Buyuk Salohiddin Ayyubiy, undan omonlik berishini so’ragan Quddusni bosib olganidan so’ngra hech ham to’xtamagan edi. Damashqda “ozgina dam olaylik” deb so’ragan askarlariga: 

‒ Umr qisqadir. Ajalimiz qachon kelishini aniq bilmaymiz, ‒ deb javob berdi.

Yoyidan chiqqan o’qdek shiddat bilan bu yerda begona bo’lgan  Yevropaliklarning  nohaqlik bilan bosib olishgan yerlariga tashlanar, dahshatli burg’u zarbalari  bilan teshgan qal’alarini zabt etar edi. Qutulib Sur qal’asiga berkinib olgan dushmanlarning soni Yevropadan kelgan yordam bilan ko’payar, milyonlarga yetib borar edi. Shunday bo’lishiga qaramay endi g’alaba islom tarafida edi. Yillab davom etgan zulmlarning intiqomi olinar edi. Shom, har kuni yangi g’alaba habari bilan sevinar, masjidlar shonlanar, Allohga shukr qilish uchun chopgan xalq ibodatxonalarga kirmas edi. O’sha paytlar bu shahar, to’htamay davom etgan diniy nizolar sababli Turk qarorgohiga aylangan edi.  Og’ir ahvolga tushib qolgan halifalarning, qo’rqib qolgan amirlarning siyrak saflarini to’ldirish uchun Turondan toshib kelayotgan bahodirlar to’foni huddi shu yerga kelganda birlashgandek, Shomning mahalliy aholisiga aylanishgandi. Sharq tomonda kattakon turk mahallasi bor edi. Qilich-qalqon, dubulg’a, egarsiz otlardada kelganlarning  bolalari arab tilini o’rganib madrasalarda olim bo’lishar edi. Madaniy bir zavq ichida she’r, adabiyot, foydali bilimlar va tijorat sohasida yashashar edi. Do’g’anbek ham shulardan biri edi. Otasi Alp Arslonning eski qo’mondonlaridan biri edi. Uchta ukasini yigirma yildan beri ko’rmagan edi. Biri Qizil Arslonning, biri Pahlavono’g’li O’zbekning, biri esa Xorazmshoh Dog’ushning qo’shinida edi. U esa hech qanday qo’shinga kirmagan, yoshligini madrasalarda o’tkazgan, Shomdan tashqariga chiqmagan edi. Atrofi baland devorlar bilan o’ralgan katta bog’ning o’rtasidagi xarob uyida yolg’iz yashar edi. Bola-chaqasi yo’q, kitoblar bilan qarigan edi. Bir qari xizmatchisi bor edi. Yeguliklarini bozordan u olib kelar edi. O’zi esa umuman tashqariga chiqmas, hech kim bilan ko’rishmas, tanishmas edi. Ammo, butun mahalla, hattoki butun shahar u bilan band edi:

     — Nima qilyapti?
     — Har holda ibodat emas!
     — Masjidlarda ko’rinmaydi?
     — Nega tashqariga chiqmaydi?
     — Nega uyiga hech kimni kirgizmaydi?
     — Yolg’iz nimalar bilan shug’ullanadi?
     — Nima qiladi o’zi? ‒ deyishar edi.

Aslida qiziqqanlar biroz haqli edilar. Ko’p marotaba tinch, oppoq devorlarning orqasidan yerlarni larzaga keltirgan portlashlar eshitilar edi. Bolalar, ayollar, yoshlar ko’chada to’da-to’da bo’lib turishar, qalin pista daraxtlarining tepasidan havoga ko’tarilgan qizil, jigarrang, binafsharang, yashil tumanlardan qo’rqa-qo’rqa tomosha qilishar edi. Odamlarning gap so’zlari ta’siridan chiqa olmagan olimlar ham hech qachon yuzini ham ko’rmagan odamlariga adovat saqlashar edi. “O’ldirilishi vojib ekanligini” ta’kidlashar edi. Shahardagi barcha falokatlarni uning kasofatiga yo’yish odat edi. Qurg’oqchilikni, bo’ronlarni, yong’inlarni, janjallarni, jinoyatlarni barchasini “Jodugar  Do’g’an” qilar edi.  Yillar o’tib odamlari bilan biror marta gaplashmagan Damashqliklar ruhiyatida Dog’an, chidab bo’lmas zirqirash bo’lib qolgan edi. Katta-kichik hamma u haqida gapirar,  la’natlar yog’dirishar edi. Biror kun adashib tashqariga chiqqudek bo’lsa, unga tashlanib parchalab tashlashar edi. Eng katta g’alabalar ham jodugar Do’g’anni unuttirmadi. Salohiddin Ayyubiy kelgan vaqtda, Ummaviya masjidining yoniga barcha shomliklar to’planishdi. U nomozdan chiqayotganida:

     — Ey sulton! Bizni bu jodugar Do’g’andan qutqaring, ‒ deya baqirdilar.

Salohiddin hayotini Islom dini uchun janglarda o’tkazar edi. Yo’li tushganida kirib o’tayotgani Shomning ahvolini yaxshi bilmas edi. Saroyga kelar-kelmas podshoh vakili bo’lgan Farruxshohni huzuriga chaqirdi:

     — Xalq yoqtirmaydigan bu Do’g’an kim? ‒ deb so’radi.

Farruxshoh balki amakisidek kuchli qahramon bo’lmasa ham amakisidan adolatliroq edi. Shoirlar qasida yozadigan darajada mard, sahiy va yaxshilik qilishni yoqtiradigan odam edi. Shiori haq va adolat edi.

     — Xalqqa hech qanday zarari tegmagan iymonli odam, ‒ deb javob berdi.
     — Senga shu vaqtgacha shikoyat qilishdimi?
     — Ko’p marotaba.
     — Nega adolatni o’rnatmading?
     — O’rnatdim.
     — Nima jazo berding?
     — Jazo bermadim. Surishtirdim. Shunday xulosaga keldimki bu odamni hech qanday zarari tegmagan... Xalq ichida “menga shunday qildi” degan birortada’vochi chiqmadi.
     — Unday bo’lsa nega yo’limda “bizni undan qutqaring!” deb baqirishyapti?

Farruxshoh tabassum qildi. Qal’alar olishni, qirollarni asir qilishni, qo’shinlarni tarqatib yuborishni juda yaxshi bilgan amakisi xalq ruhiyati oldida begona edi.  

     — Sultonim, “Bizni undan qutqar” deb baqirishlari birorta zulmdan yoki yomonlikdan emas.
     — Unda nimadan?
     — Maqsadlari “bizni qiziqishdan qutqaring” demoqchi bo’lishgan.
     — Nimaga qiziqishyapti?

Farruxshoh, Do’g’anning yillar davomidagi sokin va yolg’iz hayot tarzini, sharafli bir oilaning avlodi ekanligini, yoshligida madrasada kimyo bilan geometriya ustida ishlaganini va juda ham kuchli olim ekanligini aytdi. Hozirda yonadigan moddalar ustida ishlayotganini, bilmagan narsalarni kashf qilishga urinayotganini amakisiga uzoq gapirib berdi. Xalq tushunmagan narsasiga adovat saqlashini to’g’ri qabul qilish kerak edi. Bu bechora qirq yildan beri qiziqqan bir nuqtasiga umrini bahshida qilgan edi. Ana shu narsani tushunishga harakat qilar edi. Boshqa aybi yo’q edi. Ammo Salohiddin, “Unga biror chora ko’rmasam bo’lmaydi. Bu yerlardan bosh olib ketsin...” ‒ deb qaror qildi.

Aslida Salohiddin ham joduga ishonmas edi, ammo xalq xohlamaydigan odamni shaharda yashashini boshqaruvchi sifatida loyiq topmas edi.

Kichkinagina g’iybatdan janjal chiqishi mumkin edi. Farruxshoh  o’sha kuni odamlarini qariya Do’g’annikiga jo’natdi. Sultonni amrini bildirishdi. Ertasi kuni tongda uyning oldiga to’plangan  xalq katta eshik ochilganini, yonlarida bittadan tuya yetaklab olgan ikkita qariyaning chiqqanini ko’rdilar. Oldindagi oppoq soqolli, past bo’yli, moviy ko’zli odam Jodugar  Do’g’an edi. Bir qancha odam uni birinchi marta ko’rayotgan edi. Orqadagi bukri esa xizmatkori... uni shundoq ham tanishar edi. La’natlar, so’kinishlar to’xtamas, ikkalasi esa yerga qarab yurishar edi. Cho’lga chiqadigan ko’chaga qarab kettilar.

Ochiq eshikdan xalq ichkariga yopirildi. Baqir-chaqir qilib uyning hamma yog’ini qidirdilar. Turli xil neft mahsulotlaridan, shisha-shisha rangli suvlardan, har xil changlardan, nima ekanligini bilishmaydigan jadvallardan, sirkullardan va muhandislik asoboblaridan boshqa biror narsa topa olishmadi. Hammasini sindirishdi, sug’urib tashlashdi, to’kishdi, sochib tashlashdi, yiqitishdi. Bir hafta o’tmasdan sehrgar unutildi. Yillar davomida uni qo’rqinchli vahima, xosiyatsiz bir hayolot kabi o’ylagan shomliklar birdaniga tinchib qolishdi.

Ramazonda qo’shini bilan shomdan chiqqan Salohiddin, bir necha hafta so’ngra Sefad bilan Kavkabni salbchilarning jonini saqlab qolish sharti bilan oldi. U yerlarni aholisini ham Surga jo’natdi. Besh olti yil ichida Iroqda, Suriyada uning qo’l ostiga o’tmagan birorta qal’a qolmadi. Salbchilarning qolgan-qutgan fanatik qismlari ham omonlik so’rab taslim bo’lishar edi.

Musulmonlarning bunday porloq  g’alabalaridan Papa g’amga cho’mdi. Muqaddas Rim German imperatori bilan Fransuz qiroli Filipp, ingliz qiroli Richard va Yevropaning barcha taniqli ritsarlari salb ishoratini taqdilar. Filipp bilan Richard dengiz yo’li bilan kelishar edi. Sur, Yevropadan yordamga kelgan xristian askarlari bilan shunaqangi to’lib-toshdiki, qal’a ularni sig’dira olmadi. Qora bayroqli, son-sanoqsiz qo’shin Akkaga yo’l oldi. Salohiddin bu qora to’fonning oldiga yiqilmaydigan temir qoyadek chiqdi. Bu quturgan jonli to’lqinlarni qirdi. Cho’lni qizil dengizga aylantirdi. Ha, bir necha soat ichida dushmanning o’n minglab askarlari o’ldirildi. Qolganlari asir olindi. O’liklarni dengizga otdilar. Zero ko’mishni imkoni ham yo’q edi. Hammayoq jasad bilan to’lgan edi. Ko’plab o’liklar to’plari havoni buzdi. Shonli qahramon kasal bo’lib qoldi. Kulunc (фиброзит) kasalligi uni og’riqdan qimirlay olmaydigan darajaga olib keldi. Tabiblar o’liklar bilan to’lib-toshgan bu maydonni darhol tark etishi kerakligini aytishdi. Salohiddin Akkadagi askarlariga: “Men kasalligim sababli bu yerdan uzoqlashishga majburman. Siz sabot ko’rsating. Qo’rqmanglar. Albatta qaytib kelaman.” ‒ degan habar jo’natti. Dunyoni titratgan bu qahramon kajava ichida to’lg’ona-to’lg’ona Harubaga ketti. Maydonni bo’sh deb o’ylagan fanatik salibchilar Akkaga bor kuchlari bilan quruqlikdan, dengizdan hujum qildilar.

Butun qish kurashlar bilan o’tdi...

Muqaddas Rim German imperatorining qo’shini bilan birga Suriyaga yaqinlashib qolganini aytishardi. Yoz kelganida kulunchlari (фиброзит)  yaxshi bo’lgan Salohiddin o’rnidan turdi. Bir daqiqa ham to’xtamasdan otiga mindi. İslom dini uchun jangga otlandi. Yana oldingidek Tel Kisanda qarorgoh qurdi. Akkani o’rab olgan sanoqsiz dushman qo’shinlariga har kuni hujum qila boshladi. Salbchilar charchashmas, zerikishmas edi. Har tarafga istehkomlar qazishgan, o’zlarini o’rab olgan islom qo’shininidan boshqa yana bir kuchni ham orqalaridan zarba berayotgan Salohiddinga qarshi ikkita katta qo’shin tuzishgan edi.

Akkayi qutqarish umidi so’nay deb qolgan edi!

Fransuzlar dengiz yo’li orqali bir nechta mustahkam yog’ochlar olib kelishgan, qal’aning uch tomonida to’rt metrdan balandroq, besh qavatli uchta katta minora qurgan edilar. Minoralarning har bir qavatida askar bor edi. Kecha-kunduz qal’aning xandaqlariga o’q va olov yog’dirishar, katta xandaqlarni to’ldirishar edi. Salohiddin, oti bilan askarlarning orqa tarafidagi balandliklarni kezar, qal’aning atrofida qad rostlagan bu katta minoralarga qarab tishlarini g’ichirlatar edi:

      — Oh ketti, oh ketti, ‒ deyar edi.

Garchi ichkaridan bu minoralarning ustiga neft, latta-putta kabi narsalar otishar edi, ammo hech biri yonmas edi. Salohiddin burgutnikidek o’tkir ko’zlari bilan qal’aning himoya harakatlarini ko’rar, “Ajabo bu tahtalar nega yonmaydi?” ‒ deb o’ylar edi. Bu qiziqishini o’sha kuni ushlangan asir ketkazdi:

     — Fransuz muhandislar minoralarning tahta qismlarini terilar bilan qoplashgan, ustiga sirka, loy va birqancha yonmaydigan kimyoviy moddalar bilan suvashgan.

Katta-kichik janglar va sulh yo’li bilan ellikka yaqin qal’ani qo’lga kiritgan bu qahramon, sevimli Akkasini qo’ldan ketishiga chiday olmas edi. Kecha-kunduz oz sonli qo’shinlari bilan katta dushmanga hujum qilar edi. Shundoq ham ikki taraf urushdan bezgan edi. Hirs bilan  chirpingan Salohiddin, bir kuni tongda minoralarni bittasi yonayotganini ko’rdi. Ko’zlariga ishona olmadi. Otining ustida qayrilib qaradi. O’ng qo’lini ko’zlariga soyabon qildi. Diqqat bilan qaradi. Orqasidagi jangchilardan so’radi:

     — Yonyapti shundaymi?
     — ...
     — Birdaniga?

Olov ichida qolgan minoradan ayanchli faryod ko’tarildi. Hammoyoqni birdan olov qamrab olgan edi. To’rtinchi, beshinchi qavattagi qora nuqtalar yerga sakrashar edi. Narigi ikki minoradan ham askarlar baqiriq qochishar edi. Yarim soat o’tmadi bular ham yona boshladi. Salohiddin darrov hujumga o’tish to’g’risida buyruq berdi. To’satdan ikki olov orasida qolib qo’rqqan  dushmanlar, musulmon jangchilarining o’tkir qilichlari ostida qirila-qirila qochdilar.

* * *

Salohiddin qadrdon qal’asiga kira olmadi. Ostidagi suyaklari ko’rinib qolgan jasadlari bilan haligacha jizg’anak bo’lib yonayotgan, g’alati hid tarqatib yongan yiqilgan burjlarning ko’mirga aylangan ustunlari oldida otini tizginini tortdi. Qo’shinini bir qismi qochayotgan dushmanni ta’qib qilib ketgan edi. Yaralanganlar to’planar, asirlar bog’lanar edi. Bugungi g’alabadan juda ham xursand qal’a qo’mondoniga:

     — Bu minoralarni biz yonmaydi deb o’ylagan edik. Qanday qilib yoqdilaring? ‒ deb so’radi.
     — Boshida yoqa olmadik sultonim! Qirilib ketgur dushmanlar sirka va loy bilan hamma tarafini suvagan edilar. Qal’a ichida bir nuroniy odam chiqdi. “Menga aytgan narsalarimni beringlar, shu minoralarni yoqayin” dedi. Nima so’rasa muhayyo qildim. Neft, ohak, pahta, qil... Bir oy ichida uch ming dona bomba quydi. Yana o’n besh kun ishlab yettita tarnovli, hech qachon biz ko’rmagan bir manjaniq yasadi. Bugun tongda: “Mana ishim tugadi. Xohlasalaring yoqayin”, ‒ dedi “Qani yoq” ‒ dedim. Yoqdi.

Salohiddin qiziqib:

     — Qanday qilib yoqdi? ‒ deb takror so’radi.
     — Minoraning eng odam ko’p joyiga yasagan manjaniqi bilan bombalar ota boshladi. Dastlab hamma tarafni binafsharang olov qopladi. İchidagilar ham yona boshladi. Narigi minoradagi dushmanlar esa qo’rqqanlaridan qocha boshlashdi. Biz ham darvozalarni ochib orqalaridan quva boshladik.
     — O’sha qariya hozir qayerda?
     — İchkarida.
     — Nima qilyapti?
     — Unga rahmat aytmoqchi bo’lgan xalqning qo’llari ustida yuribdi.
     — Sen nima mukofot berding?
     — Mukofot olmayapti. Nima bersam ham qabul qilmadi.
     — Tezda bu yerga olib kel. Men uni mamnun qilmoqchiman.
     — Bosh ustiga sultonim.

Qizil ko’ylakli yosh qo’mondon tezda uzoqlashdi. Odamlarini darhol qal’aga yubordi.

Misirdan dengiz kuchlari vaqtida yetib kelgan edi. Qal’aning darvozalaridan zafar, sevinch, shavq naralari bilan bitta olomon chiqdi. Salohiddin boshini o’girdi. Qo’llar ustida oppoq soqolli, kichkina jussali qariyani ko’rdi. Akkaning minnatdor xalqi, o’zlarini o’limdan, asirlikdan qutqargan aziz vujudni boshlarida olib kelishar edi.

     — Mana sultonim bizni qutqargan odam! ‒ deb baqira baqira yaqinlashdilar.

 Usti-boshi parishon, qora bosh kiyimli, beli bukilgan bir nuroniy... yerga oyoq qo’yganidan keyin biroz qaddini rostladi. Juda ham siqilgani yuzidan ma’lum edi. Sultonning orqasida turgan otliqlar orasidagi shomliklar bir og’izdan:

     — Jodugar!
     — Jodugar Do’g’an!
     — Jodugar Do’g’an, ‒ deb baqirdilar.

So’ngra o’rtaga cho’kkan uzoq jimjitlik bu hayronlikni yanada kuchaytirdi. Salohiddin, otidan tushdi. Qariya tomonga bir necha qadam tashladi:

     — Do’g’an! Senga mingta tuya, yuz mingta oltin, hamda bir mahallaning butun uylarini bag’ishladim. Yana biror narsa xohlasang ayt... hokimlik, qo’mondonlik, nima xohlasang... ‒ dedi.
     — Men hech narsa xohlamayman.

Sulton qalin qoshlarini chimirdi. Boshini tebratdi:

     — Sening xizmatlaring katta! Agar sen minoralarni yoqmaganingda edi, Akka salbchilar qo’liga o’tib ketardi. Akka qo’ldan ketgach esa biz musulmonlar Suriyaga o’tolmay qolardik. Quddusni ham tashlab cho’lga chekinishga majbur bo’lar edik. Sen barchamizni bunday yomon oqibatdan qutqarding. Bu mukofotga loyiqsan. Qabul qil!..

Qariya boshini ko’tardi:

     — Men bu xizmatni Alloh uchun qildim. Mukofotini ham faqat Allohdan so’rayman! ‒ dedi.

    So’ngra sultonni javobini kutmay maydonga qaradi. Baland ovozda hukmdorlaridan qal’aga uni qo’mondon etib tayinlashlari uchun yolvora  boshlagan Akkaliklarni ko’rsatib shunday qo’shimcha qildi:

     — Faqatgina meni shularning qo’lidan qutqaring!

(Turk tilidan Muhammadamin To’xliyev tarjimasi.)

Turkiya Turkchasi