Alla! Seni ilk bor dunyoda qaysi bir ona aytdi ekan?! So’zlaringni yozgan sening qaysi bir shoir, bastakoring qaysi zamona?! Onaning seni uzun tunlar kuylab chiqishidan maqsadi faqat go’dagini uxlatishmi?! Yo bolakayiga ezgu oliy tilaklar tilayaptimi? Dunyoda go’dak tug’ilgan xonadon borki, beixtiyor muqaddas burch ado etila boshlanadi va bola ham, ona ham, tabiatning o’zi ham shirin, osoyishta orzular sukunatiga singiydi. Allani beixtiyor katta yoshdagi odam eshitib qolsa, xayolga cho’madi, lekin uni uyqu elitmaydi, aksincha, xotirida o’chib borayozgan taassurotlar, uxlab borayotgan, unutilay deb qolgan tuyg’ular, umrining jonli lavhalari, bolaligi esiga tushadi.
Allada biz hatto xayolimizga keltirmagan boshqa bir mo’jiza, muqaddas qudrat bor.

Roziya, Robiya, Guljon. Uch ajralmas dugona, chiqon, o’rtoq. Uch do’st, uch sirdosh, uch tengdosh. Ularning qizaloqlik paytlari birga kechdi. Bolalikning turli o’yin-ermaklarini birga to’qib-chatishdi. Deylik, Guljon biron ermakni – qo’g’irchoq o’ynashni taklif qilsa, Robiya darhol eski-tuski lattalardan “go’dak” yasar, Roziya esa uni qo’liga olib alla aytishga tushar edi. Go’dakning “tug’ilish” to’yini ham ular kattalardan ko’rganlaridek o’tkazishardi. Robiya allani, albatta, onasining ukalariga aytganidan yodlab aytardi. Lekin baribir o’zidan ham nimalarnidir qo’shar edi:

Olmadandir beshigi,
Olsin endi opasi.
Alla.
Jiydadandir beshigi
Jiyranmasin opasi,
Alla.

O’rikdandir beshigi,
O’rtanmasin opasi.
Alla.

Qo’g’irchoq o’yini darrov ularni zeriktiradi. Qarabsizki, bir necha lahza o’tmay, tut bog’da yoki o’rik bog’da shoxlar orasida yurishadi. Hatto o’g’il bolalarga qo’shilib bekinmachoq o’ynashgayam kirishib ketadilar. So’ng esa hammasi Amudaryodan oqib keladigan Xizreliyopning loyqa-bo’tana suvida shataloq otishadi. Kechqurun esa ular yuz-ko’zlarida loyqa suv izlari bilan birontasining uyida qandaydir marosimda xalfa kampirning sirli lahjasini- yarim qo’shiq, yarim so’z-aytimlarini tinglab o’tirishadi. Xotinlar boshlaridagi oq paxta ro’mollari ko’ziga tushib, chayqalib, ko’zlari yoshlanib tinglashadi. Qizaloqlar ham xalfaning gaplari qayg’uli ekanini sezganday, ancha jim o’tirib, keyin har biri o’z oyisiga bosh qo’ygancha uxlab qolishadi. Faqat xalfa bir maromda davom etadi:

Man o’lsam, e jamii mahrami roz,
Mani o’zga o’lukdek qilmang e’zoz.
Ko’zingizdan chiqarmang qatrai yosh,
Janozam orqasidan otingiz tosh…

Voqealar qadimgi Gurlanda kechayotganini eslatib o’taman. Uzun qish kechalarini xotin-xalaj shunday o’tkazishadi. Bahorda hammaning tashvishi ko’payadi. Uch dugona ham shubhasiz ancha ulg’aygan. Xotinlar sumalak solish bilan ovora. Erlar xo’kizlarning shohlarini yog’lab, o’tizga chiqib ketishgan. Kechasi bilan o’t yonadi qirq quloqli qozon ostida. Kechasi bilan bayt, topishmoq aytishlar, goh quvnoq, goh qayg’uli qo’shiqlar. Ayollar tunda qandaydir mard bo’lib ketadilar qizlar nazarida.
Biri shunday boshlaydi:

Osmonga qarasam oyning bolasi,
Orqamga qarasam Gurlan qal’asi.
Umidimga yetkizmadi chiqinjon,
Harom o’lsin ulli boyning bolasi.

Ikkinchisi:

Osmonda oy edim aylanib turgan,
Dolonda toy edim boylanib turgan.
Sevganimga tezroq yeta qolsam deb,
Qizlarning ichinda shaylanib turgan.

Uchinchisi:

Oson emas dengizning
Topmoq oppoq toshini.
Yana qiyinroq ekan
Topmoq dil yo’ldoshini.

Odamlarning aslida yillarning o’tishi emas, yurtning urf-odatlari ulg’aytiradi. Qizlar shu tariqa katta bo’lishmoqda edi. Kuzda qizil sholi pishganda yana xotinlar yig’ilishib kelib sholi oqlashga tushadilar. Yana qo’shiq, baytlar, tez aytishlar, ertaklar…
Hayit bahorga to’g’ri kelsa yana qizlarning kuni tuqqani. Yo gujum, yo qoramon, yo o’rikka arqon tashlab, arg’imchoq solishadi. Ikki-uch joyda yonma-yon va basma-basiga uchishlar… Yana qo’shiq aytishlar…
To’ylar qizlar uchun katta bayram. Dugonasini uzatishga birga borishadi. Ot aravada oydin kecha yor-yor aytib yo’l yurish, kuyovnikiga kiraverishda katta sahnda yonayotgan gulxandan o’tish, sochqi sochayotgan xotinlarning qo’polligi, yuz-ko’zga urilgan qand, novvot, parvarda parchalari, kuyovning belbog’ini yechish marosimlari… hamma-hammasi yangi bir olam, yurakda yangicha zarblar…
Roziya, Robiya, Guljon. Uchalasining bo’yi baravariga yetildi. Endi ular atrofidagi hayotga emas, balki boshqa bir shohga tobe, fuqaroligini qabul etganday edilar. Muhabbat kirgan edi ularning yuragiga. Robiya bilan Guljon sevgi domiga tez tushib, o’z yigitlari bilan qat’iy va’dalar olishib, to’y umidi bilan yashay boshladilar. Lekin nimagadir Roziya shoshilmas, haliyam o’z bolaligidan ajralgisi kelmayotganday, hamma narsaga beparvoday edi.
Yurtda hayot hamon o’z eski yo’sinida. Hayot navbahorga to’g’ri kelgan yili Amudaryo bo’yiga odam sig’may ketdi. Aytishlaricha, bu saylga to’qson yurtdan hofiz, dorboz, savdogar, mehmon kelgan. Ko’rsatilmagan tomosha, pishirilmagan taom, aytilmagan qo’shiq, so’z qolmagan. Bu saylda qizlarda katta o’zgarish bo’lib, uchoviga qorama-qora Robiya bilan Guljonning yigitlari ham yurishardi. Roziyaga bu bir oz alam qilgandek ham bo’ldi. Ikkala dugonasi unga yigitlari borligi bilan maqtanayotgandek tuyulardi. Faqat bolalikdagi do’stlikning intiq iplarigina o’rtada jiddiy bir gap chiqishidan saqlab turardi. Lekin voqealar birdaniga boshqacha tus olib ketdi. Savdogarlar rastasini ular negadir Roziyaning tazyig’i bilan uch marta aylanib chiqishdi va to’rtinchi safarida Roziya xorijlik yosh va ko’rkam yigitning matosiga xaridor bo’ldi. Yigit esa o’ylanmasdan molini, shundoq, bepul tutqazdi qo’ydi Roziyaga! Qiziq-ku! Qizlar lol. Xorijlik yigit esankiragan. Roziya esa mag’rur!
Sayl o’tib ketdi. Lekin voqea davom etdi. Savdogar yigit o’zi bilan kelgan hamrohlari bilan xayrlashdi. Gurlan karvonsaroyida mustahkam joylashib Roziyalarning ko’chasidan kunda bir marta o’tadigan bo’ldi. O’rtada g’alati bir muhabbat paydo bo’lgani aniq edi. G’alati deganimizning sababi, qiz boshqa millatdan, ustiga, xorijdan kelgan birovni yaxshi ko’rib qolib, masala turmush qurish darajasigacha taqalib qolsa, biz tomonlarda bugun ham ko’pchilik taajjub ila yoqa tutadi.
Ish jiddiy, Roziya o’zining g’alati sevgisidan karaxt va garang. Na dugonalarining, na qarindoshlarining o’git-maslahatlari va na otasining duoibad qilaman deb do’q qilishlari bir naf berdi. Ona kasallanib yotib qoldi. Lekin Roziyaning o’z bilgani bilgan, xorijlik bilan ketishga qat’iy jazm qilgan edi. Yo’limni to’smanglar, o’zimni o’zim o’ldiraman va yigitim o’ligimni bo’lsayam olib ketadi, deb do’q ham ura boshladi.
… Har bir yurtda donishmand oqsaqollar bo’ladi. O, Gurlanda katxudolar hamma zamonlarda istagancha topilgan. Roziya voqeasiga ular aralashishdi. Oldiniga ular ham Roziyani “Uzoq el, borsang, endi hech qachon qaytib kelolmaysan, u yoq-bu yoq…” qabilida qaytarib ko’rishdi. Lekin hech narsa o’zgarmadi. Shunda ular qizning otasi bilan onasini bir amallab oq fotiha berishga ko’ndirishdi. Oh, qanday donishmand, oqko’ngil, saxovatli donishmandlar yashaydi Gurlanda!
Qiz ketdi. Kichikroq to’y ham qilib berishdi sho’rlik ota-ona. Ketishi oldidan ona Roziyani bag’riga bosib qiziq bir iltimos qildi. “Jon bolam, sog’ bo’l, salomat bo’l. baxtli bo’l. Bitta o’tinchim: Bola ko’rsang ularning hech biriga alla aytma! Aytsang, butun umr norozi ketaman…” Roziya xo’p deb oyisini ishontirdi va yo’lga ravona bo’ldi. Nima bo’pti alla aytmasa?! Hech nima! Chiqonlari Robiya bilan Guljon yeti chaqirim joygacha aravaning panjarasiga yopishib, xayrlashib yig’lab kelishdi va oxir ular ham, ukalari ham, qiziqsinib ergashgan odamlar ham qolib ketishdi. Gurlan qolib ketdi. Amudaryo, to’qaylar, qum sahrosi… Ko’p narsa ortda qolib ketdi…
Xullas, ular yigitning yurtiga yetib kelib, to’y-ma’raka qilib birinchi farzand ko’rganlarida oradan yetti-sakkiz yil vaqt o’tib ketgan edi. Roziya boy-badavlat yashar, turmushning hech narsasini o’ylamas, faqat xizmatkorlar qurshovida o’z go’dagi bilan ovora edi xolos. Uni goh olisdagi otasiga o’xshatar, goh oyisiga, goh ukalariga mengzatib, sog’inchini bosib, o’zini ovutar edi. Onasi iltijosi esidan chiqqani yo’q, bolasiga sira alla aytmadi. Lekin kunlarning birida o’g’il qandaydir kasalga chalinib, tezgina olamdan o’tdi. Roziyaning qayg’usi yeru osmonga sig’madi, faqat ikkinchi o’g’il tugilib, miyig’ida kuladigan bo’lgandagina birinchi dard, yo’qotish bir oz yengillashdi. Lekin bu farzandi ham ko’p turmadi. Roziya qora kiydi. Xizmatkorlar xo’jayiniga xotining bolaga mehr qo’ymaydigan toifadan ekan, avvalgi ikkitasiga ham biron marta alla aytganini ko’rmadik degan gaplarni albatta yetkazishgan edi. Uchinchi o’g’il tug’ilgaida hamma yengil nafas oldi. Roziya endi uni yeru ko’kka ishonmas, erining unga bo’lgan muhabbati endi shu go’dakning taqdiri bilan bog’lanib qolganini Roziyaning o’zi ham sezib turar edi.
Yo falak! Nogahon erka o’g’ilcha kasallanib qoldi. Roziya, eri o’zini har tomonga urishdi, uzoq-yaqindan kelgan tabiblar sarson-naf yo’q… Mana, necha kecha bola yig’idan tinmaydi. Roziya o’zini yo’qotar darajada. Tong oldida eri dahshatli qiyofada hayqirdi:
— Qanday onasan o’zi?! Mehr degan narsa bormi senda ham?! Bir alla aytib bag’ringga bossang-chi sho’rlikni?! Alla ayt…
Roziya lol. Erining bu g’alati vajohatidanmi yo onasiga bergan va’dasi uchunmi, uzoq vaqt biron nima deyolmadi. Bolaning ahvoli og’irlashgandan og’irlashib, bir ahvol bo’lganda, birdan bolani ko’kragiga bosib dast o’rnidan turdi va yig’imi, o’tinchga o’xshash bir ovoz bilan alla ayta boshladi…
Go’dak ingranib-ingranib, axir tinch uyquga kirdi. Birinchi, ikkinchi, uchinchi kecha alla aytdi… Bola tuzala boshladi… Roziya endi onasiga bergan so’zini unutgan, soat sayin to’lishayotgan go’dagiga mahliyo, alla aytar, ko’ngliga quvonch va umid ina boshlagan edi.
Bola butunlay tuzalib ketdi. Lekin baribir to alla aytmaguncha uxlay olmas edi. Bir kuni kechasi alla aytib, mudrab o’tirib to’satdan Roziyaning ko’ngli to’lishib ketdi, ko’zlari issiq yoshga to’ldi. U allani go’yo o’zi uchun aytayotganday, yoshlikda dugonalari yasagan qo’g’irchoqqa aytayotganday tuyuldi. Rost! Dugonalari hozir qanday ekan-a? onasi-chi? Sho’rlik, qarib qolgandir?! Yo… Xudo ko’rsatmasin, kasalvand edi, olamdan o’tgan bo’lsa-ya… “Onajon! Dod, oyijonim!”
Roziya faryod solib o’rnidan turdi. Chinqiriqqa xizmatkorlar, eri kirib kelishdi. Roziya o’zini bosdi, bosinqirabman, dedi. Lekin yotib uyqusi kelmadi. “Ukalarim katta bo’lib ketishgandir. Otam-chi?! Bechora otaginam. Birgina ko’rsam sizlarni armonim yo’q edi! Birgina ko’rsam! Robiya! Guljon! Ko’ramanmi sizlarni endi?!” Robiyaning ko’z o’ngidan bolalik xotiralari – Xizreliyop loyqa suvlari, g’arq pishgan oq tutlar, o’riklarga osilgan arg’imchoqlar, qo’shiq aytib qizil sholi tuyayotgan xushchaqchaq xotinlar birma-bir tizilib o’ta boshladi.
Shu kechadan boshlab, tinchi butkul yo’qoldi. Sho’rlikning uyini ko’rgisi keldi. Onasini… Yurtini… Oxiri eri ham sezdi uning ahvolini. Roziyaning ko’nglini oldi. Lekin Xorazmga borishning hech-hech iloji yo’q edi. Birinchidan, yo’l benihoya uzoq va mashaqqatli, ikkinchidan, o’rtadagi mamlakatlar bir-birlari bilan katta urush qilar, ko’p qonlar to’kilib, karvonlar qatnovi tamom tinib qolgandi…
Roziya qiynoqda qoldi. O’g’li katta bo’lib, tengqurlari bilan o’yinga chiqib ketganida, o’ziga o’zi alla aytadi, yig’laydi. Bolaligida eshitgan qo’shiqlari uzuq-yuluq bo’lib bo’g’ziga tiqiladi:

Osmonga qarasam oyning bolasi,
Orqamga qarasam Gurlan qal’asi…
Gurlanning yo’llari olisdan-olis,
Gurlanning yo’linda yonadi fonus…

Gurlanning yo’llari yo’l bo’lg’onmikan,
Egnida oq ko’ynak kir bo’lg’onmikan?!
Manov turgan bizni yorning hovlisi,
Shamol bilan kelar Gurlanning isi…

Xullas, Roziya onasi qilgan iltimosiga endi tushunganday bo’ldi. Lekin u alla shunchaki yaqin kishilarni, qarindosh-do’stlarni esga solib, yurakni siqar ekan, deb o’yladi. Lekin u bu sog’inch, bu intilishning tub zamini qayerdan ekanini anglab yetgani yo’q!
Allada biz xayolimizga keltirmagan boshqa bir mo’jiza, muqaddas qudrat, sehr bor degan edik. Alla- onadan o’tgan meros emas, bizga u – onalarimizdan ham katta ona bo’lgan Ona tuproqdan kelayotgan sado!