Cho’lponning “Buloqlar” nomli ikkinchi she’rlar to’plami 1924 yili O’zbekiston Davlat Nashriyoti tomonidan chop etilgan bo’lib, bu to’plamda ham shoir she’rlari quyidagi bo’limlarga bo’lib berilgan: 1-bo’lim “Sharq uchun” [“Buzilgan o’lkaga”, “Amalning o’limi”, Yong’in”, “To’fon”, “Geliyorsun!”]; 2-bo’lim “Sezgilar” [“Yashayish”, “Yotoqdan”, “Erkinlik istagi”, “Mastlikda”, “Qilich va qon”, “Qizlarning daftariga”. “Ko’klam qayg’usi”, “Binafsha”]; 3-bo’lim “Sevgili” [“Tun”, “Nimaning hidi”, “Ishq yo’li”, “Ket”, “Aldanish”, “Ishq (Usmonlicha)”, “Bitdi”]; 4-bo’lim “Qora yo’llar” [“Mahmud Xo’ja (Behbudiy) xotirasi”, “Ketding”, “O’limdan kuchli”, “Ulug’ yo’lovchiga”] va 5-bo’lim “ Qor qo’ynida” [“Yana qor”, “Oppoq oy”] deb nomlangan bo’lib, ja’mi bu to’plamdan shoirning 27 she’ri o’rin olgan.
Cho’lponning bu to’plami uning eng kuchli she’rlaridan biri sanalgan “Buzilgan o’lkaga” she’ri bilan ochiladi.
“Buloqlar” to’plamining birinchi bo’limi “Buzilgan o’lkaga” she’ri bilan boshlanishi bejiz emas. Shoir Cho’lponning bu she’ri o’ta muhim bo’lganidan prof. Edvard Ollvortt ham bu she’rni o’z ishida ham asl nusxada – o’zbek tilida keltirib, she’rning inglizcha tarjimasini ham beradi. Bundan tashqari, amerikalik olim bu she’rga oid ilmiy mushohadalar ham chiqaradi [Bu haqda qarang” E. Allworth, “The Source of
Knowledge” … IN: Central Asian Journal” vol. X, No.1, 25].
Bu atoqli olim u bilan qanoatlanmaydi. U Cho’lpon she’rini G’ayratiyning “Tuzalgan o’lkaga” she’ri bilan qiyoslab, xaqiqiy shoir Cho’lpon foydasiga xulosalar chiqaradi:
Cho’lpon: Ey, tog’lari ko’klarga salom bergan hur o’lka,
Nima uchun boshingda quyuq bulut ko’lanka?
G’ayratiy: Ey, tog’lari ko’klarga salom bergan hur o’lka,
Endi solmas boshing uzra qora bulut ko’lanka.
Turkistonning ziyo ahli o’sha vaqtlarda ham xalq boshida “quyuq bulut ko’lanka” solib turganligini yaxshi bilardi. G’ayratiyning she’ri “muz o’lkalardan kelgan qo’noqlar”ning ko’rsatmasi bilan bitilganligini mashhur Kolumbia universitetining professori emas, oddiy kitobxon ham anglab yetgandi.
***
Bir qator jurnal, to’plamlarda Cho’lponga nisbat berilgan talaygina she’rlar e’lon qilingan bo’lib, bu kabi she’rlarning ayrimlari ham mazmun, ham tuzilishi jihatidan shoirning mashhur “Buzilgan O’lkaga” she’riga o’xshab ketadi. Men bu o’rinda shoirning shunday she’rlaridan ikkitasini sizning e’tiboringizga havola qilmoqchiman. “Buzilgan O’lkaga” o’xshash she’rlarning birinchisi “Go’zal Farg’ona” deb ataladi:
Go’zal Farg’ona
Ey, go’zal Farg’ona qonli ko’ylagingdan aylanay,
Tarqalib ketgan qora, vahshiy sochingga bog’lanay.
Vahshiy bir o’rmon kabi bag’ringni bosmishtir qamish,
Ko’zlaringda hech ko’rinmas bir olov, bir o’t yonish.
Keng cho’ziq yaylovlaring yovlarga ochmish ko’ksini,
Bir qora parda bosibdir tuprog’ingning ustini.
Ko’zlaring so’lgan, o’lik ruhing bilan boqding menga,
Qutulishning yulduzu aslo ko’rinmasmi senga?
Ul baland zo’r tog’laring nega to’solmas yov yo’lin?
Yo’qmidir o’tkur qilich kesmakka yovlarning qo’lin?
Biz butun ojiz, zaif, bag’ri ezilgan sen uchun,
Bul qadar qonlar to’kildi ul daxidir sen uchun.
Yig’lama, yurtim, agarchi bul kuningda yo’q bahor,
Kelgusi kunlarda baxting yulduzi o’ynab qolar.
Shu va shunga o’xshash xalq orasida keng tarqalib ketgan shoirning she’rlari asosida keyinchalik, urush hamda urushdan so’nggi yillari xalq Cho’lponning nomidan boshqa she’rlar yaratib, kuylab yurgani sir emas. Shu singari she’rlardan yana biri “Go’zal Turkiston” sanaladi:
Go’zal Turkiston
Go’zal Turkiston, senga ne bo’ldi?
Saxar vaqtida gullaring so’ldi.
Chamanlar barbod, qushlar ham faryod,
Hammasi mahzun. Bo’lmasmi dil shod?
Bilmam ne uchun qushlar uchmas bog’chalaringda?
Birligimizning tebranmas tog’i,
Umidimizning so’nmas chirog’i.
Birlash, ey xalqim, kelgandir chog’i,
Bezansin endi Turkiston bog’i.
Qo’zg’al, xalqim, yetar shuncha jabru jafolar!
Ol bayrog’ingni, qalbing uyg’onsin,
Qullik, asorat – barchasi yonsin.
Qur yangi davlat, yovlar o’rtansin.
O’sib Turkiston, qaddin ko’tarsin,
Yayrab, yashnab o’z Vataning gul Bog’laringda!
[Bu she’rlar xaqida to’la ma’lumot olish uchun qarang ” Xayrulla Ismatulla, Cho’lpon va Jahon. IN: Reform Movements and Revolutions in Turkistn: 1900-1924; pp. 232-234]
***
Xorijda Cho’lponning she’riy ijodi bo’yicha eng ko’p yozganlardan yana biri Boymirza Hayit bo’ladi. B. Hayit o’zining bir qator asarlarida shoir she’riyatiga to’g’ri baho beradi: “Cho’lponning insonlar qalbini larzaga keltirgan, turkistonliklardagi milliy tuyg’uning dil ifodasi bo’lgan “Uyg’onish”, “Buloqlar” va “Tong sirlari” she’riy to’plamlari uning xech vaqt adabiyot tarixidan o’chirib bo’lmaydigan bir siymo holiga keltirgan. Balki Cho’lpon o’z vaqtida ijodining yuksak pog’onasiga yetgan bo’luvi mumkin.” [Qarang: B. Hayit, “Turkiston Yangi Adabiyotida Ikki Siymo – Qodiriy va Cho’lpon” (nemis tilida). Jurnal “Islom Dunyosi”, 1964 yil, IX jild, 1-4-son].
B. Hayit ham Cho’lponning “Buloqlar” to’plamidagi “Buzilgan o’lkaga” she’rini batafsil tahlil etgan hamda bu she’rni nemis tiliga tarjima ham qilgan.
“Buloqlar” to’plamidan shoirnng usmonli turk tilida yozilgan “Geliyorsung” va “Ishq” she’ri o’rin olgan. O’z ijodi davomida Cho’lpon, mutaxassislarning aniqlashicha o’n bitta “usmonlicha” she’rlar yozgan. Professor Temur Xo’ja o’g’lining guvohlik berishicha, “…Cho’lpon garchi Turkiyaga bormagan bo’lsa-da, u Istanbuldan turk gazeta va jurnallarini 1922 yilgacha olib turgan hamda u Turkiya turkchasida o’n bitta she’r yozgan. Cho’lpon turk shoirlari Namik Kamol, Tavfiq Fikrat, Yahyo Kamol she’rlarini o’qib borgan…” [Qarang: Temur Xo’ja o’g’li, “Cho’lponning she’rlarida hurriyat tuyg’usi” (turk tilida) “Turk Adabiyoti” jurnali, 1993 yil, 242-son, 45-bet].
Cho’lpon xech qachon Turkiyaga bormagan. Biroq andijonlik “tadqiqotchi” Sayfiddin hoji Jalilov Cho’lponni Istanbulda bo’lgan deb, hisoblaydi. [Qarang: S. Jalilov, “Baxting yulduzi o’ynab qolar”, “Xalq So’zi” gazetasi, 1997 yil, 24 sentyabr, 4-bet].
Cho’lpon Turkiyada bo’lmagan bo’lsa-da, u turk shoirlari ijodi bilan muntazam ravishda tanishib borgan.
http://kh-davron.uz/