Agar kapalak soʻzlaganda edi,

hayotning qanchalik qadrli ekanligini bilardik.

Bir yil deganda ijodxonamga kirdim. Kalitni burab, eshikni ochishim bilan anglab boʻlmas sogʻinch hissi yuragimni butunlay qamrab oldi. Sevimli maskanim yana qarshimda menga quchoq ochib, peshvoz turardi. Uning har bir burchidagi menga tanish va aziz boʻlgan narsa — buyumlar beixtiyor koʻzlarimda soʻngan ishtiyoqni qorachiqlarim orasiga qaytadan joylashga urinar, boʻsagʻada turgancha goh devorlardagi kartina va stol ustida sochilib yotgan eskizlarga, goh xona oʻrtasida turgan molbert va moviyrang pardasi tortib qoʻyilgan derazaga qararkanman, oʻzimni yoʻqotib qoʻygancha, hayajon taʼsirida ichkariga kirishni ham, kirmaslikni ham bilmasdim.

Bir oz oʻtib, ichkariga kirdim. Qadrdon molbertim roʻparasiga borib  oʻtirdim. U rosa chang bosib ketgandi. Uning oldidagi kursi ustida-mis patnisda turgan boʻyoqlar qotib, poʻpanaklashgan, bir yil oldin men chizishni boshlagan kartina koʻrinishi uning atrofini quyuq qoplagan chang natijasida xira holatga kelib, chetdan qaraganda tasviri tuzukroq koʻrinmasdi. Men unga yaqin borib, uni changdan foriq qilish uchun  bir-ikki pufladim-da, soʻng dastroʻmolim bilan artib tozaladim. Koʻp oʻtmay kartina aniq-tiniq koʻrindi: Gullagan oʻrik daraxti… Esimga tushdi. Oxirgi marta bu yerda gullagan oʻrik daraxtini chizishga kirishgandim. Oʻshanda tashqarida mart oxirlayotgan bir payt edi. Deraza romlarini katta qilib ochib qoʻyib, uning oldidagi gullagan bir tup oʻrikka mahliyo boʻlib, oʻzgacha ilhom bilan chizar, uning oppoq boʻlib kurtak ochgan gullari kayfiyatimni bir qadar koʻtarsa, boshqa tomondan yashashga boʻlgan ishtiyoqimni kuchaytirardi. Hammasi esimda. Qanday esimda boʻlmasin!…

Yotoqxonada kiyimlarimni almashtirgach, birinchi qavatga tushdim. Aziza allaqachon ijodxonasiga kirib ketgandi. Unga xonaning kalitini berganimda befarqlik bilan olgan boʻlsa-da, uni oʻsha yerda ekanligiga ishonchim komil, bunga zarracha shubha qilmasdim. Shungami deyman darrov oʻsha yerga oshiqdim. Xona eshiklari ochiq boʻlib, u molbert qarshisida xomush va sukutga berilgancha oʻtirardi. Hatto, xonaga kirganimni ham  payqamadi. Ortidan borib, qoʻllarimni yelkasiga ohista qoʻyganimda bir seskandi-yu, lekin menga koʻzi tushgach, oʻsha alfozda oʻtirishda davom etdi.

Unga yuzma-yuz turgan  molbertda oʻrik daraxtining gullayotgani aks etgan kartina oʻzini namoyon qilib turar, nazarimda  u chala va tugallanmagan edi. Unga qarab, hammasini esladim. Aziza bir yil oldin shu yerda berilib va qiziqish bilan hovlidagi bir tup gullagan oʻrikka qaray-qaray uni chizishni boshlagan, lekin kutilmaganda avjiga chiqqan hastaligi sabab yakuniga yetkaza olmagandi.

-Oʻrik shoxlariga qoʻngan qormikin?- derdim oʻshanda koʻpincha undan xabar olgani kirganimda daraxtga ishora qilib.

U boʻlsa yelkamga boshini qoʻygancha, oʻzi yoqtirgan toʻlqinsimon sochlarimni silab-siypalarkan:

-Tentaksiz-a?- derdi kulgancha.- Oʻrik gulladi, janob hazilkash!

Shamshod akamning qoʻllarini yelkam uzra his qilgach, oʻzimni bir qadar tetik tutishga ehtiyojim ortdi. U ortimdan quchganida, koʻzlarimni miriqib yumdim. Fevralning oʻrtalari boʻlib, sovuq bir oz chekingan boʻlsa-da, xona anchadan beri isitilmagani uchun bu yerda koʻp oʻtirgan odam darrov sovqotardi. Shunga boʻlsa kerak nogoh junjikib qoʻyganimni koʻrib, erim kamzulini yechib, yelkamga tashlab qoʻydi.

-Har holda ishlamoqchi emasdirsan,- dedi keyin yuzimdan oʻpib.

-Ishlamoqchi emasman,- dedim xoʻrsinib qoʻllarim bilan bir tashqarini, bir kartinani koʻrsatarkanman.- Bahorga hali bor. Oʻrik gullagachgina buni yakunlashim mumkin. Bitta kartinani tugatmay, ikkinchisiga oʻtolmayman. Shunaqa beʼmani odatim bor.

Shunday deb, oʻrnimdan qoʻzgʻaldim-da, stol ustidagi eskizlarni tartibga solishni boshlab yubordim. Ammo bir pasda koʻzlarim tinib, koʻz oldim qorongʻulashib ketdi. Joyimda chayqalib ketganimni koʻrib, erim bazoʻr belimdan tutib oldi.

-Qoʻysang-chi, shu qogʻozlarni,- dedi mahkam quchoqlab.- Mazang boʻlmayotgan boʻlsa… Oʻzim sal turib tartibga keltirib qoʻyaman.

Lekin men bilganimdan qolmadim. Eskizlarni birma-bir ustma ust qilib taxlashga tushdim. Ular turli-tuman mavzulardagi peyzajlarning eskizlari boʻlib,  ularni asosan Chimyon togʻiga borgan kezlarim qogʻozga tushirgan, moyboʻyoqda chizish uchun xomaki nusxa sifatida keyinchalik foydalanishni moʻljallagandim. Ular bilan ovora boʻlib, boya qoʻlga kiritgan tetikligimni bir oz boy berdim. Hansirab nafas olgancha bir necha daqiqa oraligʻida halloslab qoldim. Boshimda tagʻin ogʻriq kuchaydi. Uni mahkam changallab, ingrab yuborishdan oʻzimni arang tiyarkanman, erimga yuzlanib, yotoqxonaga olib borishini iltimos qildim. U belimdan avaylab koʻtarib, xonadan tashqariladi.

Aziza yotoqxonadagi divanda ogʻir-ogʻir nafas olgancha ancha vaqt yotdi. Bir qoʻli bilan boshini, ikkinchi qoʻli bilan yostiqni ushlab, koʻzlarini yumgancha hadeganda ochmadi. Holatidan uning kasali yana xuruj qilganini taxmin qildim. Divanni chetida oʻtirgancha, undan mudom koʻz uzmas ekanman, achinib doimgidek ich-etimni yeyishni boshladim. Shunda bir yil ichida toʻkilib ketgan yuragimda sanchiq turdi.

-Shamshod aka,- dedi shu payt Aziza koʻzlarini katta-katta qilib ochib.- Qanchalik ogʻrimay, qanchalik ingrab dod solmay, qaytib meni kimyoviy terapiyaga olib bormang. Iltimos, sizdan.

-Seni tushundim,- dedim unga qaramaslik uchun koʻzlarimni eshik tomonga qadab.

-Bir yil Turkiyada yashadik,- davom etdi Aziza.- Kimyoviy terapiyalardan tanam bezillab ketdi. Ortiq oʻzimni azoblashni istamayman.

Uning ichiga botgan koʻzlariga, ozgʻin va quruqshagan yuziga, qoqsuyak qoʻllariga, qimtingan lablariga va tag-tugi bilan kesib tashlangan sochlarini yashirib turgan koʻk roʻmoliga javdirab tikilarkanman, negadir klinikadagi kimyoviy terapiyalar payti uni jon holatda baqirib, ismimni aytib chaqirganlari yodimga tushdi va ilkis boʻgʻzimga nimadir tiqilib qolgandek boʻldi.

Erim tushlik tayyorlash uchun chiqib ketgach, yotoqxonada oʻlikdek qotib yotdim. Boshimdagi ogʻriq kuchayib, dod solib baqirgim kelsa-da, tishimni tishimga qoʻyib, oʻzimni qoʻlga olishga va biror narsa bilan chalgʻishga harakat qildim. Shu on beixtiyor ijodxonamdagi kartina koʻz oldimga keldi. Chala va tugalmas, mavzusi yaxshi, yakunlansa zoʻr manzara tasviri boʻladi… Uni tugallashim kerak, degan oʻy paydo boʻldi shu dam xayolimda. Bu oʻydan shalvirab qolgan tanamda kuch yigʻilgandek, moʻrtlashgan irodam oʻzining asl mustahkam holiga qaytgandek boʻldi. “Fevral yakunlanyapti, hademay bahor keladi”, dedim hovliga xotirjam nazar solgancha. Bahorda uni davom ettirishim mumkin. Balki qaytadan chizarman. Nima boʻlganda ham uni tugatishim, tayyor kartina holatiga keltirishim lozim. Shuni xayol qilarkanman, kutilmaganda shamdek soʻnayotgan hayotimga jajjigina mazmun kirgandek suyunib ketdim. Boshimdagi ogʻriqqa ham lahza oʻtmay parvo qilmay qoʻydim. Oʻzimcha kartinani qanday chizishni rejalashtirdim. Oppoq gullagan oʻrik kartinasi boʻladi u. Shubhasiz, shunday. Uni ham albatta, oʻzim sevgan impressionizm yoʻnalishida chizaman. Kim nima desa desin. Impressionizm – bu mening tomirimda oqayotgan qon. Pikassoning kubizmi ham, Salvador Dali yoki Rene Magritning syurealizmi ham qalbimga begona. Men tasviriy sanʼatda faqat impressionizmda biror bir arzigulik narsa chiza olaman. Oldin ham shunday edi, hozir ham.

Tugallanmagan kartinam oradan yana bir oz fursat oʻtgach, menga ruhiy baquvvatlik va daldani, tanamga tetiklikni qaytardi. Divan chetida turgan javon tortmasidan ogʻriq qoldiruvchi dorini olib, shosha-pisha tilim tagiga tashladim. Uning yordamida ogʻriq maʼlum muddatga meni tark etib, tasavvurim va fikrim tiniqlashdi. Ortiq oʻzimni bemor sanamay, nazdimda mutlaqo sogʻlom odamdek koʻrinib ketdim. Irodam yordamida oʻrnimdan dadil turdim. Hech bukchaymasdan, qaddimni gʻoz tutib yoʻlakka chiqqanimda oshxonadan ovqatning yoqimli hidi boʻy taralardi. Men bunga ahamiyat bermay ijodxonam sari qadam tashladim. U yerda molbert qarshisiga choʻkib, yangitdan zarur boʻyoqlarni qunt bilan tayyorladim. Ular tayyor holga kelgach, kartinani chizish uchun moʻyqalamni ushladim. Biroq, koʻp oʻtmay unga qoʻl tekkiza olmasligimni tushundim. Chunki tashqarida qishning hukmronligi davom etardi. Men gullagan oʻrik daraxtini oʻz koʻzlarim bilan koʻrmay turib, uning kichik detalini ham chiza olmasdim. Shu birdan alam qilib ketdi. Boya unchalik bilinmagandi. Endilikda — oʻzimni majburlab oyoqqa qalqitganimda buni uddalay olmasligim xafsalamni pir qildi. Qanchalik gʻayritabiiy tuyulmasin — men bahorga qaram edim. Martning soʻnggi kunlarida gullaydigan oʻrikni koʻrishim uchun kamida bir yarim oy bu yorugʻ dunyoda koʻzim ochiq turishi, urayotgan yuragim toʻxtamasligi zarur edi.

Azizadek qaysar ayolni sira koʻrmaganman. Ehtimol, meni oʻziga tortgan undagi asosiy jihat ham shu edi. Yotoqhonadan boshimni chayqab-chayqab uning ijodxonasiga kirganimda, u molbertga qistirilgancha chala yotgan kartinasiga haykaldek tikilib oʻtirar, koʻzlari haddan ziyod maʼyuslashib ketgandi.

-Bekor oʻrningdan turibsan,- dedim ichkariga kirmay, boʻsagʻada turganimcha.  

-Ijodkorning ahvoli shu,- dedi Aziza menga oʻgirilmay siniq ovozda.- Sizni ham qiynab tashladim. Avvaliga ijodkorlik temperamentim bilan, keyin hastaligim bilan.

-Shu gaplarni qoʻy. Quymoq tayyorladim. Ovqatlanamizmi?

-Albatta.

Ovqatlanayotgan paytimizda uning jonlanganiga hayron qoldim. Azaldan unda metin iroda boʻy koʻrsatardi. Lekin, bu yerga kelishdan oldin undagi oʻsha iroda qayergadir izsiz yoʻqolib, u chuqur tushkunlikka tushib qolgandi. Shuning uchun bir necha soat oldingi Aziza bilan ayni paytda men bilan birga tamaddi qilayotgan Aziza oʻrtasida osmon bilan yerchalik farq koʻzga tashlanar, hayronligimga shu hol asos boʻlib xizmat qilardi.

-Men yaxshi ovqatlanishim kerak,- dedi u mayda boʻlaklarga ajratilgan quymoqni sanchqi yordamida isteʼmol qilarkan.- Kuch toʻplashim kerak. Shunda kartinamni tugata olaman. Shunday emasmi?

-Menimcha, sen dam olishing kerak,- dedim unga obdon razm solib.

-Sizga aytsam, ertalabdan kechgacha bir yerda yotish — bu judayam nomaʼqul ish. Undan koʻra molbert qarshisida tasavvur qilib, nimadir yaratgan yaxshi.

Shunday deb u jilmayib qoʻydi. Uning shu jilmayishini yoqtirardim. U bilan ilk tanishgan paytimiz ham shu jilmayish meni maftun qilgan, shu boʻyi bir necha kunlab uning taʼsiridan chiqa olmay yurgandim.

-Yaxshi,- dedim tezgina boshimni irgʻab.- Unda ijodxonangdagi stulni kresloga almashtiramiz. Charchaganingda boshingni unga qoʻyib dam olasan, balki mizgʻirsan. Issiq odeyalni ham olib kirib beraman. Tizzangga tashlab oʻtirasan.

Aziza menga bu gal mehr aralash boqdi. Vaqt oʻtib, birdan jiddiylashdi.

-Faqat bitta muammo bor-da.

-Qanaqa muammo ekan?

-Oʻrikning gullashiga hali bor… Uni oʻsha yerda kutib, kartinam bilan gaplashib oʻtiraman endi.

Men bexos xaxolab kulib yubordim.

-Uning gullashini yotoqhonada ham kutsang boʻladi-ku… Yonboshlab yotgancha.

Aziza arazlagandek qovogʻini uyib, boshini chayqab qoʻydi.

-Boʻlmaydi. Balki, gullagan oʻrikni kutishim ham shart boʻlmas… Darrov chizib qoʻyarman ilhomim kelsa.

Uzoq tanaffusdan keyin bu yerga kelganim uchunmi ilk kechada yarim tungacha koʻzimga uyqu kelmadi. Shamshod akam menga orqa oʻgirib  shirin uyquda yotar, uni bir maromda nafas olishi aniq-tiniq eshitilib turar, shuni va devordagi soatning betoʻxtov chiqillashini hisobga olmasa, xonada ogʻir sukunat hukm surardi.

Men erimning sochlarini silay boshladim. Uning toʻlqinsimon va mayin sochlari barmoqlarim orasida egilib-egilib ketdi. Orada ochiq turgan yelkalariga yaqin kelib, dimogʻimni tutdim. Sochlari va boʻynilariga qoʻshib bir necha bor boʻsa oldim. Ammo davom ettirmadim. Oʻzimni majburlab toʻxtadim. Fursat oʻtib, yuzimni yostiqqa yashirgancha yigʻlagim keldi. Yigʻlashga urinib koʻrdim, oz-moz koʻz yoshi toʻkib ham oldim. Bu bir necha daqiqaga choʻzildi, xolos. Darrov oʻzimni qoʻlga oldim-da, kartinam haqida oʻy surishga oʻtdim. Tugallanmagan kartinam yana oʻz vaqtida chalgʻituvchi rolini maromiga yetkazib bajardi. U shu bugunning oʻzida ikkinchi marta meni ogʻir hastalik sabab odamdek yashamay qoʻyganimni, chiqitga chiqishga shay turganimni eslab figʻon chekishimdan goʻyoki tish-tirnogʻi bilan asrab-avayladi. Uni (nechanchi marta-bilmayman) koʻz oldimga keltirgandim, darhaqiqat oʻzim bilan bogʻliq barcha haqiqat xuddi kunduz kuni boʻlganidek ortga tisarildi. Tasviriy sanʼat haqida xayol qildim va sekin-asta shamdek oʻchib borayotgan umrimni butunlay unutdim.

Uning barmoqlari sochlarimni siypalarkan, tanamda tiyiqsiz mayl bosh koʻtardi. U meni uxlayapti deb oʻylagani aniq. Aslida koʻzlarimni yumib yotardim, xolos. Yelkam va boʻynimdan oʻpayotganida yashin tezligida unga oʻgirilib, olov boʻlib yonayotgan bagʻrimga uning vujudini qattiq bosishni va qaynoq boʻsalarimga koʻmib tashlashni shunaqangi istadimki, agarda oʻzimni boshqarish xususiyatiga ega boʻlmaganimda bu shaksiz amalga oshardi. Ammo irodam koʻmagida nogahon oʻz choʻqqisiga chiqqan maylimni boʻgʻib tashladim. Koʻzlarimni yumib xuddi uxlayotgandek yotishni qoyillatdim. Orada Azizaning piqillab yigʻlagani qulogʻimga chalindi. Hech qancha oʻtmay u ham tinchlanib, aftidan shiftga tikilgancha sevimli rassomlarining kartinalarini pichirlab sanab chiqdi:

-Eduard Mane “Maysazordagi nonushta”, Klod Mone “Senadagi tong”, Van Gog “Arledagi uzumzor”…

Ertasiga undan ilgari uygʻondim. Oʻzimcha unga kutilmagan sovgʻa tayyorlamoqchi edim. Shu vajdan ijodxonasiga kirib, u yerni tubdan oʻzgartirdim. Molbert qarshisiga kreslo olib kelib, ustiga odeyal qoʻydim-da, eskizlar turgan stolni molbertga yaqin surdim. Shunda u qulayroq boʻladi. Aziza ham hadeb oʻrnidan turavermaydi. Stol ustiga jomadonda turgan — Turkiyadan xarid qilgan kitoblarimizni ustma-ust terib qoʻydim. Endi u molbert qarshisida oʻtirib, oʻrnidan turmasligi mumkin edi, chunki qoʻlini uzatsa boʻyoqlar va patnis turgan kursiga ham, eskizlar va kitoblar turgan stolga ham yetardi.

Ijodxonamga kirganimda koʻp narsa oʻzgargandi. Buni koʻrib koʻnglim togʻdek koʻtarildi. Erimga xayolan tashakkur bildirib, kresloga borib oʻtirganimda oyoq ostida turgan elektr isitgichdan tanamga issiq oraladi. Tizzamni odeyal bilan yopib bir necha muddat harakatsiz oʻtirdim. Bir lahza kartinamni, deraza ortidagi qishning tund va istarasiz manzarasini kuzatdim. Tashqarida qor uchqunlayotgandi. Unga qaraganim sari bahor goʻyo olislab ketayotgandek tuyulib, oxiri yuragim siqilib ketdi va koʻzimni olib qochdim-da, borib deraza pardalarini tushirib qoʻydim. Joyimga qaytib oʻtirayotganimda koʻzim stol ustida turgan kitoblarni ilgʻadi. Bular Oʻrxon Pamuqning “Istanbul” va “Mening otim qirmizi” romanlari, shuningdek Klod Monening hayoti va kartinalaridan iborat kitob, Van Gogning ukasi Teoga yozgan maktublari toʻplami va Eduard Mane haqidagi ilmiy-ommabop kitoblar edi. Ularning barchasi turk tilida boʻlib, Istanbuldagi kitob doʻkonidan erim sotib olib bergandi. Shu-shu qayerga bormay ularni oʻzim bilan olib yurardim. Har birining men oʻqiydigan zamoni va makoni boʻlib, ular bilan bogʻliq xotiralarimga hali gard yuqmagandi.

Istanbulda erim bilan baʼzida tong saharda Qora dengiz qirgʻogʻidagi qahvaxonalardan biriga borardik. Qahvaxona egasi-moʻylabi qalin va semiz amaki bizni “gun ayden” deb iliq qarshi olardi. U ochiq osmon ostida joylashgan, stol va stullari oddiy yogʻochdan yasalgan edi. Sutli qahvadan hoʻplab, shokoladli pirogdan tamaddi qilardik. Qirgʻoq boʻylab dengizning shovullashi va uning ustida uchib yurgan chagʻalaylarning chirillashi bir boʻlib, qahvaxona tegrasida noodatiy bir fusunkor manzarani yuzaga keltirardi. Men dengizga tikilib, Klod Monening peyzajlarini tomosha qilar, kitobni erinmay va zavq bilan varaqlab chiqardim.

Oʻrxon Pamuqning “Istanbul” romanini kasalxonada yotgan kezlarim, bahorning iliq oqshomlarida oʻqirdim. Shunday kezlarda hamshira kitob oʻqishimni koʻpincha taʼqiqlar, unga qoʻshilib erim ham tergab qoʻyar, ammo men baribir oʻqirdim. Hovlidan esa qandaydir bemor ayolning turk tilidagi qoʻshiq xirgoyisi taralar, mutolaa jarayoni shu umidbaxsh qoʻshiq bilan birga menga tasalli berar, goʻyo har kuni shu kitobni mutolaa qilmasam va oʻsha oʻzim biror marta koʻrmagan ayolning shirali ovozini eshitmasam, ertangi kunga boʻlgan umidim soʻnayotgan shamning shamoyiliga kirardi. Shuning uchun darhol kitobga yopishar, derazani ochib oʻsha ayolning hovliga chiqishini intiq kutib yotardim. 

Dam olish kunlari Shamshod akam bilan koʻpincha shahar tashqarisiga chiqar, ijaraga olgan mashinamizda dengiz boʻyiga borardik. Iyun quyoshi ostida, yalangoyoq qumga choʻkkalab oʻtirarkanman, Van Gogning ukasiga yozgan maʼyus maktublarini oʻqir, erim  dengizda qiyqirib choʻmilardi. Bot-bot kitobdan boshimni koʻtarib unga kulib qarab qoʻyar, u boʻlsa eʼtiborimni tortish uchun qoʻlidan kelgan barcha narsani qilardi. Hatto, baʼzida dengiz tubiga shoʻngʻib, yoʻq boʻlib ketar, shunday kezlarda men xavotir bilan dengiz oldiga yugurib kelib, belimgacha unga qadar botgancha, uni ismi bilan tinmay chaqirardim. U boʻlsa kutilmaganda  suv ostidan oyogʻimdan mahkam quchgancha, qah-qah urib yonimda paydo boʻlardi.

-Hazilingiz qursin!- derdim shunda undan oʻpkalanib irim qilgancha koʻylagimning ichiga tuflarkanman.

U stol ustidagi kitoblarga tikilgancha qimir etmasdi. Ostona hatlab ichkariga kirgim kelmadi. Yoʻlakdan unga koʻz qirimni tashlash bilan kifoyalandim. Ishonchim komilki, u kitoblar bilan bogʻliq shirin xotiralarni qalbida jonlantirish bilan band edi. Yelkamni devorga tiragancha,  xotiralar uchun noqulay va noodatiy joy boʻlgan shu yoʻlakda Azizani ilk marta uchratgan kunimni esladim. Bu uning ilk koʻrgazmasiga toʻgʻri kelgandi. Oʻshanda koʻrgazma oʻtayotgan binoni taʼmirlash uchun ketadigan smetani chamalashga borgandim (sherikchilikdagi qurilish firmamiz binoni taʼmirdan chiqarish huquqini  tenderda yutib olgandi).

Koʻrgazma boʻlayotganini koʻrib, zalni bir oz aylangan, uning oʻrtasida turgan rassomlarga norozi nigoh tashlab qoʻygandim. Ochigʻi, oʻshanda rassom yigitlar menga umuman yoqishmagandi. Boshiga shlyapa qoʻndirgan, soqoli oʻsgan, egniga jinsi va sport koʻylagi kiygan, oyogʻida xoreograflar poyabzali boʻlgan, yelkasiga charm portfel osgan bu moyboʻyoq ustalarini koʻrib, rosa jigʻibiyron boʻlganim kechagidek esimda. Ehtimol, kiyinish madaniyatiga  tartibli va maʼsuliyat bilan yondoshganim bois erkinlik yorligʻi ostida aft-boshini gʻar koʻngli tusagan istalgan koʻrinishga keltirgan erkaklarni xazm qilolmagandirman. Har holda, ularni koʻrib lablarimga tabassum yugurmagani bor gap edi.

-Sizga kartinalar yoqdimi?- degandi oʻshanda ulardan biri oldimga kelib.

Javob berish uchun taraddudlanib turganimni koʻrib, boshqalari va ularga qoʻshilib ikkita qiz ham yonimga kelishgandi.

-Bu yerdan tezakning hidi kelyapti,- degandim dabdurustdan yon-atrofimga alanglab.

Bundan ularning ogʻzi lang ochilib qolgan, ayniqsa oʻrta boʻy, sochlari uzun, egniga yopishgan binafsharang koʻylagi tovlanib turgan qizning qovogʻidan qor yogʻilib ketgandi. Biroq, u bir pasda oʻzini qoʻlga olib “kartinalarning boʻyoqlariga tezak qoʻshilgandi, shunga shekilli” deb jilmayib soʻz qotgandi.

Oʻshanda diqqatimni tortgan kartinalar ajoyib edi. Asosan tabiat manzaralari aks etgan kartinalar oʻsha kezlari tasviriy sanʼatga umuman qiziqmaydigan kaminani oʻziga rom etgan, ammo birinchidan zerikarli missiyam tufayli, ikkinchidan xotinchalishga oʻxshagan rassom erkaklarning tashqi koʻrinishlari tufayli ulardan oʻzim istagandek bahramand boʻla olmagan, qisqagina estetik zavqlanish rosti tatimagandi.

Keyinchalik Azizani kitob doʻkonida uchratdim. Shahardagi kitob doʻkoni yakshanba kuni men borishni chin dildan hoxlagan yagona joy edi. Kinoteatrga kino koʻrgani yoki basseynga choʻmilgani borishdan voz kechsam kechardimki, u yerga borishni aslo kanda qilmasdim. Har safar u yerdan birorta prozada yozilgan kitobni sotib olar, sheʼriy kitoblarga esa hushim yoʻqligi uchun qamroq pul sarflardim.   

-Bu yerdan ham tezakning hidi kelyaptimi?- degandi Aziza ana shunday kunlarning birida u yerda meni uchratib, darrov tanirkan, quvlik bilan jilmaygancha.

-Yoʻq, oq atirgulning ifori.

Shunda u kutilmaganda ikki yuzi lovullab, xijolat boʻlib ketgan va yonimda qizarib-boʻzarib:

-Shunchalik bilinyapti atirimning ifori,- degandi.

Noming tanilib, barcha seni tanib olqishlayotgan va Xudo yuqtirgan isteʼdodingga tan berayotgan bir paytda qoqilishing fojea. Bundan ortiq baxtsizlik yoki omadsizlik boʻlmaydi. Azizaga bu mudhish tashhisni qoʻyishganida u ikkinchi koʻrgazmasiga astoydil tayyorgarlik koʻrayotgan, koʻplab buyurtmalari ustidan ishlayotgandi. Birdan bu musibatga duch kelib, ruhan sinib qoldi. Shu-shu Turkiyaga ketayotganimizda ham ijodxonasidan hech nimani oʻzi bilan olmadi. Istanbulda esa davolanish va sogʻayib ketish uchun ixtiyorida boʻlgan hamma narsani qildi. Kimyoviy terapiya ketidan boshqa muolajalar ham uni ancha-muncha qiynamadi.

Kitoblarni birma-bir qoʻlimga olarkanman, ularni toʻyib-toʻyib hidlagim keldi. Turkiyada koʻpincha shunday qilardim. Ularni oʻqishdan oldin dimogʻimga yaqinlashtirar va elektron kitoblardan qanchalik nafratlanishimni his qilgancha ularni uzoq hidlardim. Shunda ham baribir ularga toʻymas, hidlaridan mast boʻlganim koʻpga bormasdi.

Klod Monening peyzajlari aks etgan kitobni varaqlarkanman, oʻzimda gʻayrioddiy koʻtarinkilik sezdim. Bir kitobdagi peyzajlarga, bir molbertga qistirilgan kartinamga qiziqsinib va koʻzlarim porlab qaradim. Boshqa tomondan bahorning sogʻinchi dilimni ezdi. Hovliga chiqib, pardasi tortilgan deraza oldida shumshayib turgan oʻrik daraxtining yalangʻoch tanalarini quchib yigʻlagim, tabiatdan xudoning zorini qilgancha bahorni betinim talab qilib, yolvorib soʻragim keldi.

Tanilayotgan paytimda toʻsatdan qoqilganim, endi menga nasib qilishni boshlagan shon-shuhratdan ham, odamlarning mehr-muhabbatidan ham qismatim yoʻrigʻida ayrilganim ayni shu daqiqalarda bilinib ketdi. Ammo men unga laʼnat toshlarini yogʻdirmadim. Monening peyzajlarini barmoqlarim bilan ketma-ket silarkanman, soʻqir qismatimdan hech boʻlmaganda mana shu kartinamni tugatib olishimga imkon berishini soʻrab pichirladim, xolos. Men shunchaki oʻzimdan keyin chala asar qoldirishni istamasdim. Bu xuddi siam egizaklarini yoki nogiron bolani dunyoga keltirish bilan barobar edi. Bu meni dahshatga solardi. Shu sabab umrim onlari tobora tugab borayotganini anglarkanman, shuni amalga oshirishga ulgurib qolishimga kuchli istak bildirib, qandaydir bir necha soat ichida fikru-zikrim mazkur soʻnggi niyat ostonasidan hech qayerga ketishni istamay qoldi.

Yoʻlakda turishda davom etdim. Ichkariga ikkinchi bor qaragani yuragim betlamadi. Yana Azizani mungli qiyofada koʻrib yuragim ezilishi, keyin shu boʻyi kun davomida bu noxush kayfiyat oʻzanidan chiqib keta olmasligimga idrokim yetdi. Qolaversa, ishga ham chiqishim zarur edi. Qariiyb bir yildan beri koʻchmas mulk bilan bogʻliq boʻlgan xususiy biznesimni masofadan turib boshqargan, idoraga qoramni koʻrsatmagandim. Balki, u yerda bir talay ishlar meni kutayotgandir. Balki bugun borishim kerakmidi. Lekin, oyoqlarim oʻzimga boʻysunmadi. Katta hovlida Azizaning bir oʻzini tashlab ketgim kelmadi. Oʻz xonamga kirdim-da, kotibaga qoʻngʻiroq qilib, ishlarning qanday ketayotgani bilan doimgidek telefonda tanishib qoʻya qoldim.

Aziza umri shomi yaqinlashayotganini sezib, ijodxonasidagi tugallanmagan kartinasi bilan chalgʻishga urinayotganini ochiq-oydin tushunib turardim. Men-chi? Men nima bilan chalgʻirdim? Afsus, menda bunday vosita yoʻq edi. Men oʻsha kunni qoʻrquv bilan kutar, shunga qaramay oʻzimni umidlantirishga intilar, Xudoga tiz choʻkkancha yalinib yolvormasam-da, Azizaning umri bir oz boʻlsin uzayishini jon holatda xohlardim. Shuning uchun bugun ertalab uygʻongach, yonimda uni tinch uxlab yotganini koʻrib, oʻzimni dunyodagi eng baxtli insondan kam hisoblamadim. Xona ichida oʻtirgani, kitob varaqlayotgani, kartinasini chizmoqchi boʻlayotgani ham meni baxtiyor qilar, goʻyo u kasal emasdek, dorilomon kunlarimizdek tanasi ham, ruhi ham salomatdek taassurot qoldirar, ammo bu goʻzal tushga monand boʻlgan entikish bir necha daqiqa davom etar, soʻng achchiq haqiqat tagʻin yuzaga chiqib, yuragimni ilma-teshigini chiqarib chavaqlab tashlardi.

Kunlarim endi shu kartina qarshisida oʻtardi. Uning qarshisidagi kresloda ustimga issiq odeyalni tashlab oʻtirarkanman, pardalari bir yonga tortilgan (ularni ortiq yopiq holda turishini istamadim) derazadan hovlidagi bir tup oʻrik daraxtiga boqqancha bahorni intizor kutar, orada stol ustidagi kitoblarni mutolaa qilar, gohida tushlik payti koʻzim ilinib uzoq uyquga ketardim. Erim bilan ovqatlanayotgan paytimda esa kun sanar, “bahorgacha besh kun qoldi”, “uch kundan soʻng bahor keladi” qabilidagi gaplarni shodon takrorlardim. Lekin tashqim kulsa-da, bahor yaqinlashgani sayin tanam behad holsizlanib zaiflashar, boshimdagi bir qolipga solingan ogʻriqning bosimi ortar, koʻzlarim oʻz-oʻzidan xiralashib borardi.

Bahorga bir kun qolganda koʻzlarim rosayam xiralashib, ikki qadam naridagi narsani koʻrishda muammolarga duch keldim. Buning oqibatida koʻzoynak taqishga majbur boʻldim. Shamshod akam olib kelgan antiqa koʻzoynakni taqqach, unga yaqin kelib “endi rassomlardan koʻra oʻqituvchilarga oʻxshab qoldim”, deb hazil qildim. Koʻz muammosi shu bilan hal boʻldi. Lekin boshimdagi ogʻriqqa javondagi dorilar taʼsir qilmay qoʻydi. Shuning uchun ularni koʻp va meʼyoridan oshiqroq miqdorda qabul qilishni yoʻlga qoʻydim. Bahorni esa nogironlar aravachasida qarshi oldim. Harakatlanishimda qiyinchiliklarga yoʻliqa boshlagach, erim bilan shunday qarorga keldik. Endi yotoqxonadan ijodxonamga nogironlar aravachasida chiqar, erimning yordamida aravachani kresloga almashgach, tushlikni hisobga olmasa, undan qoʻzgʻalmay toʻrt devor ichida kartinamga termulib kun boʻyi oʻtirardim.

Shunga qaramay, bahorning kelgani meni ancha zavqlantirdi. Garchi erta bahorda osmon koʻp hollarda kulrang tusda, qattiq shamol esib, bir necha kun yomgʻir yoqqan boʻlsa-da, negadir koʻnglim yayrar, hademay oʻrik daraxtining oppoq boʻlib gullashini koʻz oldimga keltirarkanman, kartinamni tugatishimni oʻylab quvonib ketardim. Eng asosiysi bahor kelgandi. Endi oʻrik gullashi qolgandi, xolos. Shuning uchun baʼzi kunlari osmon moviylashib, quyosh koʻkka boʻy choʻzganini, kunlar isiy boshlaganini koʻrarkanman, deraza oynalarini lang ochib qoʻyar, bu manzara oʻrik daraxtining gullashini tezlashtirishini oʻylab tabassum bilan qoʻllarimni bir-biriga ishqalardim. Ayni shu quyoshli kunlarda gohida televizordan ob-havo maʼlumotlarini ham oʻtkazib yubormaslikka intilar, suxandon bir necha kun quyoshli havo boʻlishini aytsa, beixtiyor hayqirib yuborar, kalendardan kunlarni birma-bir oʻchirib, bu bilan goʻyoki oʻrik gullaydigan daqiqalarni tezlashtirardim. Gohida esa yomgʻirli kunlar toʻxtamas, bir necha kun yomgʻir maydalab yogʻar, shunda bezovta boʻlib lablarimni tishlagancha kresloda shumshayib qolardim. Hatto, zada boʻlib, oppoq xolstga boshqatdan gullagan oʻrik daraxti tasvirini tushirishni oʻylar, ammo uni jonli koʻrmasdan turib chiza olmasligimni anglab nadomat chekardim. Yomgʻirli kunlar tinmayotgani koʻpincha meni asabiylashtirar va “qachon oʻrik gullaydi” deb baqirgancha xonani boshimga koʻtarar, roʻparamdagi kartinani mayda-mayda qilib yirtib tashlaganim kelardi. Mana shunday daqiqalarda xonaga otilib kirgan erimni quchgancha oʻkirib yigʻlarkanman, battar holsizlanib, hushimdan ketar alfozga kelardim.

Azizaga qarab turib, oxirgi paytlarda achinishim ikki hissa ortayotganiga iqror boʻlardim. Qandaydir, yigirma kun ichida u koʻzoynak taqadigan, oʻzi harakatlana olmay nogironlar aravachasida yuradigan boʻlib qolgani meni ham tashvishga, ham karaxt ahvolga solardi. Men oʻsha kun juda yaqin qolganiga iymon keltirar, ammo bunga toʻlaqonli ishongim kelmas, Azizaning bu taxminimga butunlay teskari boʻlgan bir meʼyordagi oʻzgaruvchan  kayfiyati  goʻyo gumonga berilishimga kaforat boʻlardi. Ijodxonasida qoʻliga moʻyqalamini changallagancha u kun boʻyi deraza orqali hovlidan koʻzini uzmas, bot-bot ochiq turgan derazadan kirayotgan toza koʻklam havosidan toʻyib nafas olar, biroq kartinasiga qoʻl tekkizmasdi. Shunday onlarda u xonaga kirganimni-da sezmas, ancha vaqt oʻtgachgina meni ilgʻab, “qachon oʻrik gullarkin, Shamshod aka” deb zorlanib qoʻyar, keyin Oʻrxon Pamuqning “Istanbul” asaridan parcha oʻqib berishimni iltimos qilar, kitobni oʻqiy boshlaganimdan soʻng hech qancha oʻtmay uyquga ketardi. Uning mizgʻib qolganini koʻrgach, yelvizakni oldini olish uchun deraza oynalarini yopib qoʻyardim. Keyin u yerda osmonga tikilib turar, uning umriga qoʻshilayotgan  har bir kun uchun Xudoga minnatdorchilik izhor qilish aralash tilimni tishlab qolardim. Gohida xonasida uning baqirayotganini eshitib, oʻz xonamdagi kompyuter qarshisidan otilib uning oldiga chiqar,  eskizlarni atrofga sochib uning yigʻlayotganini, kartinasini changallab yirtib tashlashga shay turganini koʻrib, uni quchgancha bisotimdagi bor soʻzlarim bilan yupatardim.

-Hamma seni olqishlayotgan, ommaviy taniy boshlagan, senda millat tasviriy sanʼatining kelajagini koʻrayotgan paytda qoqilishing azob ekan,- derdi Aziza shunaqa ogʻriqli lahzalarda.- Nega shunday boʻldi, Shamshod aka? Axir, yigirma beshga ham kirganim yoʻq! Qani, mening muxlislarim? Qani, doʻstlarim? Qani buyurtmachilarim? Qani, meni Klod Mone yoki Edgar Dega kabi impressionist rassomlarga tenglashtirayotgan sanʼatshunoslar? Yoʻq, ular. Yoʻq hammasi. Daf boʻlishgan… Davolangani Turkiyaga ketdim-u, sanʼat olamida tirigimcha dafn etildim. Aslida ham tirik emasman. Allaqachon oʻlganman. Soyam yuribdi, xolos ivirsib, timirskilanib… Mana, qarang menga. Iltimos, yaxshilab qarang. Siz yaxshi koʻrgan tillarang sochlarim yoʻq endi. Kimyoviy terapiyalar natijasida toʻkilib boʻldi. Koʻzlarim xiralasha-xiralasha koʻzoynak taqadigan boʻldim. Kunim nogironlik aravachasiga qoldi. Ichim-chi? Ichimni hech bir dorixonadan farqi qolmagan. U yerdan axtarishgudek boʻlishsa istalgan retseptdagi dorini topishadi. Shuncha narsani ravo koʻrgan qismat soʻnggi kunlarimda ham men bilan oʻynashyapti. Bunisiga nima deysiz? Mart yarimladi. Nega oʻrik daraxti gullamayapti? Mana shu qurib ketgur kartinamni yakunlab, oʻlishni maqsad qilishga ham imkon bermayapti u. Tushunyapsizmi, imkon bermayapti.     

Uning qoʻllaridan kartinani bir amallab yulqib olarkanman, boʻshashib ketgan qoʻllari qoʻllarimga shilq etib osilib tushar, uni shunda koʻtarib yotoqxonaga olib chiqib ketar, shu boʻyi u bir necha kun joyida qimirlamay yotar, oʻziga kelgach esa tinchlanib, meni hayron qoldirgancha tagʻin ijodxonasi sari shoshardi. Mart yarimlagani sari u ayrim hollarda asabi dosh bermay shunaqa portlasa-da, tezda oʻzini ruhlantirar, men oʻsha dahshatli kunni tobora yaqin qolganini taxmin qilib oʻzimni qoʻyarga joy topolmay qolardim. Uyimiz ham goʻyo ikki oʻtning orasida qolgandek, bukchayib qolgan kulbani eslatardi. Ota-onam ham, Azizaning ota-onasi ham kelishganida shuni gap orasida qistirib oʻtishardi:

-Uylaring huvillab qolgandek…

Ota-onam kelishganida yotoqxonada yotardim. Ahvolim yomonlashgani sabab ijodxonamga ikki kun chiqolmadim. Navroʻz yaqinligi uchun onam koʻk somsa bilan sumalak olib kelgan ekan. Oldin buni koʻrib qarsak chalib yuborardim. Bu safar befarq qabul qildim. Kartinamni tugata olmayotganim deyarli ruhan meni izdan chiqargan, shunga asabiylashib ketmaslik uchun ogʻzimga talqon solgandek jim yotardim. Ular buni ogʻriyotganimga yoʻyishdi. Onam koʻz yoshi toʻkib oldi, otam xoʻrsinib qoʻydi. Ular ketishgach, shu boʻyi yana ikki kun oʻrnimdan turmadim. Hatto, keyingi paytlarda dori ichmay qoʻydim. Ogʻriq oʻzining yuqori kulminatsiyasiga chiqdi va har kuni tonggacha ingrab chiqishni odat tutdim. Menga qoʻshilib Shamshod akam ham uxlamas, tuni bilan yonimdan jilmay, tonggacha xonada bezovtalanib u yoqdan bu yoqqa yurib chiqardi.

-Oʻrik gullamadimi haliyam?- derdim unga tong otishi bilan.

Ertalabdan kun botargacha bu savolni keyin yana yigirma yo oʻttiz marta berardim. U har safar kirtaygan koʻzlarini pirpiratib, boshini chayqaganini koʻrib, xiralashgan koʻzlarimni yumgancha ixtiyorimga ters ravishda qismatni laʼnatlay boshlardim. Endi uning yuziga tuflamoqchi, undan bor alamimni olmoqchi boʻlardim. Oʻrnimdan turishga intilib, bemaqsad harakatlanar, biroq majolim yetmay yana toʻshakka agʻanardim. Oxiri Navroʻzning ertasiga oʻzimni bazoʻr qoʻlga olib, yostiqdan boshimni koʻtardim va Shamshod akamdan ijodxonamga olib borishini iltimos qildim. U yerga aravachada emas, koʻtarib olib chiqdi. Kresloga joylashtirgach, stol ustidagi Pamuqning romanini kelgan joyidan oʻqimoqchi boʻldi.

-Hozir emas,- dedim unga yolvorgancha nigoh tashlab.- Kartinamni bugun tugatmoqchiman. Ortiq oʻrikning gullashini kutmayman.

-Yaxshi,- dedi erim kitobni yopib qoʻyib.- Seni yolgʻiz qoldiraman.

U chiqib ketgach, roʻparamdagi devorga qattiq tikildim. U xiralashgan koʻzlarimga yanayam oqarib ketgandek tuyuldi. Sal oʻtib, bunga ahamiyat bermay, koʻzoynagimni taqdim-da, kartinamga eʼtiborimni qaratdim. Tasavvurim yordamida gullagan oʻrikning manzarasini koʻz oldimga keltirishga chogʻlandim. Ammo buning oʻrniga koʻzim tinib, boshim bir tomonga ogʻib ketdi. Toʻsatdan nafas olishim qiyinlashgandek boʻlib, yutoqib chuqur-chuqur nafas olishga kirishdim. Buning foydasi boʻlmay, nafasim qaytib boʻgʻildim va  qaytanga yanayam kislorod yetmayotgandek boʻlaverdi. Oʻng qoʻlimga tutgan moʻyqalamni mahkam ushlagancha, eshik tomonga alahsirab boqdim. Erimni chaqirdim. Menimcha, arang pichirladim. Bir, ikki va uch marta. Shundan soʻng, lablarim ortiq qimirlamay qoldi. Moʻyqalamni tutgancha kartinamga qaray-qaray kresloga boshimni suyadim. Ortiq qoʻl-oyoqlarim oʻzimga boʻysunmas, ularni qimirlatishga qancha urinmay tarashadek qotib turardi.

Roʻparamdagi devor esa endi bir mahal qora tusga kira boshladi. Bir payt xonaga zulmat choʻkkandek boʻldi. Shu zulmat ichida faqat kartinam yorugʻlik taratib turardi. Birdan uning fonida gullagan oʻrikning chala manzarasi yoʻqolib, televizor ekraniga oʻxshash toʻrburchak narsa paydo boʻldi. Unda koʻcha changitib yurgan jajji qizaloq gavdalandi. Men-ku bu, dedim hayratimni jilovlay olmay. Mana qoʻgʻirchogʻimni quchgancha, atlas koʻylagimda koʻcha changitib yuribman. Bir qoʻlimda xoʻrozqand va onam tandirda yopgan issiq non. Bolaligim… Qanday mazza edi Fargʻonada qolgan bolaligim, betashvish va begʻubor edi. Katta boʻlish qanchalik mashaqqat- a, azob-uqubat… Bolaligim tasviriga koʻnikib ulgurmay, ekranda talabalik paytim namoyon boʻldi. Kutubxonada tasviriy sanʼatga oid kitoblardan boshini koʻtarmay oʻtirgan qiz. Buncha maʼsum va hayotga chanqoq- a bu qiz deb oʻyladim beixtiyor. Talabalik rostdan oltin davr, yoʻq, oltin emas, olmos davr. Shundan soʻng, oppoq kelinlik libosida koʻrinish berdim. Ayollik baxti buncha shirin-a, toʻgʻrimi, ayniqsa sevgan yoring bilan qovushsang? Birin-ketin birinchi koʻrgazmam, homilamni yoʻqotgan paytdagi nursiz kunlarim, bosh miya saratoni tashhisi qoʻyilgach yigʻlaganlarim, Turkiyada oʻtgan baxtli va baxtsiz damlarim ham ekranda gavdalandi. Xullas, butun hayotim koʻz oʻngimda namoyon boʻldi. Yigirma besh yillik yaxshi-yomon kunlarim jamlanmasi…

Men bu xotiralar taʼsirida tobora boʻshashib borar, tanam muzlayotgandek, uning aʼzolari tarashadek qotib borayotgandek tuyular, oʻzimni hech anglamasdim. Oxiri, oʻzimni unutdim. Koʻz oldim, toʻrt atrofim zulmatga burkandi. Bolaligimda xonaning ichida bexos chiroq oʻchganida shunday boʻlardi. Qop-qora, zulmat, qildek yorugʻlik yoʻq… “Nahot, oʻlyapman” deb oʻyladim bir oz oʻtgach. “Oʻrik gullamadi  baribir” dedim nafas olishim ogʻirlashishni boshlagach oʻksinib hovli tomondan koʻzimni uzmay. Keyin “Shamshod aka” deb erimni chaqirgandek boʻldim. Lablarim asta pichirladi, astagina, biroq ovozim chiqmadi.

Elektron pochtamga yuborilgan hisobotlar bilan tushlikkacha andarmon boʻldim. Ancha ish yigʻilib qolgan ekan. Ularni birma-bir koʻzdan kechirib, firmaning joriy moliyaviy ahvolni chamalab chiqdim. Har holda, firmada ishlar joyida edi va masofadan boshqarayotganim salbiy oqibatlarni olib kelmagandi. Ularni koʻrib chiqqach, koʻnglim bir oz tinchidi. Ketidan boshqa tashvish koʻndalang turib, tushlikka nima tayyorlasam kerak ekan, deb boshim qotdi. Aziza bifshteksni xush koʻrardi, balki shuni tayyorlarman, dedim-da, ehtiyot shart oʻzidan ham bir soʻrab koʻrishni maqsad qildim. Ijodxonasiga shu maqsadda kirdim. U kresloga suyanib, boshini deraza tomonga oʻgirgancha oʻtirardi. Qoʻlida moʻyqalami. Dastlab uni uxlab qolibdi, shekilli deb oʻyladim. Ammo koʻzlari ochiq edi.

-Xona diqqinafas boʻlib ketibdi,- dedim deraza oldiga borib, uning oynalarini ocharkanman.- Shunaqada chaqirsang, kelib derazani ochib qoʻyaman.

U indamadi. Hanuz deraza tomonga qarab jim yotardi. Oxirgi paytlarda sukut saqlashni afzal bilayotgani yodimga tushib, bunga dastlab ahamiyat bermadim. Lekin eʼtiborimni hovlidagi oʻrik daraxti tortdi. Uning novdalari gul tugishni boshlagandi. Buni koʻrib, oʻzimda yoʻq sevinib ketdim. Bu hademay uni oppoq boʻlib gullashidan dalolat berardi.

-Oʻrikning gullashiga oz qolibdi,- dedim suyungancha bir hovli tomonga, bir Azizaga qarab.

Aziza hanuz indamasdi. Koʻnglim gʻash boʻlib, uning oldiga kelganimda yuragim orqasiga tortib ketdi va darrov tiz choʻkib uning tizzasiga qoʻyilgan qoʻllarini ushladim. Ular muzlab, tarashadek qotib ulgurgandi. Koʻzlari deraza tomonga qadalgancha qorachigʻiga qoʻshilib tiriklikdan biror bir nishona bermasdi. Oʻng kaftidagi barmoqlari moʻyqalamni mahkam ushlab olgan, oyoqlari juft holda goʻyo bir-biriga yopishib qolgandi.

-Aziza,- dedim koʻzlarimdan tirqirab yosh oqib uning tizzasidan qucharkanman.- Oʻrik gullashiga oz qolibdi. Eshityapsanmi, yolgʻizim?!

Aziza bu safar ham indamadi.

 2020 yil, iyul. Fargʻona