1.

Turk. Turon. Turkiston.
Uch bahodir so'z.
Uch sarboz boradir ot o'ynatib.
Jasur bir baxt bordir dunyoda
Turkni anglamak, turkcha so'zlamak.

Dunyoda bir go'zal o'lim bor –
Uch so'z uchun o'lmak. O'lmasdan avval o'lmak.

2.

Mana, nihoyat Men va Tun.
Atrofda hech kim.
Men va Tun. Mayit – Men. Tun – tobut.

3.

Bo'ldi. Menda boshqa asos yo'q
Barchasi oldinda, deb o'zimni avrashga.
Sudralib yurishga o'sha ma'shum
Omadning yirtiq paypog'iga suykanib,
Ertamni kech qilib.
Qiyomiga yetmagan fasl – xotirot
Ekkan gullarini teraman yig'lab.

4.

O'zingni o'zingga qo'yib ber,
zo'rlanma, nomusingga tegma,
tun qanotin yozayotganda,
ohista ruhingni ochg'il.
Sirg'alib suzsin u shu yo'qlik aro.
Shalvirab bo'shashgan, tentirab holsiz,
Oldingga qaytganda ranjima aslo,
Baribir u ruh-da aqlsiz, ko'zsiz.
Axir sen shu tiyrak nigohing bilan
Yo'qlikni ushlab ko'rding-ku.

5.
...va yurakda fojea yuz berdi.
Sen ketding, qaramading ortga,
Sening ortingdan kuzak ham yo'l oldi
Qahraton, ma'suma qorlar bag'riga.
Men qoldim,
Aldamchi bahorda va sarxush yozda.
Boychechak yel bilan o'ynashgan.
Bu fasl kelindek tovlangan
fursatda,
men qoldim
muvaqqat gullarning yodida.

6.

Mana U yaramas –
labida tamaki,
qo'lida qalam
va yana may to'la
shisha ushlagan –
Tangri istehkomiga
otlangan jangchi.

7.

Chatnab, chanqab uyg'ondim,
Atrofga qaradim sarosimada.
Va ilkis qop-qora dev-la to'qnashdim.
Ko'zimni tun bilan almashgan edim.
So'z yo'q, luqma yo'q,
Men unga baqraydim
U menga. U tarafda o'lim bilan
shunday uchrashdim.

8.

Barchasi tanish, o'sha eski is,
Mo'matoloq qalb,
Vag'illayotgan donishmand chol,
Naqadar qo'rqinchli bu borliq.
Kimga sig'inayin, kimga yig'layin
Ko'chada kuchuklar alla aytadi.
Boshimdan sharob to'kdim,
Unutma, ketdim.
Qirlardagi yantoqlar oyog'imga
Og'riq og'riq suqildi. Og'riq ichimni kemirdi.
Enamni sog'indim.

9.

Yurak yoril, marhamat kutma.
Qulog'ing tutma sibizg'a sehriga,
Nima tarix, o'tkinchi qayg'u
Yillar ezayotgan sabrni tashla
Qon oqmoqda bo'g'zimdan
Ko'ksimga qarab,
Zamin o'grilmoqda ko'zguga.
Yurak yoril, tosh kabi yoril,
Kunlar o'tayotir betin, betayin.
Kimdir sig'inmoqda ko'kka termulib:
O', Tangrim kechirgin sotqin bandangni,

Ko'ksini paypaslab qidirayotgan kim?
Boshingga toshlarni otayotgan kim?
Toshlar girdobiga cho'kayotgan kim?
Yurak yoril, tosh bo'lma buncha.
Ko'z. Ko'r. So'z. So'r.
Olis sahrodagi
yolg'iz bir bo'ri
tun bo'yi uvlaydir,
uyqu bermaydir...

10.

Ko'zlaringda his etadi oy,
Yulduzlar kuydilar hasaddan.
Oyga qaramakdan hadikda
Gullar bosh egdilar ta'zimga.
Men oyni o'pmoqchiydim
Kuyib kul bo'ldim.

11.

Oh, ko'zlari parishon, dili nogiron, farishta
qiyofa munkillagan, sochlari patila qafasdagi
alamzada, nima deb taskin beray men senga,
mushtipar boyaqish, saratonda sovuq urgan,
xudo qarg'agan bechoraginam.

12.

darpardani ko'tar, ey za'faron Kuz
yuragim rangidan
qo'rqmasang magar.

13.

Yaydoq cho'ldan ketayotgan
yolg'iz yo'lovchi
ortingda nima bor, oldingda nima?
Qayga borursen?

14.

...uvladi, til bilan bilmadi.
uvladi, ko'z bilan bilmadi,
uvlayverdi tinimsiz,
uv-uv-uvvv
bechora til,
bechora dil.