Qadamlar, sharpasiz og’ir qadamlar,
Ko’zlar pardasiga qalqqan achchiq yosh.
Ens so’nggi safarga kimni uzatar,
Hamkasbmi, qo’shnimi yoki qarindosh?
Gullar husni shuncha sovuqmi asli,
Visol damidagi ko’rki qayerda?
Bugun tabiatning qanaqa fasli,
Hech kim payqamaydi, ko’zlari yerda.
Mayliga, ranglar ham o’chsin bir nafas,
Mayliga, oftob ham berkinsin bir dam.
Mayliga, bir zum yo’qolsin havas,
Mayliga, zil yukday tuyulsin qadam,
Axir oramizda ketmoqda odam!
Motam sukutidan yurak qiynoqda,
Yurak qiynoqdaki, bermagunday tob.
Ammo, men istardim, yurak shu topda
O’z-o’ziga shunday berolsa hisob:
Dardin eshitdingmi tirikligida?
Biron shodlik kuni gul tutganmiding?
Yoki o’sha kunni unutganmiding?
Qadriga yetdingmi tirikligida?
Shu so’roqqa tutsa ko’nglimiz bizni,
Balki o’lim yana ketardi yiroq.
Odamlar! Qadrlang bir-biringizni,
Gul ham, muhabbat ham tirikka kerak.

* * *

Dutor yig’lar emish, har pardasida,
Yellarga yuz tutgan chog’larin qumsab,
Ba’zan sevishganlar o’yib tanasin
Ochgan jarohati – dog’larni qumsab.
Bir vaqt shoxlarini yashnatgan barglar –
Shiviri torlarin kuylatar emish.
Shundan u insonni vafoga chorlab,
Sog’inchga o’rgatib o’ylatar emish.

* * *

Aqlim tanibmanki, minnatsiz bir baxt,
Minnatsiz umrni qilaman orzu.
Kam-ko’stsiz hayotni etaman ddeb taxt,
Tanho tashvish cheksang, dilim ezilar.
Yo’q, sira yuk bo’lmay, bo’layin mador,
Toki ravon bo’lsin men-la yo’llaring.
Yiqilsang yiqilgum demasman zinhor,
Turg’izmoqqa cho’zgum nozik qo’llarim,
Yo’q, sira yuk bo’lmay, bo’layin mador.