turgan yerimda qoldim, ichimdan hech qanday sado chiqmadi: na ko’ngil ko’tarish, na tasalli berish uchun biror og’iz so’z. Ko’z oldimni quyuq zulmat qoplab olgandek ko’zlarim tinib, boshim chalkash o’ylardan g’ovlab ketdi.
Bir ozdan so’ng u ketishga chog’landi va men bilan xayrlashmasdan chirog’i hanuz yoniq turgan mashinasi tomon yo’l oldi. Ortiga o’girilmay, qaddini yana tik tutib, poshnasi baland tuflisini taq-tuq etgancha viqor bilan qadam tashlardi.
— Qizil “Sitroyen”, qip-qizil “Sitroyen”,- dedi ketarkan yo’l-yo’lakay .- Erimning tuhfasi, “mehribon” erimning…

2019 yil, sentyabr.