Ruhimning qushlari uchdi sen tomon,
Ketyapman yolgʼizdek xazonlar kechib.
Yurak urmoqdadir,
Ichimda tugʼyon,
Manzilsiz yoʼllardan ketyapman koʼchib.
Qorakoʼz ohular
Koʼzlari mungʼligʼ,
Ortimda yigʼlaydi sargʼich yaproqlar.
Qadamlar qaqshaydi,
Bir koʼngil dogʼligʼ,
Oʼksigan tanimda turar titroqlar.
Men telba koʼnglimni samoga osdim,
Sen esa hamon jim,
Sukunatdasan.
Zulumot bagʼrida koʼzlarim toʼsdim,
Yerdami, koʼkdami, qaerlardasan?
Ketyapman,
Tuproqda qadamlar qahri,
Yoʼq, endi qaytolmam bu koʼchalarga.
Koʼzlarim koʼr qildi hijronlar makri,
Koʼz yoshdek toʼkildim u kechalarga.
Yelkangga bosh qoʼymoq istadim biroz,
Barisi yolgʼonga aylangan xayol.
Bir lahza toʼxtagin,
Qara, iltimos,
Sogʼinch girdobiga aylangan savol.
Qarokoʼz Umijon,
Oʼksigan dunyo,
Hayotim oʼziga qaytarolmas vaqt.
Kiprigim ostida ulkan bir daryo,
Oʼzga olamlarda turgan ayro baxt.
Ruhimning qushlari uchdi sen tomon.
Umida Аʼzam - Ruhimning qushlari
- Ayrıntılar
- Üst Kategori: Özbek Edebiyatı
- Kategori: Günümüz Özbek Şiiri
- Gösterim: 3633