Alisher Navoiy “Majolis un-nafois” tazkirasida va Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma” asarida yozib qoldirgan adabiyotshunoslikka oid qimmatli ma’lumotlarning ayrimlari biri-biriga juda yaqin yoki har ikki ijodkorga taalluqli bo‘lib, bunday umumiy ma’lumotlarni bir mushtarak ( arabcha: umumiy, ko‘pchilikka taalluqli, o‘rtadagi kabi lug‘aviy ma’nolarni bildiradi) adabiy hodisa sifatida baholashimiz mumkin. Ma’lumki, mushtarak adabiy hodisalar jahon adabiyotidagi turli adabiyotlarga xos, bir xududda yashovchi adiblar ijodiga xos, ma’lum bir davrda yashagan ijodkorlarga xos yoki ayrim olingan shoirlar ijodiga xos bo‘lishi mumkin. Endi tasnifda ko‘rsatilgan mushtarak adabiy hodisalarning ayrim olingan ijodkorlar ijodiga xos ko‘rinishini temuriylar Uyg‘onish davri vakillari Abulvafoiy Xorazmiy, Alisher Navoiy va shoh va shoir Bobur ijodida kuzatsak.

Maqolada biz Alisher Navoiy va Bobur ijodida bitilgan nihoyatda kam uchraydigan tavorud kabi noyob mushtarak adabiy hodisani hamda Abulvafoiy Xorazmiy va Bobur ijodida mahorat bilan nazm va nasrda qo‘llangan, Sharqda mashhur bo‘lgan bir maqol asosida yaratilgan irsoli masal singari mushtarak adabiy hodisani aniqlab, tanlab oldik. Xususan, Alisher Navoiy va Bobur o‘zlarining temuriy shahzoda Kichik Mirzo (1451-1484 yy.) haqida yozgan tarixiy xarakterdagi ma’lumotlarida tavorudga tushgan juda go‘zal ruboiysini ta’kidlab ko‘rsatgan va birdek tavorud atamasini qo‘llagan hamda ular tavorud sabab temuriylar Uyg‘onish davri mutafakkiri Abdurahmon Jomiy ijodiga ochiq va yashirin talmeh (Nuran Maxdum, Mullo nisbasi)da, Kichik Mirzo ijodiga esa ochiq talmeh vositasida yuksak baho bergan. O‘rganishimizga ko‘ra, O‘zbekiston qahramoni S. G‘aniyeva va atoqli navoiyshunoslar M. Hakimov, Yo. Is’hoqovning tavorudga bergan ta’riflari bir-birini to‘ldiradi, chunonchi: “Tavorud (arabcha: ketma-ket kelmoq, bir-biri bilan tasodifan bir yerga tushib qolmoq ) – adabiyotda she’rni bir-biridan xabarsiz holda ikki shoir tomonidan yaratilish hodisasi, tasodifan bir-biriga aynan o‘xshab qolishi” (1).

Sulton Husayn Boyqaroning jiyani shaxzoda Kichik Mirzoning fors tilida yozgan bir ruboiysi tasodifan ulug‘ shoir Abdurahmon Jomiy ruboiysi bilan bir-biriga aynan o‘xshab – tavorud voqe bo‘ladi. Ushbu go‘zal ilhomiy jarayon bo‘lmish mushtarak adabiy hodisa Hirot adabiy muhitida shuhrat qozonadi, qalam ahli orasida Abdurahmon Jomiy va Kichik Mirzolar ijodiga havasu rag‘bat, qiziqish ortadi. Bu haqda Hirot adabiy muhitining rahbari va homiysi Alisher Navoiy “Majolis un-nafois”ning Sohibqiron Amir Temur va yigirma nafardan ziyod temuriylar yodga olingan yettinchi majlisning Kichik Mirzo zikrida va Bobur “Boburnoma”ning Sulton Husayn Boyqaro haqidagi “Valodat va nasabi” nomli faslda yodga olgan va fikrlari isboti uchun shahzodaning mashhur ruboiysini keltirgan. Biz o‘quvchilarning Kichik Mirzo to‘g‘risida to‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lishlarini istab, maqolada Alisher Navoiy va Boburning shahzoda haqida yozgan hasbi holini, ta’rifu tavsiflarini to‘liqroq holda berishga harakat qildik. Ammo har ikki daho ijodkorlar Kichik Mirzoga o‘z asarlari xususiyatidan kelib chiqib ma’lumot va baho berganligini hisobga olishimiz kerak. Masalan, Alisher Navoiy tazkirasida Kichik Mirzoning fazilati va iqdidori bilan bog‘liq o‘ndan ortiq sifatlarini sanab ko‘rsatsa, Bobur esa memuarida uning “tab’i nazmi”dan tashqari qisman avtobiografiyasini, jumladan, Sulton Husayn Boyqaroning Oqobegim ismli opasining o‘g‘li, otasi Sulton Ahmad Mirzo, uning asli ismi Muhammad Sulton Mirzo ekanligini, u otasi bilan podshoh tog‘asi qo‘lida ma’lum vaqt harbiy xizmatda bo‘lganligini ham aytgan. Alisher Navoiy yozadi: “Kichik Mirzo – xub tab’liq, tez idroklik, sho‘x zehnlik, qaviy hofizaliq yigit erdi. Oz fursatda yaxshi tolibi ilm bo‘ldi va ko‘proq ulum va funundin o‘z mutolaasi bilan vuquf hosil qildi. She’r va muammoni xub anglar erdi, balki ko‘ngli tilasa ayta ham olur erdi. Bovujudi bu fazoyil darveshlarga moyil bo‘lub, Makka ziyorati sharafiga musharraf bo‘ldi. Ammo bag‘oyat mustag‘ni kishi erdi. Bo‘la olurkim, faqir istig‘nosi erkan bo‘lg‘ay. Bu ruboiy aningdurkim:

Umri basalloh mesutudam xudro,
Dar shevayi zuhd menamudam xudro,
Chun ishq omad kadom zuhdu, chi saloh,
Al-minnatu lilloh, ozmudam xudro.

Ba’zi derlarkim, bu ruboiy hazrat Maxdumiy Nuran bila tavorud voqe bo‘lubtur. Andoq dag‘i bo‘lsa, ulug‘ davlat turur” (2).

Yoki Bobur “Boburnoma”da ham Kichik Mirzo ruboiysini aynan keltiradi va shunday yozadi: “…Bir o‘g‘li bor edi, Kichik Mirzo otlig‘. Burunlar tag‘oyisiga mulozamat qilur edi, so‘ngra sipohiyliqni tark qilib, mutolaag‘a mashg‘ul bo‘ldi. Derlarkim, donishmand bo‘lub ekandur. Tab’i nazmi ham bor ekandur. Bu ruboiy aningdur:

Umri basalloh mesutudam xudro,
Dar shevayi zuhd menamudam xudro,
Chun ishq omad kadom zuhdu, chi saloh,
Al-minnatu lilloh, ozmudam xudro.

Mulloning ruboiysi bila tavorud bo‘lubtur. Oxirlar haj tavofi ham qildi” (3).

Tavorud bo‘lgan ruboiy tarjimasi: Umr bo‘yi o‘zimni yaxshilik bila maqtadim, o‘zimni zohid va taqvodor qilib ko‘rsatdim. Ishq kelgach, zohidlik qayda qoldiyu yaxshilik nima bo‘ldi? Ollohga shukrkim, o‘zimni sinadim.

Qizig‘i shundaki, Navoiy tavorudga sabab bo‘lgan Kichik Mirzo ruboiysi to‘g‘risida yozar ekan, birinchidan, tavorud Hirot adabiy muhitidagi boshqa ijodkorlar tomonidan tan olinib aytilganini “Ba’zi derlarkim” deya ta’kidlab ko‘rsatsa, ikkinchidan esa o‘zi ham zamondosh shoirlarning tavorud haqidagi mazkur bahosini munaqqid sifatida o‘rganib, qadrlab o‘z xulosa va roziligini “Andoq dag‘i bo‘lsa, ulug‘ davlat turur” deya lutf bilan bayon qilgan. Tarixiy manbalarda, Alisher Navoiyning mehri, hurmati Kichik Mirzoga va o‘z navbatida Kichik Mirzoning ixlosi, e’tibori Alisher Navoiyga ham o‘zgacha bo‘lganligi, hatto bu munosabatu yaqinlikni ifodalovchi rasm chizilganligi to‘g‘risida ham xabarlar aytilgan. Bu haqda navoiyshunos Q.Ergashov shunday izoh bergan: “O‘sha davr minatyuralaridan birida Alisher Navoiyning Kichik Mirzo bilan suhbatlashib turgani tasvirlangan” (4). Alisher Navoiy “Soqiynoma” (5) asarida Kichik Mirzoning navqiron, zz yoshda bevaqt vafot etganidan qattiq kuyunib, chekkan istiroblari haqida, uning otasiga bergan tasallilari borasida ham qator baytlarni yozib qoldirgan.

Fikrimizcha, Bobur esa bu tavorudni Kichik Mirzoning donishmandlik fazilati bilan bog‘lagan.

Abulvafoiy Xorazmiy va Bobur ijodiga xos bo‘lgan mushtarak adabiy hodisani belgilashda biz yana ixlos bilan Alisher Navoiy ijodxonasiga yuzlanamiz. Alisher Navoiy “Majolis un-nafois” tazkirasining “Avvalg‘i majlisi”da o‘zining hurmati va e’tiqodini izhor qilgan hamda “Xoja avsofini har kishi bitar bo‘lsa, alohida bir kitob bitmak kerak, ma’lum emaskim bu kitobda ham siqg‘aymu yo yo‘q” (6) deya sharaflagan, ijodkorlarni u haqida kitob yozishga undagan va Xorazm xalqi “Yer farishtasi” deya ulug‘lagan, e’zozlagan Xoja Abulvafoiy Xorazmiy (14-asrda, Shohrux Mirzo zamonida yashab, ijod qilgan shayx va shoir, bizga 100 ga yaqin ruboiylari yetib kelgan, H. Abdullayev va E.Ochilov kabi olimlar uning ruboiylari xususida tadqiqot va tarjimalarni amalga oshirgan.) haqidagi fiqrasida uning fors tilida bitgan chuqur falsafiy mazmundagi bir ruboiysini namuna va dalil sifatida keltiradi:

Bad kardamu e’tizor badtar zi gunoh,
Zero ki dar in hast se da’vii taboh,
Da’vii vujudu da’vii quvvatu havl,
Lo havla va lo quvvata illo billoh (7).

Ruboiy tarjimasi: Gunoh qildim, uzrim gunohimdan yomon, bu uzrda uchta buzilgan da’voni: vujudni, quvvatni, qo‘rquvni da’vo qilish bekordir. Chunki qo‘rquv ham, kuch-quvvat ham Ollohdandir.

Anglashimizcha, mazkur ruboiy ulug‘ shoirga juda ma’qul kelgan bo‘lsa kerakki, mazkur she’rni u “Nasoiyim ul-muhabbat” (8) tazkirasida keltirgan sakkizta ruboiylar qatorida ham tilga olgan. Agar ruboiyga diqqat qilsak, Abulvafoiy Xorazmiy ruboiyning birinchi “Bad kardamu, e’tizor batar zi gunoh” misrasida Sharqda mashhur bo‘lgan, hozir ham so‘zlashuvda bor bo‘lgan “Uzri gunohidan yomonroq” (9) maqolini mahorat bilan qo‘llaganiga va nazmda irsoli masalning betakror namunasini ijod qilganiga amin bo‘lamiz.

“Maqolga adabiy nuqtai nazardan qiziqish, asar badiiyligini oshirish va badiiy til ravonligini ta’minlash uchun undan foydalanish hamma zamon so‘z san’atkorlarining doim diqqat markazida bo‘lgan” (10). Tadqiqot natijasiga ko‘ra, Bobur ham “Boburnoma”ning 1500-1501 yil voqealari bayonida ushbu maqolni aynan qo‘llab, nasrda irsoli masal san’atini yaratgan. Tarixdan ma’lumki, Samarqandni olgan Shayboniyxon Xoja Ahror Valiyning o‘g‘li Xoja Yahyoni ikki o‘g‘li Xoja Muhammad Zakariyo va Xoja Boqiyni Xurosonga yuborib, har uchovini qatl ettiradi. Ushbu qatldan qattiq norozi bo‘lgan qarshi kuchlarga Shayboniyxon bu qotillikni men emas, balki Qambarbiy va Ko‘pakbiylar qildi, deb tushuntirish berib, o‘z uzrini bildirgandek bo‘ladi. Bobur “Boburnoma”da bu o‘lim jazosining tafsilotini bitar ekan shu o‘rinda “Uzrash batar az gunoh” , ya’ni “Uzri gunohidan yomonroq” maqolini o‘z fikri va “tahqiqi”ga dalil sifatida ishlatgan. Beklar bunday o‘lim jazosini xon yoki podshoxning amru-farmonisiz yashirin qilmaydi, degan xulosasini shu maqol bilan asoslaydi hamda islom huquqida jinoyat va jazo masalasida, asosan, o‘lim jazosi faqat hukmdorlar muhri bilan tasdiqlanishiga (Abdulatif Mirzo muhri urilmaganda Ulug‘bek Mirzo, Sulton Husayn Boyqaro muhri urilmaganda Mo‘min Mirzo o‘limga yo‘l qo‘yilmagan bo‘lardi-B.R.) ham ishora qilgan. Chunonchi: “Mundoq ishlarni beklar o‘z boshi bila xonidin va podshohidin bevuquf qila boshlasa, bas xonlig‘ig‘a va podshohlig‘ig‘a ne e’tibor.”

Xulosa shuki, biz yuqorida tahlil va talqin qilgan tavorud, irsoli masal kabi mushtarak adabiy hodisalar Alisher Navoiy, Abulvafoiy Xorazmiy hamda Boburning hayoti va ijodi bilan bog‘liq ayrim mushtarak jihatlarini ochib berish bilan birga, ularning o‘ziga xos badiiy mahoratini ko‘rsatuvchi mezon hamdir.

Izohlar

1. A l i sh ye r N a v o i y. Majolis un-nafois. MAT. 13-jild. Toshkent; Fan.1997. 278-bet; H a k i m o v M. Sharq manbashunoslik lug‘ati. Toshkent; DAVR PREES NMU, 2013. 295-bet. I s h o q o v Yo.So‘z san’ati so‘zligi. Toshkent; O‘zbekiston, 2014. 180-181-betlar.
2. A l i sh ye r N a v o i y. Majolis un-nafois. MAT. 13-jild. Toshkent: Fan, 1997. 169-bet.
3. B o b u r. Boburnoma. Toshkent: Sharq, 2002. 128-bet.
4. E r g a sh o v Q. Kichik Mirzo. Bobur ensiklopediyasi. 2-nashri. Toshkent. Sharq. 290-bet.
5. A l i sh ye r N a v o i y.Favoyid ul-kibar. MAT. 6-jild. Toshkent. Fan. 1990. 483-484-betlar
6. O‘sha tazkira. 13-bet.
7. O‘sha tazkira.13-bet.
8. Alisher Navoiy. Nasoyim ul-muhabbat. MAT. 17-jild. Toshkent. Fan, 2001. 299-300-betlar.
9. O‘zbek xalq maqollari. Ikki tomlik. 1-tom. Toshkent: Fan, 1987. 121-bet.
10. O‘zbek xalq maqollari. Ikki tomlik. 1-tom. Toshkent: Fan, 1987. 7-bet.