Bu dunyoning armonlari ko’p ekan,
Ketar bo’lsang, tomonlari ko’p ekan,
Chechagidan somonlari ko’p ekan,
Xayr dema,xayr dema,sevgilim.

Yarmi qora, yarmi oqdir dunyoning,
Yarmi sahro, yarmi bog’dir dunyoning,
Yarmi visol, yarmi dog’dir dunyoning,
Xayr dema,xayr dema,sevgilim.

Sen istasang gullar ro’yi jahonim,
Yana bo’yin taratadi rayhonim,
Chamanlarga aylanadi sayxonim,
Xayr dema,xayr dema,sevgilim.

Xayr desang, bu dunyoda netaman,
Sen bo’lmasang, bu ro’yoda netaman.
Seni izlab bo’zlab-bo’zlab o’taman,
Xayr dema,xayr dema,sevgilim.