Xurshidaga bag‘ishlanadi

Ishq mulkida gadou shoh bir,
Dayr ichida rahbaru gumroh bir.

Ishq aro dardu balodin o‘zga yo‘q,
Zulmu bedodu jafodin o‘zga yo‘q…

Alisher Navoiyning «“Lisonu-t-tayr” dostonidagi Shayx San’on hikoyatidan

————

Sadriddin Ayniydan iqtibos:

“Buxoro madrasalarining binolari O‘rta Osiyoning boshqa joylaridagi madrasalarga o‘xshagan asosan pishiq g‘ishtdan ikki qavatli yoki bir qavatli qilib qurilgan bo‘lib, biz ularning namunalarini hozir ham Buxoro, Samarqand, Toshkent va boshqa shaharlarda ko‘rmoqdamiz.

U madrasalar ichki-tashqi keng sahnga, baland va mustahkam devorga, hashamatli toq-ravoq va guldastalarga ega bo‘lib, ba’zilarining peshtoqlari, gunbazlari va devorlari rang-barang koshinlar bilan bezatilgan bo‘lar edi.

Ammo u madrasalarning asosiy turar joylari – hujralari g‘oyat tor, qorong‘i bo‘lib, ko‘pchiligi ikki kishining yotib turishiga zo‘rg‘a kifoya qilardi. Bu hujralarning ko‘pchiligi bir eshikli va oldi ravoqli bo‘lib, odam ham, havo ham, ziyo ham o‘sha bir eshikdan kiradi. Osh pishiriladigan o‘choq, suv idish, yuz-qo‘l yuviladigan joy, ko‘mir, o‘tin, ko‘pincha moy, guruch, sabzi-piyoz kabi oziq-ovqat zaxiralari ham shu tor hujraga joylashtirilar edi.

Eski zamonlarda ba’zi madrasalarning kutubxonalari ham bo‘lgan, madrasani bino qilgan kishilar kerakli kitoblarni sotib olib, talabalarning istifodalari uchun u kutubxonalarga qo‘yib, madrasa vaqfidan kutubxonador uchun ham hissa tayin qilganlar.

Madrasalarning va unga tayin qilingan vaqflarning vaqfnomalarida arabcha so‘zlar va diniy iqtiboslar bilan quyidagi mazmunda so‘zlar yozilgan bo‘lardi: “Sotilishi, sotib olinishi, birovga bag‘ishlanishi, birov foydasi uchun vasiyat qilinishi va merosga qoldirilishi mumkin emas. Bu so‘zlarga amal qilmay vaqf qoidasini o‘zgartirgan kishi Xudoning la’natiga, payg‘ambarning va butun maloikalarning la’natiga uchragay …”

***

XX asr boshlarida (aniqrog‘i, 1908 yilda) marg‘ilonlik bo‘z bola Mo‘’minjon boshlang‘ich maktabni tamomlab Buxorodagi Mir Arab madrasasiga o‘qishga kiradi. Mo‘’minjon yuziga ustara urgan, mo‘ylovi sabza ura boshlagan yigitcha edi. Yangi ilm tolibi nihoyatda navqiron bo‘lsa-da, bu dunyo daqqi Yunusdan qolgan, birov kirib, birov chiqayotgan eski karvonsaroyga o‘xshardi.

Nisbatan tinch-osuda hayot kechirgan Mo‘’minjon birdan izdihomga tushib qoladi: Istanbulda sulton olis orolga surgun qilinadi, hukumat gench turklar ixtiyoriga o‘tadi – Anvar posho milliy qahramonga aylanadi, Buxoroda “yosh buxoroliklar – jadidlar” g‘imirlab qoladi, Bog‘chasaroyda chop etiladigan “Tarjumon” gazetasini peshqadam talabalar qo‘lma-qo‘l mutolaa qila boshlaydi.

Xulosa. Mo‘’minjon tarixiy voqealar ichida hayot kechirardi. U boshini qashlashga vaqt topolmasdi-yu, lekin boshini ishlatishga albatta vaqt topar edi. Mo‘’minjon madrasada arab tilining sarfu nahvi, mantiq, aqoidi islomiy (ilmi kalom), hikmat (tabiiy va ilohiy), fiqhi islomiy (tahorat, namoz, ro‘za, janoza, haj, zakot, nikoh, taloq, savdo-sotiq…) kabi majburiy fanlarni qunt bilan xatm qiladi. Bundan tashqari, Marg‘ilonda Oxunjon tabibga shogird tushib o‘rgangan kasbi – hakimlikni ham tashlab qo‘ymaydi; saboqdosh talabalar betob bo‘lib qolsa, ularni qo‘lidan kelgancha muolaja qilardi, kerakli dori-darmonlarni tavsiya etardi. Bir yilda Mo‘’minjonning hakimlik dovrig‘i Buxoro amirining qulog‘iga yetib boradi va uni saroyga ham taklif etib, kasbi koridan maqsadga muvofiq ravishda foydalana boshlaydilar. Shu bahonada Mo‘’minjonning topish-tutishi ham bir qadar yaxshilanib qoladi.

Oradan yetti yil o‘tadi. Yetti raqamida qandaydir hikmat bor. Yetti raqamidan hushyor bo‘lish kerak. Madrasa ta’limi yetti yilga yetib, sakkizinchi yilga o‘tilganda yozgi ta’til boshlanadi. Shu joydan bir muhabbat qissasi boshlanadi.

Endi so‘zni Mo‘’minjonning o‘ziga berib, biz oddiy o‘quvchilar safidan o‘rin olamiz (agar bu voqealar sahnaga qo‘yilsa, biz o‘zimizni tomoshabinlar qatoriga olgan bo‘lardik).

***

Bundan bir necha yil ilgari Buxorodan kelib Samarqandda turganimda Maxdum Xorazmiy guzarida domla Mir Kotibda xat ta’limini mashq qilib, murakkab huruflarga (harflar – N.B.) yetishganimda Buxoroga ketib qolgan edim. Samarqandga kelgach, yana shul orzuni yuzaga chiqarish uchun mashqni qolgan joyidan davom ettirdim.

1915 yilda bir kuni mashg‘ulotdan chiqib, Jiydamozor yonida Hidoyai Sharif musannifining qabri bo‘lib, bu ikki mozor ziyoratidan so‘ng yahudiylar mahallasidan o‘tib, Shohizinda mozoriga borur edim. Yahudiylar ibodatxonasi — kaliso  darvozasi ochiq ekan. Darvoza bilan maktab (Heder – boshlang‘ich maktab) orasi bir ayvon. Maktab-Heder eshigi ham ochiq. Eshik ro‘parasida bir semiz mo‘ysafid maktab muallimi (Melamdn) bolalarga ta’lim berar edi.

Qiziqib qoldim: “Nimalarni ta’lim berur? Ularning maktabida tarbiya qanaqa ekan?”

Darvoza tagida andak turdim. Kirsam urishib berurmi, deb istihola qildim. Nihoyat, tavakkal qilib ichkariga kirib, heder eshigigacha borgan edim, muallim-melamdn:
– Biyoyad, pisaram, biyoyad! – dedi. – Kel, o‘g‘lim, kelaver!

Ichkariga kirdim. Yonidagi ko‘rpachadan joy berdi. Oldidagi kitobini ochib, menga TAVROTning forsiy tarjimasini o‘qib berdi:

“Alloh taolo na xob mekunad va na pinagi”.

Quloq solsam, bizning Qur’ondagi “Oyatul kursiy”ning xuddi o‘zi.

***

Biz roviy hikoyasini shu joyda to‘xtatib, uning so‘zlari naqadar haqiqatga mos ekanini tekshirib ko‘ramiz (izoh bizdan N. B.).

“Baqara” surasi, 255-oyat:
Alloh, Undan o‘zga iloh yo‘q. U tirikdir va qayyumdir. Uni mudroq ham, uyqu ham olmas. Osmonlaru yerdagi narsalar Unikidir. Uning huzurida O‘zining iznisiz hech kim shafoat qila olmas. U ularning oldilaridagi narsani ham, ortlaridagi narsani ham bilur. Uning ilmidan hech narsani ihota qila olmaslar, magar O‘zi xohlaganini, xolos. Uning kursisi osmonlaru yerni qamragan. U ularni muhofaza qilishdan charchamas. Va U Aliy va Aziym Zotdir .

***

Men aytdim:
– Bizning Qur’onda ham arab tili bilan xuddi shuning o‘zi bor,– dedim.

Xulosa. So‘rashib tanishdik. U kishi yahudiylarning eng katta olimi ekan. Quddusi sharifda (Yerusalimda) yahudiylarning oliy maktabini bitirib kelgan ekan. Meni uyiga taklif qildi. Birga kaliso-sinagog yaqinidagi uyiga kirdim.

Uyida xotini, o‘n sakkiz va o‘n olti yashar ikkita qizi bor ekan. Ular meni yaxshi kutib oldi. Birgalashib o‘lturdik. Xotini tezgina dasturxon sola boshladi.

Tovuq go‘shtini quruq qovurib, har xil narsalar bilan mehmondorchilik qildi. Diniy e’tiqodim bilan bid’at aralash-quralash bo‘lib ketgan edi u paytlarda. Ko‘nglim tortmadi.

– Hozirgina ovqatlanib kelgan edim. Tovuq go‘shtini ham unchalik yoqtirmayman, – deb bahona qildim.
Uyalganimdan bir burda nonni kavshab o‘tirdim, bir piyola choy ichdim.

Katta qizlarining labi go‘shtli, beparvo tana a’zosi suyarlik emas. Pala-partishroq qiz edi.

Kichik qizi nihoyatda kelishgan: yuzlari oq rangga andak gulnora rangi qo‘shilgan kabi. A’zolari o‘ziga yarashgan. Lablari go‘yoki qizil gul g‘unchasiga o‘xshardi.

Xulosa. O‘z vaqtining eng chiroyli qizidir. Qachon mening ko‘zim unga tushsa, ul menga qarab turganini ko‘rdim.

Mening tabib ekanimni otasi bilib:
– Bavosir kasali bilan azoblanaman. Bu dardi bedavoning davosi bormu? – deb so‘radi.
– O‘ng tizzam qaqshab og‘riydur,– dedi xotun.

O‘z dardlarini mahalliy turk lahjasida binoiydek ifoda etar ekanlar. Qisman ajablandim, qisman xursand bo‘ldim – mahalliy tubjoy xalqni hurmat qilmoq vojibdur.

– Men albatta iloj-doru olib kelurman, – deb va’da berdim. – Endi menga izn beringizlar, – deb o‘rnimdan turdim.

Meni kuzatish uchun katta qizlari Mariyamdan boshqa hamma darvoza tarafga yurdi.

Kichik qiz yonimga yaqinlashib sekingina:
– Boz biyoyed, – dedi ma’yus ohangda. – Yana keling.

– Mebiyom, – dedim astagina. – Kelaman.
– Qachon kelasiz?

– Tez kunda kelaman.
– Rahmat.

Men hayron bo‘ldim, o‘ylanib qoldim: “Oyo, meni yaxshi ko‘rib qoldimu? Yo‘q, bu mumkin emas. Chunki men musulmon, u esa yahudiy-ku!”

O‘sha kundan boshlab hamma vaqt xayolimdan: “Boz biyoyed”, degan so‘zlari takror-takror o‘tib turardi.

Ikki kun o‘tdi. Otasi bilan onasiga doru tayyorladim. Kechki payt melamdn-muallimning hovlisiga kirib bordim. Rohila hammadan ilgari chopib kelib, xursand bo‘lib meni kutib oldi. O‘lturdik. Rohila ro‘paramga o‘tirib olib, mendan hech ko‘zini uzmadi. Ba’zan ko‘ziga andak yosh kelmakchi bo‘lsa, o‘zini boshqa narsalarga mashg‘ul qilmakchi bo‘lardi. Ikki kun ichida ko‘zimga xiyla so‘ligandek ko‘rindi. Rohilaning ota-onasiga dorularni berdim.

Onasi oshxonaga kirib ketadi. Otasi ham bir narsa uchun o‘rnidan qo‘zg‘aladi. O‘n besh daqiqa chamasi ikkimiz yolg‘iz qoldik.

Ilgari ota-onasining unga murojaatidan ismini eshitgan bo‘lsam ham:
– Otingiz nima?– deb so‘radim.

– Otim Rohila,– dedi-yu, birdan yig‘lab yubordi.
– Nega yig‘laysiz?– dedim.

– Xudam,– dedi.– O‘zim.
Opasi kirdi.

Rohila ko‘zyoshlarini opasiga bildirmaslik uchun uydan chiqadi.
Opasi qandaydir buyumni olib, yana tashqariga chiqadi.

Rohila ichkari kirib o‘tiradi, ko‘zlarini artadi:
– Boz miyoyed,– dedi.– Yana kelingiz.

– Omadam. Ammo ba padaru modaraton malol nameoyad? – dedim. – Kelaman. Ammo ota-onangizga malol kelmasmikan?

– Maloli ne, – dedi. – Malol kelmaydi.

– Uch kundan keyin dorularning ta’sirini bilish uchun kelurman.

Rohila bir uh tortdi-da, yana ko‘zlariga yosh oldi.

Menga ma’lum bo‘ldiki, Rohila meni chindan yaxshi ko‘rib qolgan edi.

– Rohila, o‘zimga qolsa, har kuni kelardim. Biroq har kuni huzurimga bemorlar kelib turadi. Ikkinchidan, ota-onangdan xijolat bo‘laman.

– Ota-onam keyin pushaymon bo‘ladi. Ammo foydasi bo‘lmaydi.
– Rohila, jinni bo‘ldingmi! Nega unaqa deysan? Unaqa dema.
– Shumo ham pushaymon meshaved,– dedi.– Siz ham pushaymon qilasiz.

Uchinchi kun yana keldim. Rohila kasal bo‘lib, ko‘rpa-to‘shak etib yotib qolgan edi. Ancha so‘lib qolgandek ko‘rindi.

Otasining bavosiridan qon oqishi to‘xtagan edi, o‘zida xiyla yengillik sezadir.

Onasining tizzalari og‘riqdan to‘xtagan, ammo qizining ahvolini ko‘rib jiddiy sarosimaga tushib qolgan edi.

Ota-ona Rohilaning nima uchun kasal bo‘lib qolganini aniq bilib olgan edi.

– Har kuni hech bo‘lmasa bir soat ham kelishingizni o‘tinib so‘raymiz,– deb ko‘zlariga yosh oladi onaizor meni kuzatib darvozaxonaga chiqib.– Biz kenja qizimizni bag‘oyat yaxshi ko‘ramiz.

– Evet,– deb yerga qaraydi padar.– Shundoq,– deb ma’yus jilmayadi.– Quddusi sharifda tahsil ko‘rib yurgan chog‘larim Onado‘li turklari lahjasini ham o‘rgandim,– deb izoh beradi.– Cho‘x go‘zal insonlardir Onado‘li turklari.

– Men-da turkcha ko‘nishiyurim,– dedim.– Istanbulga ikki daf’a safar kilmisham, kardashlar evinda musofir bo‘lmisham.

– Sag‘ o‘lsunlar.
–Vatan sag‘ o‘lsun!

Navbatda kelganimda ota-ona bizni ko‘proq yolg‘iz qoldirdi. Rohila bilan bemalol suhbatlashadigan bo‘ldik.
Marg‘ilonda “Nisobu-s-sibyon” kitobini o‘qib, yod olgan edim. Arab tilining qiyin so‘zlarini ham yaxshi bilardim. Faqat malaka yo‘qligi tufayli arabcha emin-erkin gaplasha olmasdim.

Abusami degan peshqadam yigit:
– Mana buni ko‘rgin,– deb menga bitta kitob berdi.

Qarasam, kitobning nomi “Bahr ul muhabbat fiy asroril-l mavadat” ekan. Ya’ni, “Sevgi dengizi va do‘stlik sirlari”. Kitob muallifi mashhur olimlardan Imom Muhammad G‘azzoliy edi. Asar arab tilining shirin so‘zlari bilan shu qadar ta’sirli yozilgan ediki, go‘yo “Yusuf va Zulayho” qissasini mutolaa qilayotgan chog‘ingiz voqea-hodisalarni ko‘z oldingizda sodir bo‘layotgandek his etardingiz. Ilohiy so‘zlarga sehrlanib qolardingiz.

Havodan, devorlardan doim:
“Hoy, Yusuf, boxabar bo‘l! Meni esdan chiqarma! Men hammasini ko‘rib turaman. Payg‘ambarlikdan mahrum bo‘lishing mumkin!” degan so‘zlar Yusufning qulog‘iga eshitilib turardi.

O‘sha kitobni qayta-qayta mutolaa qilaman. Har gal o‘qiyotganimda albatta yig‘lab-yig‘lab olardim. Kitob menga juda chuqur ta’sir qiladi, xotiramda o‘chmas iz qoldiradi.

Rohila bilan yolg‘iz qolib suhbat qurib o‘tirganimizda men erkakman, u ayol-ku degan xayolga bormasdim. Bunday gap tasavvurimga sig‘masdi: “Muhabbat mutlaqo pokiza bo‘lishi kerak!” Chin muhabbat shunday pok-pokiza bo‘ladi. Darhaqiqat, yuksak martabadagi chin muhabbat lazzatini aytib yo gapirib tushuntirib bo‘lmasa kerak. Uni faqat his etish mumkin. Boz ustiga, uni faqat boshidan kechirganlar his etadi, xolos.
Rohilaga faqat qo‘limni ushlab o‘tirishga izn berardim. Qizning ota-onasi ham mening pokiza va sof tuyg‘ularimni ich-ichidan his etib turishardi. Ular menga uzil-kesil ishonishardi.

Keyinchalik ma’lum bo‘ladiki, ular bizni yolg‘iz qoldirib tashqariga chiqib ketishgach, puxta maskirovka-ihota qilingan maxsus tirqishlardan bizni kuzatib, nazorat etib o‘tirishar ekan.

Bir kuni yana Rohilani ko‘rgani keldim.
– Mullo Abdulmo‘’min, bugun bitta qarindoshimiz to‘y qilyapti, nikoh marsimi bo‘ladi. Hammamiz to‘yga ketamiz. Rohila esa to‘yga borishga ojizdur. Iltimos, uyda yolg‘iz qolmasin. Kechqurun keling, Rohilaning yonida bo‘p turing,– deydi melamdn.

– Xo‘p bo‘ladi, kechqurun albatta kelaman,– deyman.

Kechqurun keldim. Uch-to‘rt dona katta-katta anor opkeldim. Rohilaning ota-onasi, opasi to‘yga ketdilar. Ikkimiz uyda yolg‘iz qoldik. U xursand bo‘lib birdan kulib yuborardi.

– Butun kecha yolg‘iz bo‘lamiz,– deb qo‘yardi xo‘rsinib.– Tun bo‘yi yolg‘iz bo‘lamiz. Tonglar otmasaydi…
Ilgari bir-ikki soatdan ortiq yolg‘iz qolmasdik.

– Yuragim siqilyapti,– deb ma’yuslanadi Rohila.– Ilgari hech bunaqa bo‘lmasdi, siz bo‘lsangiz xursand bo‘lib yotardim.

Har kim o‘z xayoli bilan xiyla payt gap-so‘zsiz o‘tirdik. Nihoyat, Rohila tilga kiradi:
– Anorni ezib bering, suvini ichgim kelyapti,– dedi.

Anorni ezib-siqib bitta chinni kosaga to‘ldirib berdim. Rohila yotgan edi, boshini ko‘tardim. Kosani og‘ziga tutdim. Andak anor sharbatidan ichib:
– Nafasimni birpas rostlab olay, keyin yana ichaman,– dedi.

Qirqinchi fonar yonar edi. Anor suvi to‘ldirilgan kosa fonar soyasida anor suvi rangining aksi Rohilaning yuzini bir bo‘limiga tushib, xom nuqra kabi chehrasi rangini shunday oqqa qizil qo‘shilishidan tengsiz ko‘rinish paydo bo‘ldiki, nihoyatda chiroyli edi.

Kosani jildirsam, betining bo‘lak parchasiga tushdi. Demak, kosa ichidagi anor suvi (miqdori) yuzining hammasini qoplamaydi. Rohilaga buni sezdirmayman. Asta turib tokchadan chinni oq tovoqni olib, anor suvining yarmini tovoqqa quyib fonarni pastga tushirdim. Yuzi, bo‘yni va ko‘ylaklarining hammasi shu rang tusiga kiradi.

Rohila ham gap nimadaligini tushunib qoldi. Chiroyli jilmaydi. Men oldida o‘tiribman.
– Hozir Zulayhodan necha barobar chiroylisan, Rohila!– dedim.

Darhol shirin tabassmu qildi:
– Yusufdan siz yaxshiroqsiz. Hech qanday Yusufga sizni almashmasman!– dedi.

Shu payt qo‘limning kaftini noxos ko‘kragiga bosdi. Shunday muloyim bir lazzatki, sezgi bilan barobar bir katta muzni boshimga qo‘ysa, jonim oyoq tirnog‘larimdan chiqib ketdi.

Qulog‘imga: “Hoy Mo‘’min, hushyor bo‘l!” degan tovush eshitilganday bo‘ldi.

Darhol qo‘limni tortib oldim. Qo‘rqqanimdanmi, hayajonlanganimdanmi, bilmadim, nafasim bo‘g‘zimga tiqilib qoldi, bemalol nafas ololmasdim.

Qo‘limni tortib olishim bilan Rohila menga teskari qarab yotib oldi. U piq-piq yig‘lay boshladi. Men bo‘lsam, lol bo‘lib qoldim: nazarimda, juda katta gunoh qilib qo‘ygandek edim.

– Sen meni qancha yaxshi ko‘rsang, Rohila, men ham seni undan kam yaxshi ko‘rmayman, balki ortiqcharoq yaxshi ko‘rarman. Lekin hammasini Xudo ko‘rib turibdi-ku! Biz bag‘oyat katta gunohga jur’at qilolmaymiz,– dedim.
Rohila esa hamon yig‘idan to‘xtamasdi:

– Sizning ko‘kragingizda yurak emas, tosh bordir!– dedi.– Yuzingiz shunday chiroyli bo‘lishiga yarasha yuragingiz ham andak muloyim bo‘lganda koshkiydi! Shunda meni bul daraja azoblamas edingiz.

– Men musulmonman, sen yahudiy bo‘lsang. Qanday qilib biz qovusha olamiz, axir!– dedim.
Bu – mening eng katta xatoyim bo‘ldi. Uning chin muhabbatini men qadrlay olmadim, buyuk muhabbatini baholay olmadim. Ojizlik qildim.

– Ikkimiz boshqa shaharga qochib ketamiz. Men musulmon bo‘laman,– dedi Rohila.

– Padaring yahudiylarning katta olimi, valiy bo‘lsa, biz bu xil xiyonatga yo‘l qo‘ysak, undan keyin ota-onang yahudiylar qavmi orasida qanday bosh ko‘tarib yuradi, Rohila?! Bu tomonini ham o‘ylayapsanmi?! – dedim his-tuyg‘ularini yamlab yutib yuborgan eski voiz kabi ezmalanib.

Shu pandona gapni aytib qo‘ydim-u, o‘zimni birdan yomon ko‘rib ketdim.

– Ohhhhhhhhh!– deb yubordi Rohila.– Bu ishimiz otamga bir jazo bo‘lar edi!– dedi.
– Nega unday deysan, Rohila, yana jinnilik qilyapsanmi?

– O‘zi avval nima uchun sizni uyimizga boshlab keldi? – deb yana oh tortib yuboradi.– Koshkiydi siz yahudiydan, men musulmondan tug‘ilgan bo‘lsaydik!– dedi.– Xudoyi taolo odam va ishqni yaratganda nima uchun yahudiyning ishqini yahudiyga, musulmonning ishqini musulmonga moyil qilib, yo‘naltirib yaratmagan ekan-a!

– Rohila, ishq degan narsa ixtiyoriy ham emas, kutiladigan bir narsa ham emasdir. Kutilmagan joydan kutilmagan bir kishining boshiga noxos tushadi-qoladi,– dedim.

Ahmoqona gap aytib qo‘yganimni darhol angladim. Ammo kech angladim. Aytilgan gap – otilgan o‘q. Gap og‘izdan, o‘q kamondan chiqib ketgach qaytarib bo‘lmaydi.

– Men o‘lsam yig‘laysizmi? – deb so‘radi Rohila.

– Rohila, jinni bo‘ldingmi?! Muncha hadeb sovuq gap qilyapsan?! Axir, yaxshi gapga ham, yomon gapga ham farishtalar “omin” deydi-ku!

– Farishtalar yaxshi niyatga “omin” demadi-ku! Endi, mayli, yomon gapga “omin” deyaversin!– deb yuboradi jahl aralash.

– Astag‘firulloh! – deb yoqamga tuflab qo‘ydim. – Unday demagin, jonim! Biz bir umr do‘st bo‘lib qolamiz.

– Yo‘q! – deb yotgan joyida bosh chayqaydi Rohila.
– Sen turmushga chiqasan, to‘yingga albatta kelaman,– dedim.

– To‘yimga emas, ta’ziyamga kelasiz!
– Astag‘firulloh!

– O‘shanda ko‘krak qafasingizdagi tosh bir oz erib, muloyimroq bo‘lib qoladi.– Rohila ko‘zlariga yana yosh oladi.

Negadir mening ko‘zlarimga yosh kelmay qo‘yadi. Ko‘zyoshlarim qurib qoldimikan, nima balo!

Rohilaning ko‘zlari ilinadi, birpas mizg‘ib qoladi. Men ham Rohilaning oyoq tomoniga boshimni qo‘yib uxlab qolaman.

Azon tovushi qulog‘imga chalinib uyg‘onaman. Asta turib, qiya ochib qo‘yilgan darvozadan ko‘chaga chiqib ketaman.

O‘sha kecha Rohilaning ota-onasi, opasi qachon uyga qaytganini payqamadim.

Yahudiylar ham erta tongda uyg‘onib, darvozalarini qiya ochib qo‘yishini o‘shanda ko‘rdim: ertalab Xizr alayhissalom rizq ulashib yuradi, kimning darvozasi ochilmagan bo‘lsa, o‘sha xonadon rizqdan benasib bo‘lib qoladi.

Buxoroga qaytib ketishimga to‘rt kun qolgan edi. Bu xabar Rohilaga qattiq zarba bo‘lishiga aqlim yetib turardi. Uning oldiga borganimda kecha oxirigacha safarim qariganini unga yotig‘i bilan aytmoqchi bo‘ldim-u, lekin hech tilim bormadi.

“Agar Buxoroga ketishimdan bir kun oldin aytsam, unga qattiq zarba bo‘ladi. Yaxshisi, uch-to‘rt kun oldin aytay. O‘zim bor paytimda xiyla ko‘nikib oladi”, deb o‘yladim.

– Rohila, o‘zing ham bilasan, men Buxoroga qaytmasam bo‘lmaydi. Boshqa ilojim yo‘q. Yaqin kunlarda qaytaman. Imkonini topsam, biror bahona qilib yana oldingga kelib ketarman. Yozda ko‘proq muddatga kelaman. Borib saroy tabobatiga yaqin bo‘lgan kunlarimdan esdalik uchun bir suratimni albatta yuboraman,– dedim.

Darhol ko‘zlaridan duv-duv yoshlar to‘kila boshladi. Shunday bo‘lishini ko‘nglim sezgan edi. Rohila yuzlarimga tikilib qoladi. So‘ng oh tortib yuboradi.

– O‘shal kuni sizni ko‘rmasdan o‘lib qolsam, men uchun yaxshiroq bo‘lardi,– dedi alam bilan.

– Rohila, yana bema’ni gap qilyapsanmi! Xudo xohlasa, yanagi yozda Samarqandga kelib, sening birorta so‘zingni yerda qoldirmayman, hamma istaklaringni bajo keltiraman. Durustmi? Va’da beraman. Nima, ishonmayapsanmi? Ungacha men senga suratimni yuboraman. Bu yog‘iga sabr qilgin, xo‘pmi? Yaxshimi?

– Siz kelguncha o‘lib qolsam ham sabr qilishim kerakmi? – dedi piching aralash.
– Yana-tag‘in og‘zingdan sovuq gap chiqyaptimi! – dedim xafa bo‘lib.

Rohila ko‘zyoshlarini tiya olmasdi.
– Men senga Buxorodan nima yuboray?– deb so‘radim.
– O‘zingizni,– dedi.

Bu gapni kulgiga aylantirib, uning xayolini chalg‘itmoqchi bo‘ldim:
– Juda katta konvert buyurtma berar ekanman-da!
Kulishdik.

Kechaning ikkinchi yarmida ko‘zlari o‘z-o‘zidan yumilib qolardi, birpas pinak etib olardi. To‘rt-besh daqiqadan so‘ng noxos uyg‘onib menga qarardi, yonida o‘tirganimni ko‘rib xotirjam tortardi-da, yana uyquga ketardi. Shu tariqa tong ottiramiz.

Ota-onasi keladi. Men ulardan javob olib, ijara uyimga ketdim.

Avgust oyi oxirlab qoladi. Birinchi sentyabrdan o‘qish boshlanur (ha, 100 yil oldin Turkiston madrasalarida o‘quv yili Rusiya maorif tizimi bilan moslashtirilgan edi).

Rohilaning ota-onasi bilan xayrlashib, qalbimni batamom zabt etgan bemor qizni og‘ir ahvolda qoldirib Buxoroga ketdim. Buxoroga yetib kelib o‘sha kuniyoq pochta bilan suratimni Rohilaga jo‘natdim.

Kecha-kunduz: “O‘lsam, yig‘laysizmi?” degan so‘zlari xayolimdan ketmas edi.

Hayot esa o‘z izmida, o‘z yo‘nalishida davom etardi. Yana madrasada darslar boshlanadi, muolajaga aloqador ishlar ham davom etaveradi. Hamon tabiiy giyohlar aralashmasidan ibn Sino bobo yo‘l-yo‘riqlari asosida iloj-doru tayyorlab, yarmini Samarqandga yuborar edim.

Kuz fasli. Oktyabr oyi edi. Samarqandlik Eshon Hodixonning tavsiyanomasini ko‘tarib Samarqandning Oqtepa stansiyasidan Mullo Rustam mingboshi Buxoroda paydo bo‘ladi; so‘roqlab meni topadi. Salom-alikdan so‘ng xatni qo‘limga tutqazadi. Iltimosnoma ekan: “Oqtepa stansiyasi yonida (hozirgi Proletar stansiyasi) bir katta boyning o‘g‘li kasaldir. Iltimos qilamiz, bir kelib ko‘rsangiz”.

Men Marg‘ilonga buyurtma berib bir kiyimlik juhudi sariq xonatlas oldirib qo‘ygan edim. Uni birorta tanishim orqali Rohilaga berib yubormoqchi edim. Samarqandlik insonlar taklifini darhol qabul qildim. Mullo Rustam bilan Samarqandga jo‘nab ketdim. Samarqand stansiyasida poyezddan tushib qolib: “Ertaga meni Oqtepa stansiyasida kutinglar”, deb hamrohimga tayinlab yubordim.

Yo‘l-yo‘lakay Siyob bozoriga kirib har xil shirinliklar xarid qildim. Xonatlas bilan miyonchani ham qo‘shib Rohila huzuriga kirib bordim. Bir kecha uning yonida qoldim.

Rohila o‘zini xiyla oldirib qo‘ygan edi. Aksar vaqtini to‘shakda yotib o‘tkazardi.

– Mana ko‘rdingmi, azizam, birinchi imkoniyat paydo bo‘lgan zahoti yoningga yetib keldim. Sabr qilg‘il. Ko‘nglingni cho‘ktirma, xafa bo‘lmagin. Yozgacha ilojini topgan zahotim kelib sendan tez-tez xabar olib turaman,– deb ko‘nglini ko‘tarmoqchi bo‘ldim, tasalli berdim.

– Mana, kecha-kunduz mening rafiqim bor,– deb ko‘kragiga bosib yotgan suratimni ko‘rsatdi.
Birdan ko‘zlaridan duv-duv yoshlar oqa boshladi.

Uni yupatmoqqa urinaman:
– Ko‘rdingmi, Rohila, men va’daga vafo qilib, Buxoroga borgan kunim senga suratimni yubordim. Mana, birinchi imkon paydo bo‘lgan zahoti yana huzuringga yetib keldim. Va’daga vafo qilishimni o‘zing ko‘rib turibsan-ku! Yozda ta’til payti Samarqandga kelib yoningdan bir qadam ham jilmayman, nima istasang bajo keltiraman. Durustmi, jonim?

– Koshkiydi,– deb ma’yus jilmayadi.

– Rohila, bu xonatlasni sen uchun Marg‘ilondan ataylab oldirdim. Agar uni ustingda ko‘rsam, Majnun bo‘lsam kerak! Rangi ham senga mos keladi,– dedim.

Qo‘limdan darhol xonatlasni olib ko‘kragiga bosadi, shu tariqa meni xursand qilmoqchi bo‘ladi. Aslida, shu tobda latta-puttaga hech qanday ehtiyoji yo‘q edi.
Xonatlasni ko‘kragiga mahkam bosib, ko‘zlarini yumib oladi.

Tun bo‘yi sekin-sekin gaplashib yonma-yon yotdik. Deyarli uxlamadik. U goh yig‘lab, goh qiqir-qiqir kulardi. Odatdagidek, barmoqlarimni o‘ynar edi. Ora-orada birpas mizg‘ib olardi. Birdan cho‘chib uyg‘onib ketardi. Yuzimga termilib turib:

– Kelganingiz meni qanchalar xursand qilsa, ketishingizda dilim vayron bo‘ladi. Ko‘nglim shunchalar og‘riydiki… Yo‘q paytingiz bir kun bir yildek tuyuladi. Siz bularni bilmaysiz. Meni yaxshi ko‘rishingizga ham ishonmayman,– dedi.

Ichimda bir narsa chirt etib uzilib ketgandek bo‘ladi.

Tong otdi. Nonushta qildik. Rohila yig‘lab qoladi.
Oqtepaga borib bemorni ko‘zdan kechirdim, lozim bo‘lgan dorularni tavsiya etdim.

Keyin Toshkentga jo‘nadim. Hozirgi gazeta-jurnal chopxonasi orqasidagi Rusiya mehmonxonasiga tushdim. Hozirgi Lenin muzeyi o‘rnida (xotira yozilayotgan va oxiriga yetkazilgan paytlarda hozirgi O‘zbekiston tarixi muzeyi o‘rnida Lenin muzeyi bor edi: izoh bizdan– N. B.) qator aptekalar bo‘lib, eng zamonaviy doru-darmonlarni shu yerdan topish mumkin edi. Besh yashik har xil dorular, tibbiyot asboblari xarid qildim. Ularni Buxoroga pochta yuki (bagaj) etib jo‘natib yubordim.

Eski shaharga borib zargarlik do‘konidan 100 so‘mga brilliant ko‘zli tillo isirg‘a oldim. Yana birtalay mayda-chuydalar xarid qildim. So‘ng poyezdga Samarqandgacha patta olib vokzalda vagonga o‘tirdim.

Samarqandga yetib bordim.

Yahudiylar mahallasida Rohilalar hovlisiga kirdim. Rohila hamon kasal bo‘lib yotgan edi. Ustiga xonatlasni tashlab olibdi. Xonatlas sap-sariq edi, Rohilaning yuzlari oq-sariq edi; ranglar bir-biriga uyg‘un kelgan edi. Xonatlas nihoyatda yarashar ekan.

Ota-onasining huzurida Rohilaning kaftining orqasini birinchi marta oshkora o‘pdim. U ham qo‘limni labiga bosib, uzoq qo‘yib yubormadi. Qo‘limni goh yuziga ham bosib turar edi.

Ota-onasiga malol kelmasa koshkiydi deb xavotirlanib asta ko‘zimning qirini tashlasam, ular bir nimalarni bahona qilib boshqa tarafga qarab o‘tirishgan ekan. Birdan yengil tin oldim. O‘rnimdan qo‘zg‘aldim. Mayda-chuydalarni otasining qo‘liga berdim.

– Bu Toshkentdan esdalik,– dedim.
Qaytib yana Rohilaning yoniga o‘tirdim.
Ota-onasi xonadan chiqib ketishdi.

Ko‘krak cho‘ntagimdan brilliant ko‘zli isirg‘ani chiqardim. Rohilaning qulog‘idan yoqut ko‘zli isirg‘ani asta yechib oldim, o‘rniga brilliant ko‘zli isirg‘ani qulog‘iga taqib qo‘ydim.

– Nega muncha pul sarflaysiz? O‘zimning yoqut ko‘zli isirg‘am bor-ku!– dedi.
– Men pulni yaxshi ko‘rmayman,– dedim.– Koshkiydi sening ko‘nglingni shod etsam, Rohila!

– Rahmat. Mayli, siz uchun taqaman. Endi qulog‘imdan aslo yechib olmayman.

U chap qo‘limni o‘pdi.
– Mana, jonim, ko‘rdingmi, yozgi ta’tilgacha yana ancha bor, lekin imkon topib seni ko‘rgani ikkinchi marta keldim,– dedim.

– Meni sensiray boshladingiz!– deb ko‘rsatkich barmog‘ini o‘qtalib yolg‘ondakam po‘pisa qildi.
Kulib yubordim. U ham kuldi.

– Kechiring! O‘zim ham bilmay qoldim. Qachondan beri sizni sensiray boshladim, Rohila?
– Bilmasam,– deb yana kuldi.– Hazillashdim, endi sizlamang meni, doim sensirayvering. Sizlasangiz xafa bo‘laman.

– Bo‘pti,– dedim.– Yozgacha yana biror bahona topib, albatta Samarqandga kelaman. Sen endi xafa bo‘lma. Sabr qilgin. Yozda barcha istaklaringni bajo keltiraman.

– Rostdanmi?– deb so‘radi u ishonqiramay.– Barcha-barcha istaklarimni bajo keltirasizmi?

U nimani nazarda tutayotganini sezib turardim. Uning ohu ko‘zlariga tikilib o‘ylanib qoldim. Bir-birimizdan ko‘z uzmay o‘tiraverdik.

– Ha, barcha istaklaringni bajo keltiraman,– dedim jiddiy ohangda.– Men sevaman seni, Rohila.
Noxos yig‘lab yubordi. Bu safar yupatmadim. Mayli, ko‘nglini bo‘shatib olsin.

– Men Buxoroga ko‘p dorular, tabobatga tegishli asbob-uskunalar jo‘natib qo‘yganman Toshkentdan. Borib olmasam bo‘lmaydi,– dedim.

– Kechikmaysizmi, ishqilib?
– Buxoroga borib senga doru tayyorlab yuboraman.

Birdan ko‘zlaridan yosh quyilib kela boshladi.

– Mening kasalim doru bilan tuzaladigan kasal emas. Nainki shu kungacha kasalimni bilmagan bo‘lsangiz!
– Bilaman,– dedim yerga qarab.
– Dorum o‘zingizdir.

Endi mening ko‘zlarimdan ham tirqirab yosh chiqib ketdi.
Yuzimni yuzlariga bosdim. Ko‘zyoshlarimiz qo‘shilib ketdi.
Nihoyat, xayrlashib vokzalga chiqdim.

Buxoroga qaytdim. Rohilaning holati bu safar menga qattiq ta’sir qiladi. O‘zi ham, so‘zlari ham shuurimga muhrlanib qoladi. Goh qomatini, butun vujudini, goh so‘zlarini eslar edim. Doim uni o‘ylardim. Endi qat’iy inondimki, men Rohilani chinakamiga sevib qolgan edim. Unga va’da berdim, uylanaman deb va’da berdim: “Barcha-barcha istaklaringni bajo keltiraman”, dedim. Yozda Rohilaning istaklari bajo keltiriladi. Xo‘sh, endi nima qilaman? U faqat bir narsani istaydi – o‘zini menga bag‘ishlamoqchi, vassalom. Visol bog‘ining mevasidan to‘yib-to‘yib totmoq istaydi.

Ey Xudoyim, nega uni yahudiy, meni musulmon etib yaratding? Nega payg‘ambarlar mojarosini osmoni falakda hal etib qo‘ya qolmasdan, yerga tushirib odamzod ixtiyoriga havola etib qo‘yding? Agar Rohila menga o‘zini bag‘ishlab, muslima bo‘lsa, Muso alayhissalom qiyomatda Rohilani ummatim demaydimi? Rasululloh qiyomatda Rohilani ummatim deydimi? Rasululloh shafoat qilarmikan, yo‘lingdan adashmagan payg‘ambarlarni qiyomat kuni yoniga olarmikan? Payg‘ambarlaring qiyomatda o‘z ummatlarini himoya qilaman deb dargohingni ostin-ustin etib yubormaydimi, Xudoyim?

Xulosa. Yursam ham, tursam ham xayolim shu kabi fikrlar bilan band edi. Ul oy mening ishqimda kasaldir. Ul mohitobonning muhabbati chin muhabbatdir. Agar ul bandai ojiz shu dard tufayli o‘lib qolsa, ey Xudoyim, dargohingda men gunohkor bo‘lamanmi? O‘zing uni yahudiy, meni musulmon etib yaratib qo‘yibsan-ku, Parvardigori olam? Nega bani odamni teng qilib yaratmading?

Boshim tors etib yorilib ketaman derdi.

Unga bergan va’dalarim esimga tushsa, hademay yoz ham keladi, men nima qilaman, deb uyqularim qochib ketardi. Yurib ketayotgan bo‘lsam, to‘xtab qolardim. To‘xtab turgan bo‘lsam, madorim qurib o‘tirib qolardim. O‘tirgan bo‘lsam, chalqancha tushib yotib olardim.

Rohila arabiy imloni, men esam ibroniy imloni bilganimizda bormi, xat yozishib bir-birimizning ahvolimizdan xabardor bo‘lib turar edik. Xat tafsif muloqotdir. Ya’ni, xat yarim ko‘rishmoqqa barobardir.
Bir kuni Mir Arab madrasasidagi hujramning eshigi ohista chertildi.

– Marhamat,– dedim.
– Mumkinmi?– deb ellik yoshlar chamasi bir notanish kishi ichkari kirib, odob bilan ko‘rishib bir chetga o‘tirdi.

U gavdali, kallasi katta, o‘zi qorachadan kelgan edi. Qo‘ynidan bir xat chiqarib menga uzatdi. Ochib qarasam, Samarqand ulamolaridan iltimosnoma ekan: “Ushbu xatni olib boruvchi Jizzax qozisidir. Uning o‘g‘li anchadan beri kasal. Bizdan sizga iltimosnoma yozib berishimizni o‘tinib so‘radi. Agar mumkin bo‘lsa, bir-ikki kunga Jizzaxga kelib, qozining hojatini chiqarsangiz. O‘zi yaxshi odam. Iloho, noumid qilmagaysiz”.

Vassalom. Faloniy, Faloniy. Garchi Faloniy bilan Faloniyni yaxshi tanimasam ham ularning taklifini bajonidil qabul qildim. Chunki Rohilani oxirgi marta ko‘rganimga ikki oydan oshgan edi, uning ahvoli hozir qanday ekanini bilmasdim. Mana, bahonai sabab o‘z oyog‘i bilan kelib o‘tiribdi. Darhol xojamizdan ikki kunga ruxsat so‘rab, o‘sha kuniyoq Jizzaxga jo‘nadik. Samarqandga tushib o‘tishni ham rejalashtirib oldik.

Samarqandga keldim. To‘g‘ri Rohilaning uyiga bordim. Ota-onasi meni darvozaxonada ko‘rib ezilib-ezilib yig‘ladi. So‘ngra o‘zlarini qo‘lga olib ko‘zlarini artdilar. Rohila yotgan uyga meni taklif qildilar: u og‘ir kasal edi, kalta-kalta yo‘talardi. Rohilaning oldiga tiz cho‘kib o‘tirdim, boshini ikki qo‘lim bilan ohista hovuchlab ko‘tarib peshonasidan qayta-qayta o‘pdim. U chap qo‘lini bo‘ynimga soldi, o‘ng qo‘lini ko‘kragimga qo‘yib meni o‘ziga asta tortdi. Darhol chap yuzimni labiga yaqinlashtirdim. Yuzimdan o‘padi deb o‘ylagan edim; u esa yuzimni birpas iskadi, chuqur-chuqur nafas olib hidlarimga to‘yib olgandek bo‘ldi. So‘ng bo‘ynimni qo‘yib yubordi.

– Qo‘llaringizga og‘irligim tushib, charchatib qo‘ymadimmi?– deb so‘radi shivirlab.

Bu gapi meni to‘lqinlantirib yubordi; o‘pkam to‘lib ketdi, ko‘zlarimda yosh g‘iltilladi. Boshini asta yostiqqa qo‘ydim. Pastki labimni qattiq tishlab bir nuqtaga tikilib qoldim: shu holatida ham menga mehribonlik qiladir.

Yonida indamay o‘tirdim. Ko‘zlaridan ashk oqa boshladi. Boshi ostidagi bir juft par yostiqlar qatidan ro‘molchasining uchi chiqib turgan ekan, uni olaman deb yostiqni ko‘tardim. Ikki yostiq orasida mening suratim bor ekan. Ro‘molcha bilan ko‘zyoshlarini artmoqchi bo‘ldim.

– Xudam,– deb ro‘molchani qo‘limdan oldi. Ko‘zyoshlarini nafis harakatlari bilan artib qo‘ydi. Yuzlarimga ma’noli tikilib qoldi.
O‘zimni noqulay his eta boshladim.

Uning xayolini chalg‘itmoqchi bo‘ldim:
– Rohila xonum, men Jizzaxga borib keldim. Forish deparasida sersuv tog‘lar ham bor ekan. Bog‘bon Ota ajib bog‘ yaratibdi. Unga havas qildim. Xudo xohlasa, yozda seni albatta Bog‘bon Ota bog‘iga olib boraman; boqqa yetmasdan o‘ng tarafda tog‘dan oqib tushayotgan shifobaxsh jilg‘a bor ekan. Jilg‘a tutzorda hovuzga to‘planadi, odamlar hovuz paynovidan oqib tushayotgan suvdan to‘yib-to‘yib ichadilar, chodra tutib qo‘yilgan pana chertakka paqirlab suv opkirib ketib g‘usl qiladilar. Afsus, o‘sha suvdan olib kelolmadim. Mana, faqat o‘zimni olib keldim, xolos. Konvertsiz ham pochta tashiydigan poyezdda kelsa bo‘lar ekan. Jizzaxda konvert yo‘q ekan,– deb kuldim.

Rohila ham kuldi. Yotgan joyida yuzlari oydek sutrang nur taratardi.

– Odamlar chodrada g‘usl qiladilarmi?– deb so‘rab qoldi noxos.– Farzand istab borgan er-xotin o‘sha joyda qo‘shiladimi?

– E-e yo‘g‘-e! Nega bunaqa deyapsan?
– O‘zingiz boya chertakka suv opkirib ketib g‘usl qiladilar demadingizmi?

– Dedim…– Birdan bu so‘zning boshqa ma’nosi ham borligi esimga tushib kulib yubordim.– Obbo, sen bilan o‘ylabroq gaplashish kerak ekan-ku! Sendek oqila qiz bu tomondan xavfli bo‘lar ekan. Ya’ni, so‘zingdan tutib olib, hech kutilmagan tomondan hujum qilib qolishi mumkin. Ha!

– Chuqurlashmang,– deb kiprik qoqdi.– Men bir og‘iz izoh so‘radim, xolos.

Chakkamni qashladim. Mavzuni boshqa tomonga burish lozim, shekilli.
– Buxorodan nima yuboray?– dedim.
– Hech narsa darkor emas,– deb birpas tin olgach, qo‘shib qo‘ydi:– Mayli, sazangiz o‘lmasin, o‘zingizni jo‘natib yubora qoling.

– Bo‘pti, kattakon konvert yasataman buyurtma berib, o‘shanga o‘zimni solib yuboraman,– dedim.
Odam ham sig‘adigan konvert haqida biz oldin ham gaplashgan edik. Rohila jilmayib qo‘ydi.
– Yana kasal ko‘rgani bordingizmi?– deb so‘radi.– Qayerga bordingiz?

Safar taassurotlarini so‘ylab berdim. Birdan Jizzax qozisi menga Narvon Ota qishlog‘idan besh tanob yer sovg‘a qilganini eslab qoldim. Choponimning cho‘ntagidan qozi muhr bosib bergan vasiqani chiqarib ko‘rsatdim.

– Sen bilan erta bahorda Narvon Ota qishlog‘iga borib, yerimizni qo‘sh bilan haydatib, har xil ko‘chatlar ekib qaytamiz. Bodom, o‘rik, zardolu, angur, uzum ko‘chatlari ekamiz,– dedim.

Rohila vasiqani tomosha qilib qaytarib berdi. Kulimsiradi.

– O‘rik bilan zardoluni, uzum bilan angurni bitta paykalga ekib bo‘lmaydi,– deb menga zimdan qarab qo‘ydi.

– Nima uchun?
– Angur gullaganda ostidan ilon ham o‘tmasligi kerak. Aks holda gulini tashlab yuboradi.

– Uzum gullaganda-chi?
– Uzum gullagan paytda ilon inidan olisga ketmasdan bolalarini boqayotgan bo‘ladi,– dedi pinak buzmasdan.

– Zardolu bilan o‘rikni nega yonma-yon ekib bo‘lmaydi?
– Sababini bilmayman-u, lekin qandaydir irimi bor,– dedi.
Kulib-kulib Rohilaning burnini chimchilab qo‘ydim.

– Rosa uloqtirding-a!– dedim.– Angur bilan uzum, o‘rik bilan zardolu bitta narsa ekanini bilmasang kerak deb o‘ylovdim-da!

– Vasiqani notariusga olib borib tasdiqlatib oling,– dedi Rohila.– Jizzax qozisining muhri bosilgan vasiqa faqat Jizzax deparasida qonuniy kuchga ega bo‘ladi, Rusiya hukumati idorasi bo‘lmish notarius kontorasi muhr bilan tasdiqlagan hujjat esa butun dunyoda qonuniy kuchga ega bo‘ladi. Yo noto‘g‘rimi?

– To‘g‘ri,– dedim.– Muncha aqllisan-a!– deb yana burnini chimchilab qo‘ydim.

Rohila suratimni yostiq ustiga olib qo‘ydi. Chehrasi yorishib ketdi.

– Ha, endi suratimdan zerikdingmi? Ko‘kragingga bosib yotarding, endi yostiq ostiga tiqib qo‘yadigan bo‘psan? Tinchlikmi?

– Xudo saqlasin! Bu surat mening umrlik yo‘ldoshim, dilimning rohatidir!– Yostiq ostidan suratimni oldi, ko‘kragiga bosdi, ustidan silab-siypaladi.

So‘ng qo‘llarimni qo‘llariga olib siynalariga qattiq bosdi.
– Endi tortib olmaysizmi?

– Tortib olmayman,– dedim ko‘zlarimni yumib.– Yozda kelganimda inon-ixtiyorimni batamom senga beraman. Xohlasang, pishirib yeysan! Xohlasang, xomligimcha yeyaverasan!

– Qanday yeyishni o‘zim bilaman,– dedi.
Kulishdik. Chehrasi ochilib ketdi.

Ahvoli yaxshi emas edi. O‘pka sili madorini olib qo‘ygan edi. Endi uni bahorgacha tirik ko‘ramanmi-yo‘qmi?

Og‘ir o‘y-xayollarimni unga sezdirmaslikka harakat qilardim.

Xonaga otasi kirib keldi.
– Abdulmo‘’min, oshxonaga chiqsangiz, choy tayyorlab qo‘ydim,– deb lutf qildi.

– Buyuring,– dedi onasi ham tavoze bilan engashib.
– Nimani buyuray?– dedim. Rohilaga qarab:– Katta konvert buyuraymi?– dedim.
Yengil kulgi ko‘tarildi.

– Xonim afandimiz, marhamat qilsinlar, deyaptilar,– deb izoh berdi melamdn-muallim.
– Evet,– deb xijolatomuz jilmaydi onasi.

– Xonim Quddusi sharifda saljuqiy turklar bilan muloqotda bo‘laverib, alarning go‘zal lahjasini o‘zlashtirmish. Aybga buyurmagaysiz.

– Onajon, dasturxonni shu yerga olib keling, mening oldimda choy ichingizlar,– deb qoldi Rohila.

U men bilan ko‘proq birga bo‘lishni istardi. Buni ota-onasi ham darrov payqadi, albatta.
Ichkariga bejirim xontaxta olib kirildi. Onasi birpasda dasturxon tuzadi. Baqamti o‘tirib choy ichdik, yengilgina tamaddi qildik.

Jizzax safarim taassurotlarini hikoya qilib berdim. Vasiqani cho‘ntagimdan chiqarib ko‘rsatdim. Rohila yana notarius masalasini qo‘zg‘adi.

– Vasiqani qoldiring, o‘zim notariusga tasdiqlatib, muhr bostirib qo‘yaman,– dedi otasi.
– Sizga zahmat bo‘lmaydimi?– deb vasiqani uzatdim.– Cho‘x tashakkur edaram!

– Dorular uchun haq olmayapsiz…– deb xijolat chekib qiziga qarab qo‘ydi bechora ota.– Bizni bir umrlik qarzdor etib qo‘ydingiz.

– Yaxshiliklaringiz bizdan qaytmasa, Xudoyimdan qaytsin,– dedi ko‘zlariga yosh olib onaizor.
– Modari mo…– deb Rohila gapining davomini aytmadi, faqat bosh chayqab qo‘ydi, xolos.

– Tashakkurlar,– dedim ta’zim qilib.– Men bugun Buxoroga yetib bormasam bo‘lmaydi. Ikki kunga ijozat so‘rab kelgan edim. Tog‘ yo‘lini qor bosgan ekan, Jizzaxga borib kelishim ko‘proq cho‘zilib ketdi.

– Yo‘q, bugun hech qayoqqa ketmaysiz,– dedi Rohila.
– Menga faqat ikki kunga ruxsat berishgan, xolos.
– Yo‘q, yo‘q, bugun ham qolasiz!– dedi takror Rohila.

Ota-onasi ko‘zlarini javdiratib menga qarab turishardi; shu tobda ular oyog‘imga yiqilishga tayyor turardi. Holatimdan o‘zim uyalib ketdim.

– Keling, yana biror narsani bahona qilarsiz,– dedi otasi yalingandek bo‘lib.– Men siz bilan notariusga uchrashib kelaman. Shu bahonada ishingizni ham bitirib olasiz. Yo‘q demang endi.
Ota-ona qizlarining ko‘ngli uchun har narsaga tayyor edi.

Yana bir kun Rohilaning oldida qoldim. Muallim bilan notarius kontorasiga borib vasiqani o‘z nomimga qayta rasmiylashtirib, maxsus daftarga qayd qildirib oldim. Notarius kontorasinining ish bitiradigan xodimi muallimning o‘quvchisi bo‘lgan ekan, ustozining izzat-hurmatini o‘rniga qo‘ydi.

Ishimiz bitgach, muallim Heder-boshlang‘ich maktabga yo‘l oldi. Men uyga yolg‘iz qaytdim.
Onasi ham Rohila ikkimizni holi qoldirib xonadan chiqib ketadi.

– Bitdimi ishingiz?– deb so‘radi Rohila.
– Otangni shogirdi ishlar ekan-ku notarius kontorasida! Birpasda vasiqani rus tiliga tarjima qilib, mashinkada chiq-chiq qilib ruscha matnni bexato yozib, muhrlatib berdi,– dedim.

– Ishni doim puxta qilish kerak,– dedi Rohila kulimsirab.– Ana endi bahorda Narvon Ota qishog‘iga borib, o‘z yerimizda bemalol bog‘ yaratishimiz mumkin.

– Rahmat, notarius borligini menga aytmaganingda holim nima kechardi, bilmadim.

Tushdan keyin opasi kelib Rohila bilan ancha gaplashib o‘tirdi. U bitta chevarga shogird tushibdi; ustoz uyida yotib, xizmatini qilib yurib, hunar o‘rganayotgan ekan.

Opasi ketgach, Rohila:
– Bilasizmi, suratingizni nima uchun yostiq ostiga yashirib qo‘ygan edim?– deb savol berdi.
– Nahotki opang seni suratimdan ham rashk qilsa!

– Yo‘-o‘q, opam rashk qilmaydi,– deb bosh chayqab kuladi.– Ba’zan meni ko‘rgani qo‘ni-qo‘shni kampirlar kirib turishadi. Yahudiy kampirlar ham gap tarqatishda sartlardan qolishmaydi. Ularning tillari bir qarich bo‘ladi, o‘-o‘-o‘! Ko‘kragimga musulmon yigitning suratini bosib yotganimni ko‘rib qolishsa bormi, urdi Xudo!
– Tushunarli,– dedim.– Kampirlar hamma joyda o‘ziga yarasha ermak topib olishadi-da!

Bildimki, suratimni yostiq qatida ko‘rib hazillashgan bo‘lsam-da, u rostdan meni xafa bo‘ldi deb o‘ylagan ko‘rinadi. Vaholanki, men faqat uni kuldirmoqchi bo‘lganman, xolos. Shu arzimas voqea ham Rohilaning menga munosabati naqadar jiddiy va chinakam insoniy tuyg‘ular ekanini ko‘rsatib turardi.

Kechqurun Rohilaning yoniga o‘rin to‘shab berdilar. O‘ng tarafiga yangi ko‘rpachalarni ikki qavat etib tashlab qo‘yishdi. Men o‘ringa kirib yotmadim, Rohilaning o‘ng tomoniga o‘tib o‘tirdim. Tun bo‘yi mijja qoqmadim. U qo‘llarimni ushlab, siynalari ustiga mahkam bosib olardi. Shu holatda uyquga ketardi. Qo‘llarim tolib, sekin tortib olmoqchi bo‘lardim.

– Mendan o‘zingizni olib qochyapsizmi?– deb pichirlardi.
– Yo‘q, jonim, tashqariga chiqib nos chekib kelmoqchi edim,– deyman hazillashib.

– Aldoqchi,– deb kulimsiraydi.– Nos chekishni ham Jizzax qozisi o‘rgatdimi?
– O‘zim bilardim. Faqat sendan yashirib chekardim.

– Aldoqchi,– dedi yana.
– Rost aytyapman. Bizda kampirlar ham nos chekadilar. Enam ko‘pincha meni qo‘shni mahallaga yugurtirib, nosfurushdan nos oldirardi. Bir chimdim-yarim chimdim o‘g‘rincha chekib yurib oxir-oqibat qip-qizil kashanda bo‘ldim-qoldim.

Rohila gaplarimni jimgina eshitib yotadi. Albatta, zarracha ham ishonmaydi. Nafas olishida o‘zgarish sezmayman. Agar nafas olishi o‘zgarsa edi, gaplarimga ishonib hayajonlanganini oshkor etib qo‘yardi.

Deraza yuqorisidan to‘lin oy mo‘ralab turardi.

Rohila yuzlarimga qattiq tikilib qoladi. So‘ng dona-dona qilib:
– Siz berahm va zolimsiz,– dedi.

Indamadim. Boshimdan muzdek suv quyib yuborilgandek bo‘ldim. A’zoi badanim muzlab ketdi. Birpasdan so‘ng esa badanim lovullab yonib ketdi go‘yo.

– Xafa bo‘ldingizmi?– deb so‘radi mayin tovushda.– Men shunchaki hazillashdim, xolos.
– Bilaman,– dedim asta.– Bilaman.

– Hazilim ko‘nglingizga og‘ir botmadimi?
– Berahm va zolim odamda ko‘ngil nima qilsin!

– Og‘ir botibdi-a… Vodiy xalqi hazilkash bo‘lardi-ku!

– O‘n to‘rt yashar paytimda endi choyxonama-choyxona daydib yurib askiya eshitadigan, askiya aytadigan chog‘im vodiydan chiqib ketgan bo‘lsam, bu yog‘iga o‘zing muallimlik qilaverasan-da!
– Bitta hazilga shuncha qovoq-tumshuqmi, muncha!
Qarasam, Rohila rostakamiga taraddudlanib qoldi.

– Sen hozir kasalsan. Og‘zingga kelgan gapni aytishing mumkin, xafa emasman. Xudo xohlasa, bahorda tuzalib ketasan. Undan keyin behijob gap aytib yuborsang, jonim, albatta xafa bo‘laman. O‘shanda, ehtimol, uyga qamab olib do‘pposlashim ham mumkin.

U qo‘llarimni olib yana siynasiga mahkam bosadi.
– Mayli, roziman,– deb shivirladi.

Endi siynalari muloyim va dirkillagan emasdi, so‘lib qolgan edi, chandirga o‘xshardi.

– Yana ko‘rishar ekanmizmi?– dedi shivirlab. Ko‘zlarida yoshlari g‘iltillab turganini payqadim.
– Unday dema, sovuq nafas qilma.

– O‘lsam yig‘laysizmi?
– O‘sha gapni yana og‘zingga olyapsanmi? Meni xafa qilib Buxoroga kuzatib qo‘ymoqchimisan?
– Kechiring,– dedi qult etib yutinib.

U yig‘isini arang ichiga yutib yotardi.

– Hademay bahor keladi. May oyi oxirlarida ta’tilga kelaman. Bu yerda ustozimdan oladigan saboqlarim bor. Ehtimol, vazifalar olib, toqqa borib mustaqil mashq qilarman. Sen bilan Forish tog‘lariga qochib ketamiz. Narvon Ota qishlog‘iga borib besh tanob yerimizda dehqonchilik qilamiz. Mol-qo‘y qilamiz. Sen sigir sog‘ishni o‘rganasan, men o‘tin yorishni o‘rganaman. Qalay!

– Ul vaqtda maysalar yam-yashil bo‘ladi, tog‘larni lola-qizg‘aldoqlar qoplaydi… Jilg‘alar jildiraydi… Bulbullar sayraydi… Do‘lanalar oq va sariq tusda qiyg‘os bo‘lib gullaydi…

– Shoshma, sen Forish tog‘lariga qachon borgansan?– deb so‘radim hayron bo‘lib.

– Ta’rifini o‘zingizdan eshitib, tasavvurlarimni gapirib beryapman,– dedi ko‘zlarini yumib.– Aslida, Forish tog‘larini siz ham bahor chog‘ida ko‘rmagan bo‘lsangiz kerak. To‘g‘rimi?

– Men ko‘rmagan bo‘lsam ham Jizzax qozisi O‘rozboy ota ko‘p ko‘rgan, o‘zi esa Past Ko‘sa qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan.

– Shunaqami?– Xiyla sukut qiladi.– Bittayu bitta o‘g‘li bormikan?

– Ha. Buni ham saqlab olgan ekan. Qaynog‘asining o‘g‘lini chaqaloq chog‘ida olib tarbiya qilgan ekan.

– Voy bechora-yey! Saqlab olgan bolasidan mol-dunyosini ayatmayotgan bo‘lsa, rostdan ham yaxshi odam bo‘lsa kerak.

– Xuddi shunday.
– O‘g‘li sog‘ayib ketdimi?

– Xudo xohlasa, albatta sog‘ayib ketadi.
– Omin.

– Bahorda sen bilan tog‘larni sayr etamiz. Sen batamom tuzalib ketasan. Tog‘ havosi shifobaxsh bo‘ladi.
– Men tezroq sog‘ayib ketsam bo‘lmasmi?

– Bemor sog‘ayadigan bo‘lsa, tabib o‘z oyog‘i bilan kirib keladi.
– Lekin men sizni uyimizda ko‘rganimdan keyin kasal bo‘ldim-ku?

– U yog‘ini emas, bu yog‘ini aytyapman: sen tog‘ havosidan muolaja olib sog‘ayib ketishing uchun Xudoyim bizga tog‘dan yer in’om qildi. Qozi esa shunchaki bir vositachi bo‘ldi, xolos.
– To‘g‘ri,– dedi past tovushda.

Rohila Xudoning irodasiga aslo shubha qilmasdi. U Xudoning itoatkor bandasi edi.

Azon tovushi qulog‘imga chalindi. Subhi sodiq bo‘lgan edi. Tashqariga chiqib tahoratimni yangilab qaytdim. Bu orada onasi ichkariga kirib Rohilani ham yuvib-tarab qo‘yadi. U qibla tomonni mo‘ljallab gilamcha to‘shab qo‘yibdi, Olloh rozi bo‘lsin. Bomdodni ado etib bo‘lgunimcha xonaga hech kim kirmadi.

Nonushtani Rohilaning yonida qildik. Rohilani quchog‘imga suyab turib unga choy ichirdim.

– Poyezd qachon ketadi?– deb so‘radi.
– Soat ikkida vokzaldan jo‘naydi,– dedim.
– Ikkigacha yonimdan jilmang,– dedi.– Bu oxirgi uchrashuvimiz.

E’tiroz bildirish uchun endi og‘iz juftlagan chog‘im uning ko‘zlaridan duv etib durlar dumalab tusha boshladi.

O‘zimni tutib tura olmadim. Ko‘zlarimdan yoshlar oqaverdi…

Hozir shakarguftorlik qiladigan payt emas edi.
– Rohila, ataylab meni yig‘latmoqchimisan?– dedim.

– Bu yig‘i hech narsa emas, yig‘ining kattasi keyin bo‘ladi. Qadrim o‘shanda bilinadi. Lekin yig‘i-sig‘ilarning foydasi bo‘lmaydi.

Qo‘li bilan meni o‘ziga chorladi. Yuzimni labiga yaqinlashtirdim. Ikkimizning ko‘zlarimizdan ham duv-duv yoshlar oqar edi. U yuzlarimni tinmasdan yalab-yulqar edi, tinmasdan meni iskar edi.

Devorda osig‘lik turgan soat bong urdi.
– Bir bo‘ldimi darrov?– dedi Rohila.
– Endi borib bilet olishim kerak,– dedim.

Yig‘lab-yig‘lab xayrlashdik.
– Rohila, yana birorta kasal bahonasida Samarqand tomonlarga kelib qolishim hech gap emas. Biz tez orada albatta ko‘rishamiz.
– Iloho, shunday bo‘lsin!– dedi u.

Rohila bilan xayrlashayotib qozining xotini bergan 100 so‘mlik qog‘oz pulni bildirmay yostig‘ining qatiga tiqib qo‘ydim. Xonadan chiqib ota-onasi bilan samimiy xayr-xo‘shlashdim.

Jomadonimni ko‘tarib ko‘chaga chiqdim. Bibixonim madrasasi yonida izvoshga o‘tirdim. Birpasda vokzalga yetib bordik. Poyezd roppa-rosa soat ikkida gudok chalib Buxoroga jo‘nadi.

Buxoroda nima gap?

Rohila doim ko‘z oldimda turardi. So‘zlari quloqlarim ostida jaranglar edi, ayrim gaplarining mag‘zini chaqib ko‘rardim. Birdan o‘pkam to‘lib ketardiyu ko‘rpaga boshimni burkab xun-xun yig‘lab olardim. Chin muhabbat qanaqa bo‘lishini Rohila o‘z hayoti bilan isbotlab berdi. Faqat kitoblarda bo‘ladi deb o‘ylardim chin muhabbat… Hayotda ham bor ekan. Muhabbatning ismini so‘rasalar, hech ikkilanmay Rohila deb aytgan bo‘lardim.

Oradan ikki yarim oy o‘tadi. Aprel oyining boshlari bo‘lsa kerak, bir kuni tush ko‘rdim: hujramda yotgan emishman, tun-oqshom emish; noxos uyg‘onib ketib ko‘zimni ochsam, e-e voh, ro‘paramda Rohila tik turgan emish. Birinchi marta ko‘rganimdek, unda hech qanday kasallik asaroti yo‘q edi. Faqat qop-qora libosga burkanib olgan edi. Boshida katta qora ipak ro‘mol.

– Ey, Rohila, qachon kelding?– deb so‘radim.
Yuzimga birpas tikilib turib, qovog‘ini soldi va:
– Bevafo!– dedi.

Dilim og‘ridi. Lekin bekorga xafa bo‘lmayapti-ku, deb o‘yladim: “Buxoroga kelsa-yu, uni men kutib olmasam. Axir insongarchilik bunday bo‘lmas…” O‘zimcha Rohilani oqlay boshladim… Shu payt uyg‘onib ketdim.

“Nima bo‘ldi ekan-a? Men uni doim oq harir ipak libosda ko‘rar edim, bugun esa qora libosga burkangan holda ko‘rdim tushimda…”

Erta bilan ta’bim xira bo‘lib, nonushta ham qilmasdan darsga ketdim. Soat ikkilarda darsdan hujramga qaytdim (hakimlik malakam ortib borgani sari qo‘limda pul to‘planadi, endi kamxarj ilm toliblari kabi burgalarga talanib madrasa hujralarida umrguzaronlik qilmasdim, “yosh buxorolik jadidlarning homiysi” deb nom chiqargan sarmoyador Fayzullaxo‘ja istiqomat qiladigan mahalladan qulay ijaraxona topgan edim, Mir Arab madrasasiga yahudiylar mahallasi orqali o‘tib qaytardim). Darvozamiz oldida uch-to‘rt kishi kutib turgan ekan. Xizmatkorim Nabixo‘ja istiqbolimga chiqdi:
– Samarqanddan xat bor,– deb qo‘limga konvert berdi.

Tik turganimcha konvertni ochdim: ichida bir parcha qog‘oz bor edi, xolos. Unda arab imlosida bir juft so‘z yozilgandi: “Rohila murd”. Ya’ni, “Rohila o‘ldi”. Maktubni kim, qachon yuborgani noma’lum. Konvert qopqog‘iga bosilgan pochta muhridan 1916 yil Aprel oyining 13 kun sanasi ko‘rinib turardi. Yuragim shig‘ etib ketdi: Rohila “13” raqamini yoqtirmasdi, shu raqamdan irim qilardi.

“Raqamni nega yomon ko‘rasan? O‘n uch senga nima yomonlik qilgan?” deb savol berdim bir kuni.

“Iso alayhissalomni o‘zining o‘n uchta sahobasi-apostolidan bittasi rimlik zobitlarga sotadi. Payg‘ambariga xiyonat qilgan sahobaning nomi Iuda edi. Unga 13 raqamini tamg‘a qiladilar. Bundan tashqari, go‘yo bitta shu Iudaning o‘zi yahudiy bo‘lgan emish. Iso alayhissalom Iudani juda yaxshi ko‘rar ekan, suyumli sahobasi payg‘ambarga xiyonat qiladi. Shunday qilib, avom xalq yahudiylarga qarshi gij-gijlanadi!.. Bu cho‘pchak g‘irt yolg‘on bo‘lmasa, turk sultoni yahudiylarga o‘z tuprog‘idan boshpana berarmidi?.. Mening ota-onam Quddusi sharif qaramog‘ida bo‘lgan turk ma’murlaridan faqat yaxshilik ko‘rgan. Bilasizmi, Fotih Sulton Mehmetning 1458 milodiy yili Rum noibi Atnasyosning imtiyozlarini saqlab qolish to‘g‘risidagi Farmoni 450 yildan so‘ng Sulton Abdulhamid davrida ham o‘z kuchida qoladi. Sultonlarning sobitligini hurmat qilaman. “Hubbul Vatan minal iymon” degan hadisi sharif ularning vujudiga ona suti bilan kiradi va jon bilan chiqadi. Ota-onam hikoyalaridan shunday xulosa chiqardim… O‘n uch raqamiga nafratim esa jaholatga munosabatimni ifodalaydi, xolos”, deb hikoya qilgan edi Rohila.

Bu Rohilaning dunyoqarashi naqadar chuqur va teran ekanini ko‘rsatadigan bir misoldir. Men unga baho berolmayman.

Qo‘limda konvert ushlab turgan holatimni tasavvur etyapsizmi? Xayolimdan Rohilaning so‘zlari bir-bir o‘taveradi: “Soat ikkigacha yonimdan jilmang… Bu yig‘i hech narsa emas, hali uzoq yig‘laysiz. Ota-onam kabi pushaymon qilasiz, lekin foydasi bo‘lmaydi… O‘lsam yig‘laysizmi?”

Oyog‘imni sudrab hovliga kiraman. Tashqi hovli ayvonida muolaja va doru-darmon istab kelgan kasallar to‘planib qolgan ekan. Bosh irg‘ab ularning yonidan o‘tib, ichki hovlidagi hujramga kirib ketdim. Xontaxtaga o‘mganimni berib, bir nuqtaga tikilib qancha o‘tirganimni bilmayman, bir zamon xizmatchim Nabixo‘ja tomoq qirib ostonada paydo bo‘ldi:
– Mijozlar mahtal bo‘lib qoldi,– dedi.

Nochor o‘rnimdan turdim. Tashqi hovliga chiqib, ayvonga yaqin bordim-da:
– Ma’zur ko‘ringlar, dunyodagi eng yaqin insonimdan ayrilib qoldim,– deganimni aniq eslayman.

Keyin nima bo‘lganini eslay olmayman. Behush bo‘lib yiqilibman.
Mijozlarim birdan dunyoni boshlariga ko‘tarib yig‘lab yuboradi. Qiyomat qo‘padi go‘yo.

Kechki payt hujramda hushimga kelaman. Sadoqatli xizmatkorim peshonamni ho‘l sochiq bilan artib o‘tirgan ekan.

– Konvert qani?– deb so‘radim bazo‘r tilim kalimaga kelib.– Uni shamol uchirib ketmadimi?
Nabixo‘ja tokchada turgan konvertni olib, ko‘zimga yaqin keltirib ko‘rsatadi.

– Xayriyat,– deb qult etib yutindim.– Asrab qo‘ygin.

Xizmatkorim ko‘p mehribonchilik qildi. Tun bo‘yi ikkovimiz ham mijja qoqmadik. Ertalab xojalarimga uzrli sababimni aytib, uch-to‘rt kunga ruxsat oldim: “Samarqandda hamshiram vafot etdi”, dedim. Xojam darhol ta’ziya izhor qiladi, yuziga fotiha tortadi.

Samarqandga jo‘nadim.
Vokzalda poyezddan tushib yahudiylar mahallasiga izvoshda ketdim.

Tanish darvozadan hovliga kirdim. Ota-ona hovlida ekan. Ikkovi barobar meni mahkam quchoqlab oldi-yu, bor ovozda ho‘ngrab yig‘lay boshladilar. Men ham o‘zimni qo‘yib yubordim.

Qiyomat bo‘ldi.

Rohila yotgan xonaga kirdik. Xonaning to‘rt tarafiga gulmix qoqib, dor tortibdilar va dorlarga Rohilaning hamma kiyimlarini osib qo‘yibdilar. Men sovg‘a qilgan sariq xonatlasimdan ko‘ylak tiktirgan ekan, uning ham osilib turganini ko‘rdim. Faqat liboslari bor edi, xolos. Rohilaning o‘zi esa– yo‘q.

Yig‘imiz yana avjiga chiqdi. Men har bir libosni bir-bir quchoqlab, bir-bir iskab-hidlab, chunon yig‘ladimki, nazarimda, osmon toqi zirillab ketgandek bo‘ldi.

Oxiri otasi yig‘lab o‘tirgan joyidan turib, Tavrot oyatlaridan qiroat qildi. Fotihaga qo‘l ochildi. Ammo ular qo‘llarini yuzlariga tortmaydilar.

Men tiz cho‘kib o‘tirib Qur’on tilovat qildim. Yuzimga fotiha tortdim.

Onasi dasturxon tuzamoqchi bo‘ldi.
– Yo‘q, avval go‘rini ko‘rsatinglar,– deb o‘rnimdan turdim.

Xonadan tashqariga chiqdim. Ota-onasi ko‘chalik kiyimlarini egnilariga tashlab oldilar.

Muallim hamon ko‘zyoshlarini tiya olmasdi:
– Rohila to jon taslim qilguncha hushyor bo‘ldi, gapidan adashmadi. Doim sizni yod etdi. Qulog‘idagi brilliant isirg‘asini ko‘rsatib: “Buni yechib olmanglar, u menga mangu hamroh bo‘lsin”, dedi. Suratingizni ham go‘r ichiga qo‘yishimizni vasiyat qildi. Dindoshlarimiz bilib qolib g‘avg‘o ko‘tarmasin deb uni Tavrot oyatlariga o‘rab ko‘mdik. Suratingiz Rohilaning ko‘kragida, isirg‘angiz esa qulog‘ida…

Samarqand. Shohizinda mozorining janubida musulmonlar qabristoni yonida, bir devor bilan ajratilgan yahudiylar qabristoni bor.

Qabristonga bordik. Uchovimiz yana o‘zimizni tiya olmasdan baralla tovush chiqarib yig‘lab yubordik. Hech kim hech kimga taskin bermadi. Qancha vaqt qabristonda bo‘lganimizni aniq bilmayman. Qorong‘i tushib qoldi. Uyga qaytdik.

Ertasi kuni yig‘lab-yig‘lab Buxoroga qaytdim.

Rohila: “Men o‘tib ketganimdan keyin ko‘p yig‘laysiz, lekin foydasi bo‘lmaydi, faqat pushaymon qilasiz, xolos”, degan gapi rost bo‘lib chiqdi.

Uch yil yig‘ladim. Besh kuni kam 1100 kun ko‘zyoshlarim tinmadi.

100 yil yashasam ham Rohilani unuta olmasligimga uzil-kesil inondim.

Samarqandga yo‘lim tushsa, shanba kuni albatta Rohilaning qabrini ziyorat qiladigan bo‘ldim.

Qachon Rohilaning qabrini izlab borsam, e-e voh, otasi yo onasi qabr boshida yum-yum yig‘lab o‘tirgan bo‘ladi. Ba’zan men Rohilaning qabri ustida yig‘lab o‘tirganimda Rohilaning ota-onasi kelib qolardi.

Qabr ustida yig‘lab o‘tirib goh o‘zbekcha, goh forscha marsiyalar yozaman.

Rohilaning o‘zi aytganidek, endi bularning hammasi befoyda. Pushaymonlikdan sud yo‘qdir.

Tushimda ko‘rganimda u meni “bevafo” dedi. O‘shandan keyin muhabbatim yuz chandon ortib ketdi: men seni hamon sevaman, Rohila!

Judolik g‘amida sabr kosalarim to‘lib-toshib ketgan bo‘lsa-da, Rohilaga bo‘lgan muhabbatim zarracha kamaygani yo‘q.

Kechalari oy yorug‘ida yolg‘iz o‘tirib yig‘layman. O‘zimni bevafolikda ayblayman.

Agar ilgariroq “Men musulmon, sen yahudiy” demasdan, qalbimga quloq solganimda bormi, hozir o‘z yog‘imga o‘zim qovurilib yurmagan bo‘lardim. Nega Rohilaning eng buyuk orzusini puchga chiqardim? Imkon qidirsam bo‘lardi-ku!

Insoniy umidi puchga chiqmaganda u aslo kasalga chalinmasdi. Visoldan umidini uzgan bo‘lsa-da, muhabbatidan voz kechmaydi. Demak, muhabbatdan maqsad faqat visol emas ekan-da! Demak, Rohilaning ishqi ilohiy va haqiqiy edi.

1916 yilning 13 aprel kuni Rohila foniy dunyoni tark etadi. O‘shanda Rohila 17 yashar edi.

Onaizori qizining kuyikiga chidamasdan, olti oydan so‘ng yurak-bag‘ri ezilib vafot etadi. U ham o‘z vasiyatiga ko‘ra qizining yoniga dafn etiladi.

Rohilaning opasi Mariyam Toshkentga turmushga chiqib ketadi.

Rohilaning otasi Sholom muallim esa hovlisini sotib Quddusi sharifga ko‘chib ketadi va anda vafot etadi.
Samarqandga borsam, birdan-bir taskingohim– Rohilaning qabridir. Har bahor uning qabri gullarga burkanadi. Ko‘zyoshlarim bilan Rohilaning qabrida o‘sib yotgan gul-chechaklarni sug‘orib qaytaman.

Ajal jallodi rahm etmay ayirdi ul nigorimdan,
Yuzi gul, sochlari sunbul, shakar lab guluzorimdan…

***

Quvalik fidokor tarixchi do‘stim Nodirbek MDA fondidan Mo‘’minjon Hakimning o‘zbek tilida, arab imlosida yozilgan salkam 1000 sahifalik “Xotira daftari”ni buyurtma berib olib, Qiroatxonada boshini ko‘tarmasdan mutolaa qilayotganini ko‘rib, kulgim qistardi: “Obbo, yana o‘sha muhabbatnomani o‘qiyapsizmi? Turkiston muxtoriyati tarixini kim o‘rganadi? Nosirxon to‘raning taqdirnomasi yana yuz yil chang bosib yotaveradimi?” deb qo‘yardim norozi bo‘lib. Nodirbek “Xotira daftari”dan ko‘chirma ko‘taradi va arxiv Qiroatxonasida ko‘rinmay qoladi. Uch-to‘rt kundan keyin telefon qilsam: “Farg‘onadaman, aka, hadeb ko‘zingizga osiy ko‘rinavermay, deb uyda darsxonamga kirib olib Mo‘’minjon Hakimning “Xotira daftari”ni… yig‘lab-yig‘lab mutolaa qilyapman”, dedi. Battar ensam qotadi. Jiddiy mavzu bilan jiddiy shug‘ullanayotgan zabardast olimning ahvoli shu bo‘lsa, dodingni kimga aytasan! Akademik darajasidagi olim yigit darsxonasida bitta tabibning shaxsiy xotiralarini o‘qib ko‘zyosh to‘kib o‘tirsa, podani kim boqadi?

Keyingi safar Farg‘onaga borganimda umumiy tanishimiz In’omjon Buzrukovichdan: “Nodirbek ham ko‘rinadimi?” deb shunchaki so‘radim. “E-e, baraka topsin! MDAdan bitta hamyurtimizning xotira daftarini opkepti, menga ham bir nusxasini o‘qishga berdi, yig‘lab-yig‘lab o‘qiyapman”, deb tumbochka tortmasidan dasta-dasta arabiy varaqlarni chiqarib ko‘rsatadi. In’omjon Buzrukovich sakson yoshdan o‘tib, xiyla o‘zini oldirib qo‘ygan, astoydil namozxon bo‘lgan, arabiy xatni ravon o‘qib yo‘qlab keluvchilarni hayratga solar edi; yosh boladek beozor va ta’sirchan bo‘lib qolgan edi. Yig‘i-sig‘iga moyil bo‘lib qolganini bilmas ekanman. Hoynahoy, Nodirbek cholni ham yig‘lashga o‘rgatgan bo‘lsa kerak… Yaxshilab tuzlamasam bo‘lmaydi shekilli, deb Nodirbekka Farg‘onadan telefon qildim, lekin yana diydiyo qilishimga imkon qoldirmadi: “Aka, o‘n-o‘n besh daqiqadan so‘ng Terakmozorda ko‘rishaylik, gap bor!” deb jo‘shqin ohangda gapni muxtasar kunad. Ko‘rishdik Terakmozorda. Ol-a, qo‘limga Mo‘’minjon Hakimning “Xotira daftari”dan o‘n sahifa parchani tutqazsa bo‘ladimi! Noiloj oldim. Doim izlanadigan va bitta haqiqatni topib olib, nuqul o‘zinikini ma’qullaydigan odamdan olim chiqishiga azaldan gumonim bor edi. Mana, shu gapimning tasdig‘i ro‘paramda kuydirgan kallaga o‘xshab turibdi. Yana nima deyman! Nodirbek bilan gapni qisqa qildim: “Eshitdim, o‘zingizga hamdard topib olibsiz, chol ham yig‘lab yotibdi”, deb xayr-xo‘shlashdim. Toshkentga qaytdim.

Bekorchi paytim Nodirbek menga ilingan parchani shunchaki ko‘zdan kechirdim. Yaxshi tushunmadim, shekilli. Keyin astoydil qayta o‘qidim. E-e, voh…

Nodirbekka telefon qilib rahmat aytsammikan yoki avval Musulmon bilan Jo‘rabekka ham o‘qitib ko‘rib, ularning ham fikr-mulohazalarini eshitib, keyin sipolikni boy bermasdan: “O‘zingizning asosiy ilmiy ishingiz – Turkiston muxtoriyati ham, shahidi sharif Nosirxon to‘ra taqdirnomasi ham esingizdan chiqib ketmasa chakki bo‘lmasdi-da, do‘stim!” deb qo‘ya qolganim ma’qulmikan?

Siz nima deysiz, o‘quvchi?

Toshkent,
2017 yil 25 may

Turkiya Turkchasi