Sag‘ir saharlarda qizargan quyosh
Yag‘ir yelkalarni yoritgan chog‘da,
Bir olma gulladi nofarmon,qiyg‘och,
Bir olma gulladi uyqusiz bog‘da.
Uning g‘unchalari qizday beg‘ubor,
Kabutar qoniday, tungi charog‘day —
Bir olma gulladi bevaday beor,
Bir olma gulladi qarigan bog‘da.
Ming yillik chinorlar yetmagan baxtdek,
G‘urub jon berganday, eng so‘nggi «oh»day ,
Bir olma gulladi shohona taxtdek,
Bir olma gulladi kimsasiz bog‘da.
Xazon bilan to‘lib men o‘tgan so‘qmoq,
Kuz bilan do‘stlashib qolgan chog‘imda ,
Bir olma gulladi sochimdek oppoq,
Muhabbat bulbuli qo‘ngan bog‘imda.
2013 yil 17-mart