O’zbek mumtoz adabiyotining Alisher Navoiydan keyingi yirik vakili, hassos va haqgo’y ijodkor Zahiriddin Muhammad Bobur adabiy merosidagi eng mo»tabar asar, shubhasiz, “Boburnoma”dir. Muallifning o’zi e’tirof etganidek, umr kitobi sanalmish ushbu asar badiiy, tarixiy, etnografik, jug’rofiy jihatdan qimmatli manba hisoblanadi.

Asardagi o’sha davr hayotining Boburga xos talqini bilan tanishganda, eng avvalo, bir jihat – muallif shaxsi o’quvchi e’tiborini tortadi. Tomirlarida Sohibqiron Amir Temur qoni oqqan aslzoda Bobur ko’z o’ngimizda xolis, adolatli adib sifatida namoyon bo’ladi va asarda qalamga olingan har bir voqea va shaxs tasviri ortida boburona munosabat, boburona qarash turganini yaqqol his etish mumkin. Bu munosabat-qarash esa hayotning yozilmagan, ammo adolatli qonuniyatlarini chuqur anglay bilish, taqdiri barhaq hukmiga rozilikning natijasi o’laroq shakllangan bo’lsa, ajab emas.

Bobur o’zi ko’rgan yoki eshitgan, bevosita guvohi bo’lgan voqea-hodisalarga xolis pozitsiyada turib yondashishga harakat qiladi, yaqinlari, do’st-dushmanining yaxshi va yomon ishlarini bir xilda
– halollik bilan baholaydi, hatto o’zining xato va kamchiliklarini ham ochiq-oydin qalamga oladi. Tasvirda ortiqcha takalluf yoki mubolag’aga yo’l qo’ymaydi. Buning boisi “Boburnoma”da shunday izohlanadi:

“…Bu mastur bo’lg’onlardin maqsud o’zning ta’rifi emas, bayoni voqei bu edikim, tahrir etibdurmen. Chun bu tarixda andoq iltizom qilibturkim, har so’zning rostini bitilgay va har ishning bayoni voqeini tahrir etilgay. Lojaram ota-og’adin har yaxshiliq va yamonlig’kim shoe edi, taqrir qildim va qarindosh va begonadin har ayb va hurarkim bayoni voqe edi, tahrir ayladim. O’qug’uvchi ma’zur tutsun, eshitguvchi taarruz maqomidin o’tsun…” Ya’ni, muallif bularni yozishdan maqsadi o’zini ta’riflash emas, balki haqiqiy voqea bayonini keltirish ekanini, asarni rost yozishga, har bir voqeani haqiqiy, xolis tasvirlashga qaror qilganini aytadi. Ota-og’alaridan qanday yaxshi yoki yomon ish o’tgan, qarindosh yo begonada qanday ayb va fazilatlar ko’rgan bo’lsa, borini yozganini aytib, o’quvchining kechirishini, eshituvchining o’ziga e’tiroz bildirmasligini so’raydi. Taqdir sinovlarini ko’p va xo’p ko’rgan Bobur o’ziga nisbatan qilingan yomonliklarga yarasha javob qaytarish qo’lidan kelsa-da, bunday qilmaganini, balki hayotning adolatli hukmiga havola qilganini asar davomida ko’p bora ta’kidlaydi.

Voqealar bayonini o’qirkanmiz, har bir ishning javobi borligi va odil hayot jazoni o’zi berishini Bobur o’z atrofidagi kishilar – ukasi Jahongir mirzo bilan oralariga nifoq solgan Ahmad Tanbal, Kobulda unga qarshi fitna qo’zg’agan pochchasi Muhammad Husayn mirzo va Mirzoxon, Hisor hukmdori Xisravshoh, Boqi Chag’oniyoniy va yana bir necha kishilar misolida keltirib o’tadi. Kobulni o’z qalamraviga olgan Bobur Shayboniyxonga qarshi birlashish umidida Xurosonga – Sulton Husayn Boyqaroning o’g’illari yoniga ketganida, Kobulni egallashga uringan Muhammad Husayn mirzoning bu gunohini (garchi og’ir ayb sanalsa-da) azbaroyi xolasi Xo’b Nigorxonimning hurmati yuzasidan kechiradi, unga muruvvat ko’rsatadi va Xurosonga ketishiga ruxsat beradi. Lekin taqdirning o’zi bu kimsani og’irroq jazoga mustahiq qiladi. Shayboniyxon tarafiga o’tgan Muhammad Husayn uning qo’lida o’lim topadi…

Bu voqeani hikoya qilgach, muallif xulosani “Sen o’zingga yomonlik qilganni hayot izmiga topshir, bil, hayot qasoskor mulozimingdir”, mazmunidagi forsiy bayt bilan tugatadi. Shuning barobarida, Bobur o’z qadr-qimmatini yaxshi biladigan, vaqti kelganida dadil harakat bilan o’z sha’nini himoya qila oladigan, izzat-nafsi baland shaxs hamdir. Bu xislat uning mag’rur, o’ziga haddan ziyoda ishongan qondoshi — Badiuzzamon mirzo bilan munosabatlarida yaqqol ko’zga tashlanadi. Bobur mirzo o’ziga nisbatan shahzoda tomonidan munosib odob-hurmat ko’rsatilmaganida, o’z e’tirozini beklar orqali ayttiradi va mantiq kuchi bilan Badiuzzamon mirzoni o’z aybini tan olishga majbur eta oladi. “Boburnoma”da o’qiymiz:

“…Ikkinchi navbat kelganda Badiuzzamon mirzo burung’idek ta’zim qilmadi. Muhammad Burunduqbekka va Zunnunbekka aytturdimkim, agarchi yoshim kichiktur, vale to’rim ulug’dur, ota taxtidakim, Samarqand bo’lg’ay, ikki navbat zarbi rost olib o’lturubdurmen. Bu xonavoda uchun yot-yog’i bilakim muncha jang va jadal qilibturmen, mening ta’zimimda ta’xir bevajhdur. Bu so’z mazkur bo’lg’och, chun ma’qul edi, mu’tarif bo’lub, ta’zimni xotirxoh qildilar…”

Bobur Sulton Husayn Boyqaroning o’g’illari orasida ittifoq, inoqlikning yo’qligini, aka-ukalar bir-birlariga yov ekanligini kuyunib tilga oladi. Ota o’limidan keyin Badiuzzamon mirzo bilan Muzaffar mirzolarning taxtni sheriklikda boshqarganlarini taassuf bilan yozadi. Yana bir o’g’il Kepak mirzoning Muzaffar mirzo taxtda o’tirgani uchun achchiq qilib, Shayboniyxonga qarshi birlashish uchun chaqirilganida, Mashhaddan kelmaganini esa nomardlik deb baholaydi. Husayn Boyqaroning o’n to’rt o’g’lidan faqatgina bittasi – Muhammad Zamon mirzo tirik qolganining boisini og’a-inilar o’rtasida ahillik yo’qligidan deb biladi.

Albatta, Bobur bu kabi hayotiy saboqlardan to’g’ri xulosa chiqaradi. Har ikki inisi – Jahongir mirzo va Nosir mirzolarni hamisha o’z qanoti ostida asraydi, beklari Jahongir mirzoni ko’zdan nariroq tutishni qayta-qayta maslahat bersalar ham qat’iyan rad etadi. Ukalari va qarindoshlariga oqibatsizlik qilish o’zining sha’niga yarashmasligini aytadi:

“…Chun mening sha’nimda bu emas edikim, og’a-ini va uruq-qayoshtin har necha izoyliq voqe bo’lsa, mendin mutanaffir bo’lg’aylar…”

Inilarining ayrim o’zboshimchaliklari va arazlarini akalarcha bag’rikenglik bilan kechirgan, yutuqlaridan sevingan, bir so’z bilan aytganda, ularga otalarcha g’amxo’r bo’lgan Bobur o’g’li Humoyunni ham shu yo’sinda tarbiyalaydi. “Boburnoma” sahifalaridan joy olgan Humoyun mirzoga yo’llangan maktubda shu xususda so’z boradi:

“…Yana ining bila yaxshi maosh qilg’aysan. Uluqlar ko’tarimlik kerak, umidim borki, sen ham yaxshi ixtilot qilg’aysan…”

Bobur nafaqat o’zgalarning tabiatidagi qusur va xislatlarni kuzatib, o’z bahosini beradi, balki o’zi tomonidan yo’l qo’yilgan xato va kamchiliklarni ham ro’y-rost aytib o’tadi, ulardan odilona xulosa yasaydi. U – mard, tanti, dovyurak temuriyzoda. Har qanday chigal vaziyatda ham o’ziga ishonch, jasorat bilan harakat qiladi, sha’niga dog’ tushirmaydi. Yoshligi, tajribasizligi bois mag’lubiyat alamini tortgan fursatlarda ham, Dahkatda sarson-sargardon yurganida ham, hatto tarafdorlaridan ayro tushib, jangdan so’ng yolg’iz o’zi chekinishga majbur bo’lgan damlarda ham birday jasur, mardona inson bo’lib qolaveradi. Eng muhimi, shunday paytlarda chekkan xavotir va qo’rquvini u yashirib o’tirmaydi, balki o’quvchi bilan baham ko’radi. Andijon uchun jang borayotgan damlarda Boburning inilari yov qo’liga tushadilar, o’zi ozgina odami bilan urusha-urusha chekinadi. Otlar horigan, sodiq beklar o’zlari himoyada qolib, Boburni xavfsizroq yerga ketishga undaydilar. Avvaliga odamlarini tashlab ketishga ko’nmagan mirzo keyinroq vaziyatning qaltisligini hisobga olib, rozi bo’ladi. Bundan xabar topgan Tanbalning ikki odami hiyla yo’li bilan uni qo’lga tushirishga urinishadi va Boburga sadoqat izhor qilib, bir chorbog’da to’xtashga ko’ndiradilar. Ularning asl niyatini sezgan Bobur bu qaltis vaziyatda ko’nglidan o’tganlarini shunday ifodalaydi:

“…Muni degach, manga g’arib holate bo’ldi. Olamda jon vahmidin yomonroq nima bo’lmas emish… O’zumda betoqatlig’e fahm qildim. Qo’ptum, bog’ go’shasig’a bordim. O’zum bila andisha qildim. Dedimkim, kishi agar yuz, agar ming yashasa oxir o’lmak kerak… O’zumni o’lumga qaror berdim…”

O’z qismatini mardona qarshi olishga tayyor turgan mirzoni taqdir qo’llaydi va tarafdorlari yetib keladilar…

Asarda insonning ichki holati, ruhiyatining turfa qirralari ro’y-rost ifodalangan o’rinlar anchagina. Ularni mutolaa qilish jarayonida muallifni go’yo hozir, o’zingiz bilan yonma-yon yashayotganday his qilasiz.

“Boburnoma” latofatining siri uning uslubida ekanini boburshunos olimlar ko’p bora ta’kidlaganlar. Darhaqiqat, avvalo rost, xolis yondashuv asarning qiymatini oshirgan bo’lsa, bosh qahramon – Bobur shaxsiyatining betakror qirralari har sahifada jilvalanib turishi bu nodir manbaning o’quvchi uchun sevimli asarga aylanishida muhim rol` o’ynaydi, qayta-qayta mutolaa qilishga undaydi.