O’zbek qirq yoshga yetganida Navoiyni qo’msab qolarkan. Faqat o’zimga tegishli bo’lganida bunday keskin xulosani matbuotga ko’tarib yurmas edim. Ishonavering, men tengilarning qaysi biridan so’rasangiz, bu fikrimni tasdiqlashadi, kafolat beraman. Qizig’i shundaki, ularning orasida G’arb adabiyotiga butkul ruju qo’yganlari ham, o’zbek adabiyoti u yoqda tursin, umuman mumtoz sharq adabiyotini pisand qilmay yurganlari ham, Gomerdan boshlab, Gongora, Eduard Yunggacha, Kantdan tortib Nitsshe, Freyd, Frommu Karl Yunglargacha, Joysdan Kafka-yu Bekket va Kamyugacha suv qilib ichganlari ham talaygina. Bizda tom ma’noda erkin adabiyot bo’lmagan deya o’zini daho ko’rsatib kelganlari ham son-sanoqsiz. G’arb adabiyotiga taqlidan yozganlari-yu, bu adabiyot qahramonlari taxlit yashashga jahd etganlari, shu bahona o’zimni topdim deganlari ham topiladi. Ammo bugun mana shu toifalarning barchasi (qayta kafolat beraman) mening fikrimga qo’shiladi.

Nima uchun deb so’rarsiz? Ochig’i nega shundayligini o’zim ham bilmayman. Bugungi adabiy jarayon haqida bir narsa yozib berishimni so’rashganida daf’atan xayolimga nega Navoiyni qo’msaymiz, degan savol keldi. Balki bu borada boshqalarning fikrini bilgim kelgandir. Balki kelgusi yillarimiz chin ma’noda Navoiyni anglash yillari bo’lishini orzu qilganimdandir. Balki adabiy jarayongina emas, o’zbekman degani Navoiydan uzoqlashib bormoqda degan mahdud xayol tuzog’iga tushgandirman. Bilmadim.

Rostdan ham, nega Navoiyni qo’msaymiz? Ayniqsa qirq yoshdan keyin. Yoki bu istak botinida insonning o’zini, millatini, milliy adabiyotini anglash iztirobi pinhonmikan? Yoki bu ismsiz iztirob sarhadlari bundan-da kengmi, hududsizmi? YO Ilohiy ilhom onlari borliq va yo’qlik sinoatidan so’z ochgan ulug’ Navoiy ham qirqda bo’lganmikan? YO “Mantiq ut-tayr”ni pichirlab takrorlayotgan bola Alisher o’sha damlardayoq qirqinchi bosqichga qadam qo’yib ulgurganmidi?

Navoiy o’lg’ay erdi bo’lmasa umedi visol,
Bu qasdlarki, anga hajr damba-dam qiladur…

Navoiy visol umidi bilan tirik edi. U visol qasdida umr surgani sayn, umrning har lahzasi hijron jafosidan bong uradi. Uning boshqa bir bayti:

Kerak quyosh dirami tanga bo’lsa bay’ona,
Chu Yusufimni iki dahrg’a baho qilsam…

Bu misralarda Navoiy birinchi baytida umr mazmuni atagani visolning bahosi xususida bahs etmoqda. Ayni visol (Yusuf bu o’rinda visol ramzi) uchun sayyoralar sarvari quyosh bir sariq chaqa – bay puli bo’lishga yaraydi xolos. Unda visolning asl bahosi nimaga teng? Bu savolga ikkinchi misra javob beradi. Navoiy talqinicha, ulug’ visolga erishmoq uchun chin oshiq(chin inson) ikki dunyoni berishi lozim. Bu mazmundagi misralar Navoiyda to’lib toshib yotibdi. Ammo cheksiz borliq ichra zarra yanglig’ yer sayyorasida umrguzaronlik qilib yurgan Odam bolasi kim bo’libdiki, birgina visol uchun faqat bu dunyoni emas, u dunyoni ham berishga jur’at etsa? U qandayin visol? Ayni visolni istashidan insonga ne sud? Kimning visoli u?!

Dunyo dunyo bo’libdiki, Odam bolalari bir mavzuda bahs etadi. Nega dunyoga keldi, yashashdan murodi ne?!
Men va mening tengdoshlarim o’qiganu o’qimagan, ishonganu ishonmagan barcha kitoblar u yoki bu tarzda shu muammo ustida so’z ochadi, so’z yopadi. Adabiyotga ixlos qo’yishimizdan muddao ham shudir balki? Yana bilmadim. Har holda Odam bolasi hamma narsadan manfaat istashi bor gap.

Atrofingizga bir qarang. Odamlar nimaning ilinjida yashayapti? Odam bolalari qanday baxtni izlash bilan ovora? Zotan, bu so’zlarning birov uchun sariq chaqachalik qimmati, nafi bormi? Yoki dunyo sariq chaqa atrofida parvonami? Quyoshni sariq chaqachalik ko’rmagan Navoiy avlodlari-chi? Ularni Navoiy nega qiziqtirmaydi? Nega hech kimsa Navoiyni o’qimaydi, o’qiganda ham tushunmaydi? O’zimiz-chi, o’zimiz, ey biz Navoiyni qo’msagan avlod, vasl ro’yobi uchun ikki dunyoni baxsh etishga jur’at qilgan Navoiyni tushuna olamizmi?

Umr yo’llariga aql nigohi bilan boqqan kimsa uchun dunyolarga sohib bo’lish, vasl to’lovi deya ikki olamni qo’shqo’llab topshirish yechimi mumkin bo’lgan muammomi? Yoki inson shu qadar ulug’ xilqat-u, qudrati shunchalar cheksizmi? Yoxud Navoiy bu misralarni tush va hush oralig’ida yozdimikan?

Qadimgilarda bir maqol bor: tog’ Sulaymon tomonga kelmas ekan, Sulaymon tog’ oldiga boradi. Bobolarimiz dono bo’lishgan-da. Hoynahoy, Navoiyni ham bobo deymiz. O’zbekchilik, u haqda o’ylamay so’ylashdan hazir bo’lishimiz kerak. Nima deysiz, bobomiz maqolga ishora qilmayotganmikan? Dunyo senga ergashmas ekan, sen dunyodan voz kech demoqchimikan, bu misralari bilan? Ulug’ visol saodati har qanday manfaatdan ko’ra ustunroq demoqchimi?

Savollar, savollar, savollar… Ularning son-hisobi yo’q. So’nggi savol: Nega Navoiyni qo’msaymiz?

http://kh-davron.uz/kutubxona/alisher-navoiy/nega-navoiyni-qomsaymiz.html