Yazdır
Üst Kategori: Özbek Edebiyatı
Kategori: Günümüz Özbek Nesri
Gösterim: 1599

NOMIQ KAMOL
JALOLIDDIN XORAZMSHOH
Usmonli turkchasidan Xurshid Davron o’zbekchalashtirgan
011

07 Turk adabiyotining buyuk namoyandasi, turkchilik asoschilaridan biri, yosh usmoniylar harakatiga mansub yozuvchi, shoir, dramaturg, jurnalist va siyosatchi arbob Nomiq Kamol 1840 yil 21 dekabrda Turkiyaning Tekirdag’ shahrida dunyoga kelgan.
Nomiq Kamol yurtsevarlik, hurriyat, millatparvarlik g’oyalari kuchaygan Tanzimat davri mutafakkirlaridan hisoblanadi. U zamondoshlari tomonidan «Vatan shoiri» va «Hurriyat shoiri» deb ulug’landi. Adibning ijodi, xususan, «Intiboh», «Jaloliddin Xorazmshoh», «Vatan yoxud Silistre», «Zavolli go’dak», «Gulnihol», «Akifbey», «Avroqi parishon», «Davri istilo», «Tasviri afkor», «Hurriyat», «Hiloli usmoniy» va boshqa bir qator asarlari yangi turk adabiyoti shakllanishiga samarali ta’sir ko’rsatdi. Uning hayoti oson kechmadi, surgun va qamoqlarda o’tdi. Nomiq Kamol 1888 yilning 2 dekabrida Egey dengizidagi orollarning birida vafot etdi.

011

QATNASHUVCHI SHAXSLAR

Muhammad Alouddin – Xorazmshoh, Jaloliddinning otasi
Jaloliddin — Muhammad Xorazmshohning o’g’li
G’iyosiddin ———————————————-
Oq Sulton ———————————————-
Arzak Sulton ———————————————-
Qutbiddin — Jaloliddinning o’g’li
O’zbek — Umarolardan va Jaloliddin mahramlaridan
Malik Nusrat ——————————————
O’rxon ——————————————
Nuriddin Munshiy — Jaloliddin as’hobi devonidan
Buroq Hojib — Qoraxitoy davlati
Sayfiddin Iroqiy — Muhammad Xorazmshoh umarolaridan
Badriddin Amid ————————————
Amir Nushtegin ————————————
Imodul Mulk ————————————
Xodimxon ————————————
Izzatdin Kazviniy — Mehri Jahonning mahrami
Qiyomiddin Bag’dodiy — Tabrid kadisi
Sulaymon ————————————
Jobir — Buroq Hojibning mahramlaridan
Muborak — Mehri Jahonning xodimasi
Nayyira — Jaloliddining birinchi xotini
Mehri Jahon — Jaloliddinning ikkinchi xotini
Zahira — G’iyosiddining onasi
Xizmatkorlar, askarlar, xodimalar, joriyalar va g’oyibiy bir sas.
Birinchi parda
(Obi Sukun orolida shohona, lekin eski bir chodir)

BIRINCHI MAJLIS
Jaloliddin – Nayyira

NAYYIRA – Jamoli uzra qora bulut yanglig’ cho’kkan bu motam rangidan Quyosh qay zamon qutular ekan?
Bir vaqtlar bu chehra navbahorga o’xshardi. Atrofiga doimo nurli shafaqlar, tabassumidan unib chiqqan g’unchalar sochar; kimki bir karra boqsa, ko’ngli ruhiy safo, ko’zlari quvonch yoshlari bilan to’lardi. Quyosh tutilishini ko’rgan esam-da, uning kabi yana bir nurli jamolning vaqti kelib zulmat rangi bilan qoplanajagini hech aqlimga sig’dira olmasdim. Nahot bir martagina, bir daqiqagina bo’lsa ham kulmassiz? Nayyirangizga – bir vaqtlar yoningizda jon topgan quvonchga, ko’z ochib ko’rganingiz Nayyirangizga tikilasiz, tikilasizu jigarini o’q teshib o’tgan, sayyodini kuzatayotgan yarador arslon kabi ko’zlaringizdan otash, dudoqlaringizdan g’azab sochiladi. Falakka bosh egmassiz! Ammo bir vaqtlar meni deb podshoh padaringiz oyoqlariga bosh urib, Xorazm saltanati xonadonining erkasi qilgan edingiz. Nahot ko’ngilda endi u mayldan, u tavajjuhdan zarracha qolmagan bo’lsa?!

JALOLIDDIN – Yo’q, unday dema, aslo! Seni birinchi ko’rishimda qanday sevib qolgan bo’lsam, yuzingga boqqanim sayin, sevgim yanada ortib bormoqda.
NAYYIRA – Unday bo’lsa, chehrangizdagi bu mahzunlik boisi ne? Dunyoda muhabbat qarshisida mag’lub bo’lmaydigan alam bormi? Bu jahon g’amini jahonning o’ziga qoldirsak-da, yana muhabbatimizni o’ylasak bo’lmaydimi? Evoh, qanday musibat zamonga qoldik! Hayot vujudimizdan hech qachon ayrilmaydiganday turibmiz. Falak esa balo kunlarining daqiqasini yillarga, soatini asrlarga uzaytirmoqda. Bizlar ham unga qarshi o’laroq, vaqtimiz naqadar og’ir kechsa-da, umrning eng buyuk lazzati bo’lgan sodiqona muhabbatdan shu qadar ziyoda istifoda etsak, falakdan loyiqi bir intiqom olsak ne bo’lur! Yuzlarimga bunday mahzun tikilmangiz! Istasak, falakdan intiqom ola bilurmiz! Pok vijdonimiz, o’zligimiz bizni har qanday baxtiyorlik bilan ta’minlashga kafildir. Oh bilmayman, negadir bu ulkan olamning qanday qayg’ulri bo’lsa – hammasiga qalbingizdan joy topiladi, ammo mening ko’nglim yolg’iz siz bilan to’liq! Sizdan o’zgani istamas! Yodingizdami, biz qachon ko’rishgan edik? Bilasiz!… Qilichlar shafaq bag’rida tug’ilgan hlol yanglig’ qonlar ichida porlay boshlagan; tug’lar qoningni so’rish uchun tanangga yopishishga tayyor turgan ajdarday titrab-titrab boshini ko’targan; o’qlar vatan bo’lguvchi bir qalb izlab maydonga otilgan, muhabbat kabi nogoh qarshisidan chiqib qolganlarni jon uyidan quvib chiqara boshlagan; dahshatli zilzila tufayli butun askaru-silohlari bilan to’zib ketgan qal’a qo’rg’oni kabi fillar, toshlar, temirlar, o’qlar, xarobalar, qichqiriqlar, oh-vohlar, vovaylolar sochganicha ustimizga bostirib kela boshlagan edi. (O’z-o’ziga) Nahot zeriktirib qo’ygan bo’lsam?
JALOLIDDIN – So’zla, so’zla! Umrimning sening kabi eng aziz onlarini ko’z o’ngimda qayta namoyon qilmoqdasan!
NAYYIRA – Padarim urushga ketarkan, meni ham yonlariga olgandi. Marhuma volidam, bechora ayol, qanday faryod solganini bilsangiz edi! Oh, qanday janjallar qildi! “Qaysi qiz o’n sakkiz yoshida urushga boribdi? Ikkala o’g’limni olib ketyapsiz. Mayli, men roziman, biri zirhingiz, biri siparingiz bo’lsin! Vujudlari o’q va qondan atrofga shox otgan va boshdan-oyoq gullarga g’arq bo’lgan daraxtga o’xshasin! Iftixor etib yashayin! Faqat qizimdan nima istaysiz? Uni men bilan qoldiring. Oh… O’g’ilni to’qqiz oy yuragimiz tagida saqlab dunyoga keltiramiz. Yetti-sakkiz yoshga chiqar-chiqmas, ularning yuzini ko’rmakka zor bo’lamiz… Endi esa qizlarimizni ham tortib olmoqchisiz! Sho’rlik ayol… farzandini – u qiz bo’lsin, o’g’il bo’lsin – qornida ko’tarib yuradi, bag’rida katta qiladi. Og’risa, har kecha tongga qadar yotog’ining etagida, o’lsa, har kuni oqshomga qadar mozorining boshida yig’laydi. Yana amir, ta’qiq, tasarruf yolg’iz otalarning qo’lida”, — deya shikoyatlar qildi. Yig’ladi, yolvordi. Otamning oyoqlari tagiga yiqildi. Ammo ta’sir ettirolmadi. Uning faryodlari, fig’onlari tinganidan so’ng padarim hafif bir tabassum qildi. Siz ham bir ko’rsangiz edi! Odatda u kishi bir so’z demoqqa chog’langan paytlaridagina shunday kulib qo’yardilar. “Podshoh naslidan bo’lganlarning burchi har turlik fidokorlikda xalqqa namuna bo’lishdir. Men avlodimni, hatto u qiz bola bo’lsa ham, davlatimni saqlab qolish uchun fido qilishga majburman. Bugun men qizimning hayotini xavf ostiga qo’ysam, ertaga har kas o’g’lini istasa-istamasa silohim oldiga tiz cho’ktiradi”, — dedilar. Yana volidamning yuzlarida paydo bo’lgan yalinish ifodasini ko’rishlari bilan: “Xotin kishining podshoh ishiga aralashishga haqqi yo’q!” deya baqirib berdilar. Tuklari hurpaydi. Ko’zlari otash kabi qizardi. Qizsha boshladi. Otamning ko’zlariga tikildimu, qarshimda o’ljasini tilka-pora qilishga tayyor arslon turganini his qildim! Begim, xudo panohingiz bo’lsin, zeriktirib qo’ymadimmi?
JALOLIDDIN – So’zla, jonim. Sen men umr bo’yi orzu qilgan podshoh, umr bo’yi izlagan padar haqida gapirmoqdasan. Qaynotamning mard bo’lganini eslab, ko’nglim bir oz tasalli topayapti. Koshki, sening kabi baxtiyor bo’lsam. Ammo, netaykim, padarim orzu-istaklari yo’lida davlatini emas, meni davlati yo’lida fido etmoqchi…
NAYYIRA – Oh, qanday farosatsizman! Ichingizdagi qo’rquv-shubhalarni daf qilaman deb, yana u andishaga quvvat berguvchi narsalar haqida so’zlab o’tiribman.
JALOLIDDIN – So’zla! So’zla! So’zlaringni eshitganim sayin lablaringdan o’pgan kabi ko’nglim ravshan tortmoqda!
NAYYIRA – Otamning qiyofasi shunday vajohatga kirdiki, onajonim butunlay shoshib qoldi. Go’yo lablari, kipriklari bir-biriga yopishib qolgan, na bir so’z demoqqa, na yuzimizga qarashga jur’at qila oldilar. Tezda o’rnilaridan turib haram eshigi tomon yura boshladilar. Men hayratdan butunlay qotib qolgan edim. Padarim ham o’rnidan qo’zg’aldi. Qabulxona sari yuzlandi. O’girilib menga shunday qaradilarki, go’yo ularning ko’zlari qahrabodan, vujudim esa cho’pdan edi – ixtiyorsiz orqalaridan ergashdim.
Jang maydoniga qanday nafrat, azob ichida kelganim yolg’iz o’zimga ayon! Bo’ynimga zanjir bog’laganday bir haftalik yerga tosh yo’llardan, tikanzorlar orasidan sudrab keltirdilar. Evoh, mening bu xavotirim go’daklarning orasidan yo’qlikdan vujudga kelayotganlaridagi faryodi qabilida ekan. Aslida, Olloh Taolo menga asil hayotni o’shanda nasib etganu, men istiqboliga chiqayotgan ekanman! Aslida, padarim bu bechora vujudni ikki islom davlati orasida tinchlikka, aqrabolikka xizmat qilsin deya u yerga ehtiyot uchun keltirgan ekanlar! Aslida Jalolimga o’sha yerda noil bo’lar ekanman! Oh buzg’unlik… Mening kabi onasining bag’ridan yangi ayrilgan qizlar uchun naqadar dahshatli ekanligini bilsangiz edi! Buni tasavvur ham qila olmaysiz. Otliqlaringizning qay biriga boqmay, go’yo o’lim tirilib ustimga bostirib kelayotganday tuyulardi. Otamni ko’rdim. U o’zini minglarcha qilich va tug’lar ustiga otar, bir necha yeridan yaralangan, orqasidan xil’ati qon tomchilaridan qoplon po’stiniga o’xshab qolgan edi. Havo qorayib ketgan. Osmon Xudoning g’azabidan jahannam mahluqiday qo’rqinchli o’kirardi. Zamin shahid o’g’lining qoni yuz-ko’zlariga sachragan ona kabi achchiq-achchiq yig’lar: har daqiqada yildirim otash rangidan yaratilgan ajdarho kabi bukila-bukmla bulutlarni yirtib yo bir og’ochga, yo bir tug’ga tushardi. Yuz minglarcha odam zirh kiygan, zirh kiyimlari ko’ngillarni ham temirga aylantirgan – jon olishda Azroilga tenglashardilar! Bu tarafga boqangiz, bir yigit yaralanib, ajali bilan kurashib-kurashib o’lmoqda! U tarafda esa bir askar boshqasining yoqasiga osilib olgan – go’yo o’z ruhi bo’lgan, u qo’lidan chiqarib yuborgan, ming hirs bilan, ming g’azab bilan jonini olmoqqa harakat qilmoqda. Qaerga boqmang o’qlar, yaradorlar, tug’lar, qilichlar, qon, fil, o’lim, otash, yildirim! Otam ko’rinmas, og’alarim yaralaridan oqqan qondan tirikmidi, yo’qmidi, farqlab bo’lmasdi. Volidam dunyoning u burchida, xizmatkorlar esa jang maydonida jon bermoqda! Joriyalar dahshatdan hushidan ketar, yerlarda sudralib ingrardi. Shamol chodirning bir uchini ko’targan, vujud sovuq va yomg’irdan xazon yaproqlari kabi titrar edi. Yo’q, inson qo’rquvdan, kadardan o’ladi desalar yolg’ondir! Agar shunday bo’lganida edi, u kun sog’ qolarmidim.
JALOLIDDIN – Oh, mard kishi shunday dahshatlar ichida o’zini, do’stini, ba’zan hatto dushmanini ham o’limning panjasidan olishib-olishib qutqarishga harakat qilsa, umrining qanchalik uzayishini, ko’ngli qanday ravshan tortishini bilasanmi?
NAYYIRA –Sizni o’sha muhoraba, o’sha qiyomatning orasida ko’rganim uchun ham bilaman! Hamon ko’z o’ngimda. O’rdaga yaqilashgan askar chodir iplariga yopishdi. O’qlar – daraxtga hujum qilgan ari galasiday birining boshi, birining qanotiga yopishgancha bir-birini quvishib atrofimizda vizillab-vizillab ucha boshladi. Men har daqiqada Azroilimni kutar ekanman, nogoh qarshimda bo’ron kabi tuman paydo bo’ldi. Hali tuman bir qancha yuz odim uzoqda ekan, yo’limda sochilgan nima bo’lsa, hammasi shamolinggizdan parishon bo’ldi. Tuman ham ko’tarildi. Neni ko’rdim deng? Qora bulutlar ichida bir mohitob! Mohitob emas, gul chehrali, inson qiyofasiga kirgan bir malak! Shunday malakki, inson qiyofasida bo’lsa-da, malakligi yuzidan balqib turardi. Ko’zlarimni jamolidan hech uza olmadim. Hushimni yo’qotib qo’ygandim. Uning har bir harakati, holatini hayron bo’lib kuzatar; shu qadar behush edimki, chodir oldida to’kilgan qonlarning oyog’im tagiga oqib kelganini, etaklarimning qon bilan bulg’anganini ham sezmas edim. Nogoh ko’z o’ngimdan yo’qoldingiz. Ketdingiz. O’zimni unutdim. Sizni izlay boshladim. Atrofimga ko’z yugurtirar ekanman, qulog’imga bir filfirib sado keldi! Evoh, yonimga kelgan va taxtiravonimni bo’ysundirgan edingiz! Yuzingizga tikildim. Butunlay o’zimni yo’qotib qo’ydim. Qilt etmoqqa majolim qolmadi. Bilasiz, lab ochib hatto tashakkur uchun bir kalima so’z bo’lsin, ayta olmadim. O’rtamizda bor-yo’g’i uch-besh odim masofa bor edi. Shunday emasmi? Yuzingizga tikilgan onim jon uyimga bir o’q otdingiz. Zolimsiz, go’yo meni asir qilmadingiz, shundaymi? Qaysi joriyangiz mening kabi sizga qulluq qilar?!
JALOLIDDIN(hazil qilib) – Ko’ngillari ozod bo’lishni istaydimi?
NAYYIRA – Xudo saqlasin! Tushunib turibman, siz mendan qochyapsiz. Ehtimolki, umrimda birinchi marta yuzingizda tabassum ko’ray deb hazil qilmoqsi bo’ldim. Siz-da meni yig’latishga harakat qilyapsiz!

IKKINCHI MAJLIS
Avvalgilar – Qutbiddin

QUTBIDDIN – Onajonim, nechun ko’zlaringiz yosh bilan to’lmish? Avvallari mening ko’zlarimda bir tomchi yosh ko’rsangiz jahlingiz chiqardi! Dunyoning holi tang bo’lsagina onalar yig’laydi, u go’daklari ovutishga harakat qiladigan darajada o’zgardimi?
NAYYIRA – Ko’zlarim yoshlanibdimi? Balki chang tushgandir? Ko’zi namlanganlarning hammasi ham yig’lagan bo’lavermaydi. Qani, rslonim, tashqariga chiqib o’yna. O’q ot. Qilich chop. She’r o’qi. O’ynash uchun biror narsa topilar, shunday emasmi? Bu yerda zerikmayapsanmi, qora ko’zim?
QUTBIDDIN – Podshohim himmatida, padarimning, volidamning yonlarida ekanman, nimadan jonim siqilsin!
(Qutbiddin chiqib ketdi).

UCHINCHI MAJLIS
Jaloliddin – Nayyira

JALOLIDDIN – Birorta latifa aytib beraymi?
NAYYIRA – Ayriliq onlarida latifa ko’ngilga sig’armidi?
JALOLIDDIN(o’z-o’ziga) – Chehrasi xuddi murdanikidek oqardi. Ammo baribir go’zal, ruhdan, hayotdan go’zal! (Nayyiraga). Sendan ko’nglim qoshilishini, sendan ayrilishni o’ylashim mumkinmi? Xudo haqqi, bunday o’ylarga, bunday vahimalarga aldanma va bir karra qalbingga quloq sol! Vijdoningga diqqat et!
NAYYIRA – Yo’q! Xudoga shak keltiryapsiz! Yolg’on gapirishdan qo’rqaman. Jazosini muhabbatimdan topgayman! Sizning ahvolingizni ko’rib xotiramga ming vasvasalar kelmoqda. Faqat ko’nglim mendan sovib ko’ngil uchun “seni sevaman” deyishingizga aslo qoniqmas! Tangrim, jamoling bilan menga tajalli etgansan! Sevib-sevib bir qul yaratgansan! Shunday mo»jiza yaratdingki, yuzini majusiylar ko’rsa, quyoshga emas, unga talpina boshlaydilar. U qulingga meni ham nasib etding! Insonday ojiz mahluqot orasida “Jalol”day buyuk bir vujud yaratgan qudratingga, o’sha mumtoz qulingning ko’nglini “Nayyira” kabi oddiy bir bechoraga mayl ettirgan marhamatingga, tuproqdan, tikandan gul yetishtirganday, mendan ham Qutbiddin kabi malakni vujudga keltirgan azamatingga sig’inaman. Meni Jalolimning muhabbatidan ma’yus, iltifotidan mahrum etma!
JALOLIDDIN (Nayyiraga) – Qanday xazin, qanday g’arib duolar qilmoqdasan? Mana, meni ham o’zingga o’xshatding. Agar Qutbiddin ko’rib qolsa, yig’layapti, deb o’ylaydi. Padari buzrukvorim dunyoning eng buyuk podshohligini qo’lidan chiqargan paytda ham ko’zlarim bunchalik yoshlanmagan edi!
NAYYIRA – Oh, yana saltanat… Nazaringizda saltanatdan boshqa biror narsa qiymatga ega emas! Podshohligingiz emas, podshohlik umidingiz shubhalar ichida qolgan; dunyoning so’zlashga arzigulik narsalarining hech biri ko’zingizga ko’rinmaydir!
JALOLIDDIN – Bolam yo o’zim uchun kuyib pishyapmanmi? Saltanatga ega bo’lish uchun, nahot, padarimdan mamlakatni tortib olishga muhtoj bo’lsam? Ajdodlarimga shunday mulkni qozondirgan qilich, ajabo, mening qo’limda biror ish ko’rsatishga yaramaydimi? Dushman yuzini ko’rmasdan turib, qochishga pana joy izlab qoluvchi, qo’rqoqlikda tengi yo’q otam kabi ham o’zga yerni bosib olishga qodir emasmanmi? Jahon mulkini tirnog’iga ham ravo ko’rmaydiganim – Nayyiram boshini o’rtaga qo’yib qasam ichamanki, Jalol qo’lida o’tkir qilich, ko’ksida zirh porlab istagan kuni dunyoning qaeriga oyoq bossa, o’ziga davlat paydo qila oladi. Hech bo’lmasa, davlat shahodatini xotirda saqlab yashaydi. Men faqat bir narsani yo’qotganimizga tassuflar qilyapman, zero endi uni qayta qo’lga kiritib bo’lmaydi. Tiklab bo’lmaydigan davlatdan ayrilganimiz uchun hasratu-nadomatdan o’lgan, motam rangidagi kafanlarga o’ralgan murda kabi yuribman. Xonadonimning nomusi barbod bo’ldi! Tushunyapsanmi? Zulm otashi mamlakatlarni, o’lkalarni yutmoqda, tutuni falakka o’ralmoqda. Dushman qilichi erkaklarga, ayollarga, bolalarga, keksalarga sanchilmoqda. Shahidlar qoni tuproqning eng pastki qatlamigacha sizib oqmoqda. Dushman bilan o’rtamizda uch yuz soatlik masofa bor. Shamol inson loshlari, inson kuyindisi hidlarini bu yergacha keltirmoqda. Tuproqni tinglasang, yetimlar ingrashi eshitiladi. Suvga boqsang, shahid qoni ko’rinadi. Dunyodagi bor kamolot, bor yangilik – barchasi bugun Arab, Ajam mulkida to’plangan. Jaholatdan ham pastkash, vahshiylikdan ham zolim bir mahluq insoniyatning olti ming yillik mahsuli – hayot dorilfununlarini butunlay mahv etib, yer yuzida odam kallasidan yasalgan qal’alardan, mazlum qoni bilan yozilgan marsiyalardan boshqa biror narsani qoldirishni istamaydi. O’sha dorilfununlarning muhofizi biz edik! Shunday ekan, yillar davomida mohorda qolgan murda azasi kabi pajmurda, jirkanch bir holga tushib qoldik. Shu tuproqlarda chirib borayotirmiz.
NAYYIRA – Tangrim, o’zing marhamatingdan darig’ tutma!
JALOLIDDIN – Tangridan kim uchun marhamat so’rayapsan? Biz uchun emasmi? Duong qanday qabul bo’lsin? Bugun Qashqardan Mag’ribning nihoyasigacha hamma o’z diniga, o’z dini bilan Ollohga ibodat qilmoqda. O’g’li bilan zino qilgan bir fohishaning murdor qonidan bunyod bo’lgan murtad it vujudini, xudo o’zing kechir, Janobi Haqdan ziyoda ibodatga loyiq bilmish! Yer yuzidan Olloh nomini o’chirib, o’rniga o’zining mal’un nomini qoyim etishni , mo’min bandalarni o’ziga o’xshagan shaytondan ham pastkash bir mahluqqa topintirishni istaydi. U ibodatxonalarning devori ham biz edik. Endi esa, ichidagi mehrob, siniq toshlarni uvada tuproqlari kabi ham ishga yaramaymiz; to’p-to’p bo’lib burchak-burchaklarda surinamiz.
NAYYIRA – Xudo haqqi, jim bo’ling! Chehrangizdagi, ko’zlaringizdagi dahshat aqlimni shoshirib qo’ydi. Hozir jinni bo’lib qolaman.
JALOLIDDIN – Tingla! O’zing gapirishga majbur qilding, ko’nglimda saqlashga harakat qilgan otashlar olovlandi. Ortiq chiday olmayman. Islom uzra bu baloni chaqirgan biz edik. Oxirda dushman ko’rinmasdan turib qochgan ham biz bo’ldik. To’g’ri. To’pni bir marta jang bilan qaytarib g’olib bo’ldik. Dushman bizdan yuz o’girdi, — deb o’yladik. Tatarning oldi inson, orqasi ajal deb, o’shanda ham qochdik. Falakning turli jafolaridan necha yuz yillardan beri qilichimizga sig’inib kelgan, bizni mard, himmatli, shijoatli, nihoyat, o’zlaridan ham kuchli hisoblab, qo’l ostimizga kirgan, oyog’imizni boshlaridan yuksak, qilichimizni jonlaridan aziz bilgan necha yuz minglarcha bechoraga: “Ana dushman kelyapti. Biz ham qochmoqchimiz. Boshingizning chorasini ko’ring”, — deyishga uyalmadik. Qahhori muntaqim huzuriga unga ibodat qiluvchi jumla qulining halokatiga sabab bo’lishdan og’ir gunoh bilan bormoq; avlodlarimizga zamonamizda inson deyishga loyiq kim bo’lsa – yuztadan to’qsonining nohaq to’kilgan qoniga bulg’angan nomni qoldirish qanday musibatdir! Aqling yetyaptimi? Biz Olloh huzurida Namrutlar, Fir’avnlar kabi mas’ul bo’lamiz. Istiqbolda dunyoga qancha musulmon, qancha inson kelsa, dinsiz shaytonlarni qoldiradilar, bizga la’natlar o’qiydilar.
NAYYIRA – U-uf… Men sizni hech bunday holatda ko’rmagan edim. Og’zingizdan bo’z emas, otash sochilmoqda. Qalbingizga iblislar joylashib olganmi? Chingizning hujumiga sizning nima dahlingiz bor?
JALOLIDDIN – Zarracha bo’lsa-da dahlim bor. Chingizni qo’l-oyog’ini bog’lab oldimga keltirsalar, uni emas, o’zimni o’ldirgan bo’lardim. Hammasiga padarim sabab bo’ldi. Hammasiga u sababchi – padarim, podshohim. Yetmish yoshdagi kampir volidasi Iynonda (1) (Qal’a nomi) muhofizlik qilmoqda. O’zi qirq besh yoshda bo’la turib, nomi chiqqan o’g’rilar boshlig’ini, zuhur sohibini, vahshat biyobonlarining eng sassiq suvlari orasida paydo bo’lgan yirtqich jonivorni ko’kdan tushgan balo-qazo, deb o’yladi va qochdi. Natijada dunyo yaralib, inson qadami tegmagan qoya yorig’iga, teshigiga bekindi. Shunchalik qo’rqqanidan hayotini saqlab qolish uchun xotiriga mozor kelsa, yer tagiga, yildirim va yashindan qo’rqmasa, ko’k yuziga yashirinishga ham tayyor. Evoh, ham o’zi qochdi, ham meni sudradi. Nima qilay, o’z otam, o’z podshohim. Ikki tarafdan itoat qilmoqqa majburdirman. Urush boshlangan paytda hokimiyat mening qo’limda bo’lganida edi, xudo biladi, hozir chegaradan necha soat narida oldingi qatorda bo’lardik.
NAYYIRA – Dilingizda mamlakatni bosib olishdan boshqa o’y yo’q. Koshki shu chodirning yarmiday bir kulbamiz bo’lsa…, Sizning fikrlaringiz bu qadar keng, mening ko’nglim esa bu qadar tor bo’lmasa!..
JALOLIDDIN – Koshki! Lekin nima qilay! Kulbada tug’ildim. Hatto beshigimni ham ajdodimning oyoqlari tagida parchalangan bir qancha saltanat taxtining siniqlaridan yasadilar. Nayyiram, Haqdan noil bo’lgan inoyatning, xalqdan ko’rgan itoatning badali shunday kunlarda Haq uchun, xalq uchun jon fido qilmoqdir. Bizlar esa tirik butmiz! Ey xudo! Janobi Haqdan ham qudratliday, Olloh qo’rquvini bir tarafga uloqtirdik. Chingiz qo’rquvi bilan o’zimizni tiriklayin mozorga ko’mmoqdamiz. Jahannam eshiklarining yuzimizga ochilishini kutmoqdamiz. Yig’la! Yig’la! Jaloling azaldan marhamatga loyiqdir. Koshki Olloh meni dunyoga keltirishga ahd qilgan onida jahannamga otsaydi, balki u yerning azobi ruhimning hozir chekayotgan azoblaridan yengil bo’larmidi?!
(Qutbiddin kirib keladi).

TO’RTINCHI MAJLIS
Avvalgilar – Qutbiddin.

QUTBIDDIN – Hukmdorimiz sayrdan qaytib, bu tarafga tashrif buyurmoqdalar.
JALOLIDDIN – Kelaversin, xunasa yurakli erkak! Tilanchi podshoh! Lochin tuxumidan chiqqan kalxat! U mening Vatanim, xalqim, dinimga xizmat qilishimni man etmoqda. G’olibo, men ham unga itoat etmaslikka majbur bo’ladurman!
(Muhammad Xorazmshoh kirib keladi).

BESHINCHI MAJLIS
Avvalgilar – Muhammad Xorazmshoh.

MUHAMMAD – Yana nima bo’ldi? Biringizning ko’zlaringizdan yomg’ir, biringizning chehrangizdan esa yildirimlar sochilmoqda.
JALOLIDDIN – Taajjublanayapsizmi? Bu soyangizda to’kilgan qonlarning, kuyib kul bo’lgan mamlakatlarning badalidir!
MUHAMMAD – Sen bu yerga kelmasingdan menga goh imo bilan, goh kinoya bilan e’tiroz etganing etgan. Shu kunga qadar nohaq hujum qilmoq badbaxtning sha’niga munosib, deb o’yladim ham sukut saqlab keldim. Kim nima desa, desin. Menimcha, zamona xalqining fikri-yu, so’zi haqorat naxari bilan boqishga arzimaydi. Faqat sen boshqa insonsan. Men to’g’rimda noto’g’ri fikrlarga borishingni istamayman. Gapir, qani… Aybim nima ekan?
JALOLIDDIN – Subhanolloh! Meni beadablik qilishga majbur qilayotirsiz. O’z qo’li bilan yo’ngan toshga topinuvchi bir to’da jonivor butun muvohidlarni (ko’p xudolik) yer ustiga qo’yib tashlashni, tavhidning (yakka xudolik) butkul yo’qotishni istaydi. Jomelarimizga ota bostirib kirmoqdalar. Ota-bobolarimiz qabristoniga to’kkan sharoblari shahidlarimizning qonli kafanigacha sizib oqdi. Olamning eng buyuk podshohi, Islomiyatning, insoniyatning eng kuchli panohgohi; ularning har biri o’z vaqtida Isfandiyor kabi, Ardasher kabi, G’aznaviy kabi, Sanjar kabi podshohlarni jahongir deb tan oldirganlar. Yetti-sakkiz mulkning sohibi bo’lgan zot ko’k yuzini lavhi mahfuzga, munajjimlarni xotifi g’oyibga qiyos qildi. Qoni Iroq sharobidan, fikri vazirlik niqobidagi saltanat havasidan iborat bo’lgan Imodulmulkdan o’zga nasihatchini topa olmadi. Ularning maslahati bilan yo’qlik olamining mavjudlik shaklidagi parchasi deyishga loyiq bo’lgan shu go’shaga biqinib oldi. Shunday bir go’shaki, qilmishlariga uyalmaydigan shaytonning ham, agar o’zini insonlar, malaklarning nazaridan yashirish uchun biror yor axtarib qolsa, ikki dunyo xotiriga bu yer kelmasdi. Yana qusurini mendan so’raydi…
MUHAMMAD – Munajjim so’zlariga ishonishimni, osmonda bir sayyorani ko’rib, ey xudo… “erning tangrisi” deb e’lon qilingan Chingizni o’z holiga qo’y! Men qo’limda ham qilich, ham kitob tutgancha ulg’aydim. Tepamizda Ollohdan boshqa dunyoga hukmi hofiz bir quvvat mavjud emasligini ham ilm bilan, ham tajriba bilan bilaman. Al-Mu’ta’simning g’azovati ham, Abu Tammomning tabriknomasi ham tafsiloti bilan hamon yodimda.
JALOLIDDIN – Shunday ekan…
MUHAMMAD – Oldin tugatay, keyin gapirasan! Bu yerga kelishimga Imodulmulkning alahsirashlari sabab deb o’ylaysanmi? Valiahdimsan. Seni bu sharafga loyiq deb bildim va yonimdan hech ayirmadim. Imodulmulkni esa o’g’limning xizmatlarini qilishdan o’zga buyuk ishlarga loyiq ko’rmadim. Shu kungacha har bir ishda sening so’zlaring bo’yicha harakat qilmayotganimni bilar ekansan, uning rayiga qarashimga qanday imkon berding?
QUTBIDDIN – Hukmdorim! Podshohim! Unda nega bizlarni bu yerga keltirdingiz? O’limdan qo’rqdinggizmi?
NAYYIRA – (Qutbiddinga) Jim bo’l! Podshoh, huzurida gapga aralashishga qanday hadding sig’di?

Qutbiddin chiqib ketadi.

OLTINCHI MAJLIS
Muhammad – Jaloliddin – Nayyira.

MUHAMMAD – (Nayyiraga) Qo’y, gapirsin! Otasining miyasidagi o’ylar bolasining vijdoniga ta’sir etib, tiliga chiqmoqda. (Jalolga). Meni qo’rqoqlikda ayblashga qanday hadding sig’di?
JALOLIDDIN – Urushdan qochganlarga bundan boshqa qanday ta’rif topish mumkin?
MUHAMMAD – Xurosonni g’uriylardan qutqargan vaqt Shadbohi handag’iga birinchi bo’lib ot surgan, unga birinchi bo’lib bayroq tikkan men emasmi? O’shanda Qutbiddindan kattaroq eding. Albatta, yodingda bo’lsa kerak. Xurosonga qilgan ikkinchi safarimni unutdingmi? Urushni yolg’iz men qildim. Birortangiz, men oldingi safga chiqib olgunimcha, otamning tizginiga yopishishu, meni hujumdan qaytarishga harakat qilishdan boshqaga yaramadingiz. Eng keksa ajdodimizni xiroj to’lashga majbur qilgan Qora Xitoyni bir zarbda ustiga yashin tushgan daraxtday yerni kirgizib yubordim. O’sha g’alabaning shuuri hamon sening chehrangda aks etib turibdi. ! Firuzquh kabi, G’aznaviy kabi makoni Qof tog’iga, xalqi ajdargohga qiyos etilgan yerlarni zabt etdim. O’sha g’alabaning shuhrati hatto Chingizning ham og’zidan tushmaydi.! Makka, Iroqdagi g’alabalarim-chi? Qaysi birini sanay?
JALOLIDDIN – Sanashdan tilingiz charchamasa, hammasini sanayvering! Yigirma ikki yildir belidan qilich tushmagan, qirq-ellikta janglarda g’alaba qozongan, bir qancha mag’lubiyatlarni ham boshidan kechirgan jahongir bo’la turib, mulkinggizni, nomusinggizni, vataninggizni, diningizni otash ichiga, jonivor og’ziga, dushman oyoqlari tagiga, shayton qo’liga topshirdingiz va buzilgan o’rdadan qochdingiz.
MUHAMMAD –So’zlaringning ma’nosiz ekanini bilasanmi? Sen xuddi telbaga o’xshab munajjimlarga aldanganimning, Imodulmulkka ishonishimning, buzilgan o’rdadan qochganimning tashvishini chekyapsan. Ustimizga bostirib kelayotgan tatar agar qilichini otsa, qal’amizning handaqlarini to’ldiradi. Jangda to’kilgan qonlardan ellik ming kishilik qo’shinning otlari tizzasigacha loyga botdi.
JALOLIDDIN – Koshki, otlarimiz bilan yer tagiga kirib ketgan bo’lsaylik!
MUHAMMAD – Qo’limizdan nima ham kelardi? Xudo bir necha o’lkaning xarob, insonlarning halok bo’lishini istabdi. Zilziladay, to’fonday, Chingizni ham yaratibdi. Bu qazoi mubraning birinchi zarbiga biz duch keldik.
JALOLIDDIN – YO Rabbim, o’zing sabr ber! Hozir jinni bo’laman. E voh, vaziyat shunday ekan, Ibodullohga qanday qasdingiz bor ediki, tatarga qarshi urush ochdingiz?
MUHAMMAD – Ibodullohga mening emas, Bog’doddagi xoinning qasdi bor edi. Men Chingizning ustiga yurish qilmadim. Mo’g’il tarafidan G’ayirxonga kelgan savdogarlar ham, Chingizxon yuborgan elchilar ham josus edilar. Shuning uchun qatl ettirdim. Qatl ettirmasam edi, Chingiz boshqa bir bahona topib, ustimizga bostirib kelar edi. Nosir (Bag’dod xalifasi) ham o’zini yer yuzidagi Ollohning soyasi, hatto elchisi qilib ko’rsatishni, dunyodagi jamiki musulmonni o’ziga topintirishni istaydi. U Insoniyatni o’z aysh-ishratiga xizmat qiluvchi qullar qilib yaratilgan, Islomiyatni yolg’iz o’ziga sajda qildirish uchun yo’llangan, deb o’ylaydi. Biz unga yaxshilab ibodat qila olmadik. Mendan intiqom olish uchun Mahmud Yolavochni vositachi qildi. Xalqni Chingizday ilohiy g’azabga duchor etdi. Tushundingmi?
JALOLIDDIN – Fasubhanolloh! Chingizni ustimizga Nosir yubordi, deb qochish kerakmidi? Davlatimiz Nosirning yordami bilan ko’payarmidi? Keling, bu yerdan chiqaylik. Yana bayrog’imiz ustiga butun dunyoni zabr etishga yetadigan askar to’play olishimizga shubham yo’q.
MUHAMMAD – Axir bir o’rdalik qo’shin ham to’play olmaymiz! Xo’p, shu fikring to’g’ri bo’lsin ham deylik. To’planadigan askarlaring to’rt yuz minglik emas, hech bo’lmasa ellik minglik tatarga bas kela oladigan askarmi!? O’ylab ko’r! Bizni hatto o’z askarlarimiz, umaromiz nafaqat matrud, balki murtad deb ham biladilar. Nosirga yer yuziga ingan ma’budday qaraganimiz uchun bandalarimiz nazarida hatto Chingizday mal’undan battar bo’lib ko’rina boshladik. O’tgan kuni umaromizning yarmi o’rdadan qochdi. Borib dushman bayrog’iga sig’indilar. Raislari Badriddin edi. Badriddinning vujudini tilka-pora qilsalar edi, ichidan ne’matimizdan boshqa narsani topolmasdilar! It ham nonini yegan egasiga xiyonat qilmaydi. Ular qildilar. To’ng’iz ham tagidagi og’ochga tishini botirmaydi. Ular esa vatanlarining ustiga qilich bilan bostirib keldilar. Qolganlari ham yaraga tushgan qurtga o’xshaydi. Tananing bir qismini zabt etib, o’sha bilan kun ko’rishga harakat qiladilar. Birortasining miyasidan, qalbidan mustaqillikdan o’zga da’voni topolmaysan! Aminmanki, men sog’ bo’la turib, ular inilaring bilan merosimni taqsim qilib bo’lganlar. Hozir bu yerdan chiqsam, go’rdan tirilib chiqqan odamni ko’rganday, dahshat va hayratdan qotadilar. Nosir – dushman, Islom podshohlari – ichiqora, farzand, og’a-ini – qizg’anchiq, umaro – xoin, askar – g’ofil, xalq – ojiz! Chingizday har biri yuz ming kishilik yigirma-o’ttiz o’rdaga teng baloga yolg’iz sen bilan qarshilik ko’rsataymi?
JALOLIDDIN – Vahima aqlingizni yeb qo’yibdi! Qaerga boqmang, ko’zingizga musibat, xiyonat ko’rinadi, Chingizga qarshilik qilish mumkin emas ekan, hech bo’lmasa, qarshisida qadringiz, sha’ningiz bilan o’lish ham mumkin emasmi? Shohona mozor sharmandalik tuproqlaridan a’lo emasmi?
MUHAMMAD – Qanaqa shohona mozor? Mayli, jangga kiray, lekin xoinlar meni tatarga tutib bersinlarmi? Bu bosh yigirma ikki yildirki, dunyoning eng buyuk saltanati tojini ko’tarib keldi. Bundan keyin Chingiz uchun minak toshi (otga minish uchun oyoq tagiga qo’yiladigan tosh) bo’lolmaydi! Ko’z yoshlariyu, Chingizning qoni bilan bo’g’ilib o’lishga loyiq Nosirning ustimdan mazza qilib kulishiga, sururdan o’lishiga yo’l qo’yolmayman.
JALOLIDDIN – Davlatimizni quruq savlatingiz bilan xo’rlayotgan Hokimi Mutlaqning Qahhori Muntaqim ismlari bilan qasam ichamanki, boshingizni Chingizga minak toshi qilish begunoh to’kilgan shuncha yuz ming mo’min qonining gunohini bo’yniga olishdan; Nosirga kulgi bo’lishingiz mahshar to’la tullar, yetimlarni qaqshatmoqda afzaldir. Jang maydonida nasib bo’ladigan mozorning shohona bo’lmasligi xayolingizga kelmaydi-yu, Chingizning qo’liga tushib qolishingiz mumkinligini o’ylaysiz. Hatto shunday musibatlarga duchor qilsa ham, Bog’doddagi Nosirning xandalarini, istehzolarini nazaringizda jonlantirmoqdasiz. Holbuki, vujudingizga shu iflos chang-to’zon, tuproqlar ichida bir mozor ham topa olmaysiz. Ollohning qudrati bu yerlarga ham yetadi. Olloh Taolo Nosirgina emas, har qanday odamni, qiyomatgacha G’arbda, Sharqda zuhur etuvchi oriflarning hammasini sharmanda qiladi. Bularni hech o’yladingizmi?
MUHAMMAD – Sen bunday beadablikni qachon o’rganding?
JALOLIDDIN – Siz podshohlik, otalik burchingizni tark etgan kundan boshlab!
MUHAMMAD – Nima?..
JALOLIDDIN – Qo’l ostidagilarni dushman qilichiga duchor qilib, Azroil panjasiga taslim qilib, o’zi dushman hududidan bir necha oylik yo’l ichkariga qochgan odamni podshoh deb hisoblash mumkinmi? Atigi uch-to’rt yoshlik o’g’illarini, qizlarini tatar yirtqichlarining panjasi yetadigan yerlarda qoldirib, hayotini saqlab qolish uchun ajalning ham ko’zi tushmaydigan orolga yashirinib olgan zotni padar deb sanash mumkinmi? Odamlarga ko’rinishga yuzingiz qolmadi. Olti ming yildirki, Ollohning bu keng mulkiga qancha odam kelgan bo’lsa, pastkashlikda barchasiga o’rnak bo’ldingiz. Men bu itoatdan, bu safolatdan, bu nomussizlikdan, bu nomardlikdan bezor bo’ldim. Tepamda Olloh guvoh, bezorman! Qay mamlakatning podshohi bo’ldingizki, sizga itoat etmoq menga farz bo’lsin! Padarim bo’lsangiz, avlodingizning, hatto avlodlaridan ham aziz ko’rish kerak bo’lgan bandalaringizni qaysi huquqini himoya qildingiz, men sizga iqtido etayin, ham otalik huquqingizni o’ylayin?! Hozir shu yerdan chiqsangiz, to’g’ri dushman oldiga borardik. Birinchi askaringiz men bo’laman. Bir daqiqa yoningizdan ayrilmayman. Birimiz uxlasak, ikkinchimiz yotoq boshida poyloqchilik qilamiz. Ammo xiyonatga duch kelib halok bo’ladigan bo’lsak, bir-birimizni quchoqlab, qilichimizga suyanib shahid bo’larmiz. Na dunyoda asorat qo’rquvi qoladi, na oxiratda safolat!
MUHAMMAD – Shoirona hayollar…!
JALOLIDDIN – Hayol emas, haqiqatni so’zlamoqdaman. So’zlarim Lavhi Mahfuzda yozilgan haqiqatlar kabi to’g’ridir. Tinglashni istamasangiz, ketaman. Bundan keyin amringizga itoat etmayman! Mayli padarim uchun osiy bo’lay! Oxiratda Ollohning alodati nimani ravo ko’rsa, roziman! Bu dunyoda qiyomatgacha mal’un bo’lib yashashni istayman.!
MUHAMMAD – (Nayyiraga) Nega bunchalik hayron bo’lib turibsan? Ana so’zlaring isboti ko’zlaringda aks etyapti. So’zlariga qaraganda, mening uchun jonini fido qilmoqchi, shundaymi? Hozir ham saltanat havasini tark etolmayapman. E voh, qanday balokim, mag’lubiyat ichida qoldim! Tirik turib, o’lik holiga tushib qolmadimmi? Boradi, merosimni izlaydi, barini olish uchun inilarini birma-bir o’ldirishdan qaytmaydi!
JALOLIDDIN – Menmi?
MUHAMMAD – Maqsadiga erishsa a’lo! Erisholmasa, yo Qoraqurumda yo Bag’dodda hammaga tomosha bo’ladi. Yana jahon yo Chingizning, yo Nosirning qo’l ostida eziladi.! Istilo qilinadigan yerlar hali bor. Jalol inson qonidan sellar oqizib u yerlarni xarob qiladi. Shunda ham yomon otliq bo’ladigan men emasmi?
JALOLIDDIN – Olloh buncha sizni qush yurakli qilib yaratmasa? Podshoh bo’la turib biron kimsaga yordam bermaysiz, ammo yordam berishni istaganlarni “erimga ko’z olaytiryapti” deb o’ylaysiz. Qani edi, shu saltanatingizning tili bo’lsa! Chingiz onasidan tug’ilib, biror marta kulmagan, deyishadi. So’zlaringizni u ham eshitsa, ichagi uzilganday qulardi.
MUHAMMAD – To’g’ri aytasan, hali hech kimning boshiga tushmagan musibat ichidaman. Holimga o’z o’g’lim kulayotgan ekan, nega dushmanim kulmasin?
JALOLIDDIN – Siz meni iztiroblaru-g’azablar bilan butunlay halok aylamoqchisiz, Jalol holingizga kulyaptimi? Bu nima deganingiz? Ko’nglingizda zarracha bo’lsada, insof qolmadimi?
(Ichkariga Qutbiddin kiradi).

YETTINCHI MAJLIS
Avvalgilar va Qutbiddin

NAYYIRA — (Qutbiddinga) Buncha bu chodirga serqadam bo’lib qolmasang?
QUTBIDDIN – Hozir qarshidan kimdir keldi. “Hukmdorimiz hoki poyiga yuz surmoqchiman”, — dedi. Muhim xabar keltirganmish. Amir O’rxon yuborganlari uchun keldim, jahlingizni chiqardimmi?
MUHAMMAD – (Qutbiddinga) Kel, qo’zichog’im! Men tirik ekanman, seni xafa qilishga biror kimsani haddi sig’masa kerak. Borib ayt, xabar keltirgan kim bo’lishidan qat’iy-nazar, bu yerga kiritsinlar! (Nayyiraga) Chodirning orqasiga o’t! Titilib ketgan bo’lsa ham bir ayolni nomahram ko’zidan bekitishga yaraydigan parchasi topilib qolar. (Jaloliddinga) Ehtimol sizni saltanatni boshqarishga da’vat qilib kelishgandir. Biz endi dunyoning manfuri bo’ldikmi? Podshohligimizni o’zimiz tark etmadikmi? Zotan, bizdan keyin bu taxt sizniki bo’ladi. Albatta, har bir odam o’z podshohini taxtda, davlat tepasida ko’rishni istaydi!
JALOLIDDIN – Sizni shu orolda bunday holatda qoldirsam, Olloh saltanatning ming turlik balosini boshimga yog’dirsin! Podshohim, millatimni sevganim, millat yo’lida jon berishni istaganim uchun meni o’zinggizga, davlatinggizga xoin deb hisoblayapsizmi?

SAKKIZINCHI MAJLIS
Avvalgilar – O’zbekxon

QUTBIDDIN(kirarkan) – Podshohim, mana o’sha qulingiz!
MUHAMMAD(shoshib, o’z-o’ziga) – O’zbek!.. (Qutbiddinga) Mayli, o’g’lim, bora qol! Ayt, kemachiga pul berishsin! Oldingga chaqir, iltifotlar ko’rsat! (Qutbiddin chiqib ketadi). (O’zbekka) Men seni Ruqniddinning xizmatiga qoldirmaganmidim? nega bu yerlarda aylanib yuribsan?
O’ZBEK – Podshohim! Sizga nima bo’lganini bilmayman! Yigirma ikki yildir dushmanlaringiz mulkiga xabaringizdan avval qilichingiz yetardi, endi bo’lsa dushmaningiz xayoliga kirib chiqmagan bu go’shada o’tirib o’z mulkingiz xabarlarini eshitmoqchimisiz?
MUHAMMAD — Sen ham burchingni unuta boshladingmi?
O’ZBEK – Tomirlarimda oqayotgan ne’matlaringiz haqqi, tajavvuz qilayotgan bo’lsam uzr so’rayman. Mulkingizni ko’rdim! Suyak parchasidan, murdalar hididan yurib bo’lmaydi. Ruqniddinni, valine’matzodamni ko’rdim! Oh, Ruqniddin!.. O’g’lingiz mening ham jonim edi. Dunyoga keldi-ki, safosini yolg’iz siz surdingiz! Shu yoshigacha har qahrini, har jafosini men chekdim! Sizning yana shuncha avlodingiz bor! Mening esa yolg’iz bir shahzodam… Ruqniddinim bor edi! Uni ham ko’z o’ngimda o’ldirdilar.
MUHAMMAD – Qanaqasiga sodiq xizmatkorsan? Ruqniddinni shahid ettilar! Sen bo’lsang muborak vujudingni avaylab, musibatga dallollik qilishga bu yerga kelding. Shunday emasmi?
O’ZBEK – Podshohim, isbot-dalilsiz hukm chiqarmoq na sizning sha’ningizga, na mansab egasiga yarashadi! Men hukmdorimdan keyin omon qolgan bo’lsam – uning so’nggi amrini bajarish uchun qoldim. Siz Iroqdan ketdingiz! Intizom, osoyishtalik, hukumat, saltanat siz bilan birga chekildi. O’zimizni qo’lga olish umidida Kirmonga yurdik. Umarodan ko’rmagan haqoratimiz qolmadi! Kun o’zgarishi bilan dinor qadriday tuturuqsiz ifloslarning harakatlarida o’zgarish ko’rina boshladi. Go’yo biz – sohil, ular to’lqin edilar! Goh sekinlik bilan yonimizga suquladilar, goh bir oz o’tmay bizdan qocha boshlaydilar. Yana to’planadilar, ustimizga bostirib keladilar. Bir-ikki qilich surishadilaru, yana tinchib qoladilar. Boqdik! Shamolga qanchalik ishonib bo’lsa, ularga ham shunchalik ishonish mumkin edi! “Ollohning tuprog’i keng, quli ko’p”, — dedik va u yerni tark etdik. To’g’ri Isfaxonga yurdik. Ammo uning qozisi ham Nosir tarafdori ekan!..
MUHAMMAD – Oh, koshki Olloh tanamda qancha tuk bo’lsa, shuncha Chingizni yaratsa-yu, Nosirni – o’sha baloni bizga ro’para qilmasa! Qozi hammangizni tutib, qatl etishni buyurgandir?
O’ZBEK – Isfaxon ahlidan ko’rgan xusumatimizni tatardan ham ko’rmagan edik. Yazd Baytga, Hajjoj Baytullohga qanday muomala qilgan bo’lsa, isfahonlilar bizga ham o’shanday muomalada bo’ldilar. G’alaba biz tarafda edi. Faqat o’g’lingiz: “Bu ko’ppaklar inson qilichidan o’lishga loyiq emaslar. To’lovlari ham, mamlakatlari ham, mollari ham, jonlari ham shaytonga – Chingizga buyursin”, — deb otini surdi. Tatarni izlab chegaraga yurish boshladi.
MUHAMMAD – Bechora bola!..
JALOLIDDIN – Ruqniddin, iloyo senga mingta Jalol fido yuo’lsin! Hech bo’lmasa sen xonadonimiz nomusini muhofaza qilibsan!
O’ZBEK – Ruqniddin bilan yolg’iz sizgina emas, jami musulmon, jami inson – hammasi faxrlandi! Firuzquhda biz bilan birga bo’lganingizda qahramonlik nimaligini ko’rar edingiz! To’pda uch yuz ellik kishi edik. Tatar ham birimizga hech bo’lmaganda uch yuz kishi bilan hujum qildi. Shunday bo’lsa ham olti oy jang qildik! Tanamizdagi har bir yara badaliga beshtadan tatar mozori qazildi-yov! Ammo ko’pchilikni yengish uchun g’ayratning o’zigina yetmas ekan. Oqibatda mamlakatni bosib olishdi. Valine’matni o’sha damda bir ko’rsangiz edi! Bosh qal’ani bir hujumda zabt etgan mingtacha tatar yolg’z Ruqniddin bilan ikki soatdan ziyoda olishdi. Go’yo Azroilning o’zi qilich yalang’ochlab maydonga tushgandi! O’z ko’zim bilan ko’rdim: uning ne’rasidan bir mal’un tog’ parchasiday yer tagiga kirib ketdi, halok bo’ldi!
JALOLIDDIN – Arslon ukam! Senga askar bo’lish o’rniga otamga nodim bo’lib katta xato qilgan ekanman! Din uchun kurashda, insoniyat yo’lida, vatan fidokorligida itoat uchun yoshning katta-kichikligiga qaraladimi? Dunyoda Haq yo’liga jon fido qilishni istaganlar bilan birga bo’lishday buyuk baxt bormi?
O’ZBEK – Xudoning o’zi saqlabdi! Birga bo’lsangiz edi, din g’ayrati, vatan muhabbati, insoniyat tarafdorligi sizday qahramondan ham ayrilardi. G’alaba qilishning imkoni bo’lganida, o’sha davlatni qozonish uchun Ruqniddinning o’zi kifoya qilmasmidi? Xudo biladi, podshohim! Ko’rsatgan shijoati uningday yigirma yoshli nozik shahzodaning emas, Oloviddinni Jahonso’zning filsifat polvonlarining hamkori emas. Shubham yo’qki, imon nuridan yaralgan edi. Ammo vujudi toshdan, temirdan yaratilgan emasdi. Yigirma olti yeridan yaralandi. Bu zaif qo’l, bu nozik suyak shuncha o’qqa, shuncha qilichga qancha soat qarshilik qila olardi, dersiz? Nihoyat yaralaridan to’kilgan qonlar bechorani behol yiqitdi. Oyog’i yurishdan, qilichi chopishdan to’xtadi. Tatarlar yarador arslonni ko’rgan tozi itlarday ustiga tashlandilar. Sho’rlik podshohzodam oyog’i tagidan qilichini olishga harakat qilayotganida dushman qo’llariga, oyoqlariga yopisha ketdi. Bir necha daqiqagina qarshilik qila oldi. Bari foydasiz edi. Tutdilar, ming azobda sardorlarining chodiriga sudrab keltirdilar. Oh, bechora shahid… O, baxtsiz qahramon!..
MUHAMMAD – Sen askar emas, aytib yig’lovchi bo’lishing kerak ekan.
O’ZBEK(eshitmay) – Askarlardan shahid bo’lmagan taxminan oltmish besh kishi qolgandik. Boshqalar ham bulutlar ortiga yashiringan yashinday tatar qo’shinini yorib o’tib, mening yonimga to’plana boshladi. Qal’adan tatar sardorining chodiriga borguncha jang qildik. Sho’rlikni qutqarish u yoqda tursin, hatto yoniga ham yaqinlashib bo’lmasdi. Atrofini mingtacha doira yasab o’rab olishgandi. Bir amallab chodir yoniga yaqinlashdik. Tatarlar shahzodaga sardor huzurida bosh egishni taklif qilishdi. Uning boshi jallod qarshisida egiladigan boshlardan edimi?! Ko’ppaklar haqoratdan boshqa muomala ko’rmadilar. Mal’unlar valine’matzodamning olijanobligi oldida o’zlarini shunday olchoq his qildilarki, g’azabdan quturib ketdilar. Sardorining amrisiz non yemaydigan ko’ppaklar sardorning og’zidan bir so’z chiqmay turib Ruqniddinning tishlari, tirnoqlari bilan tilka-pora qila boshladilar.
MUHAMMAD – Bechora Ruqniddin!..
JALOLIDDIN – Bechora u emas, bizmiz! Mozori nurga to’lsin. Shahid bo’libdi, lekin pastkashlik qilmabdi…
O’ZBEK – Ha, shahid bo’ldi. G’ayrat-la shijoat-la shahid bo’ldi. Biz o’sha paytda ham chodirning ichiga kirishga harakat qildik. Marhum faryodimizni eshitdi; Menga xafa bo’lib so’nggi bor nazar tashladi. Dahshatdan qotib qoldim. Ollohim, qanday g’ayrat, qanday fidokorlik edi bu! Marhum dunyoga o’zi uchun emas, yolg’iz Olloh uchun kelgandi. Shunday, bo’lsa ham yana Ollohning, dinning, ibodullohning tashvishini qildi. Eng so’nggi so’zlari: “Eronda askar yo’q, siz behudaga bu yerda o’zingizni qurbon qilyapsiz. Yo’lida shahid bo’lgan dinimiz hurmati, tezroq Eronga shoshiling!”, — degan amr bo’ldi. Tatarlar bu xariqa (g’ayrioddiy, g’alati odam) qarshisida mo»jizaga duch kelgan munofiqday qotib qolishdi. Haligina bizning itimizgacha sog’ qoldirmaslikka harakat qilayotganlar hayoliga endi bizga o’q uzish kelmasdi. Jon o’lishni istaydi. Burch esa yashashga majbur qiladi. Ajal panjasidan qutilar ekanmiz, siyosat maydoniga kirayotganday umidsizlik girdobida u yerni tark etdik.
MUHAMMAD – Ruqniddin, Ruqniddin! Sho’rlik Ruqniddin! Dunyoning vafosiga boq! (O’zbekni ko’rsatib) Mana uning bir namunasi maydonda turibdi. Valine’matingning so’nggi vasiyatini qanday bajarganingni ko’rib turibman! U seni muhofaza qilishga yuborgan, sen esa bu yerga shumxabar keltirib, elchilik qilib turibsan.
O’ZBEK – Inson bunday holga tushishi, dunyo ishlaridan bexabar bo’lishi uchun dunyodan tashqaridagi xilvat go’shaga biqinib olgan bo’lishi kerak. Eronni tatarlar zabt etganiga bir oy bo’lyapti.
MUHAMMAD – Oh, Jalol! Suyangan askaringu, ishongan umarongga boq! Eronday burgut qanoti yetmas qal’ani tatarga berib o’tirishidi. Xoinlar podshohning volidasini, avlodini dushmanga sotishibdi!
JALOLIDDIN – Sizday podshoh bandalarining qo’lidan faqat shu ish keladi. Inson uchun Vatan onasidan aziz! Podshoh uchun taxt o’g’illaridan qimmatli, shunaqa emasmi? Siz Vataninggizni ham, taxtingizni ham dushmanga topshirdingiz. Tarbiyangizni olgan odamlar onangizni, avlodingizni o’ylasinmi?!
O’ZBEK – Gunohga botyapsiz! Eron g’oziylariga tuhmat qilmang! Ular sizga nafsingizdan, qalbingizdan ziyoda sadoqat ko’rsatdilar. Tatar hamma tarafdan qurshab oldi, yeyishga hech vaqo qolmadi. Buning ustiga falak ham misli ko’rilmagan jaziramani yubordi. Bechoralar ochlikdan dushman qilichi yulib olgan a’zolarini yeyish, suvsizlikdan yaralaridan oqqan qonlarini ichish darajasigacha borishdi. Shundagina taslim bo’ldilar. Qal’a taslim bo’lgan kun men yonimga to’play olgan firqa bilan Xuroson darvozasining qarshisidagi pistirmada edim. Qal’adan chiqqanlarni o’z ko’zim bilan ko’rdim. Go’yo qiyoman qo’nganu, o’liklar chirigan suyaklari, qurib qaqshagan terilari bilan mozordan chiqyapti, deysiz. chiqqanlar taxminan o’ttiz-o’ttiz ikki kishi edi. Ularning ko’pchiligi yo’ldayoq, dushman o’rdasiga yetmasdan ochlikdan, madorsizlikdan birin-ketin yiqilib halok bo’ldi. Vazirgina omon qoldi. Zotan Olloh uni ikki ma’sum o’g’lining tatar qilichi ostida tilka-pora bo’lishini ko’rish uchun saqlagan ekan.
MUHAMMAD – Oh…
O’ZBEK – Bechora quturdi, qichqirdi. Tishlari bilan o’zining etlarini uzib ola boshladi, lekin o’ldira olmadi. Oqibatda tatarlar boshini toshlar bilan ezib, shahid qilishdi.
JALOLIDDIN – Sho’rlik! Podshohi uchun yana bir oy g’ayrat qilganida edimi, kim biladi, qanday xizmatu, qanday iltifotlarga sazovor bo’lardi.
MUHAMMAD – Jim bo’l, Jalol! Xudo haqqi jim bo’l! Har bir so’zing o’q bo’lib yuragimning eng og’riqli yerlari tegmoqda.
O’ZBEK – Yolg’iz volidangiz tirik qoldilar. Bechora ayol! Qanday baxtsiz ekan. Tirikligida jahannamdan battar azoblarni chekayotir. Har kuni eshigidagi minglab faqirni boqqan sulton endi Chingizxon ovqat yeganida itday, xuddi ov itiday qarshisida kishanlarini silkitib, boshini ikki qo’lining ustiga qo’yadi-da, u iflosning, u mal’unning otgan non ushshoqlarini terib yeydi!..
MUHAMMAD – Jalol! Jalol? Qutbiddinning, Nayyirang haqqi meni uning gaplaridan qutqar!
O’ZBEK – Ikki xotiningiz ham tirik. Hozir Chingiz hazratlarining o’ng quchog’ida biri, chap quchog’ida ikkinchisi yotgan bo’lsa kerak.
MUHAMMAD – Oh, Jalol, sen haq ekansan! Haqiqatan ham dunyoning qarg’ishiga, Xudoning g’azabiga duchor bo’lgan banda ekanmanki, bunday falokatlarni ko’rib turibman… Topa olamanmi?.. Intiqom olishga biror chora topa olamanmi? Kimdan yordam so’rayapman o’zi? Dunyoda haddan tashqari mendan nafratlanuvchi inson bor bo’lsa, u (Jalolni ko’rsatib) shu emasmi?
JALOLIDDIN – Menmi, padarim? Valine’matim! Podshohim, hukmdorim! Sizdan nafratlanuvchi kimsa Ollohning rahmatidan marhum bo’lsin! Podshohim yana bir bor maydonga chiqing! Viloyatdan butun xalq oldingizda jon berishga hozirdir! Birinchi askaringiz yana Jalolingiz bo’lajak! Bir dona tukingizga vujudimning har zarrasi bir-bir qurbon bo’lsin! Xudo haqqi, azmingizdan qaytmag. Sabot qiling! Dinimiz hurmati, ra’yingizdan qaytmang! Istasak, u mal’unlardan intiqom olishga chora topa bilamiz. G’ayrat qilsak, o’sha ko’ppakni shahidlarimiz qoniga bo’g’a olamiz.
MUHAMMAD – Oh, qo’lim! Bu qanday sanchiq? Qo’lim! Go’yo qadar panjasi bilan o’ng qo’lini sug’urib olayotganday, qo’lim! Balki falak vujudimda Chingizdan intiqom olish niyati paydo bo’lganini ko’rib g’azabdan qo’limni sug’urib olayotgandir, oh shunday og’riyaptiki, tirnoqlarimni ko’rib turmasam, jigarimga sanchilgan, deb o’ylardim. Oh…
O’ZBEK – Tutqanoq tutdimi? YO rabbim! Ishqilib o’ylayotganlarim xato bo’lsin! YO rabbi, bizga bunday falokatni ko’rsatma!
MUHAMMAD – Oh, u kim? Qarshimda turgan tatar kim? Oh… Chingiz!.. Oh!.. Chingizning, u mal’unning rasmiga ko’zim tushgan edi. Qiyofasini yaxshi eslab qolganman.
JALOLIDDIN – Podshohim, o’zingizni qo’lga oling. Qarshimizda hech kim yo’q.
MUHAMMAD – Nega yo’q? Ko’zlarimga parda tushdimi? Mana, mana, ko’rmayapsanmi? Qilichiga qara! Uchidan to’kilayotgan qon tomchilari chodir ichida daryo hosil qilmoqda. Ko’zlaridan atrofga olov sochilmoqda. Oh, Ruqniddinning boshini tishlari bilan to shoh tomirigacha uzib olibdi. Og’zidan hamon quyuq-quyuq qonlar oqyapti va qora ilonday badaniga chirmashyapti.
O’ZBEK – Podshohim, siz bu yerda o’tiring. Tinchlaning! U bilan biz jang qilamiz.
MUHAMMAD – Oh, ustimda bostirib kelyapti. Men chap qo’lim bilan ham uning jigarini sug’urib tashlay olaman. Qilich, qilich yo’qmi? Oh, qo’lim!.. Oh, qo’….lim… Qo’limni tangrining intiqom qilichi uzib tashladi… Undan boshqa qilich yo’q… yo’q… (yiqiladi va jon taslim qiladi).
O’ZBEK – Tinchib qoldi, bu yerda birorta tabib ham yo’q. Kimni chaqirsak ekan? Yoki bezovta qilmay qo’ya qolaylikmi?
JALOLIDDIN – Devona! So’zlaringdan chekkan azobini ko’rmadingmi? Kim aytadi, seni shuncha urushni ko’rgan deb… Podshohimiz vafot etdilar.
O’ZBEK – Yo’q, inshoolloh bunday emas!
JALOLIDDIN – Hayoti havoday zarur bo’lgan bir vaqtda vafot etdilar. Xudo rahmat qilsin! Oh, koshki, tatarga yurish qilmasdan oldin vafot etgan bo’lsalar yoxud bir necha yil yana yashasalar edi!
O’ZBEK (Jaloliddinning so’zlari orasida Muhammad Xorazmshohning nabzini, nafasini muayyana etganidan so’ng) – Oh, men sabab bo’ldim. Podshohim o’limiga men sabab bo’ldim! Chingizga qilgan shayton ham qila olmaydi. (Jaloliddinga) Podshohim! Hozir podshohim sensan! Shu marhumning hurmati meni oxiratga jo’nat! Shu mozorning bir burchagida yotay. Bu telba dunyo zulmidan, azoblaridan qutilay. E voh qanday shu zamonda dunyoga kelibman. Uch yildirki, jang qilaman. O’n sakkiz yerimdan yaralandim. O’qlarni bir qator qilib tizib chiqsang, uzunligi Samarqandgacha yetadi. Ko’ppakning tanasidan bir dona tuk sug’ura olmay, kelib-kelib bir-ikki og’iz so’z bilan podshohimning, valine’matimning o’limiga sababchi bo’lib o’tiribman. Murodim vujudimni uning yo’liga fido qilib, oyoqlari tagida jon taslim qilish edi. Endi u vafot etdi. Men esa tepasida sog’ turibman. O’limiga men sababchi bo’ldim. Podshohim, meni o’ldir! Shu musibat olamidan qutilay…
JALOLIDDIN – Chingizga qilmagan bir xizmatimiz qolgan edi. U ham bo’lsa bir-birimizni o’ldirishdir. Uni birinchi bo’lib endi men boshlaymi? Saltanatni tugatishni qanday oson yo’lini taklif qilayotganingni bilasanmi? Seni qaysi qozining hukmi bilan o’ldiray? Shu majnunga bir boqing! Dushmanni butunlay xotirasidan o’chirib, dunyoda yolg’iz jismini qoldirishga intilmoqda. men toshdan, tuproqdan musulmon paydo qilmoqchiman. U bo’lsa musulmon bo’la turib, o’zini tuproq qilishga harakat qilyapti. Tezda hozirlan! Marhumni dafn etishimiz bilan jangga kiramiz.
O’ZBEK – Siz haqsiz! Haqsiz, podshohim! O’ladigan askar jallod oldida emas, dushman qarshisida jon taslim qilsa yarashadi. Jangga o’zimni tanibmanki, tayyordirman. Ammo hech qachon hozirgiday shay bo’lganimni bilmayman.

TO’QQIZINCHI MAJLIS
Avvalgilar – Qutbiddin – Nayyira

QUTBIDDIN – Podshohim, kemachi hoki poyingizga yuz surtmoq istaydilar!
JALOLIDDIN – Qutbiddin, bor! Boshqa chodirlarda kim bo’lsa, barini chaqir, bu yerga tezroq kelsinlar!
QUTBIDDIN – Podshohim qaerdalar? Kemachi…
JALOLIDDIN – Senga amr berildi, hamon shu yerdamisan?!
QUTBIDDIN(xafa bo’lib chiqib ketar ekan) — Podshohim, siz yonimizda yo’qsiz, shuning uchun menga ozor bermoqdalar…
JALOLIDDIN – Malika-a-a!.. Nayyira –a-a!.. Nayyira-a-a!..
NAYYIRA(chodir orqasidan) – Begim, chaqirdingizmi?
JALOLIDDIN – Boshingizga biror narsa yopinib, bu yerga kelingiz!
NAYYIRA — Kelyapman!.. Sizga nima bo’ldi? Ko’zlaringiz uncha-buncha balolarga yoshlanmas edi. Hozir esa ovozingiz yig’laganday titrab chiqmoqda. Oh, bu chodir ham tatar terisidanmi, nima balo?! Bir qarich yerida sakkiz-o’n o’q teshigi bor-u, hali ham pishiq, yirtib bo’lmaydi. Keldim, podshohim! (Nayyira chodirdan yirtib olgan bir bo’lak matoga o’ranib, kirib keladi. Nogoh Qutbiddin ham kiradi). Xudo panohingiz bo’lsin, sizga nima bo’ldi?
JALOLIDDIN – Qara, podshoh qay holatda yotibdilar…
NAYYIRA – YO rabbi! Buyuk davlatdan, buyuk saltanatdan qo’limizda yolg’izgina podshohimiz qolgandi. Uni ham ko’p ko’rdingmi? Dunyodagi uqubating shunday bo’lsa, oxiratdagi azoblaring qanday ekan?.. Podshohim, taxtingizda bir mal’un tatar o’tiribdi. Siz esa sharmandalik tuprog’ida qorishib yotibsizmi?!
JALOLIDDIN – Yig’lama, boshqa chodirdagilar kelmoqda. Hozir ularning ham ko’nglini buzasan. Mening ham ixtiyorim qo’limdan ketadi.

O’NINCHI MAJLIS
Avvalgilar – Qutbiddin – O’rxon – Xodima

JALOLIDDIN — Mudomiki tug’ilgan ekanmiz, albatta bir kun o’lamiz. Mana podshohimiz vafot etdi. (Hamma yig’lab faryod qila boshlaydi). Nechun faryod qilasiz? Ko’z yoshlari bilan marhumni yuvib bo’ladimi? Zotan podshohimiz o’zlarini tiriklayin go’rga tiqqan paytlarida yig’lamoqqa loyiq edilar. O’lishi kerak bo’lgan paytda yashadilar. Tirigi kerak bo’lgan vaqtda vafot etdilar. Bugun sog’ bo’lganlarida, maydonga tushardik. Insoniyatni qutqarmoqqa, islomiyat dushmanlaridan intiqom olmoqqa azm etgan daqiqalarida vafot etdilar. Boqing janozasi ko’zining o’ngida o’qiladimi? Shu damda murdada til bo’lsa edi, “Intiqom, intiqom” deya baqirgan bo’lardi. Bunday badbaxt podshoning motamida ko’z yoshi emas, dushman qoni to’kilishi kerak. Men marhumni dafn etib, bu yerdan chiqar ekanman, Ollohni o’rtaga qo’yib qasam ichaman! YO Islom mamlakatini tatardan qutqaraman, yo shahodat meni bu qasamdan qutqaradi. Vatanni, millatini jonidan ziyoda sevganlar bu yo’lda muxtordirlar. Rohatini, salomatligini o’ylovchilar istagan yerlariga ketishlari mumkin.
O’RXON – Podshohim, yer yuzi go’ristonga aylangan damlarda ham padaringizdan ayrilmagan bandalaringiz g’azo maydonida, jannat eshigida sizdan ayriladi, deb o’ylaysizmi?
JALOLIDDIN – O’zingiz bilasiz! Qani suv isiting, go’r qazing, yana nima lozim bo’lsa, bajaring! Bechoraning ruhini, aqlini, qalbini Chingiz kabi, Nosir kabi bir qancha ko’ppaklar yedi. Endi hech bo’lmasa vujudini qurtlarga, qushlarga qoldirmayli. (Xodima chiqib ketadi). Qutbiddin, bu yerga kel! Bobongga qara, qay holatda yotibdi… Ikki yil avval ahli basharni shohona kiyim bilan siylashga yetgulik davlati bor edi. Endi esa kafanlik uchun mulkida sakkiz arshin bo’zi ham yo’q. Qabrga shu yirtiq engil boshi-la kirajak. Qara va ibrat ol!
QUTBIDDIN – Otajon! Podshohim! Qullarining boshiga tushgan bunday falokatlarga Rabbim qanday chidab turibdi?
JALOLIDDIN – Bunday narsalarni o’ylama! Asta-sekin o’rganasan. “Qilmish-qidirmish” deydilar, chekayotgan azoblarimiz qilmishlarimiz jazosidir. (O’zbekka). Qo’l ostimda biror qal’a qoldimi? Malikani qaerda qoldiramiz?
NAYYIRA – Mayli, Tangr vujudimning har zarrasini bir-biridan ayirsinu, meni sizdan ayirmasin! Men uchun qal’a – vujudingiz, pana joy esa quchog’ingizdir. Sizdan soyangiz ayrilsa ham men ayrilmayman. Yashasam, oyog’ingiz uchida yashayman, o’lsam, ko’z o’ngingizda o’laman.
JALOLIDDIN – Axir, bola… Qutbiddinni nima qilamiz?
QUTBIDDIN – Podshohim, bu yerga kelayotganimizda ovga chiqqan bir arslonni ko’rgan edik. Orqasida bolasi ham bor edi. Yodingizga tushdimi? Onajon, orqasida kichkinagina bolasi ham bor edi, shunday emasmi? Qutbiddiningiz orqangizdan nega bormasin? Mening hayvon bolasidek ham qadrim yo’qmi?
JALOLIDDIN – Haqlisiz! Ikkingiz ham haqlisiz! Tatar ustiga yurish qilamiz. o’limga qarshi ayolning erkakdan, bolaning kattadan nima farqi bor? (Muhammad Xorazmshoh murdasiga yaqinlashib). Otajon! Podshohim! Mana taxtingizni egallab turibman!.. Yana hukmingiz asiriman. Ruhingiz; albatta, so’zlarimni eshitayotgan bo’lsa kerak. Mozor tuproqlari yuziga tortilmagan mayit huzurida Rabbim haqqi qasam ichamanki, Ollohga, jinsimga, millatimga xizmat qilishni afzal bilaman! Jalolingizga ahdini bajarmoq, yoxud parcha-parcha kafaningiz chirib bitmasidan oxiratda sizing birla ko’rishmoq nasib etsin! (hammaga). Ahjimni eshitdingizmi? (Chodirning ichidan, tashqarisidan ovoz keladi: — Olloh madadkoringiz bo’lsin!)
O’ZBEK – Olloh madadkorimizdir, podshohim!
O’RXON – Olloh madadkorimizdir, podshohim!
JALOLIDDIN – Ollohning ishiga aralashmaymiz, yo’liga yuramiz.

(Parda yopiladi).

http://kh-davron.uz/