1.O‘zbekistonjon

Koinotda porlar sanoqsiz yulduz,
Ularning ichida eng yorqin – Yer bor.
Shu Yer yuragida men uchun aziz,
Qosh-ko‘zlari qora, ko‘ngli oq el bor.

U elning poyida gulbadan zamin.
Boshida oftobdan erigan osmon.
Quchog‘ida tog‘u adirlar rangin,
Bu ma’voning nomi –
           O‘zbekistonjon!

Bu – mening diyorim,
Jannat bog‘ida
Malaklar duolab turgan diyorim.
Buyuk ajdodlari o‘tgan bag‘rida
Erka avlodlari yurgan diyorim.

Yalovi hilpirar dunyo tomida,
Dastasidan tutmish minglab shahidlar.
Uni ko‘rgan ko‘zlar – o‘sha onida
Suyuk istiqlolga mangu shohidlar.

O‘zbegim, O‘Ziga BEK birodarim,
Mehmondo‘stim, tantim, biroz chapanim.
Mushti tosh, ko‘ngli bo‘sh, so‘zi gavharim,
Mehri – yozda yaktak, qishda choponim.

Qara, bizning Vatan yana kimda bor,
Tog‘larin ko‘ksidan buloqlar tomgan?
Erta kelib, kechda ketuvchi bahor,
Kuzi egningdagi atlasday yongan?..

So‘ylasam so‘zimdan taraladi kuy,
O‘ylasam o‘yimga tor kelar jahon.
Qalbim daftariga chizilgan gulro‘y
Bo‘yingdan aylanay,
           O‘zbekistonjon!..

2.Yaxshi ko‘raman…

Men daydi shoirman, uysiz bedana,
Qayda mehr ko‘rsam – uya quraman.
Yo‘llarim boshida qolgan ostona –
Jizzaxni boshqacha yaxshi ko‘raman…

O‘zbek diyorining sarhadida ja’m –
Men kezmagan voha qolmadi hech ham,
Bir-biridan go‘zal, faravon, ko‘rkam…
Jizzaxni boshqacha yaxshi ko‘raman…

Xalqi biroz shaddod, biroz satangim,
Do‘ppisi quyoshdan, egni chamanim.
Vatanning mag‘zida turgan Vatanim –
Jizzaxni boshqacha yaxshi ko‘raman…

Bir yoni yashil cho‘l, bir yoni tog‘zor,
Soylari to‘lqinlar yasar serviqor,
Bog‘u dalalarin sevadi bahor,
Jizzaxni boshqacha yaxshi ko‘raman…

Gar yo‘q unda olam tanigan hasham,
Yashar ota-onam, do‘st, jigargo‘sham,
Forish tomonlarda qolgan Garasham,
Jizzaxni boshqacha yaxshi ko‘raman…

Yoronim, bu mehr ne savdo, ne sir?
Qonim tomganini etmang sababgir,
O‘lsam, o‘zga joyda unsam, baribir,
Jizzaxni boshqacha yaxshi ko‘raman…

3.Suluv yurt

Olloh qurib qo‘ygan cho‘ng qal’am,
Tog‘ to‘sgan to‘rt yonlaring sening.
Etagingga sochadi shabnam
Muzdaygina tonglaring sening.
Ko‘zga sig‘mas adirlaringdan
Ayozda ham ketmas ko‘k ohor.
Zaminosti tomirlaringdan
Shifo bo‘lib oqar Jondahor.
Shams kuyib shivagan nurni
Shabodalar quchadi jo‘shib.
Chorbog‘laring – kapalakzorlar,
Mevalardan turar to‘lishib…
Har kelganda qish ulashib tin
Tomga qadar qorga yo‘rgaklar…
Keyin… yashil ko‘ylakchalarin
Yechib, pushti kiyar kurtaklar…
Keyin… yangi tushgan kelinday
Qizaradi olma-olchalar…
Keyin…bir kun kutilmaganda
Xazonlardan ko‘pchir ko‘chalar…
To‘rt fasli ham birday suluv yurt,
Tabiatu Haq suygan go‘sham.
Buloqlarin ko‘zi suv-suv yurt,
Otam,
Onam,
jonim Garasham!..
Sendan olgan boyliklarim mo‘l:
Ko‘ngil, ilhom, g‘urur va hayrat…
Evazini qoplarmikan shul –
Shoir qizing bergan muhabbat?!
                                    2010 yil, avgust