* * *

To‘xtadim manzilga hali yetmasdan,

Mening dardu tushim ichidan pishdi.

Katta bo‘lib qoldim.

Endi qo‘rqmasdan –

Yaqinda qo‘lingdan olaman ishni.

Yomg‘iru qorlarni ber menga qo‘yib,

Sen esa xumordan chiqquncha o‘yna.

Faqat Sen ham dunyo tarafda bo‘lib,

Meni shamollarga silkitib qo‘yma.

 

* * *

O‘rganib ketganman.

Bu holat tanish –

Faqat yetmay qolar ba’zan toqatim.

O, nima qilardi bo‘lmasa shu ish,

Ikki soat oldin pishgan ovqatim?

Shamollar ko‘chamdan yugurib o‘tdi,

Hovliga qaradi menga achinib.

Azizim, umrimning yarmidan ko‘pi

Sening yo‘llaringga ketdi sochilib.

Sen yana kechikding.

Bilaman, ish ko‘p,

Ko‘zimdan o‘tasan horg‘in holingda.

– Kutyapman, boshimda yulduzlar to‘p-to‘p,

Oyni orqalagan osmon yonimda.

* * *

Tirikmanmi o‘zi?

Bormanmi yo yo‘q?

O‘zimni suyashga yetishmas holim.

Yonar vujudimda boshdan oyoq o‘t,

Qayerga qochishni bilmaydi jonim.

Qaygadir yo‘qolgan ko‘ksimdagi taft –

Nimaki ish bo‘lsa – qo‘l silkir qo‘lim.

Ko‘zimda go‘yoki osmon ham bir kaft,

Zamin ham ko‘rinar bir siqim bo‘lib.

 

* * *

Chiroqlar goh yonib, goh o‘chib chiqdi,

Bedor tun to‘lg‘ondi.

Shamolda xatar.

Yulduzlar bir uxlab, bir cho‘chib chiqdi,

Qo‘rquvdan yugurib chiqdi daraxtlar.

Tonggacha tinmasdan taraqladi tom,

Chinqirdi qaydadir quzg‘unu jinlar.

Nihollar hushidan ketdi batamom –

Jonidan umidin uzdi uzumlar.

Yo‘llar ko‘lmaklarda yiqildi toyib,

Yomg‘irda shalabbo bo‘ldi chiroqlar.

Dalli-devonaday sochini yoyib –

Kuz kabi ko‘rsatdi o‘zini bog‘lar.

Ko‘zlarga kelmadi adashgan uyqu,

Deraza charsillar, darvoza ixrar.

Tutib ketmasin deb dunyoni qo‘rquv,

Dardini ichiga yutdi baliqlar.

 

* * *

Holi nima kechar mensiz uyimning,

Kitoblar… Suratlar… Jigar rang daftar…

Meni topolmasdan tentib, kuyinib,

Ortimdan ko‘chaga chiqadi gaplar.

Mensiz hushdan ketar daraxtu borliq,

Shamol kimning titib o‘ynar sochidan?

Men ketsam, tun o‘lib qoladi aniq,

Men ketsam, oy o‘lib qolar ochidan.

 

* * *

Bir kun ishq yo‘lida Majnun bo‘lar tol,

Hayqirar yuragi to‘kilib, to‘lib.

Uni yiqitolmas hech qanday shamol,

Osmonda yashar u xayolga cho‘mib.

Na ariq, na ko‘prik urolar yo‘ldan,

Bejavob qoldirar savollarini.

Bilmas u. Oqqushlar o‘g‘irlab qo‘ygan –

Layli daraxtlarning xayollarini.

 

* * *

Hali muzdan tushmasidan yer,

Izg‘ib yurganida izg‘irin.

Ko‘chalarga chiqmay ulus, el,

Daraxtlarning ochilar siri.

Hali sovuq ketmay tanidan,

Ko‘tarilmay turib qad-basti,

Bo‘rtib chiqqan kurtaklaridan –

Uyaladi olcha daraxti.

 

* * *

O‘tirganday hayot darsida,

Shamollarning chiqmas unlari.

Derazamning ro‘parasida –

Xira tortib qolar tunlari.

Qo‘l silkidi… ketdi… tong otmay –

Minib olib ko‘kning bo‘yniga.

Tunda yana qushlar tap tortmay –

Daraxtlarning kirar qo‘yniga.

 

* * *

Butun yer yuzini tashladi sochib,

Qo‘rquvdan kalima kelmas yodiga.

O‘zini yo‘qotib, shamoldan qochib,

Daraxtlar yopishar qush qanotiga.

Qayga uchib ketgan osmonning hushi,

Aljirab tortadi ipaklarini.

Qorong‘u tunlarga qoqilib tushib,

Shamol yirtib qo‘yar shippaklarini.

 

* * *

Ishon, Seni xafa qilmayman boshqa,

Kech bo‘lsa ham chiqdim. Qop-qora adir.

Bir osmon yulduzni ko‘tarib boshga –

Sening yo‘llaringda turibman, axir.

Jonim, bugun ishing tugaydimi kech,

Qorning och emasmi,

Omonmi joning?

Itlar izg‘ib yurar.

O, menga bu kech,

Aytgani shumidi Xudoning?..

 

* * *

Yana quyuqlashdi qorong‘u osmon,

Ko‘rib bo‘lmay qoldi narigi betni.

Ko‘z oldimda butun dunyo zimiston,

Shu baland uying ham ko‘rinmay ketdi.

Shamol gandiraklar. Tongga bor qancha

Xazonlar o‘ziga kelolmas hanuz.

Daraxtlar yer chizar. Endi yozgacha

Bog‘larda adashib qolib ketar kuz.

Oy chiqdi. Dosh berarmikin asabing?

Yop-yorug‘ kunlardan borday nom-nishon,

Qayga borishini unutgan kabi,

Oy sening tomingda turar parishon.

 

* * *

Yo‘q, yo‘q!

Xafamasman u qadar,

Bo‘ldi. Dunyo ko‘rsatdi borin.

Hayot, Sen ham bo‘lmasang agar –

Mening nima kechardi holim?

Chang ko‘chadan chopib o‘tar ot,

Sudraladi shamol etagi.

Seni yutib olishga, Hayot –

Bir piyola suv ham yetadi…

 

* * *

Yig‘lagim keladi eslagan paytim,

Mening g‘amlarimni yemagan vaqtning –

Ko‘ziga ko‘rinmay orqaga qaytdim,

Ko‘ngliga qush sig‘may turgan daraxtning.

Sendan umidimni uzgandim tamom,

Yashardim hovuchlab dardmand yurakni.

Hayot, yoqtirmayman o‘shandan buyon –

Bizning o‘rtamizga tushgan yo‘lakni.

* * *

Olchadan uzilgan so‘nggi barg kabi,

Diqqatingni tortmas holim. Unutman.

Go‘yo qo‘shnimizning hovlisidagi

Olma daraxtidan tushgan qurtman.

Havo o‘rnida ham charx urar xazon,

Jon oro kirmaydi.

Shamol bo‘lmas el.

Bugun ne ko‘ylarga solar bu osmon,

Erta ne ko‘ylarga solar qaro yer.

 

 

ShAMOL

 

Suvdan kirgan o‘tdanmi,

Tirnar o‘zini otib.

Uydan chiqib ketganmi

Es-hushini yo‘qotib.

Yomon ko‘rmasdim rosti,

Bu shamolning zarblarin.

Yerga tushgan gilosning

Po‘st tashladi lablari…

 

* * *

Kelib qolar qaydandir shoshib,

Ostin-ustun qilib qorlarni.

Shamol yomon haddidan oshib –

Uyqusini buzar bog‘larning.

Bosar nozik nihollarni g‘am,

Yoqmas g‘arblik qushlarning xulqi.

Bahor eshik qoqishi bilan

Yeru ko‘kning ochilar qulfi.

 

* * *

Dunyo ulkan kemaday suzar,

Tog‘ yonboshda tovlanar yal-yal.

Joy talashib qolar yulduzlar –

Oy osmonda to‘lishgan mahal.

Yo‘l izmiga tushar yo‘llarning,

Yulduzlarga to‘lar yer shari,

Qo‘rqib ketgan o‘ychan gullarning

Uchib ketar kapalaklari.

 

* * *

Sovuq shamol yuzga urildi,

Ro‘paramda mulzam tortdi kuz.

Hayot!

Ortga burilmasdim. U –

Yo‘l so‘ngida turibdi hanuz.

Oyoqlarim adashdi yo‘ldan

Shuncha yo‘lni bosib o‘tganda,

Men bormasam,

O‘zim bormasam –

Yo‘lda qolib ketadiganday.

 

* * *

O‘zimni pishirdim olovlaringda,

Juda uzoq yillar… Sekin… Shoshmadim.

Muzaffar ruhimning bejon tanimdan

Kuygan joylarini olib tashladim.

Bir kun kelib qolsam Sening yodingga,

Kechir, tanimasang, ko‘rib chiroyim,

Shuncha kutib-kutib Sening oldingga –

Tirik borolmasam, Xudoyim.

 

* * *

Go‘yo, yo‘qday ziyoni,

Yer yuzini timdalar.

Oshkor qilib dunyoni

Silkinadi pardalar.

Mulzam tortadi tunlar –

Bu bir shamol o‘yini.

Derazadagi gullar

Egib olar bo‘ynini.

Tunlar o‘ynar pardani,

Yulduzlar chiqar izdan.

Oyning ketmagan hali

Ona suti og‘zidan.