Men – toshkentlikman. Menga yurtimning har tuprog‘i – qishlog‘u kenti aziz. Ammo ko‘z ochib ilk bor taniganim shahri azim – Toshkent bo‘lgani uchun unga mehrim bo‘lakcha. Shu bois, avvalo, g‘urur haqida so‘zlagim keladi. Yaqin o‘tmishda O‘zbekistonni faqat agrar o‘lka sifatida ko‘rib, uni, asosan, paxta yetishtirishdan nariga o‘tolmaydi, deganlarga javoban biz bugun og‘ir sanoat borasida xayol qilish qiyin bo‘lgan voqeliklarga guvoh bo‘lib o‘tiribmiz. O‘zimizda “ISUZU”, “MAN” rusumli avtobus, chiqindi tashiydigan haybatli og‘ir mashinalar hamda traktor, pritsep, avtokran kabi xalq xo‘jaligiga zarur mashinalar ishlab chiqarilayapti. Yana ularni lizing va imtiyozli kreditlar yo‘li bilan olish imkoniyati bor. Qolaversa, ana shunday texnika imkoniyatlari Toshkentdek ulkan shaharda ozodalikni saqlash uchun muhim omil bo‘layapti. Ayni chog‘da, imkoniyatga muvofiq muqobil boshqaruv tizimining joriy etilishi bu “Megapolis” tusini olayotgan shahrimiz uchun eng asosiy muammolardan birining hal qilinishi demakdir. Ha-da, qariyb 2,5 million aholi doimiy istiqomat qiladigan (kunda kelib ketadigan mehmonu xizmatchilar bilan bu raqam 4 millionga yaqinlashadi), 475 mahalladan iborat, 135838 ta yakka tartibda, 9155 ta ko‘p qavatli uy-joylari bor, 33 ta oliy ta’lim muassasasi, 80 ta kasb-hunar kolleji, 41 ta akademik litsey, 325 ta umumta’lim maktabi, 505 ta maktabgacha tarbiya muassasasi, 826 ta shifoxona, 114 ta kasalxona, o‘nlab teatr-tomosha muassasalari, muzeyu istirohat bog‘lari bor 335 kv. km. maydonni shahar aglameratsiyalaridan iborat “Megapolis” desak, mubolag‘a emas, albatta. Zero, turli lug‘atlarda yunoncha “megas” – katta, “polis” – shahar so‘zlaridan olingan Megapolis “yonma-yon joylashgan bir qancha shahar va aholi yashaydigan maskanlarning o‘sib rivojlanishi va qo‘shilib ketishi natijasida hosil bo‘lgan ulkan shahar”, deya izohlanadi. Xo‘sh, bu sifatning qay bir jihati bugungi Toshkent shahriga xos emas?! Qolaversa, Toshkent dunyoning yuzlab buyuk shaharlari orasida yashash qulay bo‘lgan shahar sifatida 58-o‘rindan joy olgani va bu ko‘rsatkich Buyuk Britaniyaning “Ekonomist” jurnali e’lon qilgan reyting bo‘yicha belgilanganining o‘ziyoq yuqoridagi fikrlarimizga yana bir shahodat.

O‘zbek kundalik hayotini tong sahardan turib hovli-ro‘ya, eshik oldini suv sepib supurishdan boshlaydi, o‘tgan-ketganning va avvalo, o‘zining ta’bini ravshan etib, kunni xush kayfiyatda o‘tkazishga chog‘lanadi. Bu – bir qadriyat, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan o‘ziga xos turmush tarzi. Ana shu kabi qadriyatlar, avvalo, oila ma’naviyati bo‘lib ota-onadan farzandlarga o‘tsa, soniyan, mahalla-ko‘y, atrof-jamoa bari bu ishlarga azalan kamarbasta, posbon. Yurtboshimiz “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” nomli kitobida mahalla institutining joriy etilishini izohlab, “Davlatchiligimiz tarixida birinchi marta “mahalla” tushunchasi Konstitutsiyamizga kiritilib, uning jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va maqomi qat’iy belgilab qo‘yildi” deya, mahallani milliy ma’naviyatni shakl­lantiruvchi asosiy mezon – eng muhim omillardan ekanini alohida ta’kidlaydi, “azaldan o‘zbek mahallalari chinakam milliy qadriyatlar maskani bo‘lib” kelayotganini aytadi. Darhaqiqat, bizning “haqiqiy demokratiya darsxona”miz ham aynan mahalla. Xo‘sh, kim qaerda bir insonning o‘zga bir begona insonga beg‘araz, shunchaki muruvvat, e’tibor, insoniylik yuzasidan qayishganini ko‘ribdi? Balki bitta-yarimta bo‘lsa bordir. Ammo bu fazilatning butun bir millatga xos xususiyat ekani faqatgina o‘zbek xalqiga tegishli bo‘lsa kerak.

Bir yili Rossiya telekanalida o‘tgan asrning 60-80-yillarida millionlab tomoshabinlar suygan, nihoyatda mashhur bo‘lgan aktyor Aleksey Smirnovning so‘nggi kunlari o‘ta qayg‘uli kechgani xususida ko‘rsatuv bo‘ldi. “Ы operatsiyasi yoki Shurikning sarguzashtlari” filmidagi bezori-davangirni o‘ynagan aktyor kasallikka chalinib, kimsasiz bir ahvolda o‘z kvartirasida o‘lib qolgani aytildi. Agarki, mamlakatning barchaga taniqli, xizmat ko‘rsatgan fuqarosining ahvoli shu bo‘lsa, oddiy odamlarning holi qanday ekan deb, o‘ylanib qoladi kishi. Bu xususda xalqimizda shunday maqol bor: “Tuyani shamol ko‘tarsa, echkini osmonda ko‘r”. Ana shunday holatlarda mahalla degan ijtimoiy uyushmaning qanchalar muhim, betakror hodisa ekanini anglaydi kishi. So‘zimiz isboti uchun bir-ikki misol: Toshkent shahrida joriy yil davomida 530 nafar yolg‘iz nafaqaxo‘rga 166,9 mln so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari tekin tarqatilgan, 682 nafar faxriylarga sovg‘alar ulashilgan va hokazo. Shunday holatlarni tizimli shaklga kiritish xususida ham Toshkent shahar mahallalari va unga mutasaddilar yil osha turli tashabbus va tajribalar qilib, fuqarolar yig‘inlarining jamiyatdagi, yakka olingan har bir inson hayotidagi o‘rni va ishtirokini kuchaytirmoqqa erishayaptilar.

Biz so‘z yuritmoqchi bo‘lgan yangilik: “Mahalla fuqarolar yig‘inlarida jamoatchilik va davlat idoralarining hamkorlikdagi faoliyat tizimi” xususida. Bu jarayonda hamkorlik bir necha bosqichda olib borilib, uning boshida tuman xotin-qizlar qo‘mitasining raisi hamda “Nuroniy” fondi, “Kamolot” Yoshlar ijtimoiy harakatining joylardagi vakillari va albatta, mahalla fuqarolar yig‘ini vakillari ishtirokidagi jamoatchilik guruhi turadilar. Dastlab 1-bosqichda ana o‘sha tashkilotlar vakillari va mahalla faollaridan iborat “Ishchi guruh” tuziladi. 2-7-bosqichlarda “Salomatlik”, “Ta’lim-tarbiya”, “Oilaga kirish”, “Bandlik” va “Jinoyatchilik profilaktikasi” kabi 5 ta guruh-sektor shakllantiriladi. Bularning har biri o‘z nomi bo‘yicha belgilangan yo‘nalishlarda mahalla fuqarosi hisoblangan har bir konkret odam bilan ish olib boradi. Demak, kattayu kichik birorta kishi e’tibor va jamoa nazoratidan chetda emas.

Ayrim misollarga murojaat etaylik. Joriy yilning 10-17 oktyabr kunlari Ishchi guruhlari tomonidan aniqlanib, hal etilgan masalalar:

– Bektemir tumani, “Bektemir” mahallasi, Ixlos ko‘cha 50-uyda istiqomat qiluvchi Pak Nadejdaning o‘g‘li kasalligi uchun kasalxonaga yotqizilgani, “Oltintepa” mahallasidan Sanobar Toshpo‘latovaning yolg‘iz o‘zi 4 farzandni tarbiyalayotgani uchun yaqindan moddiy yordam hamda qizining kollejga qatnashi uchun bepul yo‘l chiptasi berilgani, Mirzo Ulug‘bek tumanidan yolg‘iz yashovchi nogiron ayol Lidiya Fyodorovaga kommunal qarzlari to‘lab berilgani, Sirg‘ali, Uchtepa, Chilonzor, Olmazor tumanlarida kimnidir endokrinologiya dispanseriga yotqizilgani, yana boshqa bir fuqaroni ishga joylashtirilganligi, boquvchisi yo‘q bir ayolga “Saraton” kasalligi bo‘yicha moddiy yordam qilingani, Yakkasaroy tumanidagi Qushbegi mavzesidan Zubayda Qalandarovaga tikuv mashinasi berilgani va hokazo. Umuman, ana shu kabi olib borilgan ish natijalari har haftada bir marta payshanba kuni mahalla fuqarolar yig‘ini Kengashlarida muhokama etiladi. O‘z navbatida, Shahar xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan bu ma’lumotlar haftalik monitoring jadvallari shaklida umumlashtirib boriladi. Mana, dastlabki xulosalar: 2013 yilning oktyabrgacha bo‘lgan davrida yuqorida qayd etilgan ishchi guruhlar tomonidan Toshkent shahridagi 400000 oila o‘rganib chiqilgan. Shulardan 11000 ga yaqini haqiqiy ehtiyojmand, muammoli oilalar; 150000 dan ortig‘i o‘rta hol hayot kechiradi, o‘zlarining katta-kichik hayotiy tashvishlari bilan mashg‘ul; 55000 dan ortiq oilalarga ijtimoiy, 40000 dan ortiqrog‘iga moddiy va 42000 dan ortiq oilalarga huquqiy yo‘nalishlarda yordamlar ko‘rsatilgan. 120000 dan ortiq oila ma’naviy qo‘llab-quvvatlangan. Ana shu ishlar natijasi o‘laroq, notinch oilalar, balog‘atga yetmagan qizlarni turmushga berish, fohishabozlik, giyohvandlik, odam savdosi, turli shakldagi boshqa jinoyatchiliklarning oldi olingan. Shahrimiz va undan o‘tib mamlakatimiz fuqarolarining sog‘lom turmush tarzi barqaror bo‘lishi uchun bag‘oyat ta’sirchan amaliy choralar ko‘rilgan.

Shu tegrada mazkur tizimning 8-bosqichini tashkil etgan “Orasta qizlar” axborot-maslahat guruhlari haqidagi tajribalar ham e’tiborni tortadi. Bu yo‘nalishda ham ishchi guruhlar tuzilib, uning tarkibiga mahalla maslahatchisidan boshlab oilaviy poliklinika bosh shifokori, maktab direktori, maktab psixologi to otinoyigacha kiradi. Ular har bir mahalladan tanlangan 5-15 qizga maslahat va yo‘llanmalar berib, shu qizlar yetakchiligida to‘garaklar faoliyat yuritishiga, turli tadbirlar uyushtirilishiga ko‘maklashadilar. Bu tadbirlar mavzulari: “Xushmuomalalik ziynati”, “Ro‘zg‘or o‘gitlari”, “Kiyinish madaniyati”, “Ostonasi tillodan” va hokazo. Qizlarni hayotga tayyorlash, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, turli oilaviy turmush ko‘nikmalarini shakllantirishda “Orasta qizlar davrasi” muhim ahamiyat kasb etmoqda. Qizlarni ko‘rib havaslangan yigitlar ham endilikda tashabbus ko‘rsatib, “Orasta yoshlar davrasi” to‘garaklarini tashkil etmoqdalar.

Yuqorida tilga olingan “Hamkorlik” tajribalari azbaroyi yaxshi samara berganidan Xorazm va boshqa viloyatlarda ham qo‘llanib, Respublika bo‘yicha qanot yoymoqda. Bular bari – Toshkent mahallalaridagi ijtimoiy yo‘naltirilgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar. Qurilish, bunyodkorlik ishlari, kichik biznes va tadbirkorlik, maishiy xizmat ko‘rsatish, transport, yo‘llar, turli qulayliklar yaratish borasidagi olam-jahon ishlarni sanasang, sanog‘iga yetish qiyin. Shunga qaramay, turmushimizda voqe bo‘layotgan yana bir yangilikni aytmaslik mumkin emas. Bu – Toshkent, balki poytaxt orqali butun Respublika bo‘ylab ommalashib borayotgan namunaviy “Sport maydonchalari” barpo etish tajribalari.

Men yaqinda 17 yoshgacha bo‘lgan o‘spirin futbolchilarimizning Birlashgan Arab Amirliklaridagi jahon chempionatida Yevropadagi eng baquvvat jamoalardan hisoblangan Xorvatiya futbolchilarini yengishi va umuman, bu musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etishini mamlakatimizda Yurtboshimiz tomonidan sportga ko‘rsatilayotgan nihoyatda katta e’tibor natijasi o‘laroq barpo bo‘layotgan mahalla – joylardagi “Sport maydonchalari”ning ommalashayotgani bilan ham bog‘lagim keladi.

Dastlab, Yunusobod bozoridan keyingi xalqadan aylanib o‘tib, Hasanboy ko‘chasi yo‘nalishiga ketib borishda 7-daha “Astrobod” mahalla hududidagi ko‘p qavatli binolar qatorida yo‘l bo‘yida o‘z holicha tashlab qo‘yilgan mo‘lgina maydonchaning tekislab, chor-atrofi o‘ralayotganiga ko‘zim tushgan edi. To‘g‘risi, hayron bo‘lib, o‘sha atrofdagi tanishlardan surishtirdim. Ular bu yerda mini futbol maydonchasi va qatorasiga bas­ketbol, tennis maydonlari ham qurilayotgani, bular tez orada bitib, atrofdagi 7 yoshdan 70 yoshgacha barcha g‘ayratli odamlar uchun ochiq bo‘lishini aytishdi. Haqiqatan ham, oradan ko‘p o‘tmay, bu maydonlar bitdi. Yerdagi chimidan panjarayu to‘rigacha ko‘zga xush yoqadigan ko‘m-ko‘k rangdagi sun’iy qoplamali bu maydonchalarni havo ochiq kunlari biror oqshom gavjum bo‘lmay turganini ko‘rganim yo‘q. Yosh bolalardan tortib, o‘zimiz qatori o‘rta va hatto keksa yoshdagi kishilar ham to‘p surib yoki koptokcha o‘ynatib, vaqtlarini xush o‘tqazayotganlarining guvohi bo‘ldim. Har safar ko‘nglimdan bir o‘y o‘tadi. Mamlakatimiz rahbari bizga, avvalo, fuqarolarimizning sog‘lig‘i muhim deya, sportni ommalashtirishga alohida e’tibor berib, quruq – bo‘sh yotgan yoki turli chiqindilar tashlanib, hudud mutasaddilariga qo‘shimcha tashvish tug‘dirayotgan maydonchalardan oqilona foydalanishga rag‘bat uyg‘otdi. Toshkent shahrida so‘nggi bir-ikki yil chamasi boshlangan tashabbus rosmana qanot yozdi. O‘tgan yil noyabr boshlarida mamlakatimiz Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoev tomonidan barcha manfaatdor mutasaddilar, shaharlar va tumanlar hokimlari o‘sha dastlabki namunaviy sport maydonchalari hududlariga taklif etilib, bu tajribani keng yoyish, maydonchalarning bir necha namunaviy loyihalarini yaratish, ularda zarur bo‘ladigan barcha qo‘shimcha shahobchalarni nazarda tutish va bunday ishlarga qo‘l urayotgan tadbirkorlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Qarabsizki, buyog‘i Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor, Shayxontohur, Mirobod, Yakkasaroy, Hamza, qo‘yingchi, barcha tumanlarda va Respublikamizning barcha viloyatlarida “Sport maydonchalari” barpo etish xayrli poyga tusini oldi.

Toshkent shahri misolida bu tajriba ham istiqbolli, hayotbaxsh hodisaga aylandi. Nazarimizda, mazkur tajriba amaliyoti juda ko‘p hayotiy masalalar, xususan, iqtisodiy, ijtimoiy, ma’naviy-mafkuraviy jihatlardan nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi. Jumladan, hududlardan oqilona foydalanish, tadbirkorlik va ish o‘rinlarining yangi tarmog‘ini tashkil etish va eng muhimi, aholi salomatligini ta’minlash, yoshlarni sportga qiziqtirish, bo‘sh vaqtini unumli o‘tkazish, turli zararli ta’sirlardan saqlash va boshqalar.

Yuqorida, asosan, “Obod turmush yili”da ko‘proq joriy etilgan amaliy ishlar – islohotlar, yaratuvchanlik, bunyodkorlik, ijtimoiy-ma’naviy faoliyatga oid masalalardan so‘z yuritdik. Obodonlashtirishning boshqa tarmoqlari, yo‘l, turar joylar qurilishlari, kommunal maishiy xizmatlar, transport, dam olish maskanlari, istirohat bog‘lari, yangi-yangi mahalla guzarlari va hokazo, va hokazo o‘nlab, balki yuzlab yo‘nalish hamda tarmoqlar haqida fikr bildirolmadik. Yana rejamizda Toshkent ko‘chalarini, maydonu xiyobonlarini ko‘kalamzorlashtirish, yashil hududlarga aylantirish bo‘yicha qilinayotgan favqulodda katta miqyosli ishlar va ayniqsa, Toshkent favvoralari haqida so‘z aytish niyati bor edi. Poytaxtimiz Istiqlol yillarida favvoralar shahriga aylandi desak, mubolag‘a emas. Turli musiqa ohanglariga kamalakning anvoyi ranglarida “xirom etadigan” eng zamonaviy texnologiyalar asosidagi ulkan favvoralar shahar ahli, mehmonlari hayratu zavqini oshiribgina qolmay, serquyosh kunlarda mo‘‘tadil haroratni saqlash, dam olish uchun yoqimli imkoniyat yaratish hamdir. Ana shu kabi har jihatdan qalbni quvontiradigan yaratuvchiliklar haqida, Yurtboshimiz aytmoqchi, “Ertasiga ishongan mamlakat xalqining farovonligi” borasida to‘lib-to‘lqinlanib yozish tilagimiz bor edi. Biroq birgina maqola doirasida azim poytaxtimizda joriy yilning o‘zida amalga oshirilgan barcha bunyodkorlik­larni sanab, to‘la qamrab, ko‘rsatib berish oson ish emas, balki mumkin ham emas. Binobarin, ardoqli shoirimiz Muhammad Yusuf Toshkent vasfida kuylaganidek, biz ham qarzdorlik hissi bilan bitiklarimizga nuqta qo‘yamiz.

 Ey, quyoshga qarindosh shahar,
 Tinglamassan balki arzimni.
 Qirq yil qulluq qilsam ham agar,
 Uzolmasman sendan qarzimni!..

“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 6-son.