
Koʼk boʼri kezgan sarhad itlarga talosh endi,
Koʼtarilgan bosh emas, birgina quyosh endi,
Uchqun sochgan koʼzlarning topingani yosh endi,
Turkiy elning shiddati soʼnganga oʼxshayotir.
Sarbadorlar qonini sellar yuvib ketganday,
Millat uchun jon berar alpni devlar yutganday,
Ultontozlar kun sanab, e voh, shuni kutganday,
Elning kuni nomardga qolganga oʼxshayotir.
Yuz ellik yil otangni otganni ogʼa sanab,
Dili buzuq kelganning qadamiga gul qadab,
Yo, haq, deya yonganning mozoriga tosh qalab,
Saroyingga qargʼalar qoʼnganga oʼxshayotir.
Eldan chiqib elidan irganganlar koʼringay,
Oʼz tarixin oʼzgadan oʼrganganlar koʼringay,
Gʼujuri-yu zaboni oʼzgarganlar koʼringay,
Oʼz farzanding oʼzingni sotganga oʼxshayotir.
Kechang zavolga doʼndi, haykalday qotib boʼldi,
Sening bor nasibangni beklaring totib boʼldi,
Bugundan-ku ayrilding, ertangni sotib boʼldi,
Yoʼl koʼrsatar mayogʼing oʼchganga oʼxshayotir.
Burgut uchgan zovlarda quzgʼun bazm etmoqda,
Ildizingni kavshabon toʼngʼiz hazm etmoqda,
Ertangni belgilashga yotlar jazm etmoqda,
Qoshiq butun, qiliching singanga oʼxshayotir.
Kechagi yovqir nigoh bugun yerga qadalgan,
Vatan kutgan jasorat non topishga atalgan,
Boʼyin egik, qoʼl qadoq, tizzalaring qavargan,
Umid koʼzyosh shoʼridan soʼlganga oʼxshayotir.
Uygʼotay deb kelgan ul bahorlar bekor ketar,
Har tongda quyosh turtib, har shomda bezor ketar,
Boʼgʼzin yirtib shoirlar ming hayqirib, xor ketar,
Аlloh, bu xalq shu holga koʼnganga oʼxshayotir.
Turkiy elning shiddati soʼnganga oʼxshayotir.