FITRAT SHE’RIYATI

 

Abdurauf Fitrat she’riyati haqida so’z ketganda shuni aytish kerakki- shoir ilk she’ridan boshlab Turk Dunyosini, Turkiston birligi, istiqlol g’oyasini ilgari surdi, u turk dunyosiga millatparvar va yoniq shoir sifatida tanilgan edi. Bu haqda unga zamondosh tanqidchilardan Abdurahmon Sa’diy shunday yozadi: “Fitrat – hozirgi o’zbek she’riyatida arab, fors so’zlariga yo’lni berkitdi. O’zbek she’r tuzilishining rivojlanish yo’llarini belgilay borib, ko’pgina yosh shoirlarni o’zining uslubi va tili bilan ergashtira oldi, atrofiga yosh shoirlarni to’plab ularga til va uslubdan yo’l ko’rsatmakdadir.”

 

Abdurauf Fitrat to’rt she’riy kitob muallifi. Bular: “Sayha”, “Uchqun”, “She’rlar va doston”, “Mening tunim”. Fitratning professor Hamidullo Boltaboev tayyorlagan ko’p jildlikning birinchi jildiga kirgan 22 ta she’r haqida suhbatlashamiz.

 

Fitrat she’riyati nochor qolgan shoirning o’tli nidolaridangina iborat emas, u Turkistonni oyoq osti qilgan kelgindilarga, jaholat tufayli tovushlari o’chgan vatandoshlariga achchiq nafratli murojaatidir. She’rlarning shakliy qurilishlari ham mavzu e’tibori bilan o’ziga xosdir. Bu she’riyat- yangicha bo’lib yangicha shuur, yangicha dunyoqarashning yangicha tamoyillarini o’zida aks ettiradi. Yangi o’zbek she’riyati butun dunyoni uyg’otadigan bir qudratga ega bo’lishi kerak edi.

 

Yangi o’zbek she’riyatining asos manzili, o’chog’i Vatan, Turkiston, istiqlol, Erk mavzui bo’ldi.
Bukun ham shunday.
«Buxoro vaziri Nasrullo Parvonachiga ochiq maktub»ida Fitrat yozadi: «Har qancha ko’z va qulog’ingizni berkitsangiz ham, bu qadimiy islom millatining faryodi va muqaddas vatanimizning xarobligiga achinmay tura olmaysiz…Millatimiz va yurtimizni shu holga keltirib qo’ydikki, dunyoning burchagida eng qiyin kunlarda tashvish chekib yashayotgan odamlar ham bizning ahvolimizga qon yig’lamoqdalar.»
Amirga qarata aytilgan so’zlari ham asarga ilova qilingan, bu bayonotda mana bunday deyiladi:” Bugun yo erta dini islomning dushmanlari biz — musulmon xalqni qora kunlarga solarlar. Bu jinoyatchilarning vazifasi avvali dini islomga xusumat bo’lib, yaqin zamonlar bizdan dinimizni tark qilishni talab qilarlar.
Imonimizni to’pga, azonimizni qo’ng’iroqqa, masjidimizni cherkovga almashtirmoqdan boshqa narsa qolmas.”
Fitrat barcha dindosh birodarlariga murojaat qilarkan ” bu tanazzul (ya’ni nimaiki boy berilayotgan bo’lsa) , musulmonlarning unsizligi va harakatsizligi natijasi”, deya biladi.
Fitrat hayoti va faoliyatiga bag’ishlangan juda ko’p xorijiy manbalarda, zamondoshlarining xotiralarida uning nomiga ”shoir” sifatlashi ko’plab aytilgan. Bu Fitratga nisbatan shunchaki shaxsiy munosabatning natijasi bo’lmay, balki uning shoirlik iste’dodiga alohida hurmat bilan qaraganliklarining boisi hamdir.

 

Fayzulla Xo’ja 1911 yili chop etilgan ”Sayha” (”Nido”, ”Na’ra” ma’nolarini beradi.) she’riy to’plami haqida shunday yozadi: ”Vatanparvarlik she’rlari to’plami bo’lgan ”Sayha” ni o’qigan kishilarni Buxoro hukumatigina emas, rus hukumati ham ta’qib qila boshladi, chunki bu she’rlarda mustaqillik g’oyasi birinchi marta juda yorqin shaklda ifodalab berildi.”

 

Bir tarafdan Turkistonda ochlik, qashshoqlik hukm surib turgan zamonda, bir tarafdan rus imperiyasi bilan ingliz jahongirlari Turkistonni egallash haqida yashirin muzokaralar olib borayotgan kunlarda ”turklikning qonini qaynatguvchi, iymonini yuksaltguvchi quvvat bergan bir suyunchli so’z tug’ildi, ya’ni 27 no’yabrning kechasinda milliy laylatulqadrimiz bo’lgan Turkiston Muxtoriyati e’lon qilindi.” Shul qop-qorong’u dunyoning uzoq bir yerinda oydin bir yulduz kabi yalqillagan bu muxtoriyatni olqishlarkan, Fitrat mahkama eshiklaridan yig’lab qaytgan, yirtqich jandarmaning tepkisi bilan yiqilgan , yondirilgan , osilgan dindoshlarimizning holatini shunday arz etadi: ”Ellik yildan beri ezildik, tahqir etildik, qo’limiz bog’landi, tilimiz kesildi, og’zimiz qulflandi, yerimiz bosildi, talandi, sharafimiz surildi, nomusimiz g’asb qilindi, huquqlarimizga tajovuzlar bo’ldi, insonligimiz oyoqlar ostiga olindi- to’zumli turdik, sabr etdik. Kuchga tayangan har buyruqqa bo’yinsundik, butun borlig’imizni qo’ldan berdik. Yolg’iz bir fikrni bermadik, yashinturdik, iymonlarimizga o’rab saqladik: Turkiston muxtoriyati!”

 

Taassufki, milliy laylatulqadrimiz — Turkiston muxtoriyati o’z oldiga qo’ygan olamshumul rejalarni bajarishga ulgurmay, Kolesov boshliq ”tinchlikni barqaror qiluvchi kuchlar ” tomonidan yo’q qilib tashlandi.
Biz yanglishgan edik. Yana yanglishdik.
Bu alamli tuyg’u yangi o’zbek she’riyatining mag’zini tashkil qiladi.
Yangi o’zbek she’riyatining buloqlarining ko’zlarini ochgan buyuk alloma Abdurauf Fitrat bo’ladilar.

 

O’ttiz asrlik O’zbek adabiyoti, xususan o’zbek she’riyati dunyoviy hodisadir. Bu hodisani tadqiq qiladigan akademiyalar, institutlar, assambleyalar, forumlar kerak.
Dunyoviy hodisani dunyo miqyosida amalga oshiradigan kuchli mustaqil demokratik davlat zarur!

 

Biz agar Uilyam Shekspirni bilmaganimizda edi, ko’p narsani yo’qotgan bo’lar edik. Ahli dunyo Alisher Navoiyni bilmagani uchun ko’p narsani yo’qotdi.

 

Biz agar Tomas Manni bilmaganimizda edi, ko’p narsani yo’qotgan bo’lar edik. Ahli dunyo Abdulhamid Cho’lponni bilmagani uchun ko’p narsani yo’qotdi.

 

Biz agar Robindranath Thakurni bilmaganimizda edi, ko’p narsani yo’qotgan bo’lar edik. Ahli dunyo Abdurauf Fitratni bilmagani uchun ko’p narsani yo’qotdi.

 

Bundayin qiyoslarni uzluksiz davom ettirish mumkin. Foydasiz. O’zimiz hali bilmagan narsani dunyo qaerdan bilsin.

 

Jahon Adabiyoti tubsiz va cheksiz bir ummondir, unga har kim o’z shaxsiy piyolasi bilan boradi.

 

Turk Dunyosi, Turon, Turkistonning madaniy ta’rixida jahon maqduniyatini uchsiz cho’qqilarga ko’targan buyuk allomalar o’tkan. Ularning amallari dunyoga ma’lum va mashhur. Ana shunday allomalardan biri, ulug’ vatandoshimiz Abdurauf Fitratdir.

 

O’zining ikkinchi oltin davrini tugatib 16 asrdan Turkiston tanazzulga yuz tutgan, xususan 19-20 asrga yetib ayanchli holatda to’lg’onar edi.

 

Chor imperiyasi, keyinchalik qizil saltanat Turkiston musulmonlarining, ayniqsa, turk xalqlarining birlashuvidan qattiq qo’rqardi, shuning uchun tish-tirnog’i bilan qurollanib turkchilarni, turkchi bo’lmaganlarni ham, umuman tubchak aholidan chiqqan munavvarlarni tirik qoldirmaslikka kirishadi. O’g'ri, bosqinchi, makkor, xudosiz mahluqlar muqaddas Turkiston tuprog’ini taladilar, bo’g'dilar, qonga botirdilar.

 

Turkiston- o’zining balogardonini, ulug’ farzandining tug’ilishini juda-juda istar edi va Alloh irodasi-la u Inson tug’ildi. Abdurauf Fitrat nasabi bilan dunyoga keldi.

 

Abdurauf Fitrat- Turkiston ruhining dahosidir.
U Turkiston istiqloli uchun qurbon bo’ldi. Istiqloldan keyin qayta tug’ildi.
Bu kun Abdurauf Fitrat jahon fuqarosiga, Turkistonning olamshumul ramziga aylandi.

 

28.04.2004.

 

777

 

SHE’RIYAT HUQUQI
(Abdulhamid Sulaymon Cho’lpon she’riyati xususida)

 

Ko’z yoshimda yuvsam yurtning shonini,
Tilim bilan so’rsam oqqan qonini…
Qonli kunlar tushdi mening boshimga.

 

Abdulhamid Cho’lpon.

 

Alisher Navoiy vafotidan so’ng dunyo 500 yilga qaridi. Abdulhamid Cho’lpon yuzga kirdi. Dunyo yuz yoshga yashardi. Butun Turk Dunyosi o’zining buyuk shoirini sharaflamoqda. Uning siymosida biz ”Haq yo’li, albatta bir o’tilgusini”, shoirga o’lim yo’q ekanini, She’riyat Huquqi g’alabasining guvohi bo’ldik.

 

So’zimiz ko’cha-ko’yning mijg’ov loflaridan, xonim-oyimchalarning injiqliklaridan, idorabozlarning mash’um o’yinlaridan, johilligidan, qo’rqoqligidan, johil kimsalarning mudhish qiliqlaridan, shubhasiz ustun turgan She’riyat borasida, She’riyat Huquqi va Abdulhamid Cho’lponning olamshumul Ulug’ Shoir ekani
xususidadir.

 

Abdulhamid Cho’lpon she’riyati butun XX asr qadriyatlarini o’zida mujassam qildi. Uni olamshumul maqomga olib chiqqan omil — shoirning cheksiz ehtirosli gumanizmidir. Bu dunyodagi Insonning hasratlari, quvonchlari Shoir ijodining o’q tomiriga aylandi.

 

Turk Dunyosining birligi, Ulug’ Turkiston qayg’usi, Insonga muhabbat, javonmardlik, saxovat Abdulhamid Cho’lpon she’riyatining asos belgilaridir.
Bu fazilatlarni ichkin ilohiy samimiyatsiz ifoda qilib bo’lmaydi. Abdulhamid Cho’lpon samimiyati — Dunyo Insoniga bo’lgan mehri, sadoqatida yorqin namoyon bo’ldi.

 

Inson va Tabiatning uyg’unlikdagi in’ikosi Abdulhamid Cho’lpon ijodining shuurli nuqtalaridir. Shoir juda uzun shonli-saodatli, qonli-mashaqqatli yo’lni bosib o’tdi. Faqat XX asr odaminigina emas, uning hofizasidan, ko’z o’ngidan ming yillar vajohati, talotumlari bilan hayqirib kechdilar. Endi shoir bo’lgusi zamonlarga qadam qo’ydi.

 

She’riyat Alloh odamni yer uchun yaratgani kabi qadimiydir. Yorug’ dunyoga kelgan inson bor ekan, inson bo’lib tug’ilgan ekan — Inson haqlari, inson huquqi bordir.
Inson Huquqi — She’riyat huquqi. Inson va Tabiat uyg’unligi abadiy, tabiat tartiboti o’zgarmas, ammo inson tabiati o’zgaruvchandir. Muvozanat buzilgan joyda jaholatning qora quyoshi yonib fikr olamini zulmatga chulg’aydi, qonga bulg’aydi. Muborak uyg’unlik yo’lida jafo chekkanlarning karvonboshilari shoirlardir, ehtimol. She’riyat cheksizlikdir — ammo, she’riyatning osmoniga boqib cheksizlikning ham cheki bor, deb o’ylaysiz.
She’riyat insonning ilkin nafasidir, poyonsiz nafasning moddiylikka aylanishidir, balki.

 

Misr,Bobil, Xitoy,Hindiston, Rum, Eron, Ovrupo, Amerika singari Turon-Turkiston-Turk Dunyosi jahon ilmu fani, madaniyati, adabiyoti va san’ati xazinasiga o’zining munosib merosini berdi va berajakdir. Ulug’ shoir Abdulhamid Cho’lpon o’zbek ruhini kuyladi. Zero O’zbek Ruhi o’lmasdir. O’zbek Ruhi abadiydir. O’zbek Ruhi — butun Turk Dunyosining merosidir.

 

O’zbek millati bu oltin merosning egasi, bu meros butun jahon uchun, butun insoniyat uchun Alloh inoyati ila go’zal armug’ondir. O’zbek millati — jahon sivilizasiyasini bir pog’ona baland ko’targan buyuk millatdir. O’zbek bo’lib tug’ilgan, o’zbek degan nomni muqaddas bilib tanu ruhida asragan inson naqadar baxtli insondir.
Bu sharafli tuyg’ular Abdulhamid Cho’lpon ijodiyotida porloq ifodasini topdi.

 

Abdulhamid Cho’lponni titratgan, qaqshatgan zulm edi. Zulm — o’zbekning eng sara gullarini yulib otdi. Hamzani o’ldirib, bu o’lim bahonasida, birinchi o’zbek sovet shoirining qotillari deb minglab begunoh musulmonlarni qirib tashladi, butun davlatchilik iqtidorlarini ishlatib qo’lga kiritgan Turkiston avtonom
jumhuriyatini yer bilan yakson qildi, bu yangi o’zbek hukumatining a’zolarini qilichdan o’tkazdi. Masalan, 1917 yildan 1947 yilgacha faqat Rusiyaning o’zida stalinizm qurbonlarining soni 67 million 533 mingga yetdi. Zulm — shoir yuragida qanday kechagani yolg’iz Allohga ayon.

 

Zulm — bashariyatning muqaddas beshiklaridan bo’lmish ulug’ Turkistonga bostirib kirdi. Milyon-milyon gunohsiz insonlarimizning pok qonlarini to’kdi, ilohiy masjidlarimizga ko’ppaklarini bog’ladi, mezanalariga qo’ng’iroqlar osdi, bog’larimizga «itlarga va sartlarga kirish man’ etiladi», deb yozib qo’ydi, jahonning ko’rki bo’lgan obidalarga bomba yog’dirdi, bir kechada minglab o’zbeklarni, eru xotin, bolalarni, homilador ayollarning qornidagi go’dakkacha jaholat pichog’i bilan so’ydi, neki halol bo’lsa borini xarom qildi, najosatga to’ldirdi.

 

Bu ahloqsiz, madaniyatsiz olomon, shaytanat bandalari mening ulug’ xalqimni — o’zbek turklarini har xil laqablar, tamg’alar, yorliqlar yopishtirib keldi. Lekin o’zbek turklarining ilohiy Ruhini, qutlug’ tilini sug’urib ololmadi. Shoirning ichidan nelar kechdi ekan, u qaro kunlar.

 

Zulm — bir millatni (boshqa) bir millat bilan xundor dushman qilishga erishdi. Zulm uchun inson-insonga do’st-birodar emas, o’ch olishga doim shay turgan jallod bo’lishi kerak edi. Erishdi. Shoir solnomachi emas, u yuzlab badiiy qiyofalar yaratoldi.

 

Ona-sayyoramiz she’riyat kabi poyonsiz. Insoniyatning dardu quvonchi Abdulhamid Cho’lponning dardu quvonchi bo’ldi. Shoir o’z Vataniga farzandi o’laroq o’z xalqining inon-ishonchi, shodligi, uqubatlarini o’zida, so’zida ifoda qildi, dunyoviy alamkashlik uni jahon fuqarosiga aylantirdi.

 

O’zbek ma’naviyat osmonida bir Cho’lpon yulduzi porladi, tobora o’ziga jalb etdi va uning ovozi butun bir xalqning hayqirgan ovozi edi.

 

Abdulhamid Cho’lpon zulmga qarshi, stalinizmga qarshi, manqurtlikka qarshi ozodlik uchun, She’riyat Huquqi uchun kurashayotganlarning sardorlaridan biridir. Xalq shunday shoirini ko’p zamonlardan buyon kutgan edi. U keldi va kurash maydoniga chiqdi. Haq va Haqiqat yo’lida qurbon bo’ldi. Bu yorug’ dunyoda u yolg’iz emas edi, uning tengdoshlari, maslakdoshlari, o’likdoshlari juda ko’p edi, bu eski shaytanatda. Ular — yuzlab shoirlar milyon-milyon xalqlarning faryodiga aylangan zulmga qarshi — Inson Haqlari uchun She’riyat Huquqi uchun o’rtaga chiqqan Muqaddas She’riyat lashkari edi.

 

Abdulhamid Cho’lpon yolg’iz emas edi. U ulug’ jahon shoirlarining mehr qarog’ida edi.
Abdulhamid Cho’lpon XX asr jahon she’riyati saroyiga mana shunday kirib keldi va bu saltanatda munosib o’rniga noil bo’ldi.
Abdulhamid Cho’lpon – o’zbek farzandi, Turk Dunyosining so’nmas yulduzi, ulug’ jahonshumul shoirdir.

18.07.2001