Behikmat yashamoq dilga xos emas,
Bemavrid kelganni xushlamasmi vaqt.
Sen kabi ardoqlab, erkalab suymas
Oʻzgacha jismimda lovullagan shahd.
Agar uzoq ketsam hamisha hamdard–
Bagʻringga talpindim azizim, Poytaxt.

Boqsam koʻzlaringga koʻzim qamashdi,
Senga baxt yarashdi, tinchlik yarashdi.
Qadringni bilmayin kimlar adashdi,
Sen ularni yomon yoʻldan adashtir.
Qalbiga ato et ilohiy bir taft,
Yaxshiga yaxshini yondashtir, Poytaxt.

Otamning kuniga yaray olayin,
Onamning kuniga yaray olayin…
Qishlogʻimga qaytsam qaddimni tutib,
Nozboʻylardan holin soʻray olayin.
Qarshimda quchogʻin ochib kelsa baxt
Meni yashashimga ishontir, Poytaxt.

Sershovqin koʻchalar, sokin xiyobon,
Ijara xonamu liq toʻla javon.
Menga baridan-da tanish, qadrdon
Yigʻlasam yoshimni nigohing-la art,
Sochlarimni silab yupatgin, yupat.

Axir men oʻzimni axtarib keldim,
Koʻp aytar soʻzimni axtarib keldim.
Dilivayron keldim, bir gʻarib keldim,
Shu hazin ruhimni koʻtarmogʻim shart,
Ochiqsam tuzingga toʻydirgin, Poytaxt.

Soʻzim-la har nega shaʼma qilmasman,
Sendan zaru zevar taʼma qilmasman.
Men hali bu hayot nima bilmasman,
Bilganim koʻnglimda bitta butun ahd,
Umrimni ziyoga belagin, Poytaxt.

Istasang, koʻnglimni toʻkib beraman,
Hovlingga rayhonlar ekib beraman.
Surxoncha doʻppilar tikib beraman,
Sen oydek toʻlginu quyosh kabi balq,
Boshingni har nedan avaylasin Haq.

Behikmat yashamoq bizga xos emas,
Bemavrid kelganni xushlamasmu vaqt.
Men kabi pinhona, telbavor sevmas,
Va yana mehringni etolmaydi zabt.
Turnalar talpingan kabi koʻkka saf –
Bagʻringga talpindim yolgʻizim, Poytaxt!..