"Baxt o’zi nimadir, men  bilolmadim…"

Qo’shiqdan

Bahorning ilk kunlari.Qish nafasi ketib ulgurmagan, bir kun oldin yog’gan qor erib,loy aralash oyoqqa yopishadi. Etni junjiktiradigan shamol -qarshisiga chiqqan har insonga “nish urib”,o’z yo’lida g’olibona davom etadi.Aftobus bekati har doimgidek  odamlar bilan liq to’la: ona  tovuq pinjiga berkingan jo’jachalardek yo’lovchilar bekat ichiga intilishadi.Xuddi  shu bekat tomonga 3 farzandi bilan shoshib, loy yo’lda sirg’angancha bir ayol kelmoqda. Bolalarning yuzi sovuqdan qizarib ketgan, uyquga to’ymagan ko’zlarida yosh yiltillaydi.O’z vazifasini yillar davomida bajarib charchagan etiklar loy yo’llarda sirg’anib, egasini behuzur qiladi.Onaning ko’zlari esa…xavotir, qayg’udan ich-ichiga botib ketgan, so’lg’in bir ahvolda.

Istasangiz,bugun ana shu mungli nigohlar egasining qalb so’zlariga yashirincha quloq tutamiz, hammadan berkitilgan,iroda niqobi ostiga yashiringan hikoya qahramonlariga aylanamiz.Balki,bu to’g’ri emasdir,kimningdir qalbiga ruxsatsiz razm solish gunohdir,ammo men mana jajji bolajonlar haqqi-bu oilaning hikoyasini tinglagim keldi….

Yo’lda sirg’anib-sirg’anib ketib  borarkan, qayta-qayta tayinladi:

-Hasan,bog’cha opangiz pulni so’rasa,”Oyim hali oylik olmabdilar,oylik olishlari  bilan ikki oylik bog’cha pulini to’larkanlar” degin.Kamola qizim, ukalaringni bog’chadan olayotganingda sen ham shunday deb ayt,xopmi?

-Oyi,Hasan-Husanni bog’chadan o’zingiz oling.Bog’cha opasi doim meni koyiydi.”Kattalar o’zi olib ketishsin”,deb. Kecha kelganimda,” 2 oydan beri bermagan bog’cha pulingizni to’lamasangiz,bolalarni olib kelmanglar,oying ertaga oldimga kelsin” deb  qattiq tayinladi…..

….Haa,albatta, uni ham jaxli chiqishiga haqqi bor.Axir,2 oydan beri “ana to’layman, mana to’layman” deb hali ham bog’cha pulini to’lolmadi-ku…O’tgan oy qo’shnisi bergan qarzini so’rab chiqmaganda, balki to’lagan  bo’larmidi…

-Kamola, tezroq yur,marshrutkaga ulgurshimiz kerak.Kech qolyapmiz,qizim….

…Marshrutkada odam tiqilinch: bitta o’rinda hatto, 2ta yo’lovchi o’tirib ketyapti.Lekin hech kim nolimaydi.Izg’irinda turib, uzoq kutilgan marshrutkalarining raqami ko’rinishi bilan,unga tomon shiddat bilan intilgan bu odamlarning hozircha maqsadlari bir-Manziliga eson-omon yetib olishsa.bas. ..

Marshrutkaning ichi tinch…Faqat motorning guvillashi eshitiladi.Lekin hech kim bunga ahamiyat bermaydi.Negaki,Hamma o’z xayollari bilan band. Har bir yo’lovchining o’z tashvishi bor…U ham  derazadan uzoqlarga tikilib, hayotiga har tomondan chirmashib olgan qarz balosidan qanday qilib tezroq qutilish haqida  o’ylayotgandi. Shofyor radio qulog’ini burashi bilan,xayollari tumandek  har yoqqa tarqab ketdi:

-Qadrli tinglovchilar, barchangizga xayrli kun tilagan holda o’z eshittirishimizni davom ettiramiz. Bugungi  kun mavzuyimiz: Baxt…Xo’sh,qadrli tinglovchi,siz baxt deganda nimani tushunasiz yoki nima ko’z oldingizga keladi? Hozir baxtlimisiz  va baxtingiz sababi nimada?  Javoblaringizni kutib qolamiz,aziz tinglovchilar…

 “Baxt deganda nimani tushunaman?-o’zidan-o’zi so’ray boshladi- aqlimni taniganimdan beri qiyinchilik ko’rgan bo’lsam…Oldin ota uyimda, endi turmushimda…Muhtojlikdan qochaman deb,borgan sari uning tubiga botib boryapman.Qarzlardan qutilaman deb, birini-biriga ulab yashayapman…Farzandlarimga baxtli bolalik hadya etaman deb,ularni ham kattalardek  ro’zg’orni o’ylashga o’rgatib qo’ymayapmanmi? Mana, hali 11ga kirmagan qizim, boshqa tengdoshlariga o’xshab,”ko’chada o’ynay,yangi ko’ylak olib bering ”  deyolmaydi.Tunov  kuni sinfdosh qizlarga qo’shilib, gimnastika to’garagiga  boray degandi, bechora qizimni koyib aytmagan gapim qolmadi. Kelib-kelib alamimni shu qizimdan olamanmi? U nimani tushunardi? … Yo’q, u barchasini-onasi ro’zg’or tebrataman deb yelib-yugurayotganini,otasining  tezroq sog’ayishi uchun,dorilari uchun ko’proq pul topishga harakat qilayotganini  tushunadi.Hali o’zi go’dak bo’la turib, 2ta ukasini ishdan kelgunimcha  ovutib o’tiradigan,otasiga ovqatini jajji qo’llari bilan yedirib qo’yadigan bolam- meni tushunmaydimi? ….Ana, nima haqida o’ylayotgandim o’zi? Yana borib xayollarim shu tashvishlarga  taqaldi…Hayaaa, baxt deyotganmidim? Nima u o’zi? Bolalarimga go’sht yedira olganimda ko’zimdan oqqan yoshmi-Baxt? Kimdandir olgan qarzimni qutilganimda-“bittaga kamaydi” deya o’ylaganimmi Baxt? Yoki turmush o’rtog’imning nafasi qisilmay,tinch uxlab tong ottirganimi Baxtim? Agar shular baxt bo’lsa….mendan hech kim baxt haqida so’ramagani ma’qul”.

…Maktabga kirib kelarkan,bolalarning shovqini,chug’urlashi oz bo’lsa-da kayfiyatini ko’tardi.Beg’ubor bolalar…Turmush tashvishlaridan yiroqda yashaydigan o’z  olamlari bor  ularning. Bu olamda o’zlari kabi samimiy, betashvish,beg’am, baxtli insonlar yashaydi…

-Qizim,yuraqol endi.Hoyna-hoy ,Sinfdoshlaring xonani boshiga ko’tarayotgandir.

-Oyi,meni anovi Adham yaramas bilan birga o’tqizmang…

-Unday dema,u juda yaxshi bola.

-Siz bilmaysiz-da,oyi.”Ustoz sening oying bo’lgani uchun sen nuqul yaxshi baho olasan”, –deb jaxlimni chiqaradi.

-Demak, sen sinfdoshlaring shunday o’ylagani uchun ham ulardan-da yaxshi o’qishing,harakat qilishing kerak,qizim.Axir, sen meni yuzimsan.Hamisha darsga tayyor holda kelishing kerak.Toki sinfdoshlaring gapirgan gaplari uchun uyalib qolishsin…

-Xoop…

…..Soat nechchi bo’ldi?.. 12dan o’tibdi.Eri dorilarini ichdimikin? Ahvoli qanday ekan? … Kamola tezroq uyga yetib borsa,ko’ngli xotirjam bo’lardi.Harqalay telefon qilib xabar olib turishga odam bo’ladi uyda.1 soat darsi qoldi…Shu bir soat bir  asrdek tuyilib ketadi ba’zan…

-O’quvchilar,bugun nazorat ishi ekanligini bilar edingiz.Matn tuzish qoidalarini uyda yaxshilab takrorlab,  tayyorlanib kelishingizni aytgandim.Demak, nazorat ishi mavzusi: “Men baxt deganda nimani tushunaman?” Bu mavzu sizga biroz qiyin bo’lishi mumkin.Ammo men fikringizni bilmoqchiman. Boshladik,o’quvchilar…Qani, Nozila,boshlanishi juda yaxshi,barakalla,qizim. Sobir,orqangga qarayvermay matnni yoz.Nazorat ishi paytida ham gaplashib o’tiradimi? ….. Sarvar husnixat bilan yoz,o’g’lim.Qara,harflaring chiziqdan chiqib ketyapdi-ku….

…O’quvchilarni  kuzatib yubordi.Endi farroshlik qilayotgan ishiga ham ketsa bo’ladi…ammo oldin bolalarning ishini tekshirsamikin? Ertaga vaqti bo’ladimi-yo’qmi…Xafsala bilan daftarlarni qo’liga oldi.Bu ishni majbur bo’lganidan emas, hayot tashvishlarini biroz unutib, beg’ubor bolalik dunyosiga quloq solgisi kelganidan qilyapti. Har bir ishni sinchikovlik bilan o’qishni boshladi.Mana,birinchi daftar egasining fikrlari:

“Men baxt deganda,oyim o’g’il tug’ishini tushunaman.Chunki  oyimning o’zi shunday degan.Dadam har kuni ichib kelib,”Sen faqat qiz tug’asan,bittagina o’g’il tug’ib berolmaysan”-deb  oyimni urganida, men doim Xudodan bizga uka berishini yolvorib so’rayman. Buvim: ”dadang kelganida  ichkari  xonadan chiqmay o’tiringlar.Sizlarni ham urib qo’ymasin” deb tayinlaganlar.Shuning uchun singillarim bilan doim kechki ovqatni barvaqt yeb olamiz va ichkari uyga kirib darsimizni qilamiz.  ba’zan oyimning kechqurun yig’lab Xudoga iltijo qilayotganini ko’raman.Shuning uchun men ham Xudodan bizga tezroq uka yuborishini so’rayman.Shunda biz ham juda baxtli bo’lamiz,ayniqsa,dadam….”

Daftarning sirtiga qaradi: Ha,axir bu Fazilat-ku.Ularning  oilaviy sharoitidan xabari bor.Onasi har gal majlisga kelganida:”Ustozi,qizim darslarini vaqtida qiladi,agar nimadir ayb qilsa,o’zimga ayting,uni koyimang iltmos.Shundoq ham ko’ngli yarim” deganda,to’g’risi biroz ajablangandi…..

Keyingi daftarni qo’liga olarkan,avval sirtini o’qidi.” Jamoliddinov Sobir”.Haaa,tinib-tinchimagan bola bu.Biroz sho’xku,lekin tartibga chaqirsa,darrov o’zini o’nglab oladi. Qanday sho’xlik qilsa ham, “Ustoz,oyimga aytmang” deya yolvoradi.Hatto arzimas sabab bo’lsa ham..

“Men oyisi bilan dadasi birga yashaydigan bolalarni baxtli deb o’ylayman.Balki men haqimda ham ular shunday deb o’ylashar.Chunki, oldinlari biz ham shunday ahil-inoq yashar edik.Dadam yangi ishga o’tkanlaridan keyin uyga kam kela boshladilar.Oyim dadam uyga kelmagan kunlari tuni bilan uxlamay dadamni kutardilar. O’tkan yili qo’shnim-Jasurga shu haqida aytgandim,”Agar sizlar to’polon qilaversangiz dadang ketib qoladi.Meni dadamga o’xshab”  dedi.Men qo’rqib ketdim.Chunki uning dadasi uyga umuman kelmaydi.Biz ukam bilan boshqa to’polon qilmay qo’ydik.Lekin dadam baribir  bizni tashlab ketmoqchi.Yozda xolam- ukam ikkimizni katta binoli,qandaydir sovuq joyga olib bordilar.U yerni Sud deyishar ekan.Katta stolda bir amaki men bilan ukamdan “Dadang bilan yashashni istaysanmi yoki oying bilanmi?” - deb so’radi.Men :” Ikkalalari bilan ham” deb javob berdim.Keyin o’sha amaki stolni  bolg’aga o’xshash narsa bilan taqillatib chiqib ketdi. O’sha kundan beri oyimning tobi yo’q.Yotsa,kimdir yordamlashib yubormasa,turolmaydi. Dadam:”Endi sen katta bolasan.Oying bilan ukangga o’zing qaraysan” degan.Shuning uchun mahallamizdagi amakimning to’yxonasida osh bo’ladigan kunlari yordamlashgani chiqaman.amakim menga keyin pul beradilar.Ko’pincha ortib qolgan oshdan berib yuboradilar,kelib ukam  bilan oyimga beraman.Uchchalamiz osh yeymiz.Keyin men bilan ukam maktabga ketamiz.Kecha osh yetmay qoldi.Men och yuraveraman,ukamga rahmim keladi.Chunki u endi 1-sinfda o’qiydi-da….”

Ko’zlaridan to’kilayotgan duv-duv yoshni to’xtata olmay,keying daftarni varaqlay boshladi.Nahotki?  Nahotki tashvish nimaligini bilmaydi deb o’ylagan bu jajji o’quvchilari yelkasidaa shunday og’ir yuk bilan yursa? Nahot shu paytgacha ustozi bo’la turib bu mungli nigohlarning ma’nosini ilg’amagan bo’lsa?  Beshafqat hayotning  zarbalari bu go’daklarni ham chetlab o’tmagan bo’lsa, uning hayotdan nolishga,qiyinchiliklar oldida taslim bo’lishga haqqi bormikin?….

“Men juda ham baxtliman…To’g’ri, mening o’rtog’im Nozilanikiga o’xshagan bejirim o’quv qurollarim, turli xil rangli qalamlarim yo’q. Shaxzodaga o’xshab har hafta ota-onam bilan  aylangani borishga imkonimiz yo’q.Hatto, sirkka ham borolmayman.Ammo mening bir-biridan shirin ,meni quchoqlab: “Opajon,biz katta bo’lsak,samalyotda sizni,dadamni,oyimni har xil joylarga olib boramiz.Dadamiz tezroq sog’ayib ketishi uchun ko’p pul topamiz” ,-deydigan mehribon ukalarim bor. Oyijon,siz  bizni baxtsiz  deb o’ylamang,men ham ukalarim ham juda baxtlimiz.Faqat siz tunlari yig’lamasangiz, xafa bo’lmasangiz bo’ldi.Dadam ham,albatta, sog’ayib  ketadilar.Shunda   biz barchamiz , sirkka boramiz, ukalarimga yangi o’yinchoqlar sotib olamiz. Siz ham ikkita ishda ishlamaysiz.Biz sizni juda ham yaxshi ko’ramiz,oyijon.Siz bizning BAXTIMIZSIZ”….

U bu daftarni qanday qilib yakunini o’qidi esida yo’q.Shunisi yodidaki, qo’liga sumkasini ildi-yu uyga qarab oshiqdi…Yo’lda hayotdan noligani,o’zini baxtsiz his qilganini eslab,o’zidan uyalib ketdi….

Bu dunyo sig’magan ikki ko’zimga,

To’lib qoldi ikki tomchi achchiq yosh.

Peshona deganga yozilgan ekan,

Rohat emas, faqat chidam va bardosh…

Men bir mushtipar ayolning bardoshi haqida ko’p gaplar aytishim mumkin edi, ammo hikoya boshidanoq faqat shu mashhur qo’shiq quloqlarim ostida jaranglayverdi: Xuddi kimga atalganini bilgandek…Siz-chi,qadrligim, nima deb o’ylaysiz,bu iroda va so’ngsiz bardosh haqida bundan ortiq ta’rif bormikin?!

 
3 Iyul 2020