Har galgidek, ishxonada qog‘ozlarga ko‘milib turgan edim, telefon qo‘ng‘irog‘i diqqatimni bo‘ldi.
Oyim ekanlar: “Tez kela olasanmi? Opangnikiga borishimiz kerak…”
Opam betobligini ertalab eshitgan, kechqurun ishdan qaytar mahali kirib o‘tishni rejalashtirgandim. Favqulodda qo‘ng‘iroqdan xavotirim yanada oshib, javob so‘rashni ham nasiya qilgancha, oyog‘imni qo‘limga olib yugurdim.
Oyim jon halakda bekatgacha chiqqan ekan. Qo‘lida xo‘roz.
– Nimalar ko‘tarib yuribsiz, – dedim mashinaga o‘tirganlaridan so‘ng, xo‘rozga ishora qilib.
– Qon chiqarish kerak ekan, – dedi onam. – O‘zi ko‘chish taraddudida yuribdi. Sharoiti bormi-yo‘qmi? Shu ham harna-da. Aytgancha, yo‘l-yo‘lakay mulla otinni ham olvolamiz.
– Qanaqa mulla otin, g‘irt azayimxonning o‘zi-ku, – e’tiroz bildirdim.
– Unaqa dema, bolam, quda eshitsa xafa bo‘ladi, shunga qattiq ixlos qo‘ygan-da..
…Opam uy to‘rida ko‘rpa-to‘shakka o‘ranib yotgan, xona esa achimsiq yog‘ hidi, isiriq tutuniga to‘lgan edi.
– Shu yoshlarga ham hayronman, – qudaxola javray ketdi. – Urf-odatlarimizni nazar-pisand qilishmaydi-ey… Mana, tunov chorshanba bosh yuvdilar. Endi kasal bo‘lib turibdilar.
– Qo‘ysangiz-chi, ona, boshni chorshanbami, boshqa kunmi, yuvishning nima daxli bor. Bunga ham uch-to‘rt kun o‘tdi. Tuppa-tuzuk yuruvdi, – e’tiroz bildirdi pochcham. So‘ng bizga qarab aybdor ohangda davom etdi:
– Kecha ko‘chlarni yig‘ishtirayotgandik, gilamning bir uchidan ko‘tarishgandi. Shunga og‘ir yukdan beli tortishib qoldi. Do‘xtir chaqiray, desam unamayaptilar…
– Sen jim tur! Yosh bola narsa odatlarimiz kuchini qaydan bilasan. Bu eskilikdan. Ana, otinjon keldilar. Kelinim birpasda tuzalib ketadilar.
Shu taxlit piyolada qon keltirilib, “muolaja”ga hamma narsa shay qilib qo‘yildi.
– Bu xo‘roz qonimi? – dedi “otinjon” e’tiroz ohangida.
– Ibi, miyang bormi sani, – e’tirozdan mulzam bo‘lgan qudaxola o‘g‘lini koyirdi. – Axir qo‘lni yoki oyoqni emas, yurakni qonlayapmiz. Nima, kelinimning yuragi xo‘rozdek uchib ketsinmi?! Tez qo‘radagi biror qo‘yni so‘yinglar.
– Jonliq to‘kis bo‘lsin, tag‘in qulog‘imi, boshqa joyida chandiq bo‘lmasin, – “otin­jon” qo‘shimcha qildi.
Pochchamga yordamlashish uchun qo‘raga kirib, “otinjon”ning “devor bo‘lmasa uzoqlarni ko‘rishi”ga amin bo‘ldim. Taomilga ko‘ra qoni surtilgan jonliqning go‘shti boricha mulla otinga berilishi kerak. Agar xonadon a’zolari yoki yaqinlari shu go‘shtdan yesa, kasallik uni yegan odamda qaytalanishi mumkin ekan… Qo‘rada esa pochcham ustalarning ish haqini berish uchun ertaga bozorga chiqaradigan semizgina qo‘chqori hamda yangi ko‘chajak hovli tomiga so‘yish uchun mo‘ljallagan qo‘zi bor edi. Endi e’tibor berishim, cho‘pondan xarid qilingan qo‘zi qulog‘ida chandiq bor edi (har bir cho‘pon o‘z otaridagi qo‘ylarga belgi sifatida qulog‘ini o‘ziga ma’lum shakl­da teshib, chandiq qiladi). Xonadonning oilaviy tabibiga aylanib, kunora kelib ketadigan “otinjon” esa buni ko‘rmasligi va ko‘z ostiga olmasligi mumkin emasdi.
Otin aytgan jonliq so‘yilib, “muolaja” boshlandi hamki, opam ahvolida o‘zgarish sezilmasdi. Qaytaga og‘riq tobora zo‘rayardi.
– Xavotir olmang, bu duolarim ta’siri, – tinchlantirmoqchi bo‘lardi otin. – Farishtalarim bemor ichidagi jinlar bilan kurashmoqda. Og‘riq ana shundan…
Bu orada qudaxola sham uchun bolalarini do‘konga yugurtirdi. Shanba kuni birovga pul berish xosiyatsizligi, shu bois, haqini ertaga yetkazishni uqtirdi.
Xotinining g‘amida jon halakda yurgan, ammo xotin-xalaj to‘la uyga kirishga iymangan o‘g‘lini ostonada o‘tirgani uchun “Bizni qarzga ko‘mmoqchimisan”, deb koyib berdi…
Shom tushar mahali kasal ko‘rishga qo‘ni-qo‘shni, mahalladoshlar o‘tishi mumkinligini aytib, qiziga hovlini supurishni buyurdi.
– Aslida shomda uyni supurish xosiyatsiz, ha, mayli supurgining bir bandini sindirib tashlasang, gunoh kesiladi…
Ochig‘i, o‘ttizdan oshib, irimlar bu qadar ko‘pligini endi angladim. Ilgari har bir irim mohiyatida ma’lum bir ma’no bo‘ladi, deb o‘ylardim. Masalan, oqshomda uy supurmaydilar. Negaki, bu paytda inson organizmi charchab, immuniteti pasayadi. Supurganda ko‘tariladigan chang, zaharli moddalarga qarshi kurasha olmaydi. Ammo supurgining sindirilgan bandi nimani hal qilishi mumkin? Yoki shanba kuni berilgan pulda nima gunoh…
Shu o‘ylar ichida turganimda, onam mashinani tezda o‘t oldirishimni buyurib qoldilar. Bechora qudachilik andishasida shu paytgacha jim turgan, oxiri opam hushini yo‘qotgach, bor ichini tiliga chiqargan edi:
– Hozir yana bir soat indamasam, qizimni berib qo‘yaman, – so‘ng “otinjon”ga yuzlandi. – Bo‘ldi yig‘ishtiring, o‘rgildim sizdaqa tabibdan…
Opamni jonlantirish bo‘limiga olishdi. Shifokordan ham ancha gapga qoldik.
– Bemor to o‘sal bo‘lmaguncha qarab turaverasizlar-ey. Og‘ir yuk ko‘targanda oyoq nerv tolalari shikastlangan ekan. Vaqtida keltirganingizda bitta ukol bilan tuzalib ketardi…

«Sharq yulduzi» jurnali, 2017 yil, 4-son