(“Bolaligim ko‘chalarida” turkumidan)


Avgust oxirlayapti. Hademay to‘ylar mavsumi boshlanadi.
To‘y ajoyib narsa-da, ayniqsa, nikoh to‘ylari... Hamqishloq akalardan birortasi uylanadimi yo opalardan qay bittasi erga tegadimi, farqi yo‘q, ishqilib ko‘chalarimizdan “yor-yor” aytib, gurra-gurra kuyovnavkarlar o‘ta boshlasa bas, etlarim g‘alati-g‘alati jimirlab, bir yerda o‘tirolmay qolaman. Tezroq ulg‘aygim kelaveradimi-ey, shirin-shirin xayollarim o‘z-o‘zidan kelajakka yetaklayveradimi-ey, ishqilib!.. (to‘g‘risi, hamma bolalar ham shunaqa, faqat bir-birimizga aytishga iymanamiz). Va har safar ko‘z o‘ngimda mana shunaqa bir manzara jonlana boshlaydi...
...Mashinalardan tushib, to‘yxona sari boryapmiz. Men kuyovnavkarlarim qurshovidaman. Ulardan biri jo‘rttaga: “Ho‘v, terakvoy, ko‘p g‘o‘daymay, xam bo‘lsang-chi!” deb biqinimga nuqilaydi. Unga ho‘mrayib qo‘yaman. Boshimni egib, tizzamni bukib yuraverganimdan terlab ketganman (bo‘ying daroz bo‘lsa ham azob ekan).
Keng hovlini egallagan stol-stullarga o‘tiramiz. Talaba oshnalarim torlarini tiringlatib, qo‘shiq boshlaydi.
Avval shira-sharbat, keyin osh tortiladi. Menga alohida tovoqda “kuyov haqi” keladi: likopchada yarim kilocha qovurilgan go‘sht. Uni ikki yonboshimda o‘tirgan do‘stlarim — Eryigit bilan Sayim baham ko‘radi. Go‘shtga hushim yo‘qroq, ammo ularning jon-dili.
Dasturxonga fotiha o‘qilgach, bir oqsoqol tuguncha ko‘tarib oldimga keladi.
—    Qani, kuyovto‘ra, bir tursinlar!..
— Beqasam to‘n kiydiradi. Boshimga do‘ppi, belimga shohi qiyiqcha bog‘laydi. So‘ngra bo‘ydoq tengqurlarim va atrofdagi qora-qura bolakaylarning havasmand nigohlarini tuyub, bir oz qizargan, boshimni sal eggan holda kelin turgan xona tomonga yo‘l olaman. Bir yog‘imda Eryigit, bir yog‘imda Sayim. Sayim qulog‘imga shipshiydi.
— Tag‘in oyog‘ingni bostirib qo‘yib, bizani sharmanda qilmagin-a! Poyla-ab turib, o‘ng oyog‘ini g‘archcha...
Sayim uylangan-da, biladi(u oilada yolg‘iz o‘g‘il — erta uylantirishgan).
 
Kelinning darvozasida bizni shu qishloq yigitlari yovqarash bilan qarshi olishadi. To‘xtaymiz. Bir qariya qo‘lida poyandoz bilan chiqib, “Qani, kelinglar”, deydi. Ikki tomondan ikki yigit ajralib chiqib, katta qiyiqchadek keladigan poyandozning ikki uchidan tutadi. Poyandoz kelinning ko‘ylaklari qiyqimlaridan qurab tikilgan. Men unga o‘ng oyog‘imni bosib, hatlab o‘tishim kerak. O‘taman. Ikki tomon yigitlari uni olatasir tortisha ketadi. Men ularga e’tiborsiz, ichkari yuraman. Eryigit, Sayim hamon ikki yonimda. Ular menga kelinning eshigi oldigacha hamroh bo‘lib kelishadi-da, keyin dimiqib ketgan, atir, ter hidi anqigan, devorlariga rango-rang kashtalar urilgan xonadagi g‘ujg‘on xotin-xalajga topshirishadi. So‘ngra ostonada turgancha ustimdan jaranglatib sochqi sochishadi. Xotinlar yalt-yult qilib gilamga to‘kilgan tangalar ustida yosh qizchalardek talashib ketishadi. Keyin esa...qay birlari meni qo‘ltig‘imdan olib, to‘rdagi chimildiq tomonga boshlaydi.
Chimildiqda tillaqosh taqqan, yuzini harir ro‘mol to‘sgan, nozikkina kelinchak hurkibgina turadi. Yuzi ko‘rinmaydi. Aytishlaricha, bizga katta ko‘zgu ko‘rsatisharkan, men uni, u meni ko‘zguda ko‘rarkanmiz... Aslida-ku, biz ilgaridan ko‘rishib yurgan bo‘lamiz. Chunki, ahd qilganman – sevib uylanaman. Mana, akam, yangamga uylandi-yu, haligacha ozgina ichib qolsa, armiyadagi bir qizni qo‘msab yig‘laydi...
Chimildiqda men kelinchagimning barmog‘iga uzuk taqayotganimda, sinchaloqda bol yalatayotganimda, uni ko‘zguda ko‘rib, ko‘z qisib hazillashayotganimda...tashqarida do‘stlarim qora terga tushib, poyandoz tortishayotgan bo‘ladi. Poyandozni   albatta ular olib chiqishlari kerak. Tayinlab qo‘yganman, olmay ko‘rishsin-chi!.. Poyandoz tortishda bizning qishloqdagilarga teng keladigani bo‘lmagan, bo‘lmaydi ham.
...Umuman, biz bolalarning nikoh to‘ylarga qiziqishimiz, uni zoriqib kutishimizning ham asosiy sabablaridan biri mana shu poyandoz tortish. Boshqa narsaga uncha ishimiz yo‘q. Poylab turamiz, tezroq osh yeyilib, kuyovga sarupo kiydirilsa-da, tezroq poyandozdan hatlab o‘tsa. Qizig‘i shundan boshlanadi. Poyandozning bir uchini biz tarafdan albatta Botir aka tutadi. U qoruvli, baquvvat, traktorchi yigit. Ishonganimiz shu kishi. Botir aka bor joyda ko‘nglimiz to‘q. Bizlar poyandoz tortishayotganlarning atrofini gir aylanib: “Ha, Botir aka! Ha, Sobir aka! Ha, Sodiq aka, torting! Temur aka, bo‘shashmang!” deya baqirib chopaveramiz. O‘zimiz ham qo‘shilib ketgimiz keladiyu, eh-he, qayoqda, ularning damiga yo‘lab bo‘larkanmi? Bir safar Sayim kirib, shu zahoti qochib chiqqan edi. Ertasi kun qarasak, panjalari qiyilib, qorayib ketibdi.
Poyandoz tortishda ba’zi birovlar pichoq ishlatadi, ya’ni tortishga chog‘i kelmagach, kesib olmoqchi bo‘ladi. Bu endi, ham nomardlik, ham juda xavfli ish, birovning et-betiga tegib ketsa bormi!.. Shunaqalarni Botir aka sezib qolsa, shartta davradan sug‘urib chiqadi-da, indamay (u sira so‘kinmaydi) ikki-uch shapaloq tortib yuboradi. Keyin jahl bilan yana davraga kirib ketadi. Sal o‘tmay, hammani dog‘da qoldirib, poyandozni tortib chiqadi-da, uni do‘stlariga, biz bolalarga ham  oz-ozdan kesib, ulashib beradi. Biz uni niyat qilib saqlab qo‘yamiz. Botir akamiz ana shunaqa yigit. Hammamiz unga o‘xshagimiz keladi...
...Avgust oxirlayapti.
Hademay to‘ylar boshlanadi. Biznikida  ham to‘y taraddudi. Opamni shaharga uzatyapmiz. Poyandoz tortish zo‘r bo‘lsa kerak. Shaharliklar ham usta bo‘ladi, deyishadi.
...To‘y kuni aksari poyandoz tortadigan yigitlar negadir ko‘rinmadi. Hammamiz hayronmiz. Bellariga enli kamar bog‘lab olgan, bashang kiyingan shaharlik kuyovnavkarlarni ko‘rib, yuragimizni vahm bosadi. Bular bilan kim tortishadi – sharmanda bo‘lamiz chog‘i...
Lekin kuyov bo‘lmishni darvozamiz tomon olib borishayotganda poyandozchi akalarimiz yig‘ilib kelib qolishdi. “Ur-ra!” deb baqirib yubordik hammamiz. Biroq, Botir aka ko‘rinmayotgandi. Shundan andak ko‘nglimiz xijil. “Kep qolar”, deb har tarafga alanglaymiz...
Poyandozning bir uchini qudalar tarafdan polvonsifat, qo‘ng‘izmo‘ylov bir yigit ushladi. Bizlardan Sodiq aka. U kishi ham ancha chapdast. Lekin, Botir akaning o‘zi bo‘lgani durust edi. Eh, qayoqda yurgan ekan-a? Shunaqa qaltis paytda kelmay qoladimi?!.. Onasini betob deyishayotuvdi, kasalxonaga ketganmi? O‘zining tobi qochib qolganmi?.. Kim bilsin, har kallada har xayol...
Kuyov poyandozdan hatladi.
—    Haa-huvv!..
Shaharlik polvon na’ra bilan poyandozni siltab tortdi.
Sodiq aka uchib borib, uning ko‘kragiga urildi. Keyin cho‘kkalab qoldi. Ko‘z ochib yumguncha, polvon uni sudrab ketdi. Hammamizning esxonamiz chiqib, hang-mang bo‘lib qoldik. Xayriyat, Sodiq aka qo‘yib yubormadi. Bu orada ikki tomonning yigitlari ham poyandozga borib yopishishdi. Shundagina yengil tortdik...
Shaharliklarni usta deganlaricha bor ekan. Ular baravariga “Tort! Ha, tort!” deb, biznikilarni ancha yergacha sudrab borishadi-da, keyin biror devor yo daraxtni mo‘ljallab, to‘satdan orqaga itarib qolishadi. Devor yo daraxtga zarb bilan urilgan yigitlar chidash berolmay davradan chiqib ketishadi. Qayta kirishga anchagacha yuragi dov bermay turadi, keyin chetda turishga uyalibmi yo qizibmi, yana tortishuvga qo‘shilib ketadi... bari bir biznikilarning safi siyraklasha bordi. Qolgani ham har yoqdan, har biri o‘z boshicha tortib yotar, bu esa ertakdagi cho‘rtanbaliq, oqqush va qisqichbaqaning arava sudrashiga o‘xshab ketardi.
Botir aka bo‘lganida bunaqa qilmasdi. U boshida betartib tortishib ketgan sheriklarini asta-sekin imlab, o‘z yoniga o‘tkazaveradi. Hamma bir tomonga o‘tib, kuch bir yerda to‘plangach, sekingina “Boshladik!” deydi. Shunda besh-olti azamat kuchli hayqiriq bilan tortib ketadi-da, raqiblar yo‘l-yo‘lakay to‘kilib qolaveradi. Oxirgi raqibning qo‘li uzildimi, bo‘ldi, biznikilar ham poyandozni qo‘yib yuboradi. Botir aka bo‘lsa uni yalovdek baland ko‘tarib, davradan otilib chiqadi. Shu bilan tamom — poyandoz olib chiqilgan hisoblanadi...
Hozir esa bunday ahillik yo‘q edi.
Biz, bolalar bo‘lsak, hammadan ko‘proq qayg‘urib, davra atrofida yuguramiz. Ovozimiz boricha baqirib, o‘zimiznikilarga dalda bermoqchi bo‘lamiz. Hozircha shundan ortig‘iga yaramasak, na iloj!
Poyandoz tortayotganlar jiqqa terga tushishgan. Doshqozondan chiqqandek to‘da tepasidan bug‘ ko‘tariladi. Ikki tomonning ham shashti pasayib, sekinlik bilan, chamasi qanaqadir qulay fursatni poylab tortishishardi.
Mehmonlardan biri pichoq chiqargan shekilli, Sobir aka u bilan sudrashib chiqib, mushtlashib ketdi. Boshqalar aralashishga ulgurmasdan, kattalarimiz ularni ajratib qo‘yishdi. Mehmon yigit bir chekkada bo‘zarib turib qolaverdi, Sobir aka yana o‘zini davraga urdi...
Barcha rasm-rusumlar tugab, opamni ichkaridan olib chiqib, mashinaga kiritishdi. Lekin poyandoz tortish hali-veri tugaydiganga o‘xshamasdi. Mashinalar bosib-bosib signal bera boshladi. Ikki tomon qariyalari sabrsizlanib, poyandozchilar to‘dasiga yaqin kelishdi. “Bo‘ldi, endi, to‘xtatib qo‘yaqolinglar! Tarqalinglar, bas qilinglar!” deb yigitlarni shoshira boshlashdi. Ammo, birovning gapini ikki qilmaydigan bizning yigitlar ham, shaharliklar ham qizishib ketganlaridan qariyalarga quloq solgilari kelmasdi.
Kimdir bir paqir muzday suv keltirib, ularga sepmoqchi edi, qishlog‘imiz oqsoqoli uni jerkib suvini to‘ktirib tashladi.
 
Keyin poyandozchilarga yaqinlashib:
— Tortadigan bo‘lsang, lanjlanmay, shartta yulib chiq! Bo‘lmasa o‘t bu yoqqa hammang! Yo o‘zim kiraymi?! — deb baqirdi.
Xuddi shu gap yetmasdan turgan ekanmi, Sodiq akaning xirildoq ovozi eshitildi:
—    Qani, ha, jo‘ralar!
Birdaniga olatasir bo‘lib ketdi-ku!
Shaharlik polvon ham hovliqib qoldi.
—    Tort! Yopish! — deb o‘zinikilarga baqira boshladi.
Bir vaqt qarasak, Sodiq aka, Sobir aka, Turob aka, Temur aka — hammasi bir tomonda. Baravariga baqirib yubordik.
 
Akalarimiz ham shuni kutganday, katta tosh ko‘cha tomonga qudalarni sudrab ketishdi. Qudalar o‘z-o‘zidan poyandozdan uzilib qolaverdi. Oxirida shaharlik polvonni chang-to‘zon ichida bir o‘zi sudralib borayotganini ko‘rdik. “Qo‘yvor! Qo‘yvor!” degancha baqirishib chopaverdik. Polvon ancha joygacha poyandozga osilib bordi-da, keyin uyaldimi, qo‘yib yubordi.
Sodiq akaning qo‘lida baland ko‘tarilgan poyandozni ko‘rib, hammamiz qiyqirib yubordik.
So‘ngra ilinj bilan uning atrofini o‘radik. Lekin Sodiq aka hech birimizga poyandozdan yirtib bermadi, aksincha qo‘ltig‘iga urgancha, nari ketdi. Xafa bo‘lib ketdik. Umrida bir martagina olib chiqdiyu, qizg‘andi-ya!..
Qudalar mashinalarga o‘tirib, yor-yor aytib yo‘lga tushishdi. Sodiq aka hamrohlarini olib, qayoqqadir jo‘nadi. Eryigit, Sayim, yana bir-ikki bola ularga ergashdi. “Qayoqqa boryapsizlar?” desam, Sayim, ishing bo‘lmasin, deb jerkib berdi. Hayron qoldim, bularga nima bo‘ldi o‘zi?..
Ularga qorama-qora ketaverdim. Qishloq  chekkasidagi soy tomonga yurdik. Sodiq akalar qishloq oxiridagi uyni aylanib o‘tishdiyu, soy bo‘yiga tushishdi. Bu uyda Botir aka onasi bilan yolg‘iz turar, hozir hovlida ham, ichkarida ham chiroq ko‘rinmas, hammayoq zimiston edi.
 
—Botir, shaharliklarni ham bopladik,—bu Sodiq akaning ovozi edi.—Mana, opkeldik.
Bolalarning orqasidan yetib kelib, ularning yelkasi osha sekin mo‘raladim. Soy bo‘yidagi katta xarsangtosh ustida o‘tirgan Botir aka o‘rnidan og‘ir qo‘zg‘alib, Sodiq akaning oldiga keldi. Undan poyandozni olib, yana xarsanga borib o‘tirdi. Uni jimgina yuziga bosdi. Hayratda qoldim. Nega Botir aka unaqa qilyapti?..Yig‘layaptimi?..Kap-katta yigit nega yig‘laydi?.. Poyandozni o‘zimiznikilar olishdi-ku!..
Yigitlar bitta-bitta borib, uning atrofiga cho‘kishdi. Bir ozdan so‘ng Turob aka nasihatomuz gap boshladi.
—Botirjon, sen xafa bo‘lma... Senday yigitti xor qildimi, hali pushaymon yeydi. Ko‘p pushaymon bo‘ladiki... Mayli, qo‘y endi, do‘stim, kuyganingga arzimaydi!..
 
Boshqalar gap qo‘shmay, yerga bosh solib turardi. Bolalar ham...
Sharpasiz orqamga tisarila boshladim. Meni bular sezib qolishi, ko‘zi tushishidan cho‘chirdim. Soy bo‘yidagi yo‘lga chiqib oldim-da, xuddi orqamdan birov quvlayotgandek, jon vahmida yugurib ketdim...

1980 yil.

Turkiya Turkchasi