Bolaligimda televizor qarshisida oʻtirib, multfilm koʻrishdan koʻra ham koʻpincha spektakl tomosha qilardim. Oʻsha yillari  Toshkentdagi Milliy akademik drama teatrida sahnalashtirilgan turli janrdagi pyesalar lentaga yozib olinib, keyinchalik televizion tarzda omma eʼtiboriga  havola qilinardi. Men ularni kutib yashar, ular mabodo namoyish etilgudek boʻlsa, butun diqqatimni bir yerga jamlab, televizor oldidan hech qayerga siljimasdim. Yuragimni haddan tashqari taʼsirlantirgan va ezgan spektakl- shubhasiz, Shekspirning “Otello”si edi.

Bu pyesaning sahnalashtirilgan varianti ilk daqiqalardan boshlab  shuurimni qamrab, magnitdek oʻziga tortgan va murgʻak vujudimni dahshatga solib, ostin-ustun qilib yuborgandi. Xuddi kecha boʻlgandek esimda: men spektaklni ham telbadek qiziqib, ham dahshatga tushib tomosha qilgandim. Oʻn yashar bolaga bunday oʻtkir syujetli, ogʻir jarayonli spektakllarning fojeaviyligi kattalardan koʻra koʻproq taʼsir qilishini, ruhiyatiga teran yetib borishini koʻpchilik anglab yetmaydi (anglab yetganlar uni teatrga olib bormaydi, tragediya janridagi spektakllarga yaqin yoʻlatmaydi).

Otelloning Dezdemonaga oʻqtalib, ovozining boricha “roʻmolcha qani”, deb baqirishi va spektakl kulminatsiyasida ikki qoʻli bilan uni boʻgʻib oʻldirishi meni aqldan ozdirishiga sal qolgandi. Oʻshanda oʻrnimdan sapchib turib, xonadan sarosimada yugurib chiqib ketgan, dahlizda yuragimni hovuchlab pusib oʻtirgan, soʻng spektakl tugab, ovozi tingach, kirib televizor kanalini boshqasiga oʻzgartirgandim.

Oʻsha kezlari Otello Dezdemonani tabiiy oʻldirganiga ishonchim komil edi. Teatr Toshkentda joylashganini bilar, Otelloni u yerda ishlaydigan qorachadan kelgan, semiz amaki deb hisoblar, uni oʻzi sovgʻa qilgan bir parchagina roʻmolchani yoʻqotib qoʻyganiga jahli chiqib, chiroyli va suluv Dezdemona xolani  oʻldirib qoʻyganini hecham xazm qila olmas va bundan butun ichki olamim qaygʻu ichida oʻrtanardi.

-Bitta roʻmolcha uchun-a?- derdim hech nimaga tushunmay oʻzimga oʻzim.

Spektal yakuniga yetgach, bir necha haftalab uning taʼsiridan chiqib ketolmay yurganimni ham taʼkidlashim joiz. Men oʻsha kunlar ichida ishtahamni butkul yoʻqotib, risoladagidek tuz totmaganimni yaxshi eslayman. Doʻstlarimga qoʻshilib koptok tepish ham yuragimga sigʻmay qolgan, maktabdagi darslarda faol qatnashishni tamomila unutgandim. Odamoviga oʻxshab xilvatlarga berkinar, buning ustiga koʻchamizdagi shildirab oqadigan ariq boʻyida yoki uyimiz oldidagi olma daraxtiga suyanib soatlab xayol surardim.

Men ochigʻi bitta roʻmolcha uchun Otello amaki Dezdemona xolani oʻldirganini, qoʻlini qonga botirganini ming idrok qilsam-da tushuna olmasdim.U paytlari rashk, makr- hiyla kabi insoniy, inson bolasiga xos boʻlgan his- tuygʻular menga hali begona, gʻoʻr qalbimda uygʻonmagan, men ular haqida biror bir tushunchaga ega emasdim va shu bois mohiyatdan emas, shakldan kelib chiqib bolalarcha xulosa qilar, koʻzlarim televizorning ichida koʻrgan shaklga tayanib fikr yuritardim.

Gohida Otello amaki sud qilinib, qamaldimikin, unga jazo tayinlandimikin  deb oʻzimga rosa savol berar, aksiga olib bu mubham savolimga kimdan javob topishni bilmasdim. Televizorda esa navbati bilan boshqa spektakllar berilar va ularning birida Otello amakini nogahon oʻzga qiyofada koʻrib qolsam, nohaqlikka chidolmay boʻridek uvillab yuborar, hanuz uni ozodlikda bamaylixotir yurgani dilimni xufton qilar, shunday lahzalarda Toshkentga borib, “If qalasining mahbusi” filmidagi Graf Monte-Kristoga oʻxshab undan qasos olishni dargʻazab holda rejalashtirardim.

-Uni qamashmabdi,- derdim xonamdagi karavotda boshimni changallab, ayyuhannos solib, ilondek toʻlgʻonib yotarkanman.

Baxtga qarshi Dezdemona xolani boshqa hech bir spektaklda uchratmadim. Shu hol foniy dunyo bilan uning vidolashganiga meni qattiq ishontirdi. Oʻsha lahzadan boshlab qaygʻu va iztirobim ikki karra oshdi. Har safar onam yoki otamda, boshqa oʻzim tanigan-bilgan kimsalarda turli shakldagi roʻmolchalarni koʻrib qolsam, negadir juvonmarg boʻlgan shu Dezdemona xolani yodga olar, natijada Otello amakiga boʻlgan nafratim bir necha hissa ortib ketar, uni umuman sud qilinmagani, bemalol televizorda koʻrinish berib yurgani gʻashimni keltirar, dilimga tugib qoʻygan niyatni amalga oshirish uchun atrofimga oʻrtoqlarimni yigʻib, qasos rejasini muhokama qilishni oʻzimcha xayolimda pishitardim. Shu yerda koʻchamizdagi churvaqa oʻrtoqlarim misolida tasavvurimdagi ittifoqchilarim topilar va ular bilan xuddi “Tutqich bermas qasoskorlar” filmidagi bolalarga oʻxshab, koʻchamiz yaqinidagi koʻprik ostidan har zamonda  oʻtadigan poyezdga ilashgancha Toshkentga ketishni koʻz oldimga keltirib, uyquga ketardim.  

-Toshkent bu yerdan uzoqdami?- soʻz qotardim ertasiga otamni nonushta payti savolga tutib.

Otam har hafta savdo-sotiq ishlari yuzasidan Toshkentning “Otchopar”ida boʻladigan bozorga qatnar, men buni yaxshi bilardim.

-Besh soatlik yoʻl,- javob qaytarardi u non chaynayotib, peshonasini tirishtirgancha masofani goʻyo chamalab. – Mashinada ketsang shunaqa.

-Poyezdda-chi?- davom etardim koʻzlarim porlab.

-Poyezdda sekinroq borasan.

Shunda men “Toshkent unchalik uzoq emas ekan” deb oʻyga tolib qolardim. Toshkentga judayam borgim kelar, borib Otello amakini topib, undan nega bitta roʻmolcha uchun Dezdemona xolani oʻldirganini oyogʻimni tirab soʻramoqchi boʻlar, uni doʻstlarim bilan tergov qilib, qonun tashqarisida ogʻir jazoga mustahiq qilishni judayam istar, Dezdemona xolaning qabriga borib, qarshisida bosh kiyimimni yechib, tiz choʻkkancha sukut saqlab, uning uchun qasos olganimni tantanali ravishda bildirgim kelardi. Ammo borolmasdim. Otam har gal yoʻlga otlanganida uni qandaydir shirin hayajon, lekin nigohimga soya solgan armon bilan yoʻlga kuzatib qoʻyar, kelganida  undan Otello amaki va uning ish joyi haqida surishtirgim kelar, biroq qaydlar va qasos rejasi tushirilgan yon daftarchamni ikkilanib ushlagancha ogʻiz ocha olmasdim. 

Oradan yillar bir-birini quvib oʻtib, bu tushunarsiz hayot quchogʻida ulgʻayganimdan soʻng, teatr sanʼati, dramaturglar yozgan badiiy asarlar, aktyorlik kasbi va ularning rollari haqidagi tushunchalar birin-ketin tafakkurimga kirib keldi. Teatr va dramaturgiya haqida, Shekspir haqida qancha koʻp oʻqiganim sari bu sanʼat turi, Shekspirning tragediyalari borasida xulosalarim koʻp qavatli uylar kabi osmon qadar yetib bordi.

Shundan soʻng, men bolaligimda guvohi boʻlgan — Otelloning Dezdemonani bitta roʻmolcha uchun oʻldirish sahnasi shunchaki qip-qizil tomosha boʻlganini, ular aslida aktyor va bu jarayon aktyorlik sanʼatining bir qismi ekanligini, Otello rolini oʻynagan amaki sirayam qotil emas, aksincha xalq artisti sifatida el ardogʻidagi  hurmatga sazovor shaxsligini, Dezdemona xola tirik va sogʻ-omon, uyida atrofidagi nabiralari bilan keksalik gashtini zavq bilan surib yashayotganligini anglab yetdim.

Shunda ham men bitta narsani tushunmasdim. Nimani aytaymi? Bitta roʻmolcha uchun bir odam ikkinchi odamni oʻldirishi mumkinligini? Bu hayotda yashash davomida, tajribam ortib, rashk va sevgi, makr- hiyla kabi tushunchalar ham gardanimga tushib, bisotimda paydo boʻlib, ular haqida oʻylashga, fikr qilishga majbur boʻlgach ham, buni tushunmasdim. Rashk sabab oʻldirilgan va hiyla qurboni boʻlgan Dezdemona, ishonuvchanligi tufayli qotilga aylangan Otello, ushbu fojeaga sabab boʻlgan roʻmolcha meni  qorongʻu labirint ichiga mixlab qoʻyishdi. Lekin  shunda ham olisdan mitti yorugʻlik koʻrinib turar va shu tuynuk tomon qadam qoʻygandek boʻlaverardim. Men buni hayotiyligiga ishonmasdim. Bu yerda aslo Tolstoyning Shekspir haqidagi tanqidiy maqolasini oʻqiganim bosh sabab emasdi. Shunchaki roʻmolcha motivi, u keltirgan rashk sabab habash tomonidan Dezdemonaning boʻgʻib oʻldirilishi endi koʻzimga erishdek tuyulardi.

Vaqti kelib oʻsha yorugʻlikka chiqdim ham. Ammo negadir bu yorugʻlik ostonasida men boshqa narsani koʻrdim. U meni katta hayot sari olib chiqdi. Unga yigirma birinchi asrning dastlabki oʻn yilligida qadam qoʻydim va undagi sarguzashtlarim bevosita  shu tentak, fan-texnikaning choʻrisiga aylangan asr bilan uzviy bogʻliq edi. Bir pasda talaba boʻlib, institutni tamomladim. Ishga kirib, mehnat faoliyatimni yurita boshladim. Bu uzundan uzoq  jarayon davomida roʻmolcha motivi yetakchi boʻlgan Shekspirning tragediyasini oʻzim mansub boʻlgan asrning  qaramogʻidagi katta hayotda qayta sahnalashtirilgan versiyasiga turli joylarda, tinimsiz tarzda roʻpara keldim. Albatta bu versiya mahorat bilan sahnalashtirilmagan, poyintar-soyintar bir alfozda, badiiylikdan ancha olisda edi. Men bolalikda guvohi boʻlganim spektakl professional Shekspir amaki tomonidan yozilgan, uning sahnalashtirilishida oʻz kasbining ustasi boʻlgan rejissyor va aktyorlar rol ijro etishgan boʻlsa, bu yangi versiyasi ulugʻ asrimiz tomonidan yozilib, unda aktyorlikdan xabari boʻlmagan oddiy xalq oʻziga biriktirilgan rollarni maromiga yetkazib boʻlmasa-da, har holda tushunarli qilib ijro etardi.

Shekspir yozgan “Otello” faqat teatr binosida sahnalashtirilgan boʻlsa, uning yigirma birinchi asrdagi zamonaviy koʻrinishi mamlakat boʻylab yoyilgan sanatoriyalar, mehmonxonalar, kafelar, shuningdek Chimyon va Chorvoq kabi bahavo va soʻlim yerlarning pansionatlarida bardavom sahnalashtirilardi. Bu ikkisi bir-biridan ham mantiqan, ham struktura jihatidan sezilarli farq qilardi. Shekspirning bosh qahramoni xabash Otello ishonuvchan va rashkchi personaj boʻlsa, asrimizning Otellosida ham shu xislatlar mavjud, ammo moʻrt bir ahvolda boʻlib, sovun koʻpigidek omonat, yorilib ketish asnosida turardi.

Dezdemonalar oʻrtasida ham tafovut mavjud boʻlib,  sinchkov tomoshabinga bu darrov bilinardi. Shekspirning mazkur qahramoni men uchun tabarruk siymo, yuragimni bitmas-tuganmas achinish hissiga giriftor qilgan, hayrixoxlik va rahmdilligimni sinagan bir mushtipar va begunoh ayol boʻlganligi qanchalik rost boʻlsa, asrimizning Dezdemonasi  satang, shaddod va ayyorlikni oʻziga kasb qilgan boʻlib, asrimiz tomonidan bunday nuqsonlar bilan boyitilgani shunchalik rost edi.  Hatto, roʻmolcha motivi ham oʻsha tragediyaning asrimiz sahnalashtirgan versiyasida maʼlum maʼnoda hech qanday ahamiyatga molik emasdi. Shekspirning asarida u hal qiluvchi, kerak boʻlsa kulminatsion dastak boʻlganligi ikki karra ikki toʻrt kabi loʻnda koʻrsatilgan va qayd etilgan boʻlsa, asarning yigirma birinchi asrdagi hayotiy versiyasida uni butunlay ikkinchi planga tushib qolganini kuzatish tomoshabinga qiyinchilik tugʻdirmasdi.

Eng kulgulisi, zamonaviy “Otello” tragediya janriga ham mos tushmasdi. Bu  asrimiz rejissyorligida ishlangan va endilikda yigirma birinchi asr xalq teatrining doimiy repertuaridan joy olgan, turli joylarda betinim sahnalashtiriladigan tragediya koʻproq komediyaga oʻxshab ketardi. Aytaylik, unda birorta sanatoriyaga, Chimyon yoki Chorvoqqa Otello bilan Dezdemona dam olib, hordiq chiqargani borishardi. Koʻp oʻtmay rashkchi Otello Dezdemonani u yerdagi hammadan qizgʻona boshlardi. Yuragiga gʻulgʻula tushar, bezovtalik ichida kun oʻtkazar, atrofiga tikilib, shubha-gumonlar qaʼrida dilini tilka pora qilardi. Koʻngliga tugib qoʻygan ishni qilishiga esa ikkilanardi. Keyin zavjasi bilan bogʻliq orqavarotdan kelgan gaplarga quloq tutgach, gʻazab otiga minib yeru koʻkni larzaga solardi. Shunda Dezdemonadan oʻzi sovgʻa qilgan roʻmolchani astoydil va oʻsmoqchilab soʻrashga tushardi (roʻmolcha oʻrnida zamonaviy hamma narsa boʻlishi mumkin). Eng qizigʻi, shoʻrlik er soʻrashi bilan Dezdemona hech oʻylanmasdan, iztirob va gʻamga choʻkmasdan oʻsha roʻmolchani choʻntagidan chiqarib, stol ustiga shartta qoʻyardi. Buni koʻrib Otelloning yuziga bir pasda  qon yugurar, vijdoni qiynalgancha pixini yorgan Dezdemonasini bagʻriga bosib, jamiiyki shirin soʻzlar bilan uni vafodorlikda maqtar, buni chetdan kuzatib turgan zamonaviy Yago esdan ogʻgancha lolu hayron boʻlib, asablari qaqshab, kaftlariga yashirgan  shoyi roʻmolchaning asliga talmovsirab-talmovsirab tikilardi.

Yigirma birinchi asr “Otello”sining kulminatsiyasi bittagina roʻmolcha emas, balki oʻzbek alifbosida nechta harf boʻlsa shuncha nusxada bir xil qilib tikilgan roʻmolchalar. Shularning evaziga zamonaviy Otellolar bora-bora rashk nimaligini bilmaydigan, toʻngʻizdan ibrat oladigan boʻlib ketayotgani, Dezdemonalar esa  yigʻlagancha tungi ibodatini qilib, osongina oʻlimni sirayam boʻyniga olmasligi, aybi boʻlsa ham nusxasi koʻp roʻmolcha evaziga suvdan doim quruq chiqishi  koʻzga tashlanadi. Endi aytingchi, buni rostdan ham  komediyadan nima farqi bor?

2020 yil, iyul. Fargʻona