Xaridor kitoblarni birma-bir qoʻliga olib, atroflicha koʻzdan kechirdi. Ularni erinmay varaqlab koʻrib, ichidagi har bir sahifasi bus-butunligiga ishonch hosil qilgach, ehtiyot shart muqovasining orqa tomonini ham eʼtibordan qochirmadi.

-Yaxshi saqlangan ekan,- dedi shundan soʻng qarshisida oʻtirgan bukinistga maʼqul degandek bosh irgʻab.

Bukinist oltmish yoshlardagi, soch-soqoli oqargan, burni uzunchoq, lablari doʻrdoq, yuzi quruq kishi boʻlib, boyadan beri uning qarshisida imtihon topshirayotgan talabaga oʻxshab jonsarak va bezovta oʻtirardi. Xaridorning bu gaplari unga yashin tezligida taʼsir koʻrsatib, moydek yoqib tushdi va yuziga qon yugurdi-da, ilkis jonlandi.

-Albatta, albatta,- dedi tili kalimaga kelib.- Uni ishonchli qoʻllardan olganman, axir! Ularni menga sotgan ayol shaxsiy kutubxonasida uzoq yillar koʻz qorachigʻidek asrab-avaylab saqlagan.

Xaridor undan ancha yosh va ozgʻinroq, oʻziga ishonchi kuchli va choʻrtkesar, poʻrim va did bilan kiyingan boʻlib, chap bilagidagi antiqa koʻrinishdagi yapaloq soat, qizil hoshiyali boʻyinbogʻiga qistirilgan kumush toʻgʻnogʻich, yap-yangi kostyumidan gupillab kelayotgan qimmatbaho atir ifori va koʻzoynagining zarhal gardishidan yuqori qatlamga mansubligi, boz ustiga noodatiy ziyoli kishi ekanligi sezilib turardi.

-Shekspirning bu sakkiz jidlik asarlar toʻplamini izlamagan joyim qolmadi,- dedi u kitoblarga oʻzgacha mehr bilan qarab,  yengil “uh” tortib qoʻyarkan.- Shaxsiy kutubxonamda jahon mumtoz adabiyoti vakillaridan birgina Shekspir yoʻq edi. Qolganlar bor: Montendan tortib Remarkkacha. Navoiydan tortib Oybekkacha… Shunga uni har yerdan izlardim. Oʻziyam yillab izladim. Tanish-bilishlardan, kitob doʻkonlaridan, bukinistlardan. Hatto, Moskvadagi taniqli bukinistik markazlarigacha qoʻngʻiroq qildim. Baʼzida topilgan vaqtlari ham boʻldi. Faqat ular yo toʻliq emas, yo holati koʻnglimdagidek chiqmadi. Shu-shu ichimda kemtiklik bilan yashadim. Vaqti soati bugun ekan. Mana topildi. Topilganda ham oʻzimizning Fargʻonadan topildi. Xudoga shukr! Sizga esa alohida tashakkur!

Bukinist “qoʻysangiz-chi” degandek yelkasini qisib, bir kitoblarga, bir xaridorga zimdan qarab qoʻydi. Keyin oldidagi finjonda turgan qora choydan bir-ikki xoʻpladi. Xaridor kitoblarni koʻzdan kechirib boʻlgach, xuddi u kabi oldidagi finjondan choy icha boshladi. Ular oʻtirgan shinamgina kafe bu nomdan koʻra kichikroq tamaddixona nomiga mos tushar, xoʻrandalar kam, asosan yoshi kattalar kirib-chiqib yurishardi.

-Balki siz tamaddi qilarsiz,- dedi xaridor bukinistga orada xayrihohlik bilan.- Meni bu yerda ancha kutib qoldingiz. Baxtga qarshi operatsiyam choʻzilib, vaqtida kela olmadim.

-Boshqa safar,- dedi bukinist tavoze bilan rad etarkan.- Doʻkonga nabiramni qoʻyib kelgandim. Siz qoʻngʻiroq qilganingizda xaridorlar koʻp edi. Hozir ham kamaymagandir.

-Kitoblar narxini bir oz tushirmaysizmi?- davom etdi xaridor bir pas kafe derazalaridan koʻchani tomosha qilib.

Bukinist kalovlanib, bir muddat nima qilishini bilmay qoldi. Qoʻllarini bir-biriga ishqalab, besaranjom oʻyga toldi. Ammo darrov oʻzini qoʻlga oldi.

-Shekspirning tanlangan asarlari hozir kamyob. Dostoyevskiy yoki Drayzerni istalgan miqdorda topish mumkin. Lekin Shekspir hech kimda yoʻq. Yuqorida buni oʻzingiz ham taʼkidladingiz. Men uchun uni topishning oʻzi boʻlmadi. Rosa qiynaldim. Bormagan joyim qolmadi. Kim shaxsiy kutubxonasi borligini aytsa, oyogʻimni qoʻlga olib oldiga yugurdim yoki tinimsiz qoʻngʻiroq qildim. Urinishim oxiri samara berdi. Lekin bularning sohibasi aksiga olib pulga muhtoj boʻlmagan, oʻziga toʻq, badavlat xonim ekan. Avvaliga kitoblarni sotishni istamadi. “Ular onamdan yodgorlik, pulga ehtiyojim yoʻq”, dedi keskin ravishda. Oldiga bir necha marta qatnadim. Bari foydasiz boʻldi. Harakatlarim zoye ketdi. Ikki oyogʻini bir etikka tiqib turaverdi, ayol tushmagur. Meni oldiga solib, haydab yuborgan kunlari ham boʻldi. Nihoyat, narxni oshirgandim, koʻndi vallomat. Shu tarzda yuqori narxga olishga majbur boʻldim. Ochigʻi, sizga aytgan narximdan menga hech qancha qolmaydi. Besh foiz ulush qolsa katta gap. Toʻgʻri tushunasiz meni, degan umiddaman. Qolaversa, oʻsha xonimning oldiga uch-toʻrt marta taksida bordim. Tobim boʻlmagan kunlari taksida yuraman. Oyogʻimda bodim bor.Taksi harajati chakana emas. Oʻzingiz bilasiz. Avtobusda yurishdan ikki barobar qimmatga tushadi.

Xaridor tushundim degandek unga qoʻllari bilan ishora berdi. Soʻng kostyumi choʻntagidan charm hamyonini chiqarib, uning ichidan uch dona yuz ming soʻmlik kupyurani oldi-da, dangal stol ustiga qoʻydi.

-Mana kelishilgan pullar, -dedi ularni bukinist tomonga surib.

Pullarni koʻrgach, bukinistning koʻzlarida mitti uchqun paydo boʻlib, bir necha lahza betoʻxtov yaltilladi. Odatiga ters ravishda oʻzini zoʻraki bosib, asta ularni qoʻliga oldi-da, xursand holda ikki bukladi va urinib ketgan kostyumining ichki choʻntagiga avaylab solib qoʻydi.

-Men kabi bir injiq doktorning hojatini chiqardingiz,- dedi uni baqrayib kuzatib turgan xaridor tabassum qilib.- Endi malol kelmasa Servantesning besh jidlik asarlari toʻplamini ham topib bersangiz yaxshi boʻlardi. Mendagisining muqovalari yaxshi holatda emas, koʻnglim toʻlmayapti. Baʼzilari yelimidan ajralib ketgan, hatto. Kitob javonimga yarashmayapti ular. Kecha xotinim ham taʼkidladi buni. 

-Telefon raqamingiz bor menda,- dedi bukinist oʻzini xotirjam va bir paytning oʻzida yangi oʻlja ketidan quvishga shay holatda turgan ovchidek  mardona tutib.- Lekin, oldindan aytib qoʻyay. Uning asarlari ham kamyob. Xuddi Shekspirniki kabi.

-Bu tomonidan xavotir olmang,- dedi xaridor uni ruhlantirgan kishi boʻlib.- Boshqa siz bilan savdolashmaslikka soʻz beraman. Ularni siz belgilagan narxga olaman.

Bukinist u bilan yana bir finjondan choy ichishni iltifotli tarzda qabul qilmay, oʻzidan qoniqish hosil qilgancha oʻrnidan turdi. Koʻchada u bilan qizgʻin xayrlashgach, otasi buyurgan ishni doʻndirib bajargan bolakaydek oʻzini tetik va bardam his qildi. Istirohat bogʻi chetidagi kinoteatr yonida joylashgan doʻkoni tomon viqor bilan qadam tashladi. Koʻchada yomgʻir maydalab yogʻishni boshlagandi. U qoʻllari bilan oʻzini yomgʻirdan pana qilib, trotuar boʻylab shoshgancha ketarkan, kutilmaganda istirohat bogʻidagi eski oʻrindiqlardan birida- yogʻayotgan yomgʻirga parvo qilmay, pakana kuchugi bilan qoʻlidagi shirin kulchani boʻlishib isteʼmol qilib, mamnun holda qoʻshiq xirgoyi qilib oʻtirgan keksa kampirga koʻzi tushdi. Oʻrindiq yonidan oʻtayotib, uni darrov tanidi. 

-Akbarich,- dedi kampir ham uni tanib birdan qoʻl silkigancha.- Sizdan minnatdorman, azizim! Tunov kuni mendan Shekspirning sakkiz jidligini sakson ming soʻmga sotib olib, hojatimni chiqardingiz. Qiyin paytda menga asqotdingiz. Xudo hofizingiz boʻlsin! Endi nafaqam chiqquncha itim ikkimiz och qolmaymiz.

Bukinist unga qoʻllari bilan baqirmaslikni iltimos qildi-da, atrofga alanglab-alanglab, yengil odimlab qarshisiga keldi. Egasining qoʻlidan yerga tushgan non ushoqlarini terib yeb, quvnoq bir alfozda dumini likillatayotgan kuchukka eʼtibor bermay, kampirga ovozini ingichka qilib pichirladi.

-Mabodo shaxsiy kutubxonangizda Servantesning besh jidlik asarlari toʻplami yoʻqmi?

2020 yil, iyul. Fargʻona