LEKSIKOLOGIYA. O‘ZBEK TILINING LUG‘AT BOYLIGI. SO‘Z. ATAMA. IBORA.SO‘ZLARNING SHAKL VA MA’NO MUNOSABATIGA      KO‘RA   TURLARI. SINONIMLAR. OMONIMLAR.   ANTONIMLAR. PARONIMLAR.

Leksikologiya. Tilshunoslikning leksikologiya bo‘limi tilning lug‘at tarkibini o‘rganuvchi soha hisoblanadi. Tilda mavjud bo‘lgan barcha so‘zlarning yig‘indisi lug‘at tarkibini tashkil etadi. Lug‘at tarkibi shu tilda so‘zlashuvchi xalqning ijtimoiy tarixi, moddiy va ma’naviy madaniyati tarixi bilan, qisqa qilib aytganda, lug‘at tarkibi shu xalqning butun hayoti bilan to‘la bog‘langan bo‘ladi.

So‘z. So‘z tushunchalarni ifodalash uchun xizmat qiladi. Tushunchalar esa so‘zlar orqaligina moddiy xususiyat kasb etadi. So‘z oddiy tushuncha nomini ifodalashdan tashqari, kishining anglatayotgan narsa yoki hodisaga nisbatan bo‘lgan ijobiy yoxud salbiy munosabatini ham ifodalaydi. Bir tushunchani ifodalovchi bet, yuz, chehra, jamol, ruxsor, uzor, diydor, oraz, bashara, turq, aft, angor so‘zlari o‘zining ijobiy yoki salbiy ma’no qirralari bilan bir-biridan farqlanadi. Demak, so‘z tovush yoki tovushlardan tashkil topib, biror ma’no bildiruvchi nutq birligidir.

            O‘zbek tili ham dunyodagi lug‘at tarkibi boy tillar qatoriga kiradi. O‘zbek tilining davlat tili huquqiga  ega bo‘lishi bilan uning ijtimoiy vazifasi yanada kengaydi. Bu esa o‘zbek tilining rivojlanishiga, lug‘at tarkibining yanada boyishiga, sayqal topishiga keng imkoniyat yaratadi.

O‘zbek xalqi o‘zining ko‘p asrlik tarixida boshqa xalqlar bilan iqtisodiy, madaniy va siyosiy aloqada bo‘lganligi tufayli uning lug‘at tarkibiga boshqa tillardan ko‘plab so‘zlar o‘zlashgan. O‘zbek tili lug‘at tarkibidagi so‘zlarni uning o‘z leksik qatlami va o‘zlashgan qatlamlarga bo‘lish mumkin. O‘zbek tilining o‘z leksik qatlamiga umumturkiy so‘zlar va o‘zbek tilining o‘zigagina tegishli bo‘lgan so‘zlar kiradi. Bu qatlam lug‘at tarkibining oltmish foizdan ko‘prog‘ini tashkil etadi.

Fors-tojik, arab va rus tillari o‘zbek tiliga ko‘proq ta’sir etgan tillar hisoblanadi.  Umumiy olganda, bu tillar va ular orqali boshqa tillardan o‘zlashgan so‘zlar o‘zbek tili lug‘at tarkibining o‘ttiz-o‘ttiz besh foizini tashkil etadi.

So‘zlar bir yoki birdan ortiq ma’nolarga ega bo‘lishi mumkin. Masalan, yer so‘zi planeta, uning quruqlik qismi, planeta qobig‘ining sirtqi qatlami, ekin ekiladigan maydon, joy, biror mamlakatga tegishli hudud, masofa,  biror narsaning bo‘lagi, ish joyi kabi  o‘ndan ortiq ma’nolarga ega bo‘lsa, chuvalchang yoki chumchuq so‘zlari bir ma’nolidir.

Atama.  Ilm-fan, adabiyot, san’at, texnika, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarga oid ma’lum tushunchani ifodalovchi so‘z yoki so‘z birikmasi atama deb yuritiladi. Atamalar, asosan, bir tushuncha – bir ma’noni ifodalash uchun xizmat qiladi. Chunki fanda bir  atama bilan bir necha ma’nolarni ifodalash ijobiy hol sanalmaydi. Ammo ma’lum bir soha uchun atama bo‘lgan so‘z o‘sha doiradan tashqarida boshqa ma’nolarda ham qo‘llanaverishi mumkin. Masalan: ega, kesim, to‘ldiruvchi, aniqlovchi, hol, ot, sifat, son, fe’l, ravish va hokazo.

Ibora. Ikki va undan ortiq so‘zlardan tarkib topgan va umumiy bir ma’noni anglatadigan til birligiga ibora yoki frazeologizm deyiladi. Har bir tilning lug‘at boyligini leksik birliklar – so‘zlar bilan bir qatorda, iboralar ham tashkil etadi. Iboralar ham so‘zlar kabi yaxlit bir ma’no bildiradi. Biroq so‘z va ibora anglatgan ma’nolar bir-biriga teng kelmaydi. Chunki iboralar ko‘chma ma’noga asoslanganligi uchun ular anglatgan ma’noda bo‘yoqdorlik, obrazlilik, his-hayajon ifodalash kuchliroqdir. Masalan: xursand – og‘zi qulog‘ida; yo‘qotmoq – yer bilan yakson qilmoq; qo‘rqoq – chumchuq pir etsa, yuragi shir etadigan... . Iboralar ham gapda so‘zlar kabi bitta gap bo‘lagi vazifasida keladi hamda har doim so‘zlar kabi nutqqa tayyor holda kiritiladi. Masalan: U qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan yigit.

Iboralarda ham xuddi so‘zlardagi kabi omonimlik, sinonimlik, antonimlik va variantlilik hodisalari mavjud.

Lug‘at tarkibida shunday so‘zlar ham borki, ular shakl va ma’no munosabatiga ko‘ra quyidagi guruhlarni hosil qiladi: 1. Shakldosh so‘zlar (omonimlar). 2. Ma’nodosh so‘zlar (sinonimlar). 3. Zid ma’noli so‘zlar (antonimlar).   4. Talaffuzida o‘xshash so‘zlar (paronimlar).

Omonimlar. Omonimlar talaffuz va yozilishiga ko‘ra bir xil, ammo anglatgan ma’nosiga ko‘ra turli xil bo‘ladi. Omonim so‘zi grekcha bo‘lib, bir xil demakdir. Omonimlar, asosan, bir so‘zdagi ko‘p ma’nolilik, turli so‘zlardagi fonetik o‘zgarishlar, boshqa tillardan so‘z o‘zlashtirish natijasida hosil bo‘ladi. Masalan: sir – davlat siri, oynaning siri, kostrulning siri; ot – ism, hayvon, atama, fe’l kabi.

Omonimlar badiiy adabiyotda, og‘zaki nutqda, ayniqsa, askiyada so‘z o‘yini, qochiriq ma’nolarni ifodalash uchun keng qo‘llaniladi. Shuningdek, o‘zbek adabiyotida omonim so‘zlar qofiyasiga asoslangan tuyuq janri ham mavjud.

Sinonimlar. Sinonimlar yozilishi va talaffuzi jihatidan turlicha, anglatadigan ma’nolari esa o‘zaro yaqin bo‘lgan so‘zlardir. Sinonimlar tushuncha ifodalashda bir-biriga qanchalik yaqin bo‘lsalar ham, ma’no nozikligini ifodalashda bir-biridan farq qiladi. Masalan: odam, inson, kishi, kimsa, bashar, shaxs so‘zlarini har doim ham biri o‘rnida ikkinchisini qo‘llab bo‘lmaydi. Osmon, ko‘k, havo, falak, samo, gardun so‘zlari ham ma’no qirralari va qo‘llanish uslubi hamda doirasi jihatidan o‘zaro farqlanadi. Sinonim so‘zlar majmuiga sinonimik qator deyiladi. Sinonimik qatorni tuzishda ma’nosiga ko‘ra betaraf bo‘lgan so‘z asos qilib olinadi.

Sinonimlarning fikrni aniq va maqsadga muvofiq qilib ifodalashda ahamiyati kattadir. Shuning uchun ham o‘zbek yozuvchilari, shoirlar, olimlari tilimizning omonim, sinonim so‘zlaridan mohirlik bilan foydalanishib, mazmunan boy, til jihatdan rang-barang badiiy, ilmiy asarlar yaratib kelmoqdalar.

Antonimlar. Bir-biriga zid, qarama-qarshi ma’nolarni ifodalovchi so‘zlar antonimlardir. Antonimlar tabiatan biri ikkinchisini inkor etadigan so‘zlardir. Antonimlar bir-birini inkor etish bilan bir qatorda, ularda yangi bir tushunchani ifodalash yetakchi o‘rin tutadi. Masalan: yosh – yosh emas so‘zi bilan antonim bo‘la olmaydi. Chunki yosh bo‘lmagan odam, qari bo‘lmasligi ham mumkin. Yosh – qari esa bir-birini inkor etish bilan yangi bir ma’noni anglatadi. Shuningdek, keldi-kelmadi, o‘tirdi-o‘tirmadi, oldi-olmadi kabi fe’lning tasdiq-inkor shaklidagi so‘zlar ham o‘zaro antonim hisoblanmaydi. Chunki ular bir o‘zakdan hosil bo‘lgan o‘zakdosh so‘zlardir. Keldi-ketdi, o‘tirdi-turdi, oldi-berdi so‘zlari esa o‘zaro antonimlardir.

Antonimlarda bir-birini inkor etish darajasi ham bir xil bo‘lmaydi. Masalan: past-baland, oq-qora so‘zlarida qarama-qarshi ma’no ifodalash kuchli, er-xotin, aka-uka, chol-kampir, oqshom-nahor so‘zlarida esa kuchsizdir. Vaholanki, bu so‘zlar ham biri ikkinchisining zidi hisoblanadi.

Tilda mavjud so‘zlarning barchasi ham o‘z antonimiga ega emas. Yoki aksincha, bir so‘zning bir necha antonimi bo‘lishi ham mumkin. Masalan: qattiq-yumshoq; qattiq-saxiy kabi.

Antonimlar belgi-xususiyat, miqdor, o‘rin, payt, harakat, holat ifodalaydigan so‘zlarda ko‘proq bo‘lib, aniq narsalarni ifodalaydigan so‘zlarda kam uchraydi. Antonimlar nutqda juft holda ham ko‘plab qo‘llanadi. Masalan: Hozir oq-qora televizorlar juda kam ishlab chiqariladi. Antonimlar badiiy adabiyotda, og‘zaki nutqda narsa va hodisalarni tavsiflash, uning sifatini aniq va obrazli qilib ko‘rsatish uchun qo‘llanadi.

Paronimlar. Yozilishi va ma’nosi farqli bo‘lib, talaffuzidagina o‘xshash bo‘lib qoladigan so‘zlarga paronimlar deyiladi. Paronimlar so‘zlarni adabiy til me’yor-qoidalariga mos talaffuz etmaslik, adabiy talaffuz me’yorlarini, so‘zning fonetik tuzilishini bilmaslik natijasida sodir bo‘ladi. Masalan: asr-asir, amr-amir,   azm-azim, abzal-afzal, dars-darz, mard-mart, tuna-to‘na,   olis-alis, siyla-sila, tus-to‘s, zirak-ziyrak, fakt-pakt, oxir-oxur... .

Xulosa qilib aytganda, o‘zbek tilining lug‘at tarkibi juda boy. Uning leksik qatlamlarida umumturkiy, o‘zbek tilining o‘ziga xos, forscha-tojikcha, arabcha, ruscha va rus tili orqali boshqa tillardan o‘zlashgan so‘zlar ham mavjud. O‘zlashgan so‘zlar ham allaqachonlar o‘zbek tilining lug‘at boyligiga aylanib ketgan. Biz o‘zbek tilining lug‘at boyligini qunt bilan o‘rganishimiz, adabiy til me’yorlariga qat’iy rioya etishimiz lozim.

SAMDU

Powered by OrdaSoft!