O`zbek davlatchilik tarixida sohibqiron Amir Temur va temuriylar davri tarixi muhim ahamiyatga egadir. Buning sababi sohibqiron Amir Temur davlatning boshqaruv, tashqi va ichki siyosat, obodonchilik sohasida boshqa davlatlarga o’rnak bo’ladigan ishlarni amalga oshirganlar. Jumladan, o’tmish sarhadlariga nazar tashlar ekanmiz, Amir Temur bobomizning mohir sarkarda, buyuk bunyodkor, qudratli hukmdorligini eslab o’tmay ilojimiz yo’q. Ko’p yillik hukmronlik qilgan bu sulola bir qancha me’moriy obidalar majmualarini o’z yurtida va boshqa davlatlarda bunyod qildi. Sohibqiron Temur ,,Temur tuzuklari’’ asarida ,,Amr etdimki katta-kichik har bir shahar, har bir qishloqda masjid, madrasa, xonaqoh bog’-rog’lar bino qilsunlar, faqir miskinlarga langarxona [musofurxona] solsunlar, kasallar uchun shifoxona qursinlar va ularda ishlash uchun tabiblar tayinlansun, har bir shaharda dorul – amorat [hukmdor saroyi] va dorul – adolat [adolat saroyi] qursinlar’’ deb amr qiladi.
Sharafiddin Ali Yazdiyning ,,Zafarnoma’’ asari ham Sohibqiron Amir Temurning hokimiyat tepasiga kelishi, Samarqand va mamlakatning boshqa hududlaridagi obodonchilik ishlari, mamlakat xavfsizligi yo’lida olib borilgan ko’p yillik harbiy yurushlari haqidadir. Sohibqironning me’moriy bunyodkorligi sohasidagi beqiyos ishlarini Turkiston, Samarqand, Kesh, Buxoro, Toshkent kabi shaharlarda hozirgacha saqlanib noyob va nodir obidalar misolida ko’rishimiz mumkin. Ya’ni Temuriylar davridagi bunday ulkan bunyodkorlik jaroyoni natijasi o’laroq keng ko’lamda me’morchilik mo’jizalari yaratilgani fikrimiz dalilidir. O’sha davrda Temuriylar tarixini yoritib bizga asl manbani yozib qoldirgan Sharofiddin Ali Yazdiy shunday deydilar: ,,Sohibqiron har yerda kim imoratqa qobil yer ko’rsa erdi ul yerda albatta bir imorat solur erdi’’ deganlar. Bu ma’lumotlardan ko’rinib turibdiki Sohibqiron doim me’morchilik ishlarini keng rivojlantirgan.
Sharofiddin Ali Yazdiy temuriylar davri mashhur tarixnavisi 1414 – 1435 yillar mobaynida Shohruhning o’g’li, Fors o’lkasi hokimi Ibrohim Mirzo xizmatida bo’ladi va uning topshirig’i asosida mashhur ,,Zafarnoma’’ asarini yozadi. Amir Temur milodiy 1402 yili o’zi bilan 1392 yildan beri harbiy yurushlarida ishtirok etgan Nizomiddin Shomiyga sodda til bilan va saroy solnomalariga asoslanib, uning tarixini yozishni buyuradi.
Nizomiddin 1404 yil yozida asarini yozib tugatib, Amir sohibqironga taqdim etadi. Birinchi bo’lib Nizomiddin o’z asarini ,,Zafarnoma’’ deb ataydi. Unda milodiy 1404 yilning iyuligacha bo’lgan voqealar aks ettirilgan. Amir Temur hayotining qolgan qariyb sakkiz oyiga taalluqli voqealar va vafotidan keyingi oylardagi hodisalar unga kirmagan. Demak, shu nuqtai nazardan asarni mukammal deb bo’lmaydi. Ana shunday eng mukammal asarni Sharofiddin Ali Yazdiy yaratdi.U Eron zaminidagi Fors viloyatining shimolidagi Yazd shahrida tug’ilgan. U obdon zukkoligi va donoligi bilan Temuriylarning diqqatini o’ziga jalb etadi. U ,,Zafarnoma’’ asarining debochasida ko’rsatishicha, bu asarni 1424 – 1425 yili yozib tugatgan. Shu tarix Abdurazzoq Samarqandiyning ,,Matlai sa’dayi va majmai bahrayn ‘’ asarida ham ko’rsatilgan. Asar Amirning mufassal va shahzoda Xalil Sultonning qisqacha tarixidan iborat. Bu asarga asos bo’lgan ilk nusxani Temurning saroy kundaliklari va boshqa manbalar asosida va saroy kotiblarining yordamida Ibrohim Sulton yozgan. Bu nusxani qayta ishlab va yana boshqa manbalardan foydalanib Sharofiddin o’zining ,,Zafarnomasi’’ni yaratgan. Asar turk xonlarining shajarasi va Chingizxon tarixiga bag’ishlangan ulkan muqaddima bilan boshlangan. Asar ko’pdan-ko’p she’rlar bilan ziynatlangan bo’lib, ular Sharofiddinning shaxsiy ijodi ekanligi shubhasiz. Bu asar Amir Temur tarixiga bag’ishlangan asarlarning eng haqiqatga yaqini va eng mukammali hisoblanadi. Shuning uchun ham asar yozilganidan beri o’tgan besh yarim asrdan ortiq vaqt ichida u qayta-qayta ko’chirilgan, turli G’arb va Sharq tillariga ham to’la, ham qisman tarjima qilingan va bir necha marta nashr etilgan. Shunday nashrlarning eng mukammali 1972 yili A.O’rinboyev tomonidan chop etilgan nusxaviy tanqidiy matn hisoblanadi. Asarning muqaddima qismini Sharofiddin Ali Yazdiyning o’zi ,,Tarixi Jahongir’’ deb nomlaydi, lekin ,,Muqaddima’’ nomi bilan mashhur bo’ladi. U so’zboshi ,ikki fasl va xotimadan iborat. ,,Muqaddima’’ dan ko’zlangan maqsad Temur shajarasini bayon etish va uning o’zidan oldin o’tgan hukmdorlardan davlat arbobi va lashkarboshi sifatidagi ustunligini isbotlab berishdan iboratdir. Asar ikki qismdan iborat. 1972 yildaToshkentda asarning har ikki qismini qamragan nusxasi hozirgi kunda Toshkent Davlat Sharqshunoslik insitutida saqlanayotgan 4472 raqamli qo’lyozmaning faksimal nashri amalga oshirildi. Sho’rolar davlatida Amir Temurs haxsiga nisbatan o’ta salbiy xulosa o’rnashganligi sababli matbuotda temuriylar davri yozma me’rosini o’rganishi qattiq ta’qib qilindi ,ba’zi asarlar kabi Sharofiddin Ali Yazdiyning ,,Zafarnomasi’’ ham qoralandi. O’zbekiston mustaqillikka erishgandan so’ng, temuriylar tarixini haqqoniy yoritish uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Bu asar orqali Temuriylar tarixiga oid juda qimmatli va haqqoniy ma’lumotlarni olishimiz mumkin. Shuning uchun ham bu asar hozirgi kungacha o’z qadr- qiymatini yo’qotmagan.
Usmonov Husan
Toshkent Davlat Sharqshunoslik Instituti
Jahon Siyosati, tarix va falsafa fakulteti
Usmonov Husan - Temuriylar tarixini o`rganishda Sharafiddin Ali Yazdiyning ,,Zafarnoma” asarining tarixiy ahamiyati
- Ayrıntılar
- Üst Kategori: Özbek Edebiyatı
- Kategori: Günümüz Özbek Nesri
- Gösterim: 869