Yazdır
Üst Kategori: Özbek Edebiyatı
Kategori: Günümüz Özbek Nesri
Gösterim: 897

Uzoq o’tmishda Nil daryosi bo’ylaridagi kishilar va qadimgi misrliklar gulga nisbatan muqaddas giyoh sifatida munosabatda bo’lganlar. Keyinchalik bu tasavvur va tushuncha Bobil (Vavilon) va Eronga o’tgan. O’rta asrlarda Yevropada gul nomi bilan bog’liq shaharlar (Florentsiya, Venetsiya) bunyod etilib, ular nomiga munosib mislsiz darajada gullab yashnagan. Qadimgi Xitoyda imperatorlar xonadonida gul alohida e`zozlanib parvarish qilingan, hukmdorlarning tojlarni bezagan. Xitoyliklar turmushida bu holning asoratini hozirgi kunda ham kuzatish mumkin. Payg’ambarimiz sahobalarining aytishlaricha, Muhammad sallalohu alayhi vassalamning badan terlaridan gul bo’yi kelar ekan…

Xalqimizda ham yorni gul, gulni yor deydi. Yor kim ekanligi bizga ma`lum. Binobarin, gul haqidagi tushuncha ilohiy mazmun kasb etgan. Xalq og’zaki poetik ijodida gul haqidagi qo’shiqlar butun bir siklni tashkil etadi. Fol`klorshunos professor Hoshimjon Razzoqov bu turkumdagi termalarni yig’ib “Gulyor” kitobini nashr ettirgan.

O’zbek xalq og’zaki poetik ijodida eng ko’p qo’llangan timsollar gul va bulbuldir. Ular voqealarni tutashtiruvchi bog’ich sifatida va falsafiy xulosalar chiqarish vositasi o’rnida takror takror tilga olinadi. “Hazon bo’lmay bog’da gullar so’lmasin”, “Bahorda ochilgan bog’ning gulisan”, “Qaysi bog’ning, ko’zim, toza gulisan, Chamanda sayragan sen bulbulisan?” Xalqimizda qizlar ismiga gul so’zini qo’shish odat tusini olgan (Orzigul, Gulnora, Guljamol va hokazo).

Yevropada ilm fan sohiblari va sa’atkorlarni boshlariga lavr dafna gulchambari kiydirish yoki bo’yinlariga osish bilan sharaflansa, bizda kishilarning chakkasiga gul qistirish odatlari bor. Yozma adabiyotdagi ko’pgina poetik timsollar dastlab xalq og’zaki she’riyatida paydo bo’lgan. Gul va bulbul timsoli buning yorqin dalilidir. Albatta, bu timsollarning mumtoz she’riyatimizdan keng o’rin egallashida fors- tojik adabiyotining ham ta’siri bo’lganligini inkor qilmaslik kerak. Ayni paytda ushbu an’anaviy poetik timsollardan qaysi shoir qanday maqsadlarda foydalangani va ularni qanday tarzda yangilay olganligiga alohida diqqat qilish lozimdir.

Shuni inobatga olgan holda professor Ibrohim Haqqulov mana bunday fikrlarni bayon etadi: «Boburda o’ziga xos bir gulparastlik zavqi bor. Shoir ba’zan gul timsolini shunday tashxislantiradiki, xayolingizda gulday nozik, gulday sehrli bir sanam jonlanib ketishini sezmay qolasiz. Bobur-she’rga gulning muattar bo’yi, rangin bo’yoqlari va betakror jozibasini mujassamlashtirgan shoir. Chunki qalamni u qachon fikr, qachon ruh va tuyg’u yoki hol va ehtiros «qo’liga» tutqazishni juda yaxshi farqlaydi». Mumtoz adabiyotda Atoyi, Sakkokiy, Gadoiy, kabi shoirlar ham ijodlarida gul obraziga tez-tez murojaat qilganlar.

Shu o’rinda Atoyining g’azalidan go’zal tasvirli baytiga murojaat etamiz:

Uyotqondin qizil gul ko’nglaki g’arqi araq bo’lsin,Yuzi gulshan sari gulgun qiyo bog’in beza-beza…

Alisher Navoiyda ham gul va bulbul timsoli alohida tasvir va talqin etilgan, bu haqda ustoz navoiyshunos Maqsud Shayxzoda quyidagi baytni keltirib, shunday deydi:

«Istamish bulbul vafo guldin, magarkim joladin
Bag’ri qotmish g’unchaning, baskim erur xandon anga.

Bu bir baytning o’zida shoir hayotning g’amli bir manzarasini chizib beradi. Guldan vafo kutgan bulbul bechora bilmaydiki, g’unchaning tabassum qilishi soxtadir, chunki u shudring donalaridan qotib qolib, doimo xandon ko’rinadi».

Navoiy lirikasida gul timsolining ko’plab ramziy ma’no va obrazlari bayon etilgan. Bu haqida yozar ekan adabiyotshunos A. Valixonov Navoiydagi gul obrazini sakkiz qismga ajratadi va ularni alohida-alohida sarlavhalaydi .

Alisher Navoiydan yana bir bayt:

Zihi harlahni bulbul savtining zotingg’a isboti,
Jahon bog’ida har gul yafrog’i husnungg’a mir’oti…

Bu bayt haqida filologiya fanlari nomzodi Karomat Mullaxo’jaeva shunday fikr bildirgan: “Juftlikda qo’llangan gul va bulbul timsollari, ko’pincha, faqat shu turkum g’azallargagina xos ma’no-mazmun kasb etgan. Gul Olloh go’zalligini namoyish etish uchun bir ko’zgu bo’lsa, bulbul ana shu go’zallik shaydosi”.

Mavlono Lutfiy ijodida esa gul va bulbul timsoli betakror jilolanadi:

Yuzung sifoti Lutfi so’zin nozuk ayladi,
Gul sadqasi durur, neki bulbul navo qilur…

Boburning yana bir salafi Umar Xayyom ham gul, bulbul timsolidan juda o’rinli foydalangan, bunga bir misol:

Gul kulib boqardi, may jomda yoqut,
Bir mast bulbul ko’rib, etolmay sukut,
Yurak tili bilan shivirlab aytdi:
Umr o’tib boradi, har fursatni tut.

Gul tilga olinganda, albatta, bulbul ham yod etiladi. Buni qarangki, ular o’zaro bir-biriga ohangdosh, nazmda qofiyadosh ham.

Sen gulsenu men haqir bulbuldurmen,
Sen shu’lasen, ul shu’lag’a men quldurmen.
Nisbat yo’qdur, deb ijtinob aylamakim,
Shahmen elga, vale senga quldurmen!

Ustoz Abduqodir Hayitmetov Boburning ushbu mashhur ruboiysi haqida shunday deydi: «Lirik qaxramon nomidan Bobur o’zini mahbubasi qoshida kamsitib, uni gul, o’zini bechora bulbul, uni shu’la, o’zini kul deb ataydi». Bobur ana shu «haqir bulbul»likni shohlikdan ham yuqori qo’yadi. Chunki gul-uning ma’budasi. Binobarin gul va bulbul Boburning eng sevgan va qayta- qayta murojaat qilgan timsollaridan edi. Bobur yorni to’g’ridan-to’g’ri “gul” deb ataydi va unga “gul” deb murojaat qiladi. Binobarin, Bobur yorni gulga nisbat beradi va deydi:

To sabo zulfini ul gulning parishon ayladi,Jon bila aqlu ko’ngulni yelga berdim sovurub.

Baytda “sabo” va “el” sinonimlarini o’z o’rnida qo’llaganini ta’kidlash lozim. Pora-pora bo’lgan ko’ngilni shoir gul g’unchasiga o’xshatadi: “Chok ko’nglum hay’ati gul g’unchasi andomida” (ya’ni
ko’ngilning ko’rinishi gul g’unchasi shaklida )

Jomiy ham oshiqning hijronda qon yutgan qalbini gulning qatma-qat g’unchasiga o’xshatish bilan lirik qahramonning axvolini namoyish qiladi, keyingi misrada esa oshiq bunday axvoldan loladek qonli yoshlar to’kadi:

Seningsiz g’unchadek dil g’arqi xundir,
Ko’zum yoshini ko’rgil, lolagundir…

Boburning boshqa bir g’azalida o’qiymiz:

Bobur, ul gul ko’yida bulbul kibi topting maqom,
Bir “Navoe Rost” qil mundoq maqoming borida.

Ya’ni: Bobur, gulning ko’yida bulbul maqomiga erishding, shunday darajang borida bir «Rost» navosini ayt. “Navoyi Rost” – xalq maqomlaridagi kuyning bir sho»basi. Ko’rinib turibdiki, shoir Bulbul maqomini ulug’layapti va unga havas qilyapti.

Yuzungdin ayru men xor, ey azizim,
Kishi guldin ayirmas xorlarni.

Shoir bu o’rinda yorga “azizim” deya murojaat qilib, o’zini “xor” deyapti. Ayriliqda tahqirlanganini, guldan tikonni ajratib bo’lmasligini ta’kidlash bilan “xor” so’zining ikki xil ma’nosi borligini, shoir uni o’sha ikki xil ma’noda qo’llaganini unutmaslik lozim. Birinchi misrada “Sendin ayrilib xor bo’ldim” desa. Ikkinchi misrada esa guldan tikonni ayirmaslik lozimligini aytadi.

Yor yuzini gulga qiyoslash, yorni “yuzi gul” deya ta’riflash Bobur uchun doimiy ifodadir:

Gahi guldek yuzini ul shakar so’zlukni islasam,Gahi shakkar kibi ul yuzi gulning la’lidin totsam.

Bobur ijodida bus-butun gulga bag’ishlangan she’rlar ham talaygina. “G’unchadek ko’nglum mening gulzor mayli qilmag’ay”, “Xazon yaprog’i yanglig’ gul yuzung hajrida sarg’ardim”, “Gul jamolin
yopqon ul gulning iki rayhonidur” misralari bilan boshlanuvchi g’azallari ana shunday g’azallardandur. Shoir lirik qahramonining kechirayotgan hayajonlari, qayg’u va shodliklari real hayot lavhalarining uning qalbidagi aniq in’ikosidir. Shoir ana shu lavhalarni go’zal, ravon, oddiy, ammo chuqur ifodalar yordami bilan tasvirlaydi:

Xazon yaprog’i yanglig’ gul yuzung hajrida sarg’ardim,
Ko’rub rahm aylagil, ey lola ruh, bu chehrai zardim.

Sen, ey gul, qo’ymading sarkashligingni sarvdek hargiz,
Ayog’ingg’a tushub bargi xazondek muncha yolbordim.

G’aroyib manzara tasviri berilgan ushbu satrlarda ham shoir yorga qarata,“ey gul” deb murojaat qilganining shoxidi bo’lamiz.

Latofat gulshanida gul kibi sen sabzu xurram qol,
Men archi dahr bog’idin xazon yaprog’idek bordim.

Men bu dunyodan xazon bo’lgan yaproq kabi ketar bo’lsam ham, sen go’zallik gulshanida gul kabi yashnab qol. Baytda gul xazon yaprog’iga qarama-qarshi qo’yilgan. Natijada, tazod san’ati ro’yobga chiqyapti. Ustoz Aziz Qayumov mana shu g’azal xususida shunday yozadi: «Boburning lirik she’rlarida ifodalangan sevgi tuyg’ulari chuqur samimiyat bilan sug’orilgan.

Gul jamolin yopqon ul gulning iki rayhonidur,
G’uncha sirrin ochqon ul ikki labi xandonidur.

Bu baytda suratiy tashbeh – istioraviy tashbeh mavjud. “Gul” so’zlari ikki xil ma’noda qo’llangan: birinchisida bevosita yor nazarda tutilgan bo’lsa, ikkinchisida – “gul jamolin” birikmasida “gul” sifatlash bo’lib kelgan. “Iki rayhonidur” deb shoir yor chehrasining ikki chetidagi gajaklarini ko’zda tutgan. Bobur o’z she’rlarida ba’zan xuddi musavvir kabi manzara chizadi:

O’qi zaxmini ko’rib har yon tanimda, el degay
Kim, bu ko’hi dardning ul lolai Nu’monidur.

Tasavvur eting: oshiq tanasida ma’shuqa o’qlaridan jarohatlar bisyor, xaloyiq bu holni ko’rib: “Bular – dard tog’ining qip-qizil lolalari-ku”, — deydi.

«Gul», «bulbul» timsoli Boburning o’z ichki dunyosi va iztirobli ruhiy holatlarini haqqoniy va ravshan yoritishiga ilhomlantirgan va vosita bo’lgan.

G’unchadek ko’nglum mening gulzor mayli qilmag’ay,
G’am bila butgan ko’ngul gulgasht ila ochilmag’ay.

Baytdagi «g’unchadek», sifatlashi «gulzor mayli»ga rag’batsizlik shoirning ko’ngil holini sharxlaydi. Chunki uni g’am-g’ussa egallab olgan (ya’ni g’am bilan ko’ngil yo’g’rilgan). Shuning uchun ham u hech mahal «gul gasht ila» ochilib- sochilmaydi. Buni kimgadir anglatish va izhor aylash kerakmi? Rango-rang gul yetishtiruvchi bog’bon xayolga keladi. U har ko’ngilni gul va gulzor oshufta aylaydi, deb o’ylaydi. Ammo «tah-batah» «qonluq ko’ngul»ning ahvoli o’zgachadir:

Ranga-ranga gullaringni, bog’bon, raz etmakim,
Tah-batah qonlik ko’ngul gul orzusin qilmag’ay…

Bog’bon, rang-barang gullaringni ko’p maqtama: laxta-laxta qonli ko’ngilga gul havasi sig’armidi?

Yo’qtur ulkim gul yuzungdin ayru boqsam gul sari,
G’uncha yanglig’ ko’ngluma yuz xori g’am sanchilmag’ay.

Lirik qahramon gulzordagi guldan yuz burib, o’zining hayot gulini sharaflaydi: «Gul yuzingdan ko’z olib, gulga nazar solmasman, shunda g’unchadek ko’nglimga yuzlab g’am tikonlari sanchilmaydi»,-deydi u.

Navbatdagi baytda o’qiymiz:

Orazu qaddingni ta’rif etsalar yuz yil, hanuz,
Ey yuzi gul sarvqad, yuzdin biri aytilmag’ay.

Ey yuzi gul, sarvqad! Jamolingni, qaddu qomatingni yuz yildan buyon ta’rif etsalar ham, yuzdan birini-da hali ayta olganlari yo’q. Shuning uchun mana shu guldan ajralmaslik zarur:

Sendin ayrildim esa bo’ldi nasibim xori g’am,
Sendin, ey gul, emdi Bobur bir zamon ayrilmag’ay.

Sendan ayrilganimda, nasibam g’am tikoni bo’ldi, ey gul, Bobur endi sendan bir zum ayrilmaydi. Boshqa bir g’azalida shoir:

Sen gul kibi to g’amzadasen husnung’a mag’rur,
Bulbul kibi men g’amzada husnunga hayron.

“G’amzadasen” so’zi bilan “g’amzadamen” so’zi talaffuzda ham deyarli bir xil, faqat bir tovush bilan farqlanadi. Biroq birinchi “g’amzadasen” noz-firoq qilyapsan ma’nosini anglatsa, ikkinchi “g’amzadamen” so’zi esa g’amnokman ma’nosini bildiryapti. Bobur gul va bulbul timsolini qaerda qo’llamasin, ma’shuqani hayot bo’stonining tengsiz guli, oshiq taqdirini hal qiluvchi go’zallik ma’budasi sifatida ta’riflaydi. Va unga qulligini takror-takror qayd etib o’tadi. Shak- shubha yo’qki, quyidagi singari satrlar Bobur she’riyatining o’ziga xosligi, hayotiyligi, vaqt va zamonga bo’ysunmasligini namoyish qiladi:

Yuzung bila lablaring erur gulu muldek,
Balkim, yuzung olida erur gul quldek.

Bobur kibi ishqdin dam urmaydur edim, Ey gul, meni ishqing ayladi bulbuldek.(78) Ushbu ruboiydagi “Balki yuzung olida erur gul quldek” qiyosiga e’tiboringizni tortamiz. Gulni quldek chog’lash! Orginal qiyosiy tashbeh. An’anaviy Gul bilan Bulbul timsollari Bobur ijodida ana shu tarzda talqin etilgan.

Foydalanilgan adabiyotlar

[1] Razzoqov H. Gulyor. Toshkent. G’.G’ulom nashriyoti. ?1977y.
[2] Alpomish?2. Toshkent. “O’zbekiston”, 1993. 40?bet.
[3] O’sha manba, 162?bet.
[4] Orzigul. Toshkent. G’.G’ulom nashriyoti. 1975. 370?bet.
[5] Haqqulov I. Kim nimaga tayanadi? –Toshkent, 2006. 52-bet.
[6] Atoyi. Tanlangan asarlar. – Toshkent: Badiiy adabiyot, 1960. – B.153.
[7] Shayhzoda M. Ustod san’atxonasida. // Sharq yulduzi. Toshkent, 1966, №5. 199-bet.
[8] Qarang: Valixonov A. G’azal nafosati. – Toshkent:Adabiyot va san’at, 1985. – 98-167-betlar.
[9] Mullaxo’jaeva K. Alisher Navoiy g’azaliyotida tasavvufiy timsol va badiiy san’atlar uyg’unligi.AKD.Toshkent, 2005.10-bet.
[10] Hayitmetov A. Bobur ruboiylarining g’oyaviy badiiy kontsepsiyasi. // O’zbek tili va adabiyoti. -Toshkent, 1983. №6, 21-bet.
[11] Jomiy. Maqsudi dil… — Toshkent: Adabiyot va san’at, 1989. — B. 152.
[12] Qayumov.A. Bobir lirikasining asosiy xususiyatlari. // O’zbek tili va adabiyoti masalalari. -Toshkent, 1958, №2. 17-bet.