SO’Z BOSHI

Respublikamiz mustaqillikka erishgach, barcha sohalarda ulkan o’zgarishlar yuz berayapti. Yurtimizning qadimiy qadriyatlari qayta tiklanmoqda, diniy-ma’rifiy va jadid adabiyoti vakillarining asarlari yangidan nashr qilindi. Bu asarlar chuqur o’rganish uchun adabiyot o’qitish dasturlariga kiritildi. Respublikamizning jahondagi boshqa mamlakatlar bilan siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalari mustahkamlanib, kengayib bormoqda. Qisqasi, yurtimiz har tomonlama jahonga chiqish uchun intilmoqda. Bu ayniqsa, oliy ta’lim sohasida ham ko’zga yaqqol tashlanmoqda.

 Oliy o’quv yurtining o’quv rejalariga hozirgi davr talablaridan kelib chiqadigan fanlar kiritilmoqda. Ana shunday fanlardan biri «Turkiy xalqlar adabiyoti» fani bo’lib, u 2000-2001 o’quv yilidan boshlab adabiyot o’qitish dasturlariga kiritilgan. Bu fanni o’qitishdan asosiy maqsad turkiy xalqlar o’rtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirish, ularning o’zaro totuvligini yanada mustahkamlashdan iboratdir. Asli kelib chiqishi bir bo’lgan bu xalqlar adabiyotini qiyosiy-tipologik tahlil qilish hozirgi adabiyotshunosligimizning eng dolzarb masalalaridan biridir. Adabiyot xalqlar o’rtasidagi do’stlik elchisi ekanligini hisobga olib, biz ushbu ishimizda turkiy xalqlar adabiyoti tarixidagi mushtarak va farqli tomonlarni aniqlashga harakat qildik.

Ma’lumki, turkiy xalqlar adabiyotining bir qismi sobiq sho’ro davrida ham o’rganildi. Lekin unda asosan sho’ro hukumati tarkibiga kirgan turkiy xalqlar adabiyoti sinfiy nuqtai nazaridan o’qitilar edi. Bugungi kunda esa bizga bu adabiyotni qanday bo’lsa, shundayligicha to’g’ri, haqqoniy o’rganishga imkon yaratildi. Shundan kelib chiqib, biz mazkur ishimizda o’zbek adabiyotshunosligida avval kam o’rganilgan yoki umuman o’rganilmagan turkiy xalqlar adabiyoti haqida ko’proq ma’lumot berishga harakat qildik. Tekshirishlar natijasida biz turkiy xalqlar adabiyotining og’zaki ijodi va qadimgi davri bir-biri bilan ko’p tomonlama juda yaqin ekanligining  guvohi  bo’ldik.

Turkiy xalqlar adabiyotini o’qitishning yana bir vazifasi talabalarda umuminsoniy qadriyatlarni shakllantirish, ularni shu ruhda tarbiyalash ham  hisoblanadi. Ana shu maqsadda ushbu risolada mashhur adiblar ijodi va ularning asarlaridan ayrim namunalar ham keltirildi.

«Biz xalqni nomi bilan emas, balki madaniyati, ma’naviyati orqali bilamiz»[1], - degan edi prezidentimiz I.Karimov. Turkiy xalqlar adabiyotini o’rganish ularning ma’naviyati, madaniyatini o’rganish demakdir. Bu esa istiqlol mafkurasining shakllanishiga katta hissa bo’lib qo’shiladi.

 Turkiy xalqlar adabiyotidan darslik, qo’llanmalar yaratishga ilk urinishlardan biri bo’lgan bu ishda kamchiliklar bo’lishi tabiiy. Bu haqda xolis fikr bildiruvchilarga o’z minnatdorchiligimizni izhor qilamiz.

 --------------------------------------------------------------------------------

 [1] I. Karimov. Tarixiy xotirasiz keajak yuq. - Toshkent: "Sharq" nashriyoti - matbaa konserni bosh tahririyati, 1998 18-bet.

 

 

QADIMGI TURKIY OBIDALAR

 

Reja:

 1.“Turkiy xalqlar adabiyoti” fanining predmeti va vazifasi.

2.Barcha turk xalqlariga tegishli bo’lgan qadimgi folklor asarlari.

3.“Alpomish”, “Manas”, “Go’ro’g’li” kabi dostonlarning umumturkiy xususiyatlari.

4.Qadimgi yozma yodgorliklar haqida.

5.X-XII asrlar adabiy yodgorliklari.

 Tayanch so’z va iboralar:

 “Turkiy xalqlar adabiyoti” fanini o’rganishdan asosiy maqsad, ularning o’rtasidagi aloqani mustahkamlash ekanligi. Barcha turkiy xalqlarga tegishli adabiyotlar. “Yaratilish dostoni”. Alp er To’nga haqida doston. “Manas”, “Alpomish”, “Go’ro’g’li” kabi dostonlardagi mushtaraklik. “O’g’iznoma” haqida, Turkiy-runik yozuvlar, “Devoni lug’otit turk”, “Qutadg’u bilig”, “Hibbatul haqoyiq” asarlari haqida.

 Mamlakatimizda istiqlol tufayli turk ellari adabiyotini yaxlit o’rganish imkoniyatiga ega bo’ldik. Ma’lumki, kelib chiqishi bir – biriga yaqin, qarindosh bo’lgan xalqlarning tarixi, madaniyati, rivojlanishi bir ildizga borib taqaladi. Bu xalqlarning urf – odatlarida, rasm – rusmlarida, xalq og’zaki ijodida bir – biriga o’xshash holatlar juda ko’p ko’zga tashlanadi. Albatta, tarixiy taraqqiyot tufayli, keyinroq ayrim farqlar ham vujudga kelgan. Jumladan, biz o’rganayotgan turk ellari adabiyoti ham xuddi shunday tarixiy taraqqiyotni boshidan kechirgan. XX asr boshlarida ota – bobolari bir bo’lgan turk qavmlarini birlashtirish, ularning aloqalarini mustahkamlash uchun ko’p harakatlar bo’ldi. Lekin bu harakatlar turli reaksion kuchlar tomonidan qarshiliklarga uchradi. Bu kuchlar turkiy xalqlarning o’rtalariga nizolar solishga harakat qildi, turk qavmlarini birlashishga chorlagan ziyolilarni “panturkistlar”, “ashaddiy millatchilar” deb aybladilar. Jumladan, jadid yozuvchilaridan bo’lgan Fitrat, Cho’lpon, Qodiriy singari buyuk ijodkorlarni xuddi shu ayblar bilan yo’q qildilar. Tarixda «Stalin repressiyasi» deb nomlangan 1937 yildagi qatog’onning eng og’ir dahshatlarini turk qavmlari o’z boshidan o’tkazdi. Turkiy qavmlarning birlashishiga to’sqinlik qiladigan juda ko’p faktorlar mavjud. Bular, birinchidan, mayda millatlarni mustamlaka qilib olish uchun intilayotgan imperialistik davlatlar siyosati bo’lsa, ikkinchidan, turkiy qavmlarning o’zidagi ichki ziddiyatlardir.

 Bular jaholatda qolgan, xudbin, uzoqni ko’ra bilmaydigan siyosatdonlardir. Ayniqsa, sobiq Sho’ro hukumati davrida turkiy qavmlarning ko’pchiligi mustamlaka holatida edi. Hammaga ayonki, mustamlakachi mamlakatlar qardosh xalqlarning birlashishiga doimo to’sqinlik qilib kelgan. Yurtimiz istiqlolga erishgach, ana shunday to’siqlar o’z – o’zidan yo’qoldi. Endi bu kelib chiqishi bir – biriga yaqin bo’lgan xalqlar o’rtasida tinch – totuvlik, iqtisodiy – siyosiy va madaniy aloqalarni mustahkamlash imkoniyati tug’ildi.

Ma’lumki, turkiy qavmlar deganda biz o’zbek, qazoq, qirg’iz, turkman, qoraqalpoq, uyg’ur, totor, boshqird, chuvash, ozarboyjon, qorachoy, turk, gagauz, qo’miq, balqar kabi o’ttizga yaqin millatlarni ko’zda tutishimiz kerak. Bu millatlar esa Yevro–Osiyo materigining kattagina qismida joylashgan hududlarda hayot kechiradi. Ana shu qarindosh xalqlarning adabiyotini bir butun holda yaxlit o’rganish, ularning ijtimoiy – ma’naviy hayotini yaqindan anglashga yordam beradi. Yuqorida ko’rsatilgan xalqlarning eng qadimgi adabiy – madaniy yodgorligiga e’tibor bersangiz, ularda bir–biriga o’xshash asarlarning variantlariga duch kelasiz. Masalan, “Go’ro’g’li” turkumidagi dostonlarning usmonli turklarda, ozarbayjon, turkman va o’zbeklarda bir qancha variantlari uchraydi. “Alpomish”, “Manas”, “Dada Qurqut” kabi dostonlar haqida ham shuni aytish mumkin. Bunday holatni biz faqat doston janridagi asarlar misolida emas, balki xalq og’zaki ijodining boshqa janrlarida ham ko’plab uchratishimiz mumkin. Masalan, Nasriddin afandi haqidagi latifalar turk, ozarboyjon, turkman, o’zbek xalq ijodida ko’plab uchraydi. Qadimda kuylangan turli marosim va mehnat qo’shiqlari, maqollar va ertaklar haqida ham shunday holat ko’zga tashlanadi.

Dunyodagi qariyb barcha xalqlar, o’zlarining kelib chiqishi tarixi haqida turli afsona va rivoyatlar, naqllar to’qigan. Turk qavmlari haqida ham bunday rivoyat va afsonalar ko’plab uchraydi. Qadimda yozilgan ayrim tarixiy kitoblarda turk xalqlarining kelib chiqishini diniy afsonalarga bog’laydi. Ya’ni butun insoniyat tarixi Nuh payg’ambarning to’rt o’g’lidan tarqalgan avlodlardan boshlanadi. Bu afsonaga ko’ra turk qavmlari Nuhning Yofas nomli o’g’lining avlodidir. Bu albatta afsona. Lekin hozirgi kundagi ilmiy tadqiqotlar xulosasiga ko’ra turk qavmlarining asl vatani Oltoy bo’lgani, tarixiy taraqqiyot tufayli u yerdagi xalqlarning turli tomonga tarqagani haqida gipotezalar mavjud. “Yaratilish dostoni” nomli asarda ham turk ellarining kelib chiqishi haqida shu xildagi gaplar keltirilgan. Eng qadimgi turk dostonlaridan biri “Alp er To’nga” nomli dostondir. Bu doston qahramoni Alp er To’nga tarixiy shaxs bo’lib, ayrim tarixiy ma’lumotlarga qaraganda eramizdan oldingi VII asrlarda yashagan. Bu shaxs haqida ko’plab asarlarda ma’lumot beriladi. Jumladan, Mahmud Koshg’ariy o’z asarida Alp er To’nganing forscha nomi Afrosiyob deb ta’kidlab o’tgan. Firdavsiyning “Shohnoma” asarida ham Afrosiyob Turonning podshosi bo’lganligi, uning mard, jasur va tadbirkor podshoh bo’lganligi haqida ma’lumotlar beriladi.

 Umuman, Alp er To’nga haqida Sharq adabiyotida ko’plab asarlar yozilgan. Mahmud Koshg’ariyning “Devoni lug’atit turk” kitobida Alp er To’nga haqida yozilgan dostondan ko’plab parchalar keltirilgan. Bularda Alp er To’nganing qahramonliklari, Turon tuprog’ini chet el bosqinchilaridan himoya qilishi, Eron bilan olib borgan janglari hikoya qilinadi.

Qadimgi totemistik xarakteridagi manbalarning ayrimlarida turklarning bo’riga sig’inganini, bo’rini o’zining ajdodi deb bilgani haqida ma’lumotlar berilgan. Bu afsonada hikoya qilinishicha, dushmanlar bilan tengsiz jangda halok bo’lgan turk urug’idan bitta o’g’il bola tirik qoladi. U bola ham qattiq yarador bo’lgan. Bir ona bo’ri uni g’orga olib borib tarbiyalaydi. Ana shu bola voyaga yetgach, undan o’nta o’g’il bola tug’iladi, bular o’nta turk urug’ining asoschilari bo’ladi. Qadimga turk urug’idan bo’lgan Ashina qabilasining bayrog’ida bo’ri kallasining tasviri bo’lgan.

Turkiy xalqlarning kelib chiqishi bo’yicha “Alan Quva” to’g’risidagi afsona ham diqqatga sazovordir. Bunda Alan Quva nomli ayol turklarning eng katta onasi sifatida tasvirlangan. Bunda aytilishicha, Alan Quva juda aqlli, tadbirkor, mehribon ayol sifatida tasvirlangan. Mazkur afsonada barcha turk qavmlari Alan Quva farzandlari deyilgan. Qadimgi turkiy xalqlarning umumiy yodgorligi bo’lgan “O’g’iznoma”, “Dada Qurqut” kabi dostonlar ham mavjud. Bu dostonlarda aks ettirilgan voqyealarning ko’pchiligi miloddan oldingi davrlarda bo’lib o’tgan. Bizga grek tarixchilarining asarlaridan yetib kelgan “To’maris”, “Shiroq” nomli afsonalar ham barcha turkiy xalqlarning madaniy yodgorligi bo’lib hisoblanadi. Bundan tashqari, qadimiy turkiy xalqlar Eron tili guruhiga mansub xalqlar bilan yonma–yon yashagan. Tarixiy taraqqiyot natijasida ular bilan qo’shilib, aralashib ketgan turkiy qavmlar ham bor. Bu holat ko’proq o’zbeklarda ko’zga tashlanadi. Qadimgi Xorazm hududida paydo bo’lgan zardushtiylik dini bilan bog’liq bo’lgan afsona va rivoyatlar ham bevosita turkiy xalqlarning qadimgi o’tmishiga aloqadordir. Ayniqsa, bu dinning muqaddas kitobi bo’lgan “Avesto”dan bizgacha yetib kelgan parchalar madaniyatimiz tarixi juda boy va rang – barang bo’lganidan darak beradi. Zarina, Rustam, Siyovush haqidagi afsonalar ham turkiy xalqlar orasida keng tarqalgan. Qadimgi qipchoqlarning ham o’ziga xos madaniyati va folklori bo’lgan. Bu borada ham hozir katta tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Yevro–Osiyo materigining juda katta hududida ko’chmanchi chorvador bo’lib yashagan qadimgi qipchoq madaniyati hozirgacha fanga noma’lum bo’lib keldi. Shuning uchun uning ko’plab obidalari o’z tadqiqotchilarini kutib yotibdi. Bu sohada I.Stebleva, N.Gumilyov, Adjumurod kabi olimlarning dastlabki ilmiy kitoblar e’lon qilindi.

Xullas, qadimgi turk madaniyati juda boy va rang – barang bo’lib, u barcha turkiy millatlar madaniyati tarixiga bevosita taalluqlidir. Bularni bir butun holda qiyosiy o’rganish turk ellari madaniyati aloqasini mustahkamlaydi va bir – biriga yaqinlashtiradi.

Umumjahon sivilizasiyasini yaratishda, uni rivojlantirishda turkiy xalqlarning roli juda ham kattadir. Yevropada yashovchi xalqlarga temirdan foydalanishni dastlab o’rgatgan ham turkiylar bo’lib hisoblanadi. Hozirgi paytdagi olib borilayotgan ilmiy - arxeologik tadqiqotlarning natijasiga ko’ra, turkiy xalqlar eramizdan oldingi davrlarda ham o’z yozuvlariga ega bo’lgan. Sibirdan topilgan temir plastinkaga bitilgan yozuvlar qadimgi davrga taalluqli ekanligi isbotlandi. Yoki Kichik Osiyodan topilgan qadimgi yozuvlarning ham turk tilida bitilgani isbotlangan. Eng qadimgi yozuv hisoblangan shumer yozuvida bitilgan “Gilgamish” dostoni “Alpomish” dostonining qadimgi varianti deb faraz qilinmoqda. Bunga o’xshash misollar keyingi yillarda ham juda ko’plab e’lon qilinmoqda.

Hozirgacha bizga eng qadimgi yodgorlik sifatida Urxun – Yenisey bitiklari o’rgatilar edi. Haqiqatan ham, ushbu bitiklar bizgacha to’liq yetib kelgan yagona yodgorlik hisoblanadi. Mazkur bitiklar XVIII asr oxirlari va XIX asr boshlarida Urxun va Yenisey daryolari sohillaridan topilgan bo’lib, ular V-VII asrlarda yashagan turkiy xalqlarga taalluqlidir. Ular turk runiy yozuvlari deb ham yuritiladi.

Ma’lumki, V-VII asrlarda Markaziy Osiyoda turk hoqonliklari hukmron bo’lgan. Bu hoqonliklarning boshliqlaridan bo’lgan Bilga hoqon va uning ukasi Qulteginlar turkiy xalqlarni birlashtirish uchun katta ishlarni amalga oshirgan. Ana shu turk hoqonlarining qabr toshlariga yozilgan bitiklar bizgacha to’liq yetib kelgan. Bu yozuvlarni rus va chet el olimlari o’qish uchun qariyb 100 yil vaqt sarf qildi. Nihoyat bu sirli yozuvni daniyalik olim V.Tomsen birinchi bo’lib o’qishga muvaffaq bo’ldi. Bu yozuvlarda turkiy xalqlarning davlat qurishdagi olib borgan kurashlari hikoya qilingan. Jumladan, turk ellarining o’z mustaqilligi uchun Xitoy bosqinchilariga qarshi va ularning o’zaro bir –birlari bilan olib borgan urushlari tasvirlangan. Bu bitiklarda kuchli davlat qurish uchun, albatta, qardosh xalqlar birlashishi kerakligi uqtirilgan. Bu bitiklarning tarixiy asar ekanligini aytish bilan birga, uning badiiy asar ekanligini ham ta’kidlab o’tishimiz kerak. Eltarish xon o’g’illari Bilga hoqon va Kulteginlarning sarkardalik faoliyati, ularning yurt ozodligi uchun olib borgan kurashlari bugungi kunimiz uchun ham katta tarbiyaviy ahamiyatga ega. Chunki bu sarkardalar turkiy xalqlarning istiqloli va mustaqilligi uchun kurash olib bordi. Mustaqillik uchun kurash masalasi esa hozirgi turkiy xalqlarning ham eng dolzarb masalalaridan biridir. Demak, Urxun –Yenisey bitiklarida tasvirlangan voqyealar bugungi zamondoshlarimizga ham muhim tarbiya vositasi bo’lib xizmat qiladi. Masalan, Tunyuquq bitiklarida shunday so’zlar yozilgan: “Turk xalqi boshboshdoqlikka, o’zibo’larchilikka, beparvolikka yo’l qo’ydi... O’zining xoni bilan birga bo’lmadi. Tabg’achga taslim bo’lganligi uchun, tangri o’l degan shekilli, turk xalqi o’ldi, yo’q bo’ldi, tugadi. Turk sir xalqi yerida birorta ham urug’ qolmadi”.

Ko’rinib turibdiki, turk qavmlarinig ajralib ketishi natijasida ularning boshiga katta fojialar tushgan. Shundan keyin Bilga hoqon, Kultegin va Tunyuquqlar boshchiligidagi ozodlik harakati tufayli yana turk davlati qaddini tikladi. Sharqiy Turkistonda topilgan “Ta’birnoma” nomli asar ham Urxun – Yenisey yozuvida bo’lib, u qog’ozga bitilgan edi. Bu yodgorlikning ham tarixiy – badiiy qimmati nihoyatda kattadir.

Arablar islom dinini turkiy xalqlar orasiga VIII asrdan boshlab tarqata boshlagan. Kavkaz va O’rta Osiyodagi turkiy xalqlarga islom dini juda katta kurashlar, urushlar bilan majburiy ravishda o’tkazildi. Keyinchalik esa ko’pgina turk elatlari bu dinni ixtiyoriy ravishda qabul qildi. Hozirgi turkiy xalqlarning ko’pchiligi islom diniga e’tiqod qiladi.Chuvash, gagauz kabi turkiy xalqlar esa xristian diniga; yoqut, oltoy kabi turkiy xalqlar esa budda diniga e’tiqod qilishadi.

Turk ellaridan yetishib chiqqan sarkardalar ham tarixda juda mashhur bo’lganlar. Ular haqida ko’plab tarixiy hujjatlar bizgacha yetib kelgan. Ayniqsa, turkiy xalqlar davlat qurishda, imperiyalar barpo etishda dunyoda yetakchi o’rinda turadi. Faqat XIX asr oxiri va XX asrlarga kelib, turkiy xalqlar barpo etgan imperiyalar parchalanib ketdi. Buning sabablaridan biri, ular o’rtasidagi inoqlikning yo’qligi, bir – biri bilan olib borgan nizolar va urushlar bo’ldi. Sharqda arablar istilosi bir oz susaygach, uning o’rniga dastlab Samoniylar dinastiyasi davlat tepasiga keldi. Keyinchalik esa Qoraxoniylar, Saljuqiylar, G’aznaviylar va Xorazmshohlar kabi turkiy saltanatlar vujudga kelgan edi. Bularning qariyb barchasi turkiy qavmlardan chiqqan, tarixda mashhur bo’lgan hukmdorlardan edi. Ana shular tuzgan davlatlar qariyb ming yillardan buyon yashab, davom etib kelmoqda.

X-XII asrlarda yozilgan M. Koshg’ariyning “Devoni lug’atit turk”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg’u bilig”, Ahmad Yugnakiyning “Hibbatul haqoyiq” kabi asarlari butun turkiy xalqlarning umumiy adabiy merosi bo’lib hisoblanadi. Ma’lumki, Mahmud Koshg’ariyning “Devoni lug’atit turk” asari faqat lug’at, ya’ni so’zlarining arabcha izohli tarjimasidan iborat bo’lib qolmasdan, balki u arablargacha bo’lgan davrdagi adabiyot namunalarini o’zida jamlab kelgan ajoyib badiiy asar ham bo’lib hisoblanadi. Chunki unda xalq og’zaki ijodiga oid turli maqollar, hikmatli so’zlar, qo’shiqlar, iboralar, dostonlardan parchalar ko’plab keltirilgan. Olti mingga yaqin turkcha so’zlarga arabcha izohlar berilgan. Ko’pgina turkiy qabila va urug’larning tarixi, etnografiyasi, ijtimoiy – iqtisodiy ahvoli va boshqa tomonlari haqida ham bu kitobda ma’lumotlar beriladi. Ushbu jihatdan bu asar o’z davrining qomusiy asari darajasiga ko’tarilgan. Jahon ilmi va madaniyati tarixida bu xildagi asarlarning dastlabki namunalari sifatida “Devoni lug’atit turk” asari katta ahamiyatga ega bo’ldi. Chunki bu davrgacha jahon tarixida hyech kim tillarni bir – biriga qiyoslab o’rganmagan edi. M.Koshg’ariy bu asarni yozishda juda katta material to’plagan. Sharqiy Turkistondan Kaspiy dengizi bo’ylarigacha bo’lgan hududda yashayotgan turk qavmlarining tilini tekshirdi.

Asar 1076-1077 yillarda yozilgan bo’lib, keyinchalik u uch kitob hajmida chop etildi. Yusuf Xos Hojibning “Qutadg’u bilig” nomli asari ham turkiy tilda yozilgan birinchi badiiy doston bo’lib, u didaktik, ya’ni pand – nasihat xarakteridagi asardir. Yusuf Xos Hojib “Qutadg’u bilig” asarini 1069-1070 yillarda yozib tugatgan, uni qoraxoniylardan bo’lgan Tabg’ach Bug’roxonga bag’ishlagan. Asar aruz vaznining masnaviy shaklida yozilgan bo’lib, 73 bobni tashkil etadi. Bunda ijtimoiy hayotning ko’p tomonlari qalamga olingan. Jumladan, ilm-hunar egallash, til o’rganish va so’zlashish odobi, hokimiyat va hukmdorlar to’g’risida, odob va axloq, ma’rifat to’g’risida bahs yuritiladi. Asarda Kuntug’di, Oyto’ldi, Ugdulmish, Uzg’urmish kabi ramziy obrazlar vositasida muallif o’z dunyoqarashlarini ifoda etadi. “Qutadg’u bilig”da turkiy xalqlarning XI asrdagi tili yaqqol sezilib turadi. Unda arabcha va forscha so’zlar nisbatan oz uchraydi. Bu kitob tez orada katta shuhrat qozondi. Uni “Turkiy Shohnoma” ham deb atay boshladi. Ahmad Yugnakiyning “Hibbatul haqoyiq” nomli didaktik asari ham umumturkiy xalqlarga tegishli deb qabul qilingan. Kitobning avtori va yaratilgan yili haqida ma’lumotlar nihoyatda kam berilgan. Asarning til xususiyatlaridan kelib chiqib, uni XII-XIII asrlar o’rtasida yaratilgan deb xulosa chiqarish mumkin. Bu kitobda ham odob – axloq, ilm – ma’rifat masalalari ko’tarilib chiqilgan. Shunisi xarakterliki, mazkur asarda din va shariat masalalariga tasavvuf falsafasi nuqtai nazaridan yondoshilgan. Shu boisdan bo’lsa kerak Alisher Navoiy “Nasoyimul muhabbat” nomli kitobida Ahmad Yugnakiyni mutasavvuf shoirlar qatoriga qo’shadi.

Umumturkiy adabiyotlardan yana biri sifatida “O’g’iznoma” eposini ko’rsatish mumkin. Bu asarda turkiy xalqlarning kelib chiqish tarixi har bir urug’ning shajaralari ko’rsatilgan. Asarda ko’plab she’riy parchalar ham keltirilgan. O’g’izxonning tug’ilishi bilan bog’liq bo’lgan rivoyatlar, uning davlatni boshqarish, el-yurt obodonchiligi, turkiy xalqlarning mustaqilligi, baxti uchun olib borgan kurashlari tasvirlangan.

Biz bu yerda qadimgi turk eposlaridan ayrimlari haqida qisqacha to’xtalib o’tdik, xolos. Shuning o’zi ham turk ellari qadimdan juda yuqori darajadagi madaniyatga ega bo’lganligidan darak beradi. Bularni jamlab, jahonga ko’rsatadigan vaqt keldi. Yana shuni ham ta’kidlash kerakki, ko’pgina turk olimlari va yozuvchilari o’z asarlarini arab va fors tillarida yaratgan. Bu soha ham chuqur tadqiqotlar olib borishni taqoza etadi.  

Adabiyotlar

1.  M. Koshg’ariy. Devoni lug’otit turk. Toshkent. 1962 yil.

2.  B.To’xliyev. «Qutadg’u bilig» asari haqida. Toshkent. 1991 yil.

3.  Pamyatniki drevno-tyurkskoy pismennosti. Moskva-Leningrad. 1951 yil.

4.  A.Abdurahmonov. Alp Er To’nga jangnomasi. Toshkent. 1993 yil.

5.  Sh.Xolmatov. O’zbek xalq poetik ijodi. Toshkent. 1994 yil.

 

OZARBAYJON MUMTOZ ADABIYOTI TARIXI

Reja:

1. Ozarbayjon xalqi tarixi haqida qisqacha ma’lumot.

2. Ozarbayjon folklori.

3. Nizomiy Ganjaviy ijodi.

4. Muhammad Fuzuliy ijodi.

5. Ozarbayjon realistik adabiyotining shakllanishi.

Tayanch so’z va iboralar: “Go’ro’g’li”, “Kitobi dada Qurqut”. Janubiy Ozarbayjon adabiyoti. Shervoniy, Nizomiy Ganjaviy. “Xamsa”. Panteistik oqim. Muhammad Fuzuliy. “Layli va Majnun”. Adabiy an’analar.

Kavkaz xalqlari orasida ozarbayjonlar o’zlarining eng qadimgi boy madaniyatiga ega ekanligi bilan ajralib turadi. Ozarbayjon xalq og’zaki ijodi asarlari janr jihatidan rang – barang bo’lib, u nihoyatda ko’plab mavzularda yaratilgan. Ko’pgina xalq dostonlari, ertaklari o’zbek folklori bilan tematik tomondan o’xshashdir. Masalan, “Ko’r o’g’li”, “Oshiq g’arib”, “Shox Ismoil”, “Asli va Karam” kabi dostonlarning izlarini o’zbek folklaridan ham topish mumkin. Melik – Mamed, Kal Ahmad sarguzashtlarini hikoya qiluvchi latifalar esa Nasriddin Afandi va Aldar Ko’sa, latifalariga hamohangdir. “Kitobi dada Qurqut” eposi taxminan 7-8 asrlarda yaratilgan bo’lib, u 12 qissadan iborat. Hozir ana shu syujetlar asosida bir qancha muzikali dramalar yaratilgan. Bularda qadimgi o’g’iz - turkiy qabilalarining o’z mustaqilligi uchun olib borgan kurashi tasvirlangan.

Ozarbayjon adabiyoti bilan o’zbek adabiyoti orasidagi ko’pgina an’analar bir-biriga o’xshash bo’lib, ularning aloqalari uzoq asrlarga borib taqaladi. Masalan, A.Navoiy o’z “Xamsa”sini yaratishda Nizomiydan o’rgangan, unga ergashib yozgan bo’lsa, mashhur Ozarbayjon shoiri Fuzuliy esa Navoiydan o’rganib “Layli va Majnun” asarini yozgan. Bu an’anlar bugungi kunda ham faol davom etib kelmoqda. Biz Ozarbayjon adabiyotini o’rganganda faqat Shimoliy Ozarbayjonni emas, balki Janubiy Ozarbayjon adabiyotining ham diqqatga sazovor tomonlarini ta’kidlab o’tishimiz lozim.

Ma’lumki, turli tarixiy voqyealar tufayli ozarbayjon xalqi ikki davlat territoriyasida yashashga to’g’ri kelgan. 15 millionga yaqin ozarbayjonlar Shimoliy Eronda yashaydi. Ularning ham boy adabiyoti bor. Ozor o’g’li, Madina Gulgun, Akima Billuriy, Fitrat kabi ijodkorlar Eron Ozarbayjonining ko’zga ko’ringan vakillaridir.

VII-VIII asrlarda arab tili, IX asrdan boshlab esa fors tili davlat tili bo’lganligi sababli ko’pgina ozarbayjon ijodkorlari o’z asarlarini arab va fors tillarida yozgan. Tarixda o’tgan mashhur Ismoil Yassor, Ahmad Tabriziy, Xatib Tabriziy, Shervoniy, Nizomiy Ganjaviy kabi ozarbayjonlik ijodkorlarning asarlari arab va fors tillarida yaratilgan. M.Fuzuliy, M.Oxundov singari ijodkorlar asarlarining ham kattagina qismi fors tilida yozilgandir.

XI-XII asrlarda Ozarbayjonda arablar istilosi susayib, mahalliy feodal davlatlar vujudga keldi. Ana shu davrda feodal saroy adabiyoti rivojlandi. Abul Ula Ganjaviy, shoir va astronom Falakiy – Shervoniy, shoira Maxseti Ganjaviylar ko’plab g’azal va ruboiylar yaratdi.

Ma’lumki, ozarboyjon adabiyotiyoti turkiy xalqlar adabiyoti  ichida eng boy, eng rivojlangan adabiyot sanaladi. XSh asrgacha ko’pgina ozarboyjon ijodkorlari o’z asarlarini arab va fors tillarida yozgan. Bu adabiyotning shakllanishida  folklor asarlari bilan bir qatorda arab va fors tilidagi adabiyotning kuchli ta’siri bo’lganiligi ham shundandir.

         Ilk ozarboyjon yozuvchilaridan biri   Gatran Tabriziy bo’lib, u Ganja va Tabriz hukmdorlarining saroy shoiri bo’lgan. Uning ko’plab qasidalari va «Љobusnoma» asari bizgacha yetib kelgan.

         Abul-ul Ganjaviyni esa «Shoirlar podshosi» deb atagan. Bu shoir X1 asr oxiri XP asr boshlarida yashagan. U nihoyatda bilimdon kishi bo’lib, o’z zamonidagi falakiyot, falsafa, riyozat kabi ilmlarni ham mukammal bilgan va ko’p ijodkorlarga ustozlik qilgan. Muhammad Falaki Shirvoniyning shoh Manuchehrga bag’ishlangan ko’plab qasidalari bor. XP asrda yashagan shoira Mexseti Ganjaviy esa ajoyib musiqalar yaratib, katta shuhrat qozongan. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda Mexseti shohning o’g’li Amir Ahmadni sevgan va u haqda ishqiy doston yozgan. Shoiraning yozgan ruboiylarini esa Umar Xayyom ruboiylari bilan tenglashtiradi.

 Bu davrda yashagan Afzaliddin Haqqoniy esa Shervon shohga ko’plab qasidalar yozgan, keyinchalik o’sha tuzum va jaholatni tanqid qilib yozgan asarlari uchun ta’qib ostiga olingan. U vatanidan uzoqlarga ketib, umr bo’yi boshqa mamalakatlarda yashashga majbur bo’lgan. Uning “Tuhfatul Iroqayin”, “Madain qasri” kabi asarlari bor.

Ozarbayjon adabiyotining yirik klassigi Nizomiy Ganjaviy esa yoshlikdan matematika va astronomiyaga juda qiziqqan va shu soha bo’yicha bilimlar olgan. U arab va fors tillarini mukammal bilgan. Bu davrda Ozarbayjonda Shirvon Tohir sulolasi hukmronlik qilar edi. Ular shoirni o’z saroylariga taklif qildi, lekin Nizomiy bu taklifni rad qilib, erkin ijod qilishni ma’qul ko’rdi. U o’z asarlarini fors tilida yozdi, chunki bu til o’sha paytda Ozarbayjonda davlat tili hisoblanar edi. Ganjaviyning o’z ona tilida ijod qilolmaganidan afsuslanib yozgan she’rlari ham bor.

Shoirning ijodi lirik she’rlar yozish bilan boshlanadi. Bu she’rlarning ko’pchiligi intim mavzudagi g’azallar edi. Masalan, uning “Qaydaki sen bor, qamar nadorkor, Kimgaki sen yor, shakar na darkor” matla’i bilan boshlanuvchi g’azali shoir hayotligi paytidayoq hofizlar tomonidan qo’shiq qilib aytilgan degan ma’lumotlar bor. Shoir lirik she’rlarida ham o’z zamonasidan shikoyat qilib, uni “adolatsiz jamiyat” deb ataydi, adolatli shohni orzu qiladi. Nizomiy Ganjaviy lirikaning turli janrlarida ijod qilgan, u ko’plab ruboiy, qit’a, qasidalar ham yozgan. Lekin shoirni dunyoga tanitgan, uning “Xamsa” asari bo’ldi. Nizomiy besh dostondan iborat, “Panj ganj” asarini yozib, sharq adabiyotida birinchi bo’lib, “Xamsa”chilikka asos soldi. O’ttiz ming misraga yaqin she’rni o’z ichiga olgan bu asar qisqa vaqt ichida yozildi. Va shoirning shuhratini olamga yoydi. Birinchi doston “Mahzanul asror” deb atalib, u falsafiy didaktik asardir. Bu 20 ta bob va kichik xotimadan iborat. Bu asarda o’sha davrning ijtimoiy – siyosiy, axloqiy – ta’limiy masalalar haqida fikr yuritiladi. Kichik-kichik hikmatli hikoyalar, shoir aforizmlari bu asarda ko’plab keltirilgan. Bu hikoyatlar fikrni tasdiqlash yoki yakunlash uchun qo’llanilgan. Masalan, davlat boshliqlarini adolatga chaqiruvchi Anushervon haqidagi hikoyat xarakterlidir. Anushervon ayonlari bilan bir xaroba qishloqdan o’tayotib ikki boyqush tovushini eshitadi. Shoh ularning nima deb so’rayotganini qush tilini biluvchi dono vaziridan so’raydi. Shunda vazir deydi: “Bu boyqushlardan biri o’z qizini ikkinchisiga bermoqchi bo’lib, buning evaziga ana shu qishloqqa o’xshagan xarobalar talab qilayotir. U bo’lsa, podshohimiz Anushervon omon bo’lsa, bunday xaroba qishloqlar juda ko’payadi, istaganingcha olasan deyapti». Bundan xulosa chiqargan shoh zulm qilmaslikka, mamlakatni adolat bilan idora qilishga ahd qilibdi. Dostonda ana shunday didaktik hikoyatlar juda ko’plab uchraydi. Ikkinchi doston “Xisrav va Shirin” deb ataladi. Bunda Eron shohi Xisrav bilan arman malikasi Shirin o’rtasidagi muhabbat tasvirlanadi. Xisravni qattiq sevgan Shirin, uni to’g’ri yo’lga boshlaydi, adolatli bo’lishga undaydi. Dostonda Farhod obrazi Shirinni qattiq sevib qolgan oddiy, mehnatkash yigit sifatida berilgan. U ariq qazish va qasr qurilishida mehnat mo’’jizalarini ko’rsatadi. Lekin Shirin uni hurmat qilsa–da, sevolmasligini aytadi. Xisravni o’g’li Sheruya o’ldiradi. Keyin Shirin ham Xisrav qabriga borib o’zini-o’zi o’ldiradi.   

Nizomiy Ganjaviy “Layli va Majnun” nomli asarida arab xalq afsonasini birinchi bo’lib yozma adabiyotga kiritib, ishq haqida ajoyib doston yaratdi. Bunda inson huquqlarining o’rta asrlarda qanday taxqirlagani ko’rsatib berilgan. To’rtinchi doston “Haft paykar” deb atalib, bu hikoya ichida hikoya usulida yozilgan. Shoh Bahrom yetti mamlakat podshoxlarining yetti qiziga uylangan. Ularga yettita qasr qurdirgan. Xaftani yetti kuni yetti go’zaldan sevgi, sadoqat, mardlik kabi mavzularda yetti hikoya eshitadi. Keyin shoh Bahrom donishmand cho’pondan o’z vaziri Rost-Ravshanning sotqin va zolim ekanligini bilib qoladi. Uni zindonband etib, u qamatgan mahbuslarni ozod qiladi.

Yetti mahbusning hikoyasini tinglagan Bahrom xatolariga tushunib, mamlakatni adolat bilan idora qiladi. Lekin yana Bahromning bazm, sarguzashtlari boshlanib, o’zi fojiali halok bo’ladi.

Beshinchi doston “Iskandarnoma”da Nizomiy adolatparvar podshoh obrazini yaratdi. Iskandar dunyoni kezib shimol tomonda bir mamlakatga borib qoladi. Bu mamlakatda hamma teng, o’g’rilik yo’q, kasal kishilar ham yo’q, birov-birovdan xavfsiramaydi, butun xalq inoq yashaydi. Iskandar buni ko’rib hayron qoladi va shunday mamlakatni avval ko’rganimda dunyo kezib yurmasdim, deydi. Nizomiy Ganjaviy “Xamsa”si, umuman, uning ijodi butun Sharq adabiyotining rivoji uchun katta ahamiyatga ega bo’ldi.

Ma’lumki, XIII asrda mo’g’ul bosqinchilarining istilosi tufayli mamlakatda tushkunlik yuz berdi. Natijada diniy – mistik adabiyot shakllana boshladi. Panteistik oqimga mansub bo’lgan shoirlardan Zulfiqor Shervoniy, Shams Tabriziy, Mahmud Shabustariylar mavjud ijtimoiy tuzumdan narozilik kayfiyatlarini diniy-mistik qobiqqa o’rab ifodaladilar. Shoir Imommiddin Nasimiyning ijodi o’sha paytda mavjud bo’lgan diniy-siyosiy tashkilot – xurufiylarga yaqin turar edi. U hatto shariat qonun-qoidalariga qarshi she’rlar yozdi, insonning aql-idrokini ulug’ladi. U “Inson o’z aqli tufayli xudolik darajasiga ko’tarilishi mumkin”, degan g’oyani olg’a surdi.

X1U-XU asrlarda Ozarboyjon tilidagi adabiyotning shakllanish va taraqqiyot davri bo’ldi. Imoniddan Nasimiy, Ahmad Burxoniddin singari shoirlar o’z asarlari bilan Ozarboyjon adabiyotining Shuhratni dunyoga taratdi.

         Ma’lumki, bu davrda Xurufiylik oqimi mavjud bo’lib, bu o’ziga xos tasavvufning bir yo’nalishi edi. Nasimiy ana shu xurufiylik oqimining yirik vakili sifatida erk va ozodlik haqida asarlar yaratgan. Shu asarlari uchun u hukmdorlar tomonidan dahshatli jazoga duchor bo’lib o’ldiriladi.

         Burxoniddin Axmadning esa she’rlari sevgi, botirlik, jasorat va vatanparvarlik ruhida yozilgan. Uning ijodida «tuyuq» she’rlar ham ko’p uchraydi. Bu she’riy shakl faqat turkiy she’riyatga xos bo’lib, shoir uning go’zal namunalarini yaratgan.

         Ozarboyjon adabiyotining o’rta asrdagi taraqqiyotiga Shoh Ismoilning ham katta hissasi bor. U Ozarboyjon xalqi tarixida katta burilish yasagan davlat arbobi bo’lib hisoblanadi. U tarqab ketgan Ozarboyjon davlatini birlashtirdi. Ozarboyjon tilida davlat ishlari olib borish uchun farmon chiqardi. O’z davlatining poytaxti qilib Tabrizni tikladi. Bu davrda Tabriz Sharqda madaniyat, ilm-fan markaziga aylandi. Ozarboyjon xalqining milliy o’zligini anglash ana shu shoh Ismoil hukmronligi davriga to’g’ri keladi. Mashhur musavvir Komoliddin Behzod ham Shoh Ismoil rahnamoligida bir necha yil ijod qildi. Bu shoh «Xaton» taxallusi bilan  she’rlar yozardi. Uning ko’pgina intim mavzudagi lirik she’rlari va dostonlari bizgacha yetib kelgan.

U she’rlarida mardlik, jasorat, vatanparvarlik kabi mavzularni kuyladi. Uning «Nasihatnoma» kitobi o’sha davr Ozarboyjon didaktik poeziyasining eng go’zal namunasi edi. Shoirning yana «Dahnoma» nomli dostoni ham mashhurdir. Bu kitoblar sodda, xalq so’zlashuv uslubiga yaqin, shu bilan birga toza va shirali tilda ijod qilingan edi.

XVI asrning birinchi yarmida ijod qilgan shoir Muhammad Fuzuliy Ozarbayjon poeziyasining cho’qqisi deb hisoblanadi. Fuzuliy ijodi o’zbek kitobxoni uchun ham azaldan tanish. Bu shoir asarlari xuddi o’zbek shoirlari Navoiy, Bobur asarlaridek o’rganilgan. Fuzuliyxonliklar o’zbeklar o’rtasida doimo bo’lib turgan. Fuzuliy juda ajoyib g’azallari, oshiqona his-tuyg’ularga boy “Layli va majnun” dostoni, o’z davri ijtimoiy voqyealarga munosabat bildirib yozgan “Shikoyatnoma”, “Bangu boda”, “Anisul qalb”, “Matla’ul e’tiqod” kabi o’nlab asarlari bilan Sharq adabiyotida katta shuhrat qozondi.

Shoir 1498 yili Iroqning Karbalo shahrida tug’ilgan. Uning otasi Ozarbayjondan Iroqqa ko’chib borgan. Fuzuliy yoshligida yaxshi bilim oldi. U Bog’dod madrasalaridan birida tahsil oldi. Domlalaridan birining qiziga uylanib, bir o’g’il ko’radi. Shoirning bu o’g’li ham Fazliy nomi bilan ijod qilib, taniqli shoir bo’lgan. Fuzuliy yoshligidan she’rlar yozgan. U tabiat ko’rinishlarini inson ruhi bilan uyg’unlashtirib tasvirlovchi shoir sifatida mashhurdir.

Uning “Falaklar yondi ohimdan, murodim shami yonmasmu”, “Shifoiy vasl qadrin hajr ila bemor o’landan so’r”, “G’amzasin sevding, ko’ngil, joning kerakmasmu sanga” kabi o’nlab she’rlari o’zbek xalqining qalbidan chuqur joy olib, qo’shiqlar bo’lib aytilib kelmoqda. Fuzuliy ijodiga Navoiy va Lutfiylarning katta ta’siri bor. Shoir devonida ikkita muxammasning bittasi Lutfiyning g’azaliga bitilgan. Fuzuliyning ishq haqidagi she’rlarida ijtimoiy hodisalarga munosabat mohirona singdirib yuborilgan.

Muhabbat lazzatidin bexabardir zohidu g’ofil

Fuzuliy ishq zavqin ishq zavqi vor o’landin so’r.

Fuzuliyda tasavvufona she’rlar ham anchaginadir. U ilohiy ishq haqida otashnafas she’rlar yozadi, favqulodda go’zal tashbehlar topadi.

Tarki mayu mahbub edariz jannat uchun,

 Sharh aylaki, jannatda na vor voiz?

 yoki:

 Mahshar kuni quram deram ul sarvi qomati,

 Gar anda ham ko’rinmasa, kel qur qiyomati.

 Shoir o’z jamiyatidan narozilik kayfiyatlarini ayniqsa, “Layli va Majnun” dostonida ko’proq namoyon qiladi. Bu asar haqida mashhur tanqidchi olim T.Jalilov shunday yozadi: “Men “Layli va Majnun”larni qayta-qayta o’qidim. Shunda Nizomiy dahosiga qoyil qoldim. X.Dehlaviyning bulbuldek sayrashiga ofarin dedim; Navoiyning Majnuniga motam tutib yig’ladim; Fuzuliyga kelganda hayrat mayidan mast bo’ldim. Insof bilan aytganda, Fuzuliy “Layli va Majnun”i barcha “Layli va Majnun”larning gultojidir”.

 O’zbek shoirlari Fuzuliydan ko’p o’rgandi. Unga ergashib she’rlar yozdi. Masalan, Mashrabning quyidagi g’azali bunga misol bo’la oladi.

Ne savdolar bosha solding, bu savdolar tuganmozmu?

Ki band etding oyoqlarni, yana bandlar yozilmazmu?

Fuzuliy ijodidan hozirgi zamon o’zbek she’riyatining vakillari ham ijodiy foydalanmoqda.

Adabiyotlar

1.     Arif M. Azerbeydjanskaya literatura. Moskva. 1979 yil.

2.     Mallayev N. Nizomiy Ganjaviy. Toshkent. 1966 yil. (“O’zbek adabiyoti tarixi” kitobida)

3.     Falaklar yondi ohimdan... “Jahon adabiyoti” jurnali. 1997 yil. 3-son.

4.     T.Jalolov. Xamsa talqinlari. Toshkent. 1961 yil.

 

XVII – XIX ASRLAR OZARBAYJON ADABIYOTI

 

Reja:

1.     XVII – XIX asr ozarbayjon tarixi haqida.

2.     Vidodiy va Voqif ijodi.

3.     Ozarbayjon demokratik adabiyoti.

4.     Mirzo Fatali Oxundov ijodi haqida.

5.     Realistik adabiyotning shakllanishi.

 

Tayanch so’z va iboralar: Tasavvuf adabiyoti. Voqif ijodining o’ziga xosligi. Ma’rifatparvarlik. Yevropa adabiy an’analari. Dramaturgiyaning shakllanishi. Realistik adabiyot. M.F.Oxundov ijodi.

 

 XVI-XVII asrlarda Ozarbayjonda turk sultonlari hukmronlik qildi. Bu davr ozarbayjon adabiyotida ijtimoiy voqyealarga munosabatning kuchayganligi ko’zga tashlanadi. Ayniqsa, Vidodiy bilan Voqif kabi shoirlar ijodida bu holat ko’proq seziladi. Voqyelikni haqqoniy aks ettirish, xalq orzu – umidlariga yaqinlik hamda she’rni nihoyatda sodda va xalqchil uslubda yozish, bu ikki shoir ijodining fazilatlaridan biri edi.

 

Vidodiy hayotda juda qiynalib yashadi, u mavjud siyosiy tuzum bilan kelisholmadi. Shuning uchun uning asarlarida hasrat va nadomat motivlari yetakchi o’rinda turadi. Shoirning “Turnalar”, “Yig’laysan” kabi asarlari va Voqifga yuborgan she’riy maktublarida bu ayniqsa ko’zga yaqqol tashlanadi.

 

Mehnatkash oilada tug’ilib voyaga yetgan, o’z aql – idroki bilan vazirlik darajasiga ko’tarilgan Mullo Panoh o’g’li Voqif ijodida esa asosan hayotbaxsh ruh hukmron edi. Shoir hayot go’zalligini madh etib, inson shu dunyoda ham baxtli yashash mumkin deb, o’sha davrdagi tushkinlik kayfiyatidagi she’riyatga qarshi bordi.

 

Mullo Panoh Voqif Ozarbayjonning Qozoq rayonidagi Saloqli qishlog’ida tug’ilgan. Yoshligida o’z davrining mashhur olimlaridan dars olgan. Keyinchalik uning oilasi Shusha shahriga ko’chib borgan. Voqif bu yerda o’qituvchilik qilgan, tez orada uning mashhur shoir bilimdon va donishmand kishi ekanligi Shusha xoni Ibrohimbekka yetadi. Uni saroyga ishga taklif qiladi. Shoir Ibrohimbek saltanatida bosh vazir darajasigacha ishlashga muvaffaq bo’ladi. Tarixiy voqialar va urushlar tufayli Ibrohimbek Shushani tashlab ketadi. Uning o’rnini egallagan amakivachchasi Muhammadbek Javonshir Voqifni o’g’li Aliog’a bilan birga dorga osib qatl etadi.

 

Voqif Ozarbayjon adabiyotida romantik poeziyadan realistik poeziyaga o’tgan birinchi ijodkordir. Uning she’rlarining ko’pchiligi sodda, xalq ruhiga yaqin barmoq vaznida yozildi. Ular mazmun jihatidan ham xalq qo’shiqlariga yaqin turadi. U oddiy mehnatkash xalqning og’ir ahvoli haqida yozdi. Voholanki, bu davr ozarbayjon shoirlarining ko’pchiligi ishq – muhabbat temasida asarlar yozar edi. Voqif esa ana shu qotib qolgan an’ana qobig’idan birinchi bo’lib chiqqan shoirlardandir.

 

Bayram keldi, naylashimni bilmayman

Bizing uyda to’liq juvol ham yo’qdir.

Don ham, yog’ ham allaqachon tugovdi,

Etni-ku ko’rmaymiz, mo’tol ham yo’qdir.

 

Bizning bu dunyoda na molimiz bor

Va na uyda sahibjamolimiz bor.

Voqif, chiranmaki, kamolimiz bor,

Xudoga shukurki, kamol ham yo’qdir.

 

Ko’rinib turibdiki, shoir mehnatkash xalqning og’ir ahvolini tasvirlab, o’zini ham ular bilan bir qatorda hisoblayapti. Shoirning “Boq”, “Ko’rmadim” nomli she’rlarida ham adolatsiz zamondan shikoyat motivlari ko’zga tashlanib turadi. Voqif g’azallarida asosan Sharq g’azalchilik an’anasi davom ettirilgan. Ishq – muhabbat mavzuidagi g’azallar asosiy o’rinni egallaydi. Shoir bu g’azallarida dunyoviy ishqni ko’proq kuylaydi.

 

Seviklim, bu nazokatda gulu ra’nodan ortiqsan

Sanobar, sarvi shamshod, to’biyi zebodan ortiqsan.

Qoshing toqin qo’yib, mehrobga men qilmadim sajda

Ki sen yuz martaba ul ka’bayi ulyodan ortiqsan

Menam Voqifmanu – Farhod ila Majnundan a’loman,

Agar sensan - o’shal Shirin ila Laylodan ortiqsan.

 

 

Shoirning ushbu she’ri ham klassik tradision janrda yozilgan. Unda qofiya, radif va vaznlar ma’lum tartib – qoidalarga rioya qilingan. Lekin g’azalda ma’shuqa sifatlari hatto Ka’badan yuz marta ortiqsan deb tavsiflanyapti. Bu o’sha davrda katta jasorat edi. Bunday so’zlarni musulmon dunyosidagi shoirlar kamdan – kam ishlatgan.

 

Bu she’rlar qandaydir tomoni bilan o’zbek xalqining isyonkor shoiri Mashrab she’rlariga o’xshash jihatlari bor. Shoirning “O’lmaram”, “Kelmadi”, “Yig’laram” kabi g’azallarida ham o’ziga xos original tashbehlar ishlatilganligini ko’ramiz.

 

XIX asrda Ozarbayjon Rossiyaga qo’shildi. Bundan keyin ijtimoiy hayotda ham, adabiyotda ham katta o’zgarishlar bo’ldi. Ozarbayjon ma’rifatparvarlik adabiyoti shakllana boshladi. Abbosquli Boqixonov, Mirzo Shofiy Vozeh, Ismoilbek singari ijodkorlar Ozarbayjon adabiyotida birinchilardan bo’lib realistik dostonlar va novellalar ijod qildi. Bu ma’rifatparvarlar orasida eng buyugi Mirzo Fatali Oxundov bo’lib hisoblanar edi. U Tiflis shahrida rus – totar gimnaziyasida o’qidi. Rus progressiv adabiyoti bilan yaqindan tanishdi. ozarbayjon xalqining qoloq bo’lib qolishiga asosan savodsizlik sababchi deb bildi. Shuning uchun Oxundov lotin grafikasi asosida ozarbayjon alfavitini ishlab chiqdi. U birinchi bo’lib ozarbayjon dramaturgiyasiga va teatriga asos soldi. U jaholatni, hukmron tuzumdagi illatlarni tanqid qilib “Mullo Ibrohim Halil kimyogar”, “Xasis kishining sarguzashti”, “Tabiatshunos Musye Jardon” singari komediyalarini yaratdi. Bu asarlar A. Griboyedovning “Aqllilik balosi” asariga o’xshash tarzda yozilgan. Oxundov bu asarlarini 1850-1852 yillarda yozdi. Shu bilan birga Oxundov talantli shoir ham edi. U rus she’riyatidan o’rganib, uni sharq poetikasining go’zal an’analari bilan boyitgan lirik asarlar ijod qildi. Pushkin obrazi yaratilgan “Sharq poemasi” asari o’ta mahorat bilan yozilgan. U birinchi bo’lib Ozarbayjon adabiyotida “Aldangan yulduzlar” nomli povest yozdi. Yozuvchining bu asari folklor asarlari asosida yozilgan. Adibning maktub formasida yozgan “Hind shahzodasi Kamol – ud Davlaning Eron shahzodasi Jamol – ud Davlaga yozgan uch maktubi va undan olgan javobi” nomli falsafiy traktati ham katta ahamiyatga ega. Bu bilan M. Oxundov rus revolyusion demokratlari yo’lidan borayotganini isbotladi. Bu asarlari bilan M.F.Oxundov Ozarbayjon adabiyotida realistik prozaning shakllanishiga ham asos soldi.

 

Ozarbayjon demokratik adabiyotining taraqqiyotiga salmoqli hissa qo’shgan shoirlardan biri Saidazim Shervoniy edi. U lirikada Fuzuliy an’analarini davom ettirgan bo’lsa, satirada M.Oxundovga ergashdi. Uning ma’rifatparvarlikni targ’ib etuvchi an’anaviy asarlari mavjud. Bu davr Ozarbayjon adabiyotida Xurshidbonu, Notavon, Hayronxonum kabi shoiralar ijodi ham katta ahamiyatga ega. Bu shoiralar Fuzuliy, Voqif kabilarning an’analarini yangi zamonda davom ettirib, Ozarbayjon poeziyasining yuksalishiga katta hissalarini qo’shdi.

 

XIX asr oxiri XX asr boshlarida Ozarbayjonda teatr san’ati rivojlandi. Boku va boshqa bir qator shaharlarda yangi –yangi teatrlar tashkil etildi. Bu esa dramaturgiyaning rivojlanishiga sabab bo’ldi. Natijada Natafbek Vezirov, Narimon Narimonov, Asadbek Axverdov kabi dramaturglar yetishib chiqdi.

 

N.Vezerov “Yomg’irdan qochib selga», “Faqat nomigina qoldi”, “Nima eksang, shuni o’rasan” kabi dramalarida ijtimoiy tuzumdagi turli illatlarni fosh qildi. Xotin – qizlar ozodligi mavzusini ko’tarib chiqdi. Vezirov “Faxriddinning sho’ri” pyesasida zolim boy qo’lida ezilgan bechora mehnatkash kambag’al kishilarning fojiali hayotini tasvirlaydi. “Pahlavonlar” nomli pyesasida esa neft ishlab chiqarish bilan bog’liq turli tovlamachiliklar, adolatsizliklar ustidan kuladi. Bu davrda yaratilgan Axverdovning “Xonavayron qilingan uya”, “Baxtsiz yigit”, J.Mamatqulizodaning “O’liklar” nomli pyesalari ham katta shuhrat qozondi. Bu pyesalarda Ozarbayjonda kapitalistik ishlab chiqarish munosabatlarining shakllanishiga doir voqyealar o’z aksini topdi.

 

Bu davrda Jafar Mamatqulizoda rahbarligida “Mullo Nasriddin” nomli satirik jurnali chiqa boshladi. Bu jurnal faqat Ozarbayjonda emas, balki butun turkiy xalqlar orasida juda mashhur bo’ldi. J.Mamatqulizoda o’z davridagi turli illat va nuqsonlarni kichik va ixcham satirik hikoyalarda aks ettirdi. U N.V.Gogolning an’analarini o’zlashtirib, o’z davri adabiy jarayonining yirik hajvchisi darajasiga ko’tarildi. U ko’pgina satirik hikoyalarida o’ta makkor, tovlamachi siyosiy hukmdorlarni, o’z manfaati yo’lida dini va imonini ham sotgan ruhoniylarni tanqid qildi. Aliakbar Sobir esa ozarbayjon adabiyotida satirik g’azallarning yetuk ijodkori sifatida tanildi.

 

Xullas, Ozarbayjon klassik adabiyoti juda qadimgi va boy tarixga ega. Ozar xalqini butun olamga tanitgan buyuk allomalar ijodi turk dunyosining faxri bo’lib hisoblanadi.

 

Adabiyotlar

1.  Arif M. Azerbayjanskaya literatura. Moskva. 1979 yil.

2.  M.Shayxzoda. O’zbek va ozarbayjon adabiy aloqalari. III tom. Toshkent. 1978 yil.

3.  Voqif. Tanlangan asarlar. Toshkent, 1978 yil.

4.  M.V.Oxundov. Tanlangan asarlar. Toshkent, 1976 yil.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

HOZIRGI ZAMON OZARBAYJON ADABIYOTI

 

 

Reja:

1.  XX asr boshlaridagi tarixiy muhit va adabiyot.

2.  Ozarbayjon adabiyotida romantik oqimlar.

3.  20-40 – yillar Ozarbayjon adabiyoti.

4.  Ozarbayjon adabiyotida realistik metod.

5.  Keyingi yillar Ozarbayjon adabiyoti.

 

 Tayanch so’z va iboralar:     Romantik oqim. “Hayot sadolari”. Ozarbayjon musovotchilari. Samad Vurg’un “Voqif” dramasi. XX asr ozarbayjon prozasi. S.Raxmon. M.Husayn “Apsheron”, Elchin. “Shunday kun keladi” romani.

 

 1905-1907 yillar Rossiyada hukumatga qarshi katta qo’zg’olonlar bo’lib o’tdi. Bu qo’zg’olonlar Rossiyaning mustamlaka o’lkalarida milliy ozodlik ko’rinishida bo’ldi. Jumladan, Kavkaz orti respublikalarida ham mavjud tuzumga qarshi ko’plab g’alayonlar bo’lib o’tdi. Ana shu ijtimoiy hodisalar bu xalqlarning adabiyotida o’z aksini topdi.

 

Bu davr Ozarbayjon adabiyotida realistik oqim shakllanib, uning vakillari ijtimoiy hayotdagi voqyealarni to’g’ri, haqqoniy aks ettirishga intildi. Shu bilan birga, bu davrda romantik yo’nalishdagi yozuvchilar ham mavjud edi. Ular milliy burjuaziya mamlakatni taraqqiyot yo’liga olib chiqadi, deb ishonar edi. Xalq ommasini esa to’polonchi, olomon sifatida tushunar edi. Shuning uchun ularning asarlarida endi shakllanib kelayotgan burjuaziya sinfi vakillari ijobiy qahramon sifatida namoyon bo’ldi. Bu davrda romantik oqimning Muhammad Xodiy, Abbos Sixat, Husayn Jovid singari vakilllari o’zlarining ko’plab ma’rifiy asarlari bilan mashhur bo’ldi. Ayniqsa, M.Xodiyning asarlarida o’sha davrning katta ijtimoiy voqyealari lirik yo’nalishda aks ettirilganligi bilan ajralib turadi. Uning “Alvoxi intiboh, yohud insonlarning tarixiy fojialari” nomli falsafiy dostoni juda mashhur bo’lgan. Bu asar o’zining g’oyaviy badiiy va chuqur falsafiy mushohadalari bilan Ozarbayjon adabiyotining noyob durdonalaridan hisoblanadi. Shoirning “Hayot sadolari” nomli dostoni o’zbek tiliga R.Parfi va Abdurahmon Vodiliylar tomonidan tarjima qilingan.

 

Hayotning saslari go’shimda ko’p faryod shaklinda,

Bu insonlar ki qardoshdir va lekin yot shaklinda,

Bu tuproq qonli avloqdir, bashar sayyod shaklinda,

Adovat doimo bordir, muhabbat mot shaklinda,

Bu dunyo eskidandir sahnai bedod shaklinda,

 

Jahon boshdin oyoq maydoni motamzod shaklinda,

Faraxlar hibs bo’lmish xuznlar ozod shaklinda,

Musibatlar, balolar, g’ussalar obod shaklinda

Yuraklar g’am o’ti-la har zamon barbod shaklinda,

Boqishlar ko’lkali, yuzlar butun noshod shaklinda

Bu motamgohni kim ko’rmish sururobod shaklinda.

 

Bu davrda Pushkin va Lermontovning ko’plab romantik asarlari Ozarbayjon tiliga tarjima qilindi. Ozarbayjonning romantik yozuvchilarining yaratgan asarlari XX asr ozarbayjon adabiyotida yangi avlodning yuzaga kelishiga katta ta’sir qildi. Ja’far Shaboli, Samad Vurg’un, Marvarid Dilbozi singari talantli yozuvchilar dastlab shu romantik maktab ta’sirida tarbiyalanib asarlar yozgan edi.

 

Ozarboyjon adabiyoti taraqqiyotiga Nadjabbek Vezirov (1854-1926) ham katta hissa qo’shgan. Bu ma’rifatparvar shoir Moskvada o’qib, o’z davrining bilimdan savodli kishisi bo’lib yetishdi. N.Vezerov Ozarbojon teatrining shakllanishiga asosiy hissa qo’shgan san’atkordir. U M.F.Oxundovning an’analarini yangi zamonda davom ettirib, jaholatga, qoloqlikka, yaramas urf-odatlarga qarshi kurash olib bordi. Uning «Yomg’irdan qochib selga», «Faxridinning sho’ri», «Faqat nomigina qoldi», «Nima eksang, shuni o’rasan», «Pahlavonlar» kabi dramalarida ozarboyjon xalqining olg’a ketishiga to’siq bo’lgan illatlar fosh qilingan. Masalan «Faxriddinning sho’ri» pyesasida yosh yigit Faxriddin katta boy oiladan chiqqan. U o’qib, mehnat qilib ziyoli kishi bo’lib yetishadi. Xalqni orqaga sudrayotgan jaholatni o’z atrofidagilarga tushintirolmay xunob bo’ladi. «Zamonamiz qahramonlari» pyesasida esa har xil tovlamachilar, neftni sotuvchi birjadagi qalloblar qattiq tanqid qilingan. Uning «Yangi eraning tug’ilishi» nomli dramasida XX asr boshlaridagi tarixiy voqyealarga munosabat bildirilgan.

 

         Husayn Jovid 1882-1945 XX asr Ozarboyjon adabiyotining yorqin siymolaridan biridir. U Naxchevan shahrida tug’ildi. Dastlab Tabrizda madrasada o’qidi. Keyin Stambul universitetida adabiyot bo’limini tamomladi. Naxchevan, Ganja, Tiflisda o’qituvchilik qildi. 1915 yildan Boku shahrida yashadi. 1926 yilda sog’ligi yomonlashgani tufayli davolanish uchun Germaniyaga boradi va bu yerda bir qancha vaqt yashaydi. Stalin qatag’oni yillarida  yozuvchiga «millatchi» deb ayb qo’yiladi. 1937 yil qamoqqa olinadi va 1945 yil ana shu qamoqxonada vafot etadi.

 

         Husayn Jovid dramaturgiya janrida muvaffaqiyatli ijod etdi. Uning «Knyaz», Payg’ambar». «Shayx San’on», «Xayyom». «O’pqon», «Amir Temur», «Iblis» nomli dramatik asarlari butun dunyoga mashhur bo’lgan. «Amir Temur» dramasi o’zbek tiliga ham tarjima qilingan. Asarda  Temurning Boyazid bilan olib borgan urushi hikoya qilingan. Bunda G’arbning ayyor diplomatiyasi ikki qondosh xalqni bir-biri bilan urishtirib qo’ygani hikoya qilingan.

 

 O’sha vaqtda Butun dunyoning katta qismi turk hukmdorlari qo’li ostida edi. Bu hukmdorlarning biri Turk sultoni Yeldirim Boyazid, ikkinchisi Amir Temur edi. Asarda ana shular o’rtasidagi  jang va uning oqibatlari haqida fikr yuritiladi.

 

Asr boshidagi tarixiy voqyealar o’sib 1917 yilgi to’ntarishga olib keldi. Ozarbayjonda 1918 yilda milliy burjuaziya respublikasi tuzildi. Lekin bu respublika bolsheviklar tomonidan 1920 yilda ag’darib tashlandi va Sovet hokimiyati tarkibiga kiruvchi Ozarbayjon respublikasi tuzildi. Rossiya imperiyasining zulmidan qutulgan ozarbayjon xalqi bolsheviklarning zulmi ostida 1991 yilgacha yashab keldi. Ana shu davrdagi ozarbayjon adabiyotida Samad Vurg’un, Sulaymon Rustam, Mamad Rahim, Mirzo Ibrohimov kabi talantli yozuvchilar yetishib chiqdi.

 

Samad Vurg’un Ozarbayjonning Qozoq rayonida tug’ilgan. Yusuf Samad o’g’li Vekilov (Vurg’un-adabiy taxallusi “oshiq” degan ma’noni bildiradi) Boku va Moskva oliy o’quv yurtlarida o’qigan. Shu yillardan boshlab uning “Shoirlik qasami”, “Fonar”, “Ko’ngil daftari”, “Tong qo’shig’i” kabi to’plamlari nashr qilindi. S.Vurg’un XX asr ozarbayjon adabiyotining klassik shoiri edi. Afsuski, uning ko’pgina asarlari kommunistik mafkura ta’sirida yozilgan. Lekin shoir shunday asarlarida ham yuksak badiiy mahorat cho’qqisiga ko’tarildi. U bir qancha poemalar yozdi. Shoirning bu dostonlarida ozarbayjon klassik dostonlari an’analari bilan G’arbiy Yevropa adabiyoti an’analari uyg’unlashib ketgan. “Yigirma oltilar”, “Kolxozchi xotin Basti haqida qissa”, “Mo’g’on”, “Zanjining orzulari” kabi dostonlari o’z davrida juda mashhur bo’lgan.

 

S.Vurg’un siyosiy lirika sohasida ham barakali ijod qilgan. Uning “Dunyo xaritasi” turkumiga kiruvchi she’rlarida ezilgan millatlarning taqdiri, ularning bosqinchi imperialistik davlatlarga qarshi kurashi o’z ifodasini topgan.

 

Samad Vurg’un iste’dodli dramaturg sifatida ham barakali ijod qildi. Uning tarixiy mavzudagi “Voqif” tragediyasi ayniqsa mahorat bilan yozilgan. Bu asar Uyg’un bilan I.Sultonning “Alisher Navoiy” nomli dramasiga o’xshashdir. Dramaturg “Voqif” tragediyasida XVIII asr ozarbayjon xalqi hayotidagi ijtimoiy – siyosiy voqyealarni asar kompozisiyasiga ustalik bilan joylashtirgan. Bu voqyealar ma’rifatparvar shoir Voqif biografiyasi tasviri bilan uyg’unlashib ketgan. Shoir taqdiri, ijodi bu asarda xalq taqdiri bilan bog’liq tarzda tasvirlangan. Yozuvchining “Farhod va Shirin” dramasi Nizomiy “Xamsa”sidagi shu nomli doston asosida yozilgan bo’lsa, “Xonlar” dramasi esa zamonaviy mavzuda yozilgan. Xonlar Bokudagi ishchilar sinfining yirik vakili sifatida tasvirlangan. U ozarbayjon xalqining Chor Rossiyasi mustamlakachilaridan va ekspluatatorlar zulmidan ozod qilinishi uchun kurashgan qahramon obrazidir. Qisqasi, S.Vurg’un ijodi XX asr ozarbayjon adabiyotida katta o’rin egallaydi. U qisqagina umri davomida yozib qoldirgan asarlari ozarbayjon xalqi qalbida abadiy qoladi.

 

 Ozarbayjon adabiyotida sosialistik realizm metodi hukmron bo’lsa-da, ko’pgina baquvvat asarlar yaratildi. Ayniqsa, she’riyat 20-30 yillarda yetakchi janrga aylandi. Klassik poeziyada ko’pgina intim tuyg’ularni kuylagan ozarbayjon she’riyati bu davrda siyosiy-ijtimoiy mavzularga ko’p e’tibor berdi. Siyosiy lirikaning go’zal namunalari vujudga keldi. Sulaymon Rustamning “Ikki sohil” she’riy turkumlari, Rasul Rizoning “Chapay”, “Germaniya” kabi asarlari bunga misol bo’lishi mumkin.

 

O’ttizinchi yillarda ozarbayjon adabiyotida poema janrining taraqqiyoti ko’zga tashlanadi. Davrdagi bo’layotgan voqyealarni his-hayajon bilan kengroq va kattaroq hajmda tasvirlash zarurati tug’ildi. Natijada Mamat Rahimning ”Sayat Navo” kabi dostonlari yaratildi. Urush yillari ozarbayjon adabiyotida jangavor lirikada asarlar yozish kuchaydi. S.Vurg’un va R.Rizolarning bu davrdagi jangavor she’rlari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.

 

Urush davri va undan keyingi davrlar ozarbayjon adabiyotida prozaik asarlar yozish ham kuchayib bordi. Bir qator tarixiy mavzudagi asarlar yaratildi. M.Urdubodiyning “Tumanli Tabriz”, A.Abulxasanning “Buzulayotgan dunyo”, Mirjalolning “Shamo”, “Yosh yigit manifesti” kabi romanlari shular jumlasidandir. M.Husaynning “Sahar” nomli romanida 26 Baku komissarlarining hayoti tasvirlangan. Ayniqsa, bunda mashhur erk kurashchisi A.Azizbekovning obrazi mukammal yaratilgan.

 

Zamonaviy mavzuda esa, M.Husaynning “Absheron”, “Qora qoyalar”, Mirzo Ibrohimovning “Buyuk tayanch”, Valiyevning “Gulshan”, S.Rahmonning “Ulug’ kunlar” kabi roman va povestlari yaratildi.

 

M.Husaynning “Absheron” romanida ozarbayjon ishchilari sinfining hayoti aks ettirilgan. Neft ishlab chiqarishda jonbozlik ko’rsatgan Tohir, Usta Ramazon, Qudrat va Lola kabi qahramonlar taqdiri berilgan.

 

Ozarbayjon adabiyotida chet el mavzusi Mirzo Ibrohimovning “Shunday kun keladi” romanida katta mahorat bilan yoritilgan. Eronda yashovchi ozarbayjonlar hayotidan olib yozilgan bu asarda ozarbayjon millatining yagona bir davlatga birlashishi haqida gap boradi. Chunki Eronda yashovchi ozarbayjonlar ko’p yillardan buyon Shimoliy Ozarbayjon bilan birlashish uchun kurash olib bormoqda. Yozuvchi shunday kun albatta kelishini o’z asarida badiiy obrazlar vositasida ko’rsatib berishga harakat qilgan.

 

Saidbeylining “Notanish qirg’oqlar” povestida esa yugoslav va italyan partizanlariga rahbarlik qilgan, nemis-fashistlarga qarshi kurashgan ozarbayjonlik yigit M.Husaynzodaning qahramonliklari, jasorati tasvirlanadi.

 

Yosh yozuvchilardan bo’lgan Bayram Bayramov “Yaproqlar”, Iso Husayinov “Tong yulduzi”, Manaf Ibrohimov “Yer osti sirlari” kabi romanlarini keyingi yillarda e’lon qildi. Bu asarlar hozirgi ozarbayjon adabiyotining katta yutuqlari sifatida tan olinmoqda.

 

Dramaturgiya sohasida ham anchagina yutuqlar qo’lga kiritilgan Bu sohada mashhur dramaturg Jafar Jabarlining yaratgan asarlari katta ahamiyat kasb etdi. Uning “1905 yilda”, “Sevil”, “Yashar”, “Olmos” kabi asarlari ozarbayjon dramaturgiyasining rivojiga katta hissa qo’shdi.

 

S.Vurg’unning “Voqif” tarixiy dramasida XVIII asrdagi tarixiy voqyealar mashhur shoir Voqif obrazi vositasida aks ettirilgan. M.Husaynning “Javonsher”, S.Rustamning “Qochoq Nabi”, E.Madxonlining “Sharq tongi” kabi asarlari ham tarixiy mavzuda yozilib, o’zlarining yuksak badiiyligi va mazmundorligi bilan ajralib turadi. Xojibekovning “Arshin mol olon” muzikali dramasi ham ko’p tillarga tarjima qilingan.

 

60-70 yillar ozarbayjon adabiyotida ko’pgina talantli ijodkorlar faoliyat ko’rsatdi. Bu davrda R.Rizoning “Kunlar va tunlar”, “Tanholik intihosi” she’riy to’plamlari, Nasimiyga bag’ishlangan “So’nggi kecha”, Ikkinchi Jahon urushi vokealari aks etgan “Ming to’rt yuz o’n sakkiz” dostonlari ozarbayjon she’riyatining so’nggi yillaridagi katta yutug’i bo’ldi.

 

Prozada Ismoil Shixlining “Sertashvish Ko’ra”, Husayn Abboszodaning “General”, Anorning “Odamoxun”, A.Askerovning “Ol yanoq”, Elchinning “Bir uchrashuv hangomasi” nomli roman va qissalari yozildi.

 

Anor 1938 yilda mashhur shoir Rasul Rizoning oilasida tug’ilgan. Onasi Nigor Rafibeyli ham mashhur shoira edi.

 

Anor keyingi yillar Ozarboyjon adabiyotining yirik vakili sifatida ko’plab baquvvat asarlar ijod qilmoqda. Uning «Besh qavatli uyning oltinchi qavati» nomli asarida hozirgi zamondoshlarimizning ruhiy dunyosi katta mahorat bilan chizib burilgan. Asarda Zuar bosh qahramon. U Taxmina ismli ayolni jonidan ham  ortiq yaxshi ko’radi. Taxmina ham Zuarni sevadi. Shuning uchun u oilasini buzib, Zuar bilan yashaydi. Lekin hayotning turli intrigalari va Zuardagi asossiz rashklar  natijasida ular ajralishadi.  Zuarni otasi qo’shni qiz  Farangizga uylantiradi. Ana shundan keyin jurnalist bo’lib ishlab yurgan Taxmina vafot etadi. Zuar Taxminaning o’limiga hyech ishonmaydi, baribir bir kuni uni uchrataman deb o’ylab yuradi. Bir kuni ko’chada Taxminani ko’radi, u esa Zuardan qochib troleybusga chiqadi. Uning orqasidan yugurib ketgan Zuarga Taxmina troleybus oynasidan avvalgidek qo’l siltaydi. Zuar troleybusni kuzatib boraveradi, u qiz esa troleybusdan tushib besh qavatli uyga kiradi. Uning orqasidan borgan Zuar qizning besh qavatli uyning oltinchi qavatiga chiqib ko’zdan g’oyib bo’lganini ko’radi. Liftda esa oltinchi qavatning tugmachasi ham yo’q edi. Bu bilan yozuvchi Tahminaning ruhi osmonga chiqib ketdi demoqchi bo’ladi.

 

Asarda katta falsafiy fikrlar berilgan. «Dantening yubileyi» nomli qissada esa hozirgi davrning dolzarb muammolariga munosabat bildiriladi. Asarda talantli aktyor Fayzullaning savodsiz, madaniyatsiz va xudbin  rejissyor Siyovush tomonidan tahqirlanishi hikoya qilinadi. Bu bilan adib dono, bilimdon kishilar bugungi kunda ham boshi kulfatdan chiqmayotganligini aytmoqchi bo’lgan. Fayzulla oq ko’ngil sodda, o’z kasbini nihoyatda sevadi, qancha qiyinchilik bo’lsa chidaydi. U hatto o’zi ishlayotgan teatrga ham kassadan bilet sotib olib kiradi. Bir kuni xotinini ham teatrga taklif qiladi. Lekin unga teatrdan bilet bermaydi. Shunda Siyovushning yugurdaklaridan biri Majid uni axmoq qilib, bundan bir hafta oldin o’tib ketgan  Italyan shoiri Dantening 700 yillik yubileyiga berilgan taklifnomani beradi. Fayzulla xotini bilan u yerga borib aldanganini biladi. Shunda ham u Majidga qarshi gapirmaydi. Fayzullaning o’g’li Eldor ham talantli yoshlardan. Lekin o’z yurtida o’qishga kiraolmaydi, chunki o’qishga kirish ham pul bilan bo’ladi. Shuning uchun u Moskvaga borib o’qishini orzu qiladi. Uning sevgan qizi Ra’no ham bu yigit kambag’alligi uchun boshqa badavlat yigitga turmushga chiqib ketadi.

 

         Xullas, bu qissada Anor jamiyatdagi ildiz otib ketgan poraxo’rlik, tovlamachilik, oshna-og’aynigarchilik kabi illatlarni tanqid qilgan.

 

         Dramaturgiya sohasida esa Maqsud Ibrohimbekovning “Qasos”, Anorning “Shahar tobistoni”, Baxtiyor Vahobzodaning “Yong’indan so’ng” kabi pyesalari katta shuhrat qozondi.

 

O’zbek va ozarbayjon adabiy aloqalari tarixi uzoq o’tmishdan boshlanadi. Keyingi yillarda bu aloqa yanada mustahkamlandi. Ozarbayjon adabiyotining ko’pgina asarlari o’zbek tiliga tarjima qilinmoqda.

 

Adabiyotlar

1.  Arif M. Azerbayjanskaya literatura. Moskva. 1979 yil.

2.  S.Vurg’un. Tanlangan asarlar. Toshkent. 1965 yil.

3.  M.Husayn. “Apsheron” roman. Toshkent. 1973 yil.

4.  M.Ibrohimov. “Shunday kun keladi” roman. Toshkent. 1975 yil.

 

 

USMONLI TURK KLASSIK ADABIYOTI  

 

Reja:

1.     Usmonli turk xalqining og’zaki ijodi.

2.     Turk adabiyotining ilk yozma yodgorliklari.

3.     Turk tasavvuf adabiyoti.

4.     XVII-XIX asrlar turk adabiyoti.

5.     Realistik turk adabiyotining shakllanishi.

 

 Tayanch so’z va iboralar: Folklor, «O’g’iznoma», «Go’ro’g’li», Jaloliddin Rumiyning masnaviylari. Turk hajviy adabiyoti. Turk tasavvuf adabiyoti. Romantizm ko’rinishlari. Realistik adabiyotning paydo bo’lishi. Publisistika. Dramaturgiya. Badiiy prozaning shakllanishi. «Tanzimat adabiyoti». Yangi adabiy janrlar.

 

          Usmonli turk xalqi turkiy qavmlarning ichida aholi jihatidan eng ko’pi va eng rivojlangani bo’lib hisoblanadi. Bu qavm o’z mustaqilligi va erki uchun asrlar davomida kurashib, murakkab tarixiy davrni boshidan kechirgan. Saljuqlarning Kichik Osiyoga yurishi munosabati bilan hozirgi turk davlatiga asos solina boshlandi. Bu davlat XI-XIV asrlarda imperiya sifatida shakllandi. Usmonli turklar nomi bilan mashhur bo’lgan bu davlat uzoq asrlar Kichik Osiyoda va uning atrofidagi hududlarda hukmronlik qildi.

 

         Turkiya aholisining 90 foizini turklar tashkil qiladi. Bulardan tashqari, turk millatiga mansub kishilar Bolqonda, Kiprda, Yevropa mamlakatlarida va boshqa joylarda ham ko’plab yashaydi. Ana shu turklar adabiyoti juda qadimdan boshlangan. U boy an’anaga ega bo’lib, janr jihatidan ham rang-barangdir. Turk halq og’zaki ijodida juda ko’plab qo’shiqlar, ertaklar, afsona va rivoyatlar mavjud. Eng qadimgi turk xalqi dostonlaridan biri «Yaratilish dostoni» bo’lib, unda insoniyatning yaratilishi, dastlabki turk ajdodlari haqida qiziqarli rivoyatlar berilgan. Ayniqsa, «O’g’iznoma» nomli dostonda qahramonlik motivlari ko’tarinki ruhda kuylangan. Bu doston bir qancha bo’limlardan iboratdir. Go’ro’g’li obrazi qatnashgan bir qancha dostonlar sikli ham mavjud bo’lib, ular boshqa turkiy xalqlar adabiyotidagi shu tipdagi dostonlar bilan hamohangdir.

 

         «Dada Qo’rqut» haqidagi doston ham turk xalqi folklorining eng baquvvat asarlaridan biri bo’lib hisoblanadi. Bulardan tashqari turk xalq og’zaki ijodida ko’plab turli mavzulardagi mavsum-marosim, mehnat qo’shiqlari, ertaklar, latifalar va hikoyatlar uchraydi. Nasriddin Afandi nomi bilan mashhur bo’lgan latifalar dastlab turk xalqi og’zaki ijodida paydo bo’lgan.

 

         Turklarning ham dastlabki yozma adabiyoti arab va fors tillarida yaratilgan. Chunki XI-XIV asrlarda Turkiyada saljuqlar saltanati davrida arab tili din va fan tili, fors tili esa saroy poeziyasi tili rolini o’ynar edi. Keyinchalik turk tilida ilk badiiy asarlar yaratila boshladi. Eng birinchi Turk yozuvchilaridan biri sifatida Jaloliddin Rumiyni (1207 - 1273) ko’rsatish mumkin.

 

        Ota-bobolari asli Xorazmlik turkiy qabilalardan bo’lgan. Jaloliddin Rumiy Sharq klassik adabiyotining ulug’ siymolaridan biridir. Hofiz Sheroziy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy kabi buyuk zotlar Jaloliddin Rumiyga e’tiqod qilganlar va o’zlariga ustoz deb bilganlar. Shoir 1207 yilda Balx shahrida tavallud topgan. Uning otasi Muhammad Bahoiddin Valad o’z davrining mashhur so’fisi, va’zxoni bo’lgan. Qandaydir sabablar bilan u Balxdan Bag’dodga ko’chib ketadi, keyin esa Turkiyaning bir qancha shaharlarida yashaydi. Shu davrdagi Turk sultoni Aloiddin Kaykubod Jaloliddinning otasini Kunyo shahriga taklif qiladi. Saljuq sultonlarining bosh shahri Kunyoda ilm-ma’rifat ahllari to’plangan edi. Bahoiddin Valad shu yerda madrasalarda dars berdi, va’zlar o’qidi. U juda mashhur bo’lib ketdi, uning o’qigan va’zlariga hatto Sulton Kaykubodning o’zi ham ko’pincha ishtirok etardi 1231 yili Alouddin Valad vafot etgach, uning o’rniga o’g’li Jaloliddin bosh mudarris etib tayinlandi.

 

Jaloliddin otasidan o’rgangan bilimlarini ishga solib, uning ishlarini davom ettirdi. Otasining mashhur shogirdi Burxoniddin Termizdan Kunyoga keladi. Uning maslahati bilan Jaloliddin Rumiy 1233 yilda o’z bilimlarini yanada takomillashtirish uchun Xalabga boradi va o’z zamonasining mashhur olimi Muxiddin Ibn al-Arabiy bilan tanishadi. Bu yerda u to’rt yilcha tasavvuf va fikx ilmidan saboqlar oladi. U Kunyoga qaytib kelib, yana bosh mudarris vazifasida ishladi. Uning shuhrati butun musulmon olamiga yoyilib bordi. 1244 yil Jaloliddin Rumiy hayotida katta voqyea yuz berdi. Kunyoga Shamsiddin Tabriziy degan darvish keldi. Bu inson o’z zamonining mashhur so’fiylaridan bo’lib, tasavvuf ilmi sirlarini juda chuqur tushungan. Jaloliddin shu kishi bilan tanishib, u bilan umrbod yaqin do’st va maslakdosh bo’lib qoldi.

 

         U Shams Tabriziy bilan tanishgach, uning ilhom bulog’ining ko’zi ochildi. U endi dilidagi fikrlarini she’riy yo’lda izhor qila boshladi. 54 ming misradan iborat «Devoni kabir» to’plamini yaratdi. Jaloliddin Rumiy o’z shogirdlariga ruhoniy tushunchalarni musiqa va raqs vositasida egallash yo’lini o’rgatdi. Shoir yashagan davrdan to bugungi kunlargacha Turkiyada Jaloliddin Rumiyning «raqsi samo’»si ibodat usullaridan biri sifatida davom etib kelmoqda.

 

         Jaloliddin Rumiy olti jildlik «Masnaviy» kitobini Fariddin Attorning «Mantiqut tayr» kitobidan ilhomlanib yozgan. Bu kitob 25700 baytdan iborat bo’lib, xalq orasida «Fors tilidagi qur’on» deb juda yuqori baholanadi.

 

 Ma’lumki, Ahmad Yassaviy « Hikmat» devoniga kirgan she’rlarining ko’pchiligi «Qur’on» va «Hadis»lardagi ilohiy ma’nolarni sodda va tushunarli qilib turkiy tilda bayon etgan bo’lsa, ikkinchi bir turk Jaloliddin Rumiyning «Masnaviy» si ana shu vazifani forsiy tilda bajardi. «Masnaviy» asari ko’plab rivoyatlar asosida yozilgan, har bir rivoyatda biron-bir ibratli voqyea hikoya qilinadi va bu rivoyatlar o’quvchining ongiga ta’sir qiladigan, uzoq vaqtlar saqlanib qoladigan xususiyatlarga ega. «Podsho va kanizak haqidagi rivoyat», «Baqqol va uning to’tisi haqidagi rivoyat», «Xalifa va Layli haqida hikoyat», «Uch yo’lovchi haqida hikoya», «Eshak va darvishlar haqida rivoyat» lar yuqoridagi fikrimizga dalil bo’la oladi. Bulardan tashqari, Mavlono Jaloliddin yana ko’plab ruboiylar yozgan. Uning ruboiylari ham nihoyatda yuqori mahorat va katta ilhom mevasining mahsuli ekanligi bilan ajralib turadi. Shoirning «Fih-mofih», «Makotib», «Ma’jolisi sa’ba» singari asarlari ham bor. J.Rumiyning qabri Kunyo shahrida bo’lib, bu yer butun musulmonlarning ziyoratgohidir.

 

         Jaloliddin Rumiy ijodida tasavvuf ruhida yozilgan masnaviylar katta qismni tashkil etadi. Bular fors tilida yozilgan bo’lsa-da, turk tasavvuf adabiyotining shakllanishiga asos bo’ldi. Shoirning turk tilida yozilgan turli mavzudagi she’rlari ham anchaginadir. Jaloliddin Rumiy boshlab bergan an’analarni uning o’g’li Sulton Valid davom ettirdi. 1301 yilda uning turk tilida yozgan birinchi she’rlar to’plami chop etildi. Keyinchalik Yunus Emro va Oshiq Posholarning tasavvuf ruhida yozilgan she’rlari paydo bo’ldi. Ayniqsa, Oshiq Poshoning «Darveshnoma » asari turk adabiyotining rivojlanishiga katta ta’sir qildi.

 

        Xo’ja Nasriddin (1208 - 1284)nomi bilan bog’liq bo’lgan, latifalar turkiy xalqlar ichida juda ko’p tarqalgan. U Nasriddin Afandi, Nasriddin xo’ja, Mullo Nasriddin kabi nomlar bilan mashhurdir. Ma’lumki, Nasriddin nomli shoir Turkiyada XSh asrlarda yashagan. Ayrim aniqlangan ma’lumotlarga qaraganda Xo’ja Nasriddin 1208-1284 yillarda yashagan va hayotining asosiy qismini Markaziy Onado’lidagi Oq shaharda o’tkazgan tarixiy shaxsdir. Xo’ja Nasriddinning o’zi ham talantli, dona ijodkor bo’lgan. Bu adib keyinchalik xalq tomonidan yana-da dona, zukko donishmand kishi sifatiga aylantirilgan.

 

         Nasriddin Afandi latifalari turli mavzuda yaratilgan. Unda asosan kulgi yetakchilik qiladi. Lekin bu kulgi oddiy emas, balki hammani o’ylatadigan, hayot haqida chuqur mulohazaga chorlaydigan kulgidir. Masalan, latifalardan birida Nasriddin Afandi bolalarga yong’oq tarqatayotib: Sizlarga buni teng bo’laymi yoki xudo berganday bo’laymi deb so’raydi. Bolalar bir ovozdan «Xudo berganday» debdi. Shunda Xo’ja Nasriddin yong’oqni ba’zilarga bir hovuch, ba’zilarga to’rt-beshta yong’oq beradi. Ayrimlariga esa umuman hyech narsa bermaydi va Xudoning bergani shunday bo’ladi deb tushuntiradi.

 

-Ko’rayapsizlarmi, bekning o’n suruv qo’yi bor, xo’janing og’il to’la moli, Muhammadning bitta sigiri, Ahmadning esa yolg’izgina echkisi bor, Valining esa hyech vaqosi yo’q.

 

         Bu latifada kulgi bilan birga jamiyatdagi tengsizlik qoralanmoqda. Oddiy mehnatkash, kambag’al kishilarga achinish hisi sezilib turadi.

 

         Ayrim latifalarida esa beozor kulgi ifodalanadi. Bunga «Oyimning yuzidan o’pdi», «Nega xotiningga kalish olib bermading» nomli latifalarni misol qilib keltirish mumkin.

 

         Yozuvchi Aziz Nesin «Xo’ja Nasriddin haqida tadqiqot» maqolasida shunday fikrni bayon qiladi: «Xo’ja Nasriddinning latifalari uni yaratgan xalq ahvolini aks ettiruvchi, o’sha davrni, jamiyatni tasvirlovchi eng yaxshi asarlardir. Sirakuza hukmdori Dionisos Aflotundan Afinaning qonun qoidalarini qaysi kitobdan o’rgangan ma’qul, deb so’raganda, buyuk faylasuf unga Aristafan komediyalarini o’qishni maslaxat berdi.

 

         Biz ham Turklada XSh asr Saljuqiylar davri ila tanishmoqchi bo’lganlarga Xo’ja Nasriddin latifalarini o’rganishni tavsiya qilamiz.

 

         Nasriddin Xo’ja mo’g’ullar istilosi avj olgan bir davrda yashadi. Shuning uchun uning ijodida mo’g’ullar tomonidan mag’lub bo’lgan xalqning amalga oshirib bo’lmaydigan isyonkor orzulari hajv yo’li bilan ifodalangan. Yozuvchi bunday og’ir shariotda o’z latifalari bilan xalqning yuragini bo’shatib olishga, ularni ovuntirishga harakat qildi Saljuqiylar davlati zaiflashib, chiriyotgan bir paytda Xo’ja Nasriddin hajviyalari yangi kuchlarning paydo bo’lishiga, ularning rivojlanishiga dalda berdi. Yozuvchi latifalarining muhim jihati shundaki, ular xalq orasidagi nuqsonlarni, chirkin jamiyat odamlarining ko’rqoqligini, ikki yuzlamachiligini, soxtakorligini qattiq tanqid qilgandi. Biz Xo’ja Nasriddin latifalarida turk xalqining o’z ayblari ustidan o’zlari kulganligini, o’zlari o’zlariga tanbeh berganligini ko’ramiz. Mug’ullar zulmiga qarshi kurashda Xo’ja Nasriddining zamondoshlari bo’lgan Jaloliddin Rumiy, Yunus Emrolar tasavvuf yo’lini tanlagandi. Ular tasavvuf zulmdan qutilishning birdan-bir yo’li deb tushunganlar va xalq orasidan juda ko’p tarafdorlar orttirganlar. Lekin tasavvuf zulmga qarshi norozilik tuyg’usini kuchaytirgani bilan, unga qarshi kurasholmas edi. Bu vazifani hajviya bajarar edi. Hajviya kurash tig’ini zolimlarga qaratgan yagona vosita edi. Xuddi shunday isyonkor hajviyalar Xo’ja Nasriddin nomi bilan bog’liq bo’lib, ular butun turk dunyosiga keng tarqaldi» 1.

 

         Yunus Emro (1240 - 1320) Turk tasavvuf adabiyotining eng dong’i ketgan vakillaridan bo’lib, Ahmad yassaviy izdoshlaridan biri sanaladi. Shoirning tug’ilgan joyi va qayerga ko’milganligi haqida aniq ma’lumot yo’q. U XSh asr oxiri va XV asr boshlarida yashab o’tgan. Ayrim rivoyatlarga qaraganda uch mingga yaqin she’r yozgan. Shundan mingga yaqini bizgacha yetib kelgan. (Mingtasini osmonda farishtalar o’qiydi, mingtasini suvda baliqlar o’qiydi, mingtasini esa yerda odamlar o’qiydi, degan rivoyat ham bor).

 

         Tasavvuf ruhi shoir she’rlarining jon-joniga singib ketgan. U insonni ulug’lashni eng muqaddas va oliy vazifa deb tushindi. Taniqli olim Ibrohim Haqqulov shoir Yunus Emro haqida shunday deydi:

 

         «Yunus Emro – Sir va Hayolot, Ishq va Ilohiyot shoiri. Ijodiyotining ziyosi va shukuhi ilohiy Ruh. Uning so’z hamda tasvirlari zoti mutloq madhiga yo’naltirilgan».1

 

         Haqiqatan ham, shoir she’rlarining aksariyat qismi Olloh va inson o’rtasidagi munosabatlar haqida fikr yuritiladi. Sabr-qanoatli bo’lish, nafsni jilovlash kabilar Yunus Emro ijodining yetakchi g’oyalaridir. Shoir tasavvufning to’rt bosqichiga alohida –alohida she’rlar bag’ishlagan.

 

         Hayot va o’lim haqida fikr yuritib, inson ruhining abadiy ekanligini ta’kidlaydi. U inson o’limini xursandchilik bilan kutub olish kerak, chunki u boqiy dunyoga, haqning visoliga qadam qo’yadi, degan fikrlarni aytadi. Lekin haqqa yetish uchun inson ko’p zaxmat chekish kerak ekanligini o’qtiradi. Shuning uchun u ko’pgina she’rlarida nafs balosini yengib o’tish uchun insonga katta iroda kerak ekanligi haqida gapiradi.

 

         Shoir ba’zi she’rlarida xalqqa murojaat qilib, «tavbaga kel, tovbaga» deb xitob qiladi. Qalandarlik, darveshlik tariqatini ulug’lab, bu tariqatdagi kishilarni xudo oldida gunohlardan forig’ bandalar deb ta’kidlaydi. O’zlikdan kechish, o’zni tamoman unutish, ishq yo’lida jismni butunlay qurbon qilish shoir lirik qahramonining asosiy fazilatidir. Shuning uchun «Ishqing oldi mandin mani» kabi misralar bitadi. Butun olamni, tabiatdagi barcha narsalarni allohning mahsuli deb tushunadi. Inson ham shu tabiatning bir bo’lagi, unga aralashib, qorishib ketadi. Shoir:

 

Goh esaman yellar kabi,

Goh shoshaman yo’llar kabi,

Goh toshaman sellar kabi,

Kel, ko’r mani ishq nayladi, -

 

deganida o’zini tabiat xodisalari bilan singishib, birlashib ketganini ta’kidlaydi. Xullas, shoir she’riyati asrlar davomida xalqning ma’naviy ehtiyojlarini qondirishda katta xizmat qilib kelmoqda.

 

         XIV – XV asrlarda romantik yo’nalishdagi turk adabiyoti paydo bo’ldi. Yirik hajmli dostonlarda qahramonlik, ishqiy-sarguzasht kabi mavzular kuylanadi. Bularga Ahmadiyning «Iskandarnoma», Yusuf Sinan Shayxiyning «Xusrav va Shirin» dostonlarini ko’rsatish mumkin. Bu asarlar Nizomiy Ganjaviyning «Xamsa» asari ta’sirida yozilgan edi. Bu davrda Ahmad Posho, Najotiy, Mahmud Boki, Mehri Xotun singari ijodkorlarning ham ko’plab asarlari turk adabiyotining taraqqiyotiga katta hissa bo’lib qo’shildi.

 

        Sulton Boyazid Yildirim Amir Temur tomonidan mag’lubiyatga uchragunga qadar Turkiya Jahonning eng qudratli davlatlaridan biri bo’lgan, hatto Yevropadagi bir qancha davlatlarni bosib ham olgan. Shuning uchun Sulton Boyazidning yaqin kelajakda Yevropaning birdan-bir hukmdori bo’lib qolishi hyech gap emas edi.

 

         XIV-XV asrlarda Turkiya jahonning eng katta ilm-fan madaniyat markazlaridan bo’lgan. Bu davrda ko’pgina mashhur olimlar, fan, madaniyat arboblari Turkiyada to’plangan. Ayniqsa Sulton Boyazid P- davrida Markaziy Osiyolik ko’pgina olimlar Turkiyada panoh topgan.

 

         A.Navoiy ana shu Sulton Boyazid II-ga o’z g’azallarini yuborib turgan. O’sha davrdagi Turkiyaning mashhur shoiri Ahmad Posho Navoiy g’azallariga nazira bog’lagan. Navoiy g’azallariga tatabbu bog’lash turk she’riyatining mavqyeini oshirdi, fors klassiklari ta’siridan qutilishga yordam berdi.

 

XV asrning mashhur lirik shoirlaridan biri Ahmad Posho Edirnada tug’ilgan. Uning otasi Sulton saroyida Qozi askar lavozimida ishlagan. Ahmad Posho yoshligida madrasalarda o’qib yaxshi ma’lumotlar olgan. Bursa shahridagi madrasalarda dars bergan, keyinchalik qozi lavozimida ishlagani ma’lum. Ahmad Posho xalq orasida ancha obro’ga ega bo’lib, aqlli, farosatli, bilimdon kishi sifatida taniladi. U Sulton Maxmud II fotihning ham nazariga tushib, saroyga taklif qilinadi va shoxzodlar murabbiysi etib tayinlanadi. Oradan bir oz o’tgach, u saltanatda vazir lavozimi darajasiga ko’tarildi. Ammo uning dushmanlari turli tuhmatlar qilib, shoirni zindonga tashlatadi. U zindonda o’zining mashhur asari «Karam qasidasi»ni yozadi. Bu asar shohga yetib boradi. Nihoyatda katta mahorat bilan yozilgan bu kasida shohga manzur bo’ladi va Ahmad Poshoni zindondan ozod qiladi. 1481 yili ma’rifatparvar shoh Boyazid P Ahmad Poshoni Bursa viloyatiga bek etib tayinlaydi.

 

         Ahmad Posho XU asr turk adabiyotiga aruz vaznining keng qo’llanishiga ham sababchi bo’ldi. Shu bilan birga usmonli turk adabiyotini boshqa turkiy qavmlar adabiyoti bilan aloqasini mustaxkamlashga ham xizmat qiladi.

 

         Taniqli adabiyotshunos olim Naim Karimov o’zining «Alisher Navoiy va Ahmad Posho» (O’AS gazetasi 2002 yil, 31 iyun) nomli maqolasida qo’yidagi fikrlarni bayon etgan: «Ahmad Posho ijodi ikki tadrijiy bosqichdan iborat. Agar yetti minorali qal’a zindoniga tashlanguniga qadar bo’lgan vaqtda fors shoirlari, ayniqsa, Xofizga taqlidan she’rlar yozgan va turkiy sheriyatga forsiy sheriyatning rangin jozibasini olib kirgan bo’lsa, «Bursa davri» deb atalgan ikkinchi bosqichida shoir Navoiyning maftunkor lirikasi bilan tanishadi va shu omil uning yangi ijodiy parvozi uchun xayotbaxsh zamin bo’lib xizmat etdi. Ahmad Posho ijodining gullab – yashnashi xuddi shu davrda ro’y berdi».

 

         1480-1481 yillari Alisher Navoiy o’zining eng sara g’azallaridan 33 tasini Sulton Boyazid II ga tuxfa sifatida yuboradi. Sulton o’z saroyi shoirlarining eng talantlisi bo’lgan Ahmad Poshoga Navoiy g’azallariga javob yozishni buyuradi. Albatta bu juda katta, mas’uliyatli ish edi. Uning yozgan g’azallari Navoiy darajasida bo’lmasa-da, har holda shu sababli o’zining shoirlik mahoratini oshirishga katta maktab vazifasini o’tadi. Masalan, Alisher Navoiyning «Ul parivashkim, bo’libman zoru sargardon anga» misralari bilan boshlanuvchi g’azaliga Ahmad Posho qo’yidagicha javob yozgan:

 

         Ne qamardur bu ki o’lmish zulfi mushk-afshon anga,

         Necha rayhondur xati kim qolmisham hayron anga.

         Nomani shavqum ne nav ul oyga yetgay, chunki men

         El otin o’qir hasaddin yozmadim unvon anga

 

         So’zda ushshoqi muxayyir ayla dersan Ahmado,

         O’yla bulbul o’lmaga qo’yin kerak bo’ston anga.

 

         Xullas, Ahmad Posho turk she’riyatini yangi pog’onaga ko’targan ijodkor sifatida tarixda mashhurdir. Uning ko’plab she’rlari turkiy xalqlar adabiyotining go’zal namunalari bo’lib qoladi. Ahmad Posho 1496 yili vafot etgan. Uning adabiy merosidan ko’pgina asarlar jahonning ko’pgina tillariga tarjima qilingan.

 

         XVII asr turk adabiyotida hajviy asarlarning ko’payishi ko’zga tashlanadi. Ijtimoiy hayotdagi illatlarni fosh qilish, oddiy mehnatkashlar manfaatini himoya qilish bu davr turk adabiyotining asosiy belgilaridan biri edi. Yusufning «Hayriya» nomli dostonida dinni niqob qilib olgan jaholatparast ruhoniylar, poraxo’r qozilar va boshqa kimsalar qattiq tanqid qilindi. Oloviddin Sobit va Ahmed Nedimlar xalq ohanglari yo’lida ko’pgina she’rlar ijod qildi. Bu shoirlar ijodida turk poeziyasida yangi she’riy shakllar paydo bo’ldi. Bulardan biri «Sharqi» deb atalib, u turk xalq og’zaki ijodidagi she’riy shakllarga yaqin edi.

 

         XVIII asrda turk tasavvuf she’riyati yana qaytadan jonlandi. Bunga misol qilib Shayx G’olibning ijodini ko’rsatish mumkin. Uning «Go’zallik va sevgi» nomli dostoni tasavvuf falsafasi ruhida yozilgan ajoyib asarlardan biridir.

 

Yangi turk she’riyati. XUSh asr oxiri X1X asr boshlarida turk ziyolisi G’arb ilm-fani va texnikasini o’rganishga kirishdi. Shu bilan birga fransuz madaniy hayotini, ayniqsa fransuz inqilobini tayyorlagan ma’rifatparvarlar ijodidan saboq ola boshladi. G’arb bilan diplomatik aloqalar kuchaydi. Harbiy maktablar ochilishi natijasida maorifda ham o’zgarishlar yuz berdi. G’arb mamlakatlaridagi oliy o’quv yurtlarida ko’plab turk talabalari o’qishdi. 

 

G’arb ziyolilarining Turkiyaga ko’plab tashrif buyurishi, fransuz tilining keng yoyilishi mamlakat ijtimoiy, siyosiy va madaniy hayotida katta o’zgarishlarga sabab bo’ldi. Ayniqsa G’arb teatr va musiqa san’atining Turkiyaga kirib kelishi, xatto buning hukumat tomonidan ham qo’llab-quvvatlanishi katta ijtimoiy-madaniy hodisa edi. X1Xasrning ikkinchi yarmidan boshlab Tanzimat farmoni (1939 yil 3 noyabr) amal qila boshladi. Bunga ko’ra ijtimoiy xayotda haqiqat, adolat, qonun, tenglik, ozodlik kabi shiorlar, tushunchalar ko’tarilib chiqildi. Adabiyot ham Tanzimat harakatining ruhiga mos mavzularni yorita boshladi. Shuning uchun bu davr adabiyoti «Tanzimat adabiyoti» deb yuritilib, uning asosiy maqsadi xalq ongida burilish yasash, uni ziyo va ma’rifat bilan qurollantirish edi. Bu adabiyotning Shinosiy, Ziyo Posha, Nomiq Kamol singari vakillarining asarlarida siyosiy va ijtimoiy voqyealar yetakchi g’oya ekanligining sababi ana shunda edi.

 

         Asrlar davomida dunyoga ko’ngil ko’zi bilan qaragan turk she’ri endi aql va tafakkur yo’liga o’tayotgan edi. Eski «devon she’riyati» qanchalik go’zal tashbehlar bilan bezalmasin, u hozirgi

 

davrning talablariga to’liq javob berolmasdi. Nomiq Kamol o’zining «Bahori donish» nomli asarining so’z boshisida shunday fikrlarni bildirgan edi:

 

         «Devonlarda bag’ri dog’li lolalardan, yoqasi yirtiq gullardan, falakka o’xshash nilufarlardan, qilchalik bellardan, ilon kabi sochlardan, sarv daraxtiday (baxaybat) bo’ylardan, o’q kabi kipriklardan, xanjar kabi g’amzalardan, daryo-daryo qonli yoshlardan, dunyoni yoqar darajadagi otashli ohlardan, ustiga paxta yopishgan jirkanch yaralardan, sehrboz qalamlardan, botmon-botmon sharob ichuvchi sarxushlardan, jinnixonalardan qochganda ko’chalarda kezib, baqirib ko’kragiga urib yuruvchi oshiqlardan, bir dilbarning sochiga taroq bo’lgan parcha-parcha ko’nggillardan voz kechilmaydi».

 

         Albatta eski turk she’riyatini bu tarzda mubolag’ali kinoya bilan baholash o’zlarining yozgan she’rlarini xalqqa yaxshi ko’rsatish uchun qilingan harakat edi.

 

         «Tanzimat adabiyoti» ning Rashonzoda Ekrem, Abdulhaq Xomit singari vakillari adabiyotni haqiqiy san’at bilan yaqinlashtirish g’oyasini ko’tarib chiqdilar. Ular adabiyotning birinchi vazifasi go’zallikni ko’rsatishdir deb ta’kidlab, tabiatni bitmas-tuganmas she’r manbai deb bildi.

 

         Nomiq Kamolning «Bahori donish», Ziyo Poshoning «Harobot», Adulhaq Homitning «Maqbar», «Akram», «Zamzama» Nojining «Otashpora» asarlari  mashhur bo’ldi. «Sarvati Funun» jurnali atrofida bir adabiy to’garak tashkil etildi. Tovfiq Fikrat, Ahmad Ehson, Xolid Ziyo kabi taniqli adiblar ana shu jurnalda yozuvchi sifatida shakllandilar.

 

         Tovfiq Fikratning «Xasta Cho’juq» manzumasi katta baxslarga sabab bo’ldi. She’rda ajal changalida qovurilayotgan kasal bola va uning onasining ruhiyatlari berilgan. Bu she’r g’arb adabiyoti an’analari ruhida yozilgan edi.

 

 Shundan keyin jurnal simvolizm, dekadentchilik, dadaizm singari oqimlar haqida maqolalar e’lon qildi. Janob Shaxobiddin nomli shoir birinchi bo’lib sonetlar yozib, ularda qandaydir xayoliy sevgini emas, balki chin insoniy ishqni kuyladi. Bu esa turk she’riyatida katta yangilik edi.

 

         «Tanzimat adabiyoti» deb nom olgan davr Turkiyada 1839 yildan 1870 yillargacha davom etgan. Turk xalqining bu adabiyoti asosan ma’rifatparvarlik adabiyoti edi. Shaxs va jamiyat o’rtasidagi munosabatlar xotin-qizlar ozodligi, antiklerikal muammolar bu adabiyotning asosiy mavzularidan edi. Bu davrda Yevropa adabiyotining bir qancha namunalari Jan Jak Russo, Volter, La Martin, Molyerning asarlari turk tiliga tarjima qilindi. Bu davr turk adabiyoti publisistika, dramaturgiya, badiiy nasrning shakllanish davrini o’z boshidan kechirdi. Turk ma’rifatparvarlik adabiyotining yirik vakillaridan biri sifatida Ibrohim Shinosini ko’rsatish mumkin. U fransuz adabiyotining yirik bilimdonlaridan biri sifatida fransuz adabiyotining ko’pgina namunalarini turk tiliga tarjima qilgan. Ayniqsa, uning «Shoirning uylanishi» nomli komediyasi juda mashhur bo’ldi.

 

Bu davrda yashagan Nomik Kamol esa ko’pgina vatanparvarlik va ijtimoiy-maishiy temalardagi pyesalarning avtori sifatida mashhur bo’ldi. Uning romanlari esa turk adabiyotida tarixiy roman janrining rivojlanishiga va shaklllanishiga katta hissa bo’lib qo’shildi. Bu davrda turk folklori asarlarini to’plab, ularni nashr etishga ham katta e’tibor berildi.

 

         Shamsiddin Somi ham bu davrda yirik dramaturg sifatida tanildi. Talantli yozuvchi Axed Midxat esa turk adabiyotida novella janrining asoschisi sifatida tanildi. U G’arbiy Yevropa adabiyotidagi novella janrining go’zal namunalarini tarjima qildi va ularning ilg’or an’analarini o’z ijodida qo’lladi. Bu yozuvchilar XIX asrning o’rtalariga kelib yangi turk adabiy tilining shakllaninishiga katta hissalarini qo’shdi. Natijada turk adabiy tili asta-sekinlik bilan arab va fors tillaridan olingan ko’plab atama va iboralardan tozalanib, oddiy xalq so’zlashadigan tilga yaqinlashib bordi.

 

         XIX asrning ikkinchi yarmiga kelib turk poeziyasida katta o’zgarishlar ro’y berdi. Abdulhaq Homid, Redjonzoda Ekrem singari novator shoirlar yetishib chiqdi. Bular poeziyasida yangi ritmlar va shakllar, lirik qahramonning yangi tiplari paydo bo’ldi, inson ichki kechinmalari tasviri poeziyaning asosiy obyekti bo’lib qoldi.

 

         XIX asrning 70-80 yillarida ijtimoiy hayotda reaksiya hukm surdi. Adabiyotning rivojlanishiga to’sqinlik qiluvchi senzura kuchaydi, ko’pgina ijodkorlar hibsga olindi. Nomik Kamolga o’xshash yozuvchilar surgunda vafot etdi. Natijada ko’pgina shoirlar ijodida tushkunlik, umidsizlik ko’zga tashlana boshladi. O’sha davrda Turkiyada nashr qilingan adabiy-badiiy jurnal «Servati Funun»ning atrofiga ko’pgina progressiv turk yozuvchilari to’plandilar.

 

Tovfiq Fikrat ana shu to’daning boshliqlaridan biri edi. Bu yozuvchilar o’z asarlarida oddiy, mehnatkash xalqning dardu g’amlarini tasvirladi. Ular mavjud tuzumga e’tiroz bildirib, asarlar yoza boshladi. Xalil Ziyo Ushoklagil esa turk adabiyoti tarixida birinchi realistik, Yevropa adabiyotidagi novellalarga o’xshash hikoyalar yaratdi. Husayn Rahim Gyurpelar, Mehmed Rauf singari ijodkorlar o’z asarlarida yangi mavzularga murojaat qilib, o’zlari yashayotgan sosial tuzumning illatlarini fosh qildi.

 

         1908 yildagi «Yosh turklar» inqilobidan keyin adabiyotda turli oqimlar paydo bo’ldi, bularning o’rtasida mafkuraviy kurash davom etdi. Ana shu kurashlarda turk adabiyotida realistik metod g’olib chiqdi. Natijada realistik tendensiya turk adabiyotining yetakchi metodiga aylandi. Bu davrda ayniqsa hikoyalar juda ko’p yozildi. Rofiq Xalid Qaray, Aka Gyunduz, Umar Sayfiddin singari ijodkorlar o’z asarlarida qishloq kishilarining hayotini yoritishga kirishdi. Ayniqsa, Umar Sayfiddinning bu mavzuga bag’ishlab yozgan satirik novellalari keyingi turk realistik prozasining rivojiga katta ta’sir ko’rsatdi. Yana shuni ham ta’kidlash lozimki, Umar Sayfiddin, Xolida Edem

 

Adivar singari ijodkorlar turk dunyosining ozodligi va ularni birlashtirish masalalarini ham o’z asarlarida ko’tarib chiqdi. Adivarning «Yangi Turon» romanida aynan shu masala aks ettirilgan.

 

         XX asr boshlarida turk poeziyasiga Yevropa simvolistlarining ta’siri katta bo’ldi. Bu davr turk poeziyasida milliy o’zini anglash mavzusida ko’plab asarlar yaratildi. Yahyo Kamol Bayotli, Ahmed Hoshim, Ahmed Hofiz Chamlibel singari shoirlar she’riyatda yangi motivlar, yangi she’riy shakllarda bayon etildi. Poeziyada barmoq vazni asosan yetakchilik qildi. Shoir Mehmed Emin Yurdakulning she’rlari ayniqsa xalq og’zaki ijodiga juda yaqin edi.

 

         Xullas, turk klassik adabiyoti ancha murakkab yo’lni bosib o’tdi. Ming yillik adabiy merosga ega bo’lgan bu adabiyotning ajoyib an’analari mavjud. Unda Sharq adabiyotining ta’siri kuchli seziladi. XIX asrdan boshlab esa Turk adabiyotida Yevropa adabiyotining ta’siri sezila boshladi.

 

Adabiyotlar

1.  Alkayeva L. Babayev A. Tureskaya literatura. Moskva,1967.

2. Turkiya disindoki turk edebiyati antolojisi, Ankara, 1998.

3. Ismoil Porlatir, Yangi turk adabiyoti, «Jahon adabiyoti» jurnali, 1998, 3-son.

4. Pamyatniki drevno-tyurkskogo pismennosti, Moskva-Leningrad, 1951.

5. Radiy Fish. Jaloliddin Rumiy. Tarixiy-biografik roman. T.,1986.

--------------------------------------------------------------------------------

1 «Jahon adabiyoti» jurnali. 1998 yil. Fevral 148 – bet.

1 Hаqqulov I. Abadiyat farzandlari. Toshkent, «Yosh gvardiya», 1990 yil 94 – bet.

 

 

HOZIRGI ZAMON TURK ADABIYOTI

 

Reja:

1.  XX asr Turkiyadagi tarixiy muhit.

2.  20-30 yillar turk adabiyoti.

3.  40-60 yillar turk adabiyoti.

4.  Hozirgi zamon turk adabiyotining vakillari.

5.  Keyingi yillar turk adabiyotining xususiyatlari.

 

Tayanch so’z va iboralar: Yangi turk adabiyotining xususiyatlari, sarbast she’rlar. Ijtimoiy-siyosiy voqyealarning adabiyotda asosiy mavzuga aylanishi. Turk modern adabiyoti. Sabaxittin Ali, Aziz Nesin, Nozim Hikmat, Qora Osmon o’g’li kabilarning ijodiy faoliyati. R.N.Guntekin ijodidagi o’ziga xosliklar. Erk va demokratiya uchun yozilgan asarlar.

 

XX asrda Turkiya o’z boshidan juda katta tarixiy voqyealarni kechirdi. Ikki jahon urushida ham aktiv ishtirok etgan Turkiyaning ijtimoiy-siyosiy ahvolida tub o’zgarishlar bo’ldi. Qadimdan davom etib kelgan Usmon imperiyasi XX asr boshlariga kelib barham topdi. Birinchi jahon urushidan keyin Turkiya imperialistik davlatlar tomonidan okupasiya qilindi. Taraqqiyparvar kuchlardan bo’lgan Kamol Otaturk boshchiligidagi bir guruh ofiserlar Turkiya ozodligi uchun kurash boshladi. Ularni Turk xalqi qo’llab quvvatladi. Natijada ular Turk Xalq Respublikasini bunyod etdi. O’lkada yangi davr boshlandi. Ana shu tarixiy voqyealar bu davr turk adabiyotining asosiy tasvirlash obyekti bo’lib xizmat qildi. Turkiya tuprog’ini bosqinchilardan ozod etish, erk va demokratiya uchun kurashni aks ettirgan asarlar ko’paydi. Ayniqsa, 1923 yilda Turkiya Respublikasi deb e’lon qilingach, adabiyotda milliy ozodlik mavzuida asarlar yozish yanada kuchaydi.

 

Adivarning «Qonli ko’ylak» romani va milliy ozodlik haqida yozgan hikoyalari, Qora Osmon o’g’lining «Sadom va Gammaro», «Begona», Rashid Nuri Guntekinning «Ko’m-ko’k tun», «Bir oqshom fojeasi » kabi romanlari 20-yillar turk adabiyotining eng ko’zga ko’ringan asarlari bo’ldi. Bu asarlarda asosan yakka qahramonlar sarguzashtlari hikoya qilingan. Ular Turk xalqi birligi uchun kurashdilar, ma’rifatparvarlik va madaniy inqilobni amalga oshirsa, qishloqda yashovchi turk aholisining ham ahvolini tubdan o’zgartirish mumkin, deb hisobladilar. Boshqa bir guruh turk yozuvchilari esa ijtimoiy hayotdagi turli illatlarni, jumladan, amaldorlarning oddiy xalqqa o’tkazayotgan zulmini, ishsizlik sabablarini, jamiyatda avj olib borayotgan poraxo’rlik va tovlamachilik kabi illatlarni ayovsiz tanqid qiladi. Demokratik yozuvchilardan Sabaxitdin Ali, Sadri Ertem, Suad Darvesh, Said Foik kabilar turk adabiyotida tanqidiy realizmning rivojlashishiga katta hissa qo’shdilar.

 

30-yillar turk adabiyotida qishloq xo’jalik mavzusi yetakchilik qildi. Badiiy adabiyotda dehqonlar hayoti, ularning orzu-istaklari turli tipik obrazlarda aks ettirildi. Sadri Ertemning «Charx to’xtagan payt» romanida oddiy turk mehnatkashlarining og’ir hayoti, ularning o’z haq-huquqlari uchun kurashi tasvirlangan. 30-yillarda turk adabiyotida xotin-qizlar ozodligi mavzusi ham ko’proq tilga olina boshlandi. Shu bilan birga turk ishchilar sinfi va ziyolilarning jamiyatdagi o’rni haqida ham ko’plab asarlar yozildi. Bu davr ayniqsa turk hikoyachiligining (novella) taraqqiyoti ko’zga yaqqol tashlandi. Ayniqsa talantli yozuvchi Sabohattin Ali bu davrda sermahsul ijod qildi.

 

Sabaxittin Ali 1906 yilda Bolgariyada tug’ilgan. Otasi turk zobitlaridan bo’lgan. Yoshligida yaxshi bilim oldi. Istambul va Berlin kabi shaharlarda o’qidi. U Germaniyada o’qigan paytda gitlerchilar hokimiyatni qo’lga kiritish uchun intilayotgan edi. Sabaxittin Ali turk millatini haqorat qilgan bir nemis ofiserini kaltaklagani uchun Germaniyadan chiqarib yuboriladi. Keyin u Turkiyaning ko’p joylarida o’qituvchilik qildi, gazeta redaksiyalarida ishladi. Yozuvchi mashhur satirik Aziz Nesin bilan birgalikda ijodiy hamkorlik qilib, «Marko Posha» nomli satirik gazeta chiqardi. Bu gazetada mavjud siyosiy tuzumning illatlarini fosh qilib, qator maqolalar chiqardi. Natijada, gazeta hukumat ma’murlari tomonidan yopib qo’yildi. Sabaxittin Ali turk ma’murlarini tanqid qilib yozgan asarlari uchun bir necha marta qamoqxonalarda ham o’tirib chiqdi. Uni 1948 yili o’rmonda o’ldirib ketishdi. Yozuvchidan ko’plab ajoyib hikoyalar, qissa va romanlar, dramatik asarlar meros bo’lib qoldi.

 

30-yillar turk poeziyasining yetakchi shoirlaridan biri Nozim Hikmat bo’ldi. U turk she’riyatining uzoq asrlardan buyon davom etib kelayotgan an’anasini buzib, o’ziga xos yangi yo’ldan bordi. Shoir turk poeziyasida birinchi bo’lib erkin vaznda ijod qila boshladi. Bu vaznda qofiya va hijolar o’lchamiga ko’p ham e’tibor bermasdan, asosiy maqsad fikrni aniq, hammaga tushunarli qilib berish kerak. She’rda intonasiya asosiy o’rinni egallash lozim. N. Hikmat shu sohadagi faoliyati bilan turk she’riyatida yangi yo’nalishga asos soldi. U novator shoir sifatida adabiyot tarixida qoldi. Uning an’analari faqat turk adabiyotiga emas, balki butun turkiy tildagi xalqlar adabiyotiga ham samarali ta’sir qildi. Shu jumladan, ko’plab o’zbek shoirlari ham N. Hikmatni o’z ustozi deb biladilar. Shoirning «Inson manzaralari» nomli she’riy to’plami talantli shoir Rauf Parfi tomonidan o’zbek tiliga tarjima qilingan.

 

Rashod Nuri Guntekin. XXasr Turk adabiyotining yirik namoyondasi Guntekin o’z asarlari bilan faqat Turkiyadagina emas, balki dunyoning boshqa mamlakatlarida ham mashhurdir. U 1892 yili Istambul shahrida harbiy vrach oilasida tug’ilgan. Istambul universitetining adabiyot fakultetini tugatib, chet ellarda o’qishini davom ettirdi.

 

Maktablarda o’qituvchi va xalq maorif nozirligida nazoratchi vazifalarida ishladi. 1939 yili Turkiya Buyuk millat majlisiga deputat qilib saylangan, umrining so’nggi yillarida Turkiyaning YuNESKO dagi vakili lavozimida faoliyat ko’rsatgan 1995 yilda Londonda 64 yoshida vafot etadi. Guntekinning 24 jilddan iborat kulliyoti bosilib chiqqan. Yozuvchining 19 ta romani, ko’plab pyesalari va hikoyalari mavjud.

 

Rashod Nurining «Tamg’a», «Choliqushi» «Xazonrezi», «Yashil kecha» romanlari o’zbek tiliga tarjima qilingan. Adibning «Hiylai shar’iy», «Halola» singari dramatik asarlari ham o’zbek kitobxonlarga tanish. Guntekin asarlari betakrorligi va o’ziga xosligi bilan ajralib turadi. Yozuvchining «Yashil kecha», «Tegirmon», «Tamg’a», «Xozonrezgi» asrlarida turk mehnatkashlarining og’ir turmushi, ayollarning ijtimoiy tengsizligi o’zining realistik ifodasini topgan. Bu asarlarda jamiyatning olg’a ketishiga to’siq bo’lgan turli illatlar fosh qilingan. «Xudoning mehmoni», «Xanjar», «Hiylai Shar’iy» kabi asarlarida esa dinni niqob qilib olib, o’z manfaatini ko’zlaydigan munofiq ruhoniylar tanqid qilingan. Adibning «Labdan yurakka», «Oqshom quyoshi», «Ayol kushandasi», «Achinish», «Tog’olcha butalari», «Osmon», «Eski kasallik» kabi baquvvat romanlari ham mashhur. Ayniqsa uning «Choliqushi» romani juda ko’p chet tillarga tarjima qilingan. Romanda ziyoli oiladan chiqqan Farida ismli qizning qismatini tasvirlash asosiy syujet liniyasi qilib olingan. Ana shu obraz tasviri o’zi yashagan ijtimoiy tuzumning turli xolatlari bilan bog’lab beriladi. Natijada roman voqyealari bizni Turkiyaning Birinchi Jahon urushi va undan keyingi davrlardagi tarixining badiiy kartinasi bilan bevosita tanishtiradi. Erk va ozodlikka intilayotgan turk ayolining turli illatlarga, jaxolatga qarshi kurashi nihoyatda zo’r mahorat bilan berilgan. Asarda Nizomiddin, Fotima, Xusayn, Kamron, Xayrullobiy singari obrazlar ishtirok etadi. Bularning har biri o’ziga xos ijtimoiy xarakterlarga ega bo’lgan tipik obrazlardir.

 

Xullas, ushbu asar yozuvchi ijodidagi eng baquvvat romanlardan biri bo’lib hisoblanadi.

 

  Ikkinchi jahon urushi arafasi va urush davrida turk poeziyasida milliy shovinistik ruhdagi she’rlar ko’paya boshladi. Chunki Turkiya dastlab fashistlar Germaniyasi bilan ittifoq bo’lib, boshqa davlatlarga qarshi urush olib bordi. Shuning uchun turk adabiyotida ham milliy shovinistik xarakterdagi asarlar yetakchilik qildi. 1944 yil Turkiya fashistlar Germaniyasi bilan aloqani uzib, unga qarshi kurashayotgan davlatlar tarafiga o’tdi. Keyin Turk adabiyotida antifashist yozuvchilar paydo bo’ldi. Sabaxittin Ali xuddi shunday antifashist yozuvchilardan biri edi. Uning «Ichimizdagi iblis» nomli romanida fashistlarning oliy irq haqidagi g’oyalari qattiq tanqid qilingan. Ma’lumki, bunday g’oyalar Turkiyada ham keng tarqalgan edi. Ular Gitlerning oliy irq haqidagi g’oyalarini Turkiyaga ham tadbiq qilmoqchi bo’ldilar. Turk millatini boshqa millatlardan yuqori qo’yib, kuchli jamiyat qurish uchun kurash olib bordilar. Sabaxittin Alining «Ichimizdagi iblis» romani mana shu voqyealar haqida hikoya qiladi. Asarda ikki turk oilasining faoliyati tasvirlangan: biri Istambul shahrida yashovchi Emina xola oilasi bo’lsa, ikkinchisi qishloqda yashovchi bir turk oilasi edi. Yozuvchi bu ikki oila faoliyati orqali butun turk xalqining bu davrdagi hayotini, ruhiy dunyosini ko’rsatib berdi. Sabaxittin Ali bu kitobdan tashqari «Tog’lar shamoli» nomli she’riy to’plamini, uchta hikoyalar to’plamini («Tegirmon», «Arava», «Tovush») «Kuyujakalik Yusuf» kabi romanlarini ham yozgan. Urush davri turk poeziyasida ham antifashistik g’oyalar aks ettirilgan she’rlar ko’p yozilgan bo’lib, ular to hozirgi davrgacha o’z ahamiyatini yo’qotgani yo’q.

 

Urushdan keyingi yillarda turk adabiyotida vatanparvarlik, xalqparvarlik motivlari ko’proq o’rin egalladi. Endi adabiyotning asosiy tasvirlash obyekti ishchilar, dehqonlar, hunarmandlar hayoti bo’lib qoldi. Mahmud Maqolning «Qishloq o’qituvchisining maktublari», «Bizning qishloq» kabi romanlarida shahardan qishloqqa borib ishlagan ziyolilar obrazi yaratildi. Ana shu mavzu Yashar Kamolning «Temirchi», Urxun Xoncherli o’g’lining «Qorong’u dunyo», Fakir Boyqurtning «Ilonlar o’chi» kabi romanlarida ham yoritilgan.

 

Milliy ozodlik harakati aks ettirilgan asarlardan biri sifatida Nozim Hikmatning «Ozodlik kurashi haqida doston» asarini ko’rsatish mumkin. Bu asar turmada yozilgan bo’lib, unda turk xalqining erki va ozodligi uchun kurashayotgan kishilar obrazi yoritilgan. Ma’lumki, Nozim Hikmat(1902-1963) dunyoga mashhur shoir va jamoat arbobidir. U o’z xalqining erk va ozodligi uchun kurash olib bordi. Shu bois umrining 17 yilini qamoqxonalarda o’tkazdi, o’z vatanidan uzoqda, musofirlikda yashadi. N.Hikmat turk adabiyotida katta o’zgarishlar yasagan shoir. Uning sarbast va erkin vazndagi she’rlari XX asr o’zbek she’riyatining yuksalishiga ham katta hissa bo’lib qo’shildi. N.Hikmatning «65lar», «Inson manzaralari» she’riy asarlari, «Surur» romani, «Bir sevgi afsonasi», «Turkiya haqida hikoya», «Unutilgan odam», «Domakl qilichi» singari dramatik asarlari o’zbek tiliga ham tarjima qilingan. Nozim Hikmatning she’riyati asosan sarbast vaznida bo’lib, u ko’pgina shoirlarga ijodiy maktab vazifasini o’tadi. Bu she’riyat haqida shoirning vatandoshi Sadri Ertem shunday deydi: «Uning misralari erkinlikdan boshqa qonunlarni bilmaydilar. Uning she’rlaridagi harflargina emas, hatto har bir nuqta ham elektr qo’ng’irog’i tugmasidek ovoz chiqaradi. Til sohasida esa N.Hikmat hyech kim qilolmagan ishni qildi. U poeziya tilini demokratlashtirish shiorini olg’a surgan shoirdir. N.Hikmat-yangilikning mujassam timsoli demakdir».

 

Haqiqatdan ham, shoirning ijodidagi yangiliklar keyinchalik ko’pgina ijodkorlarga ilg’or an’anaga aylandi. Bu an’ananing nafaqat turkiy xalqlar adabiyotiga, balki rus she’riyatiga ham ta’siri katta bo’lganini adabiyotshunos olimlar ta’kidlamoqda. Nozim Hikmatning milliy ozodlik haqidagi ijodi an’analarini talantli turk shoirlari Kamol Tohir, Salim Xo’jag’iyoz singarilar davom ettirdilar.

 

Ijtimoiy hayotda demokratiya uchun kurashning faollashuvi dramaturgiya janrining rivojlanishiga ham ta’sir qildi. 60-yillardan boshlab Altan Chetin, Rafik Erdo’ran, Aziz Nesin kabi yozuvchilarning bir qancha pyesalari e’lon qilindi. Ayniqsa, Xoldun Tunarning «Shobon vatan himoyachisi», «Keshanlik Ali haqida qissa» kabi dramalari katta shuhrat qozondi. Bu asarlarda G’arb va Sharq adabiyoti an’analari uyg’unlashib ketgan edi.

 

60-70 yillar turk poeziyasi taraqqiyotiga Fozil Doglaradja, Behget Netjatgil, Rifat Ilgiz, Ziyo Osmon Sabo, Badri Rahmi Ayb o’g’li kabilar katta hissa qo’shdi. Talantli yozuvchi Ilhon Berk Turkiyada modern adabiyotning yirik vakili edi. Ayniqsa bu davrda O’rxon Veli,Melix Shavkat Onday kabi shoirlar turk adabiyotida yangi bir oqimga asos soldi. Yangi davr adabiyoti yangi poetik shakllarni taqoza etardi. Shuning uchun bu ijodkorlar zamonaviy G’arb adabiyotining an’analariga murojaat qilib, modern she’riyat shakllarini o’z ijodlarida qo’lladi. Bu turk she’riyatida yangilik edi. Qisqa va ixchamgina she’rlarda katta ijtimoiy voqyealar haqida fikr yuritiladi. O’rxon Veli «Adabiyot xalq ommasining fikri, orzu-umidi bo’lmog’ini istardim. Yangi adabiyot keng xalq ommasiga murojaat qilmog’i darkor. Chunki, dunyoda hali ko’pchilik och, yalang’och, qashshoq. Shunday ekan, yangi adabiyot xalq adabiyoti bo’lib, xalqning hayotini, ular oldidagi muhim masalalarni ifoda qilsin», degan edi.O’rxon Veli, Melix Onday va O’qtoy Rifatlar birgalikda 1941 yilda adabiy manifest va uch shoirning she’rlaridan tashkil topgan «G’aroyib» nomli kitobni nashr ettirdi. Bu poetik hamkorlik keyinchalik «Uch ayoq» nomi bilan shuhrat qazondi. Ular turk she’riyatining an’anaviy uslublarini rad qilib, kundalik hayot muammolariga, oddiy kishilarning ruxiyati tasviriga ko’proq e’tiborni qaratmoqdilar. Bu shoirlar turk xalq og’zaki ijodidan, oddiy xalqning so’zlashuv tilidan unumli foydalandilar. Haqiqatan ham, bu davr turk she’riyatining taniqli vakillari Fozil Hyusnyu Dog’larja, O’qtoy Rifat, Nevzat Ustyun, Rifat Ilgaz kabi shoirlar ijodida ijtimoiy voqyealik falsafiy mushohada qilingan holatlar ko’p uchraydi. Bu asarlarda oddiy turk mehnatkashining og’ir hayoti, ochlik, qoshshoqlik, ishsizlik kabilarning ular xayotiga doimo xavf solib turgani haqida fikr yuritiladi. Kichik-kichik hajmli she’rlarda ironiya orqali siyosiy tuzumdagi illatlar qoralanadi. Masalan, Shavkat Onday she’rlarida hajviy ohang, piching, kesatiq kuchli sezilib turadi. Uning «Serdaromad uy» nomli she’rida turli tovlamachiliklar orqali oddiy odamlarning hisobiga boyib ketayotgan kimsalarning kirdikorlari qattiq fosh qilingan.

 

         Kecha ikki qavat edi

         Bugun uch qavat

         Ertaga to’rt qavat

         Indin besh qavat

         Sanoqsiz daromad

         Sanoqsiz qavat

         O’smoqda janoblar o’smoqda

         Yuksalmoqda bizning mamlakat

 

She’rdagi so’zlarning takrorlanib kelishi, undagi yashiringan fikrni yana-da bo’rttirib ko’rsatish uchun xizmat qilmoqda.

 

Bundan tashqari ham, mamlakatdagi ijtimoiy tuzumni tanqid qilgan turli modernistik yozuvchilar paydo bo’ldi. Vedat Tyuralining «O’z o’zim bilan yolg’iz», Erdal Uzning «Sen yaradorsan», Xo’ja        G’iyosning «Bahs» romanlari o’z davridagi mavjud ijtimoiy tuzumga qarshi e’tiroz sifatida yozildi. Kamol Bilbashar Akmacha, Aziz Nesin asarlarida jamiyatdagi ishsizlik, diniy ekstremizm singari illatlar qattiq tanqid qilindi.

 

  Ma’lumki, Aziz Nesin faqat Sharq adabiyotida emas, balki butun dunyo adabiyotidagi noyob iste’dod egalaridan biridir. Uning asarlari juda ko’p chet tillariga tarjima qilingan. O’zbek tiliga ham yozuvchining «Musht ketdi», «Hushtak  afandi», «Futbol qiroli», «G’aroyib bolalar» kabi kitoblari va bir qancha hikoyalari tarjima qilingan. Yozuvchining asli ismi Mahmud Nusrat bo’lib, Aziz Nesin uning taxallusidir. U turk adabiyotiga, ayniqsa, uning hajviyasining yuksalishiga katta hissa qo’shdi.

 

Aziz Nesin 1915 yil Istambul yaqinidagi qiщloqda tug’ilgan. Otasi kambag’al dehqon bo’lgani uchun, unga yaxshi bilim beradigan maktablarda o’qitolmadi. U harbiy maktabga kirib, ofiser bo’lib yetishadi. Lekin bu soha uni qiziqtirmas edi. U adabiyotga havas qo’ydi, dastlab she’rlar yoza boshladi, keyinroq felyeton va turli mavzularda hikoyalar bilan gazetalarga chiqib turdi. Yozuvchi «Tong», «Vatan», «Oqshom» kabi gazetalarida ishladi. Mashhur yozuvchi Sabaxittin Ali bilan «Marko Posho» haftaligini chiqardi. Lekin bu nashrda amaldorlar tanqid qilingani uchun hukumat tomonidan katta jarima solinib, yopib qo’yildi. Aziz Nesin, ayniqsa, hajviy hikoyalari bilan katta shuhrat qozondi. Bolalar dunyoqarashiga xos samimiy ruhda yozilgan «Futbol qiroli», «G’aroyib bolalar» kabi asarlari butun dunyoga mashhur bo’ldi. Yozuvchining «Demokratiya shunqori» hajviy hikoyasida bevosita turk davlat tuzumi, uning senzurasi qattiq tanqid qilingan. Asarda bir yosh muxbir turli yolg’onlarni yozdi. Eshak qo’zi tug’di, ayollar qurbaqa tug’di, osmondan baliq yog’di kabi xabarlar bilan dong taratdi. Lekin bir kuni u xalq dardini, ya’ni rost gapni yozgani uchun, polisiya uni qamab qo’ydi.

 

«Dahshatli tush» hikoyasida yozuvchi tushida xorijdagi bir anjumanga tushib qoladi. Undan mamlakat haqida so’raydi. U haqiqatni aytgisi keladi, ammo qo’rqadi. Keyin u qip-qizil yolg’onni gapiradi. Soxta, sun’iy gaplar bilan yurtini to’q, obod, erkin qilib ko’rsatadi. Chunki bu jamiyatda haqiqatni aytsangiz, sizni jinoyatchi sifatida qamaydi. Yaxshisi yolg’onchi bo’lish kerak, yolg’on uchun jazo yo’q. Yaxshi yolg’on gapirsang, mukofat ham beradi. «Xotin kishi bo’lganimda», «Keyin xursand bo’lasiz», «Ming marta shukur» kabi xajviyalari ham katta mahorat bilan yozilgan.

 

Hozirgi turk adabiyotining dong’ini dunyoga taratayotgan Mustafo Sepitchi, Emine Ishansu,Sevinch Chokum, Mustafo Qutlu, Xakim ug’li Ismoil, Urxon Pamuk, Kurshat Bashar kabilarni ko’rsatish mumkin.

 

Atigi 36 yil umr ko’rgan Umar Sayfiddin ham XX asr turk adabiyotining faxri bo’lib xisoblanadi. Uning 136 xikoyadan tashkil topgan to’plami xozir ham turk o’quvchilarining eng sevimli kitobi bo’lib qolgan. Umar Sayfiddin adabiyotning ijtimoiy vazifasi haqida shunday degan edi: “Adabiyotga faqat san’at deb qarashlariga men mutlaqo qarshiman. Yozuvchining burchi inson qalbida yovuzlikka qarshi nafrat tuyg’usini o’yg’otish, uni xar hil pastkashliklardan asrashdir”.

 

Xullas, hozirgi turk adabiyoti ezgulik uchun xizmat qilmoqda. Bu adabiyot turli badiiy janrlarda va rang-barang mavzularda yuksalib bormoqda.

 

                                        Adabiyotlar

1.       Alkayeva L. Babayev A. Tureskaya literatura. Kratkiy ocherk. -Moskva, 1967g.

2.       Turk dili. Dil va edebiyot dergisi 1. Sayi (Nisan 1996).

3.       Mahmed Emin Yurdaqul. Ey, turk o’yg’on. «Jahon adabiyoti».

4.       N. Hikmat. She’rlar va poema. T., 1982.

5.   Jaloliddin Rumiy. Ma’naviy-masnaviy. Toshkent, 2002.

6.   Nozim Hikmat. Qon gapirmas. Roman. Toshkent.1987.

7.   R.N.Guntekin. Choliqushi. Roman. Toshkent 2001.

8.   Aziz Nesin. G’aroyib bolalar. Roman va hikoyalar.   Toshkent, 1988 yil.

9.   Radiy Fish. Jaloliddin Rumiy. Tarixiy-biografik   roman. Toshkent, 1986.

10.  Hozirgi zamon turk she’riyati. Toshkent 1980.

11.  Turk xalqining buyuk farzandi Otaturk. Tarixiy-  biografik ocherk Toshket, 1998.

 

UYG’UR ADABIYOTI

 

Reja:

1.     Uyg’ur xalqi tarixi haqida qisqacha ma’lumot.

2.     Xalq og’zaki ijodi namunalari.

3.     Uyg’ur xalq klassik adabiyoti.

4.     Adabiyotda xalq ozodligi mavzusi.

5.  Hozirgi zamon uyg’ur adabiyoti.

 

 Tayanch so’z va iboralar: Uyg’ur xalqi tarixi bilan adabiyotining bog’liqligi. Uyg’ur folklori, «Elikxon», «Yo’riqnoma», «Oltin yorug’» kabi asarlar. Ertaklar. Qo’shiqlar. Uyg’ur xati, «Devoni lug’otit turk», «Qutadg’u bilik» kabi asarlar. Bilol Nozim, Sadir Polvon kabi klassik ijodkorlar. Umar Muhammad, Guliston, I.Iskandarov, Ziyo Samadov kabilar ijodi. Yangi Uyg’ur adabiyotining asosiy xususiyatlari. O’zbekistondagi Uyg’ur adabiyotining vakillari.

 

Uyg’ur xalqi Janubiy Sharqiy Osiyo hududida qadimdan yashab kelgan. Bu xalqning juda qadimgi va boy madaniyati mavjud. Turk xalqlari ichida eng qadimgi yozuvga ega bo’lgan ham uyg’ur xalqi hisoblanadi. Lekin ko’p yillar o’z mustaqilligiga ega bo’lmaganligidan, uning madaniy yodgorliklari ro’yobga chiqmay kelayotir. Uyg’ur xalqining asosiy qismi Sharqiy Turkistonda yashaydi. Bu o’lka esa bugungi kunda Xitoy davlatining tarkibiga kiradi. Uyg’ur xalqining bir qismi O’rta Osiyo respublikalari territoriyasida yashaydi.Uyg’ur xalqi o’z ozodligi uchun, mustaqil davlat bo’lishi uchun uzoq davrlardan buyon kurash olib bormoqda.

 

Uyg’ur xalqining og’zaki ijodi ham juda boy bo’lib, unda ko’plab qo’shiqlar, ertaklar, turli afsonalar va rivoyatlar mavjud. Uyg’urlarning «Oltin Yorug’», «Elikbekxon», «Ta’birnoma» kabi qadimgi obidalari bor. Bundan tashqari ko’pgina folklor namunalari boshqa turkiy xalqlar og’zaki ijodidagi asarlar bilan hamohangdir. «Shoxsanam va G’arib», «Go’ro’g’li» singari dostonlarning Uyg’ur folklorida ham turli variantlari mavjud.               

 

        Ertaklarda xalq orzu-umidlari, ezgulikka intilish, yovuzlikka nafrat tuyg’ularini ko’ramiz. Uyg’ur xalq ertaklarida ham ana shunday holatlar ko’zga tashlanadi. Dono va uddaburon xalq farzandlari ertaklarning bosh qahramoni qilib olinadi. Ular ko’p qiyinchiliklardan so’ng yovuzlik ustidan g’alaba qilib, o’z orzulariga, murod va maqsadlariga yetishadi. Uyg’ur ertaklari ichida mazmunan turkiy xalqlar ertaklariga o’xshaydiganlari yoki aynan ularining takrorlari ham uchraydi, lekin ko’pgina uyg’ur ertaklarining o’ziga xos tomonlari ham borki, biz ularda uyg’ur xalqining urf-odatlari, o’ziga xos yashash sharoitlari, rasm- rusumlarini ko’ramiz. Uyg’ur ertaklari ham mavzu jihatidan uchga bo’linadi: sehrli- fantastik, maishiy va hayvonlar haqidagi ertaklar. Biz ularga «Dono qiz», «Donishmand vazir», «Qovoq ichidagi qiz», «Mis chovgum», «Yamoqchi», «Hilol qassob», «Bulbuligo’yo», «Yog’och ot», «Tilla kavush», «Fil bilan maymun» kabi ertaklarni ko’rsatishimiz mumkin. Uyg’ur ertaklarining ko’pchiligi nasriy yo’l bilan yozilgan. Lekin ularning ichida she’riy yo’lda yozilganlari ham uchraydi. Ma’lumki, ertaklar har bir zamonda qayta ishlanib kelgusi avlodlarga o’tkaziladi. Shu tufayli biz xalq og’zaki ijodi asarlari orqali o’sha halqning bosib o’tgan tarixiy yo’lini ham ko’rishimiz mumkin.

 

Uyg’ur xalqining yozma adabiyoti ham juda qadimgi tarixga va boy an’anaga egadir. Uyg’ur yozma adabiyotini uch davrga bo’lib o’rganish mumkin.

 

1. Birinchi davr islomgacha, ya’ni X asrgacha bo’lgan qadimgi davr adabiyoti. Bunga Elikxon haqidagi bitiklar va Urxun-Yenisey yozma yodgorliklari yozuvida bitilgan «Yo’riqnoma» kabi asarlar kiradi. Bu davrda uyg’urlar budda diniga e’tiqod qilgan.

 

2. X asrdan boshlab uyg’urlar Islom dinini qabul qildi. Ular arab alifbosi bilan parallel ravishda o’z yozuvlarini ham qo’lladilar. XI asrda O’rta Osiyoda hukmron bo’lgan Qoroxoniylarining poytaxti Qoshg’ar bo’lgan. Bu markazlashgan davlat ilm-fan va san’atga katta e’tibor berdi. Ana shu davrda umumturkiy xalqlar adabiyotiga taalluqli bo’lgan «Devoni lug’otit turk», «Qut adg’u bilik» singari asarlar paydo bo’ldi. Bu asarlar bevosita uyg’ur xalqining xam madaniy yodgorligi bo’lib hisoblanadi. Keyinchalik turkiy adabiyot taraqqiyotiga muhim hissa qo’shgan Ahmad Yugnakiyning «Hibbatul haqoyiq» asari ham Uyg’uristonda ijod qilingan degan taxminlar bor. Albatta, bu asar qayerda yozilishidan qat’iy nazar, barcha turkiy xalqlarning, shu jumladan, uyg’urlarning ham ajoyib madaniy yodgorligi bo’lib hisoblanadi.

 

Ma’lumki, uyg’ur tili turkiy tillarning ichida o’zbek tiliga eng yaqin tildir. O’yg’ur adabiyotini o’zbeklar tarjimasiz ham to’liq tushungan. O’z navbatida O’yg’urlar ham o’zbek adabiyotini o’qib, undan ijodiy foydalangan. Keyingi asrlar uyg’ur adabiyoti vakillari Navoiyni o’zlariga ustoz deb bilganlar. Ana shunday shoirlardan biri Muhammad Amin Ho’jaqul o’g’li Hirqatiydir. U 1634-1724 yillarda Qoshg’arda yashab ijod etgan. O’z davrining ma’lumotli kishilaridan biri bo’lib yetishdi va «Hirqatiy» tahallusi bilan she’rlar yozdi. Shu davrda Imomi A’zam Uyg’urda boshchilik qilgan edi. Uning vafotidan keyin, o’g’illari otasining taxti uchun bir-biri bilan urush olib bordi. Bular «Oqtog’liklar» va «Qora tog’liklarga» bo’lingan edi. Nihoyat bu urushda Ofoqxo’ja eshon boshchiligidagi «Oqtog’liklar» g’olib kelib, hokimiyatni o’z qo’liga kiritdi. Uning O’rta Osiyoda va Sharqiy Turkistonda minglab muridlari bor edi. Mashhur shoir Boborahim Mashrab ham uning shogirdi edi. Hirqatiy ham ana shunday tarixiy sharoitda yashab o’tdi. Uning «Muhabbatnoma va mehnat» dostoni juda mashhur bo’lgan.

 

Xirqatiy uyg’ur adabiyotining taniqli klassik shoirlaridan bo’lib, u Koshg’ar yaqinidagi Tazgun deb nomlangan qishloqda tug’ilgan. Yoshligida eski maktab va madrasalarda o’qib savodini chiqardi. Keyin Ofoqxo’ja eshon huzurida bog’bon va chiroqchi bo’lganligi haqida ma’lumot bor. Uning asl ismi Muhammad Imin Xo’jaqul o’g’li bo’lib, «Hirqatiy» taxallusi bilan ijod qilgan. «Xirqatiy» so’zining «yorqin», «qayg’u» kabi ma’nolari bor.

 

Shoir Ofaqxo’ja Eshon huzurida ancha yillar bo’lib, tasavvufdan saboq oldi, jiddiy bilimlarni, bir qancha chet tillarni o’zlashtirdi. U ko’pincha she’rlar ijod qilgan, lekin bu she’rlar bizgacha yetib kelmagan. Ammo uning «Muhabbatnoma va mehnatkom» dostoni to’liq bizgacha yetib kelgan. Bu asarning qo’l yozmasi 1954 yil Yangig’isor shahridan topilgan bo’lib, u 6432 misradan iborat. Asar Sharq klassik adabiyoti an’analari ruhida yozilgan. Gul va Bulbul obrazlari, ularning bir-biriga bo’lgan ishq-muhabbatlari juda jozibador tarzda tasvirlangan. Tong shamoli obrazi ham asarda g’oyat katta mahorat bilan chizilgan. Bu shabboda sevishganlarni bir-biri bilan bog’lashga xizmat qiladi. Bu romantik asar bo’lib, shoir o’z orzu umidlarini go’zal, baxtli hayot kechirish haqidagi hayollarini majoziy obrazlar orqali ifodalagan.

 

 

 

 

 

Gullarning ichida eng a’losi Qizil gul bo’lib, unga muvofiq yor esa faqat Bulbuldir. Ana shu Qizil gul va Bulbul asarning bosh qahramonlari. Ularni bir-biri bilan uchrashtirish uchun Sabo juda ko’p zahmat chekdi. Gul va Bulbullar esa sabr-qanoat bilan visol damlarini orziqib kutdilar. Asardagi ayrim epizodlar Alisher Navoiyning «Farhod va Shirin» dostonidagi voqialarni eslatadi. Albatta Hirqatiy Navoiy ijodidan xabardor bo’lgan, uning ijodidan ta’sirlanib bu asarini yozganga o’xshaydi. Fikrimizning isboti uchun asardagi Sabo va Bulbul o’rtasidagi dialogni keltirib o’tishni joiz topdik:

 

Dedi: «Xushxon qush ey, qaydin bo’lursan?!

Dedi Bulbul: «Makonim bilmadim man».

Dedi: «Ne vajdan aylarsan san afg’on?»

Deydi: «Bir gul uchun bag’rim mening qon».

Dedi: «Sharq et mayu paymonasidan».

Dedi: «Ichdim azal mayxonasidan».

Dedikim: Ne sabab budir makoning?»

Dedi: «Taqdir bo’libdir husni oning».

Dedi: «O’tdek chiqar ohing sharori».

Dedi: «Ul o’t erur ishqim harori».

Dedi: «Bu so’z ishqingdir qachondin».

Dedikim: «Bexabardirman bu jondin».

Dedikim: «Sen ne yanglig’ qush erursan?»

Dedi: “Bilmam, nechuk, bexush erurman”.

Dedi: “Bu ishq o’tin jondan o’chirgil”.

Dedi: Bu so’zni ko’nglingdan ko’chirgil”.

         Bu parchadan ko’rinib turibdiki, Hirqatiy Navoiyning Xusrav va Farhod dialogidan ijodiy foydalangan.

 

         Asarda ma’shuqa visoliga yetish uchun mashaqqatli mehnat chekish, turli sinovlardan o’tish kerak, degan g’oya ham ilgari surilgan. Bu asarni taniqli adabiyotshunos olim Murod Hamroyev mahorat bilan o’zbek tiliga tarjima qilgan.   Bu majoziy obrazlar vositasida yozilgan ishqiy doston edi. Asarda asosan uchta obraz ishtirok etadi. Bular Gul, Bulbul va Sabo obrazlaridir. Asarda hikoya qilinishicha, xafa bo’lib turgan Guldan buning sababini so’raganda, u shu dunyoda bir sodiq do’st topolmaganligini aytadi. Sabo bunga do’st topib berishga ahd qiladi va uzoq izlanishlardan keyin Bulbulni topadi. Hirqatiyning bu dostoni uyg’ur adabiyotining keyingi taraqqiyotiga katta ta’sir qildi. Uning asariga taqlid qilib yozilgan dostonlar paydo bo’ldi. Masalan, Salohiy nomli shoirning «Gul va Bulbul» dostoni bunga misol bo’la oladi.

 

         Bu davr uyg’ur adabiyotining rivojida Muhammad Sodiq Ziloliyning ham katta hissasi bor. U 1674-1743 yillarda Yorkentda yashab ijod etgan. Shoirdan bizga bitta she’riy to’plam yetib kelgan. Bu kitobda uyg’ur va fors tilida yozilgan bir qancha g’azallar, ruboiylar, qasidalar mavjud. Bundan tashqari shoirning diniy-ma’rifiy temada bitilgan «Qirq chiltan» dostoni, «Muhammad Sharif buzrukvor» nomli tazkirasi ham meros bo’lib qolgan. Shoir she’rlari katta mahorat bilan yozilgan, unda ishq mavzui yetakchilik qiladi. Shoir Ziloliy ham Mashrab kabi darveshona hayot kechirgan. U ayrim asarlarida o’zidan keyin farzand qolmaganini afsus bilan aytib, lekin uning har bir g’azali farzandlari ekanligini ta’kidlab o’tadi.

 

    Shoir Navbatiy ham Ziloliyning zamondoshi bo’lib, undan anchagina she’rlar meros bo’lib qolgan. Bu she’rlarning ko’pchiligi ishqiy mavzularda bo’lib, g’azal janrida yozilgandir. 1710 yilda Ofoqxo’ja eshon vafot etgach, uyg’ur xalqi boshiga yana ko’p fojealar tushdi. Jungarlar Sharqiy Turkistonni bosib oldi, keyinroq esa uyg’urlar manjurlar mustamlakasiga aylandi. Uyg’ur millatiga mansub bir qancha aholi Ili daryosi sohillariga majburan ko’chirib olib ketildi. Ular bu yerda manjur askarlariga qul bo’lib xizmat qildilar. Ana shu istibdodlarga qarshi 1757 yilda uyg’ur xalqi katta qo’zg’alon ko’tardi. Bu qo’zg’alon vaqtincha biroz muvaffaqiyatlarni qo’lga kiritgan bo’lsa-da, keyinroq dushmanlar tomonidan shafqatsizlik bilan bostirildi.

 

         XVIII asr oxiri XIX asr boshlarida Sharqiy Turkistonda bir qancha talantli ijodkorlar yetishib chiqdi. Shoir Oxun Arshiy, Hislat Koshg’ariy kabilarning bir qancha she’riy devonlari bizgacha yetib kelgan. XIX asrning birinchi yarmida Abduraim Nizoriy, Turdi G’aribiy, Navro’z Oxun Ziyom singari shoirlar ijod qildi. Ayniqsa bularning ichida Abduraim Nizoriyning ijodi e’tiborga loyiqdir. Uning «Muhabbat to’g’risida dostonlar» asari mashhurdir. «Robiya va Sayyodin» asarida shoir ikki yoshning sevgisiga to’sqinlik qilgan yaramas urf-odatlarni, jaholatni qattiq tanqid qildi. Bu kitobda inson erki, huquqlarining qo’pol ravishda paymol qilinishi, oddiy mehnatkash xalqning ayanchli va fojiali turmushi tasvirlab berilgan. Bu davrda yashagan Turdi G’aribiy bir qancha lirik g’azallar va «Kitobiy G’aribiy» nomli doston yozib qoldirgan. Shoirning dostonida ijtimoiy hayotdagi turli tabaqa vakillarining obrazlari berilgan. Ularning o’z so’zlari bilan, o’zlarining ahvollari bayon etiladi.

 

         XIX asrning ikkinchi yarmida uyg’ur xalqining xitoy bosqinchilariga qarshi juda katta qo’zg’aloni bo’lib o’tdi. Bu davrda xalqni ekspluatasiya qilish yuqori darajaga ko’tarilgan edi, jamiyatda poraxo’rlik asosiy omilga aylanib, hamma lavozimlar, mansablar yuqoridan turib sotilar edi. Soliqlarning turli xili ko’paygan, qimmatchilik va qahatchilik hukm surar edi. Aholining kattagina qismi najot izlab chet ellarga chiqib ketgan edi. Ana shunday adolatsizliklarga qarshi mehnatkash xalqning sabr kosasi to’lib toshgan edi. Natijada xalq qo’liga qurol olib qo’zg’alon ko’tarishga majbur bo’ldi. 1864-67 yillarda ro’y bergan bu qo’zg’alon natijasida Sharqiy Turkistonda ikki davlat vujudga keldi. Bular Qoshg’ar amirligi va Ili sultonligi edi. Bu davlatlar 15 yillarcha hukm surdi. Keyinchalik Rus hukumati Xitoy bilan kelishib, Markaziy Osiyoni, shu jumladan, Sharqiy Turkistonni ham bo’lib olishdi.

 

         XIX asrning ikkinchi yarmida uyg’ur klassik adabiyotida katta ko’tarilish yuz berdi. Bu davrda, Bilol Nozim, Iloxun Ko’kko’z singari xalq shoirlari yetishib chiqdi. Ayniqsa, Sadir Palvon (1798-1872) ijodi xalq orasida keng tarqalgan edi. Uning she’rlari to hozirgacha xalq orasida qo’shiq bo’lib kuylanib kelinmoqda. Shoir xitoy bosqinchiliriga qarshi yakka tartibda, terror yo’li bilan kurashdi, keyin isyonchilarga boshchilik qildi. Bir necha marta qamoqxonalarda o’tirib chiqdi. Xitoy ma’murlari tomonidan quvg’in qilindi, shoir ulardan yashirinib yurishga majbur bo’ldi. Uning yozgan she’rlari o’z davrida nashr etilmagan. Faqat xalq orasida ozodlik va erk qo’shiqlari sifatida keng tarqalgan. Shuning uchun shoir she’rlarida ayrim o’zgarishlar ham yuz bergan. Bularni shoir she’rlari xalq tomonidan ijodiy o’zlashtirilgan deb tushunmoq kerak.

 

         Said Muhammad Koshiy nomli shoir ham shu davrda yashab ijod etdi. Uning «Sharxi shikasta» nomli poemasida uyg’ur xalqining o’z joylaridan majburiy ravishda Yettisuv va Ili daryosi sohillariga ko’chirilishi hikoya qilingan. Bu doston masnaviy va muxammas she’riy shakllarda bitilgan. Dostonda xitoylik bosqinchilarga qarshi turgan uyg’ur xalqining kurashi keng miqyosda ko’rsatilgan.

 

         Uyg’ur xalqi adabiyoti taraqqiyotiga talantli shoir Bilol Nozimning ham hissasi katta bo’ldi. U 1824 yilda tug’ilgan. Dastlab g’azallar yozdi. Uning g’azallarida sharq she’riyati an’analari davom ettirildi. Keyin uning «Kitobi g’azot dar mulki Chin» nomli asari e’lon qilindi. Bunda shoir uyg’ur xalqining xitoy bosqinchilariga qarshi ko’tarilgan g’azot  urushini tasvirlaydi. Bilol Nozimning «Nozigum» nomli dostonida uyg’ur shoirasi Nozigumning murakkab hayoti, uning ozodlik va erk uchun olib borgan kurashi hamda ijodi haqida atroflicha ma’lumotlar ta’sirli qilib berilgan. Ma’lumki, 1825 yilda uyg’urlar xitoy bosqinchilariga qarshi katta qo’zg’alon ko’tardi. Bu qo’zg’alon xitoylilar tomonidan shafqatsizlarcha bostirildi. Isyonchilarning barchasi o’ldirildi. Ularning xotinlari va bola-chaqalari esa qalmiqlarga cho’ri va qul qilib sotildi. Ana shu sotilganlarning ichida talantli uyg’ur shoirasi Nozigum ham bor edi. U bir necha marta qamoqxonalardan qochishga muvaffaq bo’ldi. Uni Pekinda Xitoy davlatining xavfli dushmani deb e’lon qildi. Sotqinlar tomonidan qo’lga tushirilgan shoirani, xitoy hukumati dorga osib o’ldirdi. Bilol Nozim ana shu ayanchli taqdirni o’z dostonida  mahorat bilan tasvirlab berdi.

 

         3. 1917 yilgi Oktyabr inqilobidan keyin uyg’ur xalqining bir qismi Qozoqiston territoriyasida yashay boshladi. Uyg’ur xalqi tarixida birinchi marta «Kambag’allar ovozi» nomli gazeta chiqdi. Keyinchalik «To’qmoq» nomli satirik gazeta va «Qizil tong», «Inqilobchi Sharq» nomli jurnallar ham nashr etildi. XX asr uyg’ur adabiyoti asosan Qozog’iston va O’zbekiston hududida yashovchi uyg’ur ijodkorlari tomonidan taraqqiy etdi. Bunda Umar Muhammadiy, Habib Zokiriy, Nur Isroilov, Shamsiqiz Rahimova singari ijodkorlar yetishib chiqdi.

 

         XX asr uyg’ur adabiyotining asoschilaridan biri Umar Muhammadiy bo’lib hisoblanadi. U 1906 yilda Olmaota viloyatida tug’ilgan. U Toshkentda institutda o’qib, bir necha yil uyg’ur maktablarida o’qituvchilik qildi. Keyin Sharqiy Turkistonning Yorkent shahriga borib, texnikumda o’qituvchilik qildi. Shoir ayni navqiron yoshida 1931 yil 25 yoshda vafot etgan. Uning ijodi Toshkentda boshlandi. Dastlab lirik she’rlar yozgan shoir keyinchalik «Botir yillar» nomli alohida kitob nashr etgan. Shoir vafotidan keyin uning «Og’ir kunlarda», «She’rlar va hikoyalar» nomli ikki kitobi nashr qilingan. Umar Muhhammadiy yangi uyg’ur adabiyotining asoschisi sifatida mashhur bo’ldi. U birinchilardan bo’lib uyg’ur she’riyatida barmoq va erkin vaznlarni qo’llab she’rlar yozgan shoirdir. U Yevropa adabiyoti an’analarini uyg’ur adabiyotida birinchilardan bo’lib qo’llagan shoir hamdir. Uning asarlari o’z davrining aks-sadosi sifatida yangradi. Uyg’ur xalqining erk va ozodligi shoir ijodining bosh mavzusi edi.

 

         Izim Iskandarov ijodi ham yangi uyg’ur adabiyotining taraqqiyotiga muhim hissa bo’lib qo’shildi. Uning ijodi lirik she’rlar yozish bilan boshlangan. Uning birinchi kitobi «Kurash to’lqinlari» deb nomlanib, 1934 yili e’lon qilingan. Keyinchalik «Xon Tangri», «Sozim» va «Uyg’ur qizi» nomli kitoblarini nashr qildi. Yangi uyg’ur adabiyotida Guliston, Nur Isroilov, Mo’min Hamroyev singari prozaiklar ham yetishib chiqdi.

 

         Uyg’ur adabiyotida birinchi dramatik asar Abdulla Ro’ziboyev tomonidan yozildi. 1933 yilda Sadirov va Osimovlarning «Anorxon» nomli pyesasi ham e’lon qilindi. Bu asarda ikki yosh-Anorxon va Hamro bir-birlarini sevadi. Lekin bularning sevgisiga mahalladagi katta boylardan biri qarshi turib, Anorxonni o’ziga xotin qilmoqchi bo’ladi. Qizning otasi Saidboydan qarzdor bo’ladi. U bir amallab qarzini qutuladi, lekin boydan tilxatini qaytarib olmagani uchun bu hisobga o’tmaydi. Asar finalida qahramonlar fojiali halok bo’ladi. Bu asarda bir tomondan jaholat tanqid qilinsa, ikkinchi tomondan ilmsizlik ham qoralanadi.

 

         Urush va urushdan keyingi davr adabiyotining taraqqiyotiga katta hissa qo’shgan yozuvchi sifatida Ismoil Saidovni ko’rsatish mumkin. U qisqa umri davomida bir qancha kitoblar yozib qoldirdi. Ayniqsa uning muhabbat lirikasi hamda «G’arib va Sanam» nomli dramatik asari o’z davrida juda mashhur bo’lgan.

 

         Sharqiy Turkistonda 1931-1933 yillar va 1944-46 yillar Xitoy bosqinchilariga qarshi katta isyonlar bo’lib o’tdi. Ana shu tarixiy voqyealar Lutfillo Mutallibov, Ziyo Samadiy, Jalol Musayev singarilarning asarlarida o’z aksini topdi. O’zbekistonda ham uyg’ur adabiyoti taraqqiy etdi, uning Ro’zi Qodiriy singari vakillari yetishib chiqdi.

 

 Ayniqsa uyg’ur xalqining vatanparvar shoiri Lutfulla Mutallib (1922-1945) xalq ozodligi yo’lida qurbon bo’lgan yorqin siymolardan biridir. Iste’dodli shoir o’z xalqini xitoy bosqinchilaridan ozod etish uchun bor umrini bag’ishladi. Shoir hammasi bo’lib 23 yilgina umr kechirdi. Lekin bu chaqmoq umriday hayot edi, u shu bir zumlik hayotida zulmatni yoritib ketdi.

 

         Lutfulla tatar tilidagi maktabda o’qidi, keyin gimnaziya va pedbilim yurtlarida tahsil oldi. O’qishni bitirgach, gazeta redaksiyalarida muxbir, teatrlarda rejissyor va aktyor bo’lib faoliyat ko’rsatgan.

 

         1945 yili u Oqsuv shahrida «Sharqiy Turkiston uchqunlari» nomli yashirin tashkilot tuzadi. Bu tashkilotning asosiy maqsadi asrlar davomida ezilib kelayotgan xalqni xitoy bosqinchilari zulmidan qutqarish edi. U erk va ozodlik haqida she’rlar yozdi. Shoirning qo’yidagi misralari ozodlik uchun kurashayotgan uyg’ur xalqining gimniga aylangan edi.

 

Esankiramasman, do’stlar, tilayman zo’r tilaklarni,

Kurashga yeng shimarganman, toblaganman bilaklarni.

Bog’ni bevaqt xazon qilmas mardano bog’bon hyech qachon,

Tarbiyasiz qo’ymas aslo, so’ldirmas gul-chechaklarni.

Hayolim talpinib turgan misoli bir ma’sum bola,

Emish-chun onadagi mehr to’la ko’kraklarni.

Shirin orzularga cho’mib boqurman keng samolarga,

Tafakkur ko’zi-la ko’rgum ajib ravshan burchaklarni

 

         Shoir rahbarlik qilgan yashirin tashkilot ko’pgina ishlarni amalga oshirdi. Xalqni bosqinchilarga qarshi kurashga chorlovchi kitoblar nashr etdi, Isyonga boshlovchi varaqalar tarqatdi. Xitoy bosqinchilari talvasaga tushib qoldi. Tashkilot a’zolarining ichidan sotqin ham topildi. Natijada shoir va uning hammaslaklari hibsga olinib, qattiq qiynoqlarga solindi. Bu mard, jasur kurashchilar qancha azoblarga qaramasdan, dushmanga taslim bo’lmadi, ulardan afv so’ramadi. Bosqinchilar bu mard, ozodlik jarchilarini tez cho’ktirolmagach, ularni otib tashladi.

 

         Lutfilla Mutallib Ikkinchi jahon urushi davrida yashab ijod qildi. U o’z maqola va she’rlarida urushni la’natladi, xalqlarni birodorlikka, do’st bo’lib yashashga chaqirdi. Shoir «Ajal talvasasida» nomli pamflet – she’rida fashizmning haqiqiy basharasini ochib tashlaydi. Uning «May qo’shig’i», «Kurash to’lqinlari» kabi she’rlarida xalq ozodligi, istiqlol g’oyalari kuylangan. Shoir o’z ijodida xalq og’zaki ijodidan unumli foydalandi. Klassik uyg’ur she’riyati an’analarini yangi davrda davom ettirdi. Aruz vaznida yozgan she’rlarida ozodlik va erkni kuyladi. Adib hayoti va ijodi haqida ilmiy tadqiqotlar qilingan, qissalar va romanlar yozilgan. 1983 yilda uning «Yillarga javob» kitobi o’zbek tilida nashr etiladi. Jahon adabiyoti tarixida bunday qisqa umr ko’rib, katta shuhrat qozongan ijodkorlar juda kam uchraydi. Uyg’ur xalqining jasur shoiri Lutfilla Mutallib ijodi o’zbek xalqining mard o’g’loni, otashnafas shoiri Usmon Nosir ijodiga hamohangdir. Bu ikki shoir ham chaqmoq umrini yashab, bu qorong’ulik va zulmat bosgan dunyoni bir zum yoritib o’tdi.

 

         O’yg’ur adabiyotining yirik vakillaridan yana biri Ro’zi Qodiriy nomi keng kitobxonlar ommasi orasida juda mashhurdir. U 1925 yili Qoshqarda tug’ilgan. O’rimchi shahridagi eski maktabda keyin esa milliy institutda o’qigan.Shoir dastlabki she’rlaridayoq xitoy bosqinchilariga qarshi nafrat to’yg’ularini aks ettirgan edi. U «Ravnaq», «Lochin» kabi taxalluslari bilan ijod qildi. R.Qodiriy XX asr uyg’ur poeziyasi va dramaturgiyasining rivojiga katta hissa qo’shdi.

 

    Shoir jurnalistik faoliyati bilan ham ko’p shug’ullangan. U «Janubiy Tyan- shan», «Bizning yo’l» kabi gazetalarda muharrir bo’lib ishladi. Uning birinchi kitobi «Uchqun» nomi bilan 1956-yilda nashr etilgan edi. Keyinchalik shoirning «Kurash ilhomlari», «Bahodir o’g’lon», «Qashqar qo’shig’i», «Gulnor», «Xiva gullari» kabi kitoblari e’lon qilindi. Shoirning «Qutlug’ diyor» nomli dostonida uyg’ur va o’zbek xalqlari o’rtasidagi do’stlikni ulug’ladi. R. Qodiriy 1957- yilda Toshkentga kelib, umrining oxirigacha shu yerda yashadi. O’zbekiston uning ikkinchi vatani bo’ldi. U ayrim asarlarini o’zbek tilida ijod qildi.

 

         R. Qodiriy uyg’ur dramaturgiyasining shakllanishiga ham muhim hissasini qo’shgan ijodkordir. Uning «Ezilgan dehqon», «Tun va Tong», «Kurash va Intiqom», «G’oliblar to’yi» kabi drama va komediyalari ko’p yillar teatr sahnalarida o’ynalib keldi.

 

         «Xiva gullari» nomli dostonda Nurjon nomli uyg’ur qizning O’zbekistonga kelib baxt topgani, bu yerda o’z mehnati bilan obro’-e’tibor topib, sevganiga turmushga chiqqani hikoya qilingan. Dostonda Xivadagi gilam to’qish fabrikasida mehnat qilayotgan turli millat kishilarining bir oiladek inoq yashashi o’quvchida kattagina taassurot qoldiradi. Asarda Nurjon o’z oilasining o’tmishini shunday tasvirlaydi.

 

                   Mening bobom ekan Xo’jandan,

                   Kelgan ekan bir chog’lar bunda.

                   Qochgan ekan yov qirg’inidan,

                   Necha yillar yashaymiz shunda

                   Uyg’ur elin zabt etgan manjur

                   Yog’diribdi qirg’in o’tini

                   Nobud bo’lib besh yuz ming uyg’ur,

                   Matom bosmish bobom yurtini.

                   Hikmat koni, hunarlar koni,

                   Huvillabdi hayot maskani,

                   Ko’milibdi obodlik, hayhot!

                   Dod- faryodda bechora uyg’ur

                   Erk tilabdi, kutibdi najot!

 

         Dostonda uyg’ur xalqining ozodligini toptagan bosqinchilarga nafrat bilan yozilgan misralar ham anchagina bor. Asar finalida vofodorlik, sadoqat tantana qiladi.    

 

Sharqiy Turkiston hozir Xitoy davlatiga qaraydi. U yerda 4 milliondan ortiq uyg’ur xalqi o’z ozodligi va mustaqiligi uchun muntazam kurash olib bordi. Uyg’ur adabiyotining Ziyo Samadiy, Zunun Qodiriy singari mashhur ijodkorlari bor. Ziyo Samadiy Xitoy davlatining yurgizayotgan milliy siyosatiga qarshi chiqqani uchun vatanidan chiqarib yuborildi. Uning «Qonli dog’», «G’arib va Sanam», «Xatarli daqiqalar» va «Xitoy zindonlarida» kabi pyesalari nashr etilgan. Ziyo Samadiy uyg’ur adabiyotining tarixida birinchi bo’lib «Maimxon» nomli romanini yozdi. Bu asarda uyg’ur xalqining mashhur kurashchisi Maimxon obrazi mahorat bilan tasvirlangan. Ana shundan keyin uyg’ur yozuvchilari roman janrida ham ko’plab asarlar yaratdi. Xullas, hozir uyg’ur adabiyoti Sharqiy Turkistonda va O’rta Osiyoda yashovchi ijodkorlar tomonidan davom ettirilmoqda.

 

Adabiyotlar

 

1.       Xamrayev M. Vekov neumirayuщyeye slovo. «Jazushы», Alma-ata. 1969.

2.       Qodiriy R. Uyg’ur yozuvchilari. Toshkent, 1974.

3.       Qodiriy R. Porloq qatralar. Toshkent, 1981

4.       Bilol Nozim she’riyatidan. Toshkent, 1986.

5.       Uyg’ur xalq ertaklari. – Toshkent, «Yosh gvardiya», 1981.

6.       Uyg’ur xalq qo’shiqlari. – Toshkent, 1960.

7.       Hirqatiy. She’rlar va doston. «Jahon adabiyoti» jurnali, 2000 yil, fevral.

8.       Qodiriy R. G’ururim. She’rlar va balladalar. – Toshkent, 1978.

9.       Mutallib Lutfilla. Yillarga javob. She’rlar va balladalar. – Toshkent, 1983.

10.  Sadir Polvon. Ijodiy-biografik ocherk. Toshkent, 1987.

 

 

 

 

 

 

 

 

TOTAR XALQ ADABIYOTI

Reja:

1.    Totar xalq og’zaki ijodi.

2.    Yozma adabiyotning shakllanishi.

3.    Totar adabiyotida realistik tendensiyalar.

4.    Hozirgi zamon totar adabiyoti.

 

Tayanch so’z va iboralar: Shoir G’ali, «Yusuf va Zulayho», arab va fors adabiyoti ta’siri, XIX asr totar adabiyoti, roman, drama, novellalarning paydo bo’lishi, Abdulla To’qay, Hodi To’qtash, Muso Jalil.

 

Totarlar qadimgi boy madaniyatga ega bo’lgan xalqlardan biri sanaladi. Qozon totarlarining yozma adabiyoti IX asrlarda shakllangan. Bu yozma adabiyotning ilk namunalari xalq og’zaki ijodidagi ayrim dostonlarning yozib olinishi bilan boshlangan. Shulardan biri G’ali nomli shoirning «Yusuf va Zulayho» dostonidir. Bu diniy - falsafiy qissa bo’lib, o’zbek adabiyotidagi «Yusuf va Zulayho» bilan hamohangdir. Keyinchalik Mahmud Bulg’oriyning «Nahj-ul-farodis» va Muxammaddiyorning «To’hfayi mardon», «Nuri Sodur» kitoblari yozildi. Bu asarlar fors va arab adabiyoti ta’sirida yozilgan edi. Sharq adabiyotining ta’siri XIX asrgacha bo’lgan ijodkorlarda davom etdi.

 

Totar xalqi tarixi dashti qipchoq va Volga bo’yida bo’lib o’tgan juda ko’plab tarixiy voqyealar bilan bog’liq. Bu xalq tarixda ikki sivilizasiyaning tutushgan joyida yashab keldi. Shuning uchun totarlar madaniyati tarixi ham o’ziga xos xususiyatlarga ega. Totar madaniyatining rivojlanishiga rus xalqi madaniyatining roli katta bo’ldi. Shu bilan birga, rus madaniyati rivojiga ham totar xalqining roli beqiyosdir. Oltin O’rda xoni To’xtamishxon Amir Temurdan yengilgach, Rus davlati kuchayib ketdi. U o’z territoriyalarini janubga va Sharqqa qarab kengaytira boshladi.

 

         1552 yilda Ivan Grozniy Qozonni bosib oldi, ikki yil o’tgach, Astraxan ham ruslar tomonidan bosib olindi. Ana shundan boshlab Totar madaniyati tarixida tanazzul davri boshlandi. Oradan 250 yil o’tgach, ya’ni 1780 yilda rus imperatori Yekatirina P totarlarga ma’lum darajada demokratiya – erkinlik berdi. Totar tilida o’qish, islom diniga erkinlik, mahalliy tilda maktab va madrasalar ochish kabilarga ijozat berildi. Totarlarning Turkiston bilan yana aloqasi tiklana boshladi. Juda ko’plab totar yoshlari Buxoroga kelib diniy madrasalarda taxsil olib ketardi.

 

         Ana shunday shoirlardan biri Abduraxim O’tiz Emaniy (1754-1834) totar she’riyatida o’ziga xos burilish yasagan. U o’z ijodida xalq turmushi haqida, ijtimoiy hayotdagi turli voqyealar haqida ko’plab asarlar yozdi. U Buxoro shahrida o’n yil yashagan. Ana shu davr haqida «Dar bayoni sarguzasht» nomli doston yozgan. Bu dostonda XUSh asr oxiridagi Buxoro, Farg’ona, Afg’oniston, Xorazm kabi joylardagi ijtimoiy muhit, xalqning turmushi, urf-odatlari haqida ko’plab ma’lumotlar bergan. O’tiz Emaniy «Yusuf va Zulayxo» nomli Sharqda mashhur bo’lgan dostonni totar tiliga tarjima qilib, uning ba’zi joylarini totar urf-odatlariga moslab ishlab chiqdi.

 

         Totar ma’rifatparvar shoirlaridan biri Abulmalik Pisboviy Qarg’ali (1782-1826) ham Buxorada tahsil olgan. U Buxoraning mashhur mudarrisi Niyozquli Turkmaniy qo’lidan saboq oldi. Juda ko’plab totar ziyolilari ana shu mudarris qo’lida tarbiyalangan. Qarg’ali Buxoroning Turkiyadagi elchisi Muhammad Yusufga kotib bo’lib ancha vaqt ishlagan. Ana shu davrda u bir qancha Yaqin Sharq mamlakatlariga sayoxatlar uyushtirgan. Shu sayoxatlar taassuroti asosida «Tashakkur», «Saxroda» kabi asarlar yozildi. Keyinchalik X1Xasr boshlaridagi Totar adabiyotining yaxshi namunalaridan bo’lgan «Tarjimai Hoji Abulmalik» kitobi maydonga keldi.

 

 

    Shu davrda yashagan ma’rifatparvarlardan biri Shaxobiddin Marjoniy edi. Taniqli totar yozuvchisi Olimjon Ibrohimov Marjoniyni «bizning tongimizning cho’lponidir» degan edi. U Qozon shahriga yaqin Yabinchi degan qishloqda madrasa o’qituvchisining oilasida tug’ilgan. 1838 yilda otasining madrasasini tugatib Buxoroga ilm olishga jo’naydi. Buxora va Samarqand shaharlarida o’n bir yil tahsil oldi. Qozonga qaytgach, bu davrdagi hayoti va taassurotlari haqida ko’plab kitoblar yozgan. Olti tomlik «Vafiyat ul-aslof»… kitobida Olti mingdan ko’proq tarixiy shaxslar haqida ma’lumot beradi. Bularning ichida juda ko’plab bizning vatandoshlarimiz haqida ham batafsil axborot berilgan. Masalan, 1843 yilda Marjoniy Samarqandga kelib, o’sha davrning eng mashhur olimi Abu Said Samarqanddiy bilan uchrashgani, undan ancha vaqt saboq olgani haqida atroflicha yozib qoldirgan. Marjoniy ma’rifatparvar totar ziyolilarining mashhur vakillaridan biri edi. Uning tashabbusi bilan 1876 yilda Qozonda «Rus-totar o’qituvchilar maktabi» ochildi. Keyinchalik bu maktabdan totar xalqining buyuk farzandlari yetishib chiqdi.

 

         1800 yil Peterburgdagi «Aziatskaya tipografiya» Qozonga ko’chirib keltirildi. Ana shu tipografiyada Sharq qo’lyozmalarini to’plab nashr etish boshlandi. Keyinchalik bu yerda bosilgan kitoblar butun Sharqqa tarqaldi. Shu yerda «Qissai Sayfulmuluk», «Qisasi rabg’uziy», «Boburnoma», Ahmad Yassaviy va So’fi Alloyorning kitoblari X1Xasrning boshlaridayoq nashr etilgan edi. Bu asarlarning ko’pchiligi Turkistonda o’z o’quvchilarini topar edi.

 

Totar mumtoz adabiyotida ko’pincha poeziya ustunlik qildi. Movla Qomiy, Imoniy, Qandoliy, Oqmulla kabi shoirlarning she’rlari muhabbat mavzusida edi. XVIII asr totar adabiyotida «Sayohatnoma»lar yozish rivojlandi. Ana shunday asarlardan biri Ismoil og’aning “Hindiston va Arabistonga sayohat” nomli asaridir. Bunda shoir hind va arab mamlakatlaridan olgan taassurotlarini she’riy yo’lda sodda va ta’sirli qilib aks ettirgan. Totarlarning Rossiyaga yaqinligi, ularning adabiyotida ham o’z aksini topdi. XIX asrning boshlaridayoq ko’pgina rus yozuvchilarining asarlarini totar tiliga tarjima qilingan. 1804 yili Qozon Universitetining tashkil etilishi totar xalqi madaniyatida ham katta ahamiyatga ega bo’ldi.

 

XIX asrning ikkinchi yarmida totar adabiyotida demokratik yo’nalishdagi adabiyot paydo bo’ldi. Bu demokratik adabiyotning yirik vakili Qayum Nosiriy edi. Bu davrda proza va dramaturgiyada ham ko’plab asarlar yaratildi. Q.Nosiriyning novellalari, Z.Begiyevning «Go’zal Xadicha» romani, G.Ilyosiyning «Baxtsiz» nomli pyesalari vujudga keldi. Totar adabiyotida bu davrda jadidchilikning ham kuchli ta’siri seziladi, erk va ozodlik haqida ko’plab asarlar yozila boshladi.

 

Abdulla To’qay totar adabiyotining yirik vakili edi. Uning demokratik ruhdagi isyonkor asarlarida totar xalqining ozodligi va mustaqilligi kuylangan edi. Shoir xalq ozod bo’lishi uchun dastlab savodli va ma’rifatli bo’lishi kerak dedi. Abdulla To’qay (1886-1913) totar realistik adabiyotining asoschisi va atoqli shoiri, yirik olimi sifatida mashhurdir. U Qozon guberniyasida tug’ilgan. Ota-onasidan yoshligida yetim qolgan. Uralsk shahridagi madrasada o’qidi. Rus tilini yaxshi o’rganib oldi. Pushkin va Krilov asarlarini o’qib, ularni totar tiliga tarjima qildi. Shoir «Ozodlik haqida», «Tekinxo’rlarga», «Davlat dumasi» kabi dastlabki she’rlarida ijtimoiy hayotdagi turli illatlarni tanqid qildi. Masalan, «Tekinxo’rlar» nomli she’rida u jamiyatdagi ishlamasdan tishlaydigan toifadagi kimsalarni fosh qildi. Bu she’r g’azal janrida yozilgan.

Tekinxo’r, oqsuyak zotlar, qorin solgan kasofatlar,

Dema, to’ydim, ochofatlar, ajab hay-hay, ajab hay-hay,

Xalq o’lsa ham parvoyi yo’q, bo’lsa bordir qursog’i to’q,

Og’izlari kurdim quduq, nimang ki bor: «Day syuda, day-day!»

 

Abdulla To’qayning «Sho’rali» va «Pichan bozori yoki yangi Kisek bash» nomli dostonlarida ham erk va istiqlol mavzui kuylangan. Bu dostonlarda dinni niqob qilib olgan, taraqqiyotga to’sqinlik qilayotgan ruhoniylar ustidan achchiq zaharxanda kulgu bor. U xotin-qizlar ozodligi haqida ham «Totar qizlariga», «Tahqirlangan totar qizlari», «Xalq orzusi» singari she’rlarini yozdi. Shoir 1911-12 yillarda Rossiyaning ko’p joylariga sayohat qildi. Ana shu sayohatlardan olgan taassurotlari natijasida «Mushukka nima kerak», «Zulm», «Kuz shamollari» kabi ajoyib isyonkor she’rlarni yozdi. U bor-yo’g’i 27 yil yashadi. Ana shu qisqa umrida yangi totar adabiyotining asoschisi sifatida tarixda qoldi. Uning asarlari ko’plab chet tillariga tarjima qilingan.

 

         Totar xalqining mashhur yozuvchisi Fotix Amirxon 1886 yili Qozon shahrida tug’ilgan. Eski musulmon maktabi va madrasalarda ta’lim oldi. Keyinchalik Moskva va Peterburg kabi shaharlarda o’qidi. Adibning ko’plab asarlari xalq orasida mashhur bo’lgan. «Arafa kechasi tushimda ko’rganlarim», «Totar qizi», «Raqs kechasi», «Hayot», «Fatxulla Hazrat» kabi asarlar yozuvchining eng sara asarlari hisoblanadi. Adib 1926 yili falaj kasali bilan og’rib vafot etadi.

 

         F.Amirxonning «Fatxulla Hazrat» nomli asari o’zbek tiliga tarjima qilingan. Asar hajviy fantastik ruhda yozilgan. Ellik yil oldin o’lib ketgan ruxoniy Fatxulla Hazratni qayta tiriltirib, hozirgi taraqqiyot bilan yuzma-yuz qo’yadi. O’ta dindor bo’lgan F.Hazrat o’z atrofida ruy bergan mo’jizalarga xayrat bilan qaraydi. Lekin baribir yangilikka, fan texnika yutuqlariga qarshi beradi, ularni qabul qilmaydi. Hurofatga botgan Hazrat o’g’li Ahmadning aytganlarini ham qilmaydi.

 

  Xullas, yozuvchi juda ustakorlik va maxorat bilan jaxolat ustidan zaharxanda kuladi. F.Amirxon xurofotning jamiyat taraqqiyotiga dushman ekanini, rivojlanish uchun to’siq ekanini isbotlaydi.  

 

Totar va boshqird adabiyotining yirik vakili Majid G’ofuriy ijodida grajdanlik lirikasi yuqori darajaga ko’tarildi. Uning «1907 yilning javobi», «Ozodlik uchun kurash» singari asarlari isyonkor asarlar sifatida mashhur bo’ldi.

 

Dramaturgiya sohasida esa G’aliasqar Kamol asarlari e’tiborga loyiqdir. Uning «Birinchi namoyish», «Bonkrot», «Shahrimizning sirlari» pyesalari Nikolay Vasilyevich Gogol dramaturgiyasi ta’sirida yozilgan bo’lib, ularda jamiyatning turli illatlari kulgi vositasida fosh qilingan.

 

G.Qulmuhammetovning «Ikki fikr», «Yosh umr» kabi dramalarida esa sinflar o’rtasidagi mafkuraviy kurash tasvirlangan. Asar boshidagi turli tarixiy voqyealar totar adabiyotida ham o’z aksini topdi. 1920 yili Totariston avtonom respublika deb e’lon qilindi. 20 – yillarda Q.Najmiy, Muso Jalil, Hodi Toqtosh, Ya.Karim singari talantli yozuvchilar totar adabiyotining tarixiga katta hissa qo’shdi. O’sha davrda bo’lib o’tgan tarixiy voqyealar haqida O.Ibrohimov «Qizil gullar», «Yangi odamlar», «Sahro qizi», «Teran tomirlar» kabi asarlarini yozdi.

 

Ma’lumki, O.Ibrohimov (1887-1938) ham yangi totar adabiyotining rivojiga katta hissa qo’shgan. U Ufadagi «G’oliya» madrasasida o’qigan. Sharq va G’arb adabiyoti an’analarini yaxshi o’zlashtirib oldi. U serqirra ijodkor edi. Adabiyotshunos, tarixchi, pedagog sifatida ham katta ishlarni amalga oshirgan. Uning birinchi hikoyasi «Shokir Zakiyning madrasadan quvilishi» deb nomlanib, 1907 yilda e’lon qilindi. Keyin u «O’g’ri mulla», «Qari batrak», «Totar ayolining taqdiri» kabi hikoya va povestlar yozdi. 1912 yilda O.Ibrohimovning «Yosh yuraklar» romani bosilib chiqdi. 1914 yilda «Bizning kunlar», 1926 yilda «Teran tomirlar» romanlari yaratildi. «Cho’lpon» nomli gazetaga muharrirlik qilgan. Lekin uning ko’pgina qo’lyozma asarlari yo’qolgan. O’zbek tiliga «Teran tomirlar», «Qozoq qizi» nomli asarlari tarjima qilingan.

 

Totar adabiyoti tarixida Hodi Toqtosh ijodi ham katta o’rin egallaydi. U sosialistik tuzumni qiyinchilik bilan qabul qilgan ijodkor deb baholangan. Haqiqatdan ham, H.Toqtosh bolsheviklarga qarshi she’rlar yozgan va turk millatlarining birlashuviga bag’ishlab asarlar bitdi. Uning «Asrlar va minutlar» nomli asari juda mashhur bo’lgan. Shoir bir necha marta O’zbekistonga ham kelgan, o’zbek ijodkorlari bilan hamkorlik qilgan. «Muhabbat ul o’zi eski narsa, lekin har bir yurak uni yangidan kashf qiladi» degan mashhur hikmatli ibora ham H.Toqtoshga tegishli. Uning «Komil» nomli pyesasi ham ancha shuhrat qozongan.

 

30- yillarda totar adabiyotida bir qancha baquvvat asarlar yozildi. K.Najmiyning «Yorqin so’qmoq», O.Qutiyning «Jo’natilmagan xatlar», M.Amirning «Agidel» va «Bizning qishloq», Sh.Kamolning «Go’zallikning tug’ilishi», F.Karimning «Yettinchi pech» nomli roman va qissalari shu davrda yozildi.

 

Ikkinchi jahon urushi yillarida Totar adbiyotida jangovar tema yetakchilik qildi. M.Jalil, Boyan, R.Ilyos, O.Qutiy singari ijodkorlar urushda vafot etdi. Ayniqsa M.Jalilning tutqunlikda yozgan «Maobit daftari» nomli she’riy turkumi juda mashhur bo’ldi.

 

M.Jalil 1906 yil Orenburg guberniyasida tug’ilgan. U madrasada o’qidi, keyin MGUning filologiya fakultetini bitirdi. Gazeta va jurnallarda ishladi, Yozuvchilar uyushmasida mas’ul kotib bo’ldi. Urushda qattiq yaralanib asirga tushgan. 1944 yilda nemislar uni konslagerda qatl etgan. Uning dastlabki she’rlari 1919 yildan chiqa boshlagan. Vatan, millat, do’stlik mavzulari shoir ijodida bosh mavzulardan edi. U asirlikda nemislarga qarshi yashirin tashkilot tuzdi. Tutqunlikda yozgan she’rlari shved ofiseri tomonidan saqlab qolingan. Bu kitobdagi «Qilich», «Erk», «Kechir, yurtim», «Qotilga», «Ishonma» kabi she’rlari g’oyaviy-badiiy jihatdan juda yetuk asarlardir.

 

Senga mendan xabar bersalar,

U yiqilib o’ldi desalar,

Yo’q ishonma, jonim, bu gapni

Do’stlar aytmas, meni sevsalar.

 

M. Jalilning «Mabit daftari» asari ko’plab chet tillariga tarjima qilingan. Shoir haqida kam badiiy asarlar yaratilgan, u qahramonlik, jasorat timsoli bo’lib qolgan.

 

Totar adiblari tomonidan yaratilgan eng yaxshi asarlardan G.Bashirovning «Nomus», I.G’oziyning «Unutilmas yillar», «Oddiy odamlar», Qavi Najmiyning «Bahor shabbadalari», A.Absalomovning «G’ozinur» romanlari, F.Husniyning «Qishloq ustida yulduzlar», S.Hakimning «Sahro qo’shig’i» kabi poemalari ko’plab chet tillariga tarjima qilingan.

 

Totar adabiyotining yirik vakillaridan biri bo’lgan Qavi Najmiy 1901 yilda Gorkiy oblastining Qizil Orol qishlog’ida tug’ilgan, eski maktabda o’qidi Mustaqil bilim olish uchun ko’p kitoblar o’qiganini ham ta’kidlab o’tadi.

 

         Gazeta va jurnal redaksiyalarida ishladi. Adib o’z ijodini hikoyalar yozishdan boshlagan. Uning «Birinchi bahor», «Qirg’oqdagi gulxanlar» kabi hikoyalari matbuotda e’lon qilingan birinchi asarlari edi. Qavi Najmiy 20-30 yillarda «Atakaga», «Farida», «Bahor qo’shig’i» kabi ajoyib poemalarini yaratdi. U o’z tarjimalari bilan totar adabiyotini boyitgan adib hamdir.

 

     Qavi Najmiyning «Bahor shabbadalari» romani totar adabiyotining eng yaxshi asarlaridan sanaladi. Bu asarda totar xalqining asrlar davomida o’z erk va ozodligi uchun olib borgan kurashi aks ettirilgan. Romanda Mustafo, Garay, Ravshana va Saima kabi oddiy kishilarning o’z haq-huquqlari va insoniy qadri uchun olib borgan kurashlari tarixiy voqyealar fonida mahorat bilan aks ettirilgan. 1861 yili Rossiyada amalga oshirilgan reforma, uning oddiy dehqonlar ahvolini qay darajada o’zgartirgani haqida ham batafsil ma’lumotlar berilgan. Rossiya tarixidagi o’zgarishlar bevosita totar xalqining taqdiri bilan bog’liq ekanligi ko’plab misollar bilan isbotlab berilgan. Pugachev qo’zg’oloni ishtirokchilaridan ko’pchiligi totar millatiga mansub bo’lganligini ham biz bu asardan bilib olamiz. Asarda Tig’anali qishlog’idagi totarlar hayoti tasvirlangan. Biz ana shu qishloq aholisi boshiga tushgan musibatlar orqali butun totar xalqi boshidan kechirgan tarixiy voqyealarni, ularning o’z ozodligi uchun olib borgan kurashlarini bilib olamiz. Asar 48 bobdan iborat bo’lib, totar xalqining qariyb yuz yillik tarixini o’z ichiga qamrab olgan.

 

Keyingi yillarda Q.Najmiyning «Yoz yellari», Amirxon Yenikeyevning «Biz ham soldat bo’lganmiz», «Sevash», Gumer Bashirovning «Nafisa», Shamil Bikchurinning «Po’lat irodali odamlar», Shayx Maknurning «Muso Jalil» kabi roman va povestlari yozildi.

 

  Hozirgi davr totar poeziyasida Hasan To’fon, Sibgat Hakim, Sojida Sulaymonova, Renat Xarisov, Ravil Fayzullin, Rahim Garay kabi talantli shoirlar ijod qilmoqda. Erkin she’r shaklida ko’proq asarlar yaratilmoqda.

 

  Ayaz Gilyazovning «Yo’qolgan kun», Hay Vahitning «Birinchi muhabbat», G’.Yuzeyevning «Qaldirg’ochlar uchib keldi» kabi dramalari keyingi yillar totar adabiyotidagi baquvvat asarlar sifatida baholanmoqda.

 

Qisqasi, totar adabiyoti katta madaniy merosga ega. U o’zbek adabiyoti bilan doimo aloqada bo’lib kelgan. Ayniqsa, XIX asr ikkinchi yarmida u yerda «Osiyo tipografiyasi» ochilgach, bu aloqa yanada kuchaydi. A.Qodiriy, Cho’lpon, Hamza singari ijodkorlar Qozonda o’qigan.

 

 Adabiyotlar

 

1.  Abdulla To’qay. Tanlangan asarlar. T. 1974 yil.

2.  Muso Jalil. Maobit daftari. T.1969 yil.

3.  Fotih Amirxon. Fathulla Hazrat. T., 1962 yil.

4.  Begali Qosimov. Izlay-izlay torganim. T., ...

 

 

 

 

 

 

 

BOSHQIRD VA CHUVASH TOTARLARI ADABIYOTI

Reja:

 

1. Boshqird xalq folklori.

2. Boshqird yozma adabiyotining shakllanishi.

3. XX asr boshqird adabiyoti.

 

 

1.     Chuvash xalq adabiyoti.

 

Tayanch so’z va iboralar: Sesenlar. M.G’ofuriy, XX asr boshqird adabiyoti. «Boshmog’im» dramasi, roman, povestlar. Chuvash xalq folklori. P.Xuzangay. Adabiy janrlar.

 

 Boshqird xalqi o’z yozuviga faqat XX asrdagina ega bo’ldi. Bu xalqning adabiyoti tarixi folklor asarlaridan iborat. Yozma adabiyotning shakllanishida «Sesenlar» deb ataluvchi boshqird xalq shoirlarining roli katta bo’lgan. Ular rang-barang janrlarda ijod etishgan. Bular orasida tarixiy qo’shiqlar, baytlar, ertak va rivoyatlar, dostonlar ko’pchilikni tashkil etadi. Boshqird adabiy tilining shakllanishi XX asrning 20-yillariga to’g’ri keladi. Lekin xalq baxshilari avvaldan adabiyotni rivojlantirib kelgan. XIX asrda yashagan shoir Oqmulla ham totar, ham boshqird tilida ijod qilgan. Ye.Pugachevning yaqin safdoshi Salovat Yulayev ham talantli shoir bo’lgan. XX asrgacha totar tili boshqirdlarga adabiy til vazifasini o’tagan. Shuning uchun totar tilidagi badiiy adabiyot boshqirdlar uchun ham adabiy meros hisoblanadi.

 

Boshqird adabiyotining asoschisi Majid G’ofuriy, birinchi boshqird yozuvchilari S.Kudash, A.Tagirov, D.Yultiylar ham o’z asarlarini dastlab totar tilida ijod qilganlar. Boshqird adabiyotining rivojiga ham katta hissa qo’shgan M.G’ofuriy «Qashshoqlikda kechgan umr», «Kambag’allar», «Bozorda» kabi asarlarini rus yozuvchilaridan, ayniqsa, Nekrasovdan o’rganib yozdi.

 

1919 yil Boshqirdiston Avtonom Respublika deb e’lon qilindi. Boshqird teatri tashkil etildi. H.Ibrohimov «Boshmog’im» nomli birinchi boshqird dramasini yozdi.

 

20-30 yillar boshqird adabiyotida poeziya yetakchilik qildi. Davr va uning yangiliklari haqida o’nlab she’riy to’plamlar va bir qancha dostonlar yaratildi. Shu bilan birga, A.Tagirovning «Don fabrikasi», A.Karnayning «Sahrodagi chiroqlar», Nosiriyning «Sibay» povestlari yozildi. Bular birinchi boshqird proza asarlari edi. Keyinroq A.Tagirov «Soldatlar», Yultiy «Qon», Nosiriy «Hujum» kabi romanlarini yozdi.

 

Shunday qilib, boshqird yozma adabiyoti shakllandi. Bunga ma’rifatparvar yozuvchi M.G’ofuriynig hissasi katta bo’ldi.

 

M.G’ofuriy 1980 yilda Boshqirdistonda o’qituvchi oilasida tug’ilgan. Yoshligida ota-onasidan yetim qolib, og’ir hayotni boshidan kechirdi. U sharq klassik poeziyasi va boshqird folklorini chuqur o’rgandi. Ulardan ijodiy foydalanib, o’zining dastlabki «Yosh umrim», «Millatga muxabbat» kabi she’riy to’plamlarni yozdi. Bu to’plamlardagi ayrim she’rlarda Chor Rossiyasining mustamlakachilik siyosatini tanqid qilishgan edi. Shuning uchun shoir chor ma’murlari tomonidan ta’qibga uchradi. Keyinchalik u «Faqirlikda o’tgan hayot», «Sibir temir yo’li» singari she’r va dostonlarida xalq ozodligini kuyladi. «Men va xalqim», «Yig’i», «Taqdir» kabi she’rlarida ham xalq istiqloli g’oyasi kuylandi. U 20-yillarda «Ishchi» nomli doston, «Turmush bosqichlari», «Tahqirlanganlar» kabi povestlarini yozdi.

 

Shoir «U kim» nomli she’rida imperialistik urushlarni tanqid qildi. Begunoh odamlarning o’lib ketayotganligiga sabab davlat boshliqlari deb bildi. Shuning uchun u soldatlarga murojaat qilib bir-birlaringizni o’ldirmanglar deydi. Xullas, M.G’ofuriy o’z ijodi bilan boshqird adabiyotining asoschisi bo’ldi.

 

Ikkinchi jahon urushi yillari boshqird adabiyotida publisistik jangovor poeziya taraqqiy etdi. S.Kudashning «Mening hamqishlog’im», M.Karimning «O’lmasboy» nomli dostonlari ham urush davrida yozildi. Bekboyning «Bir otaning bolalari», Muborakovning «Xotinjon», K.Mergenning «Urush» pyesalari ham shu davrda yaratildi. Urushdan keyingi davr boshqird adabiyotida turli janrlarda baquvvat asarlar paydo bo’la boshladi. Bularga S.Kudashning «Bahorni qutlab», Gumerning «To’lqinlar ustidagi shahar» povestlarini, H.Davlatshinaning «Irg’iz» romanini ko’rsatish mumkin. Bu davrda I.Abdushinning «Biz yana uchrashamiz» dramasi, «Bojalar» komediyasi, M.Karimning «Yakka qayin», «Qizning o’g’irlanishi», «Aytilmagan qo’shiq» pyesalari ham yaratildi.

 

70-90 yillarda boshqird adabiyotida ko’plab prozaik asarlar yaratildi. Isangulovning «Boshoq», Ya.Hammatovning «Oltin zarralab yig’iladi», A.Bikchentayevning «Senga jannat va’da qilolmayman» nomli romanlarida bugungi davrning muhim muammolari badiiy aks ettirilgan.

 

         Anvar Bikchentayevning «Senga jannat va’da qilolmayman» nomli romanida juda dolzaob masala ko’tarilgan. Asarda yoshlarning mustaqil hayotga qadam tashlashi, u yo’ldagi mashaqqat va qiyinchiliklar Haydar, Valentin, Iskandar, Maya Vladimirovna, Oqbika kabi obrazlar misolida beriladi. Qishloq yoshlarining shaharga kelishi, ularning o’z yo’lini topib olishdagi murakkab hayot yo’li, sevgisi, ichki kechinmalari romanda juda qiziqarli va ishonarli tasvirlab berilgan. Ufa shahridagi «Ximzavod» ishchilari asarning asosiy qahramonlari.

 

Axyor Hakimning «Karvon» romani keyingi yillarda yozildi. Bu asarda tarix va bugungi zamonamiz paralel tarzda tasvirlangan. Stalin qatog’onidan kutilib chiqqan boshqird yigit Nurislom Boyturin Samarqandga kelib qoladi. Bu yerda u Boltaboy aka, Professor Qodirov singari haqiqiy insonlarni uchratadi. Ana shu olijanob insonlarning ko’magida, u sevgan kasbi arxiologiyani egallab olgan. Asarda tarixga murojaat qilish, Temur davri voqyealarini tasvirlashga juda ko’p joy ajratilgan. Temurning ayrim rivoyatlarda aytilganday zolim hukmdor ekanligi tasvirlangan. Amir Temur o’z dushmanlariga shafqatsiz bo’lgan, o’sha tarixiy muhit undan shuni talab qilardi. Asar qahramoni Nurislom Bekturin mashhur arxiolog bo’lib yetishadi. U tarixni to’g’ri yoritishga bag’ishlab ko’plab ilmiy ishlarni amalga oshiradi.

 

         Yozuvchining «Oqsoq bo’ri» qissasida esa ovga chiqqan bo’rining ustiga samolyotdan bombalar yog’ilishi, uning qo’ylar bilan birgalikda bu urush maydonidan qochishi, ikkita bolasidan ajralishi kabi voqyealar hikoya qilingan. Asarda ekologiya masalasi ko’tarib chiqilgan. Tabiatni asrash, uning qonunlariga rioya qilish kerak, degan g’oya ilgari surilgan. Urushning faqat inson uchun emas, umuman tirik jonzotlar uchun juda katta xavf ekanligi aytilgan.

 

70-80 yillarda boshqird adabiyotida bir qancha talantli yozuvchilar ijod qilishdi. Ular orasida S.Kudashning ijodi alohida e’tiborga loyiqdir. U dastlabki asarlarini totar tilida yozdi. A.To’qay ijodiga ergashib asarlar yaratdi. Keyinchalik u o’z ona tilida ko’plab she’riy va nasriy asarlar ijod qildi. U «Baxt qonuni», «Uchrashuv», «Muhabbat va g’azab» dostonlari bilan zamonaviy boshqird poeziyasining taraqqiyotiga katta hissa qo’shdi. U «Qo’sh qayin» nomli she’riy romanning ham avtoridir. Uning «Yozga peshvoz chiqqanda» nomli povesti tarixiy mavzuda yozilgan. Bu asarda A.To’qay, E.Ma’rufiy kabi tarixiy shaxslarning obrazlari keng yoritib berilgan. Uning «Xotirada qolgan minutlar», «Yoshlik izlari bo’ylab» singari avtobiografik asarlari ham bor.

 

Boshqird adabiyotining yirik namoyandalaridan biri talantli yozuvchi Mustay Karim bo’lib hisoblanadi. U 1919 yilda tug’ilgan. Uning ijodi urush arafasida boshlangan edi. Shoir zamon bilan hamnafas bo’lib she’rlar yozdi. Uning «Bohar tovushlari», «Mening tulporim», «Qaytish», «Yevropa-Osiyo» kabi dastlabki she’riy to’plamlari juda mashhur bo’lgan edi. Keyinchalik «Oydin yo’l», «Tosh ustida gullar» kabi kitoblari uchun katta mukofotlarga sozavor bo’ldi. M.Karim boshqird adabiyotida dramaturgiya janrining taraqqiyotiga katta hissa qo’shdi. Uning «To’y davom etadi», «Yolg’iz Qayin», «Aytilmagan qo’shiq», «Oy tutilgan tunda», «Oygul vatani» singari pyesalari boshqird adabiyotining go’zal namunalari bo’lib qolgan. Keyingi yillarda M.Karim «Olovni tashlama, Prometey» nomli dramatik doston yozib katta muvaffaqiyatga erishdi. Bunda shoir qadimgi grek afsonalaridagi Prometeyning jasoratini bugungi dunyomizga bog’lab ajoyib syujet yaratgan.

 

Mustay Karimning ko’plab asarlari chet tillarga tarjima qilingan. Uning «Oy tutilgan tunda» nomli dramatik asarining tarjimasi o’zbek tiliga shoira Zulfiya tomonidan amalga oshirilgan.

 

         Bu asar uch pardadan iborat fojia bo’lib, unda o’n uchta qahramon ishtirok etadi. Asar voqyealari Birinchi Jahon urushi davrida bo’lib o’tadi. Jamiyatda hukm surgan adolatsiz tuzum, odamlar ongini egallagan jaxolatu xurofatlar natijasida erk va ozodlikning bo’g’ilishi asar qahramonlarining qismatida ko’rsatib berilgan. Ikki yosh Oqyigit va Zubarjadning sevgisini yaramas, chirkin urf-odatlar zavol qiladi. Oqyigitning akasi urushda halok bo’ladi. Urf-odatga ko’ra uning bevasi Shafaqni Oqyigitga qaratadi. Sevgilisi Zubarjadni esa ukasi o’n bir yoshli Eshmirzaga unashtiradi. Bu ishlarning barchasi 3-4 ta qishloq oqsoqollarining bema’ni maslahatlari bilan amalga oshiriladi. Oila boshlig’i Tangabeka 50-52 yoshlardagi beva ayol. U vafot etgan erining vasiyatlarini bajarish uchun harakat qiladi. Lekin urf-odatlarga qarshi borolmaydi. Asarda o’z bolasining ko’zini o’yib, uyasidan chiqarib tashlagan ona burgut haqida rivoyat keltirilgan. Bu Tangabekaga ramziy ishoradir. U o’z farzandlari Oqyigit va Eshmirzaning qismati fojia bilan tugashiga ma’lum darajada aybdor.

 

         Oqyigit tuydan keyin uch oy o’tsa-da, Shafaqning o’toviga kirmaydi. U yashirincha Zubarjad bilan uchrashib yuradi. O’sha yili qurg’oqchilik bo’lib, xalqning boshiga og’ir musibatlar tushadi. Qishloq odamlari buning sababini Oqyigit va Zubarjadga bog’laydi. Ularni buziqilar deb e’lon qilib, bo’rilari ko’p, biydek sahroga haydab yuboradi. Ana shu tunda oy tutiladi. Tabiatning bu hodisasini ham jaholatda qolgan olomon sevishganlarga olib borib taqaydi. Avtor bu asarida XX asr boshlarida Boshqirdiston qishloqlarida hukm surgan yaramas urf-odatlar, inson huquqini toptagan turli illatlarni qalamga olib, ularni ayovsiz fosh qildi.

 

         M.Karim «Olovni tashlama, Prometey» asarida qadimgi grek afsonalaridan foydalandi. Ma’lumki, Prometey haqida jahon adabiyoti tarixida ko’plab asarlar yozilgan. Esxilning «Zanjirband Prometey» asari bundan qa’rib ikki yarim ming yil ilgari yozilgan.M.Karim o’zining ushbu asari haqida shunday fikrlarni aytgan edi:   «Olovni tashlama, Prometey!» garchand mifologik mazmunga kurilgan bo’lsa-da, uning zamiriga zaminda yashayotgan bugungi kun odamlariga murojaat singdirilgan. Asar insonni ruxiy ko’rlik va qalban karlikning og’ir oqibatlaridan ogohlantiradi. Uni o’zining kelgusi baxti uchun mardona kurashga undaydi. Odamlarni yorug’lik nurlaridan bahramand qilgan Prometeyning fidoyiligi bu yo’lda unga mangu jasorat timsoli bo’lib qolgan».

 

         Asarda Olimp tog’ida yig’ilgan Zevs boshchiligidagi xudolarning hayoti tasvirlanadi. Ular ham odamlar singari bir-birlari bilan adovat qiladilar, urushadilar, g’alabalarini nishonlab bayram qiladilar. Odamlar xudolar hayotini xuddi o’zlarining hayotidek tasavvur qilganlar. Xudolar orasida Prometey insonlarga yaxshilik qilmoqchi bo’ladi. U insonlarga olovni keltirib beradi, dehqonchilik qilishni, yovvoyi hayvonlarni qo’lga o’rgatishning sirlarini, kema yasab, suvda suzish kabilarni o’rgatadi. Bunga esa xudolar xudosi Zevsning achchig’i chiqadi. Agar bu qilmishlarini tashlamasa, umrbod azobga qo’yishni aytadi. Prometey umrbod azobga rozi bo’lib, insonga yaxshilik qilishdan qaytmasligini bildiradi.

 

         Men alpman. Ha, ha men-xudoman,

          Yerda o’t yoqaman, qudratim cheksiz

         Shu olov jismiga osmondagi

         Ilohiy o’t ruhin singdiraman-da,

         Insonga beraman. Bu o’t yog’dusi

         Kimgaki sochilsa, u-umrboqiy!

 

         Prometey adolat xudosi Femidaning farzandi. Ona o’z o’g’lining boshiga katta musibatlar tushganini ko’rib, unga achinadi. Zevsdan uzr so’ra, balkim u kechirar, deydi. Chunki Zevs Prometeyni katta qoyaga zanjirband qilib, uning yuragini po’lat tumshuqli burgutga cho’qib, yulib yeyish uchun buyuradi. Burgut yurakni tilka-pora qiladi. Lekin o’sha joydan yangi yurak o’sib chiqadi. Burgut bu yurakni ham tilka-pora qiladi. Bu holat uzluksiz takrorlanaveradi. Prometey insonga yaxshilik qilish uchun ana shu azoblarga rozi bo’lgan. O’g’lining bu azoblariga chiday olmagan Femida unga,

 

         O’tinchim bor, o’g’lim! Qilmishing uchun

         Afv so’ra, Zevs kechiradi.

         Agar yo’l qo’ymasa dilda g’ururing,

         Men o’zim yiqilay oyoqlariga,

 

deb so’raganida Prometey shunday javob beradi:

 

         Esingizni yig’ing, onajon!

         Agar mazlum o’z zolimidan,

         Agar qurbon o’z jallodidan

         Afv so’rayversa, ushbu jahonda

         Adolat bo’lg’usi qachon barqaror?

 

         Xullas, insonga xizmat qilish ushbu asarning yetakchi g’oyasi bo’lib hisoblanadi.

 

Keyingi yillarda boshqird adabiyoti bilan o’zbek adabiyoti o’rtasida aloqalar ko’chayib bormoqda. Ko’pgina asarlar tarjima qilinib, o’zbek kitobxonlariga yetkazilmoqda.

 

Chuvash xalqi yozma adabiyoti ham asosan XX asrda paydo bo’ldi. Chuvash xalqi turkiy xalqlar guruhiga mansubdir. Lekin bu xalq musulmon diniga emas, xristian diniga e’tiqod qilgani tufayli uning adabiyotida Sharq adabiyotining ta’siri ko’p sezilmaydi. Chuvashlarning katta folklor adabiyoti mavjud. Bular qo’shiq, ertak va doston kabi janrlarda yaratilgan. Chuvash tilida dastlab Yakovlev, Ivanov, Fedorov, Akimov, Semyonov singarilar ijod qiladi.

Keyinchalik N.Shubassini «Yandrak Yandrave», «Perelmey» singari dostonlarini chuvash tilida yozdi. K.Ivanov ijtimoiy tengsizlikni qoralab «Ikki qiz», «Tul xotin» kabi she’rlarini, «Shaytonning qo’li» tragediyasi va «Narspi» dostonlarini yozdi. Oktyabr inqilobidan keyin Chuvash xalqiga avtonomiya berildi. 20-yillarda Chuvash adabiyotida asta-sekin prozaik asarlar paydo bo’la boshladi. S.Fominning «Bolalik» povesti, «Ikki kuch», «Bevaqt o’lim» kabi hikoyalari, M.Danilov–Chaldunning «Shturm» povestlari birinchi chuvash prozaik asarlari edi. Bular xalq hayotini real aks ettiruvchi asarlar edi.

 

Birinchi Chuvash dramalari ham shu davrda yozildi. P.Osipov o’zining «Kujar», «Oq qilingan avlod», «Aydar», «Hayot simfoniyasi» asarlari bilan dramaturgiya janrini boshlab berdi.

 

30-yillar chuvash adabiyotinig yuksalish davri bo’ldi. Ko’pgina talantli ijodkorlar yetishib chiqdi. Vatanga muhabbat mavzusi bu davrda yetakchi g’oyaga aylandi. Ya.Usxayning «To’y», Xuzangayning «Magnit tog’i» dostonlari, Aligerning «Urush kunlari», «Tongotarda» povesti va romanlari, Trubunaning «Muchar» povesti, Maksimov Koshkinskiyning «Sadur va Ilem» dramalari shu mavzularga bag’ishlangan eng yaxshi asarlari edi.

 

Ma’lumki, chuvash adabiyotining asoschilaridan biri Peder Xuzangay edi (1907-1970). U Totaristonda tug’ildi. U ajoyib shoir sifatida tanildi. Uning «Xuri», «Sora», «Sariyel» nomli mashxur dostonlari bor. U Boku komissarlariga bag’ishlab «Yigirma oltilar», Magnitagorsk kon-metallurgiya kombinati qurilishlariga bog’ishlab «Magnit tog’i» kabi dostonlarini yozdi. Bundan tashqari uning «Inspektor», «Vatan qizi» nomli asarlari ham bor.

 

Keyingi yillar Chuvash adabiyotida V.Davidov, L.Agakev, A.Tokki, I.Dumishin, N.Ayzman singari talantli yozuvchilar faoliyat ko’rsatmoda.

 

                       

 

 

 

Adabiyotlar

 

1.     M.Karim. Olovni tashlama, Prometey, «Sharq yulduzi» jurnal. 1984. 10-11 sonlari.

2.     M.Karim. Oy tutilgan tunda. Tarjima. Zulfiya asarlari to’plami 2-jildida Toshkent, 1984 yil.

3.     Bikchentayev A. Senga jannat va’da qilmayman. Toshkent, 1969 yil.

4.     Axiyor Hakimov. Karvon. roman. «Jahon adabiyoti» jurnali 2001 yil 1,2,3-sonlar.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

QIRIM-TATAR ADABIYOTI

 

           Qrim-tatar tilidagi adabiyot ham o’zining qadimgi boy an’analariga ega. Bu adabiyot umum-turk adabiyotining ajralmas bir qismi hisoblanadi. Qrim yarim orolida yashagan turkiy xalqlar madaniyati juda boy va o’ziga xos xususiyatga ega. Negaki, bu yer Sharq va G’arb sivilizasiyalari to’qnashgan xududda joylashgan. Tarixda juda ko’p voqyealarni boshidan kechirgan qrim-tatar xalqining og’zaki ijodida ko’plab qo’shiqlar, ertaklar va dostonlar mavjud. Bularning ko’pchiligi boshqa turkiy xalqlar og’zaki ijodidagi asarlar bilan hamoohang. Masalan, o’zbeklardagi «Zumrad va Qimmat» ertagining mazmuniga o’xshash qrim-tatar xalqining ham ertagi bor. Bunda o’gay onaning zulmidan ozor chekkan yetim qizchaning qismati, uning mehnatsevarligi va raxmdilligi tufayli baxtga erishganligi haqida hikoya qilinadi. Ertakda Elmoz degan qiz, dadasi vafotidan so’ng o’gay ona va uning Esma ismli tantiq, erkatoy qizi bilan birga yasharkan. Oilaning og’ir yumushlarini Elmoz bajarar, lekin evaziga hyech qachon rahmat eshitmasdi. Yillar o’tadi. Elmoz va Esma voyaga yetadilar. O’gay ona Elmozni yo’qotish payiga tushadi. O’tin terib kelish bahonasida u Elmozni o’rmonga olib borib adashtirib keladi.

 

         Elmoz boshiga og’ir damlar tushadi. Shu paytda qayerdandir badbashara, sochlari to’zigan, juldur kiyimli, dahshatli ayol paydo bo’ladi. U Elmozning ahvolini bilgach, «Mening sochimni tarab qo’ymaysanmi, qizim?!»-deb so’raydi.

 

Elmoz: «Tarayman, buvijon tizzamga boshingizni qo’ying», -deb iltifot ko’rsatadi. Bu ayol – tog’ Onasi edi. Tog’ onasi iyib ketib, unga mehribonlik qiladi, o’zi bilan birga muxtasham saroyga boshlab boradi. Elmoz u yerda Shahzoda bilan tanishadi va bir-birini sevib qolishadi.

 

         Shunday qilib, qirq kecha, qirq kunduz to’y-tomosha berib Shahzoda Elmozga uylanadi. Yetim qiz o’z baxtini topadi. Elmozning bu baxtini ko’rolmagan o’gay ona esa o’zining qizi Esmani ham o’rmonga olib boradi. Voqyea yana takrorlanadi, biroq ishyoqmas, tantiq qiz Esma tog’ Onasining qahru g’azabiga duchor bo’ladi. Uning taqdiri fojiali tugaydi.

 

         Ma’lumki, XIX asr rus adabiyotining mashhur vakillarining ko’pchiligi Qrim-tatar xalqi folkloridan ijodiy foydalanib asarlar yozdi. Birgina Pushkinning «Boqchasaroy fontani», «Ruslan va Lyudmila», «Shoh sulton haqida ertak» kabi asarlari bunga misol bo’la oladi. Demak, qrim-tatar xalqi folklori juda boy bo’lib, u rus yozma adabiyotining rivojlanishiga ham hissa qo’shgan.

 

         Qrim-tatarlarining qadimgi yozma adabiyoti XSh asrlarda shakllangan. Bu davr adabiyotida arab va fors tilidagi adabiyotning ta’siri seziladi. Ma’lumki, XSh-XU asrlarda Qrim Oltin O’rdaga qaragan. XU asrdan boshlab Qrim xonligi tashkil qilinadi. Qrim xonligi Turkiya bilan yaxshi qo’shnichilik siyosatini olib bordi. Bu xonlik davrida adabiyot, madaniyat taraqqiyoti boshqa davrlarga nisbatan ancha tez va sifatli rivojlandi. Lekin Yekatirina II hukmronligi davrida Rossiya Qrimni qo’lga kiritish uchun turli diplomatik va boshqa usullardan foydalandi. Nihoyat X1Xasrda Qrim xonligi butunlay tugatilib, Rossiyaga qo’shib olindi.

 

         Qrim – tatarlarining yozma adabiyotida ana shu tarixiy muhit o’z aksini topdi. X1U asrda Qrimda yashagan Abdulmajid nomli shoirning «Yusuf va Zulayxo» dostoni Qrim-tatar yozma adabiyotining ilk namunalaridan biri hisoblanadi. O’rta asrlar Qrim-tatar adabiyotida G’ozi Garayning «Gul va Bulbul», Do’stmambet Ozovlining she’rlari xalq orasida juda mashhur bo’lgan. Bu asarlar xalq og’zaki ijodi an’analari ruxida yozilganligi bilan ajralib turadi. XVII-XVIII  asrlar qrim-tatarlari adabiyotda didaktik mavzu yetakchilik qilgan. Bu holat ayniqsa XUPasrda yashagan shoir Oshiq Umar ijodida ko’zga yaqqol tashlanadi. Oshiq Umar (1621-1707) Yevpotoriya shahrida oddiy hunarmand oilasida dunyoga keldi. Uning otasi Abdulla Kenja oddiy ko’nchi kosib bo’lib, shu xunari bilan oilani zo’rg’a tebratar edi. Umarni yoshligidan eski maktabga o’qishga beradi. U tirishqoq, zukko, zehni tez bola bo’lganligi uchun otasi domlalari maslahati bilan otasi uni madrasada o’qitadi.

 

U arab va fors tillarini chuqur o’rgandi. Sharq adabiyoti durdonalari bilan yaqindan tanishdi. U tabiatan juda iste’dodli, tinib-tinchimas xarakterdagi inson bo’lgan, yoshligidanoq xalq kuylarini o’rganib qo’shiq aytgan. Keyinchalik o’zi ko’plab qo’shiqlar to’qib, ularni el-yurt orasida kuylab yurgan. Shuning uchun unga «Oshiq Umar» degan nom berilgan. Shoir ko’pgina Sharq mamlakatlarida, jumladan, Dog’iston, Ozarboyjon, Eron, Turkiya kabi joylarda bo’lib, qardosh turkiy xalqlarning xayoti va madaniyati bilan yaqindan tanishdi. U yerlardan olgan taassurotlarini she’rlarga ko’chirdi. Oshiq Umarning ko’pgina she’rlari bizning davrimizgacha yetib kelgan. Bu she’rlar asosan ishq-muhabbat, vafo-sadoqat, diniy ma’rifat mavzusida yozilgan. Shoir she’rlarida falsafiy teranlik chuqur lirizm bilan qorishib ketgan. Sharq didaktik she’riyatining sehrlovchi jozibalari ham Oshiq Umar she’riyatining asosiy xususiyatlaridan biri.

 

Shoirning «Gunoh yo’q», «Ne desang de», «Sen bir yonu men bir yon», «Dunyo» «Qizg’anaman» kabi she’rlari juda go’zal va katta mahorat bilan yozilganligi bilan hozirgacha xalq orasida mashhur bo’lib kelayotir. Shoir she’rlarini o’qir ekansiz, unda Ahmad Yassasiy va Muhammad Fuzuliy she’riyatining an’analarini ilg’ab olasiz.

 

Avvalgi kotiblar oshiq baxtini qora yozmishlar,

Mening qora baxtim qora ustiga qora yozmishlar

Netay hakimi Luqmonu meni bechora yozmishlar

Taqdir o’qlariga Umar, ko’krak kirib turma bekor

Go’zallar oz bo’lsa hamki, ko’ksimga yara yozmishlar.

 

kabi misralar Fuzuliy ijodidagi xuddi shunday radifli she’rlarga hamohong ekanligi sezilib turibdi. Qo’yidagi murabba’ she’rlarda esa biz Yassaviyona donishmandlikning, tasavvuf didaktikasining izlarini ko’ramiz.

 

         Inson borki, bir narsaga moyildir,

         Qulay nima, mushkilot ne bilmaslar

         O’ylamaslar bu dunyoning so’ngini

         Hayot nima, yo mamot ne, bilmaslar.

 

          Shaytonga ergashib gunoh isyonda

         Nafsini tiyolmay sayri -sayronda,

         Qurib anjumanlar davru davronda,

         Dunyong nima, oxirat ne, bilmaslar.

 

         Qrim-tatar yozma adabiyotida «baytlar» ham juda ko’p yozilgan. Bu she’rlar bir baytdan iborat bo’lib, unda juda katta falsafiy ma’no aks ettiriladi. Baytlar asosan, odob-axloq, ta’lim-tarbiya, ishq-muhabbat kabi mavzularda bitilgan. Bu o’zbek adabiyotidagi «fard»larga o’xshash she’riy janrdir.

 

    XVII asr qrim-tatar adabiyotida «Sayohatnoma»lar yozish ham an’anaga aylangan. Jonmuhammad nomli shoirning «Safarnoma» dostoni bunga misol bo’la oladi. Said Muhammad Rizo ismli shoirning «Yetti sayyora» nomli asari ham Sharq adabiyoti an’analari ruxida yozilgan. X1X asrning ikkinchi yarmi XX asr boshlarida esa qrim – tatar adabiyotida demokratik va ma’rifatparvarlik oqimlari shakllanishi ko’zga tashlanadi. Ayniqsa qrim-tatar ma’rifatpavari Ismoilbek G’aspiralining faoliyati butun turk dunyosini g’aflat uyqusidan uyg’otishga katta turtki bo’ldi. U Ismoil Gasprinskiy nomi bilan G’arb davlatlarida ham mashhur shaxs bo’lgan. Uni Fransiyada tinchlikni saqlash uchun beriladigan Nobel mukofatiga tavsiya etishgan. Ismoilbek musulmon madrasalarida, keyin esa Rossiya va Yevropaning oliy o’quv yurtlarida o’qidi, Parijdagi mashhur Sarbona universitetida ham ta’lim oladi. Fransuz gazetalarida muxbir bo’lib ishladi.

 

         Ismoilbek G’aspirali Qrimga qaytib kelib, ma’rifatparvarlik ishlari bilan shug’ullandi. Bog’chasaroyda «Tarjimon» nomli gazeta chaqardi. Bu gazeta keyinchalik butun musulmon dunyosiga mashhur bo’lib ketdi. Gazetada turkiy xalqlarning iqtisodiy siyosiy ma’naviy hayotiga bog’liq, nihoyatda dolzarb maqolalar e’lon qilinar edi. G’aspirali maorifni isloh qilish uchun o’z tajribalarini tavsiya etdi. Turkiy qavm bolalari ham tabiiy fanlarni o’rganish kerakligini targ’ib qildi. Uning nomi bilan bog’liq «Jadid maktablari» butun musulmon dunyosiga tarqaldi. U «Rossiya musulmonlari», «Xo’jai. sibyon», «Maktab va usuli jadid nadur» singari asarlar va yuzlab maqolalar yozgan. Bu asarlari turkiy xalqlarni birlashtirishga, ularning ma’naviyatini rivojlashtirishga katta hissa bo’lib qo’shildi. Keyingi asrlarda turkiy xalqlar ichida hyech kim Ismoil G’aspiralidek ma’rifat sohasida muhim rol o’ynagan emas.

 

         XX asr qrim-tatarlari adabiyoti turli janrlarda yozilgan boy adabiyot hisoblanadi. Lekin sovet hukumati qrim-tatar xalqini 1944 yili deportasiya qildi. Ular O’rta Osiyo respublikalariga asosan O’zbekistonga majburan ko’chib keltirildi. Xalq juda og’ir kunlarni boshidan kechirdi. Butun bir millat «sho’rolar dushmani» deb e’lon qilingan edi. Faqat 80-yillarning ikkinchi yarmiga kelib qrim-tatarlariga vataniga qaytishga ruxsat berildi. Shuning uchun qrim-tatarlarining keyingi yillardagi adabiyoti asosan O’zbekistonda yaratildi, desak xato qilmaymiz.

 

         Bu davrda Shamil Alyadin, Abduraim Oltongli, Yusuf Bolat,Cherkez-Ali Ametov, Emil Amet, Riza Xamid, Ayder Osmon, Uriye Amet qizi singari ijodkorlar qrim-tatar adabiyotini rifojlantirishga o’zlarining katta hissasini qo’shdi.

 

         XX asr qrim-tatar adabiyotining yirik vakillaridan biri Shamil Alyadin hisoblanadi. U 1912 yilda Qrimda Aypatri tog’ining yon bag’ridagi qishloqda tug’ilgan. Bog’chasaroyda, Simferapol kabi shaharlarda o’qib ta’lim oldi. 30 – yillarning boshlarida Toshkentga kelib, meliorasiya institutida o’qidi. Shundan keyin O’zbekiston uning ikkinchi vatani bo’lib qoldi. Shamil Alyadinning birinchi kitobi 1932 yilda nashr qilingan bo’lib, u «Yer kuldi, ko’k kuldi» nomli she’riy to’plam edi. Keyinchalik «O’mr» «Tasalli», «Senmisan, o’g’lim» singari asarlari e’lon qilindi. Adibning «Qurbonlar nomi bilan» qissasida Mustafo Chovushli xonadoniga tushgan musibatlar hikoya qilinadi. Ana shu bir xonadon taqdirini tasvirlash orqali butun qrim-tatar xalqining boshiga tushgan katta fojia tasvirlab berilgan. Stalin repressiyasiga uchragan kishilarning azob-uqubatda o’z tug’ilgan joylaridan ommaviy suratda ko’chirilishi, urushning dahshatli voyronagarchiliklari, odamlar boshiga tushgan musibatlar katta mahorat bilan hikoya qilingan. Qissa qahramonlari Dilyaver, Mustafo, Server, Zaverjat kabi oddiy kishilardir. Dilyaver frontda qahramonliklar ko’rsatib halok bo’ladi, lekin uning oilasini «xalq dushmani» deb deportasiya qiladi. Ana shunday tarixning xatosi millonlab kishilarning taqdirini azob-uqubatlarga ko’yib o’zgartirib yubordi.

 

Sh.Alyadinning «Agar sevsang», «Chiroqlar tonggacha yonadi» kabi romanlari ham bor. Bularda qrim-tatarlarining O’zbekistondagi qurilishlarda katta jasoratlar ko’rsatib mehnat qilganliklari hikoya qilingan.

 

1980 yildan boshlab O’zbekistonda qrim-tatar tilida «Ildiz» nomli jurnal nashr etildi. Bu jurnalda qrim-tatar yozuvchilarining ko’plab asarlari nashr etilmoqda. Ana shunday yozuvchilardan biri Cherkez – Ali Ametovdir. U

 

Qrimning «Qush qoya» degan qishlog’ida 1925 yilda kambag’al dehqon oilasida o’n birinchi farzand bo’lib tug’ildi. Uning yoshlik va o’smirlik davri qrim-tatar xalqi uchun juda murakkab bo’lgan davrda kechti. Badarg’a qilingan xalq bilan O’zbekiston va Qazog’istonning turli joylarida yashashga to’g’ri keldi. 1956 yildan keyin O’zbekistonda doimiy yashab qoldi. Uning ilk she’riy to’plami «Irmoqlar» 1940 yilda nashr qilingan edi. Keyinchalik shoir «Orzularim», «Yer nafasi», «ko’z nurlari» kabi qator she’riy to’plamlar, «Yashil to’lqinlar» nomli hikoya va ocherklar to’plami, «Jumardlik», «Tong og’ushida» nomli romanlarini nashrdan chiqardi.

 

Ma’lumki, qrim-tatar adabiyotida ilk roman 1909 yilda yozilgan Usein Shomil To’qtarg’ozining «Soadat oroli» nomli asari hisoblanadi. Shundan keyin Shomil Seydametning «Ufqqa peshvoz», Yusuf Bo’latning «Alim» kabi romanlari chop etilgan edi. Ana shu adiblar an’anasi keyingi yozuvchilar avlodi tomonidan muvaffaqiyat bilan davom ettirildi.

 

Keyingi yillar Qrim-tatar adabiyotida Ayder Osmon o’zining g’oyaviy-badiiy tomondan pishiq ishlangan hikoyalari bilan mashhur bo’ldi. Uning «Olishuv», «Mening do’stim», «Yo’lakdagi odamlar», «Hijron», «Armon», «Tanish ko’zlar» kabi hikoyalari o’quvchilar orasida juda mashhur bo’ldi. Yozuvchining «Peshona» nomli hikoyasida Suvade nomli qishloq qizining mustaqil hayotga qadam qo’yishida ko’p xatoliklarga yo’l qo’ygani tasvirlangan. U sevgan yigiti Emirsaleni tashlab shahardan kelgan olifta, satang yigit Azamatning tuzog’iga tushib qoladi va unga turmushga chiqadi. Keyin esa bu o’ylamay qilingan ishdan pushaymon bo’ladi.

 

Azamatdan ajrab o’z qishlog’iga qaytib keladi. Bu hikoyadan chiqadigan xulosa yoshlar uchun juda muhim tarbiyaviy ahamiyatga ega. Yozuvchi ularni hayot yo’lini tanlashda adashmaslikka, ehtiyot bo’lishga chaqiradi va ogohlantiradi.

 

90-yillarda qrim-tatar xalqiga tarixiy vataniga qaytishga ruxsat berildi. Hozir qrim-tatar tilidagi adabiyotga ko’pgina talantli yoshlar kirib kelgan. Ular bu qadimdan boy adabiy merosga ega bo’lgan adabiyotni yanada boyitadi degan umiddamiz.

 

Adabiyotlar

 

1.  Oshiq Umar. She’rlar. «Jahon adabiyoti» jurnali. 1998 yil. 4-son.

2.  Qosimov Begali. Ismoilbek G’asprali. Biografik ocherk. Toshkent, 1992.

3.  Ayder Osmon. «Tanish ko’zlar», Toshkent., 1991 yil.

4.  Shomil Alyadin. «Chiroqlar tonggacha yonadi». Roman. Toshkent., 1984 yil.

5.  Cherkez-Ali Ametov «Yashil to’lqinlar». Toshkent. 1976 yil.

 

 

 

SHIMOLIY KAVKAZ TURKIY XALQLARI  ADABIYOTI

 

REJA

1.     Shimoliy Kavkazda yashovchi turkiy xalqlar.

2.     Xalq og’zaki ijodi haqida.

3.     Qo’miq va Qorachay xalqlari adabiyoti.

4.     Balqar va No’g’ay xalqlari adabiyoti.

5.     Qaysin Quliyev ijodi.

 

 

Tayanch iboralar: Kavkazda yashovchi xalqlar, tarixiy muhit, folklor asarlari, yozma adabiyotning shakllanishi, arab tilidagi adabiyot, ma’rifatparvarlik oqimi, XX asr adabiyoti.

 

 Kavkaz tog’lari yon bag’irlarida yashagan aholi qadimgi va boy madaniy merosga ega. Bu xalqlar ham jahon sivilizasiyasi taraqqiyotiga o’zlarining ulkan hissalarini qo’shgan. Shimoliy Kavkazda yigirmadan ortiq millatga taaluqli aholi mavjud bo’lib, ularning adabiyoti ko’p asrlik tarixga ega. Bu xalqlarning yozma adabiyoti nisbatan keyingi davrlarda paydo bo’lgan.

 

Shimoliy Kavkazda yashovchi Balqar, Qo’miq, Qorachay, No’g’ay kabi xalqlar adabiyoti boshqa turkiy xalqlar adabiyoti bilan yaqin aloqada bo’lib rivojlangan. XX asr boshlarida Shimoliy Kavkazdagi turkiy xalqlar hayotida madaniy rivojlanish ko’zga tashlanadi. Ko’plab ijodkorlar jadidchilik g’oyalarini targ’ib qilib asarlar yozdi. Ana shu an’ana keyin ham davom ettirildi. XX asrda bu xalqlar adabiyotida realistik metod yetakchilik qildi. Natijada ko’plab baquvvat asarlar paydo bo’ldi va ularning ko’pchiligi boshqa xalqlar tillariga tillariga tarjima qilindi. Bu yerdagi turkiy tilda gaplashuvchi xalqlarning tillari o’zaro juda yaqin bo’lib, ular bir-birlarini tarjimasiz ham tushunishadi. Lekin Sovet davrida bu xalqlarni ayrim-ayrim hududlarga bo’lib tashladi. Natijada ularining bir-biridan  sal farq qiluvchi milliy adabiy tillari shakllandi. Biz quyida bu xalqlar adabiyoti haqida alohida-alohida to’xtalib o’tishni lozim topdik.

 

Qo’miq xalqi Dog’istonda yashovchi aholisi oz sonli millatlardan biridir. Keyingi yillardagi aholi ro’yxati natijalariga ko’ra qo’miqlar 200 mingga yaqin kishini tashkil etar ekan. Shimoliy Kavkazda yashovchi turkiy xalqlar orasida qo’miqlar qadimdan boshqa xalqlar bilan ijtimoiy-siyosiy va madaniy aloqalar o’rnatgan. Qo’miq xalqining qadimgi adabiyoti asosan folklor asarlaridan iborat bo’lib, unda ertaklar, qo’shiqlar, latifalar, turli afsona va rivoyatlar va boshqa janrdagi asarlar mavjud. «Dada Qurqut» haqidagi afsonalar, «Oyg’ozi» kabi dostonlar qo’miq xalqi orasida ham qadimdan mashhur bo’lgan, keng tarqalgan.

 

XII-XV asrlardan  boshlab arab yozuvidagi adabiyot xalq orasida tarqala boshladi. «Axdnoma», «Tarixi Dog’iston» singari asarlar arab yozuvida bitilgan. XV asrda yashagan Ummu Kamol nomli shoirning ayrim she’rlari bizgacha yetib kelgan. Bu shoir taqdir taqozosi bilan o’z yurtidan uzoqlarda yashagan. Uning asarlarida ona-yurt sog’inchi, o’z qismatidan nolish motivlari sezilib turadi.

 

Shoir bo’lsang, sen ayt

Haq so’zingdan uzanma

O’tkir qilich kesmasday

Alam bordir ichingda

Sendan xarob kishi bormi

Bu dunyo-yu Rum, Chin ichinda?

 

Qadimgi qo’miq ijodkorlarining ko’pchiligi o’z asarlarini arab tilida yozgan. Lekin bu xalqning yozma adabiy merosi saqlanib qolmagan. Qo’miqlar Rossiyaga qo’shilgandan keyin esa xalq folklorlarini yig’ib oluvchi ayrim olimlar paydo bo’ldi. M.E.Osmonovning «No’g’ay va qo’miq xalqi qo’shiqlari to’plami» 1883 yilda Peterburgda e’lon qilingan edi. XIX asr qo’miq yozma adabiyotining shakllanish davri bo’ldi. Bu adabiyotning dastlabki vakillaridan biri Yirchi Qozoq deb nomlanib, 1830 yilda Buynoq tumanining Musliovul degan joyida tug’ilgan. Qishloq machitida o’qib, savodini chiqaradi. Keyin mustaqil ravishda bilim olib, o’z davrining yetuk ziyolisi darajasiga ko’tariladi.

 

U xalq qo’shiqlarini o’rganib qo’biz jo’rligida to’ylarda, xalq sayillarida kuylab yurdi. O’zi ham qo’shiqlar to’qiy boshladi. Bu qo’shiqlar turli mavzularda yozilgan bo’lib, ularda xalqning orzu-umidlari, dardi va quvonchlari kuylanar edi. Bu iste’dodli ijodkorni yuqori doira aristokratlari ham o’z o’tirishlariga taklif qila boshladi. Lekin u do’sti sevgan qizni bekning saroyidan olib qochishda ko’maklashgani uchun uch yil Sibirga surgun qilinadi. Qamoqdan keyin unga o’z yurtida yashashga ruxsat berilmaydi. U Oqsoy degan joyda umr o’tkaza boshlaydi. Bu yurtning boshlig’i Bommat biy shoirni o’z to’yiga taklif qiladi. Shoir bir hafta davomida mehmonlarga qo’shiq aytib xizmat qiladi. Shu yerda Qo’miq xalqining ma’rifatparvar shoiri va davlat arbobi M.E.Osmanov bilan tanishadi.

 

Shoir ijodi ayni gullagan paytda, ya’ni 1879 yilda dushmanlari tomonidan yovuzlarcha o’ldiriladi. Shoir she’rlarining kattagina qismi bizgacha yetib kelmagan. Chunki u to’qigan qo’shiqlarini yozib qoldirmagan. Faqat qo’miq ma’rifatparvari Efendi Osmonov shoirning asarlarini yozib olgan, xolos. Keyinchalik ham xalq orasida mashhur bo’lgan ayrim she’rlari tadqiqotchi olimlar tomonidan to’plandi. Shoir she’rlari turli mavzularda yozilgan bo’lib, qo’miq xalqining ayanchli qismati, jamiyatdagi adolatsizlik, zulm, kambag’al xalq ahvolini tasvirlash birinchi planda turar edi. Shu bilan birga, shoir she’riyatida ishq-muhabbat haqidagi lirik qo’shiqlar ham anchagina.

 

Bu she’rlarning ko’pchiligi yetti baytdan iborat bo’lib, masnaviy she’riy shaklda yozilgan. Shoir she’rlarida xalq og’zaki ijodi an’analari katta rol o’ynaydi. Shoirning «Aqlli esini yo’qotmas», «Erenlar degan bulan er bolmas», «Joy og’alar, sizga duo omonat» asarlarida esa didaktika, pand-nasihat yetakchi o’ringa ko’tarilgan. Shoir she’rlarida ijtimoiy-publisistik xarakterdagi asarlar ham ko’plab uchraydi. Uning «Nasip», «Zamon bizga shunday boqqan», «Muhammad Efendi Osmonovga» nomli asarlari bunga misol bo’la oladi.

 

Xullas, shoir ijodi qo’miq xalq yozma adabiyotini boshlab berdi. Bu ijod folklor va yozma adabiyotning sintezidan iborat bo’lib, keyingi davr qo’miq adabiyotiga ijobiy ta’sir etdi.

 

M.E.Osmonov (1840-1904) qo’miq xalqining ma’rifatparvar yozuvchisi, iste’dodli olimi hisoblanadi. U badavlat xonadonda tug’ilib, musulmoncha va yevropacha maktablarda o’qib savodini chiqardi. Uning otasi rus imperatorini qo’riqlab yuruvchi askarlar rotasining boshlig’i bo’lgan. U umrining anchagina qismini Peterburgda o’tkazdi. Podshoh qarorgohida otasining vazifasini bajardi. Keyinchalik Peterburg universitetining sharq fakultetida turkiy tillardan va musulmon qonunchiligidan talabalarga saboq berdi. Umrining oxirgi yillarida o’z yurtiga kelib yashadi. U 1904 yilda vafot etdi.

 

 M.E.Osmonov ijodida epostolyar janr, ya’ni noma janri katta o’rin tutadi. U ko’pgina do’stlariga va qorindoshlariga she’riy xatlar yozgan. Bu xatlarda katta ijtimoiy masalalar haqida fikr yuritilgan. Ana shunday xatlardan biri uning ukasi Jamoliddinga yozgan xati katta falsafiy ma’nolar bilan to’ldirilgan. Bunda yolg’onchilik, ikki yuzlamachilik, adolatsizlik qattiq tanqid qilingan. Shoirning «Gulqiz» nomli asarida esa qo’miq ayollarining huquqi paymol etilgani, ularning taqdiri nihoyatda ayanchli va og’ir ekanligi afsus va nadomadlar bilan, chuqur achinish dardi bilan kuylanadi. Bu tanqidiy fikr uning «Shamxal» nomli she’rida yanada aniqroq aks ettirilgan. Ma’lumki, qo’miq xalqini shamxallar, xonlar, beklar boshqargan. Agar bular adolatli bo’lsa, el-yurt ulardan ozor chekib, jabr ko’rgan, qiynalgan. Yuqoridagi she’rda shoir ana shunday noinsof shamxallarni ayovsiz tanqid qiladi, ularning ochko’zliklarini fosh etadi. Shoirning «Mutoviga xat», «Shariat qozilari haqida», «Pristav va oqsoyliklar», «Ichkilikning zararlari» kabi asarlari ham tanqidiy ruxda yozilgan bo’lib, ularda ham shoir jaholatni, yangilikka to’siq bo’layotgan turli yaramas urf-odatlarni qoraladi.

 

XX asr boshlarida bir qancha talantli ijodkorlar yashab o’tdi. Manay Alibekov, No’g’ay Botirmirzayev, Zaynalabiddin Botirmirzayevlar ijodi qo’miq adabiyotining rivojiga katta hissa bo’lib qo’shildi.

 

Manay Alibekov (1859-1920) Oqsoy viloyatida tug’ilgan. Uning «Qo’miqlar odati» nomli etnografik asari juda mashhur bo’ldi. U shoir sifatida ma’rifatparvarlik va tanqidiy realizm tradisiyalarini davom ettirdi. Shoir «Yoshlarni o’qiting» nomli shaye’rida o’z zamondoshlariga murojaat qilib, eski odatlaringizni tashlab, yang matkablar quring, bolalaringizni zamonaviy maktablarda o’qiting deydi:

 

Oldingi eski odatlar

Qoldi hyech zotga yaramay

Yoshlarni o’qitingiz

Ari-beri qaramay

Madrasalar qurib

O’qimoqqa boshlangiz!

Ulardan foyda olib

Johillikni tashlangiz!

 

Shoir «Oqsoylik qo’miq qizlarining arizalari» nomli she’rida xotin-qizlarni ham o’qitib, savodli qilish g’oyasini ko’tarib chiqdi.

 

Alibekov o’zining ko’pgina asarlarida jamiyatdagi ijtimoiy adolatsizlikni, mansabdorlarning poraxo’rligini, tovlamachi amaldorlarni qattiq tanqid qildi. Uning «Hokimlar to’g’risida», «Hokimlarning ishlari», «Hokimlarning jarima o’ndirish usullari» nomli she’rlarda johil, tarbiyasiz, ochko’z hokimlarni qattiq tanqid qildi.

 

U «Kavkaz tog’lari nidosi», «Xurriyat» kabi she’rlarida kelajakka umid bilan qaradi. Qachonlardir haqiqat tantana qiladi degan fikrlarni bayon etdi.

 

Qo’miq xalqining yana bir ma’rifatparvar shoiri No’g’ay Botirmirzayev (1865-1919) bo’lib, u o’z ustozlarining an’anasini yangi davrda davom ettirdi. Bu yozuvchi qo’miq adabiyotida prozaning rivojlanishiga katta hissa qo’shdi. Yozuvchining «Bechora Habiybat», «Dovud bilan Laylo», «Xorun bilan Zubayda va baxtsiz Jonibeka» kabi qissalari faqat qo’miq adabiyotida emas, balki butun Dog’iston xalqlari adabiyotida badiiy tarjimaning ham asoschisidir. U «Jahonshoh», «Dengizchi Sindbod», «Mullo Nasriddin latifalari» nomli mashhur asarlarni qo’miq tiliga tarjima qildi.

 

Yozuvchi «Bechora Habibat» nomli qissasida ikkita qo’miq oilasini tasvirlaydi. Habibat boyning qizi, lekin uni otasi o’qitmaydi. Asarda uning dugonasi Abibat obrazi ham bor. Uning otasi esa kambag’al bo’lishiga qaramay qizini o’qitadi. Oxir-oqibat, kelajakda Abibat baxtli bo’lib ketadi. Habibat esa otasi vafot etgach savodsizlikligi, o’qimaganligi tufayli juda qiynaladi. Dugonasi maslahati bilan bu ham ilm olib baxtga erishadi. Yozuvchining boshqa asarlarida ham ilm – hunar o’rganish, savodli bo’lish g’oyasi olg’a surilgan. Bu albatta o’sha davrdagi Kavkaz va O’rta Osiyodagi yashovchi turkiy xalqlar orasida jadidchilik g’oyalarining keng tarqalgani bilan bog’liq hodisa edi.

 

N.Botirmirzayevning she’rlarida ham jadidchilik g’oyalari ilgari surildi. U jaholatga, ilmsizlikka qarshi satirik she’rlar yozdi. O’z xalqini savodli, ma’rifatli bo’lishga chorladi.

 

N.Botirmirzayevning o’g’li Zeynalabidan Botirmirzayev ham talantli yozuvchi, teatrshunos, tarjimon sifatida qo’miq adabiyotida o’chmas iz qoldirgan. U «Tong Cho’lpon» nomli jurnal tashkil etdi. ana shu jurnal tevaragida birinchi dramatik truppalar tashkil etildi. Zeynalibidin «Doniyolbek», «Johil mullolar», «Madrasaga mullo keldi» nomli dastlabki qo’miq dramalarini yozdi. U safdoshlari bilan birgalikda qo’miq tilida «Ishchi xalq» nomli birinchi gazeta tashkil etdi. «Teatr nima degani» nomli maqolasida dramaturgiya janrining xalq orasida keng yoyilishiga yo’l ochib berdi. U A.Pushkinning «Kavkaz asiri» asarini ona tiliga tarjima qildi. Ana shunday talantli ijodkor 1919 yilda endigina 22 bahorni ko’rgan chog’ida oq gvardiyachilar tomonidan otib tashlandi. Undan ikki kun o’tgach, shoirning otasi mashhur ma’rifatparvar No’g’ay Botirmirzayevni ham oq gvardiyachilar otib tashladi. Qo’miq xalqining asl farzandlari bo’lgan bu ota=bola ijodkorlar nomi el-yurt ozodligi uchun kurashgan ajoyib ma’rifatparvarlar sifatida hurmat bilan tilga olinadi.

 

Bu tolmas kurashchilarning an’anasi XX asr qo’miq adabiyotida A.Salovatov, A.Ashkol, K.Sultonov, M.Yaxyoyev singari ijodkorlar davom ettirdilar.

 

Qorachay xalqi Shimoliy kavkazda yashovchi turkiy xalqlardan biridir. Keyingi yillardagi ma’lumotlarga qaraganda qorachay millatiga mansub aholining soni 250000 lar atrofida deb belgilangan. Bu xalq Shimoliy Kavkazda yashovchi boshqa aholisi oz sonli millatlar bilan bir tarixiy muhitni boshidan kechirgan.

 

Ko’p asrlar davomida fors, arab, mo’g’g’l bosqinchilari hukmronligi ostida yashadi. XVIII asrning oxirlarida qorachaylar Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olangan. Qorachay xalqi qadimda tog’ va tog’ oldi hududlarida yashab asosan chorvachilik bilan shug’ullangan.

 

Rus adabiyotining geneysi, dunyoga mashhur mutafakkir yozuvchi L.N.Tolstoy o’z kundaliklarida, Qorachiylar Elbrus cho’qqisi etaklarida yashayotgan o’rtalikdagi xalqlardandir. Ular o’z va’dalariga sodiqligi, xushqomati va jasurligi bilan boshqa xalqlardan ajralib turadi, deb yozgan edi.

 

Qorachay adabiyotning qadimgi davr asosan folklor asarlaridan iborat. Ular Baqar xalqi bilan tili va etnik kelib chiqishi bir bo’lganligi sababli, bu xalqlarning og’zaki ijodida juda ko’p mushtarak tomonlar, o’xshashliklar mavjud. Qorachay xalqi folklorini juda ko’plab qo’miqlar, ertaklar, maqollar, dostonlar, afsona va rivoyatlar tashkil etadi. To’ylarda va turli xalq marosimlarida qo’shiqlarni jirovlar ijro etgan. Bu xalq baxshilari nihoyatda ko’plab she’rlarni yoddan bilgan va muzika jo’rligida aytib bergan. Bu qo’shiqlar turli mavzularda bo’lib, ularning ko’pchilik qismini olqishlar tashkil etgan.

 

Xalq og’zaki ijodida Nortlar haqidagi ertaklar ham ko’pchilikni tashkil etadi. Nortlar donishmand mard, jasur xalq qahramonlari. Ertaklarda ular o’z elini turli qora kuchlardan-devlardan, alvastilardan, besh boshli ajdaholardan va chet el bosqinchilardan himoya qiladi. Sosurka, Yoryuzmek, Satanoy singari xalq qahramonlarining jasorati haqidagi ertaklar xalq o’rtasida juda keng tarqalgan. Shu bilan birga, tarixiy-konkret shaxslar haqidagi ertaklar ham el orasida mashhur bo’lgan. Ana shulardan biri «Qora Muso» ertagidir. Qora Muso o’z oilasining nomusini himoya qilib o’n besh yosh Qabardin knyazi Xudochajakov Kasaynni o’ldiradi. Chunki bu knyaz Qora Musoning akasining kelinchagi bilan birinchi kechani zo’rlab o’tkazmoqchi bo’ladi. Kelinchak esa bunday sharmandachilikdan ko’ra o’limni afzal ko’rib, o’zini suvga tashlab halok bo’ladi.

 

Qorachay xalq og’zaki ijodida Ko’sa va Nosir Xo’ja haqidagi latifalar ham ko’p tarqalgan. Xalq maqollarining ko’pchiligi boshqa turkiy xalqlar maqollari bilan o’xshash

 

Ana ko’ngli bolada

Bola ko’ngli og’ochda (o’rmonda)

Ata sыrы ulanda

Ana sыrы kыzыnda

Ala-bera bilmagan

Bersa ko’ziga uyqu kelmagan

Altau ayrы bo’lsa, aradag’in oldirar,

Ekau bir bolsa, to’badagin endirar.

 

Qorachay xalq folklorida olqishlar ham katta o’rin tutadi. Osmon tangrisiga, hosildorlik xudosi Dolayga bag’ishlangan qo’shiqlar juda ko’p uchraydi. Bularning ichida ovchilik xudosi Apsatga bag’ishlangan olqishlar, murojaatlar ko’pchilikni tashkil etadi. Undan tashqari, ko’pgina afsona va rivoyatlar ham qorachay xalq og’zaki ijodila mavjud. Qadimda qorachay xalqi arab alfavitidan foydalangan. Uning yozma adabiyotining shakllanishiga Sharq, xususan, ozarbayjon adabiyotining ta’siri katta bo’lgan.

 

XX asrda qorachay tilida gazeta va jurnallar nashr etila boshlandi. Milliy maktablar ochildi, tipografiya, teatrlar tashkil qilindi. Bularning barchasi qorachay yozma adabiyotining shakllanishida katta rol o’ynadi.

 

Birinchi Qorachay ijodkorlaridan Islom Krimshamxalov, Asxat Badishev, Gemma Gebenov, Abul-Karim Bachchayev, Iso Qaraqotov, Azret Urtenov singarilarni ko’rsatish mumkin.

 

Azret O’rtenovning «Safiyat» nomli poemasida xotin-qizlar huquqlarining paymol qilingani haqida fikr yuritilgan. Kambag’al oiladan bo’lgan Safiyat katta qalin evaziga Meker degan boyga sotiladi. Qizning Sulaymon nomli sevgan yigiti ham shariat qonunlari oldida noiloj qoladi. Safiyat boyning iflos changaliga kirgandan ko’ra, o’z o’limini afzal ko’radi va o’zini Kuban daryosiga tashlab halok qiladi. Safiyat obrazi bu asarda tog’ qizlarining tipik obrazi qilib berilgani bilan e’tibolidir. Xuddi shunday xolat Daut Boyqulovning «Zalixat» nomli poemasining ham asosiy mazmunini tashkil qiladi.

 

30-yillarning boshlarida Qorachay adabiyotida dastlab kichik prozaik janrlar paydo bo’la boshladi. Gazeta va jurnallarda kichik – kichik badiiy ocherklar, felyetonlar, hikoyalar e’lon qilindi. Bunda yozuvchi Islom Karchaylining roli katta bo’ldi. Uning 1929 yili e’lon qilingan «Hasanning uylanishi» nomli hikoyasi Qorachay prozasining ilk namunasi hisoblanadi. Daut Boyqulovning «Bekmirzaning hayoti» nomli hikoyasida esa ijtimoiy hayot voqyealari real aks ettirilgan. Hasan Appayevning «Qora sandiq» nomli ikki qismdan iborat asari Qorachay adabiyotining birinchi romanidir. Asarda bir qancha sosial tiplarning obrazi berilgan. Asar voqyealari 1905-1920 yillarda ro’y bergan.

 

Maxamat Urisov, Toxtar Borlakov, Osmon Xubiyev kabi ijodkorlar urush davri va undan keyingi davr Qorachay adabiyotini rivojlantirishga katta hissa qo’shdi. Ayniqsa Osmon Xubiyevning «Omonat» nomli roman trilogiyasi qorachay adabiyotining katta yutug’i bo’ldi. Halimat Bayramuqova keyingi yillar qorachay poeziyasining yirik vakili sifatida tanildi.

 

Uning ko’plab she’riy kitoblari xalq hayotining, inson his tuyg’ularining, ichki kechinmalarining aks-sadosi bo’lib yangradi. Qorachay adabiyoti keyingi yillarda bir qancha talantli ijodkorlar bilan boyimoqda.

 

Shimoliy Kavkazda yashovchi no’g’aylar ham turkiy tilda gaplashuvchi xalqlarga taaluqlidir. Bu xalqning adabiyoti o’z atrofidagi qo’shni xalqlar adabiyoti bilan chambarchas aloqada rivojlangan. Ko’pgina folklor asarlari boshqa turkiy xalqlar og’zaki ijodi bilan umumiy mushtaraklikni tashkil etadi.

 

«Qo’blandi botir», «Erjardin» singari epik dostonlar, ko’plab ertak va afsonalar, xalq qo’shiqlari – bu xalqning og’zaki ijodi juda boy ekanligidan dalolat beradi. Qadimgi adabiyot asosan folklor asarlaridan iborat bo’lib, uning ijrochilari xalq baxshilari sanalgan. Tarixda Sabri, Asan Qayg’u, Do’stmambet Azauli, Qaztug’an kabi baxshilar xalq orasida juda mashhur bo’lgan.

 

Yozma adabiyot asosan XX asrda shakllandi. Bu davrda turli mavzularda xilma-xil asarlar yaratildi. Fozil Abdujalilov «Buronli oqim» romanida 30-yillar no’g’ay ovulida yuz bergan katta o’zgarishlar tasvirlanadi. Romanning ikkinchi kitobi «Ulkan jamoa xirmoni» deb nomlanib, bunda ham urush va urushdan keyingi davr no’g’ay ovullaridagi kishilarning hayoti aks ettirilgan. Suyun Katayevning «Bekpo’lat» romanida ayrim tarixiy voqyealar katta mahorat bilan berilgan. bunda bir qancha afsona va rivoyatlar roman syujetiga singdirib yuborilgan. Yozuvchining «O’tish joyi», «Bolalar uchun hikoyalar», «Ko’hna hovli», «Oqshakvarak ovulida», «Xonadon» kabi hikoyalar to’plami kitobxonlarga manzur bo’ldi. X.Abdujalilov «Asantoy» nomli qissasida 20-30-yillardagi tarixiy voqyealarni aks ettirgan. Hozir no’g’ay adabiyotida bir qancha yosh talantlar ijod qilmoqda.

 

Shimoliy Kavkazda yashovchi turkiy xalqlardan yana biri balqarlardir. Bu xalqning o’ziga xos boy tarixi va folkloridir.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

TURKMAN KLASSIK ADABIYOTI

 

Reja:

1.         Turkman xalqi tarixi haqida.

2.         Turkman xalq og’zaki ijodi.

3.         Turkman yozma adabiyotining shakllanishi.

4.          XVIII asr turkman adabiyotidagi yo’nalishlar.

5.          XIX asr turkman adabiyoti.

 

          Tayanch iboralar: “Shajarai tarokima”, “Go’r o’g’li” dostonlari, latifalari, Nasimiy, Burxoniddin Sevasiy, didaktik adabiyot. Andalib, Maxtumquli. Satirik lirika.

 

 O’rta Osiyoda yashovchi turkmanlar adabiyoti uzoq tarix va boy madaniy merosga ega. Uning madaniyatida xalq tarixi bilan bog’liq bo’lgan, folklorning roli juda kattadir. Turkman folklorida ashula, qo’shiq, ertaklar bilan birga “Yusuf va Zulayxo”, “Layli va Majnun”, “Shohsanam va G’arib”, “Zuhra va Tohir”, “Asli va Karam” kabi dostonlar O’rta Osiyoda yashovchi boshqa xalqlar og’zaki ijodida ham uchraydi. Ayniqsa, “Go’ro’g’li” turkumidagi dostonlarning ko’pchiligi o’zbek va ozarbayjon xalqlaridagi shu nomdagi dostonlarning variantlari bilan hamohangdir.

 

      Ayniqsa, O’g’izxon haqidagi qadimgi rivoyatlar bevosita turkman xalqining ham madaniy merosi bo’lib hisoblanadi. Turk-o’g’uz qabilalariga tegishli bo’lgan bu asar asrlar davomida shakllanib epos darajasiga ko’tarilgan. Ayrim tarixiy ma’lumotlarga qaraganda 531-579 yillarda Eronda hukmronlik qilgan Anushervonning vaziri Buzrug Mehr bu eposni («Ulug’xon ota jangnomasi bitigi» nomli asarni) turk tilidan fors tiliga tarjima qilgan. Xalifa Xorun ar-Rashid (763-809) davrida esa bu kitob arab tiligi o’girilgan. Ana shu asar «O’g’iznoma»ning  qadimgi varianti deb taxmin qilinadi. Asarda O’g’izxonning tatar qabilasidan bo’lgan Alp Arslon avlodiga mansubligi haqida ma’lumot beriladi. U yoshligida ona sher sutini ichib ulg’ayganligi, odamlarga qirg’in keltirayotgan vaxshiy Tepako’zni va bir shoxli devni o’ldirgani hamda boshqa qahramonliklari hikoya qilinadi.

 

«O’g’iznoma»ning uyg’ur yozuvida XIV asrga oid qo’lyozmasi hozir Parij milliy kutubxonasida saqlanmoqda. «O’g’iznoma» eposi turkiy xalqlarning kelib chiqishi haqida ma’lumot beruvchi eng qadimgi manbalardan hisoblanadi. Unda ibtidoiy davrga oid mifologik obrazlar ham bor. Masalan, O’g’izxon yoshligida osmondan tushgan bir pariga uylanadi va undan Kun, Oy, Yulduz nomli uch o’g’il bo’ladi. Keyin esa o’rmonda bir qizni uchratib, unga uylanadi. Undan ham Ko’k, Tog’, Dengiz nomli uch o’g’il ko’radi. Keyin qo’shni davlatlarga yurish qilib, juda ko’p joylarni bosib oladi. Unga bu janglarda, ov yurishlarida go’yoki, bir ko’k bo’ri doimo hamroh bo’larkan. Bo’rining maslahati bilan ish olib borib, katta g’alabalarni qo’lga kiritadi. O’g’iz xoqon Tibet, Hind, Suriya taraflarni ham qo’lga kiritadi. Keyin dono vaziri Ulug’ Turkning maslahati bilan saltanatni bolalariga bo’lib beradi. Bu esa go’yoki, Chingizxonga nisbat berilgandek tuyuladi. Chunki qo’lyozma ko’chirilgan davrda Chingizxon sulolalarining mavqyei juda baland edi.

 

 Abulg’ozi Bahodirxonning «Shajarai tarokima» asarida ham turkman xalq og’zaki ijodiga oid ko’plab rivoyatlar keltirilgan. Masalan, Bug’raxon Samarqand, Buxoro va Xorazmni adolat bilan boshqaradi. Qariganda saltanatni o’rtanchi o’g’li Qo’ziteginga beradi. Bug’raxonning aqlli va uch o’g’lining onasi bo’lgan xotini vafot etadi. Ma’lum vaqt o’tgach, o’g’li g’am bosgan otasining ko’nglini olish uchun Ko’rkam nomli go’zal qizga uylantirib qo’yadi. Qizning ko’ngli esa Qo’ziteginda edi. Makkor qiz Qo’zitegindan o’ch olish uchun, oqshom Qo’zitegin mening chodirimga keldi, deb unga tuhmat qiladi. Lekin tezda bu ayolning makkorligi fosh etilib dorga osiladi.

 

Turk-o’g’uz qabilalarining barchasiga taalluqli bo’lgan madaniy meroslardan yana biri «Kitobi dada Qo’rqut» nomli mashhur eposdir. Bu asar XV asrning oxirlarida Abdulloh nomli kishi tomonidan tuzilgan. Kitob mustaqil hikoyatlardan tashkil topgan 12 qissadan iboratdir. Birinchi qissada  Dirsaxonning o’g’li Bug’rochxon mard va jasur bo’ladi. U otasining  40 ta navkari sotqin va qo’rqoq ekanligini fosh qiladi. Ular esa Bug’rochxonni otasiga yomonlab, unga tuhmat qiladi. Bunga ishonib g’azablangan bek, o’g’lini o’limga buyuradi. O’g’lini o’limdan onasi zo’rg’a qutqarib qoladi. Oxir oqibat, ana shu navkarlar bekning o’zini ham til biriktirib, o’ldirmoqchi bo’ladilar. Oxirgi vaziyatda o’g’li otasini 40 ta navkarning tajovuzidan saqlab qoladi. Bu qissada sotqinlik va baxillik qoralanadi.  

 

Ikkinchi qissada esa O’g’uz qabilasi boshliqlaridan biri Qozon-Solar o’z navkarlari bilan ovga chiqib ketganda, uning dushmanlari bo’lgan gyaurlar bekning uyiga hujum qilib, xotini va bola-chaqalarini asir qilib olib ketadi. Lekin uning qo’ylarini va yilqilarini olib ketolmaydi. Chunki oddiy cho’pon katta mardlik va tadbirkorlik ko’rsatib mollarni saqlab qoladi. Ovdan qaytgan Qozon-Solar dushmanlarga qarshi jangga kirib, oila a’zolarini asirlikdan ozod etadi. Bu qissalarda qadimgi bosqinchilik urushlari qoralanadi va qabila sha’nini himoya qilgan mard, jasur o’g’lonlar ta’riflanadi.

 

         Uchinchi qissada mard, jasur yigit Bomsi-bayroq haqida hikoya qilinadi. Ikki bek uzoq vaqt bolali bo’lmaydi. Keyin esa ularning nolasi Tangriga yetib biriga qiz, ikkinchisiga o’g’il farzand ato qiladi. Ular katta bo’lishgach, bir-birini sevadi. To’y bo’layotgan kuni dushmanlar bostirib kelib kuyovni, Bomsi-Bayroqni, asir qilib olib ketadi. U asirlikda o’n olti yil bo’lib, qaytib keladi. Kelgan kuni uning sevgan qizini boshqaga uzatayotgan bo’ladi. Yigit qizni olib ketib o’zi uylanib oladi. Keyin esa Bayburd qal’asiga hujum qilib, qolgan asirlarni ham ozod qiladi. Bu qissadagi tasvirlangan voqyealar turkiy xalqlarning ko’pgina dostonlarida ham uchraydi. Masalan, «Alpomish», «Shohsanam va g’arib», «Tohir va Zuhro» kabi dostonlarda ham shunga o’xshash epizodlar bor.

 

         To’rtinchi qissada Qozonbekning o’g’li O’ruzbekni dushmanlar ov paytida tusatdan hujum qilib asirga oladi. Keyin Qozonbekning o’g’lini asirlikdan ozod qilish uchun olib borgan urushlari hikoya qilingan.

 

         Beshinchi qissada Ozroyil kasal yigit Dumrulning jonini oladi. Lekin yigit Ozroyilning bu qilmishidan xudoga shikoyat qiladi. Xudo esa bu shakkok yigitga g’azab qiladi. Lekin yana rahmi kelib yer yuzida agar sen uchun jonini beradigan biror bir kimsa topilsa, jonini qaytarishni shart  qilib qo’yadi. Yigitning ota-onasi o’z jonlarini o’g’li uchun berishni xohlamaydilar. Yigitning xotini esa bunga rozi bo’ladi. Xudo ayolning bu mardligini ko’rib, yigitning jonini qaytaradi. Eru xotin bu dunyoda 140 yil baxtli hayot kechiradi.

 

    Oltinchi qissada Qangli xo’jasining o’g’li Xon-To’ralining uylanishi bilan bog’liq voqyealar hikoya qilinadi. Boshqa yurtdan uylangan yigitga o’sha yurtning yigitlari hujum qilgani va bu urushda Xon-To’ralining g’olib kelganligi tasvirlanadi. Ayniqsa, qizning otasi yigitga qo’ygan shartlarining bajarilishi ancha qiziqarli berilgan. Yigit sherni, qora ho’kizni va qora tuyani yengib shartni bajaradi.

 

         Yettinchi qissada Qaziliq xo’janing 15 yashar o’g’li o’g’uz urug’ining dushmanlariga qarshi olib borgan kurashi tasvirlangan.

 

         Sakkizinchi qissada o’g’uz qabilalariga hujum bo’lganda ular boshqa joyga qochib o’tadi. Ana shu ur-surda bir chaqaloq qolib ketadi. Uni ona sher topib olib, sutidan berib ulg’aytiradi. Bu yillar o’tib yana o’sha joyga ko’chib kelganda bola yana o’z qabiladoshlarini topadi. Bolaning otasi Arusxo’ja o’z o’g’lini taniydi va unga Basad deb ism qo’yadi. Bu yerlarda Tepako’z nomli bir ko’zli bahaybat vaxshiy yashaydi. Uning otasi cho’pon, onasi esa parilardan bo’lgan ekan. Bu devsifat vaxshiy juda kuchli va qo’rqinchli bo’lgan. Atrofdagi xalq har kuni unga 500 ta qo’y, 2 ta odam berib turgan. Basad ana shu qo’rqinchli devni yakkama-yakka olishuvda yengadi va xalqni uning zulmidan ozodlikka chiqaradi.

 

         To’qqizinchi qissada o’g’uz qabilalarining yangi bosib olgan joylaridagi hayoti tasvirlangan. Bunda Emram nomli mard yigitning jangda o’zi yarador bo’lgan otasining o’rnini bosib, qabilasini dushmandan himoya qilganligi yozilgan. Davlat chegaralari uchun olib borilgan janglar, ya’ni o’g’uzlar va gruzinlar urushi tasvirlangan.

 

         O’ninchi qissada esa Ushunxo’janing katta o’g’li Egrek Gyaurlar bilan jangda asirga tushadi. Uni asirdan ozod qilish uchun esa ukasi Sergak urushga ketadi va akasini asirlikdan ozod qiladi.

        

O’n birinchi qissada «O’g’uznoma» qahramonlaridan biri Qozon-Solarning g’aflatda qolib dushmanlar qo’liga tushgani va uning o’g’li O’g’uzxon tomonidan ozod etilgani haqidagi rivoyatlar hikoya qilingan.

 

         O’n ikkinchi yakunlovchi qissada o’g’uz qabilalarining mansab va lavozim talashib bir-biri bilan olib borilgan janglari yozilgan. Qozon-Solarning tog’asi Aruz beklar begi lavozimini egallash uchun Qozon-Solarga hujum qiladi. Uning yaqin yordamchisi Bamsi-Bayroqni o’ldiradi. Keyin Qozon-Solar Aruzbekka hujum qilib ularni yengadi. Bu jangda Aruzbek ham vafot etadi.

 

         Xullas, «Kitobi dada Qo’rqut»da o’g’uz-turk qabilalarining tarixi bilan bog’liq ko’plab voqyealar hikoya qilingan. Bu asarning dastlabki qismlaridagi voqyealar tasviridan ma’lum bo’lishicha, asar dastlab Turkistonda, ya’ni O’rta Osiyoda shakllangan. Keyingi qismlarida esa voqyealar o’g’uz-turk qabilalarining yangi vatani bo’lmish Kavkaz va Kichik Osiyoda kechadi. Albatta, eposdagi barcha voqyealar tarixiy bo’lib o’tgan deb bo’lmaydi. Ularning xalqning og’zaki ijodi deb tushunmoq kerak. Lekin o’g’uz-turk qabilalarining tarixi bilan bog’liq aniq voqyealar tasviri ham eposda anchagina uchraydi. «Kitobi dada Qo’rqut» deb atalishining sababini ayrim tadqiqotchilar Qo’rqut degan baxshi yoki islomgacha bo’gan davrdagi Shamanning nomi bo’lishi mumkin deb taxmin qiladilar. Toshkentga yaqin joyda «Xorxud» degan joy nomi bilan bog’lovchilar ham bor. Nima bo’lsa-da, bu kitob turkiy xalqlarning muqaddas tarixiy eposi bo’lib, bu asrlar davomida xalqni botirlikka, jasurlikka o’z yurtini, elini or-nomuslarini dushmanlardan himoya qilishga o’rgatib kelgan.

 

“Chambil mamlakati hokimi Jig’alibek qarigan chog’ida hokimiyatni sevikli o’g’li Alibekka beradi. Alibekning homilador xotini farzand ko’rish oldidan vafot qiladi. Tez orada Alibek ham dunyodan o’tadi. Oradan ko’p o’tmay bir cho’pon Alibekning otasi Jig’alibekka podadagi echkilardan biri har kuni qabristonga borib, u yerdagi nimaningdir bolasini emizib qaytishini xabar qiladi. Tekshirib qarasalar, Alibekning xotini qabrida bir o’g’il bolani emizib qaytar ekan. Go’rda tug’ilgan bu bolaga Go’ro’g’li deb nom qo’yadi”. Yana bir rivoyatda esa Go’ro’g’li yoshligida bobosi Jig’alibek bilan Xunxor podщosi xizmatida bo’ladilar. Podsho Jig’alibekni yomon ot tanlagani uchun ko’zini o’ydiradi. Keyin shu otni berib saroydan haydaydi. Shu ot Go’ro’g’lining mashhur tulpori G’irot edi. Shuning uchun Jig’alibekning nevarasini Ko’ro’g’li deb atashgan. Xullas, Go’ro’g’li nomi bilan bog’liq ko’pgina rivoyatlar turkman dostonchiligidan o’rin olgan. Go’ro’g’li obrazi mard, adolatli, dono xukmdor sifatida ishtirok etadi. Bu dostonning anchagina qismi nasrda yozilgan.

 

Yoki yana bir variantida Go’ro’g’li bobosi bilan Amudaryo bo’ylarida yashaydi. Ular bu yerda ajoyib toychoqni olib tarbiyalaydi. Ana shu toychoq bir kuni yo’qolib qoladi. Bobosi uni izlab topishni Go’rug’liga buyuradi. U toychoqni izlab bir daraxtning tagida uxlab qoladi. Tushida qirq chiltanlarni ko’radi. Ularning har biri Go’ro’g’liga bir kosadan sharob beradi. Uyqudan uyg’onganda esa uning oldiga Hazrat Ali keladi va u bir tovush qilgan edi, yo’qolgan toychoq yetib keladi. Hazrat Ali uni duo qilib, bir qilich beradi, bu qilich bilan har qanday dushmanni yengish mumkin ekanligi aytiladi. Go’ro’g’liga 120 yil yashaysan va 72 ta tilni bilasan deb duo qiladi, lekin farzand berishni rad qiladi.  (Ozarbayjon eposida esa Darbendga borib kurd qiziga uylanadi va bir o’g’il ko’radi).

 

Turkman eposida Go’ro’g’li tushida ko’rgan Aga Yunus va uning singlisi Gulshirin nomli go’zal parilarga uylanadi. Avaz ismli bolani Xunxor mamlakatidan olib kelib o’g’il qilib oladi. Rayhon arab va boshqa dushmanlariga qarshi kurashadi. El-yurtini dushmanlardan hamoya qiladi. Guro’g’li 120 yil yashaydi. Bu davrga kelib uning barcha safdoshlari o’lib ketadi. Faqat Gulshirin va oti G’irot qoladi. U juda ko’p g’amga botib, umrining oxirida ham dushmanlar bilan jang qiladi va jangda mardlarcha halok bo’ladi.

 

Turkman latifalarida dono, tadbirkor, har qanday qiyinchiliklardan ham osongina qutulib ketadigan Kamina obrazi ham bor. Bu Afandi, Aldarko’sa, Mushfiqiy kabi obrazlarga o’xshash.

 

O’g’uz qabilalarining g’arbga yurishi va ko’plab hududlarni zabt etishi bilan turkman xalqi etnogenezisida bir qancha o’zgarishlar sodir bo’ldi. Turkman millatiga mansub aholi hozirgi Turkmaniston hududidan tashqari dunyoning boshqa joylarida ham ko’plab yashab kelmoqda. Ayniqsa, turkmanlar Afg’oniston, Ozarbayjon, Turkiya va Iroq kabi mamlakatlarda ko’plab uchraydi. Ana shu xalqning qadimgi boy madaniyatida turk va eron madaniyatining sintezlashgan holatiga duch kelamiz. Dastlab ko’plab turkman ijodkorlari o’z asarlarini fors tilida yozganlar. Masalan, XIV-XVI asrlarda yashagan Hakimiy, Anisiy, Susoniy, Bayramxon, Rahim, Nosir Saljuqiylar fors tilida ijod qilgan. XVI asrning birinchi yarmida yashagan, kelib chiqishi asli turkman bo’lgan Mirzo Barxurdor turkmanning «Mahbubul qulub» nomli axloqiy-didaktik asari turkman adabiyotida katta o’rin egallaydi. Bu Navoiy an’analarining turkman adabiyotidagi bir namunasidir. Bu asarga turkman xalqining ko’plab afsona va rivoyatlari ham kiritilgan. Masalan, bunga «Ra’no va Zebo», «Iso va cho’pon» kabi rivoyatlarni ko’rsatish mumkin. Bu kitob XIX  asrda shoir Komil Xorazmiy tomondan o’zbek tiliga tarjima qilingan edi.

 

XIV  asrda Kichik Osiyoda yashab ijod qilgan shoir Burhoniddin Ahmad Sivasiy asli turkmanistonlik bo’lgan. Bu shoirning ishqiy-intim temada yozgan lirik she’rlari va tuyuqlari bizgacha yetib kelgan.

 

Asli ozarbayjonlik bo’lgan, lekin she’rlari turkman tiliga yaqin bo’lgan o’g’uz shevasida yozgan Said Imomiddin Nasimiyning turkman yozma adabiyotining rivojlanishiga katta hissasi bor. Ko’pgina turkman shoirlari o’z ijodlarida Nasimiyga ergashdi va uning mohoratidan o’rgandi.

 

Ma’lumki, Nasimiy (1369-1417) Ozarbayjonning Shamaxi shahrida hunarmand kosib oilasida tug’ilgan. Maktab va madrasalarda o’qib, shuningdek, riyozat, falakiyot kabi fanlarni ham, arab, fors tillarini ham mukammal o’zlashtirib olgan. U ozarbayjon, fors, arab tillarida ijod qildi. Nasimiy Ozarbayjonning atoqli mutafakkir shoiri Fazlulloh Naimiy (1339-1396) bilan do’stlashadi, uning ijodidan o’rganadi. U shoir hurufiylik tariqatining asoschisi edi. Nasimiy hurufiylik mazhabini qabul qiladi. Hurufiy mazhabidagi kishilar mavjud siyosiy tuzumga qarshi boradilar. Shuning uchun Fazlulloh Naimiyni Amir Temurning o’g’li Mironshoh vahshiyona tarzda qatl etishga farmon beradi. U qamoqda «Vasiyatnoma» yozib yashirin ravishda Nasimiyga yetkazadi. Bu vasiyatnomaga binoan Nasimiy ustozining kichik qiziga uylanadi. Uning tariqatini davom ettirish uchun Bog’dodga ketadi. U Turkiyada ham bir necha yil yashaydi. Nasimiy inson uchun eng zarur bo’lgan erk va ozodlikni ulug’lab she’rlar yozadi. Riyokorlikni, zulmni, adolatsizlikni esa o’z she’rlarida qattiq qoralab, reaksion ruhoniylarning tazyiqiga uchraydi. Keyinchalik Xalab shahrida Misr sultoni Muayidning topshirig’i bilan 1417 yilda vahshiyona qatl etiladi.

 

Reaksion ruhoniylar hur fikrli Nasimiyga qarshi turli yo’llar bilan hujum qildi. Bir rivoyatda keltirilishicha, Nasimiy Antop viloyatining hukmdori bilan yaqin munosabatda bo’lgan. Uning dushmanlari buni ko’rolmay, hukmdorga turli yo’llar bilan Nasimiyni yomon ko’rsatishga harakat qilgan. Ular Yosin su’rasidan bir nusxa ko’chirib shoir kovushining charmi orasiga yashirib qo’yishgan. Hukmdor oldida Nasimiydan Qur’on su’rasini oyoq osti qilgan qanday jazoga loyiq deb so’rashgan. U esa bunday kishining terisini tiriklayin shilish kerak deb javob beradi. Unga sen o’zing haqingda o’zing fatvo berding, deb kovush orasidagi sur’asini chiqarib ko’rsatibdi va uning terisini tiriklayin shilib olishibdi. Reaksion ruhoniylar shoirni dinsiz, kofir deb e’lon qildi. Lekin shoirning xalq  orasida obro’yi juda baland bo’lib, u butun Sharq tarixida mardlik, fidoyilik timsoli sifatida e’zozlanadi.

 

Hurufiylar arab alifbosidagi 32 ta harfni muqaddas hisoblab, uni dunyoning butun sirlarining ramzi va ifodasi deb biladi. Ularning fikriga ko’ra, Xudo yashirin bir xazina bo’lib, o’z borlig’ini oshkor qilmoq va o’zini tanitmoq uchun insonlarni yaratgandir, o’z borlig’ini insonda tajassum etgan. Ular nazdida xudo yuksak ma’naviy fazilatga ega bo’lgan, adolatli inson hurufiylarning rahbari Fazlulloh Naimiy qiyofasida o’z ifodasini topgan. Yuksak axloq, ma’naviy go’zallik, adolat va muqaddaslik ramzi Fazlulloh yo’lidan borish kerak. Shunda zulm, adolatsizlik, riyokorlik barbod bo’lishi mumkin, deb o’ylashadi.

 

Nasimiy o’z she’riyatida adolat va sadoqatni, halollik va pokizalikni olqishlaydi. Insonlarni bir-biriga mehr-muruvvatli bo’lishga undaydi. Lekin uning zamonida mehr-muruvvat, sahovat yo’qligidan noliydi.

 

Ey qilon da’vaki shoham, adlu insofing qani?

Chun safo ahlindan o’lding, mashrabi sofing qani?

 

Hayotdagi adolatsizliklar, cheksiz alam va iztiroblar, ayniqsa, amaldorlarning pastkashligi, poraxo’rligi, ikkiyuzlamachiligidan shoir nafratlanadi. Bir she’rida shoir pastkash, riyokor, o’ta ketgan poraxo’r odamning ko’pchilik ichida o’zini farishta qilib ko’rsatib, adolat va halollik to’g’risida va’z qilganidan nihoyatda g’azabga tushadi.

 

Falak aksga davr aylar, magar oxir zamon o’ldi.

Qafasda tutiyu qumri, chamanlarda g’urob o’ynar.

 

Yoki:

 

Bori mehnatdir jahonning, na tilarsan, ey ko’ngul,

La’nat o’lsun bu jahonga, ham jahonning borig’a.

 

 

 

Shoir she’riyatida ishqiy mavzu ham keng ishlangan. U mavjud borliqning, shu dunyoning go’zallarini hamma narsadan baland qo’yadi.

 

Hizr agar zulmatga bordi, istadi obi hayot,

Men dudog’ing chashmasida obi hayvon topmisham.

 

 Shoir she’riyatida bu kabi go’zal misralar juda ko’plab uchraydi.

 

Nasimiy shu dunyodagi har bir narsada xudoning mahsulini, jamolini ko’radi. Shuning uchun u insonni haqorat qilish xudoni haqorat qilish bilan barobardir deydi. Chunki inson ruhi oxir-oqibat xudoga qo’shilib ketadi degan g’oya uning she’riyatida ham yetakchi g’oya hisoblanadi. Buni  shoirning quyidagi ikkilik she’ri ham isbotlaydi.

 

Haq taolo odam o’g’li o’zidir…

Jumla olam bilki olloh o’zidir.

 

XV asrda yashagan Vafoi nomli shoir ham turkman adabiyotida ancha mashhurdir. Chunki u Ahmad Yassaviy an’analarini davom ettirib, tasavvuf falsafasi g’oyalarini she’r qilib yozar edi. Bu shoir asari tasavvuf lirikasining go’zal namunasi sifatida xalq orasida mashhur bo’lgan.XVII asrda yashagan shoir Ozodiy ham o’z ijodida tasavvuf g’oyalarini targ’ib qilgan. Uning «Va’zi Ozodiy» she’rlar to’plami meros bo’lib qolgan.

 

Ozodiy xalqni xonavayron qiluvchi o’zaro urushlarni qoraladi. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, u Gurgon hokimi Alixonga qarshi xalqni qo’zg’olonga chaqirgan. Shoir «Ozodiy» taxallusini ham bekorga qabul qilmagan. U erk va ozodlik haqida juda ko’p qo’shiq va g’azallar yozgan. Shoirning «Va’zi Ozod» nomli dostoniga olti ming misraga yaqin she’r kiritilgan. Bu kitobdagi asosiy g’oya ham inson erkiga bag’ishlangan bo’lib, unda didaktik pand-nasihatlar ham ko’p o’rin olgan. Dostonning birinchi bobi «Shohlar ta’rifi» deb yuritiladi. Bunda shoir Navoiy an’analarini davom ettirib, adolatli hukmdorlar haqida fikr yuritadi.

 

Turkman klassik adabiyotida didaktika, ya’ni pand-nasihat katta o’rin egallaydi. Ozodiy, Mahtumquli, Mulla Napas singari shoirlar ijodining katta qismini pand-nasihat mavzusidagi asarlardan iborat. Turkman klassik adabiyotining taraqqiy etgan davri XVIII-XIX asrlarga to’g’ri keladi. Chunki bu davrda Shoir Shabondalining “Shoh Bohrom”, “Gulu Bulbul”, “Xo’jamberdi” kabi dostonlari va ko’plab she’rlari, Ma’rifiyning “Sayful-muluk”, “Midhol shamol”, “Yusuf va Ahmad”, “Davlat er” dostonlari, Shaydoiyning “Qissai Sanobar” kabi dostonlari juda mashhur bo’ladi.

 

Andalib ijodi turkman adabiyotining rivojida katta rol o’ynaydi. U ko’plab she’rlar va “Layli va Majnun” dostonini yozdi. Bu doston Navoiy asarining syujetini saqlasa-da, unda XVIII asr turkman xalqlarining hayotidagi voqyealarni o’zida badiiy aks ettirilgan. U Navoiy asariga nisbatan ancha ixcham, ko’pgina epizodlar tushirib qoldirilgan. Lekin shunda ham doston syujetiga putur yetmagan. Layli va Majnun o’rtasidagi she’riy dialoglar, g’azal va masnaviylar bu dostonda mahorat bilan yozilgan.

 

Shoir bundan tashqari, «Sa’d vaqqos», «Zaynul arab», «Yusuf va Zulayho», «O’g’uznoma» singari dostonlar ham yozgan. 1200 misraga yaqin lirik she’rlari yetib kelgan.

 

Andalib turkman va o’zbek adabiyotining yirik klassigi bo’lib hisoblanadi. 1976 yilda Turkmaniston Fanlar Akademiyasining «Ilim» nashriyoti shoirning lirik she’rlarini alohida nashrdan chiqardi. Kitobga so’z boshi yozgan olim A.Meredov Andalib haqida yangi ma’lumotlar ham bergan. U shoirning asli vatani Toshhavuz ekanligi, keyin esa Xivaga ko’chib borganligi haqida yozadi. U umrining ko’p qismini Urganchda o’tkazgan. Navoiy ijodidan o’rganib, uning 17 ta g’azaliga muxammas bog’lagan. Shoir she’riyatida mashhur o’zbek shoiri Boborahim Mashrab murabba’larining ham ta’siri yaqqol ko’zga tashlanadi.

 

Kecha va kunduz seni gezlarman,

Ko’chama-ko’cha seni izlarman.

Har kim yo’liqsa sendan so’zlarman,

Ko’rdim yuzingni, alhamdulilloh.

 

Shuni ham aytish kerakki, o’z navbatida ko’plab o’zbek shoirlari Andalib ijodidan o’rgandi, uni o’zlariga ustoz deb bildilar. Masalan, Furqat o’zining mashhur «Sayding qo’yaber sayyod» musaddasini Andalibning shu nomli asaridan ilhomlanib yozgan.

 

Turkman klassik adabiyotining asoschisi Ozodiyning o’g’li Maxtumquli mamlakatda Eron shohlari hukmronlik qilgan davrda yashadi. U Xivada Sherg’ozixon madrasasida ta’lim oldi. Eron qo’shinlari bilan bo’lgan janglarda asir tushib, bir necha vaqt Eronda ham bo’lgan. Maxtumqulining ijodi turkman klassik adabiyotining cho’qqisi hisoblanadi. Hayotning achchiq-chuchugini totgan shoir, ko’p safarlarda bo’ldi. Katta hayot tajribasi, o’zbek va tojik adabiyotini yaxshi o’zlashtirgani sababli, u xalqqa manzur bo’lgan ko’plab g’azallar, ruboiylar, qit’alarni Firog’iy taxallusi bilan yaratdi. Shoir ijodi juda mashhur bo’lganligining sabablaridan biri, unda tasavvuf she’riyatining an’analari mavjudligida edi. Chunki shoir she’rlarida tasavvuf falsafasi g’oyalari targ’ib qilindi. U xalq diliga yaqin bo’lgan ozodlik va erk haqida she’rlar yozdi. Masalan, “Baxt qushi”, “Chaqiriq” nomli she’rlari turkman xalqini birlashishga, ularni eron bosqinchilariga qarshi kurashga chorlaydi. Shoirning ko’pgina misralari hikmat darajasiga ko’tarildi. U mehnatkash xalqning noroziligini ifodalagan “Zamonlar”, “Axtaradi”, “Ko’pning hayoti” kabi asarlar yaratdi. Maxtumquli she’riyatining shuhrati o’zbek kitobxonlari orasida ham keng tarqalgan. Uning ko’pgina she’rlari qo’shiq qilib aytiladi. Tanlangan asarlari bir necha marta nashr qilingin.

 

    Maxtumquli faqat turkman adabiyotining emas, balki barcha turkiy xalqlar adabiyotining faxri hisoblanadi. Uning she’rlari Turkmanistonda qanday e’zozlansa, O’zbekistonda ham xuddi shunday qadrlidir. Shoir she’rlarida tasavvuf falsafasi ma’naviyati kuylanadi. Ayniqsa, naqshbandiylik tariqati g’oyalari Maxtumqulining har bir she’rida uchraydi. O’rta Osiyo turkiy xalqlarining ruhiga mos ohanglar, uning she’riyatini juda mashhur qilib yuborgan. Shoirning «Ko’ring», «Raygon ayladi», «Bo’lmas», «Na’masan», «O’tib boradir» kabi she’rlaridagi pand-nasihat o’quvchiga juda ta’sirli qilib berilgan. Bu she’rlardagi aytilgan fikrlar «Qur’on» va «Hadis»dagi hikmatlarning aks-sadosiday jaranglaydi.

 

Kimlar toju taxtda farmonlar bitib,

Kimlar saman minib, yo’llarni o’tib,

Kimlar padarini, elin xor etib,

Gunoh zindoniga botib boradir…

 

Maxtumquli, kimsa dashtlarda sarson,

Kimsa aylar bo’ldi zolimdek farmon,

Kimlar bu dunyoda chekadi armon,

Kimlar xandon bo’lib o’tib boradir.

 

         Ko’rinib turibdiki, bu misralarda davr va shaxs o’rtasidagi ziddiyatlar orqali hukmdorlarni, zolimlarni insofga chaqirmoqda. Shoirning ijodida bunday mazmundagi she’rlar anchagina bo’lib, ularda oddiy turkman xalqining orzu-umidlari, o’y-xayollari, kelajak haqidagi shirin xotiralari o’z aksini topadi. Vatanparvar shoir ijodi el-yurt dardi bilan hamohang bo’ldi. Adolatli hukmdorlar, insofli boshliqlar yurtni himoya qiladi, elni turli g’alamislarga talatgani qo’ymaydi. Agar boshliqlar noinsof bo’lib, ular faqat o’z manfaatini o’ylasalar, ishi-dardi pora olib, xalqni xonavayron qilsalar qiyomat degani shu bo’ladilar.

 

Shohlarda qolmadi hukmi adolat,

Bir pul uchun mufti berar rivoyat,

Bil, bu ishlar nishonayi qiyomat,

Zolimlar betavba o’ta boshladi.

 

         Maxtumqulidan sal oldinroq yashab o’tgan mashhur o’zbek shoiri Turdi Farog’iy o’zbeklar yurtidagi bosh-boshdoqchilik, parokandalik, o’zaro kelishmovchiiklarni qattiq qoralab:

 

Tor ko’ngullik beklar man-man demang, kenglik qiling,

To’qson ikki bari o’zbek yurtidur, tenglik qiling,

 

deb xalqni birlashishga, inoq, ittifoq bo’lib yashashga chaqiradi.

 

         Bundan sal keyinroq yashagan Turkman shoiri Maxtumquli Firog’iy esa o’zining «Turkman binosi» she’rida xuddi Turdi she’riga hamohang she’r yozib turkman urug’larini birlashishga chaqiradi.

 

Taka, yovmut, yazir, go’klang, ahal eli bir bo’lib,

Gar qilsa bir joyga yurish, ochilar gullolasi.

 

         Bundan shu narsa ma’lum bo’ladiki, bu davrda Markaziy Osiyoda yashayotgan turkiy millatlarda o’z-o’zini anglash tushkunlik davridan o’zini o’nglab olishga intilishga harakat kuchaya borgan.

 

Turkman adabiyotining XVIII asrdagi yana bir yirik vakili Qurbonali Ma’rufiy hisoblanadi. Shoir haqida uning asarlarida ayrim ma’lumotlar bor. Ana shu ma’lumotlarga qaraganda shoir Mang’ishloq, Kerki, Xiva va Urganch kabi joylarda yashagan, o’qigan. Uning she’rlaridan, dostonlaridan ma’lumki, shoir arab va fors tillarini mukammal bilgan, o’z davrining yetuk ziyolilaridan bo’lgan. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda Ma’rufiy davlatning harbiy boshliqlaridan biri bo’lgan, uning urug’i «Emirat» deb nomlanishiga qaraganda shoirning avlod-ajdodlari ham yuqori tabaqa harbiylaridan bo’lgan.

 

         Shoir «Davlatyor» nomli dostonida o’zbeklarning qo’ng’irot urug’idan bo’lgan harbiy arbob Davlatyor haqida yozgan. Davlatyor yoshligida turkmanlar ichida voyaga yetgan. Ma’rufiy bilan yaqin do’st bo’lgan. Davlatyorning boshidan o’tgan voqyealar, uning  dushmanlar bilan urushda ko’rsatgan jasoratlari o’z tilidan hikoya qilingan.

 

         Shoirning «Turg’unxo’ja» dostonida esa To’xtamishxon davrida bo’lib o’tgan voqyealar, podsho saroyidagi turli intrigalar haqida hikoya qilinadi. Uning qahramonlik dostonlaridan biri «Yusuf va Ahmad» bo’lib, bunda Isfahon viloyati hokimi Bo’z o’g’lon jiyanlari Yusuf va Ahmad bilan kelishmay qoladi. Keyin jiyanlari Xorazmga o’z qavmi bilan ko’chib keladi. Xorazm xoni G’azalshoh ularni yaxshi kutib oladi, ikkovini ikki viloyatga hokim qilib qo’yadi. Lekin o’rtada turli gap yetkazuvchilar bularning munosabatiga rahna soladi. Keyin shoh ularni zindonga tashlaydi. Ular yetti yil zindonda yotadi va bir balo qilib, u yerdan qochib chiqadi. Ular yurtiga borishadi. Xotinlari bularni o’ldi hisoblab, boshqaga turmushga chiqayotganligining ustidan chiqadi. Keyin ular xalqni yig’ib G’azalshohga hujum qilib, uni yengadi. Zindonda yotgan donishmand qariya Boboqambarni ozod qiladi. Bu dostonning o’zbeklarda folklor varianti ham bor.

 

XVIII asr oxiri XIX asr boshlarida yashab ijod etgan turkman shoirlari Saidiy, Miskin Qilich, Zeliliy kabi shoirlar Maxtumquli an’analarini davom ettirdi.

 

Turkman adabiyotining XIX asrdagi yirik vakillaridan biri Mo’llanapas bo’lib, uning ijodi XIX asrning birinchi yarmiga to’g’ri keladi. Shoir ijodida xalqning chekkan og’ir turmushi, ocharchilik, kambag’allikning mashaqqatlari o’z aksini topgan. Mullanapas turkman xalqining eron bosqinchilariga qanday urush olib borganligini o’z she’rlarida mahorat bilan ko’rsatadi. Turkman poeziyasiga ijtimoiy motivlarni kiritdi, xalq qo’shiqlariga yaqin vaznda she’rlar  yozdi. Dialog tarzidagi aytishuvlar ham shoir she’riyatida anchaginadir.

 

         Mullanapasning ukasi dong’i ketgan baxshi bo’lgan. Uning repurtuarida ko’plab xalq dostonlari bo’lgan. Mullanapas ham ba’zan qo’liga soz olib, minglab misralarni kuyga solib xalq orasida kuylab yurgan.

 

         Shoirning «Gelmisham» dostonida dunyoviy sevgining hamma narsadan ustun ekanligi aks ettirilgan. Bu lirik dostonda bir ajoyib go’zal qiz bilan Napas nomli o’smirning haqiqiy pokiza muhabbati kuylangan. Qizning jonini olish uchun samodan tushgan farishta Azroil uning go’zalligi, ma’sumaligini ko’rib, bu ishni bajarmay qaytadi. Bundan g’azablangan Xudo boshqa bir farishtani yuboradi. U ham bu ishni bajarishga ko’ngli bo’lmaydi. Keyin Xudo bu ishni bajarishga ko’plab uz noiblarini, yaqinlarini yuboradi.   Lekin bularning barchasi bu ishlarni bajarishni rad qiladi. Hatto Luqmoni hakim ham bu masalada xudoning aytganini qilolmasligini bildiradi. Shundan keyin Xudoning o’zi Arshi a’lodan tushib, bu qizni ko’rib, uning husni va malohatiga qoyil qoladi. Unga uzoq umr, baxt saodat, sevgi-muxabbat baxsh etadi. Bu bilan shoir haqiqiy insoniy, pokiza muhabbatni targ’ib qiladi.

 

         Shoirning «Bobo Ravshan» va «Zuhra va Tohir» kabi dostonlari ham katta mahorat bilan yozilgan. “Zuhro va Tohir” dostoni esa, o’zbek dostonlaridan shu nomli doston syujetiga o’xshasa-da, undan o’z originalligi bilan farqlanadi. Doston oxirida Tohir-Zuhrolar Alloh qudrati bilan tirilib, dushmanlarga qarshi kurashadi va maqsadlariga yetadi. Bu bilan shoir pok dunyoviy sevgi o’lim ustidan g’alaba qilganligini ko’rsatib berdi. Umuman shoir asarlarida optimistik ruh ustun turadi.  

 

Shu davrda yashagan turkman shoirlaridan biri Kaminadir. U ajoyib lirik va satirik she’rlar muallifi sifatida turkman adabiyoti tarixida iz qoldirgan. Uning she’rlari xalq orasiga shu qadar singib ketdiki, natijada ular xalq og’zaki ijodiga aylanib ketdi. Kaminaning nomi Mashrab, Nasriddin Afandi nomiga o’xshab turli rivoyatlarning, latifalarning bosh qahramoniga aylanib qoldi. U xalq latifalarida tadbirkor, dono, qahramon sifatida gavdalanadi. Shoir o’z davrining turli illatlarini, poraxo’r va tovlamachi amaldorlarni, ruhoniylarni qattiq tanqid qiladi. Ma’lumki, shoirning asli ismi Muhammad Vali bo’lib, «Kamina» uning taxallusidir. Bu «kamtarlik, kambag’allik» kabi ma’nolarni anglatadi. U Buxoro va Xiva madrasalarida o’qigan, lekin yo’qchilik tufayli tahsilni oxiriga yetkaza olmagan. Shoir o’z umr yo’ldoshi Qurbonbaxt vafoti munosabati bilan yozgan marsiyasida juda og’ir hayot kechirlanligini ham aytib o’tgan. Buni shoir «G’ariblik» nomli she’rida ham tasdiqlagan:

 

                   Qashshog’ligim yildan yilga avj olar,

                   G’aribning yuziga kim kulib boqar.

                   Chopishsam, bahslashsam, kurashsam yiqar,

                   O’ynashsam, o’yinda yutar g’ariblik.

 

                    Kamina der: bir kuni kelar shum o’lim,

                   Birovga to’y, bayram, birovga zulm.

                   Qayg’urma, injilma, sabr ayla ko’nglim,

                   Kelibdir, bir zamon o’tar g’ariblik.

 

         Shoir turkman adabiyoti tarixida kuchli satirik shoir sifatida mashhurdir. Uning ko’plab she’rlarida o’zi yashagan davrning illatlari, adolatsiz tuzum, pastkash amaldorlar qattiq tanqid qilingan.

 

         Kamina yaratgan asarlarning yana bir qismi ishqiy-intim xarakterga ega. Shoir bu she’rlarida o’zidan oldingi o’tgan turkman shoirlarining an’anasini davom ettirdi. Ayollardagi vafodorlik va sadoqatni kuyladi, ularni oilaning baxti, xonadonning sultoni deb atadi. Shoirning «Urgulay», «Yaxshi kelin», «Yonimga» she’rlari fikrimizning isboti bo’la oladi.

 

                   Keldi qalam qoshli yor,

                   Ishva bilan yonima.

                   Kipriklari damba-dam,

                   Nashtar tiqar jonima.

 

 Men dedimki: «Jon talash,

Ko’zdan oqar qonli yosh.

Boqmading-ku, bag’ri tosh,

Xoli parishonima!»

 

         Shoirning shunga o’xshash ko’plab she’rlariga kuy bastalanib, ular o’zbek xofizlari tomonidan ham ijro etilib kelinmoqda. Shoirning nomi bilan bog’liq xalq orasida ko’plab latifalar ham mavjud. Bular Mashrab, Mushfiqiy haqida to’qilgan latifalar bilan bir qatorda turadi.

 

XIX asrning ikkinchi yarmida yashab ijod etgan shoir Miskin Qilich 8 yil Buxoro madrasasida ta’lim olgan, fors va arab tillarini chuqur o’rgangan, o’z davrining savodli ziyolilaridan biri edi. U o’qituvchilik qildi. Turkman folkloridan ko’plab dostonlarni yoddan aytib, xalq o’rtasida baxshi sifatida ham mashhur bo’ldi.

 

  Miskin Qilich G’oyibberdi nomli yetim bolani o’z qaramog’iga olib, unga dutor chalishni, baxshilikni o’rgatdi. Ana shu yigit shoirning she’r va dostonlarini yozib qoldirgan va Turkmanistonga keng yoyilishiga sababchi bo’lgan. Miskin Qilichning «Botir Napas», «Bekzoda Qurbon» kabi asarlarida o’zaro urushlarda vafot etgan xalq qahramonlarining sarguzashtlari tasvirlangan. Shoirning «Ali» nomli dostoni ham keng tarqalgan bo’lib, unda xalq orasida o’zining jasurligi va mardligi bilan mashhur bo’lgan qahramon obrazi berilgan. Uning she’rining ko’pchiligi pand-nasihat mavzusida yozilgan. Bu she’ri bilan shoir Maxtumquli an’analarini yangi davrda davom ettirdi.

 

Shunday qilib, turkman klassik adabiyoti o’z milliy xususiyatlariga xos tarzda rivojlandi. Bu adabiyot namunalariga e’tibor berar ekansiz, ularda oddiy turkman xalqining og’ir va murakkab hayoti qanday kechganligining guvohi bo’lasiz.

 

Turkman  klassik adabityoi asarlari  asosan  didaktik asarlardan iborat ekanligini  ko’rib o’tdik. Ma’lumki, turkman ijodkorlarining ko’pchiligi Buxora va Xiva shaharlaridagi  madrasalarda o’qigan. Ular o’zbek xalqi bilan tarixda yonma-yon va aralashib yashagan. Shuning uchun turkman adabiyotida o’zbek adabiyotining  an’analari salmog’i ancha kattadir. Arab alifbosining barcha turkiy xalqlarga bir bo’lganligi sababli ham o’zbek va turkman tilida yozilgan asarlar har ikki xalq vakillariga tushunarli bo’lgan. Masalan Mahtumquli asarlarini o’zbeklar o’zbekcha, turkmanlar turkmancha o’qiy bergan. Turkmaniston territoriyasida madrasalar kam bo’lganligi tufayli xalqning katta qismi savodsiz bo’lgan. Shuning uchun turkman ijodkorlari o’z asarlarini ataylab xalq og’zaki ijodi asarlariga  yaqin qilib yozdilar. Ular asosan pand-nasihat, diniy-ma’rifiy mavzularda bo’lib, qo’shiq qilib aytishga mo’ljallangan asarlar edi.  Turkman klassik dostonlarida ham  didaktika, qahramonlik mavzulari yetakchilik qiladi.

Adabiyotlar

 

1.  Turkmenistan turk edebiyati. Ankara. Kultur bakanligi. 1998.

2.  Kop-oglы. Turkmenskaya literatura. Moskva. 1972.

3.  Tohirov Q. O’zbek turkman adabiy aloqalari. T. 1979.

4.  Mahtumquli. Tanlangan asarlar. T. 1976.

5.  Kamina. Tanlangan asarlar. T. 1957.

 

 

XX ASR TURKMAN ADABIYOTI

 

Reja:

 

1.       Ijtimoiy hayot va adabiyot.

2.       XX asr turkman adabiyoti vakillari.

3.       Turkman prozasining shakllanishi.

4.       Turkman dramaturgiyasi.

5.       XX asr turkman adabiyotining asosiy xususiyatlari.

 

Tayanch so’z va iboralar: XX asr Turkmanistonda tarixiy muhit, Miskin Qilich, Bayram shoir. Erk va ozodlik asarlari. Proza. Berdi Kerboboyev. Realistik metod. Keyingi yillar dramaturgiyasi. Q.Quliyev “Qora karvon”, Safarmurod Niyozov va turkman adabiyoti.

Turkmaniston Rossiyaga qo’shib olingach, ayrim joylarda rus-tuzem maktablari ochildi. 1914 yilda turkman tilida birinchi gazeta chiqa boshladi. Lekin bu yangiliklar asosan shaharda yashovchi aholi uchun qilingan  edi. Vaholanki, o’sha paytda Turmanistonning shaharlarida asosan ruslar, armanlar, tatarlar va fors tilida  so’zlashuvchi xalqlarning vakillari yashardi.

 

         Turkmanlar asosan qishloqlarda yashab, o’zlarining qadimgi ko’chmanchilik hayotini davom ettirar edi. Chor hukumati ataylab maorif sohasida mahalliy xalqning  ichki ishlariga aralashmaslik siyosatini olib bordi. Shuning uchun Yevropa madaniyati, ilm-fan, texnika yangiliklari turkman qishloqlariga juda sekinlik bilan kirib bordi.

 

XIX asr oxiri XX asr boshlarida turkman adabiyotining taraqqiyotida demokratik yo’nalishdagi ijodkorlar yetishib chiqdi. XX asrning boshlaridagi ijtimoiy-tarixiy voqyealar turkman adiblarining ham ijodiga sezilarli ta’sir etgan edi. Bu davr adabiyotining yirik vakillariga Miskin Qilich, Bayram Shoir, Ko’rmullo, Mullo Murt, Durdi Qilichlarni ko’rsatish mumkin. Bu shoirlar ham asrlar davomida ezilib kelayotgan turkman xalqining ozodligini istar edi. Shuning uchun bular turli revolyusiyalar va to’ntarishlarga umid ko’zi bilan qaradi. Bolsheviklarning yolg’on va’dalariga ishondi. Ularga atab she’rlar yozdi. Ammo bu davr she’riyatida ham turkman shoirlari ozodlik va erkni kuylaydi. Zolim ekspluatatorlarni esa qoralab, ularga xalqning nafratini qaratishga intildilar. Durdi Qilichning “Zolimlar”, “Kambag’allar”, Mullo Murtning “Turkmaniston uchun azizsan”, “Ozodlik” kabi asarlari shular jumlasidandir.

 

20-yillar turkman adabiyotida poeziya yetakchi o’rinni egallagan edi. Chunki ijtimoiy hayotdagi bo’layotgan voqyealarni ijodkorlar his-hayajon bilan qabul qilib, ularga darhol o’z munosabatlarini bildirar edi. Bunday paytda ijodkorlarga poeziya juda qo’l keladi. Turkman adabiyotiga yangi avlod shoirlari, yosh ijodkorlar kirib keldi. Ular turkman adabiyoti tarixida birinchi bo’lib realistik san’atni shakllantirishda ishtirok etdi. Bu davrda dastlabki Turkman prozasiga asos solindi. Berdi Kerboboyev va A.Durdiyevlar o’zlarining birinchi hikoya va povestlari bilan proza janriga katta hissa qo’shdi. Alamishevning “Sona”, B.Kerboboyevning “Qizlar dunyosi”, “Odatning qurboni” singari dostonlari ham klassik adabiyotdagi dostonlardan farqli o’laroq , realistik metodda yozilgan birinchi dostonlardan edi. Ana shu yillarda turkman dramaturgiyasiga ham asos solindi. Yozuvchi Ota Kavshutov “Zakaspiy fronti” pyesasi bilan turkman adabiyotidagi daramaturgiya janrini boshlab berdi. 30-yillar adabiyotida ham poeziya birinchi o’rinda turdi. O.Kekilovning qishloq xo’jaligini kollektivlashtirishga bag’ishlangan “Olg’a”, B.Saitakovning Turkmanistondagi fuqoralar urushini tasvirlovchi “O’t ichida”, R.Saidovning chet el mavzusida yozilgan “Revolyusiya yo’lida” kabi dostonlari diqqatga sazovor asarlar bo’lib qoldi.

 

Bu davrda yaratilgan prozaik asarlar ham turli mavzularda yozilgan. Ayniqsa, zamonaviy temada yozilgan, eskilik va yangilik o’rtasidagi kurashni tasvirlovchi asarlar ko’proq e’lon qilindi. Og’axon Durdiyevning “Mered”, “Yer ustalari”. “Baxtiyorlar” singari hikoyalari G’arb adabiyotidagi novella janri uslubida yozilgan ajoyib asarlar sifatida tarixda qoldi. Bu qisqa va mazmunli hikoyalarda turkman xalqining hayoti badiiy lavhalarda ishonarli qilib tasvirlab berilgan. O.Durdiyevning “Balli mullo” hikoyasi hajviy asar bo’lib, u bizga o’zbek adabiyotidagi A.Qodiriyning “Kalvak Maxzum”ini eslatadi.

 

Yozuvchi N.Sarixanov esa o’z ijodida buyuk rus yozuvchilari A.P.Chexov va M.Gorkiy asarlaridan ijodiy foydalandi. Yozuvchining “Orzu”. “Oq uy”, “Shirin”, “Kuyov” va “Boyning g’azabi” hikoyalari ham yuksak badiiy saviyada yozilgan asarlardir. Bu hikoyalar hajmi jihatidan qisqa va ammo badiiy tomondan pishiq ishlangan, ularda ishtirok etgan ikki uch obraz kichik bir badiiy lavha orqali chuqur ma’noni ifodalaydi. N.Sarixanov “Shukur baxshi” povestida tarixiy mavzuga murojaat qilib, turkman xalqining boshidan o’tgan og’ir tarixiy davrlari aks ettirilgan.

 

Yozuvchi kichik-kichik novellalari bilan adabiyotda  bu janrning rivojiga,  qaror topishiga o’z hissasini qo’shdi. Yozuvchining «Kitob» nomli hikoyasida  turkman xalqini o’tmishi qalamga olingan. Xalqning ma’rifatga  intilishi,  og’ir turmush tufayli ularning ko’pchiligi savodsiz bo’lganligi hamda bularning asosiy sabablari ta’sirchan qilib ko’rsatilgan.  Hikoyada bir savodsiz cho’pon bozorga boradi.  U yerda  bir kishi  baland ovoz bilan Mahtumqulining she’larini o’qib turganligini ko’radi. Bu she’rlar unga qattiq ta’sir qilib guyoki uning o’zi haqida yozilganday tuyuladi. Keyin kitobni qanday bo’lmasin sotib olishga harakat qiladi. Nihoyat bozorga minib kelgan tuyasiga almashtiradi. Uyga kelganda xotini unga kitobni o’qiy olmaysan nega olding? –deb  janjal ko’taradi. Ana shu cho’pon Mahtumqulining qo’l yozma kitobini 40 yil  avaylab saqlaydi. Keyin uning nabirasi  bu kitobni unga o’qib beradi.  Chol  kitobda yozilgan xikmat she’rlarning barchasini yodlab oladi. Bu hikoyada oddiy turkman xalqining ma’rifatga intilishi ko’rsatilgan.    

 

 Yozuvchi  «Shukur baxshi» qissasida ham tarixiy mavzuga murojaat qilgan. XIX asrda yashab ijod etgan  Shukur  baxshi xalq o’rtasida juda mashhur bo’lgan. Uning ukasini xon  zindonband qiladi. Shoir ukasini ozod qilishini xondan juda yalinib so’raydi. Lekin xon unga saroyning chechan baxshisini aytishuvda  yengsang, ukangni ozod qilaman deb shart qo’yadi. Bu musobaqada Shukur baxshi g’olib chiqadi va ukasini zindondan ozod qiladi.

 

Nurmurod Sarixonov zamonoviy mavzularda ham «Shirin», «Orzu», «So’nggi o’tov» kabi ajoyib hikoyalar yozgan.  Afsuski, yozuvchi urushda vafot etib, uning ko’pgina ijodiy rejalari amalga oshmay qoldi.

 

XX asrning 30-yillarida yangi turkman adabiyotining shakllanish davri  bo’ldi. Bu davrda turkman klassik adabiyotida bo’lmagan badiiy janrlar – dramaturgiya, realistik proza va boshqa ko’plab badiiy janrlar  shakllanib, takomillashib bordi. Bu davrda turkman adabiyotining  taraqqiyotiga Hoji Ismoilov, Shali Kekilov, O’roz Toshnazarov singari yozuvchilarning ham hissasi katta bo’ldi.

 

30-yillarda turkman adabiyotida realistik prozaning shakllanish davri bo’ldi. Tarixiy va zamonaviy mavzuda ko’plab qissa va romanlar yaratildi. Turkman adabiyotining faxri bo’lgan B.Kerboboyevning “Dadil qadam” romani ham shu davrda yaratildi. Shu yilllarda Turkman adabiyotida dramaturgiya janri ham shakllandi. Bu davr dramaturgiyasida agitasion xarakterga ega bo’lgan mavzular ko’proq yoritildi. A.Karliyevning “Oyna”, O.Kavshutovning “Juma”,

 

T.Esanovaning “Shemshat” kabi pyesalarida ijtimoiy hayotdagi turli voqyealarning badiiy tasviri ifodalandi.

 

30-yillar turkman adabiyotida qishlolq xo’jaligi, xotin qizlar huquqi, madaniy inqilob, ishlab chiqarish mavzulari yetakchilik qildi. Bir qancha turkman ijodkorlari, ziyolilari 1937 yilgi reprissiya qurboni bo’ldi. Ularning nomlari va yozgan asarlari faqat Turkmaniston mustaqillikni qo’lga kiritgandan keyingina oqlandi.

 

Yangi turkman  adabiyotining asoschilaridan yana biri Xo’janapas Choriyevdir. Bu ijodkor hammasi bo’lib 31 yil umr ko’rdi. Yoshligida vabo kasali tufayli onasi o’lib yetim qolgach, hayotning og’ir damlarini boshidan kechirgan X. Choriyev  Toshkentda o’qidi, keyinchalik «Turkmaniston» gazetasining bo’lim boshlig’i, 1934 yilda esa Turkmaniston yozuvchilar uyushmasining raisi vazifalarida ishladi. U xalqaro mavzularda ham ko’plab asarlar yozdi. Adibning «Qoraqum saxrolarida» nomli dramasi o’sha davrning dolzarb masalalariga bag’ishlangan edi. U albatta bolsheviklar siyosatini yoqlab chiqdi. Lekin o’z asarlarida hayot haqiqatini to’g’ri yoritishga intildi. X.Choriyev «Zuxra va Toxir» dostoni asosida turkman adabiyoti tarixida birinchi marta muzikali drama yozdi. Bundan keyingi yaratilgan muzikali dramalarda ana shu asarning an’analari davom etdi.

 

Urush yillarida turkman adabiyotida publisistik poeziya janrida ko’proq asarlar yaratildi. Ijodkorlar asosiy e’tiborni front va front ortida bo’layotgan voqyealarga qaratdi. B.Kerboboyevning “Aylar”, Ya.Nasrlining “Leytenantning o’g’li”, Sh.Kekilovning “Ivan tog’a” kabi dostonlari ham bevosita urush mavzusiga bag’ishlandi.

 

Ikkinchi jahon urushi davrida ko’plab turkman ijodkorlari frontga ketdi. Bulardan   Shali Kekilov, N.Sarixanov, Ata Niyazov kabidar urushda halok bo’lishdi. Bu davr turkman adabiyotida publisistik ruh, jangovar poeziya yetakchilik qildi, O’sha davrda sobiq Ittifoq yagona vatan hisoblanardi. Ana shu vatanga hujum qilgan fashistlarga nafrat uyg’otish, ularga qarshi kurashga chorlash butunittifoq adabiyotining eng dolzarb vazifasi qilib  qo’yildi. Qora Seytaliyevning «Frontdan maktublar», «Pogonli qizlar», «Hamshiralar» kabi she’rlarida front va front orqasidagi kishilarning ruhiy dunyosi aks ettirilgan. Raxmat Saidovning «Yigitlar qo’shig’i», «Kuzatish», «Samo ovchisi» kabi she’rlarida ham g’alaba uchun kurash, xalqlar do’stligi kabi mavzular kuylangan. Uning «Vatanparvarlar», «Azatgul» kabi dostonlari ham shu davrda e’lon qilindi. «Vatanparvarlar»  dostonining qahramoni turkman yigiti  uchuvchi Qurbon fashistlar ustiga bomba yog’dirib  ularning  ko’pchiligini qirib tashlaydi, lekin o’zining samoliyotiga      o’q tegadi. U yonayotgan samolyotdan parashut bilan sakrab dushman territoriyasiga tushadi. U yerda ham ko’plab  nemislarni qirib tashlaydi. Nemislarning aerodromiga borib 23 ta fashist razvedkachilarini asirga olib,  ularning samolyoti bilan o’z polkiga qaytib keladi. Albatta  voqyealarning bu tarzda tasviri bizga qandaydir boyevik-fantastik filmlar syujetini  eslatadi.  Bu esa o’quvchini unchalik ishontirmasligi aniq. Chunki, asar qahramoni bu jasoratlarni hyech qiynalmasdan asoyishta bajaradi. Go’yoki, nemislar agar Qurbon kelsa, asirga tushamiz deb uni kutib turganday.

 

Ma’lumki, Omon Kekilov  ham turkman adabiyotining  yirik vakili bo’lib, ijodini urushdan oldingi yillarda boshlagan. Uning urush davri ijodida  «O’lim changalida»  nomli  poemasi juda mashhur bo’ldi.  Bunda turli millat vakillari bir bo’lib dushmanga qarshi kurashgani ko’rsatilgan.

 

Front orqasidagi hayot tasviri Ata Kovshutovning  «Ovchi Qandimning oilasi» nomli hikoyasida va urush yillari e’lon qilingan «Mehri va Vafo» romanida tipik xarakterlar orqali  mahorat bilan berilgan.

 

Urushdan keyingi davrda turkman adabiyotida proza janri yetakchi o’ringa ko’tarildi. Bu davrda B.Kerboboyevning “Dadil qadam” romanining ikkinchi qismi, “Nebitdog’”, O.Kavshutovning “Kopetdog’ yon bag’irlarida” romanlari; B.Seytakovning “O’g’ilning sovg’asi”, “Zamondoshlar”, X.Ismoilovning “Ikki otaning o’g’li” povestlari yozildi.

 

Urushdan keyingi davr turkman adabiyotida asosan   tinch qurilish davri voqyealari tasvirlandi. Qoraqum sahrosini o’zlashtirish, Amu-kanalini qurib bitirish kabi mavzular adabiyotda yetakchilik qildi. Shu bilan birga, bu davr turkman adabiyotida «Konfliktsizlik nazariyasi» hukmron bo’ldi. Hayotdagi voqyealarni buyab, bo’rttirib, faqat uning yaxshi tomonlarini ko’rsatish, butun dunyoga sosialistik tuzumning afzal ekanligini targ’ib qilish badiiy adabiyotning asosiy maqsadi qilib qo’yilgan edi. Albatta, bunday siyosat ma’lum  darajada adabiyotning sifatiga, rivojlanishiga salbiy ta’sir qildi. Qariyb barcha ijodkorlar partiya va hukumatning  chiqargan qarorlarining  targ’ibotchisiga aylanib qoldi. Lekin shunga qaramasdan, bu davr turkman adabiyotida hayotni to’g’ri, haqqoniy tasvirlashga intilish ham ko’zga tashlanadi. Oddiy mehnatkashning uy-xayollarini, orzu-maqsadlarini tasvirlashda ijodkorlar katta yutuqlarni qo’lga kiritdi. 

 

Masalan, ota Kovshutovning «Kopetdog’ yonbag’irlarida» nomli kitobi 1952 yilda alohida kitob holida nashr etildi. Bunda urushdan keyingi turkman qishloqlarida xo’jalikni tiklash asosiy mavzu qilib qo’yilgan. Roman bosh qahramoni Xushgeldi aqlli, tadbirkor yigit. U urush qatnashchisi, oliy ma’lumotli agranom, ilm-fan bilan qurollangan yigit. U kolxozda ekinlarga yangi tehnologiyani joriy qilmoqchi bo’ladi, lekin kolxoz raisi tomonidan qattiq qarshilikka uchraydi. U asta – sekin tushintirish yo’li bilan raisni qayta tarbiyalaydi. Lekin romanda bosh qahramonning ichki kechinmalari, ruhiy holatlari yuzaki chiqqan joylar ham bor. Masalan, Xushgeldi bilan Boqar o’rtasidagi muhabbat tasvirida yuzakilik va sxematizmga yo’l qo’yilgan. Bu asar ko’p jihatdan o’zbek yozuvchisi Oybekning «Oltin vodiydan shabadalar» romaniga o’xshab ketadi.

 

Ota Kovshutovning «Eski maktab» nomli hikoyasida qadimda el – yurtning ko’pchiligi nima uchun savodsiz bo’lgan degan savolga javob izlanadi. Adibning «So’ngi oqsoqol» nomli kitobi ham o’tmish mavzusida yozilgan.

 

50-60 yillar turkman poeziyasining rivojlanishida Omon Kekilovning ham hissasi katta bo’ldi. Uning «Muhabbat» nomli dostonida mumtoz adabiyot an’analarining yangi zamondagi davomini ko’ramiz. Dostonda Oqmurod nomli yigit Moskva davlat universitetini va aspiranturani tugatgan. Urushdan yarador bo’lib qaytadi. Oqmurod qishlog’iga kelib, yosh o’qituvchi ayol O’g’ilnabatni yaxshi ko’rib qoladi. Lekin O’g’ilnabatning eri frontda jang qilayotir. Bu ayol hyech qachon o’z eriga  xiyonat qilmasligini Oqmurodga aytadi, uni intizor bo’lib kutayotganligini bildiradi. Eri Beginch urushdan yarador  bo’lib qaytib keladi. O’g’ilnabat baxtli yashaydi, farzandli ham bo’ladi. Lekin urushda olgan jarohatlarning zo’rayishi tufayli  uning eri Beginch vafot etadi. Beginchning hayotini o’g’li davom ettiradi. O’g’ilnabat albatta o’z baxtini yana topadi, degan falsafiy g’oya asar yakunida ta’kidlangan. Ana shunday voqia Ch.Aytmatovning «Jamila» qissasida ham berilgan. Lekin bu qissada  asar qahramonlari taqdiri boshqacharoq  hal qilingan.

 

Ma’lumki, Omon Kekilov (1912-1974) Turkmanistonning katta jamoat arbobi, mashhur olim, serqirra ijodkori edi. U Turkmaniston madhiyasining muallifi, o’nlab she’riy to’plamlar e’lon qilgan hassos shoir edi. Omon Kekilov turkman adabiyotshunosligining yirik vakili, filologiya fanlari doktori edi. U «Adabiyot nazariyasi» nomli darslikning muallifi edi. U bolalar uchun ham ko’plab ertak-poemalar yozgan talantli shoir edi. Uning bolalar uchun atab yozgan «Cho’pon va podshoh» nomli poemasi juda ko’p chet tillarga tarjima qilingan. O.Kekilov Turkmaniston xalq yozuvchisi unvoniga, Maxtumquli nomidagi mukofotlarga  sazovor bo’lgan edi.

 

XX asrning ikkinchi   yarmida turkman adabiyoti sifat jihatidan o’sdi, turli janrlarda ijod qilindi. Avval turkman adabiyotida  poeziya  yetakchilik qilgan bo’lsa,   bu davrga kelib birinchi marta proza oldingi o’ringa chiqib oldi. Adabiyotda tajribali, keksa ijodkorlar bilan birgalikda, yosh talantlar ham qalam tebratdi. Bu davr turkman adabiyotida B.Karbobayev, Beki Seytakov, Xidir Deryayev, Qilich Quliyev, Ota Otajonov, Rahim Esonov, Chori Ashurov singari ko’plab ijodkorlar yashab ijod etdi.       

 

 60-70-yillar turkman adabiyotida turli janrlarda ko’plab asarlar yaratildi. Lekin bu asarlarning ko’pchiligi kommunistik mafkura ruhida yozilgan edi. Shunga qaramasdan, bir qancha asarlarda turkman xalqi hayoti obyektiv, to’g’ri yoritildi. B.Korboboyevning “Tomchida quyosh aksi”, “Davr o’g’loni”, X.Deryayevning “Qismat”, “Bo’ron”, B.Seytakovning “Shoir”, “Badirkent”, Q.Quliyevning “Qora karvon”, “Amir elchisi” asarlari o’z davrida katta shuhrat qozondi.

 

Berdi Qarbobayev (1894-1974) Turkmanistonning Tejen tumanida tug’ilgan. Eski maktab va Buxoro  madrasalarida o’qigan, 1927-1928 yillarda Leningrad sharqshunoslik institutida tahsil oldi. Uning ijodi 20-yillarning o’rtasidan boshlandi. Birinchi asari «Yana ich» nomi bilan bosilib chiqqan hajviy felyeton edi. Keyin u «Inglizlar yotib otadi» nomli hajviy she’rini yozdi. Bunda ingliz imperialistlarining Turkmanistonda olib borgan  siyosati tanqid qilingan. 1925 yili u «To’qmoq» nomli satirik jurnalga muharrir etib tayinlandi. Uning ijodi davr voqyealari bilan hamohang tarzda rivojlandi. Xotin-qizlar ozodligiga bag’ishlab «Qizlar dunyosi», «Odatning qurboni» nomli dostonlar yozdi. Turkman dehqonlari hayoti haqida yozilgan «Amudaryo» nomli dostoni ham katta shuxrat qozondi. Bunda saxroda suvsizlikdan vafot etgan va Amudaryoda suvga cho’kib o’lgan  ikki kishi obrazi keltiriladi. Shoir ana shu ikki voqyeadan xulosa chiqarib, Amudaryoni sahroga burib xalqning turmushini   yaxshilash kerak  degan g’oyani ko’tarib chiqdi.

 

U 1926  yilda «Giyohvand va tabib», «Yuksalishda» singari dramalar yozdi. Bu dramalarda adib giyohvandchlikning insoniyat uchun juda xavfli ekanligini o’sha davrdayoq  aytgan edi.  Ma’lumki, bu mavzu bugungi kunda ham eng dolzarb masalalardan biri bo’lib turibdi. Uning Ikkinchi jahon urushi yillari yozilgan «Maxtumquli» dramasi o’zining badiiy yetukligi bilan nihoyatda mashhur bo’ldi. Bu drama hozirgacha turkman teatri repertuarlarining oldingi safida turadi. Ana shu yillari adib «Qurbon Durdi» nomli povest yozib, unda urushda mardlik va jasorat ko’rsatib qahramon bo’lgan turkman yigitining hayot  yo’li haqida yozadi. Bu davrda uning  «Aylar» nomli poemasi ham nashr etildi. Bunda turkman ayollarining urush davridagi hayoti aks ettirilgan.

 

Berdi Qarboboyevning  nomini dunyoga mashhur qilgan asari  «Dadil qadam»  romanidir.  Adib bu asar  ustida qariyb 20 yil ishladi. Bu asar dastlab 1936 yilda «Oyna va Ortiq» nomi bilan matbuotda ayrim parchalari bosilib chiqqan edi. 1940 yil romanning birinchi qismi alohida  kitob shaklida nashr etilgan.

 

Asar bosh  qahramonlari  oddiy turkman yigiti  Boboli  Ortiq va uning sevgilisi  Oynadir.  Turkmanistonda XX asrning birinchi choragida yuz bergan tarixiy voqyealar romanga asosiy material qilib olingan.

 

Ma’lumki, bu davr turkman xalqi hayotida katta burilishlar va o’zgarishlar davri  bo’ldi. Birinchi jahon urushi, Oktyabr inqilobi, fuqoralar urushi, ingliz   intervensiyasi, bolsheviklar  hukmronligi-ana shularning barchasi romanda o’ta mahorat bilan tasvirlangan. Bolsheviklar siyosati tufayli bitta xalqning, millatning boy va yo’qsilga, ya’ni ikkiga ajralib o’zaro urush olib borishlari tasvirlangan. Asarda Xolnazarboy  boshchiligidagi yuqori tabaqa vakillari va Ortiq,  Amirlar   boshchiligidagi mehnatkash xalq vakillari  o’rtasida kurash ketadi. Adolat uchun, ozodlik va erk uchun kurashganlar roman finalida yengib chiqadi. Mamadvali xo’ja, Mered,  Azizxon, Ivan Cherneshiyev singari turli toifa vakilari romanning asosiy  obrazlarini  tashkil etadi.

 

 Adibning   «Oysulton» 1249 povestida  qishloq temasi  qalamga olinib, unda paxtakorlar hayoti Oysulton nomli mehnatkash ayol obrazi orqali ko’rsatilgan. Paxta yetishtirishdagi qiyinchiliklar, Turkmanistonning  murakkab  obi-havo sharoitida  mehnatda  ibrat ko’rsatgan dehqonlar obrazlari  boshqalarga  o’rnak qilib ko’rsatiladi. Bu asarda Begich va  Chori kabi obrazlar ham yaxshi  chiqqanligi tanqidchilikda  ta’kidlab o’tilgan.

 

Berdi  Kerboboyevning «Nebitdag» nomli  asari esa turkman ishchilar sinfining  shakllanishiga bag’ishlangan. 30-yilarda Turkman  tuprog’ida  neft qazib chiqarishga kirishildi. U paytlari sonoat qurilishida, neft qazib chiqarishda mahalliy millat vakillaridan ishchilar juda kam bo’lgan. 50-yillarga kelib esa turkman millati vakillari ham neft qazib olish ishlariga faol ishtirok eta boshladi. Burg’ulash uchastkasining masteri Atabay va uning xotini Mamish orqali muallif turkman oilasi, urf-odatlarini aks ettirdi. Annatuvoq Chovdurov, Onul Sulaymonov, Safronovlar turli tabaqa vakillaridan bo’lgan neftchi mehnatkashlardir. Bularning har biri o’ziga xos xarakterga ega bo’lib, yozuvchi bu qahramonlarning ichki dunyosini berishda ma’lum yutuqlarga erishgan.

 

Xullas, Berdi Karboboyev turkman adabiyotining XX asrdagi yirik vakillaridan bo’lib, uning asarlari dovrug’i boshqa yurtlarga ham yetib borgan.

 

Turkman adabiyotining XX asrdagi yirik vakillaridan yana biri Beki Seytakov  (1914-1979) hisoblanadi. U internat maktab va pedtexnikumda o’qidi. 1938 yilda «Yoshlik» nomi bilan birinchi she’riy to’plami e’lon qilindi. Uning 1940 yilda nashr etilgan «Baxtli avlod» hikoyalar  to’plami yozuvchiga katta shuxrat keltirdi. 1948 yilda «Qishloq hikoyalari» nomi bilan ikkinchi to’plami e’lon  qilindi. Bunda yozuvchi turkman qishloqlaridagi ayrim yutuq va kamchiliklar haqida yozdi. Yaramas urf-odatlar va jaxolat tanqid qilindi. Uning hikoyalarida oddiy mehnatkashlarga nisbatan qandaydir mehr tovlanib, sezilib turadi.  B.Seytakovning «Qoraqumli bola», «Sevgi», «Bahs», «Diplom» kabi hikoyalari qisqa hajmli bo’lsa-da, ularda katta hayotiy voqyealar ixcham tarzda bayon etilgan. Yozuvchining «Charm xalta» nomli hikoyasi satirik ruhda yozilgan bo’lib, unda umr bo’yi davlat yig’ib, pul to’plab kelgan, lekin pullarini ming joydan to’kkan xasis odamlarning fojiasi Ernapas obrazi orqali ko’rsatiladi.

 

Uning «Ayazxon» va «O’t ichida» singari dostonlari ham e’lon qilingan. Beki Seytakov «Aka-ukalar» nomli roman-trilogiyasi bilan turkman romanchiligini rivojlantirishga katta ulush qo’shdi. Romanda Turkmanistonda XX asrning birinchi choragida yuz bergan tarixiy voqyealar material qilib olingan. Junaydxon – tarixiy shaxs, asar qahramonlaridan biri.  U Xiva xonligini olish uchun katta qirg’in urushlar olib boradi. Qanchadan-qancha begunoh kishilarning qonini to’kadi. Ingliz razvedkasiga sotilgan bu  kimsa o’z yurti odamlariga urush ochadi. Asarda Saparmurod, Qosim kabi xalq vakillari Xonga qarshi kurash olib borib, uni  yengadi. Kitobda mehnatkash  xalqning taqdiri  va adolat uchun olib borgan kurashi davr voqyealari bilan bog’lab berilgan.

 

Xidir Deryayev (1905-1988) XX asr turkman nasrining taraqqiyotiga katta hissa qo’shgan adiblardandir. U Marida tug’ilib, ota-onasidan yoshligida yetim qolgan, odamlarning uyida turli yumushlar qilib  kun kechirgan. Mari  shahridagi maktab-internatda ta’lim oldi. Keyin Toshkentda o’qituvchilar  tayyorlaydigan bilim yurtida ta’lim oldi. Shu bilim yurtida o’qituvchilik qildi va O’rta Osiyo Davlat universitetining sharqshunoslik fakultetida ham o’qidi. U tilshunos olim sifatida ham ko’plab ilmiy-tadqiqot ishlarini bajargan. Toshkentda o’qib yurgan paytlari ijod bilan shug’ullana boshlagan. Uning dastlabki asarlari «Kuyla dutorim», «Amudaryo», «O’kinchmi yo maslahat» kabi she’r va poemalardan tashkil topgan edi. X.Deryayev A.Qodiriyning «O’tgan kunlar» romanidan ta’sirlanib «Qismat» romanini yozadi. Bu romanda turkman xalqining  XX asr boshlaridagi o’tmishidan olingan lavhalar hikoya qilingan. «Qismat» romanida Uzuk bilan Berdi o’rtasidagi muhabbat o’sha davr voqyealari bilan chambar-chas bog’liqda  beriladi. Romanda Uzuk, Berdi, Murodog’a, O’rozsulton, Turdi, Qilichali kabi mehnatkash xalq vakillari obrazlari ishtirok etadi. Bekmurodboy, Subxonboy, Omonmurod, Saydaxmad Eshon, Argin Mamad kabi salbiy obrazlar ham juda ishonarli qilib berilgan. Bu asar o’zbek tiliga P.Qodirov tomonidan tarjima qilingan. U o’zbek televedeniyasi uchun ko’p seriyali film qilib ham ishlangan. Adibning ikkinchi romani «Bo’ron» deb nomlanib, 30-yillardagi qishloq hayotiga bag’ishlangan.

 

X.Deryayev «Mehri», «Xo’janapas» kabi dramalar yozgan. Uning «Orzu» nomli poemasida turli xalq vakillari o’rtasidagi do’stlik kuylangan. X.Deryayev ikki tomlik turkman tili grammatikasining bosh avtorlaridan biridir. U ko’plab darsliklar ham yozgan talantli olim ham hisoblanadi.

 

Qilich Quliyev (1913-1990) dastlab Mari shahridagi internat maktabda, keyin Bokuda ishchilar universiteti va Sovet huquqi institutida o’qigan. U ko’p yillar diplomatik  vazifalarda faoliyat ko’rsatdi. U turkmanlardan chiqqan birinchi diplomat hisoblanadi. «Qora karvon», «Amirning elchisi», «Guljamolxon» kabi romanlar «Eh, siz erkaklar» kabi dramatik asarlar yozgan. Uning «Maxtumquli», «Yengilmas Gezayirli» kabi hikoyalari ham mashhurdir. Adibning «Qora karvon» va «Amir elchisi» kitoblari o’zbek tiliga tarjima qilingan. Bu kitoblarda ingliz va rus davlatlarining turkman yerini egallash uchun qanday yashirin kurash olib borganliklari tarixiy faktlar asosida  isbotlab berilgan. Bu ikki kitob nafaqat turkman, balki butun turkiy xalqlar adabiyotida siyosiy romanlarning go’zal namunasi sifatida  e’tiborga loyiqdir.  

 

 Ma’lumki, O’rta Osiyoda chet el harbiy intervensiyasi va grajdanlar urushi haqida ko’plab kitoblar yozilgan. Yozuvchi Qilich Quliyevning “Qora Karvon” romani ham bu mavzuni yoritishda munosib hissa bo’lib qo’shildi. Bu asarlar o’ziga xos shaklda, uslubda yaratilgan. U birinchi shaxs-ingliz razvedkachisi Charlz Forsten tilidan bayon etilgan. Bu shaxs ingliz armiyasining polkovnigi bo’lib, u O’rta Osiyoda Angliya mavqyeini tiklash uchun yuborilgan edi. U Buxoro amirligi va oq gvardiyachilar bilan ittifoq tuzish uchun ko’p harakatlar qiladi. Voqyealar rivojlanib borgan sari Forster va uning sheriklarining haqiqiy qiyofasi ochila boradi. Biroq ingliz missiyasining O’rta Osiyo bo’yicha tuzilgan planlari barbod bo’ladi. Kitobda ana shu voqyealar tarixiy faktlar vositasida qiziqarli hikoya qilinadi. Roman keng planda yozilgan. Unda turli mavzular mahorat bilan yoritilgan va umumiy syujet yo’nalishiga birlashib ketgan. Muhabbat mavzusi ham, xalqning urf-odatlari ham bu kitobda mahorat bilan tasvirlangan.

 

Keyingi yillarda turkman adabiyotida Turkmaniston prezidenti Safarmurod Niyozovni madh etgan asarlar ko’payib bormoqda. Unga bag’ishlangan she’riy to’plamlar, qasidalar va hatto romanlar ham yozilmoqda. Safarmurod Niyozov turkmanboshi degan unvonga sazovor bo’lgan. I.Burxonovning “Ta’zim” degan asari ana shu turkmanboshiga bag’ishlangan she’rlardan tashkil topgan. Bundan tashqari repressiyaga uchragan va sovet davrida qoralangan yozuvchilarning kitoblari ham nashr etilmoqda. Turkmaniston mustaqilligi bilan birga, uning adabiyoti ham rivojlanib bormoqda. Yaqinda nashrdan chiqqan N.Nurmamedovning “Dunyoni suv bosgan kun” va D. Hojimurodovning “Mullo To’ra oxun” nomli tarixiy mavzudagi romanlari tanqidchilik tomonidan yaxshi asarlar sifatida baholandi.

 

Ma’lumki, Nurmuhammad Andalib, Mahtumquli Firog’i kabi shoirlar o’zbek va turkman xalqlariga birday xizmat qilgan. Bular Xorazm adabiy muhitida voyaga yetgan shoirlar bo’lib, ularning ijodi ikki xalqqa ham tegishlidir. 1996 yilda Xivada Mahtumquliga haykal o’rnatilganda Turkmaniston prezidenti S.Niyozov “Mahtumquli o’zbek va turkmanlarga birday bo’lgan mutafakkir shoirdir. U bizning faxrimiz va vatandoshimizdir. Mahtumqulini bilmagan bironta o’zbek ham, turkman ham yo’q”, degan gaplarni aytdi.

 

O’zbekiston prezidenti I.Karimov o’z dokladida Mahtumqulining ijodi o’zbek xalqi uchun juda qadrli ekanligi, uning she’rlarida adolat va ezgulik kuylanganligini aytdi. Shoir ijodini o’zbek va turkman maktablarida keng o’rganish kerak ekanligini ham ta’kidlab o’tdi.

 

Turkman adabiyotining ko’plab namunalari o’zbek tiliga tarjima qilingan. O’z navbatida o’zbek adabiyotining ham ko’plab kitoblarini turkman kitobxonlari o’z ona tillarida o’qishmoqda. B.Korboboyev turkman romanchiligining shakllanishida bevosita A.Qodiriyning romanlarining ta’siri nihoyatda katta ekanligini ta’kidlab yozgan edi.

 

Xullas, XX asr turkman adabiyoti rang-barang mavzularda yozilgan. Unda proza va dramaturgiya janrlari shakllandi va kamol topdi. Turkman adabiyotining ko’pgina namunalari chet tillarga tarjima qilingan.

 

Adabiyotlar

 

1.  Kor-Oglы. Turkmenskaya literatura. M., 1972.

2.  Quronboyev K. “Xidir Deryayev”, T., 1977.

3.  Q.Quliyev. Qora karvon. T., 1975.

4.  B.Karboboyev «Dadil qadam». T., 1960.

5.  X.Deryayev. «Qismat». T., 1970.

 

 

 

QIRG’IZ ADABIYOTI

 

 

 

Reja:

1.     Qirg’iz xalqi tarixi haqida.

2.     Qirg’iz xalq og’zaki ijodi.

3.     “Manas” eposi haqida.

4.     Qirg’iz yozma adabiyotining shakllanishi.

5.     XX asr qirg’iz adabiyoti.

 

Tayanch so’z va iboralar: Xalq tarixi va adabiyoti, ertak, qo’shiq, dostonlar, “Manas” eposi, manaschi baxshilar, Semetey, Seytek, To’xtag’ul Sotilg’anov. Yozma adabiyot, roman, drama “Ken suv”; “Temir” romanlari, T. Abdulmo’minov dramalari.

 

Qirg’iz xalqi nomi tarixiy manbalarda ko’p uchraydi. Hatto eramizdan oldingi davrga mansub yodgorliklarda ham “qirg’iz xalqi” degan nomga duch kelamiz. Ular asosan chorvachilik bilan shug’ullanib, ko’chmanchilik hayotini uzoq asrlar boshidan kechirdi. Qirg’iz halqi ko’p asrlar davomida chet el bosqinchilarining zulmi ostida bo’ldi. Markaziy Osiyo hududiga bostirib kelgan arablar, mo’g’ullar, qoraxitoylar, qirg’iz xalqini ko’p yillar ekspluatasiya qildi. Keyinchalik qirg’izlar Qo’qon xonlarining zulmini boshidan kechirdi. XIX asrda esa qirg’izlar Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olindi.

 

Qirg’iz xalqi yozuvga ancha kech, ya’ni 1924 yili ega bo’ldi. Tarixiy taraqqiyot tufayli XX asrda qirg’izlar o’z davlatiga ega bo’ldi.

 

Qirg’iz adabiyotining tarixi asosan xalq og’zaki ijodi asarlaridan iborat. Turli mavzulardagi ertaklar, qo’shiqlar va dostonlarda qirg’iz xalqining xayoti ularning orzu umidlari aks ettirilgan. Hajviy va yumoristik mazmundagi latifalar Ko’sa va Kal obrazlari orqali berilgan. Aldar Ko’sa haqidagi ertaklarda g’oyaviy o’tkir problemalar ko’tarib chiqilgan. “Ko’rman yek”, “Ertobildi”, “Ertushtik”, “Jonil Mirzo” kabi xalq qahramonlik dostonlari juda mashhurdir. Qirg’iz xalqining butun dunyoga mashhur bo’lgan dostonlaridan biri, shubhasiz, “Manas” eposidir. Bu asarda xalqning ko’p asrlik tarixi, ularning chet el bosqinchilar zulmiga qarshi erk va ozodlik uchun olib borgan kurashi aks ettirilgan. Bu she’riy asarning hajmi nihoyatda katta bo’lib, 500 ming baytni tashkil etadi. U uch katta qismdan iborat. Birinchi qismda Manasning qahramonliklari hikoya qilinadi. Ikkinchi qismda esa Manasning o’g’li Semetey, uchinchi qismda uning nabirasi Seytekning hayoti, sarguzashtlari hikoya qilinadi. “Manas” eposi o’z ichiga ko’pgina dostonlarning qamrab oladi. Bunda Manasning el-yurt ozodligi uchun ko’rsatgan qahramonliklari mahorat bilan tasvirlangan. U qirg’iz elini Afg’on va Qalmoq bosqinchilaridan saqlab qoldi. U Farg’onaga kelib bobodehqondan dehqonchilikni o’rganadi. U turli o’lkalardan kelgan polvonlarning ko’pchiligi bilan do’stlashadi. Umuman, Manas xalqining porloq kelajagi uchun, baxt-saodati uchun kurashgan qahramon sifatida tasvirlangan. Eposning Semetey va Seytek hayotiga bag’ishlangan qismlarida ko’proq ishq-muhabbat va hayotiy-maishiy mavzularga e’tibor berilgan.

 

Qirg’iz baxshilarining ko’pchiligi manaschi-baxshilar bo’lib, ular faqat shu dostonni kuylaydilar. Manasning qalmoq xoni yuborgan Alvasti Kojart Alp, Kuchku, Joloy kabi pahlavonlar ustidan erishgan g’alabalari ayniqsa ko’tarinki ruhda kuylangan.

 

Ma’lumki, yaqinda Qirg’izistonda “Manas” eposining 1000 yilligi nishonlandi. Eposning ko’pgina variantlari yozib olindi. Albatta, har bir manaschi-baxshi bu eposning aytishda o’zidan ham biron-bir yangilik qo’shib, unga ijobiy yondashadi. Shuning uchun dostonning ayrim variantlarida Manas boshqa yurtlarni bosib oluvchi, ularga qirg’in keltiruvchi zolim sarkarda sifatida ham tasvirlanadi. Ayrim variantlarida esa Manas xalqparvar, adolatli inson sifatida tasvirlangan.

 

Yozuvchi Ch.Aytmatovning yozishicha Sayoqboy Qoralayev degan baxshi “Manas” eposidan bir million misrani yoddan bilgan. Xullas, “Manas” eposi xajm jihatidan dunyodagi eng katta eposdir. Unda qirg’iz xalqining tarixi, geografik o’rni, madaniyati, urf-odatlari haqida keng ma’lumotlar bor. Bunday katta xajmdagi eposni butun xalq yaratgan. Dastlab irmoq sifatida paydo bo’lgan bu epos, bizning bugungi kunimizga kelib katta dengizga aylandi. (Ch. Aytmatov) Bu asarda realistik, romantik, fantastik, simvolistik badiiy tasvirlash usullaridan keng foydalanilgan.

 

XIX asr o’rtalarida Qirg’iziston Rossiyaga qo’shib olingach, uning adabiyotida ham ayrim o’zgarishlar bo’ldi. Arab yozuvini egallagan ba’zi qirg’iz oqinlarining yozma shakldagi asarlari paydo bo’ldi. Shulardan biri To’g’aloq Mo’ldo (asli nomi Boyimbet Abdurahmonov) xalq ertaklari va qo’shiqlarini qayta ishlab “Jonbaxti”, “Kemchintoy”, “Eshak va bulbul” singari original xajviy dostonlar yozdi.

 

O’rta hol dehqon oilasida tug’ilib  voyaga yetgan To’g’aloq Mo’lda (Baimbet Abduraxmanov) yoshligida eski maktabda o’qib savodini chiqardi. Lekin u xalq oqinlaridan ko’p o’rgandi. Qirg’iz xalqining boy folklori an’analari ruxida tarbiyalandi. Ayniqsa Musaka degan oqin yosh shoirga juda ko’p xalq og’zaki ijodidagi qo’shiqlarni va qo’biz chalishni  o’rgatgan edi. U  «Bo’z yigit», «Qiz Jibek» «Bayan suluv» singari dostonlarni yodlab, bularni qo’biz jo’rligida xalq o’rtasida kuylab yuradi. Shuningdek, shoir ko’plab xalq qo’shiqlarini, termalarini va o’zi to’qigan she’rlarni ham kuyga solib, tez orada mashhur oqin darajasiga ko’tarildi.

 

         U rus tili va alfavitini mustaqil o’rganib olib, bu tilda yaratilgan asarlarni o’qiy boshladi. To’g’aloq Mo’lda qirg’iz adabiyoti tarixida birinchi bo’lib masallar ijod qilgan. Uning «Turna bilan Tulki», «Bo’ri va tulki», «Bedana va tulki» kabi masallari rus yozuvchisi Krilov ta’sirida yozilib, ularning tarbiyaviy tomondan ahamiyati buyuk edi.

 

         To’g’aloq Mo’ldoning xotin-qizlar ozodligi mavzusida yozgan asarlari ham anchaginadir. Mustabid tuzumda inson erkining, huquqining paymol qilingani shoirning «Sotilgan qiz armoni», «Cholga tekkan qiz armoni» kabi bir qancha she’rlarida afsus va nadomat bilan ifodalanadi. U ma’rifatparvarlik haqida ham bir talay asarlar yaratgan ijodkordir.

 

         Shoirning «Olatov» nomli dostonida Ona-yurtning tabiati o’zgacha mehr bilan kuylanadi. Tiniq suvlari, qorli cho’qqilari, yashil vodiylari shoir qalamida yanada boshqacha ko’rk bilan jilvalanadi. Shoirning «Yer va uning bolalari» nomli dostoni ham juda mashhur bo’lgan. Bu dostonda Yerni butun mavjudotni o’z bag’riga oluvchi ona deb ataydi. Shunday ekan Unga xuddi onaga bo’lgan munosabatda o’ta mehribonlik bilan yondashmoq lozim deydi. To’g’aloq Mo’ldo «Otgantong va Suyganboy», «Nasixat» kabi poemalarida inson erki, uning ozodligini, hurriyatni ko’tarib chiqdi. Xotin – qizlarning erkaklar bilan teng huquqligi haqidagi masalani, u qirg’iz adabiyotida birinchilardan bo’lib o’rtaga tashladi. Uning 200 bosma taboqqa yaqin qo’l yozma asarlari to’plangan. Bular qirg’iz adabiyotining yuksalishiga, taraqqiyotiga katta hissa bo’lib qo’shilmoqda.

 

 Xalq baxshilaridan biri To’xtagul Sotilg’anov xam qirg’iz yozma adabiyotining shakllanishiga katta hissa qo’shdi. U yoshligini qattiq qiyinchiliklarda o’tkazdi. Andijonda Dukchi eshon boshchiligida ko’tarilgan xalq qo’zg’olonida ishtirok etgani uchun sakkiz yil Sibirda surgunda bo’ldi. T.Sotilg’onov ana shu og’ir xayotiga asosiy sababchilar rus imperiyasi va mahalliy amaldorlar deb bildi. U “Eshon xalfa”, “Besh qobon” singari she’rlarida mahalliy amaldorlarning, nafsi o’pqon ruxoniylarning yaramas kirdikorlarini fosh qildi.

 

 Yetim-yesir xolsizni

Savalading, besh to’ng’iz

Odam o’rnida yo’qsilni

Sanamading, besh to’ng’iz

Yeb-ichishdan boshqani

Tan olmading, besh to’ng’iz

 

Shoirning surgunda va undan keyingi davrlarda yozgan “Alvido, xalqim”, “Surgunda”, “Tog’ burguti”, “Sog’inish”, “Uch xo’ja” singari she’rlari ham katta g’oyaviy badiiy qimmatga ega.

 

         20 – yillar qirg’iz adabiyotida turli janrlarda dastlabki badiiy asarlar yozildi. Chunki 1925 yilda Qirg’iziston  respublikasi tashkil etildi. Shu yili «Erkin tov» nomli birinchi qirg’iz tilida gazeta chiqa boshladi. Shu gazeta tevaragida qirg’iz adabiyotining vakillari to’planishib, yangi adabiy muhit tashkil etdi.

 

         To’xtagul Sotilganov, To’g’aloq Mo’lda, Ali To’qimboyev singari shoirlarning she’rlari shu gazetada bosilib chiqar edi. 20 – yillar qirg’iz adabiyoti vakillarining ko’pchiligi xalq oqinlari edi. Ular ijodi og’zaki adabiyot bilan yozma adabiyot o’rtasida ko’prik vazifasini o’tadi.

 

         Qirg’iz adabiyotida ma’rifatparvarlik g’oyalarini targ’ib qilgan Mo’lda Qilich, Arstonbek, K.Tinishtoyev kabi jadid yozuvchilarining ham o’rni juda katta bo’ldi. Bular ijodida qirg’iz xalqining milliy urf-odatlari, o’zligini anglash masalalari ko’tarib chiqildi. Lekin bu ijodkorlar sobiq ittifoq davrida «millatchilar» deb qoralangan, faqat Qirg’iston o’z mustaqilligini qo’lga olgach, bular ijodi yana o’rganila boshladi.

 

20 – yillar qirg’iz  dramaturgiyasining shakllanish davri bo’ldi.       1924 yil Bishkek pedagogika texnikumida dramatik to’garak tashkil etildi, 1926 yilda esa teatr studiyasi tashkil etildi. N. Yeleninning «Mulla Nasriddin» pyesasi birinchi qirg’iz dramasidir. Bu folklor asosida   yozilgan drama edi. M. Tokoboyev  keyinchalik «Qayg’uli Kakey» nomli  dramasini  tarixiy mavzuda yozdi.  Bunda nochor qolgan   kambag’al qirg’iz dehqonining boshiga tushgan turli og’ir kulfatlar tasvirlanadi. Asarda  Moldiboy ismli kambag’al kishi Choyubek  degan qari boyga qarzini to’lash  uchun qizi Kakeyni berishga majbur bo’ladi. Asar oxirida qizning sevgan yigiti Umrqul do’sti Qosim bilan boyni o’ldirib, qizni  olib qochib ketadi.

 

Qosimali Jontashev «Cho’ponlar»,  «Qorasoch» kabi dramalarni yozdi.  Bu asarlar ham zamonaviy mavzuda bo’lib,  ularda xotin-qizlar ozodligi, inson erki  kabi masalalar ko’tarilib chiqilgan edi. Shu yillar  Qirg’iz prozasining ilk namunalari e’lon qilina boshlaydi. 1927 yilda Qosimali  Boyaminov «Ajdar» qissasi e’lon qilindi, gazeta va jurnallarda ko’plab  felyeton,  ocherk,   hikoyalari chiqib turdi. Bular  realistik qirg’iz prozasining shakllanishiga  ma’lum darajada xizmat qildi.  Birinchi  qirg’iz romanlari «Kanibek» (K. Jontoshev), «Ken Su» (T. Siddiqbekov) 30-yillarda yozilgan.

 

XX asr boshlarida qirg’iz ziyolilaridan Mo’lda Qilich “Zilzila” va “Qirg’izlarning qisqacha tarixi” nomli asarlarida qirg’iz xalqining tarixiga oid ko’p voqyealarni aks ettirdi. Lekin bu asarlar sovet davrida “zararli asar” deb e’lon qilinib, ularni o’qish man etildi. XX asr qirg’iz yozma adabiyotining shakllanish davri bo’ldi. Asrimizning 20-30 yillaridan boshlab prozaik va dramatik asarlar paydo bo’la boshladi. K. Boyaminovning qirg’iz xotin-qizlar o’tmishiga bag’ishlangan “Hojar” povesti, M.Tokaboyevning “Kakey”, K. Jontoshevning “Qora soch”, “Olim va Mariya” pyesalari qirg’iz realistik adabiyotining dastlabki namunalaridan edi. 30 yillarda qirg’iz adabiyotiga T.Siddiqbekov, A.Osmonov, T.Umedaliyev, A.To’xtamishov kabi yosh ijodkorlar kirib keldi. T. Umedaliyevning “Oysuluv”, A.Usmonovning “Toluboy” dostonlari o’sha davrdagi voqyealar tasviriga bag’ishlangan edi. Dastlabki qirg’iz dramatik asarlarining ko’pchiligi tarixiy mavzularga bag’ishlangan edi. 1916 yilgi mardikorlikka olishga qarshi ko’tarilgan qo’zg’olon aks etgan A.To’qimboyevning “Qonli yillar”, M.Eliboyevning “Uzoq yo’l”, J.Turusbekovning “Momot emas, xayot” asarlari yozildi. Tug’ilboy Siddiqbekovning “Manas va Almambet”, A.To’qimboyevning “Manas”,Q.Jontoshevning “Qurmonbek”, J.Boqonboyevning “Oltin qiz” asarlari ham o’tmish mavzusida yozilgan edi.

 

30-yillar qirg’iz adabiyotida eng sermahsul yillar bo’ldi. Chunki bu davrda avval qirg’iz adabiyotida bo’lmagan prozaik va dramatik asarlar paydo bo’ldi. Tug’ilboy Siddiqbekov “Ken suv” va “Temir” romanlari bilan qirg’iz adabiyotida romanchilikka asos soldi. Bu asarlarda sosialistik mafkurani targ’ib qilish kuchli bo’lsa-da, 20-30 yillar Qirg’izistondagi ijtimoiy-siyosiy voqyealarni yoritib bergan.

 

Urush va undan keyingi yillar qirg’iz adabiyoti sobiq SSSRdagi barcha xalqlar adabiyoti singari rivojlanish bosqichini o’tadi. “Vulgar sosialogizm”, “Konfliktsizlik nazariyasi” singari zararli oqimlarning qirg’iz adabiyoti rivojiga ham salbiy ta’siri borligini sezamiz.

 

Urushdan keyingi yillar qirg’iz adabiyotida tinchilik, do’stlik, mehnat temasida ko’plab she’rlar yaratildi. A.To’qimboyevning “Jangchi-paxtakor”, “O’z ko’zim bilan ko’rganim”, T.Umetaliyevning “Oq oltin qo’shig’i”, “Cho’pon haqida qissa”, Q.Malikboyevning “Qodir aka” kabi dostonlari bu davr qirg’iz poeziyasining go’zal namunalaridan edi.

 

A.To’qimboyev qirg’iz yozma adabiyotining  beshigini tebratgan  ijodkorlardan biridir.  Uning   biriinchi she’ri “Erkin tog’” nomli gazetada  1924 yili  e’lon qilingan.   Birinchi she’rlar to’plami 1927 yilda Toshkentda nashr etilgan.   Keyinchalik uning “Tutqin  Marat”, “Yetim” nomli dostonlari nashr etilgan. Bu asarlarida shoir o’z boshidan o’tkazgan qiyin turmushning badiiy kartinasini ishonarli qilib chizib bergan.  “Akay Mergan”, “Yo’l ertaklari” nomli hikoyalar to’plamlari  ham qirg’iz adabiyotida kichik prozaning  rivojlanishida  katta ahamiyatga ega bo’lgan. Uning “Yarador yurak” povesti ham o’z zamondoshlarining murakkab hayotini aks ettirgan. 50 – yillarda uning “Xitoydagi uchrashuv”,  “O’z ko’zim bilan” poemalari e’lon qilindi.

 

         Yozuvchi “o’z ko’zim bilan” nomli dostonida Nurboy nomli qirg’iz cho’ponining ongidagi o’zgarishlarning ilm, fan taraqqiyot tufayli qanday yuz berganini tasvirlagan. “Bolalik davrimizda” nomli asar avtobiografik povest bo’lib, unda adibning Toshkentda o’qigan davrlaridagi voqyealar tasvirlangan. A.To’kimboyev “O’rmon hokimi”, “Qasos” kabi dramatik asarlar ham yozgan.

 

Urushdan keyingi yillar qirg’iz she’riyatiga R.Shukurbekov, S.Eraliyev, S. Jusuyev, M.Jong’oziyev kabi yoshlar kirib keldi. Proza sahasida esa Ch.Aytmatov, N.Boytemirovlarning ijodi juda mashhur bo’ldi.

 

1945 yilda yozilgan T.Siddiqbekovning “Zamonamiz kishilari” romani Davlat mukofotiga sazovor bo’ldi. Issiq ko’l  vodiysida tug’ilgan.  To’g’ilbeyning yozuvchi bo’lib  yetishishida  onasining roli katta  bo’lgan.  Uning  birinchi she’rlar to’plami «Kurash» 1933 yilda e’lon qilindi.  Keyinchalik  uning  «Botirlar», «Oqin bulbul» singari she’riy to’plamlari nashr etildi.  U  bir qancha  hikoyalar,  qissalar ham ijod qilgan.  Ayniqsa  bolalarga atab yozilgan «Tog’ bolalari» qissasi ko’pgina tillarga tarjima  bo’lgan.

 

         Yozuvchi bir qancha  romanlarning  ham muallifidir. Uning  «Ken suv»  romani 30- yillarda  yozilgan bo’lib,  qirg’iz qishloqlarida yuz bergan o’garishlarni  o’zida aks ettirgan.  Keyinchalik bu asar qayta ishlanib «Tog’lar orasida» nomi bilan nashr etildi.  Asar qahramonlari Saparbay, Soke, Iymanboy,  Saodat,  Qalpoqboy  kabilarning hayot yo’lini ko’rsatish bilan qirg’iz  xalqining sobiq Ittifoq davridagi hayoti aks ettirilgan. Albatta  yozuvchi o’z davrining odami sifatida bitta xalqni bir-biriga qarama-qarshi qilib qo’ygan kommunistlar  ideologiyasini ham  targ’ib qildi.  Lekin  shunga qaramasdan, bu  davr qirg’iz xalqi hayotining realistik  kartinasi romanda  to’g’ri ko’rsatilgan. «Temir» romani esa adib tomonidan  1939-40 yillarda  yozilgan.  Bu «Ken suv» romanining  mantiqiy davomi sifatida  ko’zga tashlanadi.  Bosh qahramon Temir irodasi mustahkam, qiladigan ishini avvaldan puxta, pishiq rejalab oladi. Romandagi  salbiy obraz  Bo’riboy nihoyatda  ayyor,  zolim va  yovuz  kishi sifatida  berilgan.  U o’z maqsadiga erishish uchun hyech narsadan qaytmaydi.  Temir ana shu Bo’riboy bilan konfliktda yutib chiqadi.

 

         Yozuvchining  «Zamonamiz kishilari» romani urush davrida  yozilgan. Asarda  Issiq ko’l vodiysida  yashayotgan qirg’iz xalqi  hayoti tasvirlangan. Charg’in, Akiya, Batish, Dmitriy, Gulnor kabilar zamonamiz kishilari  obrazi sifatida  namoyon bo’ladi.

 

         Xullas, T. Sidiqbekov  qirg’iz adabiyoti,  xususan,  romanchiligini rivojlantirishda katta ijodiy yutuqlarni qo’lga kiritdi.

 

N.Boytemirov urush yillaridagi voqyealarga bag’ishlab “Azamat” nomli qissa yozdi. Bu qissa uchuvchilarning urush yillarida ko’rsatgan jasoratlariga bag’ishlangan. Uning “So’nggi patron” nomli romani ham shu mavzuda yozilgan. Yozuvchining “Saltanat”, “Yulduzxon” kabi romanlarida urushdan keyingi qirg’iz qishloqlaridagi voqyealar aks ettirilgan. Bu asarlar mazmunini tashkil etuvchi voqyealar bizga H.Olimjonning “Zaynab va Omon” poemasini eslatadi. Chunki Yulduzxon ham Zaynab singari yetim qiz. Uni tarbiyalagan Totibek eskilik qoldig’idan qutulmagan, Yulduzni o’qishga qo’ymaydi. Yulduz mehnati bilan kolxozda obro’ topadi. Totibek uni turmushga bermoqchi bo’lganda, qiz sevgan yigiti bor ekanligini aytadi. Xullas, voqyealar shu tarzda rivojlanib, oxir oqibatda Yulduzxon boshliq yoshlar jaholat ustidan g’alaba qiladi. Yulduzxon asar finalida Oliy kengash deputati bo’ladi.

 

Keyingi yillar qirg’iz dramaturgiyasi rivojiga T.Abdumo’minov “Tor dara”, “Qumloq adir”, K.Malikov “Baland yerda” pyesalari bilan katta hissa qo’shdi. M.Boysheyevning “Bahs”, Ch.Aytmatovning “Momo yer” kabi pyesalari o’zbek teatrlarida ham qo’yildi.

 

Keyingi o’n yilliklarda qirg’iz adabiyotida ko’pgina talantli yozuvchilar ijod qildi. Bu davrda T.Siddiqbekovning “Ayollar” trilogiyasi, Qosimbekovning “Singan qilich” nomli tarixiy romani o’quvchilarga manzur bo’ldi. E.Mansurovning “Oq kiyik”, O.Donikeyevning “Qizil qoya”, Sh.Beyshanalayevning “Omonat” povestlari ham yaxshi asarlar deb tan olindi.

 

A.To’xtamishovning “Oltin tog’” she’riy romani, S.Jusuyevning “Suqlanish” kabi dostonlari; O.Sultonov, Sh.Abduhaliqov J.Sodiqovlarning she’riy to’plamlari keyingi yillar qirg’iz poeziyasining ko’zga ko’ringan asarlari sanaladi.

 

Dramaturgiyada T.Abdimo’minov “Kechirilmas gunohlar”, B.Jakiyev “Ota taqdiri”, M.Tojiboyev “Moskvalik kelin”, “Haq yo’l” kabi asarlari bilan mashhur bo’ldi.

 

50-yillarda  adabiyotga kirib kelgan talantli shoir S. Eraliyevning yoshligi  ikkinchi jahon urushi  davriga to’g’ri keldi.  U frontda  janglarga  qatnashib jasoratlar ko’rsatdi.  Shoir vatan uchun qon to’kib jang qilish bilan birga, unga bag’ishlab  ajoyib  asarlar ham yaratdi. 1978 yilda shoirning «Tog’lar farzandiman»  nomli she’riy to’plami  o’zbek tiliga tarjima qilinib nashr  etildi.  Bu kitobdagi she’rlar uning ona yurtiga bo’lgan otashin muhabbatidan  darak beradi.  Uning  «Tog’ o’g’liman», «Tog’liksan», «Men qirg’izman» she’rlari xuddi Vatanga  bag’ishlangan madhiyaday yangraydi. Masalan. «Men qirg’izman»  she’rida quyidagi misralar fikrimizga  isbot bo’ladi.

 

                   Men jarchiman,

                 Xabarchiman

                   To’lqinlanar yuragim,

                   Shodligimni cheki yo’q

                   Toshqin daryo singari

                   Ginasi yo’q, keki yo’q

                   To’xtagulning yerida,

                   Yani qirg’iz elida

                   Tantanali tuy bugun

                   Tashvishingni qo’y bugun

                   Bo’z o’tovlar tikilgan

                   Issiq ko’lning bo’yiga  

                   Eh, xaloyiq, xaloyiq

                   Bu tuy maqtovga loyiq.

 

         S. Eraliyev  «Jonil Mirzo» nomli doston ham yozib, unda  Jonil Mirzo haqidagi folklor asaridan foydalandi. Bu asar vatanparvarlikni targ’ib etuvchi asar sifatida shoir ijodida alohida ahamiyatga ega.

 

Quvonchbek Malikov    qirg’iz adabiyotining ko’zga ko’ringan shoiri va dramaturgi, uning ilk asarlari 1928 yildan e’lon qilina boshlandi. Uning «Kuzgi dalalar», «Qonga qon», «Olatovlik qardoshlar» singari  she’riy to’plamlari va dostonlari e’lon qilindi. Ayniqsa, uning «Muhabbat va do’stlik» nomli dostoni juda mashhur bo’ldi.

 

Quvonchbek Malikov    qirg’iz  teatrining  yuksalishiga katta hissa qo’shdi. U birinchilardan bo’lib «Oycho’rik»,  «Manas» va «To’xtagul» singari  operalar yaratdi. «Buyuk zamona», «Jonil Mirzo» singari  dramalari ham adib ijodida yorqin asarlardan hisoblanadi. «Jonil Mirzo» dramasi folklor asosida  yaratilgan. Ma’lumki, Janil ismli qiz o’z xalqining ozodligi uchun kurash olib borgan. U dushmanning mashhur botirlari bilan yakkama-yakka jangda merganlik bilan g’alaba qozongan. Qalmoq xoni  Mantu uni hiyla bilan asirga olganda, butun xalq ko’tarilib, uni tutqinlikdan  ozod qilgan. Ana shu syujet asarga  mahorat bilan singdirilib, tomoshabinga zavq beradigan, uning ongiga ta’sir qiladigan ko’rinishlar  vujudga kelgan.

 

Q. Boyaminov  1902 yilda Baliqchi rayonida  tug’ilgan. 2 yoshida onasidan, 10 yoshida otasidan yetim qolgan. Keyin yetimlikning achchiq qismatini tatib turli joylarda ishladi. O’z urug’i bilan  Xitoyga keldi. Ana  shu bolalik davri haqida adib «Ajar», «Murot», «Voyaga yetgan yetim»  kabi qissalar yozgan. «Ajar» qirg’iz adabiyotidagi birinchi qissa. Bunda Aytqul ismli kishining  farzandlari turli kasalliklardan  vafot etadi.  Keyin uning xotini  Fotima qizli bo’ladi, uning ismini Ajar qo’yadi. Aytqul urushda halok bo’ladi, xotini kasal bo’lib o’ladi. Ajarni bir qari cholga xotinlikka beradi, qiz uning uyidan qochib ketadi. Lekin uni tunda bo’rilar yeb ketadi.  Bu asarda yetimlikning  achchiq qismati  juda ta’sirli qilib berilgan.

 

Yozuvchining «Issiqko’l yon bag’irlarida» nomli povesti ham ancha mashhur bo’lgan. Bunda qirg’iz xalqining  ijtimoiy tuzumida turli o’zgarishlar bo’lgan paytdagi hayoti tasvirlangan.  Asar syujetiga   tabiat  manzaralari tasviri, xalq urf-odatlari, turli afsona va rivoyatlar ham mahorat bilan singdirib yuborilgan.  

 

Keyingi   yillarda qirg’iz adabiyotida, ayniqsa uning she’riyatida  iste’dodli shoirlar  ijod qilmoqda. Bu  shoirlarning    ijodida bir tomondan xalq og’zaki ijodining an’analariga ergashish  ko’zga tashlansa,  ikkinchi tomondan, zamonaviy  Yevropa adabiyotining ta’siri ham sezilib turadi.  Mendi Mamazoirova,  Suyarqul Turg’unboyev, Abdurashid Urboyev, Xo’jakeldi Kultegin, Nodirbek Alimbekov,  Yadgar Salayev singarilarning  she’rlari bugungi  qirg’iz adabiyotini  bezab turibdi.

 

Qirg’iz she’riyatida  o’zlikni anglash,  milliy urf-odatlar,  qadimiy qadriyatlarni  tiklash kabi  mavzularda ham ko’plab she’rlar yozilmoqda.  Ma’lumki,  qadim qirg’iz adabiyotida  baxshilarning aytishuvi ham katta  rol o’ynagan. Bu baxshilar xalq to’plangan joylarda o’z ijodlarini namoyish etib, ham shoirlik,  ham hofizlik  san’atini  egallaganlar. Ular o’z davridagi muhim voqialar haqida  kuylab, katta falsafiy, teran fikrlarni bayon etishgan.  Hozirgi qirg’iz she’riyatida  ana shu  an’analarning ham  davom etayotganligi ko’zga tashlanadi.

 

Bulardan   tashqari she’riyatning  umrboqiy mavzusi sevgi va sadoqat haqida  ham ko’pgina  she’rlar yaratilmoqda.  Masalan,  Mendi Mamazoirova «Sog’inch qo’shig’i»  nomli she’rida  shunday misralarni  yozadi:

 

 Oylar kunni yutar ekan yamlamay

  Menchi  buni goho anglab, anglamay,

  Ora-sira ko’zga tushib qolaman,

 Cho’ntagingda qolib ketgan tangaday

 

      Shoir Abdurashit Urboyev  yaqin  o’tmish mavzusini yoritishga  ko’proq urinadi. Uning «Qurbonjon dodxohning vasiyati» nomli she’ri bunga misol bo’la oladi. Ma’lumki,  Qurbonjon dodxoh Turkistonda rus bosqiniga qarshi kurashgan jasur, qahramon kishi edi. U ayol bo’lishiga  qaramasdan,  katta qo’shin to’plab  ruslarning O’rta Osiyoga kelishiga qarshi jang qildi. Abdurashit Urboyevning  bu she’rida Qurbonjonning el-yurtiga, umuman, turkiy xalqlarga qarata o’lim oldidagi murojaati aks ettirilgan.  Bu murojaatda  har qanday holatda ham  Vatanni, millatni himoya qilishga da’vat etilgan. El ichida ko’plab sotqinlar ham chiqqan, ular  o’zga  yurtdan kelgan bosqinchilarni non va tuz bilan  kutib olgan. Bu ishni ular  tor manfaatlar doirasidan kelib chiqib qiladi.  Dushmanlarning  marhamatiga  sazavor bo’lish,  ular tuzgan  yangi  davlatdan biror  mansabni  egallash  ilinjida  millatni sotadiganlar ham xalq ichida  anchagina uchraydi.

 

Agar  yurti birlashsa, u katta kuch bo’ladi, uni yengadigan, unga  bardosh beradigan dushman yo’q deyiladi ushbu she’rda. Lekin hozirgi dunyoda omon qolish uchun birlashish bilan birga,  xushyor, farosatli bo’lish ham talab qilinadi.  Aks holda  xalq boshida qora bulut aylanib, «porloq kelajak» emas, balkim qandaydir boshqa kelajak kutadi deydi shoir.

 

                   Xushyor bo’ling, zamon boshqa, shart boshqa,

                   Iloj yo’qdir ot tizginin tortmasga.

                   Bizlar uchun mezon bo’lsin farosat,

                   Ishonmanglar, «Men do’st degan har kasga…»

                

  Jigarlarim, elu-yurtim, farzandim,

Yaqin qoldi u dunyoga safarim.

So’zlarimni uqib oling, azizlar,

Vasiyatim, mening so’nggi gaplarim

 

                   Ko’rmay qolsam agar  osmon yulduzni,

                   Ichmay  qolsam xushbo’y, totli qimizni,

                   Shoshiling boz xabar bering O’ng, So’lga,

                   O’limim ham birlashtirsin qirg’izni…

 

         Haqiqatdan ham, bu she’rda shoir vatandoshlarini xushyor bo’lishga, birlashishga, farosatli bo’lishga undayapti.  Bu faqat qirg’iz xalqigagina emas,  balki bosqinchilardan jabr ko’rgan barcha ellar uchun ham ogohlantirishday jaranglab  turibdi.

 

         Ko’pgina qirg’iz shoirlarining she’rlarida o’z yurtining  shonli o’tmishi bilan,  tarixda o’tgan mashhur kishilari bilan faxrlanish tuyg’usi  sezilib turganining  guvohi bo’lamiz.  Masalan, Nodirbek  Alimbekovning «Yoshlari bor» nomli she’rida qirg’iz xalqining o’tmishi bilan faxrlanish tuyg’usi quyidagicha ifodalangan. 

 

Qirg’izning Talasi bor, Manasi bor,     

Aytmatovday, Akayevday qanoti bor.

Uchishga shaylangan shu qanotni

Sindirishdan  toymagan odati bor.

 

 Bu satrlarda  faxrlanish tuyg’usi bilan birga, bitta  achchiq haqiqat   ham aytilyapti.  Bir-birini ko’rolmaslik,  baxillik, birovining muvaffaqiyatidan ikkinchisi iztirobga tushish odati barcha turkiy xalqlar ichida, oz bo’lsa-da uchraydi.  Shoir ana shu  salbiy xislatni  armon bilan  ta’kidlayapti.  Lekin she’rning  so’nggi misrasi «Ortida-chi,  zo’r umidli yoshlari bor» degan misralar bilan tugallanib, bu esa o’quvchida  kelajakka umid bilan qarashni ta’minlaydi.

 

         N. Alimbekov boshqa xalqlarni hyech ham kam ko’rmaydi,  aksincha, ularning ayrim fazilatlaridan qirg’izlar o’rganishi kerak degan to’g’ri g’oyani  olg’a suradi. Uning «Tungonilar» she’rida tungan xalqining nihoyatda  mehnatkash xalq ekanligi ta’kidlanib, qirg’izlar ulardan o’rnak olish kerak deydi.

 

         Tungonilar ketmon chopib, ter to’kib,

         Rizqin izlab ona yerga yopishar.

 

 

         Tanballikka ko’nib qolgan qirg’izlar

         Toqqa qarab uyqusirab yotishar…

 

          Shoirning «Yahudiylar haqida» nomli she’rida ham, bu mehnatkash xalqning tejamli, aqlli, bir-biri bilan inoq ekanligi  boshqa xalqlarga ham ibrat bo’lish kerak deydi.

 

«Bizga o’xshash odam ekan ular ham

Qo’l-oyog’i,  qoshi, boshi bor».

Ana shunday ajabtovur latifa, 

Yangilishmasam,  juhudlarga dahldor.

 

Zamonaviy qirg’iz she’riyatida  yana bir ko’zga tashlanib turgan xususiyat, bu do’stlik mavzusidir.  Bu do’stlik  eng birinchi navbatda Turkistonda  yashab turgan xalqlar o’rtasida  mustahkam bo’lish kerak,  degan g’oyalar  targ’ib qilinmoqda.  Haqiqatdan ham  qadimda yagona bo’lgan Turkiston uchta xonlikka  bo’linib ketganligi uchun qariyb  150 yil ruslarga qaram bo’lib qoldi.  Ruslar esa Turkistonni  boshqarish ason bo’lsin deb beshga  bo’lib  yubordi. Ana shu beshta  davlat bugungi kunda  tarixiy taraqqiyot  tufayli  mustaqillikka erishdi.  Bu bizning ota-bobolarimiz orzu qilib  kelgan haqiqiy  istiqlol edi.  Hozirgi  ming xil nayranglar o’ynab turgan dunyoda, uni yana yo’qotib  qo’yish hyech gap emas. Shuning  uchun Turkistonning barcha xalqi yagona musht bo’lib birlashish kerak.  Ana  shunday  bo’lsa,  davlat qudratli bo’ladi.  Xuddi shunday g’oyalar  ko’plab zamonaviy  qirg’iz shoirlarining she’rlarida yangramoqda. Bunga misol sifatida Yadgar Solayevning «Besh panja» nomli she’rini ko’rsatishimiz mumkin:

 

         Besh panja  bor,  beshov birday teng emas,

         Beshov agar biriksami, sen emas,

         Odamzodga  sodiq xizmat qilguday,

        Qudrati bor, yarim-yorti el emas!

 

 

 

         Qirg’iz, qozoq,  o’zbek, tojik, turkmanni

         Qirgan paytda, ajdodlarim hurkkanmi?..

         Besh panjaday ahil bo’lsak, biriksak,

          Ko’rar edik haddi sig’ib, turtkanni!..

 

         Qardoshlikning qadrin avval bilaylik,

         Hamkor bo’lib, doim o’ynab-kulaylik.

         To’yda suyanch, aza  chog’i tobutkash

         Birlashaylik,  mushtum bo’lib yuraylik.

 

Ana shunday qadim Turkiston xalqlarining   birlashishiga da’vat boshqa turkiy xalqlar adabiyotida ham keng yoritilmoqda. Turkistonni yagona Vatan deb tushunish,   uning qudrati uchun kurashish faqat ijodkorlarning emas,  balki shu  yerda yashovchi barcha xalqlarning  muqaddas burchi bo’lib hisoblanishi kerak.

 

Xullas, qirg’iz adabiyoti zamon bilan hamohang tarzda taraqqiy etmoqda. Mustaqillik davrida o’zbek va qirg’iz adabiy aloqalariga yangicha yondashish bo’layapdi. Mashhur yozuvchi Ch.Aytmatovning bevosita tashabbusi bilan “Issiq ko’l forumi” singari uyushmalar tuzildi. Bu uyushmalarning asosiy shiori tinchlik, xalqlar o’rtasidagi do’stlikni mustahkamlash va adolatni tiklashdan iboratdir.

 

 Adabiyotlar

 

 

 

1.  Istoriya kirgizskoy literaturы. M., 1970.

2.  Ch.Aytmatov, M.Shoxanov. “Cho’qqida qolgan ovchining ohi-zori”. T., 1998.

3.  A.To’qimboyev. Tong oldida. She’riy roman. T., 1985.

4.  «Manas» eposi. 1-kitob, T., 1964 y.

5.  S.Eraliyev. Tog’lar farzandiman. She’rlar. Toshkent, 1978.

 

 

CHING'IZ AYTMATOV IJODI

 

Reja:

 

1. Hozirgi qirg’iz adabiyoti haqida.

2. Chingiz Aytmatov – hozirgi dunyoning ulkan adibi.

3. Chingiz Aytmatov qissalari.

4. Chingiz Aytmatovning “Asrga tatigulik kun” romani.

5. Chingiz Aytmatovning “Qiyomat” romani.

 

 Tayanch iboralar: Chingiz Aytmatov ijtimoiy faoliyati, “Issiq ko’l forumi”, “Jamila” povesti va undagi obrazlar. “Moma Yer”, “Oq kema”, ekologiya, ma’naviyat masalalari.

 

XX asr jahon adabiyotining yirik vakillaridan biri Ch.Aytmatov qirg’iz adabiyotining shuhratini olamga yoydi. Uning ijodi jahon adabiyotining eng yaxshi an’analari bilan qirg’iz milliy adabiyoti an’analarining qo’shiluvidan iborat bo’ldi. U yaratgan asarlar jahonning qariyb barcha tillariga tarjima qilingan. 1988 yildagi ma’lumotga qaraganda uning asarlari 40 million nusxada chop etilgan.

 

Ana shunday buyuk yozuvchi 1928 yili Qirg’izistonning Talas vodiysida tug’ildi. Uning otasi To’raqul Aytmatov o’z zamonasining ilg’or kishilaridan bo’lib, katta davlat arbobi va olim kishi edi. 1937 yil unga “xalq dushmani” degan ayb qo’yilib, repressiya qurboni bo’ldi. Ch.Aytmatov rus maktabida o’qidi. Keyin Jambuldagi zooveterinariya texnikumini bitirib, institutga kirdi. Qishloq xo’jalik institutining zootexnika fakultetini bitirib, ancha yillar shu mutaxassislik bo’yicha ishlagan. Lekin badiiy adabiyotga bo’lgan qiziqishi tufayli u Moskvadagi ikki yillik adabiyot institutida ham o’qidi. Ch.Aytmatov bir necha yillar “Pravda” gazetasining Qirg’izistondagi muxbiri va “Literaturniy Kirgizistan” jurnalining redaktori bo’lib ishladi. Yozuvchi ijod bilan birgalikda, jamoat ishlarini ham bajarib kelmoqda. Qirg’iziston yozuvchilar uyushmasining raisi, “Inostrannaya literatura” jurnalining muharriri, Rossiyaning Lyuksemburg davlatidagi elchisi, “Issiqko’l forumi”ning boshlig’i vazifalarida ishladi. Hozirgi kunlarda “Turkiston umumiy uyimiz” deb nomlangan Markaziy Osiyo ijodkorlari tashkilotining boshlig’i sifatida faoliyat ko’satmoqda.

 

Ch.Aytmatovning badiiy adabiyotga bo’lgan havasi dastlab oilaviy muhitda bo’lgan. O’zining yozishicha, katta buvisi juda ko’p xalq ertaklarini bilgan ayol bo’lgan. Keyin yozuvchi bolaligida rus yozuvchilarining asarlarini ko’p o’qigan. Ch.Aytmatov ikki tilda rus va qirg’iz tillarida ijod qiluvchi yozuvchidir. Uning ijodi kichik-kichik hikoyalar yozish bilan boshlangan. Institutda o’qib yurgan kezlarida birinchi hikoyalari e’lon qilingan. Lekin yozuvchiga shuhrat keltirgan asar, uning “Jamila” nomli qissasi bo’lgan. U tez orada shuhrat qozondi. Uni mashhur yozuvchi Lui Aragon fransuz tiliga tarjima qildi. Tarjimaga o’zi so’z boshi yozib, uni “Muhabbat haqida yozilgan jahondagi eng ajoyib qissa” deb baholadi. Ikki yil ichida bu asar 30 ta chet tillariga tarjima qilindi. Bunday hodisa jahon adabiyoti tarixida birinchi marta sodir bo’lishi edi. Asar voqyealari ikkinchi jahon urushi davrida bo’lib o’tadi. Urushdan yarador bo’lib qaytib kelgan Doniyor bilan eri urushga ketgan kelinchak Jamila o’rtasidagi muhabbat katta mahorat bilan berilgan. Otashin muhabbatga erishish uchun, juda kuchli iroda ham kerak ekanligi bu asarda o’ta ta’sirli qilib berilgan. Ishq yo’lida har qanday urf-odatlar, rasm-rusmlar ham bir pulga arzimasligi Jamila va Doniyorlar muhabbati vositasida ko’rsatib berilgan.

 

Ch.Aytmatov asarlarining har biri o’ziga xos original asar bo’lib dunyoga keldi. Uning kitobdan-kitobga qarab mahorati o’sib bordi. Yozuvchining “Momo Yer”, “Yuzma-yuz”, “Birinchi muallim”, “Sohil bo’ylab chopayotgan olapar”, “Oq kema”, “Alvido, Gulsari” kabi asarlarining har biri buyuk talantning, yuksak mahoratning mahsulidir. Yozuvchi “Momo Yer”, (“Somon yo’li”) povestida To’lg’onoy ismli ayolning boshiga tushgan dahshatli voqyealarni tasvirlaydi. Insonning boshi toshdan qattiq ekanligini, u har qanday musibatlarga chidashi uchun katta irodaga ega bo’lish kerakligi tasvirlangan. Urush tufayli eri va uch o’g’lidan ayrilgan To’lg’onoy birdan-bir suyanchig’i, farzandi o’rniga farzand bo’lib qolgan kelinidan ham ayriladi. Falak yana nimalarga qodirsan, deb nola qiladi. Lekin ko’ngli cho’kmaydi, yana hayot sari intiladi. Endi yosh go’dak nabirasini ulg’aytirish, uning yagona umidi To’lg’onoy Ona yerga savol beradi, yer ham tirik insonday javob beradi. Ana shu savol-javob orqali juda ulkan falsafiy muammolar haqida fikr yuritiladi. Asar oxirida To’lg’onoy quyoshga, bulutlarga, yerga murojaat qilib, ulardan o’z dardini boshqalarga ham yetkazinglar, deb iltijo qiladi. Shunda ular: “Yo’q, To’lg’onoy, sen aytgin, sen-insonsan, sen hammamizdan buyuk, sen hammamizdan ulug’ bo’lib yaratilgan jonsan, sen aytgin, sen insonsan”, deb javob beradi. Bu bilan yozuvchi insonning yengilmas ruhiga, kurashchan hayotiga ishora qiladi. Bu so’zlar mashhur yozuvchi Gorkiyning “Inson mag’rur jaranglaydi” yoki Amerika yozuvchisi Xemingueyning “Chol va dengiz” asaridagi “Insonni yengib bo’lmaydi” degan fikrlariga hamohangdir.

 

Yozuvchining “Alvido, Gulsari” nomli qissasi ham juda mashhur bo’ldi. Qissaning bosh qahramoni Tanaboy jon taslim qilayotgan oti Gulsarining boshida turib, butun o’tgan umrini yodga oladi. Bunda bir tomondan odamlardagi mehr-oqibat yo’qolib borayotgani, ikkinchi tomondan, inson va tabiat o’rtasidagi muvozanatning buzilib borayotganligi hikoya qilinadi. Ch. Aytmatovning bu qissasida ham ekologiya masalasi, tabiatni, hayvonot dunyosini asrash, avlod-avlodlarga sog’lom va asl holida yetkazish masalasi izchillik bilan qalamga olinadi. Bu ayniqsa, yozuvchining “Oq kema” (“Ertakdan so’ng”) qissasida yanada yorqinroq namoyon bo’ladi. Qissadagi yosh bola, Mo’min chol obrazlari juda muvaffaqiyatli chiqqan. Qissa ham ana shu bobo va nabiralarning qismatiga bag’ishlangan. Asarda asosan ikkita ertak atrofida fikr yuritiladi. Biri bolaning o’zi to’qigan “Oq kema” haqida ertak bo’lsa, ikkinchisi bobosi Mo’min chol aytib bergan “Shoxdor ona bug’u” haqidagi ertakdir. Sontosh darasidagi o’rmon qarovullari hayoti bir qarashda katta dunyodan ajralib qolgan kishilarning turmushi tasvirlangandek tuyuladi. Lekin masalaga chuqurroq e’tibor berilsa, ana shu uzoq tog’dagi uch oila qismati hozirgi dunyo qismati bilan chambarchas bog’liqdir. Bu davrdagi yutuqlaru, fojialar shu insonlar obrazi orqali mahorat bilan berilgan. Bolaning ichki dunyosi, o’y-fikrlari yozuvchi tomonidan o’ta ustakorlik bilan tasvirlangan. U “Oq kema”da hamma narsa bor, uning tashlab ketgan otasi ham, onasi ham o’sha yerda yashaydi deb o’ylaydi. Lekin shu kema deb bola halok bo’ladi. Mo’minchol esa afandi fe’l kishi edi. Uning Mo’min chaqqon deyishardi. U qayerga bormasin doim xizmatda bo’lardi. Yozuvchi Mo’min xarakterini quyidagicha tasvirlaydi: “...Mo’min chaqqon bo’lib tug’ilgan. Ehtimol, uning yolg’iz ustunligi shunda ediki, u qanday o’tirdim, bilib gapirdimmi, qanday javob qildim, qanday kulimsiradim deb tashvishlanmas, birovlarning oldida obro’si to’kilishidan cho’chimasdi. Mo’min mana shu ma’noda, o’zi sezmagan holda kamdan kam uchraydigan baxtli odam edi. Ko’p odamlarni kasallik emas, o’z nazdida o’zini o’zligidan kattaroq qo’yishdek xudbinlik, alamzadalik balosi kemirib ado qiladi.(Dono, baobro’, xushro’y, buning ustiga qattiq qo’l, adolatli va jasur degan nom ham chiqarishni kim istamaydi) Mo’min esa bunday emasdi.” Qissadagi O’rozqul obrazi ham o’ziga xos. U salbiy obraz sifatida tasvirlangan bo’lsa-da, ba’zan o’quvchi uning qismatiga ham achinadi. O’rozqul farzand dog’ida kuyib o’rtanadi. Unga tabiat bir tirnoqni ham ravo ko’rmadi. U yolg’iz qolganida, ayniqsa ichib mast bo’lganida bu kemtik qismatidan nola qiladi, hyech kimga bildirmay yig’laydi. U shum taqdirga achchiq qilib xotinini uradi, bolani yomon ko’radi, Mo’min cholga azob beradi.

 

“Sohil bo’ylab chopayotgan olapar” qissasida esa qayiqdagi hayot tasvirlanadi. Bunda “Oq kema” qissasi bilan mantiqiy bog’lanish bordek tuyuladi. “Sarv qomat dilbarim” nomli qissa haqida yozuvchining o’zi shunday deydi: “Sarv qomat dilbarim”da hayotni chondon murakkabligicha tasvirlashga intildim. Ayrim yoshlar bir-birlarini sevishadi, turmush qurishadi. Bir kun qarabsizki, oilalari buziladi, ajrashadi. Hozir hayotda shu toifadaga yoshlar ko’p uchraydi. Ular bir-birlarini yaxshi bilmasdan turib turmush qurishga shoshiladi-yu, sal o’tmay fe’llari to’g’ri kelmay qoladi. “Sarv qomat dilbarim”da shu o’ylarimni ifoda qilishga intildim”.

 

Bu qissa qahramoni Ilyos o’z muhabbati uchun kurashadi, sevganiga erishadi. Keyin tabiatan o’jar, qo’rs, orqa-oldini o’ylamay ish qiladigan Ilyos og’ir xatolarga yo’l qo’yadi. Bu xatolar tuzatib bo’lmas xatolar edi. Natijada o’z baxtidan ayriladi. Buning aybdori uning o’zi edi. U xatolariga tushunadi, afsus chekadi, lekin endi kech edi. Asardagi asosiy dramatik holatlar shundan iborat edi. Ch.Aytmatovning qissalarida bayon qilish uslubi ham o’ziga xos tarzda kechadi. Yozuvchining ko’plab qissalarida voqyealar bosh qahramonlar tilidan hikoya qilinadi. Bu uslub Ch.Aytmatovning sevgan uslublaridan bo’lib, yozuvchi uni mahorat bilan qo’llaydi.

 

Ma’lumki, Ch.Aytmatov qissalari bilan dunyoga mashhur bo’ldi. Adabiyot sohasidagi katta halqaro mukofotlarga sazovor bo’ldi. Yozuvchi keyinroq hajman kattaroq bo’lgan roman janrida ham qalamini sinab ko’rdi. Bu janrda yaratilgan asarlar ham yozuvchiga katta shuhrat keltirdi. Demak, yozuvchiga badiiy janrlar bir vosita xolos. Eng asosiy gap uning ifoda qilish uslubi bilan bog’liqdir. Ch.Aytmatovning “Asrga tatigulik kun” nomli romani 80-yillarning boshlarida yozildi. Bu davrda ijtimoiy hayotimizda turg’unlik davri hukm surmoqda edi. Adib shu tuzumga o’z e’tirozlarini mazkur romanida ifoda etgan. Roman ko’p planli asar bo’lib, bir nechta syujet yo’nalishlariga ega. Bu syujet liniyalaridan asosan uchtasi asarning g’oyaviy mazmunini tashkil etadi. Asar qahramonlari oddiy mehnatkash kishilarning vakillari. Ular poyezd yo’lidagi bir bekatning xizmatchilari. Poyezdlar G’arbdan Sharqqa, Sharqdan G’arbga o’tib turadigan “Bo’ronli” degan bekatdagi to’rt-besh xizmatchilarning qismati orqali adib, juda katta hayotiy muammolarni ko’tarib chiqadi. Keksa xizmatchi Qozongapni dafn qilish marosimi bilan bog’liq voqyealar tasviri asarning asosiy syujet liniyasidir. Marhumning do’sti Edigey Qozongapni ajdodlar qabristoni bo’lgan “Ona Bayit”ga dafn etish uchun xarakat qiladi. U sovxozdan traktor so’rab oladi. Lekin bu qabriston kosmodrom chegarasida bo’lib tikonli simlar bilan o’rab olingan edi. Har xil rasmiy doiralar va harbiylar marhumni ajdodlar qabristoniga dafn etishga ruxsat bermaydi. Edigey ularni manqurtlar deb ataydi. Oxiri Qozongapni boshqa joyga dafn qilishga majbur bo’ladi. Edigey ana shu dafn marosimida boshidan o’tgan barcha voqyealarni eslaydi. Bu qariyb bir asrlik tarix edi. Shuning uchun asar nomi “Asrga tatigulik kun” deb atalgan. Bunda qozoq xalqining juda ko’p asrlik tarixiga ham e’tibor qaratiladi. Ikkinchi jahon urushi va undan keyingi yillarda ijtimoiy hayotda bo’lib o’tgan turli voqyealar asarda o’z badiiy in’ikosini topgan. Qozongapning o’g’li Sobitjon hozirgi zamon manqurtlaridan, u otasini ko’mishga ham yuzaki qaraydi. Bekat atrofidagi to’g’ri kelgan joyga ko’mish kerak, deydi. Kosmodromda xizmat qilgan qozoq leytenanti ham manqurt. U marhumni qabristonga ko’mishga ruxsat bermaydi. Ana shunda Edegeyninng ko’nglida yashirinib yotgan haqiqiy odamiylik, oliyjanoblik butun ulug’vorligi bilan namoyon bo’ladi. Shu voqyealar davomida ona xalqi tarixidan, uning yaxshi an’analaridan ayrilish chin insoniylikni yo’qotish bilan barobar ekanligi yaqqol ochiladi. Adib manqurt haqidagi rivoyat tasviri orqali xalq tarixidan, urf- odatlaridan uzilishning dahshatini butun fojeasi bilan ko’rsatishga muvaffaq bo’ladi.

 

Asarda insoniyatning kelajagi ham fantastik syujet yo’nalishida beriladi. “Paretet” kosmos kemalarining boshqa olam bilan aloqasi, o’sha planetadagi hayot haqidagi fikrlar Yer planetasining kelajagiga to’g’ri keladi. Hamma bir tilda gaplashadi. Kishilarning bo’ylari 230-250 sm, rangi qora mag’iz.

 

Ko’pgina hayvon turlari yo’qolib borayotganligi asarda Qoranor obrazi orqali berilgan. Stalin davri repressiyasi  Abutolib singari vatanparvar kishilarni yo’q qilib yuborgani ham ta’sirli qilib berilgan. Bu roman ham unga katta muvaffaqqiyat keltirdi.

 

Adibning ikkinchi romani “Qiyomat” (“Kunda”) deb nomlanadi. Bu asarning ham shuhrati keng yoyildi. Asarda butun insoniyatni bezovta qilib turgan katta global masalalar ko’tarib chiqilgan. Bu asarda ham talaygina syujet liniyalari mavjud. Insonlardagi mehr-oqibatning tugab borayotganligi haqidagi tashvishli fikrlar Bo’ston va Bozorboy obrazlari o’rtasidagi konfliktda ko’rsatiladi.

 

Avdiy Kallistratov bilan Kandalov o’rtasidagi kurashlar tasvirida esa hozirgi davrda juda muhim masalalardan biri bo’lgan giyohvandlik haqida fikr yuritiladi. Avdiy xuddi Iso payg’ambar singari odamlarni yomon yo’ldan qaytarmoqchi, insofga chaqirmoqchi bo’ladi va shu yo’lda o’zi ham halok bo’ladi. Asarda “Bibliya” kitobidan olingan syujetlar ham bugungi dunyomiz uchun nihoyatda ahamiyatlidir. Bu mashhur yozuvchi M.Bulgakovning “Master va Margarita” kitobida ham berilgan edi. Ch.Aytmatov ham shu an’anani o’ziga xos ravishda davom ettirdi.

 

Akbara va Toshchaynar nomli bo’rilar obrazi orqali esa ekologiya masalalari ko’tarib chiqiladi. Tabiat va inson o’rtasidagi munosabatlarning bugungi davrimizda o’ta qaltis holga kelib qolganligi hikoya qilinadi.

 

Bo’ston va Bozorboy o’rtasidagi ziddiyatlar ayniqsa asarda juda qiziqarli berilgan. Bo’ston halol inson, u cho’ponlik qilib shuhrat topadi, obro’ orttiradi. Oliy Sovet deputati bo’ladi. U shu shon-shuhratlar orqasidan farovon hayot kechirishi mumkin edi. Lekin u boshqa yo’lni tanlaydi. Bo’ston majburiyatbozlik, shiorbozlik, xo’jako’rsinlikka qarshi boradi, bu yo’ldagi soxtaliklarni qoralaydi. Qog’ozdagi, matbuotdagi “yolg’on to’kin-sochinlik va farovonlik”lardan iztirob chekadi. U tabiatning o’zgarib borayotganidan qattiq tashvishga tushadi. Bozorboy obrazi esa Bo’ston obrazining aksi, u o’z manfaati yo’lida har qanday qabihlikdan qaytmaydi. Uning uchun kayfu safo bo’lsa bas. U tabiatni, insoniy mehr-muhabbatni ham mensimaydi. U o’ta baxil shaxs. Bo’stonning yutuqlarini ko’ra olmaydi. Shuninig uchun bo’ri bolalarini ataylab Bo’stonning uyi orqali olib keladi. Chunki bolalarining hidini bilgan bo’rilar kelib Bo’stonning qo’ylarini qiradi. Oxirida uning uch yashar o’g’lini olib qochadi. Bo’rini otaman degan Bo’ston o’z o’g’lini otib qo’yadi. Keyin u Bozorboyni ham otadi. Asarda tabiatga teginsang, bir kuni u seni jazolaydi, degan fikr bor. Vertolyot orqali Muyunqumda ovga chiqqanlar, kiyiklarni ayovsiz qiradi. Bunda bo’rilar ham, kiyiklar ham qo’shilib birga halokatdan qochishadi. Tabiat o’z qonun-qoidalari bilan yashaydi. Unga odamning aralashuvi, uni zo’rlab o’zgartirishlar fojia bilan tugashi asarda misollar bilan isbotlangan.

 

Asarning “Kunda”(“Qiyomat”) deb nomlanishi ham shundan olingan. O’zbekchaga asarni I.G’afurov mahorat bilan tarjima qilgan. Ch.Aytmatov bu asarida ham qadimiy mif va afsonalardan ko’p foydalandi. Ayniqsa, diniy rivoyatlarning ko’plab keltirilishi, asar syujetining juda qiziqarli bo’lishiga xizmat qilgan.

 

Qirg’iz xalqining faqat qirg’iz xalqiningina emas, balki hozirgi duyomizning mutafakkir yozuvchisi Ch. Aytmatov  keyingi yillarda  ham ajoyib asarlar yaratmoqda.  Uning «Oxir  zamon  nishonalari», «Chingizxonning oq  buluti» nomli  asarlari  yuksak darajadagi katta mahoratning mevasi sifatida vujudga kelgan.  Yozuvchining har bir aşari hozirgi dunyo adabiy jarayonida  katta voqia  sifatida tan olinadi. Ch. Aytmatov «Oxir  zamon  nishonalari» nomli asarida  insoniyat hozirgi  davrda muhim  muammolar oldida chorasiz qolayotganligi,  kelajakda uni nimalar kutayotganligi haqida yozilgan.  Adib dahshatli  fojialardan ogohlantiradi.  Har bir ayol dunyoga kelajak farzandlarining baxtli bo’lishini xohlaydi. Lekin  insoniyat kelajagiga nimalar taxdid  solayotganini  ular aniq bilishmaydi.  Kitobda tasvirlanishicha esa Ona  qornidagi  embrion buni sezib,  dunyoga kelmaslik  uchun harakat qiladi. Ikki-uch oylik  homila onaning  peshonasiga dog’ bo’lib chiqib, o’z  noroziligini bildiradi.  Buni kosmosdan yuborilgan zondaj nurlar orqali aniqlash mumkin.  Rus olimi Nikolay Krilsov ana   shunday olamshumul  kashfiyot qiladi.

 

Kitobning bosh qahramonlaridan  biri bu  olim  insoniyatni qanday  dahshatlar kutayotganligini oldindan  ogohlantirmoqchi bo’ladi.  Lekin bu ko’r olomon, uning  kashfiyotlarini tan olmay, o’zini-o’zini halok  qilishga majbur etadi.  Asardan olingan  mana bu parchaga e’tibor beraylik:

 

«Bo’lajak ona quyidagi musibatlar haqida o’ylamasligi mumkin emas:

-        ocharchilik;

-        xaroba kulbalar;

-         kasalliklar, jumladan SPID;

-         urushlar;

-         iqtisodiy buxronlar;

-         ijtimoiy qasirg’alar;

-         jinoyatchilik;

-         fohishabozlik;

-         giyoxvandlik va narkomafiya;

-         elatlararo qirg’inlar;

-         irqchilik;

-         ekologik, energetik halokatlar;

-         yadro sinovlari;

-        qora tuynuklar va hakazo va hakazo».

 

Bularning hammasi  qo’lbola hodisa- voqialar oqibati,  bularning hammasi  odamlar dastidan. Odamzodning boshiga  tushayotgan  musibatlar avloddan-avlodga ortib bormoqda. Va bularning hammasida barchamiz ishtirokchimiz. Mana, nihoyat, Iloh  bizni jahannam labida  to’xtatib, Kasandra     tamg’asi orqali o’zi haqida nishon bermoqda.»

 

Xaqiqatdan ham, dunyoda bo’layotgan ko’pgina  falokatlarga insoniyatning o’zi sababchi  bo’lmoqda.  Uning nafs balosi tufayli yer yuzida katta-katta fojialar sodir bo’lmoqda:  Iqlim o’zgarmoqda, ekologik katastrofalar,  qirg’in-barot urushlari  avj olmoqda.  Kitobda ana    shunday umuminsoniy masalalar haqida  fikr yuritiladi.  Haqiqatdan ham,  Ch. Aytmatov mutafakkir yozuvchi sifatida  butun insoniyat  manfaatlari  nuqtai nazaridan  masalaga yondashadi. Uning asarlarining qahramonlari yer yuzidagi  turli millat  kishilaridir.  Bu kitobda ham  ruslar, inglizlar,  nemislar, ispanlar kabi turli millat vakillari ishtirok etadi.

 

Amerikalik olim  Robert Bork,  yosh siyosatchi Entoni Yunger va Amerika  prezidentligiga  o’z nomzodini qo’ygan  shuxratparast, o’z manfaati yo’lida hyech narsadan  toymaydigan Oliver Ordoklar bu asarning asosiy  ishtirokchilaridan  sanaladi.  Yozuvchi ana shu qahramonlar tilidan  juda ko’plab global masalalarga e’tiborni  tortadi.  Masalan, e’tiqod  qiladigan dinlar turlicha. Har bir din o’zini haqiqiy mukammal din deb hisoblaydi va  boshqalardan ustun  ekanligini  ro’kach qiladi.  Kitobda ana shu masalaga quyidagicha munosabat bildiriladi:

 

«Dinlar uyushmalarga birlashishsa mavjud  dinlarning birontasida ham  Xudo g’oyasi zaiflashmagan  bo’lur edi.  Aksincha, dinlar ko’pqirrali, oshkor va ustivor xususiyatga ega bo’lar, eng muhimi- ajoyib nazariyalardagina emas,  balki hatti-harakatlarda ham dinlarning tub mohiyati insonparvarlik negizida  qurilgan bo’lur edi.

 

Aslida Tangri bitta, unga e’tiqod qilish turli yo’llar bilan amalga  oshiriladi, deydi asar qahramoni Bork.  O’tmish avlodlardan farqli o’laroq yigirmanchi asr oxirlarida yashayotgan odam- barcha dinlar meniki va men barcha dinlarning muxlisiman,  men barcha dinlarning barcha ibodatxonalariga kirib turaman va barcha ibodatxonalarda aziz ziyoratchiman deya olsin».

 

Kitobda ana shunday  dinlarni birlashtirish g’oyasi haqida ham ba’zi fikrlar keltiriladi.  Albattda  bunday fiklarga tarafdorlardan ko’ra,  qarshilar ko’proq bo’lsa kerak. Lekin  bag’rikenglik barcha  dinlarga xos bo’lish kerak degan g’oya keyingi  vaqtlarda butun dunyo bo’ylab asta-sekin kengayib bormoqda.

 

         Xullas, Ch.Aytmatov davrimizning zabardast yozuvchisi sifatida o’zbek kitobxonlarining ham sevimli adibiga aylangan. Keyingi yillarda ham adibning bir qancha asarlari e’lon qilindi. Bu asarlari ham g’oyaviy-badiiy jihatdan yetuk asarlar deb baholanmoqda. Bundan tashqari yozuvchining hozirgi dunyomizning aktual problemalariga bag’ishlangan ko’plab publisistik maqolalari ham e’lon qilinmoqda.

 

Adabiyotlar

 

1.  Ch.Aytmatov, M. Shaxonov. Qoyada qolgan ovchining oxi-zori. T., 2000.

2.  Ch.Aytmatov va o’zbek adabiyoti. Samarqand. 1989

3.  Ch.Aytmatov. “Qiyomat”, “Asrga tatigulik kun”. Romanlar. So’z boshi ,M. Qo’shjonov.T.,1989.

4.  Ch.Aytmatov. Tanlangan asar. 2 tomlik. T., 1978.

5.  Ch.Aytmatov. Oxir zamon nishonalari. Toshkent, «Sharq», 2001.

 

 

QOZOQ ADABIYOTI

 

Reja:

 

1. Qozoq xalqi tarixi haqida.

2.  Xalq og’zaki ijodi namunalari.

3.  Qozoq demokratik adabiyoti.

4.  Abay Qunonboyev ijodi.

 

Tayanch iboralar: “Qiz jibek”, “Suluv shash”, dostonlari. “Isatay Taymanov” dostoni, Suyunboy baxshi. XIX asr yozma adabiyoti, Abay Qunonboyev asarlari. Ibray Oltinsarin ijodi.

 

Qozoq xalqi boy madaniy merosga ega bo’lib, ayniqsa uning xalq og’zaki ijodi juda rivojlangan. Tarixda asosan charvochilik bilan shug’ullangan qozoqlarda yozma adabiyot nisbatan keyingi asrlarda paydo bo’ldi. Bu adabiyotning paydo bo’lishida, shakllanishida qozoq xalqi folklorining roli katta bo’ldi. Qozoq oqinlari kuylagan o’lanlar, dostonlar mavzusi rang-barang bo’lib, ularda xalqning tarixi, turmushi badiiy o’z aksini topgan. Qo’blandi botir, Erjarg’in va Qambar botir kabi xalq qahromonlarining sarguzashtlarini kuylovchi asarlar, tadbirkor va dono Aldarko’sa haqidagi latifalar, turli marosim qo’shiqlari, ertaklar qozoq folklorining asosini tashkil etadi.

 

Qo’blandi botir haqidagi dostonlarning ko’plab variantlari mavjud .Bu epos qozoq xalqining bebaho madaniy merosi hisoblanadi. Bu eposning variantlari Qrim-tatar va qoraqalpoq kabi turkiy xalqlar og’zaki ijodida ham uchraydi. Qo’blandi botir haqidagi dostonni V.V.Radlov, I.Oltinsarin, S.Sayfulin  singari mashxur kishilar xalq oqinlaridan yozib olgan. Ana shulardan eng mukammal varianti Marabay Kulbayev va Merganbay degan oqinlardan yozib olingan  variantlardir.

 

Bu eposda Qo’blandi botirning o’z yurtini chet ellik bosqinchilardan himoya qilishdagi jasoratlari kuylanadi. Hikoya qilinishicha, Qoraqipchoq urug’ boshliqlaridan biri To’xtaboyning uzoq vaqtlar farzandi bo’lmaydi. U Xudodan  farzand so’rab iltijo qilgandan keyin, uning Onalik degan xotini bir o’g’il va bir qiz tug’adi. O’g’liga Qo’blandi, qiziga Qaldirg’och deb ism qo’yadi.

 

Qo’blandi botir yoshligidan baquvvat bo’lib o’sadi. Olti yoshida u katta qahramonliklar ko’rsatib, qizilboshlarning zo’r paxlovonini yengadi. U o’n ikkita xonning o’g’illari ustidan g’olib keladi. Qizil boshlar podshohi Ko’ktimxonning Ko’rtka nomli go’zal qizini musobaqada yutib chiqib unga uylanadi.

 

 Ko’rtka juda aqlli ayol bo’lib, Qo’blandi botir doimo u bilan maslahatlashib ish qiladi. Ko’rtka Qo’blandiga ot tanlaganda yilqidagi bug’oz biyani ol deb maslahat beradi. Keyin undan tug’ilgan taychoq Qo’blandi botirning mashhur oti Toyburil bo’lib yetishadi.

 

Qizilboshlar xoni xujum qilib, ko’p vayronagarchiliklar  keltiradi. Qozoqlarning Qirli va Sirli degan shaharlarini bosib olib, xalqini qul kilib olib ketadi.  Ana shu xalqni ozod qilishda Qo’blandi botir ajoyib qahramonliklar ko’rsatadi. U Qoraman, Oqko’zi, Qorako’zi, Qo’shdavlat kabi botirlar bilan birgalikda qizilboshlarni yengadi, xalqni ozod qiladi.

 

Qo’blandi botir Qoraman botir taklifi bilan qalmoqlar  xoni Ko’biktiga qarshi jang qiladi. Lekin bu jangda qalmoqlar hiyla ishlatib Ko’blandi va Qoramanni asirga oladi. Ularni choxga tashlaydi. Ko’biktixonning qizi Qorlig’a Qo’blandi botirni sevib qoladi va ularga zindondan qochib ketishiga yordam beradi. O’zi ham bular bilan birga qochadi. Chunki bu qizning onasi asli musulmon bo’lib, yoshligida qalmoq xoni olib qochib ketgan bo’ladi. U o’layatgan paytda qiziga albatta musulmon yigitiga turmushga chiqishini vasiyat qilgan edi. Bularga Kubiktixon yetib oladi. Ko’blandi Qarlig’a yordami bilan Ko’biktixonni o’ldiradi. Dostonning ayrim variantlarida Ko’blandi choxda yetti yil yotdi deyilsa, ba’zilarida esa o’n olti yil deyiladi. Ko’blandi botir choxda yotgan  payt qalmoqlar xoni o’z o’g’li Birshimboyni qozoqlarga dushman  bo’lgan Alshagirxonga yuboradi. Bular ikkalasi birlashib, himoyasiz qolgan Qo’blandi botir  urug’ini bosib oladi. Keyin Ko’blandi botir Alshagirxonni yengib, yurtini ozod qiladi. Ko’blandi botirning xotini Ko’rtka o’g’illi bo’ladi. Unga Begimboy deb ism qo’yadi. Bu ham otasidek mashhur qahramon bo’lib yetishadi, o’z urug’ini xalqini dushmanlardan himoya qilishda katta  jasoratlar  ko’rsatadi. Eposda diniy rivoyatlarga ham katta   e’tibor   berilgan. Ko’blandi botirni  doimo Qirq chiltanlar qo’llab yuradi. Uning boshida    bir oq bulut doimo soya solib yuradi. U ba’zan xudoni unutgan paytlar muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Qolmoq xoniga asirga tushishda ham xuddi shunday bo’lgan edi. Shunga qarab, bu epos qozoqlar musulmonlikni qabul qilgandan keyin to’qilgan bo’lishi mumkin. Yoki bu diniy rivoyatlarni keyingi davr baxshilari qo’shgan bo’lishi ham mumkin. Eposdagi ko’plab voqyealar bizga o’zbek dostoni «Alpomish»ni eslatadi. Bu esa bu ikki xalqning qadimgi ildizlari    bir joyga borib taqalishidan dalolat beradi.

 

 «Yer Targ’in» eposini esa taniqli olim N.Ilminskiy Marabay baxshi tilidan  1862 yilda yozib olgan. Eposda hikoya qilinishicha qadim zamonda qirg’iz urug’idan bo’lgan Targ’in botir o’z qabiladoshlaridan birini o’ldirib, Qrim xoni Oqchoxonning yurtiga qochib ketadi va uning xizmatiga kiradi. Xon o’z dushmanlari Olalay va Bulalay xonlarga qarshi jang qiladi. Bu jangda Targ’in botirning ko’rsatgan katta qahramonliklari tufayli Oqchaxon g’olib keladi. Shundan keyin xon qizi Oqyunus  Targ’in botirni   sevib qoladi. Lekin otasi qizini xon urug’idan bo’lmagani uchun unga berishga rozi bo’lmaydi. Keyin Targ’in Oqyunus bilan qochib ketadi. Xon ularni kim quvib yetsa, qizni o’sha oladi deb aytadi. Ko’p yigitlar ularga yetib olishga harakat qiladi. Lekin yo’lda ularning barchasi qaytib  ketadi, chunki Targ’inni  ular hurmat qilar edi. Faqat bir keksa botir jangchi Qartixo’ja ularga yetib oladi. Qoidaga ko’ra birinchi o’qni yetib olgan odam otish kerak. Keksa jangchi ataylab Targ’in botirga o’qni tegdirmay otadi. Buni sezgan botir xon qizini tashlab, yolg’iz ketishga rozi bo’ladi. Lekin keksa jangchi bilan Oqyunus bir-biri  bilan o’lan aytishadi.  Bunda Oqyunus  yutib chiqadi. Keyin Qartixo’ja bu ikki  yoshga omad tilab, o’z yurtiga qaytib ketadi. Keyin Targ’in botir  Xonzodaxonning xizmatiga kirib, ularning qalmiq bosqinchilaridan himoya qiladi. U daraxtdan yiqilib    o’mirtqasi chiqib ketadi. Uzoq vaqtlar kasal bo’lib yotadi. Ana shu kasallik paytida uning do’st-dushmani bilinadi. Xalqning  shunday  botiridan hyech kim xabar olmay qo’yadi. U achchiqlanib joyidan keskin harakat bilan turadi, ana shunda chiqib ketgan o’mirtqa suyaklari o’z joyiga tushadi. U yana qahramonliklar ko’rsatadi. Ikki o’g’illi bo’ladi. Kichik o’g’li besh viloyatning xoni bo’ladi. U Oqyunus bilan tinch-totuv uzoq yillar yashab dunyodan  o’tadi. Eposda qozoq xalqining etnografiyasiga oid ko’plab ma’lumotlar  keltirilgan. Xalq  qo’shiqlari, maqollarari ko’plab qo’llangan.

 

Er-Targ’in botir   haqida Qrim xalq og’zaki ijodida ham ko’p rivoyatlar bor.  Ularning birida Targ’in   Mamayxonning  yaqin  do’sti bo’lgani. Botirak degan polvon bilan jang qilib yarador bo’lgani, keyin Mamayxon Botirakni o’ldirib uning boshini yorug’ dunyoda oxirgi nafasini olayotgan do’sti  Targ’inning oyog’i ostiga tashlagani, shundan keyin Er-Targ’in bu dunyodan rozi bo’lib ko’z yumgani hikoya qilinadi.

 

Tarixdan ma’lumki, qozoq xalqi bilan kalmiqlar o’rtasida ko’p janglar bo’lgan. Ko’chmanchi charvodor bo’lib, tarqoq yashagan  qozoq ovullariga kalmiqlar doimo  bosqinchilik yurishlari qilib turgan. Qozoqlar birlashib, ularga qarshi jang qilishga o’sha paytdagi tarixiy muhit imkoniyat bermagan. Shuning uchun qozoq folklorida ana shu doimo xavf solib turgan dushmanga nisbatan afsonaviy  botirlar obrazi ko’plab uchraydi. Xalq o’zini himoya qiladigan shunday botirlarni orzu qiladi. Er Targ’in eposida ham ana shu g’oya yetakchilik qiladi.

 

        «Qambar-botir» dostoni ham qozoq folklorida keng tarqalgan asarlardan biri. 1898 yilda «To’qson uyli tobir» nomi bilan Qozonda bosilib chiqqan. Mukammal variantlaridan biri ma’rifatparvar A.Divayev tomonidan 1922 yilda Toshkentda nashr etilgan.

 

Dostonda hikoya qilinishicha, No’g’ayli urug’idan bo’lgan Azimboy degan kishining olti o’g’li va Nozim nomli bir qizi bo’ladi.

 

Azimboy ana shu qizi kimni yaxshi ko’rsa, o’shanga beraman deb no’g’ayli urug’i va o’zbeklarning o’n ikki urug’idan mashhur kishilarni mehmonga chaqiradi. Lekin chaqirilganlarning birortasi Nozimga yoqmaydi. Qiz bir vaqtlar ovda asrlonni o’ldirgan Qambar-botirni yaxshi ko’radi. Lekin Qambar-botirni Azimboy chaqirmagan edi. Bir kuni qizning ovulidan o’tayotgan Qambarni Nozim ko’rib, uni o’z o’toviga taklif qiladi. Lekin Qambar xalq ko’rsa uyat bo’ladi deb, qizning taklifini rad etadi. Buni sezib qolgan  qizning akalari Kambar-botirni o’ldirmoqchi bo’ladi. Lekin qizning kichkina akasi Olchi O’roz ularni bu yo’ldan qaytaradi. Nozimning go’zalligini eshitgan Qalmoq xoni  Maxtumxon  Qulmambet degan kishini qizga sovchi qilib yuboradi.

 

Olchi O’roz bundan achchiqlanib, sovchining quloq, burnini kesib qaytaradi. Bundan Maxtumxon nihoyatda achchiqlanib butun No’g’ayli urug’ini kirib tashlamoqchi bo’ladi. Bundan xabar topgan Azimboy Qambarni yordamga chaqiradi. Qambar botir Qolmoq xoni  Maxtumxon bilan yakkama – yakka jang qilib, uni o’ldiradi. Keyin qolmoqlar no’g’ayli urug’iga urush e’lon qiladi. Bu urushda Kambar botir, Olchi O’roz va qozoqlar tarafga o’tgan Qulmambet qolmoqlarga qarshi  kurashda katta jasoratlar ko’rsatadi. Dushmanning ko’pi o’lib, qolganlari qochib ketadi. Kambar botir Nozimga uylanib, uni o’z yurtiga olib ketadi. Eposning qisqacha mazmuni shundan iborat.

 

Asarda to’qson uyli urug’ini himoya qilib, ularni tinch-osoyishta hayot kechirish uchun dushmanlarga qarshi kurashgan  Kambar-botir obrazi juda yorqin aks ettirilgan. Boshqa dostonlardagi kabi bu dostonda ham xalq  o’z orzu-umidlarini mard, jasur yigitlar obrazi orqali ko’rsatadi. Chunki bu asarda qaysi xalqning yigitlari mard, jasur, aqlli bo’lsa, uni hyech qanday dushman zabt etomaydi, el-yurt tinch, osoyishta va baxtli yashaydi degan g’oya hukmron. Asrlar davomida qolmoqlar zulmidan ezilib kelgan qozoq xalqi o’z og’zaki ijodida Kambar-botir singari mard, jasur yigitlarning tug’ilib, xalqni ozod qilishni orzu qilib kelgan.

 

Qozoq folkloridagi «Alpomish» dostonida ham xuddi ana shu mavzu yetakchilik qiladi. Alpomish ham o’z xalqini dushmandan himoya  qiladi. O’tda yonmas, qilich o’tmas, suvda cho’kmas kabi botirlar haqida xalq orzu qilgan Alpomish siymosidagi qahramon ana shunday xususiyatlarga ega bo’lgan. Alpomish ko’ng’irot urug’idan, u Boysunda voyaga yetgan, otasi Boyburi, sevgilisi Shekti urug’idan bo’lgan Sariboyning qizi Gulbarchin. Dostonning o’zbekcha variantida esa Boybo’ri va Boysarilar aka-ukalardir. Qozoq xalqidagi urf-odatga binoan esa bir urug’ning yigiti shu urug’ning qiziga uylanmaydi. Shuning uchun Alpomishning sevgilisi boshqa urug’dan qilib berilgan bo’lishi kerak.

 

«Alpomish» eposining tadqiqodchilaridan biri V.Jirmunskiy bu asarning paydo bo’lish davrida hali turkiy xalqlar millatlarga ajralmagan edi deb ta’kidlaydi. Haqiqatan ham, «Alpomish» eposi eng qadimgi epos. O’zbekistonda uning ming yillik yubileyining nishonlanishi ham shundan dalolat beradi. Bizningcha  bu eposning «yoshi» bundan ham uzoqroq bo’lishi kerak.

 

Alpomish yovuz kuchlarga qarshi kurashuvchi qahramon sifatida tasvirlangan. Negaki, u o’z urug’idan bo’lgan zolim Ultonni, Qalmoq xalqini ham ezib yotgan Toychaxonni o’ldirib, shu xalqlarga tinch-osoyishta hayot kechirishga imkoniyat yaratadi, qalmoq polvonlari bilan jang qiladi. Lekin ularning ichida mard, jasur Qorajonni o’ziga qiyomatlik do’st qilib oladi. Shuning uchun Alpomishni qalmoqlarga qarshi kurashdi, degan fikr bir yoqlamali. Alpomish yovuz kuchlarga qarshi kurashgan qahramon obrazi sifatida mashhurdir.

 

Qozoq xalqining «Qo’zi-ko’rpesh va Boyan suluv» nomli  eposini dastlab V.V.Radlov to’liq yozib olgan va uni 1870 yilda nashr etgan. Keyinchalik ham bu asarning tanqidiy teksti M.Avezov va S.Muqanov singari adiblar tomonidan atroflicha tahlil qilinib, bir necha marta nashr etilgan. 1939 yili talantli yozuvchi G’.Musrepov ushbu doston mazmuni asosida to’rt pardalik drama yozdi. Bu asar asosida kino ham suratga olingan. Asar bir necha chet tillariga ham tarjima qilingan.

 

«Qo’zi ko’rpesh va Boyan suluv» dostonida Qo’zi va Boyan o’rtasidagi muhabbat kuylanadi. Qizning otasi Qoraboy yetim va kambag’al yigit Qo’ziga qizini bermaydi. U o’z qavmi bilan boshqa tomonlarga ko’chib ketadi. Qoraboy o’ta ketgan xasis, shafqatsiz bo’lib, faqat o’z qo’ylari va yilqilarining sonini ko’paytirishni o’ylaydi. Hatto o’z farzandining taqdirini ham shu mollarga bog’laydi. Uning mirzolaridan biri Qodar ham o’ta ketgan razil, sotqin kimsa. 

 

Qoraboy Boyan suluvni Qodarga bermoqchi bo’ladi. Lekin qiz bunga turmushga chiqishga rozi emas. Shundan keyin u qizni izlab kelgan Qo’zi ko’rpeshni halol kurashda yenga olishiga ko’zi yetmagach, uxlab yotgan joyida uni otib o’ldiradi. Keyin Boyan suluv ham o’ladi. Qodarni quduqqga tashlab o’ldirtiradi. Asar oxirida bosh qahramonlar fojiali halok bo’ladi. Qo’zi ko’rpesh va Boyan suluvlarning qabridan qizil gullar o’sib chiqadi. Ularning o’rtasidan qora tikan  o’sib chiqadi. Xalq buni Qodarning yovuz ruxi deb ataydi.  Bu asar syujeti qandaydir tarafi bilan «Toxir va Zuxro» xaqidagi o’zbek dostonidagi voqialarga o’xshab ketadi.

 

Bu asar qozoq xalq og’zaki ijodida juda mashhur bo’lgan liro-epik doston bo’lib, shu asar asosida muzikali dramalar yaratilgan. Qo’zi-ko’rpesh va Boyan suluvlarning samimiy, pokiza muhabbati asrlar  davomida o’quvchilarga ibrat bo’lib kelmoqda.

 

 «Qiz Jibek» dostoni ham liro-epik dostonlardan bo’lib, xalq orasida ancha mashhurdir. Bu asarda ikki yoshning o’rtasidagi chin muhabbatga o’sha davrdagi ko’pgina yaramas urf-odatlarning to’siq bo’lganligi tasvirlangan. Go’zal va oqila qiz Jibek To’lagan degan yigitni sevadi. Lekin yigitning otasi Bozorboy bular o’rtasidagi muhabbatga to’siq bo’ladi. To’lagan otasining qarshiligiga qaramay qizni izlab, uning yurtiga ketadi. Yo’lda esa uni Bekejon boshliq o’g’rilar  orqasidan otib o’ldiradilar. Bekejon ham Jibekni olmoqchi bo’lib sovchi qo’ydirgan va rad javobini olgan edi. Qolmoq xoni Qo’ren Jibekni zo’rlik bilan o’ziga xotin qilmoqchi  bo’lib, uning yurtiga qo’shin tortib keladi. Lekin tadbirkor va oqila qiz Jibek aytishuvda Qo’renni yengadi. Bir hiyla bilan uning uchqur otini olib, sevgilisining yurtiga qochib ketadi, chunki To’legan agar men seni baxtli qilolmay o’lib ketsam, ukam Sonsizboyga tegasan deb vasiyat qilgan edi. Musulmon bo’lmagan qalmoq xoni, Qo’renga xotin bo’lishdan ko’ra, qiz ana shu vasiyatni bajarishni afzal ko’radi.

 

Ko’pgina dostonlarda sevgilisi vafotidan keyin qizlar  o’zlarini o’ldiradilar. Bu asarda esa oqila qiz Jibek ana shu an’anaga qarshi borib sevgan yigiti vasiyatini bajarishga ahd qiladi. Haqiqatan ham, hayotda bu ko’p uchraydigan hodisa. Ko’pchilik turkiy xalqlardagi, jumladan, qozoqlardagi urf-odatlarga ko’ra ham akasining bevasini  ukasiga qaratishlar   ko’p bo’lgan. O’sha  tarixiy sharoit shuni taqozo etgan.  Bu asar finalining ham shunday yakunlanishi uning hayotiyligini  ta’minlagan.

 

Qozoq xalq og’zaki ijodida tarixiy dostonlar ham anchagina uchraydi. Yozma adabiyotning nisbatan keyinroq shakllanishi ham tarixiy dostonlarning ko’plab yaratilishiga sabab bo’lgan. Qozoq xalqining chet el bosqinchilariga va o’zining zolim xonlariga qarshi olib borgan kurashi bu dostonlarning asosiy syujetini tashkil etadi. Ana shunday dostonlardan biri «Beket haqidagi afsonadir». Beket haqidagi rivoyat X1X asrga taalluqli. Beket  tarixiy shaxs bo’lib 1822 yilda tug’ilgan.

 

Ma’lumki, Isotay va Maxambet qo’zg’olonlari   bostirilgach, xalqning bosqinchi ruslarga nafrati yanada kuchayib bordi. 1852-53 yillarda Yeset va Beket boshchiligida   zulmga  qarshi  qo’zg’olon  ko’tarildi. 400 jangchiga ega bo’lgan Beket jangda o’zlaridan ancha  ko’p bo’lgan sulton Aristinni  yengadi va sultonning o’zini o’ldiradi. Keyin sulton Boymag’ambet isyonchilar bilan sulh tuzishni bahona qilib hiyla ishlatadi.  Sulx tuzish uchun kelgan Beket va Ernazarni tutib olib Sibirga surgun qiladi. Yeset isyonni davom ettiradi, lekin ko’p o’tmay oq podsho tomonidan gunohi o’tilishi sharti bilan kurashni to’xtadi. Ana shu xalq qo’zg’oloni 1858 yilgacha davom etdi. Isyonchilar boshliqlari haqida qo’shiqlar, dostonlar to’qilgan. Bizgacha «Botir Beket haqida qo’shiq» degan doston yetib kelgan. Bunda Beketning jangi maydonida qanday jasoratlar, qahramonliklar ko’rsatgan, o’z qo’li bilan dushman jangchilarining boshlig’i Aristinni o’ldirgani yuqori pardalarda kuylangan.

 

«Isotay va Maxambet» dostonida, qozoq xalqining 1836 yilda zulmga qarshi qo’zg’oloni haqida hikoya qilingan. Doston muallifi Ig’ilman Shorekov isyonchilarning boshliqlari Isatay va Maxambetning jasoratlari bilan birga, yana ko’plab xalq qahramonlarining obrazlarini ham tasvirlagan. Masalan, Jangirxon isyonni bostirish uchun Qorovulxo’ja Bobojon o’g’li degan qo’mondoniga topshiradi. U ko’p kuch to’plab isyonchilardan Tani botir  va Qoldiboy botirni asirga oladi. Qoldiboy isyonchilar boshlig’i Isatoy yashiringan joyni qancha qiynoqqa solsada, aytmaydi va dushmanni xuddi qadimgi «Shiroq» afsonasidagidek aldab, boshqa tomonga olib boradi. Bular haqiqatda bo’lib o’tgan tarixiy voqyealar  bo’lib, Chor Rossiyasi arxivlari hujjatlari ham buni tasdiqlaydi.

 

Oqin bu qo’zg’olonning asosiy sababini xalqning mol boqadigan yaylovlarining bir tomondan ruslar bosib olganini, qolganini  esa o’zlarining xonlari, sultonlari egallab olgani va xalqning boshiga ko’plab og’ir soliqlar solinganida deb ko’rsatadi. U Jangirxonning mamlakatni o’ta ayyorlik bilan boshqarayotganini misollar bilan ko’rsatadi.

 

Jangirxon bobosi Abulxayrxondan qolgan vasiyatga binoan davlatni boshqarishda juda ulkan kuch bo’lgan yolg’ondan foydalandi. Uning «yana xalqqa turli va’dalar berib, miyasini chalg’itib tur. Ulardan nafratlansang ham, lekin o’zingni juda mehribon qilib ko’rsatishga harakat qil. Natijada ular seni mehribon yurtboshi, otamiz deb atasin. Iloji boricha  ularning orasiga dushmanlik  urug’ini sep, ular bir-birini ko’rolmay urush-janjal qilib tursun. Sen esa ulardan ustalik bilan foydalan. Sen hyech vaqt xalqni birlashtirma, ularni turli tomonga tarqatib yubor, ular faqat oilasini boqishni o’ylasin. Agar ular birlashib, senga qarshi kurashsa tamom bo’ldim deyaver, uni to’xtatadigan hyech qanday  kuch yo’q. Boshqa sultonlardan ham yordam olganingda  buni bajarolmaysan.

 

Bunday paytda ko’ch-qo’raningni olib boshqa davlatga qochib ketishingga to’g’ri keladi», degan nasihatlarini eslaydi.

 

Tengsiz janglarning birida qo’zg’olonchilar boshlig’i  Isatay vafot etadi. Shundan keyin uning safdoshlari turli tomonlarga tarqalib ketadi. Isatoyning eng yaqin do’sti Maxambet botir esa Xivaga yaqin joyga kelib yashirinadi.

 

Qozoq xalq og’zaki ijodida xalq oqinlari, jirovlari katta rol o’ynagan. Buxor Jirov, Nisanboy, Do’sxo’ja Maxambet O’temisov, Halilboy Mambetov singari mashhur oqinlar ko’plab asarlarini o’zlari ham ijod qilishgan. Masalan, Maxambet O’temisovning “Isatay Taymanov” dostonida xalq qo’zg’olonchilarining boshlig’i, ozodlik va mustaqillik uchun kurashda qahromanlarcha holok bo’lgan Taymanov obrazi tasvirlangan.

 

Qozoqlarda xalq baxshilarining bir-biri bilan aytishuvi musobaqalarga aylangan. Ana shu aytishuvlarda ularning talanti, mahorati aniqlanadi. Mashhur oqin Birjon Sol bilan oqinalardan Soraning aytishuvi yoki Suyunboy baxshi bilan Ko’nekeyning aytishuvlari xalq orasida keng tarqalgan. Bu aytishuvlar hyech qanday tayyorgarliksiz, eksproment (badiha) tarzida o’tkazilar edi. Baxshilar qancha tez va qiziqarli qilib she’r to’qisa, o’shanga qarab baxolangan.

 

Hasan  Qayg’u haqidagi rivoyatlar qoraqalpoq, no’g’ay, qirg’iz va qozoq kabi turkiy xalqlar folklorida ham uchraydi. Ularda tasvirlanishicha, bu oqin butun umrini xalq baxt-saodati uchun, uning tinchligi uchun bag’ishlagan. U o’z el-yurtining kelajagi uchun doimo bezovta bo’lib qayg’urib yashagan.  Shuning uchun ham uning nomiga «Qayg’u» laqabi  ham qo’shib   aytiladi. U o’zining Jelmoya tuyasi bilan  yurtni kezib yuradi, qozoqlarga yaxshi yaylovlar izlab Xitoy, Kashg’ar, Qo’qon, Xiva, Buxoro, Eron kabi joylarda bo’ladi. 

 

Rossiyaning chegarasigacha bo’lgan joylardan el yurti uchun  ma’qul joylar izlagan degan rivoyatlar bor. Uning yashagan davrini XV-XVI asrlar deb taxmin qilinadi. U birinchi qozoq  oqinlaridan bo’lib, Hasan Jirov nomi bilan ham mashhur bo’lgan. Ma’lumki, jirovlar folklor bilan yozma  adabiyot o’rtasida ko’prik vazifasini o’tagan. Ular qozoq yozma adabiyotining  shakllanishiga juda katta hissa qo’shgan.

 

 Hasan Qayg’u   Jonibek xon davrida yashagan, u ayrim she’rlarida Jonibekka nasihat  qilib, turkiy xalqlarni birlashtirib, inoq bo’lib yashasang, hyech qanday dushman   senga teginolmaydi deydi. Shoirning «Nega bilmaysan», «Qayli, qayli zomonlar», «Ey xon, men senga aytsam», «Xo’sh, omon bo’l, Jonibek, endi meni ko’rmaysan» kabi ko’shiqlari juda mashhur bo’lib, hozirgacha o’zining badiiy qimmatini yo’qotgani yo’q. XU-XU1 asrlar qozoq xalqi tarixini biz Hasan Qayg’u va u bilan zamondosh bo’lgan jirovlarning asarlari orqali bilib olamiz.

 

XUSh asr qozoq xalqi tarixida katta o’zgarishlar bo’lib, uning territoriyasiga bir tomondan jungarlar va xitoylar, ikkinchi tomondan ruslar bostirib keldi. Qozoq  urug’larining o’zaro urushlari ham  xalqning tinkasini quritib yubordi. Bu  davrda  xon Ablay markazlashgan  davlat qurishga harakat    qildi. Rossiya asta-sekin qozoqlarning kattagina territoriyasini bosib ola boshladi. Ana shu voqialar qozoq   okinlarining    yetakchi mavzusiga  aylandi. Mashhur oqin Buxor Qalkamonov    ijodida  ham ana shu o’zgarishlar o’z aksini  topgan.

 

Buxor  jirov Qalkamanov ((1693-1787) qozoqlarning Arg’in urug’idan bo’lib, Qalkaman botirning o’g’lidir. Buxor    Jirov ham katta urug’ boshliqlaridan biri bo’lib, Ablayxonning eng ishonchli biylaridan bo’lgan.Ayrim ma’lumotlarga qaraganda xon Ablay doimo Buxor Jirovdan maslahat olib turgan. Bu oqin o’sha davrdagi  davlat siyosatiga katta ta’sir ko’rsatgan. Uning «Ey Ablay», «Qayerga ketayapsiz, kareylar»,  «Bu dunyoda hyech narsa abadiy emas», «Istagim», «Galdek-seren bilan urush», «Qarilik haqida» kabi ko’plab she’rlari yetib kelgan.          

 

Masalan, u «Ablay» nomli she’rida   xonni ruslarga  qarshi katta jangga tayorlanayotganini qoralaydi. Bu jangda ko’p begunoh qonlar to’kiladi, yaxshisi ruslar bilan kelishish kerak degan taklif kiritadi. Xon Buxor jirovning gapiga kirib ruslar bilan tinchlik  shartnomasini tuzadi.

 

Shu bilan birga, Buxor Jirov xalqni qanday qilib bo’ysindirish kerakligi haqida xonga maslahatlar beradi. Ablay tomonidan quvg’in qilingan  Karey urug’iga murojaat qilib, xonning buyrug’ini so’zsiz bajarish kerak degan fikrlarni   aytadi. Buxor Jirov she’rlarida ham, siyosiy faoliyatida ham qozoq xalqi urug’larini birlashtirishga harakat qilgan. Ablayxon boshchiligida  markazlashgan, kuchli qozoq davlati qurish uchun Buxor Jirov «Istagim» she’rida xalqqa murojaat qiladi. 1723-1744 yillarda jungarlarning bostirib kelishi qozoq  davlatining tarqalib ketish xavfini tug’dirdi. 

 

Ana shunday  qaltis vaziyatda  xon Ablay Buxor Jirov maslahati bilan juda to’g’ri siyosat olib borib, qozoq davlatchiligini saqlab  qolishga muvaffaq bo’ldi.

 

Shoirning «Qariliq haqida» she’rida inson hayoti haqida ko’pgina  falsafiy fikrlar bayon etilgan. Yoshlik  va keksalik, xayot va o’lim, ezgulik va yovuzlik haqida hikmatli fikrlar yuritiladi. Buxor  Jirovning ko’pgina asarlari bizgacha yetib kelmagan. Yetib kelgan ozgina she’rlaridan ma’lumki, u juda talantli, falsafiy shoir bo’lgan. Bu she’rlar badiiy tomondan ham yuksak darajada yaratilgan.

 

Maxambet O’timisov (1804-1846) qozoq xalqining talantli isyonkor shoirlaridan biridir.  Ma’lumki, 1836-1937 yillarda qozoq xalqining juda katta qo’zg’olonlari bo’lib, xalq zulmga bosqinchilarga qarshi ko’tariladi. Ana shu qo’zg’olonga rahbarlikni Isatay Taymonov boshqargan. 

 

Mashhur oqin Maxambet O’timisov  ana shu Isatoy botirning eng yaqin yordamchisi, safdoshi bo’lgan. Maxambetning she’rlarida ona-vatanga va xalqiga muhabbat birinchi o’rinda turadi. Shoirning «Nima yaxshiroq», «Bundan menga nima foyda», «Isyonga chorlov» kabi she’rlarida bu yaqqol ko’zga tashlanadi.

 

Uning ko’pgina she’rlari Isatoy Taymonovga bag’ishlangan bo’lib, bularda qo’zg’olonchilarning ko’rsatgan qahramonliklari va jasoratlari kuylangan. Ayniqsa Isatoy botirning el-yurt baxti uchun ko’rsatgan jonbozliklari ko’tarinki ruxda tasvirlangan. Bular shoirning «Isatay jangi», «Qahramon», «Lochinim», «Isatoy vasiyati», «Yomg’irli kun» kabi  she’rlarida o’z aksini topgan. Qo’zg’olon bostirilgach, Maxambet biroz vaqt yashirinib yuradi. Lekin u xoin va sotqinlar tomonidan o’ldiriladi. Shoir hammasi bo’lib 42 yil yashadi. Ana shu davrda u qozoq  xalqi tarixida o’chmas qahramon bo’lib qoldi. Shoir haqida «Isatoy va Maxambet» nomli doston ham yaratilgan.

 

Bu davrda Sherniyaz oqin va Almajon Azamatova kabi shoirlar ham yashab o’tgan. Sherniyaz qozoq xalqining eng sevimli shoirlaridan biridir. U ham Isatay boshchiligidagi qo’zg’olonda qatnashgan. Isyon bostirilgach esa Maxambet shoir bilan birgalikda yashirinib yurgan. Keyin o’zi Boymuhammad xonga  borib gunohini kechirishni so’raydi. Xon Sherniyozni saroyiga ishga oladi. Xon uchun ana shunday, uni maqtaydigan oqin kerak edi. Sherniyaz Isatoy haqida, Boymuhammadxon haqida qo’shiqlar, dostonlar to’qigan. Uning «Qozibiy va Alen to’raga», «Termalar», «Hayot haqida» she’rlari bizgacha yetib kelgan.

 

Almajon Azamatova qozoq ayollari  ichidan chiqqan mashhur  shoira bo’lib, uning «Yetim» degan dostoni bizga meros bo’lib qolgan. Bu dostonda qozoq xalqining X1X asrning birinchi yarmidagi og’ir hayoti, o’z baxti va haq-huquqi uchun olib borgan kurashlari aks ettirilgan. Shoiraning bu dostoni avtobiografik asar bo’lib, asosan o’z boshidan o’tgan voqyealar hikoya qilinadi.

 

O’zining zo’r ijrochilik mahorati bilan shuxrat topgan oqinlardan biri Janbul Jaboyev edi. U mashhur Suyunboy baxshining shogirdi bo’lgan. U og’zaki ijod namunalaridan ko’plarini yoddan aytib, shu bilan birga o’zi ham ko’plab asarlar ijod qilgan. Uning “Kambag’alning sho’ri”, “Sholtaboyga”, “Mirzabek volostining boshlig’iga”, “Qodirboyning iti” nomli asarlari xalq orasida katta shuxrat topgan.

 

X1Xasrining ikkinchi yarmidagi qozoq adabiyotiga talantli shoirlar kirib keldi. Bu davr qozoq adabiyotida ikkita oqim ko’zga tashlanadi. Birinchisi, realistik ma’rifatparvarlik oqimi bo’lsa, ikkinchisi diniy-ma’rifiy yo’nalishdir.

 

Diniy – ma’rifiy oqim vakillari bo’lgan Shortanbay, Abubakir, Numon kabi shoirlar ijodida o’zlari yashayatgan davrdan, siyosiy tuzimdan norozilik  motivlari ko’proq ko’zga tashlanadi. Ular qadimgi qozoq xalqi urf-odatlari, an’analarining unutilib borayotganligidan bezovta bo’lib she’rlar yozdi. Zamondan norozilik, adolatsiz tuzumga nafrat, nadomat motivlari ular asarlarining yetakchi g’oyalari edi. Bu davrda Qozog’istonning barcha xududlari Rossiyaga qo’shib olindi. Qozoqlar yeriga ko’plab ruslar ko’chib keltirildi. 1868 yilda Rus imperiyasining Orenburg va G’arbiy Sibir guberniyalarining cho’l zonalarini mustahkamlash haqidagi  maxsus formoni e’lon qilindi. Bu farmonga muvofiq butun qozoq yurtini boshqarish ruslar qo’liga o’tdi. Qozoqlarning xon va sultonlari davlatni boshqarish huquqidan amalda maxrum qilindi. Mamlakatda ruslashtirish siyosati olib borildi. Ana shu o’zgarishlar ko’pgina qozoq ziyolilarining tushkinlikka tushishiga sabab bo’ldi. Qadimgi feodal aristokratiyaning roli pasayishi, yangi kapitalistik munosabatlarning shakllanishi bu davr qozoq adabiyotida o’z aksini topdi. Shuning uchun Abubakir shoir o’z she’rlarida mamlakatni past tabaqadan bo’lgan qullar va kofirlar boshqarmoqda. Bular yurtni vayronaga aylantiradi, chet elliklarga tolon-taroj qilish imkoniyatini ochib beradi. Chunki bularning qonida yurtni boshqarish qobiliyati yo’q, deb asarlar yozdi. Kishilarni qozoq milliy urf-odatlarini, Islom dinini qadrlashga, ularga rioya qilishga chaqirdi. Bu davr qozoq adabiyotidagi realistik ma’rifatparvarlik oqimi vakillari Ibray Oltinsarin, Abay Kunonboyev, Cho’qon Valixonovlar ijodida esa demokratik tamoyillar, yangiliklarni targ’ib qilish, Yevropa madaniyatiga xayrixoxlik seziladi.

 

Qozoq xalqining ana shu boy og’zaki ijodi, uning yozma adabiyotining shakllanishiga katta ta’sir qildi. Qozoq klassik adabiyotining asoschilari Cho’qon Valixanov, Ibray Oltinsarin, Abay Qo’nanboyevlar ijodi qozoq xalqi og’zaki ijodi bilan yozma adabiyotining o’rtasida ko’prik vazifasini o’tadi. Bu shoirlar bir tomondan, mashhur oqin bo’lgan, ikkinchi tomondan esa buyuk ma’rifatparvarlar edi. Ular demokratik yo’nalishdagi qozoq adabiyotining asoschilari edi. XIX asrning boshlarida qozoq cho’llarining bir qismining Rossiyaga qo’shib olinishi natijasida xalq hayotida muhim o’zgarishlar sodir bo’ldi. Progressiv dunyoqarashdagi fikrlarga ega bo’lgan rus intelligensiyasining ta’siri natijasida mahalliy qozoq ziyolilari ham shakllana boshladi.

 

Cho’qon Valixanov   (Muhammad Xanafiy) (1835 – 1865) qozoq xonlaridan bo’lgan Ablayning avlodiga mansubdir, uning otasi Chingiz qozoq sultonlarining boshlig’i bo’lgan. Cho’qon Ko’kchatov viloyatining Qo’shmurin degan joyida tug’ilgan. Dastlab musulmoncha maktabda, keyin 1847 yilda Omsk shahridagi kadetlar korpusiga o’qishga kiradi. 1853 yilda kadet korpusini muddatdan oldin muvaffaqiyatli bitirib, rus armiyasida ofiser bo’lib xizmat qiladi.

 

U tarix, georafiya, etnografiya fanlarini mustaqil ravishda chuqur o’rgandi. 1856 yilda ruslar tashkil qilgan ekspedisiyada qatnashib, qirg’iz xalqi urf-odatlarini, folklorini yozib oldi. Cho’qon «Manas» eposining mazmunini qadimgi qo’shiqlarni, afsona va rivoyatlarni birinchi bo’lib yozib oldi. Qirg’iz xalqining o’sha davrdagi iqtisodiy ahvolini, maishiy turmushini atroflicha o’rgandi.

 

1956 yil Cho’qon Valixonov rus davlatining Kuljadagi savdo ishlari bo’yicha vakili bo’lib tayinlanadi. U shu ulkaning etnografiyasini o’rgandi. U harbiy ishlardan voz kechib, Sharq xalqlari tarixi, adabiyoti, etnografiyasi bilan shug’ullandi. U 1957 yilda Rossiya geografik jamiyatining haqiqiy a’zosi qilib saylanadi. 1858 yilda u Qoshqarni tekshirish uchun tuzilgan ekspedisiyaga boshliq bo’ldi. Olti oy ichida uyg’ur tilini urganib, shu ulkaning tarixi, geografiyasi, etnografiyasi bo’yicha juda katta material to’pladi, ko’plab eski Sharq qo’lyozma kitoblarni Peterburgga olib keldi.

 

1860 yilda Cho’qon Rossiya Harbiy ministrligi topshirig’i bilan Buxoro va Issiqko’lning geografik kartasini tuzdi va «Oltisharning holati haqida» nomli kitobini nashrga tayyorladi. U Mashhur yozuvchi M.Dostayevskiy bilan do’stlashdi. 1961 yilda kasalligi tufayli Peterburgdan ketib, o’z yurtida ma’rifatni yoyishga harakat qildi. U «Qirg’izlarda shamanchilik ildizlari», «Qozoq, qirg’izlar shajarasi», «Katta qirg’iz-qaysoq o’rdasi afsona va rivoyatlari» kabi maqolalarini yozdi.

 

1864 yilda Cho’qon Valixonov general Chernyayevning harbiy ekspedisiyalarida ishtirok etdi. Avliyo otaning, Toshkentning ruslar tomonidan bosib olinishidagi xunrezliklardan  norozi bo’lib, bu ekspedisiyani tark etadi. Cho’qon Valixanovning ilmiy faoliyatidan ruslar O’rta Osiyoni bosib olish uchun foydalanganini, uning o’zi tasavvur ham qilmas edi. U juda qisqa, bor yo’g’i 30 yilcha umr ko’rdi, xolos. Lekin ana shu qisqa umrida qilgan ishlari bilan qozoq xalqi tarixida talantli olim, iste’dodli yozuvchi, buyuk ma’rifatparvar sifatida mashhur bo’lib qoldi.

 

Yana bir qozoq ma’rifatparvari  Ibray Oltinsarin  (1841 - 1889) Kustanay viloyatida tug’ilib voyaga yetdi. U Orenburg shahrida ochilgan  rus-qozoq maktabida o’qidi. Ma’lum muddat kotiblik qildi, keyin esa o’qituvchilik kasbini tanladi. Ibray eski maktablarning talabga javob bermay qo’yganligini bilib, o’zi yangi maktablar ochdi, ularga yangi darsliklar yozdi. U butun ilmini, kuch-qobiliyatini qozoq xalqini savodli, ongli qilishga bag’ishlagan ma’rifatparvar insondir.  Ibray  Oltinsarin ruslarning ilg’or maorif sistemasidan foydalanib, uni qozoq maktablariga birinchi bo’lib tadbiq etdi. 1864 yili yangi qozoq maktabi ochib, unda o’zi o’qituvchilik qildi. Bu maktab juda yaxshi natijalar berganidan I.Oltinsarinning nomi tezda butun qozoq eliga tanildi. 1887 yilda Irg’izda qozoq qizlari uchun birinchi internat-maktab ochib qozoq xalqi tarixida birinchi bo’lib ayollar uchun maorif masalasini ko’tarib chiqdi.

 

Ibray Oltinsarin «Qozoq xrestomatiyasi» nomli kitob yozib, unda  yosh bolalar dunyoqarashiga mos ko’plab yengil she’rlar, hikoyalar to’plangan edi. Bunga rus  va jahon adabiyoti namunalarida ham asarlar kiritilgan edi. «O’rmakchi, chumoli va qaldirg’och» nomli hikoyada mehnat kishini baxtli qilishini,  yalqovlik esa  insonni tubanlikka  yetaklashini obrazli qilib tushuntirib berdi.  Uning «Saxiy Xotamtoy» hikoyasida esa halol mehnat qilib, non topish kishining eng yaxshi fazilati deb xulosa keltiriladi. Bu Navoiyning «Xotamtoy hikoyati»dan ta’sirlanib yozilgani bilinib turibti. Uning «Dono qiz» nomli hikoyasida  otasi podshoning g’azabiga uchrab qo’li kestirilayotgan paytda, podshoga iltijo qilib, otam o’rniga mening qo’limni kesinglar, chunki u bizning oilamizning yagona boquvchisi, degan qizning taqdiri hikoya qilinadi.

 

 Bulardan tashqari «Ona va  o’g’il»,  «Hasan va Husan», «Og’riqdan ham, og’ir qayg’u» kabi hikoyalari ham ahloqiy-tarbiyaviy mavzuda yaratilgan edi. U bolalarga atab ko’plab asarlar  yozdi va chet el adabiyotidan ham anchagina asarlarni tarjima qildi. Yozuvchining «Qipchoq Saidqul» nomli hikoyasida ham o’troqlashib borayotgan qozoqlarning hayotida mehnatning roli haqida gap boradi. Ibray Oltinsarinning yana bir xizmati, u qozoq poeziyasida she’riy yo’lda yozilgan masallar janriga asos soldi. Bunda u rus yozuvchisi I. Krilov an’analaridan foydalandi.  Shoirining  «Yoz», «Daryo», «Yoz kelmoqda» nomli she’rlari peyzaj lirikasining  go’zal namunalari bo’lib hisoblanadi. U siyosiy va didaktik xarakterdagi she’rlar yozib, bu sohada ham birinchilardan bo’ldi.

 

Xullas, I.Oltinsarin o’z ijodi bilan qozoq adabiyotida realistik metodning shakllanishiga katta hissa qo’shdi.

 

XIX asr  qozoq adabiyotining, umuman, qozoq klassik adabiyotining eng yirik arbobi  Abay Qo’nanboyev (1845-1904)  hisoblanadi. Abay ijodi qozoq adabiyotining  cho’qqisidir.

 Qozoq  xalqi Abay  yaratgan asarlar orqali birinchi bo’lib dunyoning falsafiy fikrlari bilan tanishishga muyassar bo’ldi. Shoir ijodi Sharq va G’arb adabiyotining  sintezlashgan holatidagi novator adabiyotdir.  U qozoq adabiyotining asoschisi bo’lish bilan birga, qozoq adabiy tilining ham asoschisidir. O’zbek adabiyotida  Navoiy, Turkman  adabiyotida  Mahtumquli  Ozarboyjon adabiyotida  Fuzuliy  qanday rol o’ynagan bo’lsa, qozoq adabiyotida Abay ham xuddi shunday rol o’ynadi. Abay qozoq  poeziyasini yangi realistik yo’nalishga boshlagan novator shoirdir. Shoir ijodining an’anasi sifatida keyinchalik qozoq adabiyotida tanqidiy realizm tomir otdi. Abay buyuk demokrat va  ma’rifatpar shoir sifatida  o’z davrining ilg’or g’oyalarini   asarlarida targ’ib etdi. Abay ijodiy faoliyati haqida  juda ko’plab ilmiy ishlar qilingan.  M. Avezov «Abay», «Abay yo’li» nomli  to’rt tomli roman epopeyasini yozdi. Qozoq adabiyotshunosligida  maxsus «Abayshunoslik» bo’limi paydo bo’ldi. Bularning barchasi buyuk shoir ijodining qozoq  xalqi madaniyati tarixida nechog’li rol o’ynaganidan dalolat beradi.

 

Abay Semipalatinsk viloyatida shu o’lkaning og’a-sultoni biy Qunonboy oilasida tug’ilib voyaga yetdi. Uni yoshligida eski musulmon maktabida va madrasada o’qitdi. Keyin uch yil rus maktabida o’qidi. Qattiqqo’l otasi uni o’z o’rniga tayyorlash maqsadida davlatni boshqarish  ishlariga tortdi. Lekin Abayda bunday ishlarni bajarishga umuman  havas yo’q edi. U mustaqil o’qib bilim oldi, rus tilini  o’rgandi. Semipalatinskka surgun bo’lib kelgan rus  progressiv ziyolilari bilan yaqin munosabatda bo’ldi.  

 

Abay she’rlari xalqni g’aflat uyqusidan uyg’otishga, o’z haq-huquqini himoya qilishga da’vat etardi. U jamiyatdagi illatlarning ildiziga bolta urib, ularning qayerga borib taqalishini ko’rsatib berdi. Xalqning o’z huquqini tanishi esa amaldorlarga hyech ham yoqmaydi. Shuning uchun Abayni bir tomondan rus akkupantlari, ikkinchi tomondan maxalliy feodal amaldorlar siquv ostiga oldi. Uning uylarini bir necha marta tintuv qildi, turli tuhmatlar uyushtirdi.

 

Abay she’riyati rangba-rang va turli mavzularda yozilgan. Qozoq xalqi og’zaki ijodidagi o’lanlar, aytishuvlar bilan hamohangdir. Uning muhabbat lirikasi Sharq  she’riyatining go’zal namunalaridan ta’sirlanib yozilganday tuyulsada, unda halqchillik va dardchillik kuchli ko’zga tashlanadi. Olti va sakkiz qatorlik qisqa va mazmunli go’zal she’rlarda shoir o’quvchiga ta’sir qiladigan, uning his- tuyg’usini qo’zg’atadigan fikrlarni bayon etadi.  Shoirning bunday she’rlarida rus, umuman, Yevropa she’riyatining  an’analarini sezamiz. «Jim-jim ko’nglim,  jim ko’nglim» degan misralar bilan boshlanuvchi she’rlari esa qandaydir tomoni bilan Sharq tasavvuf she’riyati an’analarini eslatadi. Chunki bu she’rda shoir insonning ko’ngli, nafsi nimalarni  tilamaydi. Uni jilovlash lozim, aks holda insonni xarob qiladi, degan fikrlarni aytadi. Abay she’riyati sinchiklab tahlil qilinsa, unda  Ahmad Yassaviy she’riyatining an’analari ham anchagina ekanligiga iqror bo’lamiz. 

 

Shoir «Ey muhabbat», «Yigitlar», «Ko’zimning qorasi», «Sho’rli qozog’im», «Ilm  urgan» kabi she’rlarida ishq, vatan, ma’rifat mavzularini targ’ib qildi.

 

Ma’lumki, Abay serqirra ijodkor bo’lib, uning adabiy merosida bir qancha  dostonlar ham mavjud. U «Iskandar» «Ma’sud», «Azim afsonasi», «Vadim» kabi dostonlar ham yozgan. U «Ma’sud» nomli dostonida «Ming bir kecha» ertagidagi afsonalarga murojaat qildi. Asar voqialari Bog’dod va uning atrofida bo’lib o’tadi. Dostonda Ma’sud nomli halol va pokiza yigitning bir qariya cholni qaroqchilardan himoya qilib mardlik va jasorati ko’rsatgani, buning evaziga qariya unga pul taklif qilganda, u rad etib bu ishni savob uchun, odamgarchilik uchun qilganini aytadi. Ma’sudni qariya yaxshi tilaklar bilan duo qiladi. Xalqdagi «oltin olma, duo ol» degan maqolga  rioya qilgan Ma’sud keyinchalik adolatli shoh bo’lib yetishadi. Aslida bu duo qilgan qariya Xo’jai Xidir edi.

 

Dostonda ana shu rivoyat asosiy mavzu qilib olinib, Abay uni o’z zamoniga moslab o’zgartirishlar kiritgan. Ma’sud qandaydir arab yigiti emas, balki o’quvchi ko’z oldida oddiy, mard, qozoq yigitiday gavdalanadi. Shoir o’z gumanistik g’oyalarini shu tarzda targ’ib qildi.

 

Uning «Azim afsonasi» nomli dostoni ham «Ming bir kecha» syujetidan olingan. Ertakdagi «Hasan zargar qissasi» shoir tomonidan o’zlashtirilib, Hasan ismi o’rniga Azim nomi berilgan. Bunda ezgulik bilan yovuzlik, haqiqat bilan yolg’on, ma’rifat bilan jaholat o’rtasidagi konfliktlar ko’rsatilgan. Yovuz chol yosh  yigit Azimni jodu qilib, boshiga ko’p kulfatlar soladi. Azimdagi oq ko’ngillik, mardlik, to’g’rilik barcha yovuz kuchlar ustidan g’olib kelishiga yordam beradi. Asar tugallanmay qolgan.

 

 Ma’lumki, Iskandar Zulqarnayn haqida Sharq adabiyotida juda ko’plab asarlar yaratilgan. Nizomiy, Xisrav Dehlaviy, Navoiylarning Iskandar haqidagi dostonlari bunga misol bo’la oladi. Shoir Abay ham ana shu an’analarni davom ettirib, «Iskandar» nomli doston yozgan.

 

Lekin Abay bu dostonida Iskandarni maqtamasdan, uni tanqid qilish yo’lidan bordi. Asarda Filip o’g’li Iskandarning qo’shni mamlakatlarni bosib olgani bilan qanoatlanmay, katta qo’shin to’plab butun dunyoni bosib olish uchun harakat qilgani, biroq oqibatda bu ishning uddasidan chiqmagani hikoya qilinadi. Iskandar o’z qo’shini bilan jazirama cho’lni kesib o’tib, bir toqqa duch keladi. Tog’ning darasiga  kirishda katta oltin darvoza unga to’siq bo’ladi. U qancha urinmasin bu darvozani buzib, narigi tomonga o’tolmaydi. Iskandarning jahli chiqib, darvozani och, men butun dunyo hukmdori Iskandar bo’laman, deydi. Darvoza ortidan esa, bu xudoga olib boriladigan yo’ldagi   darvoza, senga esa mumkin emas, degan sado keladi va Iskandarga darvoza ortidan suyak tashlaydi. Bu suyak juda og’ir edi. Uni hyech narsa ko’tara olmaydi.

 

 Bu sirning ma’nosini Iskandarning ustozi Aristotel yechadi. U tarozi pallasining bo’sh qismiga bir qisim tuproq tashlaganda, suyak turgan pallasi yuqoriga ko’tarilib ketadi. Abay insondagi ochko’zlikni, dunyoga to’ymaslikni tanqid qilib, uni bir qism tuproq to’ydiradi, degan naql bilan dostonni tugallaydi. Ana shu Iskandar hayotidan olingan bir  lavha juda katta tarbiyaviy ahamiyatga ega. Bu ham buyuk shoir Abayning ko’p qirrali olmos iste’dodidan xabar beradi.

 

Abay qozoq adabiyotida prozaning rivojlanishiga ham munosib hissa qo’shdi. U o’zining mashhur «nasihatlar»ini nasriy yo’lda yozdi. Bu asar Abay ijodida alohida o’rin tutadi. Buni shoirning o’ziga xos falsafiy traktatlari deb atash mumkin. Bunda donishmand shoirning hayot haqida, qozoq xalqi va uning turmushi to’g’risidagi qarashlari ifodalangan. Inson hayotining turli tomonlariga oid voqyealar haqida mushohada yuritiladi. Masalan, kitobni qanday mutolaa qilishdan tortib, insonning bu dunyoda yashashdan maqsadi, xalqlarning ahvoligacha ma’lumot beradi.

 

Abay ko’pgina asarlarni qozoq tiliga tarjima qildi. u rus adabiyotidan A.S.Pushkinning «Yevgeniy Onegin» she’riy romanidan parchalar, M.Yu.Lermentovning 26 she’rini, I.A.Krilovning 20ta masalini qozoq tiliga ag’daradi. U  Lermontovning “Xanjar”, “Yelkan”, “Terek tuhfasi” kabi she’rlarini “Demon” poemasidan parchalarni juda mahorat bilan sodda, tushunarli tilda tarjima qildi. “Yevgeniy Onegin”ni esa Abay erkin tarjima qilib, uning mazmunini qaytadan qozoqlarga tushunarli qilib berdi. Bu sharq adabiyotidagi nazira bog’lash usuliga yaqin turadi. Abay bu tarjimasi bilan o’z Oneginini, o’z Tatyanasini yaratdi. Qozoq oqinlari Tatyananing sevgi iztiroblariga to’la bo’lgan Oneginga maktubini xalq o’rtasida o’lan singari kuylab yurgan. Abay o’z tarjimalari bilan X1X asrdagi buyuk  rus adabiyotini o’z xalqi orasida targ’ib qiladi.

 

        Abayning o’g’illari Mag’avi va Oqilbeklar ham otasining yo’lidan borib bir qancha asarlar yaratib, qozoq adabiyotining rivojlanishiga o’z hissalarini qo’shgan. Abayning lirik she’rlari turli mavzularda yozilgan. Lekin ularning ko’pchiligini ilm-hunar o’rganishga, savodli bo’lishga chorlovchi ma’rifatparvarlik ruhidagi she’rlar tashkil etadi. Bu fikrlarimizni shoirning quyidagi misralari ham isbotlaydi.

 

Yoshlikda bilim izlab yugurmadim

Hayron bo’ldim, biroq yuz o’girmadim,

Ulg’ayganda qarasam, qo’lim quruq,

Kechikib qo’l cho’zdimu, ulgurolmadim

Izlasam, bo’larmidim shunchalik xor?

 

Abayning muhabbat lirikasi ham samimiy va jozibali misralarda bitilgan. U halq qo’shiqlariga yaqin, sodda va ravon misralarda yozilgan.

 

Berdim salom, qalamqosh

Senga qurbon mol ham bosh.

Seni o’ylab tunu kun,

Oqar ko’zdan qaynoq yosh.

 

Asil odam aynimas

Ishq o’tidan qayrilmas,

Ko’rsam ham, ko’rmasam ham,

Ko’ngil andan ayrilmas.

 

Abay qozoq she’riyatida birinchi bo’lib, realistik doston janrini olib kirdi. Uning “Iskandar” va “Mas’ud” nomli dostonlarida zamondoshlarini hayojonga solib turgan ko’pgina muammo va masalalarni ko’tarib chiqdi. U odob-ahloq ma’naviyat va ma’rifat haqida doimo qayg’urib yozdi. Ma’riftli zamonni qanday qurish yo’llarin axtardi, adolatli tuzumda yashaydigan jamiyatni orzu qildi.

 

Abay Qozoq prozasining rivojlanishiga ham o’zining katta hissasini qo’shdi. Uning “Nasixat” nomli asari kichik-kichik didaktik hikoyatlardan ibrorat. Ularda Abayning ilg’or ijtimoiy-siyosiy qarashlari va falsafiy mushohadalari o’z aksini topgan. Abay ijodiga rus adabiyotining ta’siri katta bo’ldi. Shoir Pushkinning “Yevgeniy Onegen” romanidan ayrim boblarni qozoq tiliga tarjima qildi. Bu esa qozoq adabiyotida chet tilidan qilingan birinchi tarjima edi. Abay rus imperiyasining bosqinchilik siyosatini qoraladi va unga qarshi o’z asarlarida fikrlar bildirdi. Lekin ikkinchi tomondan progressiv Rossiya ham bor ekanligini ta’kidlab, undan ibrat olish, qozoq xalqini jaholatdan qutqaradi deb bildi.

 

Abay O’rta Osiyoda yashovchi turkiy xalqlari ichida o’zbeklarni ma’naviyat va ma’rifat tomondan ilg’or xalq deb bilib, o’z yurtdoshlariga ibrat qilib ko’rsatdi. Shu bilan birga o’zbeklarning iqtisod sohasidagi yutuqlaridan ham o’rnak olish kerakligini uqtirdi.

 

Shunday qilib, qozoq ma’rifatparvorlari Cho’qon Valixanov, Ibrat Oltinsarin va Abay Qo’nanboyevlar ijodi qozoq yozma adabiyotining shakllanishiga katta hissa bo’lib qo’shildi. Bu yozma adabiyot realistik san’at yo’nalishida vujudga keldi va XX asr qozoq adabiyotining rivojlanishiga poydevor bo’lib xizmat qildi.

 

      Adabiyotlar      

    

1.  Qaratoyev M. “Kazakskaya literatura” . Moskva. 1980.

2.  Abay Qo’nanboyev. Asarlar. T., 1980.

3.  Ch.Aytmatov, M.Shaxanov. Cho’qqida qolgan ovchining ohizori. T., 1999.

4.  S.Sayfullin. Mashaqqatli yo’l. T., 1984.

5.  M.Avezov. Abay. Roman. T., 1968.

 

 

XX ASR QOZOQ ADABIYOTI

 

  Reja:

 

1.    Asr boshidagi tarixiy sharoit.

2.    Qozoq realistik adabiyoti shakllanishi.

3.    Qozoq adabiyoti prozasi.

4.    Qozoq dramaturgiyasining rivojlanishi.

5.    Qozoq adabiyoti vakillari haqida.

Tayanch so’z va iboralar: “Alash o’rda” tashkiloti. J.Jaboyev ijodi. Qozoq prozasi. Roman va qissalar. Dramatik asarlar. Qozoq prozasi an’analari. M.Avezov, S.Muqonov, M.Shaxanov.

 

XIX asr oxiri XX asr boshlarida Qozog’istonda sanoat va savdo kapitali rivojlanishi natijasida mahalliy burjuaziya shakllandi. Bu esa adabiyotda ham burjuaziya mafkurasiga mos asarlarning paydo bo’lishiga olib keldi. Oktyabr inqilobi, grajdanlar urushi, yer islohoti kabi o’zgarishlar, bolsheviklarning hokimiyat tepasiga kelib yurgizgan siyosatlari uzoq vaqtlar XX asr qozoq adabiyotining asosiy mavzulariga aylanib qoldi. Lekin qozoq ijodkorlari doimo adolat uchun, haqiqatning g’alaba qilishi uchun asarlar yozishdan chekinmadilar. Asr boshida qozoq adabiyoti rivojiga yozuvchilardan I.Kubeyev, S.Turaygurov, S.Donitayev, I.Jonsugurov, S.Sayfullinlarning ijodi katta hissa bo’lib qo’shildi.

 

XX asr boshlarida qozoq adabiyotida jadidchilikning roli katta bo’ldi. Ayniqsa, tatarlarda chiqadigan gazeta va jurnallar, tatar tilida nashr qilingan kitoblar qozoq adabiyotining rivojlanishiga ta’sir qildi. Qozoqlarda ham “Oyqon” nomli jurnal va bir qancha gazetalar tashkil etildi. “Alash o’rda” tashkiloti tuzilib, bu tashkilot a’zolari Qozog’iston mustaqilligi uchun kurash olib bordi. Bu davr qozoq adabiyotida turkiy xalqlarni birlashtirish, dunyoda yagona “Buyuk turon” davlatini tuzish g’oyalari ham keng yoritildi. Ozodlikka erishish uchun dastlab xalq ongli, savodli bo’lishi kerak, ongsiz, sovodsiz xalq bilan hyech narsa qilib bo’lmasligini bilgan ilg’or qozoq ziyolilari, avval maktablarni isloh qilish kerak, degan takliflar bilan chiqdi. Shuning uchun bu davr qozoq adabiyotida ma’rifatni targ’ib qilish yetakchi o’rinda turdi. Isfandiyor Ko’bayev, Turayg’urov, Donentoyev, Muxtor Mag’ovin, Mustafa Cho’qayev kabi ma’rifatparvar qozoq vatanparvarlari o’z asarlarida erk, ozodlik uchun kurashayotgan qahramonlar obrazini yaratdi. Ular taraqqiyot uchun to’siq bo’layotgan turli illatlarga, jaholatga qarshi kurash olib bordi.

 

XX asr boshida Turkistonda eng ilg’or ziyolilardan biri Mustafo Cho’kayev (1890 - 1942) edi. U Oqmachit shaxrida tug’ilgan. Turkistonning eng savodli, fikri teran kishisi sifatida Rossiya Davlat Dumasining deputati bo’lib, mahalliy xalq haq huquqlarini ana shu yuqori minbarda turib himoya qilgan. 1917 yilda Orenburgda Umumqozoq  Kongressini tuzishda ishtirok etdi. Shu yili dekabr oyida esa Turkiston Muxtoriyatini tashkil qildi. Dastlab Muxtoriyatning raisi qilib “Alash o’rda” partiyasi raxbarilaridan biri Tinishboyev saylandi. Bir xaftadan keyin uning o’rniga Mustafo Cho’kayev tayinlanadi. Bu Muxtoriyat uch oylar chamasi faoliyat ko’rsatdi. Bolsheviklar turli nayranglar bilan uni tarqatib yubordi. Muxtoriyat Qo’qon shahrida demokratik asosda qurilgan edi. Unda 54 kishilik xalq kengashining 36 tasi maxalliy millat, 18 tasi yevropalik edi. Lekin bu Muxtoriyatni uzoq vaqtlar “Millatchi va panturkistlar to’dasi” deb ayb qo’yib qoralab keldi. Qo’qon milisiyasi boshlig’i Ergash kichik otryad bilan Muxtoriyatni himoya qildi. Lekin Qizil Armiya shafqatsiz terrorni amalga oshirdi, arman dashnoqlariga erk berib, tinch axolini talash uchun tashladi. Bu armanilar guyoki, turklar va ozorbayjonlardan azob chekkanligi uchun boshqa turk qavmlaridan o’ch oldi. “O’shanda Qo’qonning o’zida o’n mingdan ortiq odam o’ldirildi.  Qirg’in shu bilan tugagani yo’q. 1918 yilning birinchi yarmida Marg’ilonda 7000, namanganda 2000, Andijonda 6000, Bo’z qo’rg’onda 4500 odam o’ldirildi. Shu jarayonda  180 qishloqqa o’t qo’yildi. Minglab oilalar xonavayron bo’lib, boshponasiz qoldi.

 

Mustafa Cho’qay bu xunrezliklarning barchasining aybdori deb bolsheviklarni bildi va chet elga chiqib ketdi. U 20 yildan ko’proq Parij, Berlin, Turkiya kabi joylarda yashadi. Lekin doimo Turkiston ozodligi uchun kurash olib bordi. U chet ellarda “Ulug’ Turkiston”, “Svobodnыy Turkiston”, “Birlik tuvi” kabi gazetalarini chiqardi. Bu gazetalarda Turkiston xalqining ozodligiga bag’ishlangan maqolalar bosilib chiqib turdi. Bulardan tashqari, M.Cho’qayev ingliz, fransuz, nemis, polyak tillarida Turkiston ozodligiga bagishlangan ko’plab risolalar chiqargan. Ayniqsa uning “Turkiston sho’rolar hukumati davrida” nomli kitobi juda mashhur bo’lgan. Ikkinchi jahon urushi davrida M.Cho’qayev nemislarga asir tushgan Turkistonliklarni o’limdan saqlab qolish maqsadida “Turkiston legioni”ni tuzdi. Nemis konslagerlarida azob chekayotgan yurtdoshlarini bir joyga to’pladi. Ana shu davrda sil kasalligini yuktirib, o’zi ham 1942 yil Berlinda vafot etdi.

 

Iskandar Kubayev qozoq ma’rifatparvari I.Oltinsarin ochgan maktabda o’qib savodini chiqardi. Keyin ko’proq mustaqil bilim olishga intilib, nihoyat o’z davrining yetuk ziyolilaridan biri bo’ldi. U o’z ijodini badiiy tarjimalardan boshlagan. 1910 yilda rus masalchisi I.Krilovninng ko’pgina asarlarini qozoq tiliga o’girdi. 1912 yilda I.Ko’bayev “Namunali o’quvchi” nomli majmuasini nashr ettirdi. Bunga folklordan olingan va o’zining ijodidan ko’plab asarlarni kiritdi.

 

Yozuvchining mashhur asarlaridan biri “Qolin” romanidir. Bunda eski, yaramas urf-odatlar tanqid qilingan. Romanda Turlig’ul nomli oltmish yoshar chol yosh qiz Gayshaga uylanmoqchi bo’ladi. Bu nikohga qizning otasi xasis, ochko’z Itboy ham rozi. Lekin qizning sevgan yigiti  Kojas qizni nikoh kechasi olib qochib ketadi. Keyin ko’p janjallar, urushlardan keyin qiz o’z sevgan yigiti Kojas bilan turmush qurishga muvaffaq bo’ladi. Adibning «Ushalgan orzu» nomli qissasi avtobiografik janrda yozilgan. U o’zining pedagogik va yozuvchilik faoliyati haqida hikoya qiladi. Bu kitobning ham o’quvchilar uchun ibratli tomonlari juda ko’p.

 

Yana bir qozoq ma’rifatparvari Sultonmaxmud Turayg’urov (1893-1920) qisqa umri davomida adabiyot tarixida o’chmas iz qoldirdi. U Semipalitinsk uyezdiga qarashli Bayanaul degan joyda tug’ilgan. Dastlab madrasada, keyin mustaqil o’qib bilim oldi. 1914 yilda “Oyqon” nomli jurnalda uning “O’quvchi o’ylari”, “Qo’msash” kabi she’rlari e’lon qilindi. Keyinchalik shoirning “Sarsonlikdagi hayot”, “Kambag’al”  nomli dostonlari nashr etildi. Bu asarlarda  shoir adolatli tuzum haqida  e’tiborga loyiq  fikrlar aytdi. Uning “Go’zal qiz Qamar” nomli romanida xotin-qizlar ozodligi, ularning haq-huquqlarining paymol qilingani to’g’risida yozdi. Bu kitob 20- yillar qozoq adabiyotining katta yutuqlaridan biri bo’lib qoldi. Asarda go’zal qiz Qamarni Nurum nomli cholga zo’rlik bilan turmushga chiqarmoqchi   bo’ladi. Qizning otasi Umarni kaltaklab, qizni zo’rlik bilan Nurumning uyiga olib ketadi. Unga qizning sevgilisi Ahmad ham yordam berishdan ojiz. Qiz Nurumning uyida, o’zini zaharlab o’ldiradi.

 

Turayg’irov Abay poeziyasi an’analarini yangi davrda davom ettirdi. U Abay poeziyasini, xuddi payg’ambarning yurak qoni bilan yozilgan qur’on suralariga tenglashtirgan edi.

 

 Qozoq ma’rifatparvar adiblaridan Sobit Donentayev (1894-1933). Povlodar uyezdida tug’ilgan. Eski maktab va madrasilarda o’qib savodini chiqargan. 1913 yilda “Oyqon” jurnalida birinchi she’ri chiqdi. 1915 yil Ufada birinchi to’plami “Mayda-chuyda” (“melochi”) nomi bilan e’lon qilindi. Bu ma’lum  darajada hajviy she’rlardan tuzilgan bo’lib, bularda turli illatlarni tanqid qilgan. Uning “Oxirgi so’z”, “Davr kimniki” kabi she’rlarida ham ijtimoiy tengsizlik  haqida gap boradi. “Bo’zto’rgay” nomli asarida shoir o’z xalqining milliy urf – odatlari haqida yozadi. Bo’zto’rg’ay haqiqat izlab turli vaxshiy kushlarga boradi. Burgut, kalxat, lochin kabi kushlar bilan uchrashadi. Bu qaysidir tarafi bilan buyuk Navoiyning “Lisonut tayr” nomli dostoni personajlariga o’xshab ketadi. Donentayevning “To’ng’iz va olibsotar”, “Baykenning ko’z yoshlari” nomli asarlarida ham jamiyatdagi turli illatlar ustida kulgan va o’quvchilarni ularga qarshi kurashga chorlagan.

 

Saken Sayfullin (1894-1934) Qozoqistonning Jezqazgan viloyatida tug’ilgan. Eski maktabda o’qib savodini chiqardi, keyin rus-tuzem maktablarida, seminariyalarda bilim oldi. S.Sayfullin yoshligida Qozog’istonda tuzilgan «Birlik» tashkilotining faol a’zosi edi. Bu tashkilotning oldiga qo’ygan asosiy vazifasi qozoq halqini asriy qullikdan ozod qilish edi. Ana shu tashkilot  1910 yilda S.Sayfullinning birinchi she’rlar to’plami, «O’tgan kunlar»ni Qozon shahrida chop etishga yordam qildi. Keyinchalik  uning «Asov tulpor», «Do’mbira», «Turmush to’lqinlari» kabi she’riy to’plamlari; «Ko’kchatov», «Cho’loq oqquyruq», «Ayrilgan oqqushlar» kabi dostonlari bosilib chiqdi. Shoirning bu asarlarida mehnatkash xalq  xayoti, uning ozodlik uchun olib borgan kurashlari ko’rsatilgan. Albatta shoir o’zi yashayotgan davrdagi tarixiy muxitni chuqur anglab ololmagan edi.

 

Shuning uchun uning ayrim she’rlarida qozoq xalqiga yolg’on erk va mustaqillik  va’da qilgan bolsheviklar madhiya qilingan. Uning «Baxt yo’lida» «Qizil shunqorlar» dramatik asarlari ham 1920 yillarda yozilgan. Bu asar qozoq adabiyotida dramatik janrning shakllanishiga katta ta’sir qildi. Asarda Terlikboy o’g’lini mardikorlikka yubormaslik uchun yosh qizi Muslimani Volost boshlig’i  qari chol Nukerboyga xotinlikka bermoqchi bo’ladi. Lekin qizning akasi o’qimishli, ziyoli Yermek singlisini bu dahshatdan qutqaradi. Uni sevgan yigiti Birjon bilan qochirib yuboradi. Ana shunda fevral burjua revolyusiyasi bo’lib, podsho hukumati ag’darib tashlanadi. Asarda o’z manfaati uchun yosh qizini qari cholga bergan ota obrazi qoralanadi. Volost boshliqlarining haddan tashqari tovlamachi, poraxo’r bo’lganliklari tanqid qilinadi. Yozuvchining «Tor yo’l, tayg’oq kechuv» nomli memuar romani ham katta mahorat bilan yozilgan. Yozuvchining «Oysha», «Yer qazuvchilar», «Mevalar» nomli qissalarida ham asr boshidagi qozoq xalqining hayoti ko’rsatilgan. Yozuvchining  «Qizil shunqorlar» dramasi o’zbek sahnalarida ham qo’yilgan.

 

Yozuvchining «Ko’kchatov» dostonida ko’plab afsona va rivoyatlar berilgan.  «Buraboy» nomli rivoyatda ikki o’rkachli tuya hyech odamlarga tutqich bermaydi. Bu hayvon ozodlikni yaxshi ko’rib doim tog’larda yashirinib yuradi. Bu bizga  Amerika yozuvchisi Ernest Seton-Tompsonning «Yovvoyi  yo’rg’a» asarini eslatadi. Ablayxonning o’g’li katta otryad bilan tuyani tutib olmoqchi bo’ladi. Lekin u Tuyaning tiriklayin qo’lga tushmasligiga ko’zi yetib uni otib tashlaydi. Shundan keyin tuya katta ko’k toshga aylanib qoladi.

 

Yoki boshqa bir rivoyatda qolmoqlardan asir olingan go’zal qizni olmoqchi bo’lganlarga shart qo’yiladi. Bu shartga binoan qiz oq ro’molchasini uzoqqa ilib qo’yadi. Kim uni urib tushirsa, qiz unga turmushga chiqishga rozi bo’ladi. Lekin hyech kimning o’qi bu nishonga yetmaydi. Unga majbur qilib uylanmoqchi bo’lganda qiz rumolchasi bilan birga toshga aylanib qoladi.

 

Bu joyni hozir ham «o’q yetmas» deb atashar ekan. Umuman, doston Ko’kchatov haqidagi ana shunday rivoyatlarning ko’pchiligini o’zida qamrab olgan. Bu rivoyatlarning axloqiy-tarbiyaviy  ahamiyati juda kattadir.

 

Saken Sayfullin o’zining  ijtimoiy faoliyati bilan ham qozoq xalqining madaniyati tarixiga katta hissa qo’shdi. U bir qancha gazeta va jurnallarda muxarrir bo’lib ishladi.  Qozog’iston Maorif vazirligida faoliyat ko’rsatib, mamlakatda maorifni tashkillashtirishda katta ishlarni amalga  oshirdi.

 

Xullas, Sayfullin o’z ijodiy faoliyati bilan yangi qozoq adabiyoti asoschilaridan biri bo’lib tarixda qoldi.

 

Bu davrda poeziya yetakchi janr bo’lib, unda J.Jaboyev, Toir Sharoqov, Sobit Muqanov, Abdulla Tojiboyev, G’ali O’rmonovlarning yaratgan poetik asarlari katta ahamiyatga ega bo’ldi. 30-40 yillarga kelib esa qozoq adabiyotida dostonchilikning rivojlanganligi ko’zga tashlanadi.

 

S.Muqanovning “Oq ayiq”, “Kolxoz ovulining bir kuni”, Toir Sharokovning “Po’lat quyuvchi”, “Oqim”, “Cho’lda o’rmon shovullaydi”, Abdulla Tojiboyevning “Qurmong’ozi”, “Bolalik”, “Jambul” kabi dostonlarida o’z davrining muhim masalalari badiiy tahlil qilinadi. Bular ichida A.Tojiboyevning “Jambul” dostoni ayniqsa zo’r ilhom va mahorat bilan yozilgan. Bu biografik dostonda Jambul hayoti, u yashagan davr voqyealari bilan bog’lab berilgan. Ma’lumki, Jambul yuz yoshdan oshib vafot etgan. Ana shu davrda ko’plab tarixiy voqyealarning guvohi bo’ldi. Jambul doimo o’z xalqining ravnaqi uchun qayg’urgan san’atkor edi. U Rus imperiyasining bosqinchilik siyosatini qoraladi. Romanovlar dinastiyasining uch yuz yilligi nishonlanayotgan paytda, Jambulga bu voqyeaga bag’ishlab she’r yozish topshirilgan. Jambul esa bundan hazar qilishini aytib, u taklifni rad qiladi. Shundan keyin polisiya Jambulni qattiq jazolaydi. Asarda ana shu voqyealar mahorat bilan tasviralngan.

 

Urush va undan keyingi davr qozoq adabiyotida yangi talantli yozuvchilar yetishib chiqdi. Bu davrda asosan, she’riyat yetakchilik qildi. Urushdan keyingi yillar qozoq adabiyotida bir qancha dostonlar yaratildi. Bu dostonlarning ko’pchiligi zamonaviy mavzuda bo’lib, zamondoshlar obrazi aks ettirilgan edi. J.Moldag’aliyevning “Musa Jalil” nomli dostoni buyuk tatar shoiri Musa Jalilning porloq xotirasiga bag’ishlangan bo’lsa, G.Qairbekovning “Ibray Oltinsarin” poemasi esa buyuk qozoq ma’rifatparvar shoiri hayotiga bag’ishlangan edi.

 

Urushdan keyingi yillar qozoq adabiyotida prozada asarlar yaratish yetakchi o’ringa ko’tarildi. Bu davrda yirik qozoq prozaik yozuvchilari yetishib chiqdi. I.Ko’beyev, M.Avezov, S.Muqanov, G’.Musrepov, G’.Mustafin singari yozuvchilar ijodi bunga misol bo’ladi. S.Muqanov o’z ijodini she’r bilan boshlagan bo’lsa-da, keyinchalik nasriy asarlar ham yoza boshladi. Uning “Temirtas”, “Bo’tako’z”, “Hayot maktabi” va “Polvon cho’loq” kabi povest va romanlari juda mashhur bo’ldi. 

 

Yozuvchining “Temirtas” romani Qozog’istondagi yer islohoti voqyealariga bag’ishlangan. Bunda Sog’indiq, Qo’zibek, Murodbek va Temirtas kabi obrazlar qozoq ovulidagi yangi hayot tarafdorlari sifatida tasvirlangan. Lekin bosh qahramon asarda voqyealarga aktiv ishtirok etmay, ko’pincha kuzatuvchi sifatida tasvirlangan. Bu adibning birinchi romani bo’lganligi uchun bir qator kamchiliklarga yo’l qo’yilgan edi. Jumaladan, qahramonlar xarakterini tasvirlashda izchillikning yo’qligi, romanning tili g’aliz ishlanganligi kabi nuqsonlar bor edi.

 

Adib ikkinchi romani “Bo’tako’z” ustida o’n besh yil ishladi. Unda 1914-20 yillardagi tarixiy voqyealar tasvirlangan edi. Birinchi Jahon urushi Oktyabr inqilobi, Grajdanlar urushi, davridagi ijtimoiy-tarixiy voqialar tasviri Asqar, Bo’tako’z, Temirbek, Boltabek, Kuznesov, Bulatov kabi obrazlar vositasida berilgan. Oddiy qishloq qizi Bo’tako’z va maktab o’qituvchisi Asqar Do’sanov bu kitobning bosh qahramonlaridir. Bular Kulakov, Itboy, Koshkin singari salbiy qahramonlarga qarshi qo’yiladi. Asar finalida bu kurash ijobiy qahramonlar g’alabasi bilan tugaydi.

 

S.Muqanov ijodida turli mavzularga murojaat qilgan. “Polvon cho’loq” nomli povestida 1916 yilgi xalq qo’zg’alonlarini asosiy material qilib olgan. Qo’zg’alonchilar boshlig’i Nurmag’ambet (“Cho’loq polvon” laqabli) podshox hukumatiga qarshi xalqni kurashga boshlaydi. Lekin yozuvchi bu qahramonga ko’plab sifatlarni og’zaki ijod dostonlaridagi qahramonlarga o’xshatib bergani uchun ishonarsiz chiqqan. Bosh qahramon maishatparast, uzoqni ko’ra olmaydigan kishi sifatida taassurot tug’diradi.

 

S.Muqanovning eng yaxshi asarlarilan biri “Hayot maktabi” deb ataladi. Bu avtobiografik roman shaklida yozilgan asardir. Romanning kompozisiya tuzulishi ham o’ziga xos bo’lib, u kichik-kichik mustaqil hikoyatlardan iborat. Lekin bu hikoyatlar mazmunan bir-biri bilan uzviy bog’langan. Romanga asosiy material qilib XX asr boshlaridagi qozoq xalqining hayoti olingan. Podachi bola Sobit, batrak Muqan Sobitning akasi Mustafo, o’qituvchi Mullag’ozi G’aybulla oqinlar asarning asosiy obrazlaridir.

 

Atoqli qozoq adibi Muxtor Avezovning nomi ham juda mashhurdir. Uning ijodi ham asosan 20-yillarda boshlanib, dastlab dramatik asarlar yozgan. “Yenlik kebek”, “Qora ko’z”, “Xon kene” singari pyesalarida yozuvchi qozoq xalqi hayotining muhim qirralarini tanlab oldi.

 

Muxtor Avezov qozoq adabiyotining XX asrdagi eng yirik figurasi. Uning ijodi rang-barang bo’lib, turli janrlarda asar yaratgan. Dastlabki dramasi «Yenlik-kebek» 1917 yilda yozilgan. Bu asar qozoq teatrining shakllanishiga asos bo’ldi  desak adashmaymiz. O’sha yili hali hayot bo’lgan Abayning xotini Aygirimning o’tovida bu asar birinchi marta sahnaga qo’yilgan. Asarda Yenlik nomli qiz bilan Kebek nomli yigitning otashin muhabbati kuylangan. Bu asarni qozoqlarning «Romeo  va  Juletta» si deb ataydi. Ikki yoshning bir-biriga yetishishi uchun chekkan iztiroblari, ularga to’sqinlik qilgan yaramas urf-odatlar juda ta’sirli ifodalangan. Asar voqialari bosh qahramonlarning fojiali o’limi bilan tugasa ham, unda qandaydir xayot baxsh umid hukmron.

 

Keyinchalik Avezov “Tungi sarin”, “Abay” nomli dramalar yozib, qozoq dramaturgiyasi va milliy teatrining rivojlanishiga muhim hissa qo’shdi. Urush davri va undan keyingi yillarda Muxtor Avezov “Sinov soatlarida”, “Yalang’och qilich”, “Nomus gvardiyasi”, “Olma bog’ida” singari o’nlab g’oyaviy-badiiy jihatdan yetuk dramatik asarlar yaratdi. M.Avezov prozaga dramaturgiya orqali kirib keldi. Uning “Izlar”, “Burgutli ovchi”, “Yelkama yelka” singari dastlabki nasriy asarlari ham ancha muvaffaqiyatli chiqqan.

 

M.Avezov to’rt tomdan iborat Abay to’g’risidagi roman-epopeya yaratdi. Bu nafaqat qozoq adabiyotida, balki jahon adabiyotidagi tarixiy-biografik romanlarning eng yaxshi namunalaridan sanaladi. Bu asarni yaratish jarayonida yozuvchi ko’plab tarixiy hujjatlarni ko’rib chiqdi. Abay nomi bilan bog’liq xalq orasidagi rivoyatlarni o’rgandi. Natijada dastlab “Abay” nomli pyesa yaratildi. Abay haqida ko’plab ilmiy-publisistik maqolalar e’lon qilindi. Keyinchalik “Abay” va “Abay yo’li” kabi romanlar vujudga keldi. “Abay” tarixiy-biografik romandir. Unda bir tomondan qozoq ma’rifatparvari Abayning hayoti tasvirlangan bo’lsa, ikkinchi tomondan XIX asrdagi qozoq xalqining ijtimoiy hayoti, o’sha davrdagi siyosiy tuzum, tarixiy voqyealar tasvirlangan. Asarda bir-biriga o’xshamaydigan har qaysisi alohida bir tabaqa va guruh vakili bo’lgan obrazlar berilgan. Abayning otasi Qunonboy, onasi Uljon, buvisi Zere kampir, akasi Takejon, turmush o’rtog’i Aygerim, do’sti Erbo’l, advokat Andreyev singarilarning har biri o’ziga xos xarakterlarga ega.

 

Qozoq adabiyotining yirik vakillaridan biri G’abiddin Mustafinning “Qarag’anda” romani ham katta shuhrat topgan asarlardan biridir. Bunda Qozoq ishchilar sinfining shakllanishi va rivojlanishi badiiy obrazlarda ishonarli qilib tasvirlangan. Qarag’andada ko’mir konining ochilishi, u yerda yashayotgan xalqning ongini o’zgartirib yubordi. Yangi shaharlar bunyod bo’la boshladi. Kechagi qozoq cho’pon yigitlarining ilg’or shaxtiyor bo’lib yetishgani tasvirlangan.

 

Yozuvchining “Shig’onak Bersiyev” nomli romanida qozoq intelligensiyasi obrazi yaratilgan bo’lsa, “Millioner” nomli romanida esa Qozog’istonda kolxoz tuzumining o’rnatilishi haqida gap boradi. Bu roman bizga Oybekning “Oltin vodiydan shabbodalar” romanini eslatadi. G’abiddin Mustafin keyingi yillarda Qozog’istondagi fuqorolar urushi yillarida bo’lgan voqyealar tasviriga bag’ishlangan “Dovuldan so’ng” nomli asarini yozib, anchagina maqtovlarga sazovar bo’ldi.

 

Yozuvchi G’abit Musrepov o’zinnig “Qozoq soldati” romani bilan juda mashhur bo’ldi. Bu Tvardovskiyninng mashhur “Vasiliy Tyorkin” asariga o’xshatma tarzda yozilgan. Bunda urushdan oldingi va urush davri qozoq qishloqlarida bo’lib o’tgan voqyealar, frontdagi dahshatli to’qnashuvlar oddiy qozoq yigiti hayotini tasvirash jarayonida ochila boradi. “Uyg’ongan o’lka” romanida esa Qozog’iston cho’llarining qazilma boyliklarga mo’l ekanligi va bu sohadagi o’zgarishlar tasvirlangan.

 

Yozuvchining «Kiron qush qo’shig’i» hikoyasi jahon  hikoyachiligining eng yaxshi namunalari bilan yonma-yon  turadi. Negaki, bunda ozodlikka, erkka intilgan burgut obrazi orqali insonning ozodlik haqidagi eng muqaddas tuyg’ulari ifodalangan.

 

Erjon ovchining Qiron qushi butun atrofga dongi ketgan. U ovga chiqqanda doim katta o’lja bilan qaytadi. Qanchadan-qancha kakliklar, quyonlar, tulkilarni ovlamadi, deysiz. Kunlardan bir kun tulkining terisini  archiyotgan Erjonga   qarab, qafasda turgan burgutning avzoyi buziladi, Buni  tajribali ovchi Erjon darhol payqagan edi, lekin unchalik e’tibor qilmagan edi. Hikoyada burgutdagi  o’zgarish qo’yidagicha tasvirlangan.

 

«Burgutda esa rostakam o’zgarish sodir bo’lgan edi. U uchishni istardi, u – bepoyon dalalarda kezishni istardi, u osmonni istardi. Burgut qanotlari bilan taxta qo’noqni shart-shurt urib, uni bu yerda ushlab turgan kayish bandlarni cho’yan tumshug’i bilan cho’qib, yulib-yulib tashlardi. Uning qalbidagi ozodlik sog’inchi, ozodlik qo’shig’i, osmon qo’shig’i butun jismini o’rtab, tobora ulg’ayib boraradi».   Shundan ikki kun o’tgach, Erjon  ovga chiqadi. Butalar orasidan sakrab chiqqan quyonga burgutni qo’yib yuboradi. Burgut esa quyonga e’tibor ham bermasdan tobora yuqorilab ketaverdi. Ovchi uni qancha chaqirmasin, u qayrilib ham qaramadi. Burgut ko’k uzra ko’zdan g’oyib bo’ldi. Hikoyaning ikkinchi qismida burgutning o’z qavmi orasidagi hayoti ham juda qiziqarli qilib tasvirlangan. Burgutlarning nasl qoldirish haqidagi hikoyalari va asar yakunida keksa burgutning yosh burgutchalarga bergan o’git-nasihatlari barchasi falsafiy teran ma’nolarda ifodalangan.

 

«O’zlaringiz osmonda, o’ylaringiz tubanda yurgandan, o’zlaringiz tubanda o’ylaringiz osmonda yursin, chirog’im. Yuksaklik nima-yu, tubanlik degan nima? Shunda tushunasizlar». Ana shu parchaning o’zida qanchadan-qancha ma’no borligi ham bu hikoyaning katta mahorat bilan yozilganligidan darak beradi. 

 

XX asr qozoq adabiyotining yirik vakillaridan Anvar Olimjonov «O’tror tangasi», «Yashil tog’lar», «Quyosh sari borayotgan karvon» kabi qissalarni yozib o’quvchilar orasida ancha mashhur bo’ldi. Ayniqsa uning «Mahambet nayzasi» nomli tarixiy romani qozoq adabiyotidagi eng yaxshi tarixiy romanlardan biri sifatida baholangan. Bu asarda tarixiy shaxs Mahambet  oqinning xalq ozodligi uchun olib borgan kurashi tarixiy voqialar vositasida juda ishonarli tarzda tasvirlangan.

 

Mahambetning Xiva xoni bilan olib borgan muzokoralari, uning nihoyatda aqlli, sermulahoza kishi ekanligini ko’rsatadi. Bundan tashqari kitobda qozoqlarda o’rta juz xonligining tashkil topishidagi tarixiy voqialar ham qiziqarli tarzda aks ettirilgan. Pavel – 1-ning qozoq xalqiga nisbatan olib borgan siyosati, uning urug’lar o’rtasida kelishmovchilikdan foydalanib qozoq yerlarini asta-sekinlik bilan egallab borishi, xon Bekey, Xon Jangir kabilarning o’z xalqiga o’tkazgan zolimliklari bu asarda haqqoniy tasvirlab berilgan.

 

XX asr taniqli qozoq yozuvchisi Dukenboy Do’sjanovning ijodi hikoyalar yozish bilan boshlangan. Adibning «O’tror», «Forobiy» nomli tarixiy qissalari ancha muvaffaqiyat qozongan.

 

Uning «Ipak yo’li» romanida qozoq xalqining tarixiga murojaat qilingan. Mug’ul bosqinchilarining dashti qipchoqni zabt etishi, ularga qarshi kurishgan qozoq vatanparvarlarining obrazi berilgan.Qadimgi Ipak yo’lidagi savdo karvonlari va turli xalqlarning vakillari obrazlari juda yaxshi berilgan.

 

O’tror hokimi Ilonchiq Qodirjon  obrazi aqlli, tadbirkor davlat arbobi sifatida gavdalanadi. U oxirgi nafasigacha qalani himoya qilib mug’ul bosqinchilariga qarshi kurashdi. Juda ko’p sonli mug’ul lashkarlariga uzoq vaqt qarshilik ko’rsatdi. Oshaqboy, Qipchoqboy, Barchinoy kabilarning mug’ul bosqinchilariga qarshi kurashi ham juda ishonarli berilgan kitobda xalq xayotidan olingan lavhalar juda yaxshi chiqqan. Xalqning turli urf–odatlari, bayramlari, milliy sport o’yinlari, tabobati kabilar haqida ham ma’lumot olamiz. Qipchoqlarning qadimgi davlatining bosh shaharlaridan biri O’trorning chingiziylar tomonidan qamal qilinishi, shahar himoyasidagi xalqning jasorat va qahramonliklari turli xarakterlar orqali berilgan.

 

Xorazmshohning xotasi, Temur Malikning elchini o’ldirishi, 450 ga yaqin sovdogarlarning qatl etilishi, keyin mug’ullarning urush e’lon qilishi tarixiy faktdir. Yozuvchi ana shu tarixiy voqialarni badiiy haqiqatga aylantira olgan.

 

O’tror kutubxonasi tasviri, Hisomitdin, Pirmuxammad, Ismoil kabi olimlar obrazi ham durust berilgan. Kitob sho’rolar davrida yozilganligi uchun bo’lsa kerak, avtorning Rus davlatiga xayrixohligi sezilib turadi. Rus sovdagarlarining bilimdon, adolatparvar qilib tasvirlanishi, Ilonchiq Qodirxonning rus davlati bilan aloqa bog’lash uchun harakatlari bunga misol bo’la oladi. Kitob qozoq xalqining qadimda chet el bosqinchilariga qarshi kurashini,  qahramonliklarini aks ettirib bergan.

 

Ilyos Yesenberlinning «Ko’chmanchilar» nomli roman- epopeyasi ham tarixiy asar bo’lib, u uch katta qismdan iborat. Asarda Chingizxon davridan tortib to X1Xasrgacha bo’lgan tarixiy voqialarga munosabat bildirilgan.

 

Albatta asarda tarixiy faktlarni ba’zan buzib ko’rsatilgan joylariga ham duch kelamiz. Masalan, Abulxayron va uning nevaralari Shayboniyxonga nisbatan qo’yilgan ayblarning ko’pchiligi asossizdir. Bularga qaramasdan  adib juda ko’plab tarixiy shaxslar haqida to’g’ri fikrlar aytgan. Qo’qon xonlari bilan Qozoq xonlari o’rtasidagi munosabatlar to’g’ri yoritilgan. Xalq oqinlaridan Hasan Qayg’u,  Buxor Jirovlarning obrazlari ham durust chiqqan.

 

Keyingi yillarda qozoq adabiyotida Jadid yozuvchilarining asarlari ham qayta nashr qilinmoqda. Ana shulardan biri Muxtor Mag’avin bo’lib, u o’z asarlarida turkiy xalqlarni birlashtirishga harakat qilgan.

 

So’ngi yillarda qozoq adabiyotiga bir qator talantli yozuvchilar ijod qilmoqda.

 

Adabiyotlar

 

1.     Jalaboyev B. Ocherki istorii kazakskoy dorevol- yusionnoy leteraturi. Alma-ata. 1958.

2.     Qaratayev M. Kazakskaya literatura. Moskva.1960.

3.     Fozilov N. Muxtor og’a. “Jahon adabiyoti” jurnali. 2001. 6-son

4.     Avezov M. “Abay” va “Abay yo’li” romanlari. T., 1964 y.

5.     Mukanov S. “Qozoq soldati” qissa. T., 1968 y.

6.     O’.Sulaymonov. Arg’umoqlar. Toshkent, 1976 y.

 

 

QORAQALPOQ ADABIYOTI

 

Reja:

1.Qoraqalpoq xalq adabiyoti

2. Xalq og’zaki ijodi

3.Yozma adabiyotning shakllanishi

4.Hozirgi qoraqalpoq adabiyoti

5.Qoraqalpoq adabiyoti vakillari

 

Tayanch iboralar: “Qirq qiz” dostoni, “Mast podsho”, “Shahriyor” kabi asarlar haqida. Jiyan Jirov “Darbadar el”. Berdaq ijodi. “Shajara”, “Axmoq podsho”, “XX asr adabiyoti”, proza, T. Kaipberganov, J.Oymirzayev, I.Yusupov.

 

Qoraqalpoq xalqi tarixda juda murakkab jarayonni bosib o’tgan. Asosan, chorvachilik bilan shug’ullangan qoraqalpoqlar uzoq asrlar ko’chmanchilik hayotini boshidan kechirdi. Ular goh Buxoro, goh Xiva xonliklari tarkibiga kirgan territoriyalarda yashadi. O’zlarining milliy davlatlari faqat XX asrdagina vujudga keldi. Qoraqalpoq xalqi yozuvga asosan XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab ega bo’ldi. Shuning uchun ularning adabiyoti tarixi asosan xalq og’zaki ijodi janrlari bo’lgan ertak, qo’shiq va dostonlardan iboratdir. Qoraqalpoq xalqininng “Qirq qiz”, “Alpomish”, “Er qo’shay”, “Mast podsho”, “Shahriyor” singari dostonlari xalq orasida juda mashhurdir. Bundan tashqari, O’rta Osiyo xalqlari og’zaki ijodida mashhur bo’lgan “Oshiq G’arib”, “Yusuf va Zulayxo”, “Oshiq Xamro”, “Toxir va Zuxro”, “Yusuf Axmad” kabi dostonlar ham qoraqalpoq xalqi orasida keng tarqalgan. Bu dostonlarning deyarli barchasida vatanparvarlik, xalqparvarlik motivlari yetakchi o’rinni egallaydi. Bu g’oya ayniqsa “Qirq qiz” dostonida ko’zga yaqqol tashlanadi. Dostonda hikoya qilinishicha, sarkarda Guloyim qirq qiz va xalq bilan birgalikda eron shohi Nodirshoxga hamda qalmoq xoni Surtayga qarshi jang qilib, mardlik va qahramonlik namunasini ko’rsatadilar. Qoraqalpoq xalq  og’zaki ijodida turli mavzudagi qo’shiqlar ko’p uchraydi. Shulardan eng ko’p tarqalgani «jaydari qo’shiq» deb ataladigan turidir. Bu qo’shiqlar xalq hayotiningturli tomonlarini qamrab olgan bo’lib, sodda, tushunarli qilib aytilgan. Ayniqsa yoshlar orasida ko’proq tarqalgan bo’lib, unda sevgi – muhabbat mavzusi yetakchilik qiladi.

 

 Anov turgan olmami, anormikan,                                  

Soyasida turgan sevgan yormikan.                                 

Soyasida turgan sevar yor bo’lsa                                 

Ikkimizni qo’shar   kunlar bormikan?                                 

 Qizil gulni ekdim qizlar ko’rsin deb                                  

Har shoxasi yuz ming alvon  bo’lsin deb                                  

O’tganida, ketganda yorim ko’rsin deb                                  

Shul yorning ishqida yurgan kunlarim.               

 

Qoraqalpoq folklorini tekshirgan birinchi tadqiqotchi Ch.Valixonov, Markaziy Osiyo xalqlari ichida eng qo’shiqchi xalq qoraqalpoqlardir. Ulardan keyin turkmanlar turadi, degan edi. Rus folklorshunos olimi A.Belyayev esa qoraqalpoqlarni "Sahro bulbullari" deb atagandi.                   

 

 Haqiqatan ham, turli janrlarda yaratilgan qo’shiqlarda badiiy yuksaklik bilan birga falsafiy teranlik hamoxang bo’lib keladi. Ko’pgina xalq maqollarining mazmuni qo’shiq qilib kuylanadi. Bu qo’shiqlar ma’lum darajada, xalqni to’g’ri va halol yashashda, mehr-muruvatli, diyonatli bo’lishda tarbiya vositasi bo’lib xizmat qilgan.             

 

Xalq og’zaki  ijodida keng tarqalgan qo’shiq   turlaridan «aytishuv»da qo’shiqchilar bir-biri bilan musobaqa qilgan. Bunda katta va teran ma’noli fikrlarni qisqa, obrazli va qofiyalangan holda savolu javoblarda bayon etish kerak. Ana  shunday musobaqalar ishtirokchilarni xalq orasida mashhur qilgan.             

 

Qoraqalpoq xalq folklorida juda ko’plab ertaklar mavjud. Ulardan «Yuz og’iz yolg’on aytgan cho’pon», «Qushlar podshosi», «Keksa tuzoqchi», «Qo’rqoq chol», «Yo’lbars mingan qiz» kabilar o’zlarining originalligi, ta’sirchanligi bilan ajralib turadi.              Qoraqalpoq xalq folklorida epik  dostonlar  ham anchagina uchraydi. Bularning ichida «Alpomish», «Koblon» kabilarning boshqa turkiy xalqlar folklorida ham variantlari uchrasa, «Mast podsho», «Qirq qiz» kabi dostonlar faqat qoraqalpoq xalq og’zaki ijodiga mansubdir.             Ayniqsa «Qirq qiz» dostoni har tomonlama puxta ishlangan bo’lib, u 25000 misradan iboratdir. Dostonda  hikoya qilinishicha, Sarko’p degan  shaharda  Ollayor nomli boy   yashaydi. Uning olti  o’g’li va bir Guloyim ismli qizi bor edi. Ana shu qiz 15 yoshga yetganda otasidan o’ziga Miyali degan orolchani so’rab oladi. Unda katta qal’a qurdiradi. Bu qal’aning devorlarini misdan, darvozasini temirdan yasaydi. Guloyim o’ziga 40 qiz tanlab olib, ularni harbiy mashqlarga o’rgata boshlaydi. Chunki qalmoqlar xoni Surtaysha bu yerlarga hujum qilishni rejalashtirib yurgan edi.

 

Guloyimga sovchilar turli tomondan keladi. U hammaga rad javobini berib, faqat tushida ko’rgan Arslon botirni kutadi. Unga Jurin nomli cho’pon ham oshiq bo’ladi. U ayyorlik bilan qal’aga tushib o’zini Arslon botir deb tanishtiradi. Lekin siri fosh bo’ladi va Guloyim  tomonidan jazolanib qal’adan chiqarib yuboriladi. Bu vaqtda Jurinning 100 ta qo’yini bo’ri yeb ketgan bo’ladi. U qarg’aning maslahati bilan Ollayor boy uyiga payg’ambar kiyimida borib, 100 ta qo’yni sadaqaga so’raydi. Shu bilan bo’ri yegan qo’ylarning o’rnini to’ldiradi. Ollayor boy kasal bo’lib otasining qabriga borganida, cho’pon Jurin buni oldindan sezib, qabr ichiga kirib oladi va qizingni Juringa bersang, tuzalib ketasan deydi. Tuy kechasi Jurinni Guloyim sovchi qo’ydirib yurgan yigitlardan biri Sayake o’ldirib ketadi. Shu paytda eronlik Nodirshox Xorazmga hujum qiladi. Botir Arslon va uning singlisi Oltinoy Xorazmning bir chekka viloyatida yashar edi.          Nodirshox Oltinoyga uylanmoqchi bo’ladi, lekin rad javobini oladi. Shox Arslon bilan yakka olishuvdan qo’rqib hiylaga o’tadi. Oltinoyni yomon otliq qilmoqchi bo’lib, maston kampirlar orqali turli jodular o’qitib, Oltinoy  behush qiladi va akasining chodiriga kechasi yalong’och qilib olib borib qo’yadi. Ertalab Arslon uyg’onib yonida singlisini ko’radi va uni o’ldirmoqchi bo’ladi. Lekin bu hiyla ekanligini sezib, singlisini o’ldirmaydi. Ammo o’zi boshqa tomonlarga bosh olib ketib qoladi. Oltinoy el-yurtni to’plab Nodirshoxga qarshi jang qiladi. Kuchlar teng bo’lmaganligi sababli Nodirshoh g’olib keladi. Yarador bo’lgan Oltinoy asirga tushadi. Shox uni quriqko’l degan joyga yuborib qo’y boqtiradi va shu bilan o’chini olmoqchi bo’ladi.          Bu vaqtda qalmoq xoni Surtaysha Chirchiq daryosidan o’tib qoraqalpoqlarga xujum qiladi. Guloyim 40 qizi bilan boshqa tomonlarga sayoxatga ketgan bo’ladi. Qalmoqlar juda ko’p odamlarni o’ldiradi. Ollayorboy ham shu jangda Surtaysha bilan yakka olishuvda halok bo’ladi. Uning olti o’g’li sotqinlik qilib, Surtaysha tomonga o’tib ketadi. Qalmoqlar o’z eliga sotqinlik qilgan bu yigitlarga ishonmaydi va oltovini ham boshini olib tashlaydi. Surtaysha g’olib kelib, ko’p kishilarni qul qilish uchun yurtiga olib ketadi.

 

Sayoxatdan qaytgan Guloyim o’z elini talangan, yondirilgan holda ko’rib, o’ch olishga ahd qiladi. Shu payt daryo yoqasida kelayotgan Arslon bilan uchrashadi. Bular bir-birini tushida ko’rganligi uchun darrov tanishadi. Avval dushmanni yengib, keyin  to’y qilishga kelishib oladi. Qalmoq yurtiga borib, vatandoshlarini tutqunlikdan ozod qiladi. Qalmoq xoni Surtaysha Guloyim bilan yakkama-yakka olishuvda halok bo’ladi. Bu jangda Sarvinoz, O’tbosgan kabi  botirlar ham katta qahramonliklar ko’rsatadi. Bular vataniga qaytib kelib, Oltinoyni Nodirshoxning qo’lidan qutqarish uchun jang qiladi. Eroni askarlar butunlay tor-mor qilinadi. Nodirshoh Qoraqum orqali eronga qochib ketayotganda, Arslon tomonidan asirga olinadi.

 

    Shunday qilib, mamlakatda osoyishtalik o’rnatiladi. Qoraqalpoqlar, o’zbeklar, qozoqlar, turkmanlardan tashkil topgan yangi davlat tuziladi. Arslon va Guloyimning to’ylari tantanali nishonlanadi.Ko’rinib turibdiki, bu dostonda yurtning jasur farzandlari o’z elining, xalqining ozodligi uchun jonlarini ham fido qiladi. Asarda bosqinchilar qanchalik darajada dahshatli bo’lmasin, birlashgan turk xalqlari har qanday dushmanni yengish mumkin degan g’oya ilgari surilgan. Doston finalida shu joyda yashovchi turkiy qabilalarning yagona birlashgan davlatining tashkil topishi ham bunga misol bo’la oladi. Dostonda turk xalqlarining ayollari ham jasur, qahramon qilib ko’rsatilgan. Ular na faqat  o’zlarini, kerak bo’lsa o’z el-yurtini ham himoya qilish qudratiga ega ekanligi ko’rsatilgan.

 

         XUSh asr qoraqalpoq adabiyoti haqida gap ketganda Jiyan  Tog’ay o’g’li nomli baxshini hurmat bilan tilga oladilar. U haqda ayrim  ma’lumotlar  yetib kelgan, xalos. Chunki bu davrdagi adabiyot  asosan og’zaki shaklda bo’lganligi tufayli, yozma asarlar qa’rib yo’q hisobi. Ayrim rivoyatlarda Jiyan shoir  haqida ma’lumotlar  mavjud. U qo’biz jo’rligida katta-katta dostonlarni qo’shiq qilib aytgan. Bir rivoyatda Jiyan shoir cho’lda  ketayotgan paytda, osmondan qo’biz  kelib uning oldiga tushadi. Go’yoki bu cholg’u asbobini shoirga tangrining o’zi yuborgan, degan fikrlar aytilgan. Jiyan shoir Qoraqalpoqlarning Mo’ytan degan urug’idan bo’lgan. U «Alpomish», «Qirqqiz», «Mastpodsho» kabi dostonlarni qiyomiga yetkazib aytgan. Uning o’zi yozgan «Toptalgan el» nomli dostoni ham yetib kelgan. Bunda Qoraqalpoqlarning XUSh asrda qozoq  xoni Abulxayrxonning hujumidan keyin turli tomonlarga tarqab ketishi, uning azob-uqubatlari hikoya qilingan.  Asosiy voqyealar Jiyan shoirning o’z boshidan o’tadi. Shoir Munaim ismli yetim qizni o’z qaramog’iga olib tarbiyalaydi, lekin Erkaboy bu qizni shoirdan tortib olib qo’yadi. Keyin Jiyan shoir ikki ukasi bilan borib Erkaboydan o’ch oladi va qizni qaytarib olib keladi. Xullas, bu shoir  qoraqalpoq  adabiyoti tarixida  birinchi bo’lib mustaqil doston ijod qilgan san’atkordir.XIX asr boshida Qoraqalpoqlar Qozoq xoni Abdulxayrxonga qarshi isyon ko’taradi. Bu kurashda mag’lub bo’lgan qoraqalpoqlarni Sirdaryo bo’ylaridan turli joylarga ko’chirib yuboradilar. Ularning bir qismi Orol bo’yiga, bir qanchasi Farg’ona va Samarqand atroflariga borib joylashadilar. Ana shu azob-uqubatlarni boshidan o’tkazgan shoir Jiyan Jirov o’zining “Darbadar el” nomli dostonini yozgan. Keyinchalik, ya’ni XIX asrning ikkinchi yarmiga kelib Qoraqalpoqlarda Kunxo’ja, Berdaq, Qulmurod, Xojiniyoz kabi shoirlar yetishdi. Bular o’z asarlari bilan yozma adabiyotning rivojlanishiga katta hissa qo’shdi. Qoraqalpoq yozma adabiyotining rivojlanishida o’zbek klassik adabiyotining ta’siri ham katta bo’ldi. Ular Navoiy, Mashrab, Ogohiy kabi shoirlardan ijodiy o’rganib asarlar yozgan edi. X1X asrda qoraqalpoqlar Xiva xonligi ixtiyorida bo’ldilar. Bu esa ularning adabiyotida ham o’z aksini topdi. Ko’pgina qoraqalpoq ziyolilari bu davrda Xiva va Buxoro madrasalarida ta’lim oldi. Ular esa asta-sekin arab alifbosida asarlar yoza boshladi. Shuning uchun qoraqalpoq yozma adabiyoti shu paytgacha aytilganidek XX asrda emas, balki X1X asrda shakllangan edi. Bunga misol qilib Kunxo’ja, Ajiniyoz, Berdaq singari shoirlarning ko’rsatishimiz mumkin.

 

         Kunxo’ja shoirning taxallusi bo’lib, uning asl ismi Jiyanmuroddir. 1799 yilda tug’ilib, 1880 yilgacha yashagan. Uning turmushi og’ir kechgan. She’rlarida ota-onadan erta yetim qolgani, yo’qchilik tufayli madrasada bir yil o’qib ketib qolgani haqida ma’lumot beradi. Halq orasida mashhur shoir bo’lib yetishdi. Xiva xoni uni saroyga chaqiradi. Lekin u xonni maqtab emas, xalqning og’ir ahvolini tasvirlab she’r yozgan. Unga xon qarri tuya sovg’a qiladi. Bu tuyani tashlab Kunxo’ja Xivadan chiqib ketadi.  

 

         Shoirning «Kim bo’ldim», «Yolchimadim», «Cho’ponlar», «Kun qayda», «Mening bolam» kabi she’rlarida xalqning og’ir turmushi yoritilgan. Shoir o’zini doimo xalq bilan birga hisobladi. Uning «El bilan» she’rida shunday misralar bor.

 

                        Osmonga ucharsan bo’lsa qanoting,

                         Shod bo’larsan, baxtli bo’lsa elating,

                        Xalqing bilan bo’lsa, maqsad, niyating

                       Umr sursang doim shunday xalq bilan.

 

                 Shoirning «Yoronlar», «Armonda» kabi she’rlarida bu mavzu yanada kengroq tasvirlangan.

 

         Kunxo’janing lirik va yumoristik she’rlari ham anchagina. «Oq qamish», «Arava», «Qizil qum», «Qoratosh» kabi she’rlarida xalq turmushining turli tomonlari aks ettirilgan. Masalan, uning «Arava» she’rida eski aravalarning noqulayligi, taraq-turuq qilib kishini bezovta qilishi, moylab quysa muloyim bo’lib qolishi yozilgan. Bu o’zbek shoiri Muqimiyning «Arava qursin» she’riga o’xshab ketadi, Ikki shoir ham bir davrda yashagan. Ular ijodida bir-biriga o’xshashlik anchagiga topiladi

 

         Xullas, shoir ijodi qoraqalpoq adabiyotining rivojlanishiga katta hissa bo’lib qo’shiladi.

 

Ajiniyoz Qo’shboy o’g’li (1824-1878) o’ziga to’q oilada dunyoga keldi, eski maktabda o’qib savodini chiqargach, Xivadagi Sherg’ozixon  madrasasida ta’lim oldi. Shoir arab, fors tillarini mukammal o’rgangan. O’zbek va turkman mumtoz adabiyoti vakillarining asarlarini chuqur o’zlashtirgan. U o’zbek tilida «Chiqdi jon», «Bu sahar», «Ey, Alip» singari mashhur asarlarini yozgan. Uning eng sevimli shoirlaridan biri turkman adabiyotining asoschisi Maxtumquli bo’lgan. Shoir Maxtumqulining ko’plab she’rlarini qoraqalpoq tiliga mahorat bilan tarjima qilgan, Maxtumqulining «Bo’lmasa» radifli she’ridan ta’sirlanib Ajiniyoz quyidagi satrlarni yozgan edi.

 

                                      Taxt ustida turgan odil sultonlar

                                       Yer bilan teng bo’lur xalqi bo’lmasa,

                                       Yuraklari ot boshiday botirlar

                                       Bolacha yo’q ot, yorog’i bo’lmasa.

 

         Shoirning biografiyasi ham sarguzashtlarga boy bo’lib o’tgan. U juda ko’p o’lkalarni kezgan, sayohat qilgan. Rossiya imperiyasi qaramog’idagi Orenburg guberniyasida ham ancha vaqt yashagan, degan ma’lumotlar bor.

 

         Ajiniyozni yoshligida bir qizga unashtirib qo’yadi. Lekin u katta bo’lganida unga uylanmay, uning dugonasini yaxshi ko’radi. Shundan keyin unashtirilgan qiz kechasi o’zini daryoga tashlab halok qiladi. Qizning qarindoshlari bu fojiaga aybdor deb Ajiniyozdan  katta xun talab qiladi. Qizning o’ligi topilmaydi. Shoir qiz tirik, men uni topaman deb qozoq cho’llariga izlab ketadi. Ikki-uch yil qozoqlar orasida yurib dostonlar aytadi, qo’shiqlar to’qiydi, Ajiniyozning «Bo’z o’tov» dostoni Qoraqalpoq xalqining tarixini kuylovchi asardir. Asarda 1850 yilda Qoraqalpoq xalqining Xiva xonligiga qarshi ko’tarilgan isyoni va bu isyonning shafqatsiz ravishda bostirilishi hikoya qilinadi. Shoir qanchadan_qancha xalqlarning qul qilib sotilganini o’z ko’zi bilan ko’rib, ularning qismatiga kuyunadi. Ajiniyoz «Kerak» nomli she’rida, «Boyga qul kerak, bekka pul kerak, xonga urush kerak, oddiy odamga yaxshi turmush kerak», degan fikrlarni aytadi.          Xullas, Ajiniyoz qoraqalpoq xalqining talantli yozuvchisi sifatida tarixda qoldi.

 

Berdimurod Qarg’aboy o’g’li Berdaqning qoraqalpoq adabiyoti taraqqiyotidagi roli nihoyatda kattadir. U 1827 yili Muynoq shahrida tug’ilgan. Yoshligida yetim qolib, og’ir kunlarni boshidan kechirgan. Eski maktab va boshlang’ich madrasa ta’limini olgan. Yoshligidan she’riyatga qiziqadi, do’mbira chertib, she’r to’qidi, ashula aytdi. U 25 yoshlarida xalq orasida iste’dodli shoir sifatida tanilgan edi. Shoir she’rlarida xalq hayotini haqqoniy aks ettirgan edi. Uning “Xalq uchun”, “Soliq”, “Yoz kelurmi”, “Bo’lgan emas” kabi she’rlarida mehnatkash xalq ommasining hayotidan olingan lavhalar mahorat bilan tasvirlangan. Bunda xalq boshiga tushgan musibatlarning ko’pchiligiga asosiy sababchi amaldorlar ekanligi aytilib, ularning kirdikorlari ayovsiz fosh etilgan. Shoirning “Shajara”, “Xorazm”, “Omongeldi”, “Oydosbiy” va “Axmoq podsho” kabi dostonlari xalq orasida juda mashhur bo’lgan.

 

Berdaq “Axmoq podsho” nomli dostonida zolim xonlarni qattiq tanqid qildi. Asarda Ahmoq podsho uzoq vaqt farzand ko’rmaydi. Keyin uning Gulim ismli xotini qizli bo’ladi. Podsho esa bundan g’azablanib, xotini va qizini yo’q qilishni buyuradi. Dono cho’ri ayol Zoraning tadbirkorligi tufayli bular omon qoladi. Qizi Gulzor ulg’aygach, otasini borib ko’radi. Axmoq podsho esa o’z qiziga oshiq bo’lib qoladi. Qizi podsho taklifini rad etgach, uni itlarga talatib o’ldirishni buyuradi. Eng vahshiy itlar ham qizga yaqinlashmaydi. Aksincha, ular tilga kirib, podshoni qarg’aydi. Gulzor uzoq vaqt podsho ko’zidan yashirinib, o’rmonda yuradi. Keyin esa kelib Axmoq podshoni o’ldiradi.

 

Asarning mazmunidan ham ko’rinib turibdiki, xalq boshiga kelayotgan kulfatlarga Axmoq podsholarga o’xshash zolim va benomus hukmdorlar sababchidir.

 

Xullas, qoraqalpoq xalq klassik adabiyoti nisbatan kechroq yozma adabiyotga ega bo’lgan bo’lsa-da, unda xalq hayotini haqqoniy aks ettiruvchi bir qancha asarlar yaratildi. Bu adabiyotning paydo bo’lishi va shakllanishida xalq og’zaki ijodining roli katta bo’ldi. Ko’pgina qo’shiqlar, latifalar, masallar, ertaklar, dostonlar qoraqalpoq xalqi shoirlari tomonidan kuyga solinib ijro etildi. Xalq shoirlari ham san’atkor, ham yozuvchi sifatida mashhur bo’lgan. Ikkinchidan, qoraqalpoq yozma adabiyotining shakllanishida bevosita o’zbek adabiyotining roli katta bo’ldi. O’zbek xalqi bilan yonma-yon yashagan qoraqalpoq xalqi madaniyatining vakillari Buxoro va Xiva madrasalarida o’qigan edi.

 

XX asr boshlaridagi qoraqalpoq adabiyotining rivoji ham ancha murakkab yo’ldan bordi. Bu paytda Rossiyada ro’y berayotgan katta ijtimoiy-tarixiy voqyealar qoraqalpoq xalqi hayotiga ham ta’sir qildi. Qoraqalpoq ziyolilari Oktyabr inqilobiga ham turlicha munosabatda bo’ldilar. Ayrimlari Oktyabr inqilobiga umid ko’zi bilan qaradi. Unga bag’ishlab asarlar yozdi. Abbos Dabilov, Hidir Niyoz, Sodiq Nurimbetov singari yozuvchilar esa aksincha xalqning bolsheviklarga qarshi harakatini yoqlab chiqdilar. Qoraqalpoqlar 1930 yilda avtonom respublika bo’lib RSFSR tarkibiga kiritildi. 1936 yilda esa O’zbekiston SSR tarkibiga kiritildi.

 

Ayapbergan Musayev (1880-1936) yangi qoraqalpoq adabiyotining asoschilaridan biri sanaladi. Uning asarlari ham og’zaki, ham yozma shaklda tarqalgan. U Xorazm dostonchiligining yirik vakillaridan bo’lib, repertuarida «Oshiq G’arib», «Yusuf va Zulayxo», «Shohnoma» kabi dostonlar ham bo’lgan. Kambag’al xalqning og’ir turmushi haqida «Suvchi bola», «Salom», «Qozoqboy» singari she’rlar yozdi. Uning hajviy lirikasida ochko’z eshonlar, poraxo’r amaldorlar, turli tovlamachilar fosh qilingan. Xotin-qizlar ozodligi mavzusi «O’rtoqlar» nomli she’rida yoritilib berilgan. Bu she’rda ko’p xotinlilik kabi illatlar qattiq tanqid qilinadi. U Qoraqalpoq adabiyotida birinchi bo’lib nasriy hikoyalar ham yozgan ijodkordir. A.Musayev bolsheviklarning yolg’on va’dalariga ishonib, ularni ko’plab she’rlarida madh etgan edi.          

 

Shoirning «Xudoybergan» nomli dostonida kambag’al yigit Xudoybergan Xonzoda ismli qizni yaxshi ko’radi. Lekin uning puli yo’q, shuning uchun Xonzodani boshqa bir puldor odam olib ketadi. U sevgilisining orqasidan izlab juda ko’p joylarga boradi. Ana shu voqyealar dostonda butun qoraqalpoq xalqi hayotini tasvirlashga vosita bo’lib xizmat qilgan.

 

       20-30 yillardagi tarixiy voqyealarga atab «O’razboy», «Toshqin», «Mo’ynoq» kabi  she’rlar yozgan. Shoir ijodi yangi qoraqalpoq adabiyotining shakllanishida muhim rol o’ynadi.

 

20-30 yillar qoraqalpoq adabiyotida poeziyada yozilgan asarlar ko’pchilikni tashkil etgan. Bu yillarda adabiyotga J.Oymirzayev, X.Axmetov, A.Matyoqubov, A.Begimov singari yoshlar kirib keldi. Bular o’sha davrda ham jurnalist, ham yozuvchi sifatida faoliyat ko’rsatdi. Bu davr qoraqalpoq adabiyotining asosiy mavzusi mehnatkash xalqning baxtli hayotini ko’rsatish bo’ldi. Eskilik va yangilik o’rtasidagi kurash, qishloq xo’jaligini kollektivlashtirish kabi temalarda ko’plab asarlar yaratildi. 20-30 yillarda qoraqalpoq adabiyotida ko’plab kichik hajmli she’rlar va nasriy parchalar yaratilishi bilan birga, katta hajmdagi dostonlar ham yozildi. J.Oymirzayevning “Jumagul”, “Kurash”, M.Doriboyevning “Xoljon”, “Oyimjamol”, A.Begimovning “Kurash farzandi” dostonlari yozildi.

 

Qoraqalpoq jadid adabiyotining vakillaridan biri Sayfulg’abit Majitov (1969-1938) Qozon guberniyasida tug’ilib, keyinchalik Mo’ynoqqa kelib yashagan. Savodli, ziyoli kishi bo’lganligidan bo’lisga mirzolik qilgan. Qoraqalpoq folklori bilan qiziqib, ko’p qo’shiqlarini, dostonlarni birinchilardan bo’lib yozib olgan. U Ajiniyozning «Bo’z o’tov» nomli dostonini yozib olib, darsliklarga kiritgan. 1928 yili «Qoraqalpoq adabiyoti namunalari» nomli kitob chiqardi. Bunga ko’plab xalq maqollari, yozma adabiyotidan namunalar kiritilgan edi. S.Majitov Qo’ng’irot shahriga ko’chib kelib, yangi jadid tipidagi maktab ochdi. Shu maktabda o’zi o’qituvchilik qildi, darsliklar yozdi. O’zbek ma’rifatparvar shoiri So’fizoda bilan yaqin munosabatda va hamkorlikda  bo’lgan. S.Majitov qoraqalpoq jadid adabiyotining yirik vakillaridan bo’lib yetishdi. U Oktyabr o’zgarishidan keyin ham maorif ishlarida jonbozlik ko’rsatgan. S.Majidov, K.Avazov bilan birgalikda birinchi qoraqalpoq «Alifbo» kitobini yozgan kishi. U «O’qish kitobi», «Kattalar uchun o’qish kitobi» kabi darsliklar ham yozgan. «Erkin qoraqalpoq» gazetasida mas’ul kotib bo’lgan ishlagan.

 

         Uning ijodi ijtimoiy hayot voqialari bilan chambar-chas bog’liq. Dastlab Shuro hukumatini maqtab she’rlar yozgan. Masalan, «Ozodlik tongi» she’rida bolsheviklarning qoraqalpoq xalqiga erk va ozodlik bergani kuylangan. Shoir yer islohati, xotin-qizlar ozodligi mavzularida ham ko’plab she’rlar yozgan. «Amudaryo», «Salom, dehqon bobo», «Ikkinchi qurultoyga», «Ayollarga» kabi she’rlari bunga misol bo’ladi. U yoshlarni bilim olishga undab «Yoshlarga», «Qizlarga», «Kel o’qishga», «Hunar» kabi she’rlarini yozgan. Bu she’rlar ko’proq nasixat tarzda yozilgani bilan ajralib turadi.

 

         S.Majitov qoraqalpoq bolalar adabiyotining asoschisi sifatida «Alima nimaga xursand», «Assalom», «Shodligimning sababi» kabi ko’plab she’rlar yozdi. U birinchi tarjimonlar  qatorida I.Kirilovning 20 ga yaqin masallarini, A.Kolsov, A.Izmaylov she’rlarini qoraqalpoq tiliga tarjima qilgan. Ayniqsa Firdavsiy «Shohnoma»sidagi «Suxrob» dostonini qoraqalpoqchaga o’girgani unga katta shuhrat keltirdi. L.Tolstoyning «Ikki savdogar», «Bo’ri va turna», «Burgut va xo’roz», «Yolg’onchi», «Bilimdon bola» singari hikoyalarini ham mahorat bilan tarjima qilgan.

 

         S.Majitovning o’zi ham «Ota va o’g’il», «Kambag’al Do’snazar», «Shodlik», «Mulla va yosh qiz», «Meros» kabi hikoyalar ijod qilgan. Uning «Suyun va Sara», «Qulmurat», «O’n to’qqizlar» singari romanlari ham bor. 

 

         U Qoraqalpoq dramaturgiyasining asoschisi sifatida «Dars», «Ernazar Olako’z», «Bog’dagul», «Bibigul», «Gulim va Tayman» kabi pyessalar yozgan. «Gulim va Tayman» dramasida gulim nomli qizning Jiylibek ismli boyga berilishi, lekin u sevgan yigiti Tayman bilan nikoh kechasi qochib ketishi, Jiylibek  Gulimning o’rniga uning singlisi Oyimni olib ketishi, keyin esa Gulimning o’zi boyga kelishi kabi voqialar hikoya qilinadi. Asar oxirida bosh qahramonlar vafot etadi.

 

Xullas, S.Majitov qoraqalpoq adabiyotining eng katta vakillaridan biri sanaladi.

 

Urush yillari qoraqalpoq adabiyotida ham boshqa xalqlar adabiyoti singari jangovor mavzularda ko’proq asarlar yaratildi. J.Oymirzayev “Yerboy Botir”, “Mening do’stlarim”, D.Nazirbekovning “Ikki qahramon” kabi dostonlarida urushda jasorat ko’rsatgan jangchilar obrazi tasvirlangan.

 

Naim Davqarayev (1905 - 1953) qoraqalpoq adabiyotining yirik vakili bo’lib, uning ijodi 20- yillarning oxirlarida hikoyalar yozish bilan boshlangan. U Olmota va Orenburgdagi oliy o’quv yurtlarida ta’lim oldi. Qoraqalpoqiston hukumatida mas’ul vazifalarda ham ancha vaqt ishladi. Olim sifatida uning katta ilmiy merosi bor. XIX asr qoraqalpoq adabiyoti mavzuida doktorlik dissertasiyasini yoqladi.

 

    30-yillarda N.Davqorayev o’z davridagi o’zgarishlarga bag’ishlab bir qancha she’rlar ham yozdi. Lekin  uning sevimli janri hikoya bo’lganligi uchun nasrda ko’proq ijod qildi. «Partizanlar», «Internatda» kabi hikoyalari urushga qadar bo’lgan qoraqolpoq adabiyotining eng yaxshi asarlaridan edi.

 

         40-yillar adib ijodida front mavzuida yozilgan «O’limlarni yengib» hikoyasi xarakterlidir. Bunda Brudkov nomli uchuvchining qahramonliklari ko’rsatilgan. «Jasorat» nomli hikoyasida esa urushda qahramonlik ko’rsatgan qoraqalpoq yigiti Sobirboyning boshidan o’tganlari aks ettirilgan.

 

         N.Davqorayev qoraqalpoq adabiyotidagi birinchi muzikali dramaning, ya’ni «Alpomish»ning ham muallifidir. U qoraqalpoq mumtoz adabiyotining ham yirik bilimdoni sifatida Berdaq, Ajiniyoz. Kunxo’ja kabilar ijodini chuqur tahlil qilgan. Darsliklar, monografiyalar yozgan. «Alpomish», «Qirq qiz», «Qoblon» kabi dostonlar haqida ham mukammal ilmiy ishlarni amalga oshirgan.

 

    Dramaturgiya janri qoraqalpoq adabiyotida asosan urushdan oldingi davrlarda shakllandi. Ayniqsa bu janrning taraqqiy etishida A.O’tepovning roli katta bo’ldi. Birinchi qoraqalpoq dramasi ham A.O’tepovning “O’z tengini topgan qiz” nomli dramasi bo’lib hisoblanadi. Keyinchalik A.Begimov “Xotira” nomli dramasida qoraqalpoq xalqining ayanchli o’tmishini aks ettirib berdi. A.O’tepov “Ko’zbo’yamachi vakil”, “900 gramm”, “Saidmurod dangasa” singari hajviy dramalar yozdi. Urush yillari J.Oymirzayev “Leytenant Elmurodov”, “O’g’il”, S.Xo’janiyozov “Bizning qahramon” singari dramatik asarlarini yaratdi. M.Doriboyev, N.Davqorayevlarning tarixiy mavzudagi dramalari ham ancha mashhur bo’ldi. Urushdan so’nggi davrda J.Oymirzayevaning “Amudaryo qirg’oqlarida” nomli dramatik asari yaxshi baholandi.

 

         Jo’lmirza Oymirzayev To’rtko’l pedtexnikumida o’qib yurgan paytlari she’r  mashq qila boshladi.  Uning dastlabki she’rlari targ’ibot xarakteridagi she’rlar bo’lib, o’z davridagi o’zgarishlarga bag’ishlangan edi.  Bunga misol qilib Mayakovskiy an’analari ruhida yozilgan «Poyezd» nomli she’rini  ko’rsatish mumkin. Shoir juda ko’plab dostonlar yozgan. Uning 30-yillarda yozgan «Bizning kuchimiz», «O’n besh yil ichida», «Jumagul» kabi poemalarida o’ziga xos tipik qahramonlar obrazi berilgan. «Muxbirning jasorati» poemasida Satibek ismli muxbir Yigitning xarakteri ko’rsatilgan. «Misr» nomli dostonda esa chet el mavzusi yoritilgan. Urush yillarida J.Oymirzayev bir qancha she’rlar («G’alaba marshi», «Ajdodlar nomi bilan», «Leytinantning qasami»), «Mening o’rtoqlarim» nomli poema, «Orol qizi» (A.Shomuratov bilan hamkorlikda)  «Oygul Obad», «Kolya», «Leytenant Elmuratov» kabi dramatik asarlar ham yozdi.

 

         Urushdan keyin «Mening botirlarim», «Yerboy» «Sarvinoz va Qahramon» singari dostonlar shoirga katta shuhrat keltirdi. Uning «Yetim yuragi» nomli qissasi avtobiografik xarakterga ega. J.Oymirzayev «Amudaryo  qirg’oqlarida», «Odamlarga muhabbatim» kabi romanlar ham yozdi. «Oygul–Obod», «Berdaq», «Ravshan», «Jonginam doktor», «Hayot bulog’i» singari pyesalar yozib qoldirgan.

 

    Umuman olganda, J.Oymirzayev qoraqalpoq adabiyotining ko’pgina janrlarida asarlar yozib, o’zidan o’chmas iz qoldirdi.

 

Qoraqalpoq adabiyotining yirik vakili To’lepbergan Kaipberganov serqirra ijodkor bo’lib, u turli adabiy janrlarda  muvaffaqiyat bilan ijod qilib kelmoqda.

 

         Yozuvchi dastlab poeziya bilan shug’ullandi. Keyin esa hikoyalar yozishga havas qo’ydi. Uning  «Bloknot so’zlaydi» nomli birinchi hikoyalar to’plami  1961 yilda e’lon qilindi. Keyin u «Sekretar», «Muallimga raxmat» kabi qissalarini yozdi. Bu Ch.Aytmatovning «Birinchi muallim» qissasiga o’xshatib yozilgan bo’lib, qoraqalpoq ovullarida  ma’rifat tarqatgan birinchi o’qituvchilarning  hayotiga bag’ishlangan edi.

 

 Keyinchalik esa uning «So’nggi hujum» nomli birinchi romani e’lon qilindi. Bunda 20-30-yillardagi  tarixiy voqialarga munosabat bildirilgan edi. Lekin yozuvchiga shuxrat keltirgan uning tarixiy romanlari bo’ldi. To’lepbergan Kaipberganov  qaroqalpoq xalqi  tarixi aks etgan «Qaroqalpoq qizi» nomli ikki kitobdan iborat  romanida XIX asr va XX asrning birinchi yarmidagi  xalq hayotini ko’rsatishga harakat qilgan. Romanda Jumagul Zaripova obrazi  orqali  butun qoraqalpoq ayollarining  ayanchli qismati ko’rsatilgan.

 

         60-yillarda yozuvchining «Uyqusiz tunlar», «Sovuq tomchi» kabi qissalari yozildi.  Bu asarlar ikkinchi jahon urushi davridagi qoraqalpoq  xalqi hayotiga bag’ishlangan.

 

         To’lepbergan Kaipberganovning «Qoraqalpoq dostoni» nomli trilogiyasi  qoraqalpoq xalqining badiiy tarixi  bo’lib hisoblanadi. Yozuvchi bunda  hali hyech kim  badiiy tadqiq qilmagan XVIII asr  tarixiy voqyealarini  tasvirlashaga harakat qildi.  Birinchi  kitob “Mamanbiy afsonasi”  deb nomlangan. Qoraqalpoq xalqi qabilalari  ichidagi nizolar,  qozoq xoni  Abulxairning  hukmi, xalqning Rossiyaga qo’shilish uchun  qilgan harakatlari  bu romanda  o’z aksini topgan. Roman qahramoni Mamanbiy  tarixiy shaxs,  u xalqni birlashtirish, uni turli bosqinchilardan  himoya qilish uchun  bor kuchi va iste’dodini  sarf qildi.  Romanda  Murod-shayx, Irisqul-biy, Esankeldi, Olmagul, Omonliq  kabi turli   xarakterdagi  qahramonlar  obrazi ham  muvaffaqiyatli chiqqan. Romanning «Baxtsizlar», «Gumrohlar» nomli kitoblari ham katta  mahorat  bilan yozilgan.

 

Yozuvchi keyingi yillarda  «Sahro bulbuli» nomli dramatik  asar yozdi. Bu asar  qoraqalpoq adabiyotining  asoschisi, mashhur  ma’rifatparvar shoir Berdaq  hayotiga bag’ishlangan.

 

To’lepbergan Kayipberganov ijodi Qoraqalpoq adabiyotining cho’qqisi hisoblanadi, desak xato bo’lmaydi.  Uning asarlari ko’plab chet tillarga  tarjima qilingan. U Muxtor  Avezov, Oybek, B. Karboboyev singari  ijodkorlar  bilan  bir safda  turadi.  Unga keyingi  yillarda adabiyotda ko’rsatgan xizmatlari  uchun «O’zbekiston qahramoni» unvoni berildi.

 

50-60 yillar qoraqalpoq adabiyotida bir qancha baquvat prozaik asarlar yaratildi. A.Begimovning “Baliqchining qizi”, J.Oymirzayevning “Kamekboyning qilmishlari”, X.Seitovning “Mashaqqatli baxt” romanlari bunga misol bo’la oladi.

 

Qoraqalpoq adabiyotining buyuk namoyandasi Ibrohim Yusupov 1929 yilda Chimboy tumanida tug’ilgan. U Nukus pedagogika institutini tamomlab, o’sha yerda adabiyotdan dars berdi. Keyin  «Amudaryo» jurnalida muxarrir bo’lib ishladi, ilmiy ishlar bilan shug’ullandi. Uning dastlabki she’ri 1946 yilda matbuotda e’lon qilingan edi. Shoirning «O’ylar», «Yetti davon», «Ilhom» kabi she’riy to’plamlari; «O’rtoq Muallim»,  «San’atkor qismati», «Akasiya gullagan joyda», «To’maris», «Qoraqalpoq haqida rivoyat» singari dostonlari va ko’plab dramatik janrdagi asarlari XX asr qoraqalpoq adabiyoti rivojiga katta hissa bo’lib qo’shildi.

 

         I.Yusupov «Qiziqchi Umirbek» nomli komediya yozib, unda xalq latifalaridagi Umirbek obrazi orqali jamiyatda uchrab turadigan turli illatlarni tanqid qildi.

 

         «To’maris» dostonida shoir qadimgi afsonaning syujetini kengaytirib, unga bugungi kunning ham muhim muammolarini qo’shib ajoyib asar yaratgan. Ma’lumki, qoraqalpoq folklorida ayollar obrazi ko’tarinki ruxda kuylangan. Bunga misol qilib «Qirq qiz» dostonini ko’rsatish mumkin. Shoir «To’maris» dostonida ana shu an’anani mahorat bilan davom ettirgan.

 

Keyingi yillar qoraqalpoq adabiyoti bir qancha yosh talantlar bilan boyidi. Ular turli adabiy janrlarda ko’plab asarlar e’lon qildi. Bularga T.Kaipberganovning “Qoraqalpoq qizi” diologiyasini, “Qoraqalpoq dostoni” trilogiyasini, T.Najimovning “Qizilqum og’ushida” , A.Bekimbetovning “Nomus”, “Hayot yo’lida”, Q.Sultonovning “Ajiniyoz” kabi roman va povestlarini ko’rsatish mumkin.

 

 Poeziya sohasida xalq yozuvchisi I.Yusupovning ijodi katta ahamiyat kasb etadi. Uning “Yetti davon”, “Yurak qo’rini yurak oladi”, U.Xo’janazarovnig “Yillarim”, T.Saidjonovning “Muhabbatnoma” kabi she’riy asarlari ham tanqidchilikda yuqori baholandi.

 

Keyingi yillar qoraqalpoq adabiyotida dramatik janrning rivojlanishi ko’zga tashlanadi. Zamonaviy va tarixiy mavzuda ko’pgina asarlar yaratildi. I.Yusupovning “San’atkor taqdiri”, “Xushchaqchaq Umirbek”, U.Xo’janiyozovning “Nozanin qiz”, T.Sayitjonovning “Qora ko’zli go’zal”, “Abu rayhon Beruniy”, J.Oymirzayevaning “Ravshan” nomli dramalari yaratildi.

 

O’zbek va qoraqalpoq xalqlari azaldan bir-biri bilan qondosh xalq sifatida yaqin bo’lib kelgan. Bu do’stlik ularning adabiyotida ham o’z aksini topgan. Xalq og’zaki ijodida ham har ikki xalqqa tegishli asarlar anchagina uchraydi. Keyingi yillarda ko’pgina badiiy adabiyot namunalari o’zbek tiliga tarjima qilindi. Mustaqillik davriga kelgach, bu adabiy aloqalar yanada kengayib va takomillashib bormoqda.

 

Adabiyotlar

 

1.  Davkarayev N. Ocherki po istorii dorevolyusionnoy karakalpakskoy literaturы. T., 1959.

2.  Nurmuxammedov M. Qoraqalpoq adabiyoti tarixi. T. 1978.

3.  Tojiboyev A. Sir qo’shiqlari. T. 1970.

4.  Berdaq. Tanlangan asarlar. T. 1978.

5.  Kaipberganov T. Gumroxlar. Roman. T., 1978.

 

 

OLTOY VA SIBIRDA YASHGHOVCHI TURKIY XALQLAR ADABIYOTI

 

Reja

1.    Hakos adabiyoti.

2.    Oltoy adabiyoti.

3.    Tuva adabiyoti.

4.    Yoqut adabiyoti

 

 Tayanch iboralar: Sibirdagi turkiy xalqlar, folklor asarlari. «Hakasiya qo’shiqlari». Adabiyot aloqalar. «Oltoy xon», «Olonxo» kabi eposlar. Rus adabiyoti ta’siri.Mordvinov, Elyay kabi ijodkorlar.

 

 Sibirda yashovchi turkiy xalqlardan biri bo’lgan Hakaslar boy adabiy merosga ega. Bu meros asosan og’zaki ijod shaklida yetib kelgan. Yozma adabiyot esa XX asarning 30-yillaridan shakllana boshladi. Hakas adabiyotining tarixini folklor asarlari tashkil etadi.Xalq o’z orzu-umidlarini og’zaki ijod asarlarida ifodalagan. Bu xalqning ko’pgina folklor asarlari katta hajmli she’riy asarlardan iborat bo’lib, muzika bilan ijro etilgan. Qahramonlik, ishq-muhabbat, sarguzasht mavzularidagi bu asarlar xalq jirovlari tomonidan quylangan. Har bir doston besh ming misradan to o’n besh ming misragacha bo’lgan. Ana shunday asarlardan qa’rib ikki yuztasini hakas baxshilari yoddan aytib bera olgan. Xalq qo’shiqlarining aksariyati ovchilik va chorvachilik mavzusida aytilgan. Chunki hakas xalqi tarixda asosan shu kasblar bilan shug’ullangan. Hakas baxshilarining aytishuvlarida turli mavzular olingan. Bular to’ylarda, bayramlarda va turli xalq marosimlarida ijro etilib, katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo’lgan. Hakas xalq folklarining «Altin ariz», «Albinti», «Pora Ninji» kabi dostonlari juda mashhurdir.

         1930 yil Hakasiya avtonam oblasti tashkil etildi. Shundan keyin xakaslarning milliy tilida gazeta va jurnallar chiqa boshladi. Tipografiya, muzeylar, teatrlar tashkil etildi. Milliy maktablar ochildi va ularga ona tilida darsliklar yaratildi. Bu esa hakas yozma adabiyotining paydo bo’lishiga sabab bo’ldi. Natijada dastlabki yozma adabiyot asarlari paydo bo’la boshladi.

         Birinchi hakas yozuvchilaridan biri V.Kobyakov, «Hakasiya qo’shiqlari» she’riy to’plamini 1934 yilda nashr ettirdi. Keyinchalik uning «Aydo» nomli hikoyalar to’plami, «Partizanlik kunlari» nomli ocherklar turkumi e’lon qilindi. A.Toponovning «Ayollar yutug’i», I.Spirinning «Baxs» kabi dramalari Xakas adabiyoti tarixidagi birinchi dramatik asarlar edi. Bu asarlar zamonaviy mavzuda yozilgan bo’lib, yangilikka intilayotgan hakas yoshlarining murakkab hayoti aks ettirilgan edi. M.Kokovning «Anun» nomli pyesasida keksa shamanning o'ziga yarashmagan qiliqlari zaharxanda kulgi bilan fosh qilinadi.

 U ikki xotin ustiga yana yosh qizni olmoqchi bo’ladi. Qizning otasi ham shamandan ancha qarzdorligi uchun bunga majburan rozi bo’ladi. Lekin adolatli kuchlarning aralashuvi sababli bu ish ijobiy hal bo’ladi, ya’ni qiz o’z sevgan yigitiga turmushga chiqadi. Shaman esa xalq o’rtasida sharmanda bo’ladi. M.Kilchigakov «Ayiq uyasi», S.Chorkovning «Tasxil etaklarida» singari dramatik asarlarida ham eskilik va yangilik o’rtasidagi kurash aks ettirilgan.     Hakas adabiyotida prozaik asarlar ham 30-yillardan boshlab shakllandi. A.A.Topamovning cho’ponlar, batraklar va hakas ayollari haqida yozgan hikoyalari alohida to’plam holida nashr etildi. Keyinroq V.Kobyakovning «Aydo», M.Kokovning «Uchrashuv» nomli avtobiografik povestlari paydo bo’ldi.

 

         1960 yili nashr etilgan N.Domojakovning «Uzoqdagi ovulda» nomli asari birinchi hakas romanidir. Bu asarda hakas xalqining qoloq turmushi asta-sekinlik bilan tuzatilib borayotganligi tasvirlanadi. Roman voqyealari 20 –yillarda bo’lib o’tadi. Bu davrda hakasiyada grajdanlar urushining borishi, oq gvardiyachilar va qizillar o’rtasidagi janglarning oddiy xalqqa musibatlar keltirgani haqida yozilgan. Pichon degan boy bilan Sabis nomli kambag’al yigit o’rtasidagi qarama-qarshiliklar asarning asosiy syujet liniyasini tashkil etadi. Arina Petrovna nomli rus ayolining Hakas ovulida madaniyat tarqatuvchi rolida berilishi ham o’ziga xos tarzda tasvirlangan. Kitobda hakaslar o’ta johil, qaloq xalq, ularning turmushi ba’zan tosh davrini eslatadi degan fikrlar ham aytilgan. Albatta bunday fikrlar biroz e’tirozga loyiq, chunki hakas xalqining ham qadimgi, o’ziga xos madaniyati bo’lgan.

         Romandagi Alarchon obrazi orqali shamanlikka munosabat ko’rsatilgan. Asrlar davomida oddiy, savodsiz xalq shamanlarga e’tiqod qilib keldi. Yangi maktablar ochilishi va jamiyatdagi rivojlanishlar tufayli shamanlikka bo’lgan e’tiqodning yo’qola borishi kitobda ishonarli qilib tasvirlangan.         Ma’lumki, Hakasiyada keyingi yillarda katta-katta yer osti boyliklari kashf etildi. Sanoatning rivojlanishi, bu yerga turli millat vakillarining ko’chib kelishi hakas xalqining turmushida, ma’naviy hayotida katta o’zgarishlar yasadi. A.Shemetovning «Temir tog’» ocherklar turkumi ana shu masalaga bag’ishlangan. Bunda kechagi cho’pon va ovchi hakasning bugungi kunga kelib, zamonaviy sanoatning ilg’or xodimi bo’lib yetishgani aks ettirilgan.        

 

 Ma’lumki, hakaslar ko’p yillar jung’arlarning qo’l ostida ezilib keldi. XVIII asr boshlarida ular Rossiya imperiyasiga qo’shib olindi. Ana shu tarixiy voqyealarga bag’ishlangan N.Domojakovning «Oq-Tigey», M.Bainovning «Cho’llar haqida o’ylar» poemalari e’lon qilingan. M.Chebodayevning «Yaxshi tilaklar» nomli poemasida ham tarixiy mavzu qalamga olingan. Bu asarda birinchi ovchilar shirkati va kollektiv xo’jaliklarning tashkil etilishi haqida fikrlar bayon etiladi.

         I.Kostyakovning «Ipak belbog’» nomli romanida Ikkinchi jahon urushi davrida hakas xalqi vakillarining vatan ozodligi uchun ko’rsatgan qahramonliklari tasvirlangan.   

Keyingi yillar hakas adabiyotida realistik tasvirning takomillashib borayotganligi sezilmoqda. Adabiyotga yangi-yangi yosh talantlar kirib kelmoqda, ular hakas adabiyotini yana-da yuqori darajaga ko’taradi va umum turkiy adabiyotning rivojlanishiga katta hissa qo’shadi degan umiddamiz.

         Oltoy o’lkasida yashagan turkiy xalqlar juda murakkab tarixiy shariotda hayot kechirdi. Ko’p yillar bu xalq jungarlar va mug’ullarga qaram bo’lib keldi, keyinchalik Rossiya imperiyasi tarkibiga kiritildi. Shu boisdan oltoy xalq og’zaki ijodidagi asarlarning ko’pchiligida ozodlik va erk uchun kurashgan qahramonlar obrazi beriladi. «Alpomish» dostonining Oltoy turkiy xalqlari og’zaki ijodidagi variantida ham asar qahramoni Alpomish qalmoq bosqinchilariga qarshi kurash olib boradi. Ularning «Erlikxon», «Talayxon», «Oltoyxon» singari folklor asarlari ham mavjud. Bu xalqning adabiyoti tarixi asosan folklor asarlaridan iborat. Faqat XX asrga kelib oltoy turklari yozuvga ega bo’ldi. Dastlab lotin, keyinchalik rus alfavitini qabul qildi. 1925 yildan boshlab oltoy turkiy xalqlarining ona tilida «Qizil Oyrot» nomli birinchi gazeta chiqa boshladi. Ana shu gazetada ko’pgina ijodkorlar ishlardi va o’zlarining dastlabki asarlarini ham shu gazetada e’lon qilar edi. Oltoy turkiy xalqi adabiyotining asoschilari sifatida P.V.Kuchiyakov va baxshi N.O’lagashovni ko’rsatishimiz mumkin.

 

30-yillarning boshida tipografiya tashkil qilindi. Ana shu davrdan boshlab oltoy turklari yozuvchilarining asarlari chop etila boshladi. N.Chevalkovning «Qonga bo’yalgan xanjar» nomli dramatik asari oltoy yozma adabiyoti tarixida birinchi nashr etilgan badiiy asar hisoblanadi.

 Keyinchalik L.Sari-Sepaning «Temdash» hikoyalar to’plami, P.Chagat-Stroyevning «Qora-qurum» nomli poemalari nashr etildi. 30 – yillarda Oltoy adabiyotining yetakchi ijodkorlaridan biri Pavel Kuchiyakov edi. Uning «Oyrotiya mehmonlari» ocherki, «Temir tulpor» hikoyasi va «Kurash», «Sirtmoq», «Oqlarning kirdikorlari», «Tuzoqqa tushgan dushman» singari pyessalari e’lon qilindi. Shu davrda rus adabiyoti klassiklarining ko’plab asarlari Oltoy turklari tiliga tarjima qilindi. 1932 yili Oltoyda teatr ochilishi xalqning ma’naviy xayotida juda katta voqyea bo’ldi. Bu davrda oltoy adabiyotida birinchi roman «Odi yo’q» («Nomsiz») nashr etildi. Lekin bu asarning muallifi Pavel Kuchiyakov uni tugatolmasdan vafot etdi.

         Pavel Kuchiyakov 30-yillarda ko’pgina lirik asarlar ijod qildi. Ma’lumki, lirika bu xalq adabiyotida avval uchramas edi. Adibning ko’plab dramatik asarlarida ham tarixiy va zamonaviy mavzu qalamga olingan edi. Xullas, 30-yillar oltoy yozma adabiyoti shakllandi. Bu adabiyot vakillari o’z xalqining tarixiy taqdirini va kelajagini aks ettiruvchi ko’plab asarlar yaratdi. Zamonaviy mavzuda yozilgan asarlarda o’sha davrdagi yuz bergan ijtimoiy – siyosiy voqyealar aks ettirildi.

          Ikkinchi jahon urushi yillarida Oltoy adabiyotida qahramonlik mavzusidagi asarlar ko’proq yozildi. Chunki o’sha tarixiy muhit Vatan taqdiri uchun olib borilayotgan janglarda jasorat va qahramonlikni tasvirlashni taqoza etardi. P.Kuchiyakovning «Ikki gvardiyachi» pyessasida front va front orqasidagi xalq hayoti ko’rsatilgan.

Ch. Yenchinovning «Ona», «Do’st o’limi» singari asarlarida ham urush mavzusi yoritilgan. Urushdan keyingi oltoy adabiyoti S.Surazakov, L.Kokishev, E.Palkin, A.Adarov, I.Shodoyev singari ijodkorlar bilan boyidi. Adabiyotda frontdan keyingi xalq xayoti, xalq xo’jaligini tiklash kabi mavzular yetakchilik qildi. Bu mavzular asosan she’riy yo’l bilan yoritila boshladi. Ye.Chapiyevning «Tinchlik shamoli», A.Adarovning «Ursul GES i» singari asarlari bunga misol bo’ladi. A.Saruyevaning «Kolxozchi Diyorgal» poemasida yoshlar hayoti qalamga olingan. Kichik prozaik janrlarda ham bir qancha asarlar yozildi.

         60-70 yillar Oltoy adabiyotida rivojlanish har tomonlama ko’zga tashlanadi. Zamondoshlar obrazlari tasvirlangan asarlar ko’paya boshladi. L.Kokishevning «Arina» romani, Ch.Chunjikovning «Munduzak» qissasi, A.Adarovning «Yorqin yillar» kabi hikoyalar to’plami katta mahorat bilan yozildi. Bu asarlar bir qancha chet tillariga ham tarjima qilingan. E.Palkinning «Natasha», «Amir», «Qora olov» singari dostonlari ham g’oyaviy-badiiy tomondan yetuk asarlar deb sanaladi.

         A.Adarovning «Oltoy», «Arg’umoq» nomli ertak-dostonlari ham kitobxonlarga manzur bo’ldi. Bu asarlar xalq og’zaki ijodi an’analaridan foydalanib yozilgan.

         Umuman olganda, keyingi yillar Oltoy adabiyotida ham janriy rang-baranglik, ham mahoratning o’sayotganligi ko’zga tashlanadi.

        Tuva xalqi turkiy guruhga mansub bo’lib, Janubiy Sibirda yashaydi. Ular budda dinining bir tarmog’i bo’lgan Lamaizmga e’tiqod qiladilar. Aholisi taxminan 300 mingga yaqin. Tuva tarixiga nazar tashlar ekansiz, ularni miloddan oldingi davrlarda xunlar bosib olgani, ko’p asrlar moboynida Xitoy va Mo’g’ul bosqinchilari hukmronligi ostida yashaganligining guvohi bo’lasiz. 1207 yili Tuvani Chingizxon qo’shinlari ishg’ol etdi. XSh-X1U asrlar Xitoy davlati tarkibiga kiritildi. Keyin tarixiy taraqqiyot tufayli Tuva uzoq davrlar Manjurlarga qaram bo’lib qoldi. 1921 yili Tuva xalq respublikasi e’lon qilindi va poytaxti Qizil shahri qilib belgilandi. Keyinchalik Tuva avtonom oblast sifatida (1944 y.) Ittifoq tarkibiga kiritildi.

 

Tuva xalqi adabiyoti tarixi asosan folklor asarlaridan iborat. Bunda juda ko’plab ertaklar, rivoyatlar va dostonlar mavjud bo’lib, ularning ko’pchiligida xalq ozodligi uchun kurashgan qahramonlarning obrazi aks ettiriladi.

         Tuva yozma adabiyoti esa XX asrning 30 – yillaridan shakllana boshladi. 1930 yilda Tuva yozuvga ega bo’ldi. Shundan boshlab tuva tilida gazeta va jurnallar nashr etildi, tipografiyalar tashkil qilindi. Tuva milliy teatrning ochilishi ham shu yillarda sodir bo’ldi. Milliy tilda o’qitiladigan maktablarning barpo etilishi ham juda katta tarixiy ahamiyatga ega bo’ldi. Bu davrni tuva shoiri B.Xovenmey «Buyuk bahor» nomli she’rida Ulug’-Xem (Yenisey) daryosining okeanga borib qo’yilishiga o’xshatadi. Chunki Tuva xalqi ana shu davrlardan boshlab jahon sivilizasiyasiga yaqinlasha boshladi. Tuva yozma adabiyotining dastlabki vakillari sifatida S.Syuryun-ool, S.Sarig-ool S.Toka, S.Pyurbyu, B.Xovenmey, S.Tamba, Yu.Kyunzegesh, O.Suvakpita singari ijodkorlarni ko’rsatishimiz mumkin.

         1946 yildan Tuvada qishloq xo’jaligini kollektivlashtirish, sanoatni rivojlantirish, madaniy inqilob kabi tadbirlar o’tkazildi. Albatta tuva xalqi xayotidagi bu o’zgarishlarning o’ziga xos ijobiy va salbiy tomonlari ham  bor edi. Xususiy mulkka, feodalizmga hujum kompaniyasi shiori ostida tuva xalqining ko’pgina tarixiy merosi, milliy qadriyatlari qoralandi. Asrlar davomida shakllanib kelgan xalqning urf-odatlari, rasm-rusumlari bu xalq uchun mutloqo begona bo’lgan tartib qoidalar, ma’naviyat sohasidagi sosialistik mezonlar bilan almashtirildi. Lekin, shunga qaramasdan, bu davrda tuva xalqi tarixida katta ijobiy o’zgarishlar ham bo’lganini aytib o’tish kerak. Chunki milliy maktablarning ochilishi, yozuvga ega bo’lishi, kitoblar, gazeta va jurnallar nashr etilishi tuva xalqi xayotida katta burilish yasadi.

         Xalq hayotidagi ana shunday ijtimoiy-siyosiy o’zgarishlar adabiyotda o’z aksini topdi. Tuva yozma adabiyoti ham poeziyadan boshlandi. Chunki poeziyada davr voqyealariga emosional munosabat bildirish hamma xalqlar adabiyotiga xos. Vatan haqida, do’stlik va qardoshlik to’g’risida she’riy asarlar paydo bo’ldi. Sarig-oolning «Oltin qiz» nomli poemasida tuvalik yosh qizning o’z xalqi xayotida yuz berayotgan katta o’zgarishlarga hissa qo’shgani, kolxozlar tashkil qilishda faol ishtirok etgani va uning jaholatga qarshi kurashga otlangani tasvirlab berilgan. Shoir Kenin-Lopsanning balladasida esa Mongush nomli tuva yigitining Sank-Peterburgga borib o’qishi, u yerda Xosa nomli ispan yigiti bilan do’st bo’lishi, shunday qilib, tuvaliklarning ham asta-sekin dunyoga chiqayotganligi tasvirlangan. Bu mavzu O.Suvakpitaning «Do’stlik» nomli dostonida yanada rivojlantirildi.

         Bu davr Tuva poeziyasida mehnat temasi, oddiy kishilarning xayoti, orzu umidlarini tasvirlash yetakchi mavzuga aylandi. Daraxt kesuvchilar, quruvchilar, kolxozchilarning mehnati madh etildi. Albatta, tabiat va muhabbat lirikasi ham ancha taraqqiy etdi. 50-yillarda Tuva poeziyasida satirik she’rlar yozish ancha jonlandi. Turli mansabparastlar, ikki yuzlamachilar, ig’vogaru poraxo’rlar hajviy she’rlarning tasvirlash obyektiga aylandi. Bularga B.Xevonmeyning «Ijroqo’m papkasida», «Eskirgan qog’oz», Kenin-Lopsanning «Telefon orqali rahbarlik», «Eski ko’prik», O.Suvakpitaning «To’rg’ay qo’shig’i» kabi hajviy asarlarini ko’rsatishimiz mumkin.

         Bu davrda ma’rifatparvar shoir A.Chadamba bolalarga atab ko’pgina asarlar yaratdi. U tuva tilidagi birinchi maktab darsliklarining ham muallifi sanaladi.

          Tuva adabiyotida dramaturgiya janrining shakllanishi asosan urushdan keyingi o’n yilliklarga borib taqaladi. S.Sarig-oolning «Kolxoz dalasida» dramatik asari 1947 yilda yozilib sahnaga qo’yildi. Bu asar tuva adabiyotidagi birinchi sahna asarlaridan biri bo’lib, unda tuva dehqonlarining kollektiv xo’jaliklarga birlashishi aks ettirilgan. Keyinchalik bu avtorning «Qishloq o’qituvchisi» nomli dramasi e’lon qilindi. Bu asarda ikki yoshning sevgisi, yangi urf-odatlar, eskilik sarqitlariga qarshi kurashlar tasvirlangan. Yana bir mashhur tuva yozuvchisi O.Sagan-oolning «Intilish», «Bir qishloq sovetida» pyessalari ham zamonaviy mavzuda yozilgan dastlabki dramatik asarlar edi.  

  S.Tokaning «Orzularning ushalishi» nomli dramasida ijtimoiy-siyosiy va tarixiy voqyealar asosiy mavzu qilib olingan. Bunda Tuva xalqining Rossiyaga qo’shilishiga qarshi bo’lgan feodal guruhlar tanqid qilindi. Muallif bu asarida Tuva xalqining Rossiyaga qo’shilishini yoqlab chiqqan. Folklor materiallari asosida S.Sarik-oolning «Chechan va Belakmaa» nomli sahna asari ham tuva dramaturgiyasining rivojlanishiga katta hissa bo’lib qo’shildi. 1946 yilda S.Sagan-oolning «Do’stlik» nomli hikoyasi e’lon qilindi. Buni tuva yozma adabiyotidagi birinchi prozaik asar desa bo’ladi. Bunda tuvalik yigit Adar-ool bilan rus qizi Marusya o’rtasidagi muhabbat tasvirlangan. Qor bo’roni paytida yigit Marusyani o’limdan qutqarib qoladi. Marusya esa vrach bo’lib, ko’pgina tuvaliklarni davolaydi. Hikoyada internasional do’stlik, rus madaniyatining mahalliy aholi turmushiga ta’siri kabilar madh etilgan.

         Shu avtorning «To’g’ri qaror» nomli hikoyasida esa ko’chmanchi Tuva xalqining o’troqlashishi, bu sohadagi qiyinchiliklar tasvirlangan. S.Sagan-oolning «Qishloqlik yigit», «Bu yo’ldan qayt» nomli hikoyalarida ham zamondoshlar obrazi chizib berildi. Umuman, bu asarlar tuva adabiyotida badiiy prozaning shakllanishiga katta hissa bo’lib qo’shildi.

         Taniqli adib S.Sarig – oolning «Ertenlig kolxozi» povesti tuva adabiyotidagi birinchi yirik prozaik asarlardir. Bu asar ham zamonaviy mavzuda yozilgan bo’lib, Suvonma nomli tuvalik ayolning boshidan kechirganlari hikoya qilingan. Yozuvchi Salgak Toka ham tuva adabiyotining yirik vakili hisoblanadi. Uning ko’plab asarlari boshqa tillarga ham tarjima qilingan. Adibning «Kambag’alning sho’ri», «Ayollar», «Ayrat so’zi» kabi asarlari o’quvchilar orasida juda mashhur bo’lgan S.Tokaning «Kishanlar parchalandi» nomli povestida tuva xalqining ozodlik uchun olib borgan kurashlari tasvirlangan. Bu ma’lum darajada avtobiografik asar sanaladi. Chunki yozuvchining o’zi xalq ozodligi uchun bo’lgan kurashlarda bevosita ishtirok etgan. Uning «Ayrat so’zi» nomli trilogiyasi 50-yillardayoq rus tiliga tarjima qilingan edi.

         Keyingi yillar tuva adabiyotida poeziya yetakchi janr bo’lib qoldi. Ko’plab she’riy to’plamlar va dostonlar ijod qilindi. Kenin-Lapsaning «Ottuk» nomli dostonida oddiy tuva dehqonining taqdiri jamiyatdagi o’zgarishlar bilan birga qo’shib tasvirlangan. Shu avtorning «Kichkina muallim» nomli poemasida esa tuva xalqining yangi alfavitni qabul qilishi, hamma joyda joriy qilingan maktablar haqida hikoya qilinadi. Yu.Kyunzegeshning «To’y», «Muhabbat va nafrat», S.Sarig-oolning «Mening Ulug’-xemim», «O’ttiz yoshli» kabi poemalari ham yuksak mahorat bilan yozilgan. Tuva adabiyotining keyingi avlodi bo’lgan K.Ekir-ool va shoira Ye.Tonovaning she’rlari ko’proq muhabbat va tabiat manzaralari tasviriga bag’ishlangan. Bular ijodida ballada va sonet kabi she’riy janrlarda yozilgan asarlar ham ko’plab uchraydi. Keyingi yillar tuva prozasida oddiy kishilar xayotini tasvirlovchi psixologik hikoyalar ko’p yozilayapti. Bularda jaholatga, olg’a ketishga to’siq bo’luvchi yaramas urf-odatlarga, byurokratizmga qarshi kurashuvchi qahramonlar obrazi tasvirlangan.

 

A.Darjaaning «Shamanning o’limi», T.Qizil-oolning «Xuran-Xelining sog’ayishi» asarlari bunga misol bo’la oladi. S.Sarig-oolning «Katta ov», «Ajoyib qo’shiq», «Cho’pon» singari hikoyalarida esa tabiat muhofazasi, ovchilar hayoti tasvirlangan.

         Katta proza janrlarida ham ko’plab asarlar yaratilmoqda. Jumladan, S.Sarig-oolning «Angir-ool haqida hikoyat» nomli ikki kitobdan iborat avtobiografik romani e’lon qilindi. Keyingi yillarda K.Kudajining «Tinch go’sha», S.Syurin-oolning «Bu muhabbat», D.Begzining «Do’stlar suhbati», O.Sagan-oolning «Tutqich bermas tulporlar» nomli qissa va romanlari nashr etildi. Bu asarlar tuva xalqining hayoti haqida xabar beribgina qolmasdan, balki ularning ichki kechinmalari, orzu-umidlari haqida ham kitobxonni yaqindan tanishtiradi. Taniqli ijodkor S.Pyurbyuning «Sevgini avaylash kerak» nomli dramasi keingi yillar Tuva adabiyotining katta yutug’i bo’ldi.

         Xullas, Tuva adabiyoti ham umum turkiy xalqlar adabiyotining bir bo’lagi sifatida rivojlanish va taraqqiyot yo’lidan bormoqda. Bu adabiyotga keyingi yillarda bir qator yosh talantlarning kelib qo’shilishi, uning kelajagi yanada porloq bo’lishdan dalolat beradi. 

         Yokutlar juda qadimgi va boy madaniy merosga ega bo’lgan turkiy xalqlardan biri bo’lib hisoblanadi. Ular o’zlarini «sahalar» deb atashadi. Hozir Yokutiston Respublikasi nomi o’zgartirilib Saxa Respublikasi deb qo’yilgan. Yokut xalq tarixi, ularning kelib chiqishi bilan bog’liq bo’lgan ko’plab rivoyatlar bor. Bu rivoyatlarning ko’pchiligida juda qadim zamonlarda yokutlar Oltoy o’lkasida yashaganligi, keyinchalik qandaydir sabab bilan shimolga, ya’ni hozirgi Yokutiston xududiga ko’chib borganligi hikoya qilinadi. Yokut xalq folklori dunyodagi eng boy folklorlardan biridir. Ayniqsa unda afsonaviy xalq qahramoni Olonxo haqidagi rivoyatlarning, dostonalarning ko’pligi diqqatni o’ziga jalb qiladi. Bu qirg’izlarning «Manas» eposiga o’xshab ketadi. Ayrim tadqiqotlarda Olonxoni turkiy xalqlarning kelib chiqishi bilan bog’liq bo’lgan «Alan quva» haqidagi rivoyatlar bilan aloqasi borligi tahmin qilinadi.

         Qadimgi buyuk ko’chish davrida turkiy xalqlarning kattagina qismi g’arbga siljigan bo’lsa, bir qismi shimolga siljigan. Yokutlar shimolda yashayotgan kamsonli maxalliy xalqlarga madaniylashtiruvchi rolini o’ynagan. Juda qadim zamondan buyon yokutlar temirchilik, konchilik ishlari bilan shug’ullangan va shu kasblarning mohir ustasi sifatida tanilgan. Shimolda yashovchi kamsonli xalqlarga temirdan yasalgan mehnat qurollarini yoqutlar yetkazib bergan. Buning evaziga ulardan qimmatbaho mo’ynalar va turli ov maxsulotlarini olgan. Yokutlar maxalliy xalqlardan evenklar va yukagirlar bilan, ma’lum darajada aralashib ketgan. Bular XUP asrda Rossiyaga qo’shib olindi va xristian dinini qabul qildi. 1919 yilda Yokut Avtonom Respublikasi tashkil etildi.

         Yokut adabiyotining tarixi folklor asarlardan iborat. «Olonxo» turkumiga kiruvchi ko’plab dostonlar mavjud. Yozma adabiyot esa XX asarda paydo bo’ldi. Bu adabiyotning ilk vakili A.Ye.Kulakovskiy hisoblanadi. U realist shoir va ma’rifatparvar sifatida tanilgan kishi bo’lib, 1924-25 yillarda uning ikki tomlik asarlari chop etilgan. Shoirning «Yokut ayollari», «El sevgan ayol», «Yuz yoshli Onaxon» nomli poemalari asr boshlaridayoq ancha mashhur bo’lgan. A.Ye. Kulakovskiy Pushkin va Lermentov asarlarini yokut tiliga birinchi bo’lib tarjima qilgan ijodkor edi. Yokut adiblaridan A.I.Safranov dastlab rus tilida ijod qildi Ko’pgina rus yozuvchilarining asarlarini tarjima qildi. A.Safronovni yokut dramaturgiyasi va teatrining asoschisi deb biladi. Negaki, u1914 yilda «Kambag’al Yakov» nomli pyessasi bilan yokut adabiyotida drama janrini boshlab berdi. Uning keyinchalik yozgan «Shaytanat va farishta», «Sevgi», «Vasiyatnomasiz kimsa», «Xayot mazmuni» singari dramalari ham yokut adabiyotining rivojiga katta hissa bo’lib qo’shildi. Yozuvchining bu asarlari turli mavzularda yozilgan bo’lib, ularda asosan yokut xalqi hayotining rang-barang tomonlarini ko’ramiz. Ozodlik uchun jonini qurbon qilgan yokut o’g’lonlarining o’z xalqini qullikda saqlashga intilgan, yokut ayollarini olib sotayotgan kimsalarga qarshi kurashi, bu asarlarning asosiy tasvirlash obyekti bo’lib xizmat qilgan. Yozuvchi Safronov feodal – patriaxal urf-odatlarni, yangilikka to’siq bo’luvchi jaxolatni-turli illatlarni fosh qildi. N.D.Neustroyevning «Qasosqor arvoh», «Kukshaning boshi» singari komediyalari yokut adabiyotidagi baquvvat asarlardan hisoblanadi.

P.A.Oyunskiy yokut adabiyotining asoschilaridan biridir. Uning «Ishchilar qo’shig’i», «Qizil Shaman» kabi asarlari o’z davrida juda mashhur bo’lgan edi. 20 – yillar yokut adabiyotida yaratilgan asarlarning ko’pchiligi «Cholban» nomli jurnalda bosilib chiqar edi. Yokutlarning «Saxa omuk» jamiyati katta madaniy ishlarni amalga oshirdi. Sho’ro davrida millatchi, burjuaziya yozuvchilari deb qoralangan, aslida esa ma’rifatparvar yozuvchilar bo’lgan Oltin Sarin va P.Orasinlarning 20-yillardagi ijodi yokut adabiyotining taraqqiyotiga katta hissa bo’lib qo’shildi. «Proletkult» tashkiloti a’zolari Kulikovskiy va Safronov singari talantli yozuvchilarni ham burjua yozuvchilari deb e’lon qildi. Oyunskiyga esa o’z asarlarida yokut xalqini birinchi planga qo’yib tasvirladi, voholanki, yokut proletarlarini tasvirlash kerak edi, degan aybni qo’ydi. Proletkultchilar folklor asarlari xalq ongini o’tmaslashtiradi deb hisoblab, yokut xalq «olonxo»larini o’rganishni ham man etdi. Oyunskiy «Temir ot», «Burgut vasiyati» kabi asarlarida yokut xalqi madaniy merosini, folklarini xayotdagi yangiliklarni yoqlab chiqdi.

         Yokut xalqining iste’dodli yozuvchisi Elyay adabiyotga o’zining otashin she’rlari bilan kirib keldi. Uning «Yoshligimizning gullagan chog’larida» nomli she’riy to’plami 1929 yilda nashr etildi. Bu to’plamda shoirning «Saflarimiz kengaymoqda», «Xamnachitov qo’shig’i», «Baxtiyorlik qo’shig’i», «Bo’g’i» singari ajoyib she’rlari kiritilgan edi.

         Kyun Djiribine yokut adabiyotida o’zining hajviy asarlari bilan mashhur bo’ldi. Uning «Karg’aning qaqillashi, pashshaning g’ingillashi» nomli satirik hikoyalar to’plami yokut adabiyotida baquvvat asarlardan biri sanaladi. Neusutrayevning «Baliqchi» hikoyasida esa qarib qolgan chol hayotdan bezib, taygaga bosh olib ketadi. Ko’lning yoqasida o’tirib, butun o’tgan umrini eslaydi. Shu yerga dafn etishini vasiyat qilib vafot etadi. 20-yillarning oxirida yokut adabiyotiga talantli adib N.Mordvinov kirib keldi. Uning «O’tovda»,            «O’roqchilar», «Baliq ovida» singari ajoyib hikoyalari shu davrda yozildi. Oyunskiyning «Zulmatdan qutulish», «O’tgan vaqtlar» qissalari ham talant bilan yozilgan asarlardan hisoblanadi. 30-yillar yokut adabiyotida ishlab chiqarish mavzusi yetakchi o’ringa ko’tarildi. S.Vasilyevning «Artel» nomli romanida taygada jamoa xo’jaliklari tashkil qilinishining borishi haqida yozilgan. Mordvinovning «O’qish» nomli romanida Gavril nomli yetim bolaning boshiga tushgan g’am-kulfatlar yoritilgan. Bu yigit qiyinchiliklarni sabr-toqat bilan yengib, oxiri o’z baxtini topadi. Erkin Eristin «Ivan Dusha», «Vasiyatning bajarilishi», «Marikchan yoshlari» kabi roman va qissalari bilan yokut adabiyotidagi roman janrining rivojiga o’z hissasini qo’shdi.

 

Urush davrida Oyunskiyning ko’plab asarlari folklor syujeti asosida yozildi. Uning «Nyurgun Bootur» asari xalq orasidagi syujetlarning qayta ishlangan variantidir. «Oq ko’ngil yigit Dragunov», «Aleksandr Makedonskiy» singari asarlarida ham ularga munosabat bildirilgan.

Bu davrda Mordvinovning «Maydondagi o’ylar», Elyayning «O’limni yenggan yigit», Abaginskiyning «Men xalq o’g’loni» singari asarlarida xalqning bosqinchilarga bo’lgan nafrati, janglardagi qahramonliklari kuylanadi. T.Terishkin «Yokutlar urushda» va «Yokutlar front orqasida» kabi turkum asarlar yaratdi. Bu davrda N.Mordvinov «Bahor chog’lari» nomli ajoyib roman yozdi. Bunda yokut xalqining o’tmishi katta mahorat bilan yoritilgan. S.Omollonning «Saysari» asari folklor mavzusida yozilgan bo’lib, bunda qadimgi davrda o’tgan qahramonlar, mashhur kishilar obrazi keltirilgan. Dramatik janrda V.Protodyakonovning «Partizan Morozov», S.Yefremevning «Burch va oila», K.Urastirovning «Go’zal Yedyuyan» asarlari yozildi. Bu asarlarda ham asosiy mavzu front va front orqasidagi yokutlarni tasvirlash birinchi planga qo’yilgan.

Urushdan keyingi o’n yilliklarda yokut adabiyotida 150 ga yaqin nomda badiiy asarlar chop etildi. Poeziya yetakchi janr sifatida qoldi. Unda mehnat mavzui, do’stlik va gumanistik g’oyalar ko’proq qalamga olindi. Elyayning «Mixal Yegorov», «Makarning baxti», «Shimoldagi shahar» kabi asarlarida sanoati rivojlanayotgan, Sibir o’lkasining ishchilari obrazi yoritilgan. Ertyukov esa «Yokutning so’zi» nomli asarida fransuzlarning «Mond» gazetasida e’lon qilingan Andre Pyerning maqolasiga javob yozdi. Bu maqolasida «Pushkinning she’rlari buryat, mongol, chuvash, yokut kabi xalqlarning qo’pol tiliga tarjima qilinganda, u o’zining go’zalligini, nafosatini yo’qotadi», deb yozilgan edi. Ertyukov yokutlarning ham qadimgi madaniy xalqlardan ekanligini yozib, ularning sivilizasiyadan orqada qolganiga kolonizatorlar sababchi ekanligini ko’rsatdi. Bu davr yokut adabiyotida dostonchilik ham rivojlandi. Elyayning «Yokutning baxti» Urastirayevning «Shimol yog’dusi», S.Vasilyevning «Kariya Tokono» singari asarlari eng yaxshi poemalar sifatida qayd qilingan. Urushdan keyingi davr yokut adabiyotida prozaik asarlarning salmog’i kuchaydi. A.Fyoderovning, «Do’stlar», «Soldat sovg’asi», «Tinchlik uchun», «Dasha» singari hikoyalari o’zining xalqchiligi, real hayotni aks ettirganligi bilan ajralib turadi.

         S.Danilovning birinchi hikoyalar to’plami urushning so’nggi yilida e’lon qilingan edi. Keyinchalik u «Osayishta shahar», «Mening Vatanim», «Quyosh partavlari» kabi asarlarini e’lon qildi. «Burgutning baxti» nomli dostoni ko’p tillarga tarjima qilingan. Unda Yokutiston tabiati, go’zal manzaralari, ayniqsa yokut xalqining mehnatkash farzandlari alohida sevinch bilan ifodalangan. Keyingi yillar yokut adabiyotida tarixiy mavzuga murojaat qilish ko’proq ko’zga tashlanmoqda. V.Protoyakonovning «Oltin don», «Mancharlar» kabi asarlari o’tmish mavzusida yozilgan. Oyunskiyning 7 tomlik asarlari chop etildi. 30 – yillarda qatog’onga uchragan yozuvchilarning asarlari (Kulakovskiy, Safronov, Neustrayev) ham chop etilmoqda.

         Yokut prozasining yetakchi vakili N.Yakunskiy «Olmos izlovchilar» povesti va «Taqdir» nomli trilogiyasi bilan kitobxonlar o’rtasida mashxur bo’ldi.

         So’nggi yillarda V.Golderev, P.To’lasinov, S.Fedotov, I.Bochkarov singari talantli yoshlar adabiyotga kirib keldi.

         Xullas, yokut adabiyoti Sibirda yashovchi xalqlar adabiyotlari ichida eng rivojlangani hisoblanadi. Bu adabiyot shu regionda yashovchi aholisi oz sonli xalqlar adabiyotiga, ularning rivojlanishiga ham ijodiy ta’sir ko’rsatmoqda.

 

Adabiyotlar

1.     Poemi Gornogo Altaya. Sbornik. Novosibirsk . 1972.

2.     Kokishev A. Arina. Roman. – Toshkent , 1985.

3.     Pisateli Tuvi. Bibliograficheskiy spravochnik. Kizil. 1970.

4.     Puxov I.V. Geroicheskiy epos. Olonxo. – Moskva. 1962.

5.     Pisateli Yakutii. Bibliograficheskiy spravochnik. Yakutsk . 1981.

6.     Troyakov P.A. Ocherki razvitiya xakasskoy literaturi. Xakknigizdat, Abakan. 1963.

7.  Adarov A. Quyoshga qadar ko’tarilgan yer. – T., 1978 y.

8.  Kuchiyakov P. Oltoy tog’larida. – T., 1980 y.

9.  Ukachin B. Tog’ hidlari. – T., 1984 y.

 

 

 

 

XULOSA

 

Biz mazkur qo’llanmada turkiy xalqlar adabiyotining ayrimlariga to’xtalib o’tdik. Usmonli turk adabiyoti, uyg’ur adabiyoti, Oltoy va Sibirda yashovchi turkiy xalqlar adabiyotiga ko’proq e’tibor berdik. Negaki, o’zbek adabiyotshunosligida bu xalqlar adabiyoti hali keng o’rganilgan emas, ularni biz uchun ochilmagan qo’riq desa bo’ladi.

 

Qo’llanmada bu xalqlar adabiyoti tarixiy-xronologik tarzda o’rganildi. Dastlab xalq og’zaki ijodi asarlari haqida qisqacha ma’lumot, keyin esa yozma adabiyoti namunalari haqida ma’lumot berildi. Har bir davrda yashagan taniqli adiblar, ularning asarlari va adabiy oqimlar qisqacha tahlil qilindi.

 

Sibirda yashovchi turkiy xalqlar adabiyoti haqida manbalar o’zbek tilida juda kam bo’lganligi sababli biz rus tilida yaratilgan manbalardan foydalanishga harakat qildik.

 

Talabalar uchun mavzularni o’zlashtirish oson bo’lsin degan maqsadda har bir mavzu oxirida asosiy ilmiy va badiiy adabiyotlarning ro’yxati ham berildi. Mazkur kitoblar viloyat va universitet kutubxonalarida mavjud. Bulardan tashqari talabalarga turkiy xalqlar adabiyotini internet tizimi orqali ham o’rganish tavsiya etiladi. Chunki keyingi yillarda yozilgan asarlar haqida faqat internet orqali ma’lumot olishimiz mumkin. Bulardan tashqari Toshkentda chiqayotgan «Jahon adabiyoti» jurnalida ham turkiy xalqlar adabiyotining ba’zi namunalari tarjima qilinib bosilmoqda. Shuning uchun ushbu jurnal bilan aloqani yanada mustahkamlash ko’zda tutilmoqda. Kichik-kichik hajmdagi hikoya va she’riy asarlarni originalda o’qib, ularni o’zbek tiliga tarjima qilish ham talabalarga tavsiya etilayotir. Bu ham kelajakda yaxshi natijalar beradi degan umiddamiz. Ma’lumki, hozir jahon bo’ylab globallashuv, madaniy millatlarning birlashish jarayoni kechmoqda. Bu ayniqsa Yevropa qit’asida shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Slavyan tillar guruhiga mansub millatlarda ham shunday hol sezilayapti. Turkiy xalqlar adabiyoti o’rtasidagi aloqalarni rivojlantirish ham biz uchun bu sohada yaxshi natijalar olib kelishi mumkin.

 

Bizning ushbu ishimiz o’zbek adabiyotshunosligida turkiy xalqlar adabiyotini yaxlit holda o’rganish maqsadida qilingan dastlabki urinishlardan biridir. Hali bu fan bo’yicha yirik-yirik ilmiy ishlar amalga oshiriladi degan umiddamiz. Kavkaz va O’rta Osiyoda yashovchi turkiy xalqlar adabiyoti katta bir ummon hisoblanadi. Bu xalqlar adabiyoti haqida o’zbek adabiyotshunosligida uncha muncha ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, ko’plab badiiy asarlar o’zbek tiliga tarjima qilingan. Ayrim qardosh yozuvchilar haqida biografik ocherklar yaratilgan. Kelajakda bu xalqlar adabiyoti haqida ham talabalarga foydasi tegadigan ilmiy-metodik ishlar qilish niyatimiz bor.

 

Xullas, turkiy xalqlar adabiyoti tarixiga oid ushbu qo’llanma talabalarga va shu soha bilan qiziquvchilarga mo’ljallangan ilk urinishlardan biridir.

 MUNDARIJA

SO’Z BOSHI . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . .

QADIMGI TURKIY OBIDALAR. . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . .

OZARBAYJON MUMTOZ ADABIYOTI TARIXI. . . . . . . . . .

XVII – XIX ASRLAR OZARBAYJON ADABIYOTI. . . . . . . . .

HOZIRGI ZAMON OZARBAYJON ADABIYOTI. . . . . . . . .

USMONLI TURK KLASSIK ADABIYOTI. . . . . . . . . . . . . .

HOZIRGI ZAMON TURK ADABIYOTI. . . . . . . . . . . . . . . . .

UYG’UR ADABIYOTI. . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . .

TOTAR XALQ ADABIYOTI. . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . .

BOSHQIRD VA CHUVASH TOTARLARI ADABIYOTI. . . . . . . .

QRIM-TATAR ADABIYOTI. . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . .

SHIMOLIY KAVKAZ TURKIY XALQLARI ADABIYOTI. . .

TURKMAN KLASSIK ADABIYOTI. . . . . . . . . . . . . . . . . .

XX ASR TURKMAN ADABIYOTI. . . . . . . . . . . . . . . . . . . . .

QIRG'IZ ADABIYOTI. . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . .

CHINGIZ AYTMATOV IJODI. . . . . . . . . . . . . . . . . . . . .

QOZOQ ADABIYOTI. . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . .

XX ASR QOZOQ ADABIYOTI. . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . .

QORAQALPOQ   ADABIYOTI. . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . .

OLTOY VA SIBIRDA YASHOVCHI TURKIY XALQLAR ADABIYOTI

XULOSA. . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . .