Yazdır
Üst Kategori: Özbek Edebiyatı
Kategori: Günümüz Özbek Nesri
Gösterim: 1039

Qarayman, xayolim qushin uyg’otib,
Ko’raman: “Erk” so’zin aytgan quldayin,
Ismingni olgancha qayg’uga botib,
Bo’zrang otda yig’lab borar Kul Tegin.

Koshg’ariy shivirlab sening ismingni,
Tangridan seni-da so’ragan edi,

Yassaviy tushida ko’rgandi seni,
Jisming hikmatiga o’ragan edi.

Sen aytar dardlarning unsiz nidosi
Bor edi Behzodning ol ranglarida,
Sen aytar dardlarning munis sadosi
Jaranglardi Yunus Emra ohanglarida.

Navoiy ko’rgandi seni, so’nggi dam
Bo’g’zidan sirqirab chiqarkan joni,
Jaloliddin ko’rdi seni o’ngida,
Sharqirab oqarkan tuproqqa qoni.

Manas ham seni deb jangga chiqqandi,
Seni deb mix botgan tovonlarining
Qora og’rig’iga Boychibor ko’ndi,
O’tlarga socharkan ol qonlarini.

Bolalari dorga tortilgan ona –
Qurbonjon ketmadi ko’zini yoshlab.
Sening kelishingga ishonib, yana
Janggohga qaytgandi erlarni boshlab.

Lekin ulardan ham oldin seni xalq
Tushida ko’rgandi…
Bilib yurarsan:
Shu sabab ortingda: “Qo’rqmagin, sen haq!”
Degan bir nidoni sezib turarsan.

1986