Garchand chor hukumati ag‘darilgan bo‘lsa-da, lekin uning mustamlakachilik siyosati va milliy zulmi sho‘ro davlati tomonidan izchillik bilan davom ettirildi. Chorizm davridagi haq-huquqsizlik, adolatsizlik, qirg‘in-barot va milliy boyliklarning talanishi eng yuqori cho‘qqiga ko‘tarildi. Tarixda ko‘rilmagan bunday fojialarning barchasi saltanatparastlik va kommunistik g‘oyaning mahsuli edi, xolos. XX asr 30-yillarida Olmoniyada hokimiyatni egallagan fashistlarning g‘oyasi ham ulug‘millatchilik va saltanatparastlik asosiga qurilgan edi. Ularning irqchilik nazariyasi insoniyat boshiga ne-ne qirg‘in-barotlarni keltirmadi, deysiz.
Fashistlar 1939 yilda Ikkinchi jahon urushini boshlab yubordilar. 1941 yil 22 iyunda esa sobiq Sovet Ittifoqiga hujum qildilar.
Ushbu urush bir xalq va bir mamlakatning boshiga tushgan ofat bo‘lmay, umumjahon hayoti va kelajagini barbod etuvchi dahshatli hodisa edi. Shu munosabat bilan O‘zbekistonning bu urushdagi ishtiroki qanday bo‘lgan, degan savol tug‘ilishi tabiiydir.
O‘zbekiston mudofaaning moddiy ehtiyojini ta’minlashda oldingi saflarda turib, nimaiki zarur bo‘lsa, barchasini ayamay sarfladi. Chunonchi, urush yillarida aholi tomonidan mudofaa jamg‘armasiga 649,9 milyon so‘m naqd pul, 4 milliard 226 milyon so‘m zayom puli, 52,9 kilo oltin va kumush topshirildi. Armiyaga 7 518 800 gimnastyorka, 2 636 700 paxtalik, 2 221 200 etik va qo‘njli botinka yuborildi. Yengil sanoat vazirligi korxonalari tomonidan frontga 246 918 700 so‘mlik mahsulot jo‘natilgan.
Qiyinchilik va xomashyo yetishmasligiga qaramasdan, Toshkent to‘qimachilik kombinati front uchun 410 milyon metr gazlama ishlab chiqardi. Shuningdek, ko‘p miqdorda oziq-ovqat mahsulotlari jo‘natildi. Chunonchi, 1 282 000 tonna g‘alla, 482 000 tonna kartoshka va sabzavot, 1000 tonna poliz mahsuloti, quruq va ho‘l mevalar shular jumlasidandir. Faqat 1941 yilning ikkinchi yarmida 59 ming bosh ot frontga olib ketildi. Respublikaning har bir viloyati, shahar va tumani hamda ayrim shaxslar jangchilarga yordam qo‘llarini cho‘zdilar. Masalan, 1942 yilning boshlarida Buxoro viloyatidan 4059 juft issiq kiyim, 9380 juft jun paypoq va qo‘lqop, 5660 qalpoq, 2750 shim, 3000 po‘stin, 18,5 ming litr vino, quruq mevalar olindi. 1943 yilning boshlarida Leningradga Andijon viloyatidan 7884 kilo un va bug‘doy, 5496 kilo yorma bug‘doy, 1160 kilo guruch, 418 bosh qo‘y, 8510 kilo quruq meva, Qoraqalpog‘istondan 224916 so‘m naqd pul, 21614 kilo bug‘doy, 5819 kilo go‘sht, 3700 kilo guruch jo‘natildi. Qoraqalpog‘istondagi Mo‘ynoq baliq kombinatidan 20 milyon banka go‘sht va baliq konservasi olingan edi. Surxondaryo va Toshkent viloyatlari ham jangchilardan hech nimani ayamadilar. 1942 yilning kuzida Surxondaryodan 5998 bosh qoramol, 18 tonna asal, 28 tonna yog‘, 31 tonna quruq meva, 3000 litr vino olindi. Toshkentdan 52 vagonda oziq-ovqat mahsulotlari yuborildi. 1943 yili Surxondaryo viloyati front ehtiyojlari uchun 14 milyon so‘m naqd pul, 330 tonna go‘sht va yog‘, 530 tonna bug‘doy, 180 tonna quruq meva, 33168 dona teri topshirdi.
Kiyim-bosh va oziq-ovqat mahsulotlarini Samarqand, Namangan, Xorazm va boshqa viloyatlar ham frontga jo‘natib turganlar. Shuningdek, hukumat vakillari tomonidan vagonlarda katta miqdorda sovg‘alar olib ketilganligi haqida ma’lumotlar mavjud. Masalan, 1942 yili respublikaning bir guruh vakillari Leningradga 600 vagon un va go‘sht, 100 vagon guruch, 60 vagon quruq meva olib borganlar.
Urushning to‘rt yili davomida O‘zbekiston davlatga 4 806 000 tonna paxta, 54067 tonna pilla, 1 066 000 tonna g‘alla, 195 000 tonna sholi, 108 000 tonna kartoshka, 374 000 tonna sabzavot va ho‘l meva, 35289 tonna quruq meva, 57444 tonna uzum, 1 593 000 tonna go‘sht, 5 286 000 dona teri topshirgani ma’lum. Ular ham mudofaa ehtiyojlariga sarflangan, albatta. Bundan tashqari, urush yillarida O‘zbekiston aholisi mudofaa jamg‘armasiga jami 649 900 000 so‘m naqd pul o‘tkazib bergan. 
O‘zbek xalqi harbiy xizmatchilarning oilalariga ham katta yordam bergan. Chunonchi, 1943 yili ularga 13 858 500 so‘m pul, 1 308 400 kilo oziq-ovqat, 20 750 kiyim-bosh, 40 000 kubometr yoqilg‘i, 73 500 pud g‘alla, 10 000 bosh qo‘y, 2000 bosh qoramol topshirilgan, 350 uy qurib berilgan. Shuningdek, o‘zbek xalqi Rossiya, Ukraina, Belorussiya, Moldaviya va boshqa joylardan ko‘chirib keltirilgan o‘n minglab kishilarga boshpana berib, mehribonlik va g‘amxo‘rlik namunalarini ko‘rsatdi. Jang bo‘layotgan hududlardan ko‘chirilgan bir milyon erkagu xotin va bola boshpana, kiyim-bosh va oziq-ovqat bilan ta’minlandi. 200 ming yetim bolaning talay qismini o‘zbek oilalari o‘z qaramog‘lariga oldilar, farzandlaridan kam ko‘rmay tarbiyaladilar. O‘zbek xalqi jangga ketgan turli millat vakillarining oilalaridan ham moddiy yordamini ayamadi. Minglab bolalar Bolalar uylariga joylashtirildi. Davlat tomonidan berilgan yordam yetarli bo‘lmagani uchun o‘zbek xalqi ularni iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlab turdi. O‘zbekiston 113 harbiy kasalxona — gospitalni ham otaliqqa oldi. 
1943 yilning o‘zida harbiy xizmatchilarning oilalariga 24 milyon so‘m naqd pul, 300 ming kiyim-kechak, 50 ming bosh qoramol, 40 ming tsentner g‘alla, 20 ming tsentnerdan oshiq sabzavot berildi. 
O‘zbeklarning talay qismi “Ishchi bataloni”ga — Rossiyaga safarbar qilindi. Ularning orasida 16 yoshdan oshgan va hunar bilim yurtini tamomlagan yoshlar ham bor edi. 1943 yilga tegishli ma’lumotda ko‘rsatilishicha, “Ishchi bataloni”dagilarning soni 155 ming kishidan iborat bo‘lgan. Ularning yoshi asosan 40-50 va undan ham ortiqroq edi. Ko‘pchiligi qishloq aholisi hisoblanib, rus tilini bilmasligi va sovuq havoga moslashmagani orqasida ko‘p qiyinchilik va mashaqqatlarni boshdan kechirgan. Yashash sharoitlarining og‘irligi va o‘zlarining eskirgan kiyimlarida ishlashlari oqibatida nihoyatda azob-uqubat chekkanlar. Men o‘zim Sibir gospitalida davolanayotganimda, o‘lkamizdan borganlarning gadoychilik qilib yurganligining guvohi bo‘lganman. Ularning soch-soqollari o‘sgan, kiyimlari yamalgan va kir bosgan edi. Ularning aytishiga qaraganda, ochlik va kasallikdan o‘layotganlar oz bo‘lmagan. “Ishchi bataloni”dagi kishilar O‘rol, Qarag‘anda, Kuybishev, Saratov, Gorkiy, Omsk, Novosibirsk, Moskva, Tula, Yaroslavl, Krasnoyarsk, Xabarovsk, Kemerovo, Chelyabinsk, Sverdlovsk, Perm, Irkutsk, Arxangelsk, Boshqirdiston, Tatariston, Udmurtiya va boshqa joylardagi sanoat korxonalari va konlarda yarim och holda mehnat qilganlar. Kim qanchasi ona yurtidan uzoq joylarda kafansiz ko‘milganlar.
Fashistlarning tor-mor qilinishida O‘zbekistonda urush yillarida ishlab chiqarilgan qurol-aslahalar katta ahamiyat kasb etdi. Sanoatning asosiy qismi harbiy qurol ishlab chiqarishga yo‘naltirilib, ular jang maydoniga uzluksiz yuborib turildi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, 2100 samolyot, 17342 samolyot motori, 17100 minomyot, 27 000 tankka qarshi otadigan zambarak qismlari, 60 000 harbiy kimyoviy anjom, 22 milyon mina, 560 000 snaryad, 2 milyon 318 ming aviatsiya bombasi, 1 milyon dona granata,100 chaqirimdan ziyod sim, dala radiostantsiyalari, tank va samolyotlar uchun 3 milyondan ortiq radiolampa, 5 bronepoyezd, 18 harbiy-sanitar va hammom o‘rnida foydalaniladigan hamda kir yuviladigan poyezd, 2200 ko‘chma oshxona olib ketildi. 
Shuningdek, o‘zbek xalqining shaxsiy pullari hisobidan tayyorlanib, jang maydoniga yuborilgan qurol-aslahalar ham kam bo‘lmagan. Masalan, tank koloniyasi va aviaeskadiriliya qurish uchun aholidan 320 000 000 so‘m to‘plangan.
O‘zbekiston 1943 yili nemis-fashistlaridan ozod qilingan hududlarga yordam berishni boshlab yubordi. Masalan, mazkur yilning oktyabrida O‘zbekistondan Belorussiya, Ukraina va Rossiyaning dushmandan tozalangan yerlariga 800 nafar vrach safarbar qilindi. 1944 yilning birinchi yarmida esa Ukrainaga 300 tonna g‘alla, 8300 bosh qoramol, 6700 bosh qo‘y jo‘natildi. 1943-44 yillarda ozod etilgan shaharu qishloqlarga Qoraqalpog‘istondan 45 800 000 bosh qoramol va qo‘y yuborildi. 
Toshkent temiryo‘lchilari vagonlarda turli xil jihozlarni yubordilar. Sobiq Stalingradni tiklash uchun 350 nafar quruvchi bordi. Xorazmliklar Xarkovga har xil qishloq xo‘jalik texnikasini jo‘natdilar. 1943 yil avgust oyida respublikadan ozod qilingan joylarga 1152 traktor, 25 kombayn, 1138 omoch, 38 seyalka olib ketildi. Sentyabr oyining oxirlarida oziq-ovqat mahsulotlari va jihozlar to‘ldirilgan 374 vagon jo‘natildi. 12 oktyabrda Ukrainaga 450 vagonda sovg‘alar bilan birga 300 tonna g‘alla, 8300 bosh qoramol, 10 ming juft oyoq kiyim, 200 ming gazlama mollari, kasalxona, maktab va radiouzellar uchun jihozlar yuborildi. 
Voronej va Kursk shaharlariga 275 bosh qoramol, 72 tonna g‘alla, 24 tonna quruq meva olib ketildi. Bulardan tashqari, respublika bo‘yicha 300 tonna g‘alla, 180 tonna quruq meva, 10 ming juft oyoq kiyim, 200 ming metr gazlama, 2600 ming so‘m naqd pul, yuk mashinasi, telefon stantsiyasi jo‘natildi. Ukraina uchun 350 traktor, 200 avtomashina, 50 kombayn, 1500 omoch berildi. Stavropol o‘lkasiga 1142 traktor, 400 seyalka 1142 nafar agronom va haydovchisi bilan jo‘natildi. Ozod qilingan joylarga Surxondaryo, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlari 50 ming bosh qo‘y va 190 ming bosh qoramol yuborgan. Shuningdek, nemis-fashistlaridan tozalangan respublika va viloyatlarga 1944 yili 100 000 kitob sovg‘a qilingan edi. 
1943-44 yillarda ozod qilingan yerlarga O‘zbekistondan 13 000 dan ortiq temiryo‘l mutaxassisi, hunar bilim yurtlaridan 15 000 yosh yigit sobiq Leningrad, Kiyev va Dunayga yo‘l oldi. O‘zbek xalqining ozod qilingan joylarga ko‘rsatgan yordami aslida serob. Ammo umumiy tushuncha uchun keltirib o‘tilganlari yetarli, deb o‘ylayman. O‘zbekiston sanoat sohasida ham katta ishlarni amalga oshirib, Rossiya, Ukraina va boshqa joylardan ko‘chirib keltirilgan o‘nlab korxonalarni joylashtirib, ularning ishchi-xizmatchilarini boshpana va oziq-ovqat bilan ta’minladi.
O‘zbekistonda harbiy sohada ham beqiyos ishlar amalga oshirildi. Xususan, respublikada 15 diviziya va brigada tuzilib, ularda o‘zbeklar salmoqli o‘rinni egalladilar. O‘sha harbiy qismlardan tashqari o‘n minglab navqiron yigit harakatdagi armiya saflariga yuborildi. Toshkentdagi harbiy bilim yurtlari front uchun bir necha ming komandir va siyosiy xodimlarni tayyorladi. Urushning dastlabki oylarida Toshkent shahrining o‘zidan 100 ming yigit va qisman ayollar harbiy xizmatga jalb qilindi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistondan bir milyon kishi frontga olingan. Biroq bu raqam unchalik to‘g‘ri emas, deb hisoblayman. Chunki Olmoniyada tuzilgan “Turkiston legioni” 1 milyon 800 ming kishini o‘z ichiga olgan. Bu legionning rahbarlaridan birining so‘zicha, uning tarkibida tojik, qozoq, turkman va qirg‘izlardan tashqari o‘zbeklar ham bo‘lgan. Ma’lumki, jang maydonlarida yarim milyonga yaqin o‘zbek halok bo‘lib, qolgan yarim milyoni vataniga qaytgan. Bu ikki raqam bir-biriga qo‘shilsa, bir milyon bo‘ladi. Endi “Turkiston legioni”dagilar hisobga olinsa, jangga tortilgan o‘zbeklarning soni ancha oshib ketadi. 
O‘zbeklar Ukraina, Belorussiya, Moskva, Stalingrad, Kavkaz, Qrim, Kursk, Dnepr, Markaziy va Janubi-sharqiy Yevropadagi janglarda qatnashib, Berlingacha bordilar. Shuningdek, Yaponiya bilan urushda ishtirok qildilar, partizan urushlarida mardonavor kurashdilar. 
Shu tariqa o‘zbek xalqi Ikkinchi jahon urushida fashistlarni tor-mor etishga molini ham, jonini ham tikdi. Bamisoli topgan bitta nonini to‘rtga bo‘lib, bittasini o‘ziga, qolganini bevosita frontga, so‘ng respublikaga ko‘chirib keltirilganlarga, jangga ketganlarning oilalariga, harbiy gospitallarga, fashistlardan ozod qilingan hududlarning och-nochor aholisiga berdi. Ayni paytda bir milyondan oshiq farzandlari fashistlarga qarshi janglarda mardonavor kurashdi. Ulardan bir necha yuz ming kishi halok bo‘ldi va jarohatlandi. Ayni paytda o‘zbeklardan tuzilgan “Ishchi batalon”lar Rossiya va boshqa turli joylarda front uchun fidokorona mehnat qildilar.
Bevosita janglarda 27 000 000 kishining yostig‘i qurigan, boshqa talofatlarni ham qo‘shganda 30 000 000 kishi nobud bo‘lgan Ikkinchi jahon urushi o‘zbek xalqiga ham beqiyos katta talofat keltirdi. Minglab ayollar beva va bolalar yetim bo‘lib qoldilar. Ota-onalar farzandlari dog‘ida qayg‘u-alam bilan bu dunyodan ko‘z yumdilar. Urush yillarida chek-chegarasi yo‘q xarajatlar xalqni shu darajada qashshoqlashtirdiki, ta’riflashga qalam ojizlik qiladi. Qanchadan-qancha odamlar ochlik va kasalliklardan o‘ldi. Urush o‘zbek xalqining bor-yo‘g‘idan tamomila ayirdi, ko‘rpa-yostig‘i, boshqa ro‘zg‘or anjomlaridan mosuvo bo‘ldi, uy-joyi xarobaga aylandi, och va yupun bo‘lib qoldi. Ocharchilik va kasalliklar qishloqlarda avjiga minib, ko‘p odamlarning yostig‘ini quritdi. Bolalarning orasida ham o‘lim ko‘p uchrardi. Biroq sho‘ro davlatining e’tiborsizligi tufayli urush vaqtida orttirilgan qiyinchilik va azob-uqubatlar tamomila bartaraf qilinmadi. Ayniqsa, urush nogironlarining qadr-qimmati o‘rniga qo‘yilmay, ular o‘z holiga tashlab qo‘yildi.
Xullas, urush yillarida mashaqqatli mehnat va azob-uqubatdan boshqa narsani ko‘rmagan odamlarning ko‘pchiligi qayg‘u-alam girdobida jon berdilar. Shunga o‘xshash urush qatnashchilarining talay qismi yorug‘ kunlarni ko‘rmadi. Biroq shuni unutmaslik kerakki, ota-bobolarimiz misli ko‘rilmagan azob-uqubatlar va talofatlar hisobiga butun insoniyat boshiga tushgan ofatni bartaraf qilishga ulkan hissa qo‘shib, jahon tarixida o‘chmas iz qoldirishdi. 
Bugun Mustaqillik sharofati ila o‘sha mudhish urush yillarining azobini tortgan va tirik qolgan baxtli kishilar hayot gashtini surish sharafiga muyassar bo‘ldilar. Men ham shular jumlasidanman. Shaxsan Yurtboshimiz Islom Karimovning tashabbusi bilan urush qatnashchilari va mehnat faxriylarining qadr-qimmati o‘rniga qo‘yilib, izzat va hurmat ko‘rsatilmoqda. Jang maydonlarida halok bo‘lganlarning ro‘yxatini o‘z ichiga olgan ko‘p jildlik “Xotira” kitobi chop etildi. Xotira maydonida ajoyib majmua qurilib, halok bo‘lgan har bir insonning nomi zar harflar bilan bitildi. Respublikaning boshqa shaharlarida ham Xotira yodgorliklari qad rostladi. 
O‘ylaymanki, Birinchi va Ikkinchi jahon urushlari keltirgan dahshatli oqibatlar, umuman urush fojiasi haqidagi mulohazalarimiz hozirgi avlodlar uchun foydadan xoli bo‘lmaydi. Zero, ular bilan tanishgan har bir shaxs bugun ozod yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlikning qadriga yetishi kerak.

Hamid Ziyoyev, professor
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2003 yil 25-sonidan olindi.