Qiyosi yo`q uning mehri bir daryo,

O`xshasa o`ziga o`xshaydi O`zbek.
Boshqa millatlarni bilmadim, ammo,
Dunyoda bolam deb yashaydi O`zbek!

O`nta bo`lsa o`rni boshqa uningchun,
O`g`lim otashimdan yaralgan uchqun.
Qizim parilardan chehrasi gulgun,
Qoshlari qalam deb yashaydi O`zbek!

Bir qo`lda belanchak, bir qo`lda Qur`on,
Bir elkada ketmon, birida iymon.
Barchaga barobar oftobsimon,
Yashnasin olam deb yashaydi O`zbek!

Bobolari qaysi yigitlardan kam,
Momolari hushro`y yuzdan oshsa ham.
Zurryodlari bo`lsa bitta uyga jam,
To`shak yetmay to`nin to`shaydi O`zbek!

Ehtirom etganga ehromlari bor,
Kekkayganga bo`yin egmaydi zinhor.
Beshik to`la jajji islomlari bor,
Tosh o`tmas qo`rg`onga o`xshaydi O`zbek!

Qiyosin topdingmi aytgin Muhammad?
O`xshasa o`ziga o`xshaydi O`zbek.
Yomon sher yozsang ham betingdan o`pib,
Kam bo`lma bolam deb yashaydi O`zbek!