Buyuk Navoiyning bosh lug‘atida
Ne-ne tushunchalar pinhonu paydo.
O‘sha olam-jahon so‘zlar qatida
Alomat bir so‘z ham kelur — suvaydo…

Yurak o‘rtasida nuqta emish u,
Qora nuqta emish, kuyik bir nuqta.
Xattotlar xatidek puxta emish u,
Kimlarda jizg‘anak, kimlarda so‘xta.

Marazdan tug‘ilsa — xunuk emish u,
G‘arazdan tug‘ilsa— umrning sho‘ri.
Havasdan tug‘ilsa — tuynuk emish u,
Hasaddan tug‘ilsa — qora bir mo‘ri…

Hijrondan tug‘ilsa — qonli bo‘larmish,
Armondan tug‘ilsa — dardli qorachiq.
Hamisha ko‘z kabi jonli bo‘larmish,
Hamisha ko‘z kabi olamga ochiq…

Haqiqat o‘shandan mo‘ralar emish,
Imon ham o‘shanga bog‘li emish bot.
Diyonat o‘shandan yaralar emish,
O‘shandan yog‘armish elga e’tiqod…

Odamlar birovni buyuk deganda,
Balki shu jihatni nazarga ilgan.
«Xusrav ko‘ksidagi kuyik» deganda —
Sa’diy suvaydoni sharaf deb bilgan*.

Hoy, inson, yo‘lingda yor bo‘lsin omad,
Yor bo‘lsin azaldan adamgacha to.
Endigi hamma gap shundadir faqat:
Qalbingdan joy olmish qaysi suvaydo?

Kuygansan sham kabi yo mash’almisol,
Kuyikdir ko‘ksingga «dard» deb uyganing.
Lekin sen o‘rtanib-kuyganda alhol,
Yurtim, vatanim, deb bormi kuyganing?

Yongansan, yondirgan qancha muammo,
Muammo yechgansan yonib erta-kech.
Yashamoq azmida yonarkan ammo,
Elim deb, tilim deb, yonganmisan hech?

Yoningdan beparvo o‘to bilmadim.
Benasib emasman dardingdan, bashar.
Mening ham yuragim jazillar, balkim
Mening ham qalbimda suvaydo yashar…

Bag‘rimga dog‘ qo‘ymish qaysi bir alam?
Bu qaysi alamning muhri, kasrati?
O‘g‘lini tuproqqa qo‘ygandi og‘am,
Balki bu o‘shaning dog‘i-hasrati.

Do‘st ham yig‘lar emish habib oldida,
Yuzimda ko‘z yoshim izi shashqator.
Yurtidan ayrilgan g‘arib oldida
Mening ham bosh egib yig‘laganim bor…

Suvaydo jonlarda yashaydi mutlaq,
Biz bilan kelgandir, biz bilan ketar.
Suvaydoda mardlik aks etadi — haq,
Lekin nomardlik ham unda aks etar.

Oqshomlar yuraman xayolga to‘lib,
Boshimda yulduzim bo‘lur huvaydo.
Men unga har safar boqsam termilib,
Shaffof siynasida — qora suvaydo…

1979

* Shayx Sa’diy: «Har kim u dunyoda bir narsa bilan faxrlanishi kerak. Men mana shu turk (shoir Xusrav Dehlaviy)ning ko‘ksidagi kuyik bilan faxrlanaman»,— degan.