Cho’lponning “Soz” to’plamiga 26 ta she’r kiritilgan. Bu she’rlarni ko’pincha adabiyotshunoslar “qizil she’rlar” deb atashadi.

Sho’ro tarixidan ayonki, SSSR tashkil etilganidan so’ng, 1924 yildan keyin, barcha respublikalar hayotida asta-sekinlik bilan cheklanishlar, tazyiqlar boshlandi. Oldin kichik-kichik guruhlar, keyinchalik katta miqyosdagi xalq harakatlariga chek qo’yildi, alohida yorqin shaxslar hibsga olinib, yo’qotib yuborila boshlandi. Bu hol bizning Turkiston ziyolilari uchun 1920-yillarning ikkinchi yarmi va 30- yillarning boshidayoq sir bo’lmay qolgandi.

Iqtidorli, buyuk adiblarga sovetlar qilgan tazyiqlarning bir tomoni borki, u shu kunlargacha ochiq-oydin tavsif etilmayapti, u haqda ko’proq yozilmayapti. Bu – “maxsus tashkilot”ning o’zlariga muxolifatda turgan buyuk insonlarning turmush o’rtoqlariga [xotinlariga yoki erlariga] jinsiy ta’sir o’tkazib, o’sha oilani buzish guruhi. Bu guruh a’zolarining hatti-harakatlari SSSRning Osiyo qismidagi hududlarda odatda yopti-yopti qilib yuborilgan, bunday jirkanch harakatlar xalq hukmiga qo’yilmagan.

Ma’lumki, Cho’lpon to’rt marta uylangan. Birinchi xotini Mohiro’y hamda ikkinchi xotini Obida bilan uzoq yashamaganligining sabablari juda aniq emas. Cho’lponning har ikkala xotini ham, aytishlaricha, ancha chiroyli va odobli bo’lgan. Shoirning uchinchi xotini maxallasidagi go’zal qiz Soliha bo’lib, bu safar xalqning og’ziga elak tutib bo’lmagan. Sevgiga asoslangan Soliha bilan Cho’lponning tinch, oilaviy hayotiga, biz yuqorida eslatib o’tgan “maxsus tashkilot”ning maxsus tayyorlangan a’zosi Bahrom Ibrohimovning jinsiy tazyiqi tufayli Cho’lponning bu oilasi ham buzilgan [Bu haqda to’la ma’lumot olish uchun qarang: Naim Karimov, Cho’lpon , ma’rifiy roman, “Sharq” nashr., Toshkent, 2003, 350-353-betlar].

Mavzudan bir oz chekinish: 60-yillarning birinchi yarmida men ToshDU aspiranti edim, va tabiiyki, barcha aspirantlar kabi har bir narsaga qiziqardim. O’sha yillari Toshkentda bir mish-mish tarqaldi. Emishki, shoir Cho’lponning xotiniga jinsiy tajovuz qilgan shaxs chet eldan Toshkentga qaytib kelib, Fanlar Akademiyasining Sharqshunoslik institutida ishlayotganmish… Bu xabar biz yoshlarni o’ta darajada qiziqtirgan edi. FAning Sharqshunoslik institutinini u yerda akam ishlaganligi uchun men yaxshi bilardim, Akam arabshunos bo’lganligi va Cho’lpon davrida nisbatan yosh bo’lganligi sababli bu voqeaga qiziqmadi. Men akamning domlasi, ulug’ olim va buyuk inson Ubaydulla Karimov domlaga murojaat qildim, maqsadimni tushuntirdim. Ubaydulla Karimov domla meni tushunib, Bahrom Ibrohimov haqida barcha bilgan hamda eshitgan gaplarni aytib bergandilar. Va hatto “Ana o’sha kishi Bahrom Ibrohimov bo’ladi,” deb menga ko’rsatib, “Lekin siz u bilan gaplashmaganingiz ma’qul,”deb ogohlantirgan ham edilar.

Men u shaxs bilan, albatta, gaplashmaganman. Shundan sal o’tmay FAning Sharqshunoslik institutida partiya majlisi bo’lib, unda “maxsus tashkilot”ning vakillari qatnashgan va “Nima sababdan Bahrom Ibrohimov bilan hech kim gaplashmaydi, uni chiqishtirishmaydi?” degan masalani hal qilishga harakat qilishgan, Bahrom Ibrohimov ularning foydali xodimi ekanligiga urg’u berishgan va institut kollektivini qattiq ogohlantirishgan…

Biroq 60-yilllarning o’rtalariga borib, hech kim o’sha “maxsus tashkilot”dan ham, uning ogohlantirishidan ham qo’rqmaydigan bo’lib qolgan edi.

Gapning xulosasi shuki, buyuk shoir Cho’lponning qasdini ziyo ahli uning dushmanidan mana shunday yo’l bilan olgan edi…

***

Oxirgi marta Cho’lpon Katya ismli rus qiziga uylangan. Yana “maxsus tashkilot”ning odamlari gap tarqatishgan: “Cho’lponning bu xotini rus emas, balki ruslashgan nemis ekan. Qarang, u “ovcharka”ni nemis itini ham sevadi. Namuncha, bu shoir nemisni yaxshi ko’rmasa?!.

O’sha yillari Cho’lponga qarshi mana shunday kurakda turmaydigan bo’htonlar bilan hujum qilinayotgan edi.

***

O’tgan asrning 30-yillarida adabiyotimizning buyuklari Cho’lpon, Fitrat, Qodiriy hamda ularning hamfikrlari ham qanday balo bostirib kelayotganligini sezishgan va unga qarshi nimadir qilishga urinishgan, tayyorgarlik olib borishga harakat qilishgan.

Abdulla Qodiriyning “Obid Ketmon” qissasi, Cho’lponning “Soz” to’plamiga kiritilgan she’rlari mana shu qatag’on davri yaqinlashuvida yaratilgan asarlar sirasiga kiradi.

Biladigan odamlarning aytishlariga qaraganda, o’sha davr O’zbekiston KP-ning Birinchi kotibi Akmal Ikromov va Respublika Vazirlar Kengashining Raisi Fayzulla Xo’jaev ham mamlakatimizning yetakchi yozuvchilariga yordam qo’lini cho’zishga harakat qilishgan ekan. Shunday insonlarning gaplariga ko’ra, Akmal Ikromov Abdulla Qodiriyga kolxoz hayotidan bir asar yozishni tavsiya etib, “Obid Ketmon” qissasi tayyor bo’lganidan so’ng, birinchi bo’lib uni o’zi o’qib chiqib, nashrga tavsiya etgan ekan. Xuddi shuningdek, Fayzulla Xo’jaev Cho’lpon va Fitratlarga yordam berishga harakat etgan. Dastavval, Cho’lponni 1921 yili Buxoroga taklif etib, “Buxoro axbori” gazetasining muharirligiga tayin qilgan. Keyinchalik sovet voqeligini yoritishga bag’ishlangan she’rlar yozishni tavsiya etgan.

1930-yillardan boshlab, Cho’lponning “Oktyabr”, “1 May”, “” XVI -nchi”, “Diyorim”, “Yangi men”, “10 yil Leninsiz”, ”Bizning Vatan”, “Bu kunning shoiri”, “Yana oldim sozimni” kabi she’rlari
maydonga kelgan.

“Soz” to’plamiga kiritilgan she’rlar ichidan, siz, aziz o’quvchilar, shoirning “Uyg’onish”, “Buloqlar” hamda “Tong sirlari”ga kiritilgan buyuk va go’zal asarlarni topa olmaysiz. Aslida Cho’lpon ijodining eng cho’qqisi mana shu uch to’plamga kiritilgan she’rlar hisoblanadi.

Cho’lponning “Soz” she’rlar to’plami unchalik katta emas; unga jami 26 she’r kiritilgan bo’lib, u faqat 44 sahifadan iborat.

Mazkur to’plamdagi she’rlarning bir nechtasi “Yana oldim sozimni” to’plamida ham [Adabiyot va San’at nashriyoti, Toshkent, 1991] berilgan.

Mazkur to’plamdan shoirning ushbu she’rlari joy olgan:

[Shoirning she’rlari “SOZ” to’plamining 7-betidan boshlanadi. Chamasi, kitobning 3-5-betlaridan “So’zboshi” yoki “Kirish” joy olgan bo’lsa kerak. Keyinchalik, shoir hibsga olinganidan keyin, ma’lum sabablarga ko’ra u “yo’qotilgan”ga o’xshaydi.].

MUNDARIJA*

She’rning nomi _ bet
[1] Yana oldim sozimni ………………………………………………………. 7
[2] Yangi men ……………………………………………………………,… 8-9
[3] Bir lavha (Shanxay voqealaridan) ……………………………………… 10-11
[4] 10 yil Leninsiz …………………………………………………………. 12-13
[5] Bizning Vatan (Eski yo’lda) ……………………………………………… .14
[6] Qo’shuq (“Xush keldingiz Xorazmga” kuyiga) ……………………………..15
[7] Bu kunning shoiri (Oktyabrning XVII yilligi kunida) ……………………..16
[8] Henri Heynedan (Tarjima)………………………………………………….17
[9] EMAR ………………………………………………………………18-19-20
[10] Xitoy motivlari. Xizmatchi bola qo’shug’i (Tort na’rangni, Xitoy”
p’esasida o’zini o’ldirayotgan xizmatchi bola aytadi) ………..…………..21
[11] Jan-zi ……………………………………………………………………….21
[12] Qadoqchi qo’shug’i (“Hujum “ p’esasida Qashqarlik qadoqchi kuylaydi
“Ushaldi xummorim” kuyiga) ……………………………………………. 22
[13] Olislarga qarayman (La-Szin-Van she’ri; tarjima) ……………………….. 22
[14] O’rdak ovozi (Vey In U she’ri; tarjima) ………………………………….. 23
[15] Tog’da tunadim… (Vey In U she’ri; tarjima) …………………………….. 23
[16] Otmishlarga (1934 yilda Moskvada Yuqori maktab bitirgan otmish
yigitimizga bag’ishlangan) ……………………………………………24-25
[17] Chimmat qo’shug’i (“O’zgancha”ga) …………………………………… 26
[18] Oktyabr (7 noyabr) ………………………………………………27-28-29-30
[19] Eski yo’lda. Daryo bo’l (G’afur G’ulomga) ………………………… .… 31
[20] Nil qizi (Birinchi qo’shuq) ………………………………………………. .32
[21] (Ikkinchi qo’shuq) ……………………………………………….. 33
[22] I May ………………………………………………………………….. 34-35
[23] Norin daryo ………………………………………………………….36-37-38
[24] XVI -nchi ……………………………………………………………,,…,39-40
[25] Kuz …………………………………………………………………..…41-42
[26] Diyorim (O’zbekistonning 10 yilligiga) ………………………………..43-44

CHO’LPON
SOZ

“Bir necha yil qantarg’ach,
Yana aldim sozimni …”

O’zbekiston Davlat Nashriyoti Toshkent – 1935. 1)

1) 1935 yilgi Lotin yozuviga asoslangan o’zbek alifbosi shu kungi o’zbek alifbosiga bir qator hollarda – unlilarda ham va undoshlarda ham mos kelmaydi. Shuni nazarda tutib, biz mazkur to’plamga kirgan she’rlarni o’tgan asrda qo’llangan Lotin alifbosida berishni lozim topmadik.

YANA OLDIM SOZIMNI!

Bir necha yil qantarg’ach
Yana oldim sozimni,
Endi aytib yig’lamas
Ko’nguldagi rozimni.

Ko’nguldagi kudurat
Ko’tarildi nihoyat.
Endi, ilhom manbai –
Qaynab yotgan shu hayot!

Qillaridan sozimning
To’kilajak shan kuylar,
Hur o’lkaning xur qizi
Singari qashang** kuylar.

Qurulish dastonlari
Pardalardan oqajak.
Eh, ko’ngul, yangi dardlar
Tag’in seni yoqajak!

1934 yil, noyabr.

YANGI MEN 1)

Menda endi qayg’ular yo’q,
Men bahorlar kabi shanman.
Kechalarning o’lumiga
Qahqahalar solgan menman!

O’lik ruhli kechalardan
Sir kutishlik menda yo’qtur,
Men istamam, – qora savdo,
Kishaningni majnunga ur!

Mening yangi vatanimda
Na majnun bor, na-da zanjir!
Munda har bir ishlaganning
Baxti quchog’ida kelur!

Munda mehnat bir hukumdor:
Amr etadi, charchatmaydi,
Chunki mashshoq o’z soziga
Sevgisini yo’qotmaydi.

Munda mehnat quvnab-quvnab
Mo’jizalar yaratadi.
Munda har kun sho’x qo’shiqlar,
Kuylar ila tong otadi.

Millionlarning biri kabi
Men ham har kun ter to’kaman.
Har kun yangi hayajonlar,
Zafarlarga ko’milaman!

Millionlarning biri kabi
Men ham quvnoq, men ham shanman,
Kechmishlarning o’limiga
Qahqahalar solgan menman!..

1934 yil, Avgust.

1) Bu she’rning asli Ozarbayjon turkchasida yozilgan. [Shoir izohi].

BIR LAVHA
(Shanxay voqealaridan)

“Nagasaki” limanidan jildi paroxod,
Bir paroxod emas, balki ulkan bir flot!

“Vampo” daryo suvlarini qopladi to’lqin;
“Sizinvan”ning havosini zaharlik tutun –

Bir haftadan beri birdak bosib turadi,
Tog’ to’plari kemalarga olov uradi!

“Settilment”dan tashqarida bu mudhish uchish
Kecha-kunduz og’ir tushday davom etadi.
Og’ir o’qlar yer bag’rini yorib titadi!

Keng maydonda o’liklar yo’q, o’lganlar sonsiz!
Ko’p “madaniy” urush bo’ldi o’luksiz, qonsiz:

Har bir o’luk bir nechaga bo’linib ketgan,
YO qo’lini, yo putini birdan g’oyb etgan;

Biri qumlar orasida arang ko’rinar,
Biri oyoq ostlarida qolib surunar …

Ko’p “madaniy” urush emish – o’liksiz, qonsiz!
Obro’ylik bir gazetda qaysi vijdonsiz

Shu mazmunda yozuv yozib jar chaqiradi.
Xo’jayini dam chiqarmay elni qiradi!

Ikkovi ham “vahshiylar”ni yo’lga solmoqchi,
Ikkovi ham “vahshiy el”da turib qolmoqchi,

Ikkovi ham “vahshiylar”ni yomon ko’radi,
Ko’cha-ko’yda ko’ringanda yuz o’giradi.

Ikkovi ham “vahshiylar”ning kuchiga xushtor!
“Vahshiylar”ga bu sevgidan nima foyda bor?

“Settilment”dan uchib o’tdi xunuk qora qush!
Restoranda bilinmadi bu mudhish uchish,

Chunki unda jaz shovqini quloq yoradi.
Tashqarida och bir xitoy hey yolvoradi,
Hey yolvoradi!..

1932 yil, fevral.

10 YIL LENINSIZ 1)

O’n yilimiz, o’n yilimiz o’tdi Leninsiz!
Shu o’n yilda kemamizni shu ochiq dengiz
O’z qa’riga tortib ko’rdi necha martalar!
Oh, nimalar kechirmadi bu buyuk safar!
Bizni ochiq dengizlarga boshlagan Lenin,
Eng dahshatli onlarda ham – go’zal va mayin –
Kulishini tark etmasdan, surdi kemani,
Har etapda ustalikla burdi kemani!

Eng birinchi to’lqinlarni u bilan yengdik,
U birinchi yengishlarga qanday sevindik!..
Faqat 10 yil mundan burun ulug’ kapitan
Ko’zlarini mangu* yumib ketdi oradan …
Ochiq dengiz qo’ynidaydi hali kemamiz,
Kemamizga jon bag’ishlab bizlar hammamiz,
Undan so’ngi to’lqinlarga muntazir edik!
Faqat butun ko’ngullarda bir alam sezdik…

Shunda bizning eng yaxshimiz va eng saramiz
So’z oldi-da, millionlarga yuzlana dedi:
-“O’lgan odam haqiqatan zo’r odam edi,
Kemamizni to’g’ri yo’lga boshlagan edi,
Millionlarni zo’r kurashga tashlagan edi,
Uning o’tkur ko’zlarida “daho”2) porlardi,
U har qanday og’irliqni tinch qarshilardi.

Bu boshlangan katta ishni bitirmak uchun,
Kemamizni pakkasiga yetirmak uchun
Uning ulug’ tadbiriga muxtoj edik biz…
… Endi bizni qo’llayajak u qoldirgan iz!
Biz u izdan kemamizni sura beramiz,
U ko’rsatkan to’g’ri yo’ldan yura beramiz!
Uning aytkan so’zlaridan mash’al tutamiz,
U mash’al-la og’ir yo’lni bosib o’tamiz!.”
Shunday degach eng yaxshimiz va eng saramiz,
Ko’zimizni unga tomon tikdik hammamiz,
Oramizda qanday quvvat borligin sezdik,
“Xotirjam bo’l, ey, ko’zlari yumulgan” dedik.
Eng saramiz kapitanlik rolini oldi,
Kemamizni yana og’ir yo’llarga soldi.

Kemamizni yana og’ir yo’llarga soldi.
Tog’lar qadar to’lqunlar-la olishib har kun,
Kechalari kunduz kabi chalishib har kun,
Har qadamda o’ngu-so’lga zarbalar berib,
Bo’ronlarga temirlardan qanotlar kerib,
Lenin unga qo’yib ketkan mayin kulish-la
Kemamizni o’n yil bo’yi surdi oldinga,
10 yil bo’yi to’xtamasdan yurdi oldinga.
Bilaklari po’lat edi, ko’kragi olov,
Uning qaytmas izmi bilan zabun bo’ldi yov!
Ochiq dengiz o’rtasida yana kemamiz,
Kapitanning buyrug’ini kutib hammamiz,
-Ulug’ Lenin chizib ketkan yo’llarga sodiq, –
XVII nchi davramizni yana qurshadik.
Ey, inqilob kemasini oldin surgan er!
Qani, mana – bizlar tayyor:
Buyrug’ingni ber!..

1) Partiyaning XVII qurultoyi chog’ida yozilgan.
2) Geniy [Shoir izohlari].

BIZNING VATAN
(Eski yo’lda)

Yer yuzinda o’zga bir olam erur bizning vatan,
Boshqa har bir o’lkadan keng, har diyordan kattakon.
Har tomondan yuksalish soriga tashlab zo’r qadam,
Dashtu-sahrosi aning gul-gul ochilmishdir chaman!

Daryosi, avvalgidek, yerdan olib qochmas o’zin,
Chunki poyiga uning mahkam urulmishdir kishan.
Munda mehnat – hurlik olgan, barcha mehnat ahli – hur,
Kimki mehnat qilsa – quvnoq, kimki mehnat qilsa – shan.

Fan bilan mehnat ikovlon qo’l berishkan, ittifoq,
Erkin-erkin yayrashib, ijod etar mehnat va fan!
Yangi jamiyat qurib, dunyoga o’rnak bo’lgali
Barcha mehnat ahli birga, hamma bir jon, bir badan.
Bu vatanni jon bilan saqlashga, Cho’lpon, hozir o’l,
Kimki qasd etsa anga, kiysin pushaymondin kafan!

1934 yil, avgust.

QO’SHUQ*
(“Xush keldingiz Xorazmga” kuyiga)

Buzib eski turmushlarni,
Bajardingiz zo’r ishlarni;
Ado qiling yumushlarni,
Hormang endi, kolxozchilar!
Oq oltinlar rivojlandi,
Ko’p ishlagan, ko’p qozondi,
Mehnat dushmanlari yondi,
Hormang endi, kolxozchilar!
Intizomni joylang safga,
G’ayrat solib har tarafga –
Erishdingiz zo’r sharafga,
Hormang endi, kolxozchilar!
Qo’lga olib tuproq-konni,
Aziz ko’rib ishlaganni –
Bajardingiz zo’r planni;
Hormang endi, kolxozchilar!
Firqa sizning rahbaringiz,
Buzulmaydi saflaringiz,
Sharaf to’la daftaringiz,
Hormang endi, kolxozchilar!

1933 yil.

BU KUNNING SHOIRI
(Oktyabrning XVII yilligi kunida)

Shoirning qalami ko’ngildan kuch olib
-Shu kunning shaniga –
Har yil bir yangi kuy to’qiydi.
Shu ulug’ kunlarda millionlar oldida,
Muazzam maydonda o’qiydi!
Shoirning ko’nglida barq urgan tuyg’ular
Muazzam maydonlar tuyg’usi!
Cho’llardan jannatlar yaratkan yangi sinf –
Millionlar, millionlar tuyg’usi!
Millionlar tilmochi – yangi sinf shoiri
-Bu kunga bag’ishlab-
Har yil bir yangi kuy to’qirkan,
U kuyni har joyda , har kolxoz a’zosi,
Har sovxoz ishchisi o’qurkan;
Har ishchi dastgoh boshida o’zicha,
U kuyni ohista kuylarkan,
Shoirning o’zini ko’rmagan pioner
She’rining maxtovin so’ylarkan;
Shoir ham millionning bittasi bo’lganin,
Har joyda, har onda sezadi;
“Bu ishim – millionlar ishi!” deb o’ylaydi,
-Va muni-
Ham jonda, ham qonda sezadi!..

1934 yil, noyabr.

HENRIX HEYNEdan
(Tarjima)

Hamma esnab turdi, quloq solmadi,
Qayg’umni gapirib bergan vaqtimda.
Meni alqamagan kishi qolmadi,
Qayg’umni nazimga tergan vaqtimda.

1927 yil, mart.

EMAR

Hali ham arabchaning,
Uzun dumlik “ya”sini,
Attorlik rastasining
Atirli xuljasini –
U yoqa kamzulining
Cho’ntagida saqlaydi…
Majlis bo’lsa, so’z olib,
-Qichqirmoqdan yo’talib –
Lotinchani “yoqlaydi”…
Ko’cha-kuyda og’zidan
-Bir tomchi ham! – yaramas,
Zararlik so’z to’kmaydi.
Rais deganday: “epchil,
Ish degandan qo’rqmaydi!”
Kolxoz uning fikricha,
Gullaydigan bir narsa!
Faqat, “sho’ro bir ozroq,
Kenglik bilan qarasa…
Ki ya’ni:
Oliq-soliqning,
Kommunist – firqalikning
Ipini tortib qo’ysa…
-Mushtumzo’rsan, Matmusa,
Tur nariga! – demasa,
Moliyada o’tirgan
“Sho’ro dushmanlari”ga
Ko’p ham hurlik bermasa…
Bozorlarni yopmasa,
Yot unsurni topmasa!”
Shunda: kolxoz gullaydi;
El barchasi bir bo’lib,
Kolxoz dushmanlariga
Mushtini tugunlaydi!..”

* * *

Hali xam arabchaning
Uzun dumlik “nun”ini
Dastmoya qilib olib,
Ba’zi echki emarlar –
Yeydi kolxoz nonini!
Xorijda do’stlari bor,
Oq niqobli gazetda
So’kadilar kolxozni;
U quturgan bo’rilar
So’kadilar – oshikor,
Ko’nguldagi zaharni
To’kadilar – oshikor!
Sungilar, kecha-kunduz,
Ularni, chegarada
Kuzatib yaltiraydi!
Berigilar solmaydi
Kimsaga qovog’ini;
Doyim kulib turadi.
Qo’llari ishdan ko’proq,
Chappaklardan qavargan…
Har tadbirga tarafdor,
Ax, qanday yaxshi “do’stlar”!
Ular bizning orada;
Har qonagan yarada –
O’tkur tirnoqlari bor!
Har bir dog’dan, qoradan,
Puchak bo’lgan saradan –
Xiyonatlari tomar!…
Hali xam arabchaning
Damanalik “mim”ini
Tortib qog’oz betiga
Emar kolxoz mingini!
Har kuni tuya qilib
Millionlarning nonini,
Oqlaydi jon boricha
O’z sinfiy vijdonini!..

Xitoy motivlari

XIZMATCHI BOLA QO’SHUG’I
(“Tort na’rangni, Xitoy” pessa*sida o’zini
o’ldirayotgan xizmatchi bola aytadi).

Tomirimni hakimlar qachon ko’radi?
Jon oluvchi bo’ronlar qachon yuradi?
Kuz barglari to’kildi: sap-sariq somon!
Yo’qsullarga tiriklik o’limdan yomon…
Bu qorong’i kechalar boylar uchun soz,
Bizdek boyaqishlarga o’lumdan ham noz…

1928 yil.

JAN-ZI

Sholi desang, doirangda, Jan-zi,
Boshoqlari har yonda, Jan-zi,
Boylar har kun osh yesa, Jan-zi,
Kambag’allar hayron-da, Jan-zi.
Qamish baland o’sadi, Jan-zi,
O’sib yo’lni to’sadi, Jan-zi,
Hamma chiqqan, genaral, Jan-zi,
Kambag’alni kesadi, Jan-zi.

1928 yil.

QADOQCHI QO’SHUG’I
(“Hujum” pesasida qashqarlik qadoqchi kuylaydi. “Ushaldi xummorim” kuyiga)

Havolarda quloch otib kelgan turnalar,
Bizning Qashqar ellarindan yo’qmi bir xabar?
Bizning ellar dovonlarning ketida qoldi,
Zolim falak boshimga ayriliq soldi…
Olis yo’llarga qarab telmirgan yorim,
Bu yil qaytay desam, naylay*, yetmas madorim!
Havolarda qatorlashib uchkan** turnalar,
Omonda*** bormi elda qolg’an ota-onalar?,,

1927 yil.

OLISLARGA QARAYMAN
(Lu-Szin-Van; tarjima)

Tug’ilg’an yerlardan ayrilib
Yashayman shu yiroq “San-ba”da.
Bir kuni shipangdan qayrilib
Qaradim: bahor ko’p ozoda…
Tolg’ali soylarning bo’yida
Bir tanish kishini ko’rmasam,
U olis elimning o’yida
Mumkinmi yonmasam, kuymasam?

O’RDAK OVOZI
(Vey In U she’ri; tarjima)

Sevgili yurtimni qoldirib keldim
Yiroqda,.. yiroqda… alla qaylarda.
Ba’zida o’ylayman yonib yuragim:
“Ah, qachon bo’laman o’skan joylarda?”
“Xu-An-Nan” oqshomi…
Kuz fasli…
Yog’mir…
Mung’ayib turaman bolaxonamda.
Tinglayman: uchmoqda tepamda, tomda –
Yurtimdan keluvchi o’rdaklar gur-gur!

1930 yil

TOG’DA TUNADIM…
(Vey In she’ri; tarjima)

Shu yuksak tog’larning boshiga
Uchag’on bulut ham yetolmas.
Har tomon tumanli…
Quyuq nilgunlik…
Ko’zlarni xiralik va parda bosmoqda.
Tong chog’i…
Bir damda minglarcha daraxtda
-Dam ochib, dam yopib-
Nurlarla o’ynar oy.
Sanoqsiz tog’larning ketida,
Kuzlarning musaffo suvlari
Tubanga chopmoqda…

1930 yil

OLTMISHLARGA
(1934 yilda Moskvada Yuqori maktab bitirgan oltmish yigitimizga bag’ishlang’an)

Ey, 60 bahodir,
60 azamat!
Sizga chin ko’nguldan
Olqish va xurmat!
Ey, 60 azamat,
60 kurashchi!
Mashina boshida
Kutadi ishchi!
Ey, 60 kurashchi,
60 bilimdon!
Dalada kutadi
Kolxozchi dehqan.
Siz buyuk o’lkada,
Buyuk ishdasiz!
Tarixda misli yo’q
Qurulishdasiz!
Bukungi kuningiz
Shonli va porloq.
Ertagi kuningiz
Yana shonliroq!

Siz o’qib chiqqansiz
Yaratmoq uchun;
Dunyoni biz tomon
Qaratmoq uchun.
Siz o’qib chiqqansiz
Obodlik uchun.
Yashatish, yashnatish
Va shodlik uchun.
Sizning bilimingiz
– Ish bilan birga,
Sevinchlar sochadi
Osmonga, yerga!
O’shqirib kelmaydi
Fabrikachi boy.
Ishlaysiz ertaning
G’amini qilmay!
Ertaning ipi ham
O’z qo’lingizda.
O’tilmas g’ov yo’qdir
Bu yo’lingizda.
Boringiz, bilakni
Mahkam shimarib,
Yorug’lik sochingiz,
Zulmatni yorib!
Bilimni ish bilan
Yasantiringiz!
Ishni ham bilimga
Xo’p qondiringiz!
Ey, 60 bilimdon,
60 injener!
Ulug’ vataningga
Bilimingni ber!

1934 yil, Iyun.

CHIMMAT QO’SHUG’I
(“O’zgancha”ga)

-Chimmatimni ko’tarib ko’rdi xushtorim,
Dedim: “Tiriklikda shudir mozorim!”
Chimmatimning qillari yuzimga botar,
Bu qafaslar ichida qachon tong otar?
Chimmatimni tashlasam, hech kim olmaydi,
Ota-onam holimga nazar solmaydi.
“Chimmat ”, “chashvon” degani hammasi bir gap,
Ko’p chiroylik ko’zlarning yoshiga sabab…
Chimmat tekkan yuzlarim so’lib boradi,
Ko’nguldagi umidlarim o’lib boradi…
Chimmatimni irg’itay, ushla, xushtorim!
-Paranjini qo’shib tashla, ozodsan, yorim!

1927 yil, fevral.

OKTYABR (7-Noyabr)

1

Ey, bukun, ey bu kun
Dunyolar sarsildi!
Fikrlar, xayollar,
Ro’yolar sarsildi!
Ey, bukun olovlar
Dunyoni yondirdi!
Insonlar och yerni
Qonlarga qondirdi!
Ey, bukun ko’klarda
Quyoshlar tutuldi.
Ey, bukun shamollar,
Bo’ronlar quturdi!
Ey, bukun jahannam
Olovlar pushkurdi;
Ey, bukun vulqonlar
Zulmatka tukurdi!*,
Ey, bukun chaqmoqlar
Chaqdilar, chaqdilar…
Ey, bukun to’fonlar
Oqdilar, oqdilar…
Ey, bukun do’l kelib,
Olamni yiqqan kun!
Ey, bukun kurramiz
Mehvardan chiqqan kun!..

2

Yo’q, do’stim, hovliqma,
Xayolga berilma,
Ortiqcha hashamga
Berilib, so’z dema.
Hech narsa bo’lmadi:
Na to’fon, na vulqon.
Yolg’iz, xaq yo’llarda
Oqdi qon, oqdi qon…
Yolg’iz bir harakat,
Qimirlash ko’rildi,
Chayladan chiqilib,
O’rdaga yurildi.
Osildi “yo’q” – ”bor”ga,
Yo’qsullar boylarga,
(Hech narsa bo’lmadi
Kun, bulut, oylarga.
Tabiat jim qoldi;
Na issiq, na sovuq.
Oktyabr oyida,
Kuz ketkan,
Qish yovuq.)
Qo’zg’oldi och qolg’an,
Entikkan, bir yig’in,
O’limning ko’ziga
Ko’z tikkan bir yig’in.

Qo’zg’aldi bechora,
Yalang’och jamiyat,
Ko’ksida yonardi,
Lekin bir hamiyat!
O’limga zavq ila
Sudragan hamiyat!
O’limdan o’zgani
Ko’rmagan hamiyat!
Hamiyat, yo g’azab,
YO shiddat…
Bari bir!
Yolg’iz u – dunyoning
Fotixi, olamgir!
Ana shul hamiyat,
Ana shul jamiyat,
Ana shul iroda,
Ana shul xaq niyat
Zolimning qo’lidan
Qudratni oldi-da,
O’zining maxsuli –
Zindonga soldi-da,
O’zicha yashashning
Yo’lini qaradi,
O’ziga bir olam
Qurmoqqa yaradi.
Shugina:
Do’l kelib,
Olamni yiqmadi,
Va yerning kurrasi
Mexvardan chiqmadi.

3

U kunning kuyi ham,
She’ri ham ko’p sodda,
Lekin u soddalik,
Ravonlik oldida:
Do’llarning olamni yiqishi:
Hechdir!
Kurraning mehvardan chiqishi:
Hechdir!

1930 yil.

Eski yo’lda:

DARYO BO’YI
(G’afur G’ulomga)

Bu Uchqo’rg’on ajab obu-havosi dilnavoz ermish,
Xususan daryoning qirg’oqlari kuz fasli soz ermish.

Talatum aylashib suvlar choparmish telba majnundek,
Qirg’oqlar bevafo mahbublardek yo’lda g’oz ermish…

Tiniq oy nurlari suvlar yuzinda o’ynashib tunlar,
Tong otguncha ularning ishlari ming turfa noz ermish.

Bo’lak joylarda tan rohat topolmay cheksa zahmatlar,
Butun yoz o’tkuncha daryo suvida “abboz” ermish..

Ko’rib Norinni 1) ta’bi urib, bir-ikki so’z aytkan
Aruzdan bahrasiz bir – Cho’lpon otliq benamoz ermish.

1931 yil, avgust.

1) Farg’ona vodiysidagi Norin daryosi. Shoir izohi].

NIL QIZI

(Birinchi qo’shuq)

Go’zal Nil bo’yidan
“Falloh”1) qiziman.
Ahromlar yo’lida
Karvon iziman.
Toshqindan tug’ildim
Erta bahorda,
Iliq nurlar emdim
Kundan nahorda.
To’kilgan xurmolar
Yemishim bo’ldi…
Olovli sevgilar
Yelga tutildi.
Sevganim qul bo’lib
Sotilib ketdi;
Minglarcha qullarga
Qotilib ketdi…

Butun hayotimni
Bir zahar sirdi:
Qo’ynimga sevmagan
Bir erkak kirdi!
Onamdan ayrildim
“Ona” deguncha,
Otamni ko’rmadim
Ko’zim to’yguncha…
Nilning barakasi
Dunyoga tatir;
“Falloh”ning baxtini
Kimlar uyg’otur?..

1) Misr dehqoni [Shoir izohi].

(Ikkinchi qo’shuq)

Munbit Nilning mehnatsevar “falloh” qiziydim,
Munbit yerlar, dalalarning shan yulduziydim.

Nil suvlari qirg’oqlardan oshgach tug’ildim,
Ko’zni ochgach, qum aralash suvlarga kuldim.

Boshqalarday bu dunyoga yayrab keluvdim,
Oilamga, bir qush kabi, sayrab keluvdim.

Bu unumli tuproqlarda to’yarman derdim,
Yoshligimda bor mehrimni shularga berdim.

Kecha-kunduz ishlaganim qora yer bo’ldi,
Bor kuchimni xashlaganim qora yer bo’ldi.

Mehnatimga rohat ko’rib, yayrayin derdim,
Xurmozorlar orasida sayrayin derdim!

Faqat dunyo yo’qsullarga juda tor ekan,
Zolim falak yo’qsullar-la ko’p o’ynar ekan…

Yosh umrimni mehnat bilan nobud qildilar,
O’lmay turib, keng dunyoni tobut qildilar.

1934 yil, mart.

1 MAY

1.

Bu buyuk kun yillar bo’yi zo’r o’rmonlarning
Quyosh tushmas joylarida qarshi olindi.
Yoxud chuqur va qorong’i yerto’lalarning
Zax bag’rida nafas, ba’zan, ichka solindi.
Qizil bayroq alangadek lovullar ekan,
Xushtak chalib o’tgan o’qlar bag’rini tildi.
Uni qo’ldan bermayman deb May kunlarida
Ko’p ishchilar tiklanolmas bo’lib yiqildi.
Ey buyuk kun, har yil kelib, o’z tegrasiga
Quyilardan yangi-yangi quvvat to’plardi,
16 yil bundan burun kech kuz faslida
U zo’r quvvat dushmanlarning safini yordi!

2.

Shundan beri u zo’r kunni, har kelganida,
Million-million kular yuzlar qarshi oladi.
Baynalminal* ovozlari yuksalar ekan,
Bor shundaylar nafasini ichka soladi…
Million-million kular yuzlar har yil shu kunda
Bir qayrilib – o’tkanlari yo’lga qaraylar:
Shunday ulug’ dovonlarni nechik oshganlar,
Nechik muncha tez ketkanlar … anglayolmaylar.
Tarix bo’yi hech bir quvvat botinolmagan
Juda og’ir, juda mushkil bir yo’lni tutib;
O’tish uchun loaqal ikki-uch asr
Kerak bo’lgan uzun yo’lni besh yilda o’tib,
Qari tarix betlariga sharaf bitkanlar,
Yer yuzini hayron qilib gangiratkanlar!
Faqat, yana qizil bayroq hilpirar ekan,
Millionlarning o’tkur ko’zi – tag’in yo’llarda.
Yangi hayot, sinfsiz hayot qurish istagi:
Million-million
Erkak, xotin, qiz, o’g’illarda!…

1933 yil, may.

NORIN DARYO

Bosh ko’targan qullar kabi hiddat bilan,
Xujum qilgan qo’shin kabi shiddat bilan
To’lqinlardan o’rkach otib yuksaklarga,
Achchiq bilan o’zni urib tirsaklarga,
Och yo’lbarsday na’ra tortib kelishing bor!
Asov otday telbalanib yelishing bor!
Bir oz to’xtab, dam olishni bilmaysan hech!
Hey*, chopasan, yugurasan – ertayu-kech!
O’kurishing avj oladi kechalari!!
Yuraklarga xavf soladi kechalari!
Kechalarning jimligini bitirasan!**
Ammo lekin jinnilikni qotirasan!
Yo’llaringda och sahrolar entikadi.
Tashna tuproq suqi kirib ko’z tikadi!
Qurib yotkan ariqlarning ko’zi senda!
Ko’p bo’g’inning hasrat to’la so’zi senda!
Senda, koshki bir aylanib qarash bo’lsa,
Qirg’oqlardan*** holu-ahvol so’rash bo’lsa!
Shu oqish-la yuz yillarni oqizg’on – sen!
Ko’p bo’g’inni tovutiga yotqizg’on – sen!
Senga qolsa shu oqishla yana yuz yil,
Yana ming yil, minglarcha yil…
Bas endi! Bil:
Yuz yillarning ixtiyori senda emas!
Odam bugun hech bir kuchka banda emas!

Sen, azamat, shunday yerdan o’tasankim,
Senga o’xshash uziqora daryolar – jim,
O’kurmasdan, bo’kurmasdan oqadilar;
Buyruq kutib, qirg’oqlarg’a boqadilar!
Sendan asov, sendan yomon daryolar ham
Bo’yin egib kelishtilar biram-biram!
“Dnepir”ni bilarmiding ? – Bola edi!
“Men telbaga kishan bormi, qalay?” derdi.
Ozod mehnat bir hamlada ushlab olib,
Oz fursatda odam qilib – yo’lga solib,
O’z erkida o’ynatadi u telbangni!
Shoshma, hali, tizginlaydi bir kun …
“Gang”ni…1)
Sen mag’rursan! Senga, hali tegmaganlar,
Sening temir irodangni egmaganlar.
Hali seni po’lat qo’lg’a olmaganlar,
Yo’llaringni och cho’llarga solmaganlar,
Qurib yotkan ariqlarg’a oqqaning yo’q!
Oq oltindan shokildalar taqqaning yo’q!
Elektrik yulduzlarni yoqqaning yo’q!
Lampa ko’z-la mamlakatka boqqanin to’q!
Erta-indin sen jinniga tegajaklar!
Irodangni – metin bo’lsin – egajaklar!
Seni po’lat qo’llarig’a olajaklar!
Yo’llaringni och cho’llarga solajaklar!
Qurib yotkan ariqlarg’a oqajaksan!
Oq oltindan shokildalar taqajaksan!
Elektrik yulduzlarni yoqajaksan!
Lampa ko’z-la mamlakatka boqajaksan!
Niagara 2) qari, sendan ancha katta,
Dnepr ham undan kichik shu fursatda.
Niagara ko’pdan beri tizginlangan.
Uning asov yelkasiga odam mingan.
Faqat uni, bilasanmi, kimning quli?
Parrasini aylantirgan kimning puli?
Boshqalarning terisini oqizg’anlar,
Banklarga pullarini yotqizg’onlar,
Yo’qsullarni zuluk kabi so’ruvchilar,
Manfa’atka o’zlarini uruvchilar,
Birovlarning yelkasida yashovchilar,
Millionlarning luqmasini oshovchilar!
Dnepr-la sening o’rning undan yuksak!
Sizga ega: buyuk mehnat, ulug’ yemak!
Sizga ega; o’z kuchi-la ishlovchilar;
Luqmasini halol qilib tishlovchilar!
Qul zotini ozodlikka boshlovchilar,
Xaq kurashga millionlarni tashlovchilar!
Ular sizni haq yo’llarda oqizajak,
Ko’z nuriday aziz qilib boqizayak!
Hech bir kuchni qo’ymayajak teksin sizga!
Qong’a botkan qo’llarini egsin sizga!

1934 yil, mart

1) Hindistonda kattakon daryo [Shoir izohi].
2) Amriqada mashhur shar-shara (shalola) [Shoir izohi]..

XVI -nchi.

O’n olti martaba to’plandik bizlar –
Tutqun otalarning erkin avlodi.
Po’latdek pishiqlik, matonat berdi
Temir kishilarning dahshatli yodi.
O’n olti martaba to’plandik bizlar
Asrning choragi o’tmasdan turib,
Biz, yangi yetishkan – navqiron kuchmiz.
Matlabga yetamiz chopib, yugurib.
Bizning asabimiz necha ming yillar
Kishanlar ostida shu qadar pishdi,
Ki shuncha og’irlik ichida aslo
Shoshmadik, dushmanlar hayron qolishdi!
Bizning safimizni oralab ba’zan
Dushmanning zaharlik fikri kirsa-da,
Biz sergak odamlar va qarshimizda
Saqlanib qololmas hech qanday parda!
Bizning yo’limizda og’irlik sonsiz,
Birma-bir ularni yengmay qo’ymaymiz!
Bizdagi bu iymon senda yo’q aslo,
Ey dushman, negakim: ko’nglimiz tamiz!

O’n olti martaba to’planib bizlar
Rejalar tortishdik yangi ishlarga.
Nima deyishini bilmaydi dushman,
Bir* reja bo’yicha yugurishlarga!
O’n olti martaba to’planib bizlar
Qo’l soldik hayotning tomirlariga!
O’zimiz xayotni tebratuvchi kuch!
Jonlilar qayrilib boqmayajaklar,
Shafaqlar qizarib oqmayajaklar,
O’lim olqishini yuksaltirajak,
Zulmat g’urublardan salom berajak:
Hayotning yolg’onchi amirlariga!…

1930 yil, iyul.

KUZ

Daraxtlar taniga tirmashdi izg’irin,
Shoxlarga ilonday chirmashdi izg’irin.
Qo’llari barglarning betida surundi,
Barglarning bandini qirt etib kesishka
Urundi…
Yer beti qoplandi malla rang choyshap-la;
Boqchalar* rang-barang choyshap-la!
Qish, qirov orqali jo’natti nomasin,
Yaqinda chalajak yoqimsiz nag’masin…
Guppi to’n vazminin solajak bus-butun,
Ishiga qaytajak o’t, o’tin!
Lekin biz qosh-qovoq solmaymiz kuz kabi,
Yuzlarga g’am rangi olmaymiz kuz kabi.
Yulduzday yonuvchi ko’zlarni o’ynatib,
Shu katta,
Dumaloq kurraning –
6-dan biriga qaraymiz!
Qishu-yoz
Bir xilda ishlagan,
Shu tinmas
Va sayoq kurraning
6 dan 5 ini o’ziga qaratgan;
Ishlash-la tishlagan
Yeriga qaraymiz!
Ishlashda – buyuk zavq,
Mehnatda – ulug’ shavq,
Ijodda – o’lmaslik
Va foniy bo’lmaslik
Ko’ramiz!
Kuzda ham,
Qishda ham,
Bahorlar shavqi-la,
Aylanar kurramiz!
Mayli,
Har daraxtka tirmashsin izg’irin!
Shoxlarga, ilonday chirmashsin izg’irin!
Mayliga,
Qish agar
Yo’llasa nomasin!
Boshlasa
Beta’sir,
Yoqimsiz nag’masin
Biz
Qishdan
Yozlarning rizqini olamiz!
Qishni ham,
Yozni ham
Rejaga solamiz!..

1934 yil, noyabr.

DIYORIM*
(O’zbekistonning 10 yilligiga)

Titilib, o’qilmas bo’lganda tarixing,
Hasrat-la alamga to’lganda tarixing,
Xazonning bargiday so’lganda tarixing –
Ko’zimning nurini ayamay o’qidim.
Hech qaydan men kutkan zarvaraq chiqmadi,
Ignadek yaltirab bir varaq chiqmadi,
Hasrat-la alamga bir qiroq chiqmadi –
Miyamda behuda xayollar to’qidim…
Har yerda bosh kesar xonlarning ta’rifi,
Behuda shuhratlar, shonlarning ta’rifi,
Daryodek oquvchi qonlarning ta’rifi –
Shul edi ming yillab bitilgan tarixing.
Fuqaro kim edi odam deb sanalsa?
Bir rahbar ko’rdimi jon berib, jon olsa?
Bir hakim topdimi bemordan qon olsa?
Shul edi sajdalar etilgan tarixing.
Bema’ni tarixni yondirdi inqilob,
Sen qo’yg’on talabni qondirdi inqilob,
Qarg’alg’on* kechmishdan tondirdi inqilob –
Kelajak mehrini ko’ngulga jo aylab!
Shoirlar, adiblar, hakimlar yonmadi,
Ma’quldan, inqilob, hech qachon tonmadi,
Kechmishning barchasin safsata sanmadi;
O’rganib yotadi kechnishni bel boylab.
Diyorim, kattakon ro’zg’orda bir tansan,
Qanday joy, nima ish, ko’p yaxshi bilgansan,
Dunyoga yangidan tug’ilib kelgansan;
10 yilda boshqatdan yasandi tarixing!
Dunyolar tarixi joy berdi ko’ksidan,
Xavfing yo’q gardishning har qancha aksidan,
Yo’ldoshing – mehnatdir, o’rtog’ing – ilmu-fan;
Tarixlik nomini qozondi tarixing!..

1934 yil, noyabr.

IZOHLAR

1-bet: * Kitobning bizga yetib kelgan nusxasida “MUNDARIJA” berilmagan.
“Mundarija”ni o’zimiz kiritdik,
** qashang – sho’x [shoir izohi].
8-bet: * Bu she’rning asli Ozarbayjon turkchasida yozilgan [shoir izohi].
12-bet: * Partiyaning XVII qurultoyi chog’ida yozilgan [shoir izohi].
** Bu so’z asl nusxada “mangi” deb berilgan.
*** “daho” – geniy [shoir izohi].
15-bet: Shoir xamma vaqt “qo’shuq” deb yozadi. Biz ko’p o’rinlarda shoirning
o’z uslubini saqlab qolishga harakat qildik.
21-bet:`* Shoir “p’esa” so’zini shunday yozgan.
22-bet: * “naylay” so’zi O.SH.da ishlatilmagan, “tushirib” qoldirilgan ko’rinadi. [O.SH. = Ozod Sharafiddinov mas’ul muharrirligida chiqqan “Cho’lpon, Yana oldim
sozimni”, Toshkent, 1991 yil].

** Cho’lpon she’riyati tilida o’tgan zamon sifatdoshi yasash uchun jarangsiz undoshlardan keyin –kan qo’shimchasi qo’shiladi: o’t-o’t+kan > o’tkan; uch+kan> uchkan.
*** O.SH. nashrida bu ibora “omon bormi” deb berilgan.
27-bet: * Asl nusxadagi “zulmatka tukurdi” O.SH. nashrida “zulmatga tupurdi” deb berilgan.
32-bet: * falloh – Misr dehqoni [Shoir izohi].
34-bet: * Shoir bu so’zning sheva shakli “baynalmilal”ni qo’llagan,
36-bet: * O.SH. nashrida [Qarang: 546-bet] “Hey” so’zi “Qay” deb berilgan.
** Bu so’z birinchi lotincha nashrda “batirasan” shaklida xato terilgan.
*** Birinchi lotincha nashrda bu so’z “Qraqlardan” (36-bet) shaklida xato terilgan.
37-bet: *Hindistondagi katta daryo [Shoir izohi]
** Amerikadagi mashhur sharshara [Shoir izohi]..
40-bet: * O,SH. nashrida bu so’z “bu” deb [536-bet] xato o’qilgan.
43-bet: * Lotin alifbosiga asoslangan birinchi nashrda “Diyarmi” shaklida xato berilgan.


Nashrga tayyorlovchi, so’zboshi va izohlar muallifi Xayrulla X.Ismatulla, AQSH.